Taqdir

0
472
marta koʻrilgan.

Ochigʻi, sevimli jurnalimizning tashrifi meni biroz shoshiltirib qoʻydi. Oʻzim haqda gapirishga ancha qiynaldim. Lekin koʻnglimda oʻquvchilarga aytar gapim koʻp. Fursatdan foydalanib hayotimda, ijodimda katta ahamiyat kasb etgan baʼzi bir ibratli voqealarni eslab oʻtishni istadim.

Muallif

 

Dono insonning bir ogʻiz soʻzi oʻsha soʻzga muhtoj boʻlib turgan, lekin bundan oʻzi ham bexabar boshqa bir kishining taqdirini yangi bir kenglik sari burib yuborishi mumkin ekan. Buni koʻrish menga ham nasib qilgan.

1960 yilning yanvarida “Oʻzbekiston madaniyati” gazetasiga adabiy kotib sifatida ishga joylashganimdan keyin orttirgan doʻstim, adabiyot boʻlimining mudiri, keyinchalik farzandlarimga ham universitetda ustozlik qilgan qadrdonim, yaxshi olim va jurnalist Sharif Yusupov soʻnggi paytlarda besh-oʻn kishilik davra ichiga kirib qolsak, davrimizning ulkan yozuvchisi Abdulla Qahhor 1952 yil dekabrida meni maqtab, bir ogʻiz soʻzi bilan adabiyotda qaddimni tiklab qoʻyganini bir-ikki marta shavqlanib esga oldi. Bu hakda oʻzimning munosabatim qandayligini ham soʻradi. Munosabatim aʼlo darajada-ku, ammo bu hakda el aro gap ochsam, oʻzimni oʻzim maqtaganday boʻlib qolishdan choʻchib, indayolmay yuraverdim. Chunki oʻtgan asrning elliginchi yillarida – faqat yoshlar emas, kitob chiqargan, hatto yoshi bir joyga borib qolgan qalamkashlar ham, kamtarlik devorini buzib, oʻzlarini shoir deb ayyuhannos solishdan iymanar edilar.

Sharif aka mening qitigʻimni uygʻotish qiyin ekaniga aqli yetdimi, “Adibning jasoratli bir soʻzi” maqolasi (“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, 2007 yil, 16 mart)da bu vazifani oʻzi ado etishga kirishibdi. Mana u maqoladan bir lavha. “Oʻshanda Abdulla aka oʻz nutqini hozirgi yoshlarga havasim keladi, ular bizning avlod yoshlik chogʻida qilolmagan katta ishlarni qilmoqdalar, deb boshlagan va oʻsha kunlari sheʼriyat maydoniga endigina kirib kelayotgan Husniddin Sharipovning “Sahroga hujum” (aslida “Iroda”) sheʼrini ibrat namunasi sifatida keltirib, atroflicha tahlil etgandan soʻng, hozirda Husniddindan koʻra besh-oʻnta koʻylakni koʻproq yirtgan qalamkashlar undan dars olishlarini istardim, degandi”.

Shundan soʻng, Sharif Yusupov yozganidek, Abdulla Qahhor oʻzbek nasri va sheʼriyatidagi umumiy ahvolga toʻxtab, baʼzi adib va shoirlarning ijod sohasidagi, shaxsiy hayotidagi nuqsonlarni oʻyib-oʻyib oladigan soʻzlar bilan butun zal tasavvurida yaqqol gavdalantirib bergandi.

Ana shunday soʻzlardan keyin ham men ogʻzimga talqon solib oʻltiraverishim, boshqalar tugul, oʻzimga ham gʻalati tuyulayotganday boʻla boshladi. Faqat bir andisha bor: hozirgi eslovchilar koʻpincha eslanuvchilarning nomlarini yashirib, “bir yozuvchi”, “taniqli shoir” singari iboralar bilan atab oʻtadilar. Menimcha, sheʼrda ham, xotiranomada ham qahramonni tanib boʻladigan portretini chizishning zarari yoki ogʻrintiradigan joyi yoʻq. Axir bu kimningdir orqasidan tosh otish uchun emas, balki oʻsha davr ob-havosini, leksikasini, ifoda imkoniyatlarini koʻrsatib berish uchun xizmat qilishi mumkin.

Hozir ham qoʻlimda Oʻzbekiston yosh yozuvchilari IV Respublika kengash-konferensiyasining 1952 yil 24-26 dekabr kunlaridagi majlislarining stenografik yozuvi bor. Men oʻtganlarning ruhidan kechirim soʻrab, endi stenogrammaning u yer-bu yeridan qisqa-qisqa lavhalar keltiraman, umidim borki, bu Abdulla Qahhorning oʻz portretiga oʻzi qoʻshgan boʻyoq boʻlib qoladi.

Avvalo Mirmuhsinning “Abdulla Nabiyev” dostoni haqida. Qahhor domla shunday deydi: “Bu mahsulotning uchta yaxshi boʻlmagan tomoni bor. Birinchidan, Abdulla Nabiyev oʻrtoqlari, tanish-bilishlari qatorida maʼlum bir obraz edi. Men uni koʻrganman, eshitganman – uning aloqasi boʻlgan kishilardan eshitganman. Poemada shu yorqin obraz latta qoʻgʻirchoqqa aylangan. Ikkinchidan, poema dushman toʻgʻrisida oʻquvchida notoʻgʻri tasavvur tugʻdiradi. U bunday emas, dushman bunday boʻlmaydi. Dushmanning chet el bilan boʻlgan aloqasi bunday emas edi. Uchinchidan, haqiqatan boy, badiiy puxta ishlangan misralarni eʼtiborga olmasak, poema oʻquvchini shoirdan (ehtimol sheʼrdan) maʼlum darajada bezdiradi”

Konferensiyani oʻz maʼruzasi bilan boshlab bergan 31 yoshli Mirmuhsin aka 45 yoshli ustozning bu tanbehi ustida oʻylab, oradan bir kun oʻtgach, oʻzining yakunlovchi maʼruzasida Abdulla Qahhor dostonni diqqat bilan oʻqigani uchun minnatdor ekanini bildirdi, asar ustida ishni davom ettirayotganini va bu jarayonda Qahhor fikrlarini ham hisobga olajagini aytdi. Men bu oʻylashning natijasini bilmoq uchun Mirmuhsin akaning keyingi kitoblari va tarjimai hollarini varaqlab koʻrdim, lekin oʻsha dostonning na oʻzini, na nomini topdim. Mehnati uvol boʻlishini muallifning oʻzi ham sezgan boʻlsa kerak-da.

Badiiy asarlar xom tugʻilayotganini, Abdulla Qahhor nutqini davom ettirib, ijodiy kengashlar faoliyatining past saviyasiga bogʻlaydi. Sheʼriyat kengashi (u paytlar poeziya seksiyasi deb atalardi) raisini tilga olib, “Mamarasul Boboyev, maʼlum boʻlishicha, sen menga tegma, men senga tegmayman, ikkalamiz ham olam keng, yashayveraylik, deb ish tutarkan. Bunaqa kamtarlik kimga kerak?” deydi ustoz va soʻzini davom ettirib, Asqad Muxtorning biror asarga baho berishda uning sifatidan koʻra, muallif mavqeiga koʻproq eʼtibor qilayotganini eslab oʻtadi.

Bunday holat nasr kengashi (yaʼni proza seksiyasi)da ham hukm surayotgani haqida soʻzlab, Abdulla Qahhor birin-ketin Sami Abduqahhor, Ibrohim Rahim, Abbos Muhiddin, Said Nazarning qissa, hikoya va romanlarini tahlil qiladi, ulardagi mantiqsizlik, hayotdan yiroqlik, til gʻaribligini chertib-chertib, zalni kuldira-kuldira, namoyish etadi. Buni Yozuvchilar uyushmasi rahbarlaridan birining adabiy hayot boʻyicha navbatdagi nashtarli nutqi deyishdan koʻra, umri ijod bilan oʻtgan ulkan tajribali yozuvchining respublikamiz yosh kalamkashlari uchun oʻtkazgan mahorat darsi, unutilmas sabogʻi deb atash toʻgʻriroq boʻladi, menimcha.

Ustozning maʼruzasi nihoyasiga yetib qoldi shekilli, ohista umumlashmalar tugʻila boshladi. “Ijodkorlarning koʻpchiligi adabiyotga qalam bilan kirayotibdi, yoshlar adabiyotga zoʻr maqsad bilan kelayotibdi, – deydi Abdulla Qahhor va davom etadi. – Biz uchun yozuvchilarning oz yoki koʻpligi emas, balki buyuk maqsad yoʻlidagi bir rivojlanish vositasi boʻlishi qiziqarli. Kimdir oʻz oldiga qandaydir yozgʻuvchi boʻlishni moʻljal qilib qoʻygan boʻlsa, na chora, undan har qachon ham yozuvchi chiqavermaydi. Yozuvchini buyuk maqsad tugʻdiradi. Hatto buguncha tajribasi yetarli boʻlmagan yosh qalamlar ostidan chiqqan asarlarda ham oʻsha ruh barq urib tursa, mana shu ruhdan tugʻilgan ilhom barakali boʻladi”.

Majlis qatnashchilari bu dadil va teran nutq uchun minnatdorchilik bilan qarsak boshlaganlarida ustoz minbarni tark eta qolmadilar, balki yuqorida aytgan fikrlarini yana bir bora tasdiq etish uchun boʻlsa kerak, shunday davom etdilar: “Qaysi kuni “Qizil Oʻzbekiston” gazetasida adabiy sahifa chiqdi. Unda yosh shoirlardan Husniddin Sharipovning “Iroda” degan sheʼri bosilib chiqdi. (Shu on mening yuragim “shuv” etib ketdi. Lekin, xayriyat, ustoz boyagiday qattiqqoʻllik bilan emas, oʻzgacha bir ohangda davom etdilar). Afsuski, sheʼr oʻqishni bilmayman, bilsam oʻqib berardim. Mayli, oʻzingiz oʻqib olarsiz. Sheʼrda qum boʻroni tasvir etiladi. Kimdir bunaqa hodisani halokat deb hisoblar. Ammo shoirning oʻzidek yosh bir geolog oʻzi bu yerlarga bugun-erta boshlab keladigan hayotni oʻylab, halokatli boʻron ostida jilmayadi. Chunki orqasida butun mamlakat borligini, xalq borligini biladi. Shuning uchun gʻalaba qilishiga amin.

Men gapimni nima bilan boshlagan boʻlsam, oʻsha bilan tamomlayman: biz adabiyotga yoʻl axtarganda, bunday sheʼr yoza olmas edik, bunday yozishni tasavvur qilish ham qiyin edi. (Uzoq va davomli qarsaklar)”.

Shundan soʻng tanaffus eʼlon qilindi. Tanish va notanishlar, hali zal eshigidan chiqmay turiboq, meni tabrik eta boshlashdi. Gazeta va jurnallarning xodimlari bosilmagan sheʼrlarimni soʻrab olishga kirishdilar. “Sheʼrlarim tugadi” desam, qay bir mavzuni aytib, buyurtma berganlar ham boʻldi. Rasmiy majlislar orasida boʻlib oʻtgan ijodiy muhokamalarda sheʼriyat kengashi raisi Mamarasul Boboyev menga ham tez-tez soʻz berib turdi. Ana shu jarayonda aqlim sal yorishib, Abdulla Qahhor deb atalgan ulugʻ insonning soʻzi naqadar qudratga ega ekanini tushuna bordim. Ustoz meni ancha-muncha yuqoriga kaftlarida koʻtarib qoʻygan ekanlar, endigi vazifa – oʻsha yerdan “gurs etib” qulamaslik, domlamiz soʻzini beqadr qilmaslik, oʻsha yoʻl, oʻsha tramplindan yanada olgʻa intilish edi.

“Iroda” toʻrt yildan soʻng “Nihol” deb atalgan birinchi kitobimda asli oʻzim qoʻygan nom bilan bosildi. U kitobni topish hozirgi kunlarda amri mahol boʻlgani sababli, yosh sheʼrxonlar va boshqa qiziqqanlarga koʻchirma havola etmoqchiman:

 

SAHRODA

 

Birdan qumtepalar, choʻchigan toyday,

Seskanib koʻzgʻoldi, boʻron boshlandi.

Nurdan hozirgina koʻz tolgan joyda

Qorongʻulik choʻkib, suron boshlandi.

 

Quyosh chang qoplagan barkash singari

Toʻzon orasidan koʻrinar xira.

Mashina yurolmas endi ilgari,

Yoʻlni koʻrmoq uchun iloj yoʻq sira.

 

Koʻzoynakdan oʻtib koʻzga kirar qum,

Tishning orasida qum gʻijirlaydi.

Boʻronga boqarkan, geolog Tursun

Qumni tuflab tashlab, birdan jilmaydi:

 

Mayli uvullab ol, sahro, soʻnggi bor,

Tezda yuvosh boʻlib qolasan qoʻydek.

Bu yerlar boʻladi koʻm-koʻk paxtazor,

Chunki keng koʻksingga biz qadam qoʻydik.

 

Shamol hushtak chalar, tinchimas bir dam,

Dargʻazab, yoqaga soladi changal.

Tursun palatkada, qoʻlida karta,

Jilmayar “Bogʻ boʻlar manov yerlarda,

Bu yerdan oʻtadi hayotbaxsh kanal”.

 

Hozirgi kunning baʼzi bir jimjimaxoʻr sheʼrxoni yuqoridagi satrlar bilan tanishgach, hayron boʻlishi mumkin: Nega bu qadar olqish, qani yurakni gʻijimlab tashlovchi ohanglar, qayda qoldi samoviy teranlik va yarq etib koʻzni tindiruvchi zulmatlar, deb. Javob sifatida aytishim mumkinki, oʻsha davr adabiy ob-havosidan nafas olgan Naim Karimov, Ummat Toʻychi singari yosh shoir doʻstlarim (ha, juda oz qolyapmiz) hanuz eslasalar kerak. Urush yillari jangchilarni olgʻa chorlagan, mamlakat ichkarisida mehnat qilayotgan fidoyilarni esa bellaridagi tasmani yanada qattiqroq tortishga undagan satrlar sadosi elliginchi yillarning boshlarida ham yangrab turardi sheʼriyatda. Dabdaba va madhiyabozlik odatiy narsa edi. Konstantin Simonov va Mikola Bajanning chet eldagi doʻstlarimiz va dushmanlarimiz haqidagi tigʻdor sheʼriy kitoblariga ergashib, gazetalarda oʻqigan maqolalarimiz taʼsirida oʻzimiz ham “Ana – ular” singari turkumlar yozib, “Yoshlik daftari”da chiqarib yuboraverardik. Adabiyot tarozusining yana bir pallasini esa mumtoz sheʼriyatga taqlidan yaratilgan nasihatgoʻylik yoki ishqiy soʻlakaynomalar egallagandi. Adabiyotning ertasini oʻylagan, shira bosmagan, ammo shirador sheʼrlarni sogʻingan ijodkorlar yuqorida aytilgan kabi gʻaribliklarni davolash yoʻlini hayotning oʻzidan, oʻsha kunning qahramonlaridan, ilhomga omuxta voqeaband sheʼriyatdan qidirishardi. Bu – birinchi masala.

Ikkinchidan, oʻtgan asr qirqinchi yillarining oxiri, elliginchi yillarning boshida adabiyotga urush koʻrgan bir guruh yosh kalamkashlar dadil kirib keldi. Ular ijodi sababli adabiyotda “front haqiqati” degan ibora ham paydo boʻldi hatto. Shimoliy shaharlarda Kogan, Kulchitskiy, Kornilov, Kazin, Suvorov va ularning kechagina soldat jomalarini yechgan tengdoshlarining satrlarida umr qadri, vatanga fidoyilik, urush zahmatlari oʻz tabiiy boʻyogʻida, hech qanday bejamasiz ifodasini topar edi. Lekin hayotning boʻyoqlari ham ranggo-rang.

Markaziy gazeta-jurnallarning baʼzilari ijod olamining yangi avlodini mamnuniyat bilan qutlab qarshi olardi. Bunday ovozlar koʻtarilib borayotgan bir pallada boshqa bir obroʻli markaziy gazeta, oʻn-oʻn besh kun oʻtkazib, “adabiyot – umumxalq ishi, juda masʼuliyatli, murakkab narsa, uning taqdirini endigina qalam tutishni oʻrganayotgan, grajdanlik ruhiyati parishon oʻspirinlarning qoʻliga topshirib qoʻyish aqldan boʻlmas” deb chiqardi. Agar nashriyotlar avvalroq yoshlarning asarlarini soʻrab olayotgan boʻlsa, endi ehtiyotkor muharrirlar ularni darhol oʻz yillik rejalaridan chiqarib tashlashga kirishardilar. Tez-tez takrorlanib turadigan bunday “ikkilanish toʻlqinlari” oʻsha gazeta-jurnallar bilan birga biz taraflarga ham muntazam yetib kelar, natijada “ijodimiz qayigʻi” chayqalgani-chayqalgan edi.

Adabiyotning kelajagi uchun oʻz masʼuliyatini yaqqol his etib yashagan ustoz Abdulla Qahhor, nazarimda, oʻsha kungi nutqi bilan, avvalo, sheʼriyatimizning xalq turmushidan tugʻilgan yoʻnalishini qoʻllab-quvvatlashiga oʻzi ishora qilgan, qolaversa, ijodkor kishi sermahsul va moʻtadil hayot kechirishi uchun har qanaqa begona shamollarning tebrataverishidan himoya qilinmogʻi zarur ekanini taʼkidlagan, deb oʻylayman. Bu faqat oʻsha kungi kayfiyat emasdi. Ustoz, menimcha, oʻzi koʻtarilgan ufqqa yangi, halol shogirdlar ham tirmashib, u olayotgan zavqqa sherik boʻlishlarini oʻylagan, lekin bu uning uchun bir-ikki mavsumli ish boʻlmagani sababli, uzluksiz oʻylagan. Soʻzimning isboti sifatida quyiroqda yana ustozning oʻz soʻzlarini keltiraman.

Mana, oradan oʻn-oʻn besh yil oʻtib, adabiyotga yosh ijodkorlarning yana bir yangi avlodi kirib keldi. Andrey Voznesenskiy, Yevgeniy Yevtushenko, Robert Rojdestvenskiy va hamqurlarining ovozi jahon boʻylab tarala boshladi. Bizning adabiyot ham yangi, yangroq, yorqin ruh kasb etdiki, buni Qahhorning 1965 yil 7 avgustdagi “Literaturnaya gazeta”da bosilib, “Oʻzbekiston madaniyati” ham chop etgan “Talant – xalq mulki” sarlavhali maqolasida ayniqsa yaqqol koʻrish mumkin.

“Erkin Vohidovning “Nido” poemasini olaylik, – deydi ustoz quvonch bilan. – Poemaning lirik qahramoni – urush jafosini tortgan, fashizmga qarshi buyuk jangda halok boʻlgan odam. Uning qalb sadosi million-million kishilarning nidosi urushga nafrati, urushda halok boʻlganlarning haqqoniy xotirasidir.

Abdulla Oripov “Temir odam” degan sheʼrida murakkab texnika siridan voqif boʻlgan, lekin insonning quvonchi, gʻam-gʻussasiga kelganda qulogʻi kar, tili lol boʻlgan, yigʻlagan goʻdakning boshini silolmaydigan, onaga taskin-tasalli berolmaydigan odamlarga taʼna toshini otadi.

Husniddin Sharipov sheʼrlarida insonni, uning aqlini, mehnatini, ezgulik va adolatni kuylaydi, ulugʻlaydi.

Oʻlmas Umarbekov “Sevgim, sevgilim” povestida odam bolasiga ishonch, odamlar qalbining sofligi toʻgʻrisida zavq-shavq bilan hikoya qiladi”.

Bu eʼtiroflar albatta faqat yoshlar emas, hatto tajribali qalamkashga ham qanot baxsh etmogʻi mumkin. Lekin gap faqat qanotning oʻzidagina emas, balki undan katta maqsadlar uchun foydalanishda, parvozni yuksaklarda mustaqil davom ettira bilishda. Ana shuning uchun boʻlsa kerak, Abdulla aka shogirdlarni sergaklantirib, yigirma satrlardan keyin fikrni bundoq davom ettiradilar:

“Hozir, omadi gapni aytganda, Erkin Vohidov bilan Husniddin Sharipov oʻzlaridagi bor kuch-quvvatni toʻla ishga solishayotgani yoʻq. Yuqorida sheʼri maqtov bilan tilga olingan Abdulla Oripovda oʻz talantiga masʼuliyatsiz qarash hollari sezilayotibdi. Oʻlmas Umarbekovning birinchi yirik asari qoʻshiqday qalbidan otilib chiqqan edi, oʻzi yaxshi bilmagan geologlar hayotidan olib yozgan asari esa zoʻrma-zoʻraki, tasodifiy chiqib qoldi. Shukur Xolmirzayev birinchi asarida hayotning bir parchasini gʻoyat chiroyli bir tabassum bilan chizib bergan edi, keyingi bir asarida voqea qidirib qolgani sezilib turibdi. Uchqun Nazarov keyingi hikoyalarida birinchi hikoyasi darajasiga yaqin ham borolmayotibdi”.

Abdulla Qahhor bundan ilgariroq oʻzining “Mahalla” degan hikoyasiga epigraf qilmoq uchun va, ehtimolki, yosh ijodkorga qora qalamini qayrab boqayotgan tanqidchilarning nafsi va nafasini qaytarib qoʻymoq uchun Erkin Vohidovga bir toʻrtlik buyurib yozdirganini hozirgi kitobxonlar bilishavermasa kerak. Mana oʻsha toʻrt satr:

Inson bilan tirikdir inson,

Muhabbatdan hayotning boshi.

Odamzodga baxsh etadi jon

Odamlarning mehr quyoshi.

 

Keyinroq xuddi shunday taklif bilan ustoz oʻz shogirdi boʻlib qolgan Abdulla Oripovga ham murojaat etib, bu toʻrtlik bilan “Nurli choʻqqilar” hikoyasini bezadi. Mana oʻsha uzukning koʻzi:

 

Goho yer mehrini oʻylarkan,

Esga tushar dorning siyogʻi;

Ajab hikmat: odam oʻlarkan

Uzilganda yerdan oyogʻi.

 

Abdulla akaning soyasiga intilishimiz yoshlik bilan oʻtib ketadigan xislatlardan biri emas ekan. Oradan anchagina vaqt oʻtib, hassos va faylasuf shoir Asqad Muxtor rahbarligidagi “Sharq yulduzi” jurnalining sheʼriyat boʻlimini boshqarayotgan, jurnal atrofiga anchagina yosh va, muhimi, isteʼdodli shoirlarni jalb etib, Abdulla Qahhordan olgan ijodiy qarzlarimni oʻshalarga qaytarib berayotgan pallam edi. “Sharq yulduzi”ning togʻday obroʻsiga suyanib, hali oʻzini himoya qilishga ojiz yoshlarga yoki qalami boʻshroq akalarga katta-katta talablar qoʻyish qiyin emasdi. Lekin mening oʻzimga kim talab qoʻyadi? Ha, men ham “bilgan kishi”ning soʻziga zor edim.

1965 yil. Yoshlar yigʻiladigan odatiy vaqt va kun. Yozuvchilar uyushmasi raisi kabinetining ortidagi shinamgina xonaga taklif etishdi. Abdulla Qahhorni shu yerda kutib oldik. Katta-kichik yigirmatacha ekanmiz, ustoz bir-bir qarab, oʻzlari soʻz aytishdan ilgari bizni tinglamoqchi ekanlarini bildirdilar. Darrov sheʼrxonlik boshlandi. Sheʼr yozmaydiganlar, odatdagidek, ularni tanqid qilib chiqa boshlashdi. Men keyingi paytlarda negadir oq sheʼr mashq qilayotgan edim. Bilardimki, urushdan ilgari adabiyotimizda ancha-muncha sarbast-sochma sheʼrlar yaratilgan, ammo bu usul negadir hayotga singib ketmagandi. Shuning uchun men oʻzimning “qofiya-libos”siz yozganlarimdan bir oz xavotirda edim. Navbat yetganda, turib, “Dengiz sokin edi” degan yangi sheʼrimni oʻqib berdim. Abdulla aka yengil bosh silkib “maʼqul” dedilar-u, keyingi notiqdan soʻz kutayotgan edilar, men uloqni bergim kelmadi

– Domla, oʻqiganim odatiy sheʼr emas, qofiyasiz, oq sheʼr, fikringizni bilmoqchi edim.

– Shunaqami, men qofiyasi bor-yoʻqligini mutlaqo payqamabman, durust, – deb koʻnglimni tinchitdilar. Bu soʻz biror yangi yoʻl izlaganimda hali ham menga tutqa boʻlib keladi.

Yoshlarni oʻz himoyasiga, oʻz qanoti ostiga olishdan ustozning maqsadi – oʻsha davr adabiyotini tushunish saviyasini koʻtaribroq, badiiyatning mohiyatini yorqinlashtiribroq berishga kuchi yetadigan yangi oqimga yoʻl ochish boʻlsa kerak, menimcha. Negaki, yuqorida eslab oʻtilgan “Talant – xalq mulki” maqolasida taʼkidlanganidek, “ilgarilari yoshlikda yoshligiga, qariganida qarib qolganiga rioya talab qilib oʻtgan kishilar oz emas edi”. Bu masala ijodiy turmushimizning eng ogʻriqli boʻgʻimlaridan biri boʻlib, hali hozirgacha ushbu sohada “ommaviy tushunchamiz”ning zehni na yetarli darajada oʻtkirlashdi, na koʻzi durustroq ravshanlashdi. Tahlilchilarning badiiy timsolni fahmlay olish saviyasi pastligidan eng koʻp jabr koʻrganlarning biri Abdulla Qahhor boʻlsa kerak.

Taqdir deymiz. Yozuvchining taqdirini ijodiy mehnat va uning qalami uchidan tugʻilgan jonli insonlar yaratadi. Men Abdulla Qahhor haqida oʻylaganimda koʻz oldimdan negadir Mixail Sholoxov va uning qahramonlari oʻtaveradi. Tasavvur qiling, ikki oqim birini shartli ravishda “oq kuchlar” desak, ikkinchisini “qizillar” deb atashimiz mumkin. Har ikkala kuch ham zamon va makonni boshqaruv murvatini oʻz qoʻlida saqlab qolish uchun beayov kurashga kirishgan. Goh oʻng toʻlqin bosib ketadi bu harbda, goh soʻl toʻlqin. Buni muhit deydilar. Dunyoga umid bilan kelib, baxtini mehnatdan, oʻz qora tuprogʻidan izlaganlar-chi? Ularning koʻksidagi muhabbat deb atalgan ilohiy neʼmat-chi? Aniqroq qilib aytsak, Grigoriy va Aksinyalar-chi? Bu berahm, insonning zorini eshitish qobiliyatidan, sevish-sevilish zavqini anglash baxtidan mahrum muhitda ikki sevishgan qalb, qaysi toʻlqinning kiftida qalqib-entikib borsa-da, faqat oyoq osti boʻladi.

Hatto bu ayanchli taqdir bozoridan bosh olib ketayotganlarida ham orzulari xazonga aylanadi.

Koʻpgina esdaliklarda, “Sarob” romani uzoq vaqt doʻpposlanib, oradan oʻn sakkiz-yigirma yil oʻtgach, oʻz ijobiy bahosini olgan, deyiladi. Lekin yozuvchining orzusi faqat ijobiy bahomidi? Qani, romanni bir varaqlab koʻraylik-chi.

Uning asosiy qahramonlari – Munisxon va Saidiyni takdir bir eshikning ikki betida uchrashtiradi. Bu asno asta-sekin hayotni ostin-ustun qilib yuborayotgan tarixiy voqealar girdobiga borib tutashadi. Girdob ayov nima ekanini bilmaydigan narsa. Uni aylantirayotgan kuchlarning biri maqsad yoʻlida qurbon boʻlishdan ham qochmaydigan qoʻrs jon egalaridan tashkil topgan boʻlsa, ikkinchisi – oʻz jonini asrab qolish uchun hatto yolgʻiz opa yo singlisini qurbon qilishdan toymaydiganlar. Ularning oʻrtasidagi “ur-tep”lardan dami chiqayotgan koptokka oʻxshab siniqqan Saidiy “zamona boʻroni butun mamlakatni taraqlatayotipti-ku. Qoʻy, men olamga tom tuzatgani kelganim yoʻq” deb, kitobxon bilan xayrlashadi. Munisxon esa turmushning sasib yotgan razolat botqogʻidan oyogʻini tortib ololmagach, “Olam toʻla baxt, faqat men baxtsiz edim” deb, avvalambor oʻz chakkasini oʻqqa nishon qilgan edi, toʻpponcha esa akasiniki.

Taqdirdoshlikni koʻring, “Tinch Don” va “Sarob”ni har ikkala yozuvchi ham ayni yigirma uch yoshida yozishga kirishgan edi. Ular mavzuni yoritish yoki qahramonlar qiyofasini yaratishda bir-birlaridan “gula koʻtarishgan” deb aytish mumkin emas. Chunki Sholoxovning asari 1928 yili yozila boshlab, qirqinchi yilda nihoyasiga yetgan boʻlsa, Abdulla Qahhor oʻz romanini 1930–1934 yillar orasida yaratgan. Shunday ekan, aytishimiz mumkinki, Sholoxov ham, Qahhor ham bir-birlaridan anchagina olisda, oʻz tuproqlarida halol yashay turib, davr oqimini, zamon ob-havosini, oʻsha sharoitda nafas olayotgan begʻubor kishilarning, oʻzlari bilgan kishilarning sezgi, sevgi va dardlaridagi hamohanglikni, baʼzilarga oʻxshab quloq yo burunlari bilan emas, balki sezgir yuraklari bilan his eta olganlar va, eng muhimi, mustaqil ifoda etishga muvaffaq boʻlganlar.

Men olimlik daʼvo qilmoqchi emasman. Faqat, yuqoridagi kuzatuvlardan kelib chiqib, koʻnglimda tugʻilib qolgan bir fikrni oʻrtoqlashish niyatida aytamanki, ijodkor qanday usul yo uslubda, qachon va qayerda qalam tebratmasin, bunday mehnat kishilarini birlashtirib turadigan narsa – isteʼdod, ISTEʼDOD oʻzi esa juda qisqa qilib aytganda TASAVVUR VA UNI IFODALASH QOBILIYATIDIR.

Ana shu ulkan qobiliyat mahsuli boʻlmish har ikki asarning koʻz ochib koʻrganlari ashaddiy tanqid boʻldi. Sholoxov munaqqidlar tomonidan yangi davrni tezgina hazm qilib keta olmagan beboshvoq “kazak (Abdulla Qahhor taʼbiri bilan aytganda “oʻris qozoq”)larning kuychisi” deb “oʻqqa tutilsa”, Qahhorning boshidan millatchilik masalasini bahona qilib sovuq suv qoʻyildi. Qirqinchi yillarning oxirida haddan ortiq savalanib, keyinchalik “Qoʻshchinor chiroqlari” sifatida yangidan yaratilgan “Qoʻshchinor” romani haqida hozir gapirib oʻtirmayman – avval solishtirib oʻqish kerak, chamamda. Chunki men “Qoʻshchinor”ni va uning toʻgʻrisidagi tanqidlarni gʻoʻr oʻspirinlik chogʻimda oʻqigandim va, ogʻzimni ochganimcha, unisiga ham, bunisiga ham alang-jalanglab qolavergandim. Lekin xotiramning bir chetida hanuz bir choʻgʻ milt-milt etib turadi mayli, mavzu masalasini hozircha ogʻizga olgani erinsak, xoʻp, bu ikki “Qoʻshchinor”ning badiiyati, ayniqsa, til boyligi ustida ishlaydigan biror mard adabiyotshunos topilsa, bugun ham bemalol fan doktorligiga arziydigan goʻzal ilmiy asar tugʻilishi mumkin.

Isteʼdod qismatini faqat oʻzi hal qilish maqsadida har qanday muammoni, hatto yuksak badiiyat masalalarini siyosat egovi bilan tekislashga urinuvchi hakam va hunarmandlar ilgari ham boʻlgan, bundan keyin ham boʻlaveradi. Lekin adabiyotda yuz bergan va berayotgan hamma tashvishli hollar uchun aybni ularga agʻdaraverishdan foyda uncha koʻp boʻlmasa kerak. Chunki asarni isteʼdod, isteʼdod egasi shoir, yozuvchi, dramaturg yaratadi.

Mana, yigirmanchi asr yangi asrimiz bilan tutashgan pallalarda, yaʼni qayta qurishning olatasir kunlarida, keyinroq – jamiyat turmushi oʻzgarishga yuz tutib, xalq turmushini boshqaruvchi yangi kuchlar qaror topgan davrda hamma ijodkorlarimizning koʻzi ochiq, aqli joyida, qalami qoʻlida edi. Ammo ularning orasidan biror yigirma uch yoshli yangi Abdulla Qahhor chiqib, oʻzining “Sarob” darajasidagi fikrga toldiruvchi yangi kitobini elga taqdim etoldimi? Bunday asar yarata olmagan boʻlsa, sababi nima? Isteʼdod yetishmadimi? Hayotni tushunishga tishlari oʻtmadimi yoki adabiyotning yangi tarozibonlaridan choʻchishdimi, jon shirinmidi?

Ana shularni oʻylaganda, Abdulla Qahhor naqadar joni qattiq, chidamli, faylasuf inson ekani koʻz oʻngimizda gavdalanadi. Uning “Shohi soʻzana” (“Yangiyer”) pyesasi Moskva teatrida sahna yuzini koʻrganidan keyin ijodkoriga Davlat mukofoti berildi. “Sinchalak” qissasi Konstantin Simonov tomonidan tarjima qilinib, Moskva jurnalida bosilib chiqqanidan keyin oʻzimizdagilarning unga munosabati ravshanlashdi. Faqat ulkan inson emas, hatto oddiy kishi ham ana shunday asnolarda kimlar bilan yashayotganini oʻylab, ichi zil ketishi mumkin. Axir yozuvchi yoki shoir ham odam, u faqat dilidagini emas, tilidagini ham oʻz zamondoshlari tushunib olishlarini istaydi, ha, mehnatining natijasini oʻz koʻzi bilan koʻrgisi keladi. Faqat kelajak umidi bilan yashash ogʻir, axir.

Ehtimol kimdir ustozni tili achchiqlikda ayblar, yuzingda koʻzing bormi deb oʻltirmay, oʻz haqiqatini dasturxon qilaverishini kimdir yoqtirmas, shuning uchun har bir qahhorona “tars”ga “qars” etib boshma-bosh javob beruvchilarning urugʻi koʻp edi, der kimdir. Menimcha, gap bunda emas. Yana oʻsha muhitga nazar tashlab koʻraylik. Yigirmanchi asrning birinchi choragi oʻtib, yangi jamiyat qaror topibdiki, davlat boshqaruviga oddiy odamlar koʻplab jalb etilgani sababli, uning asosiy shiorlaridan biri “tanqid va oʻz-oʻzini tanqid” boʻldi. Rahbarmi, sodda vaʼzxonmi, minbarga chiqqanidan keyin maʼruzasining beshdan toʻrt qismini turmushda, ishlab chiqarishda, oilada va oʻz faoliyatida roʻy berayotgan kamchiliklarga bagʻishlar, shundan soʻnggina qandaydir moʻljallarini, bu moʻljallar berajak ijobiy natijalarni, oʻsha natijalar koʻlga kiritilishi uchun nimalar qilish kerakligini tilga olardi. Bunga hamma koʻnikib qolgan edi ham.

Hayot sahnasidagi ushbu holat 1966 yilga kelib, davlat rahbariyatida yangi arboblar paydo boʻlganidan keyin keskin oʻzgardi. Endi qoʻliga mikrofon tushib qolgan notiq oʻz nutqining beshdan toʻrt qismini qoʻlga kiritilgan muvaffaqiyatlarga, qolgan qisminigina ishdagi va turmushdagi yetishmovchiliklarga hamda yaxshi niyatlarga bagʻishlashga oʻrgandi. Kadrlarning ishonch qozonishi, yuqori lavozimlarga koʻtarilishi ham ular ana shu sanʼatni naqadar puxta oʻzlashtirishlari bilan bogʻliq boʻlib qoldi. Sababi tirikchilik deganlaridek, ularning orasida faqat mansabparastlargina boʻlib qolmay, Abdulla Qahhorning shogirdiman deb yurgan olim yoki qalamkashlar ham uchrab turardi. Karvon bexatar boʻlmaydi-da!

Abdulla aka dekoratsiya oʻzgarsa ham pinagini buzmay, hatto jonining ogʻrigʻini boshining ogʻrigʻiga aylantirmoqchi boʻlganlar tobora koʻpaysa-da, qahhorona yashashni davom ettirdi. U oʻzi ishongan, halol, isteʼdodli hammaslaklariga suyanib dardini yengardi. Butun umidi esa yoshlar qoʻli va isteʼdodi bilan yaratilguvchi kelajakka bogʻliq edi. Agar bir moʻjiza roʻy bersa-yu, men bexosdan rassomga aylanib qolsam, avvalo ustozning koʻzidagi ana shu yashirin umidni tasvirga tushirgan boʻlardim va rasmning nomini “Taqdir” deb qoʻygan boʻlardim.

 

Husniddin ShARIPOV

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.