Savagʻich sabogʻi

0
228
marta koʻrilgan.

Mening bolaligim Qashqa vohasining Sovuqbuloq deb nomlangan moʻjaz qishloqlaridan birida oʻtgan. Bir paytlar bu hududning chor-atrofi bogʻ-rogʻlar, chashma-buloqlar bilan fayziyob boʻlardi. “Obkom”, “Raykom” bobolar dam olishni ixtiyor etishsa, toʻgʻri bizning qishloqqa kelardilar. Soya-salqin bogʻlarda dam olishib, buloq suvi bilan toʻldirilgan hovuzlarda choʻmilishib, mazza qilib ketishardi.

Ammo turgʻunlik yillarida oʻz ildizimizga oʻzimiz bolta urdik. Ochiqroq aytsam, “paxta yakka hokimligi” davrida bogʻ-rogʻlar, uzumzorlar qoʻporib tashlanib, hatto maktabu bogʻchalar hovlilarigacha gʻoʻza bostirib bordi. Oqibatda obi-hayotga ehtiyoj kuchaydi, koʻplab artezan quduqlar qazildi. Buloqlarga “temir gʻilof” kiydirilib, suvi nasos yordamida ariq-kanallarga boshqarildi.

Sohibqiron Amir Temurning muborak nomi bilan bogʻliq, muarrix Ibn Arabshoh oʻz kitobida qayd etgan “Shahri Keshdan 9 farsang naridagi Xoʻja Ilgʻor…” ham, aynan shu hududda. Koʻp asrlar davomida shifotalablar dardiga suvi darmon boʻlib kelgan Xoʻja Ilgʻordagi ana shu mashhur “Chilla buloq” ham hozirda qurib qolgan. Ammo koʻngilga taskin beradigani shuki, soʻnggi yillarda bu joylarda ham obodonlashtirish ishlari boshlab yuborilgan.

Mening bolaligim kishi havas qilarli rang-barang kechmagan. Olti yoshimda otam – kolxoz bosh hisobchisi Ochil Jumanazarov ikki xotin (zamon zayliga koʻra uylangan boʻlsa kerak-da) va oʻn nafar farzandni meros qoldirib vafot etgan. Endi qolgani shoir Gʻafur Gʻulom aytganidek: “Yetimlik nimadur, bizlardan soʻra!”

Ammo xalq bilib gapiradi. “Onalik yetim gul yetim” ekan. Volidai mushfiqimiz Jumagul Jumanazarova hamma oʻzbek onalariga xos oʻta matonat, sabr-bardosh bilan “togʻ kelsa kemirib, suv kelsa simirib”, turmushning barcha qiyinchiliklariga bardosh berib, bizni oq yuvib, oq taraganlar.

Yetimlik va uning mashaqqatlari haqida koʻp va xoʻb yozishgan. Ammo men yetimlikning bir “afzal” jihatini aytmoqchiman. Gap shundaki, koʻcha-kuyda hamma senga shafqat nazari bilan qaraydi. Deylik, koʻchada kim bilandir urishib qolding, kim haqu kim nohaqligidan qatʼiy nazar, hamma ayb raqibingning zimmasiga tushadi. Chunki sen yetimsan, senga ozor berishga hech kimning haqi yoʻq. Toʻy-maʼrakalarda ham rahmdil kishilar sening tovogʻinga ilik qoʻyishadi. Chunki sagʻirning savobi tegadi!

Otam vafot etgan yili qoʻshnimiz Boʻri akaning oʻgʻli, mendan bir yosh katta Bekmurod ogʻaynimga tirkashib maktabga bordim. Yana oʻsha “imtiyoz”. Yoshim yetmasa ham yetimligim inobatga olinib, birinchi sinfga qabul qilindim. Biroq oʻqish davomida “imtiyoz”dan foydalanishning imkoni boʻlmadi.

Esimda, “karra” jadvalini yodlamaganim uchun arifmetika oʻqituvchimiz bolalarning oldida rosa izza qildi. “Dod” solgancha enamni orqa qilib uyimizga yugurdim. Onam supada paxta savab oʻtirgan ekan. Voqeani eshitgach, qoʻlidagi savagʻich bilan oʻzimni savalay ketdi. “Hali sendan kutganim shumidi? Odam boʻlib meni boqasan desam…” deya koyiganlari hamon esimda.

Nazarimda savagʻichning ushbu sabogʻi koʻzlarimni moshdek ochdi. Shundan soʻng yaxshi oʻqib ketdim. Maktabni oltin medal bilan, universitetni esa imtiyozli, yaʼni “qizil diplom” bilan tamomladim.

Ilk sheʼrimni toʻrtinchi sinfda yozganman. Nima haqda deng! Bir targʻil govmush sigirimiz boʻlardi. Shu jonvor qisir yurib-yurib toʻsatdan tugʻib bersa boʻladimi. Hamma xursand. Xullas, ogʻiz oqqa yetganligi sharafi bilan “Buzoqcha” degan sheʼr yozganman. Oʻqituvchim oʻqib koʻrib, quvonib ketdi. Sheʼr maktabimiz “devoriy gazetasi”da ham eʼlon qilindi. Oʻshanda shodlikdan yorilay deganman. Axir oʻquvchilik davridagi eng zoʻr nashr bu – “devoriy gazeta”da! Qanchadan-qancha adib va shoirlarimizning ilk mashqlari ana shu toʻrt enlik “qogʻoz”da bosilgan va ularning keyingi ijodiy izlanishlariga turtki boʻlgan.

Biroq mening bu “ilk qadamim” biroz boshqacharoq boʻldi. Sheʼr eʼlon qilingach, sinfdoshlarim kaminaga “buzoqcha” deb laqab qoʻyishdi.

– Qaranglar, ana “buzoqcha” kelyapti!

– Hoy, buzoqcha, qachon “hoʻkiz” boʻlasan?!

Bunday “yorliq” kimning ham taʼbiga xush kelardi. Shu-shu shoirlik shohsupasiga chiqish orzusidan voz kechdim. Ammo adabiyot olamidan ketolmadim.

Talabalik yillari biz yashaydigan “Talabalar shaharchasi”dagi 2-son yotoqxonaning birinchi va ikkinchi qavatini boʻlajak biologlar, uchinchi qavatini jurnalistlar, soʻnggi toʻrtinchi qavatni esa geolog talabalar egallashgandi. Nomlari bugun adabiyot ixlosmandariga yaxshi tanish, taniqli shoir va yozuvchilar – Ikrom Otamurod, Sirojiddin Sayid, Mirzo Kenjabek, Alisher Ibodinov, Farogʻat Kamolova, Zamira Roʻziyeva, Odil Hotam, marhum shoir Nazar Shukur va boshqalar aynan shu maskandan polopon boʻlib, ijod olamiga parvoz qilishgan.

Bundan tashqari Halima Xudoyberdiyeva, Rauf Parfi, Usmon Azim, Xurshid Davron, Erkin Aʼzam, Ahmad Aʼzam, Murod Muhammad Doʻst kabi mashhurlar yotogʻimizga kun-kunora kelishib, ijodiy gurunglar tashkil qilishardi. Bunday muhitdan bahramand boʻlish, albatta kishi ruhiyatiga taʼsir qilmasdan qolmaydi. Xullas, ana shu muhit yuragimda oʻchgan ijod choʻgʻini qayta alanga oldirdi. Sheʼr yozib ogʻzim kuyganligi sabab, bu safar har ehtimolga qarshi “hikoya” yozdim. Hikoya kursdoshim – yetim qizning achchiq iztirobi va baxtli intihosi haqida edi. Yozganimni “ochiq dasturxon” ustida jurnalist joʻralarga oʻqib berdim.

– O-o! – deyishdi ular joʻrovozda maʼqullashib, – bu durdonangni tezroq biror redaksiyaga…

– Qaysi redaksiyaga?!

– Albatta “Guliston”gada!

Oʻsha kezlarda respublikadagi eng nufuzli nashrlardan biri “Guliston” sanalardi. Ayniqsa, “Temur tuzuklari” tufayli koʻtarilgan shov-shuv va Rasul Hamzatovning “Dogʻistonim”idan soʻng jurnalning obroʻsi yanada oshib ketgandi. Bu jurnalni qora tortib borishimizga yana bir sabab – biz tengi talabalar – Xayriddin Sultonov va Alisher Ibodinovlarning mazkur jurnalda hikoyalari peshma-pesh boʻlib turgani bois, ularning nomlari mashhuri-jahon boʻlib ketishgandi.

Xullas, “Guliston”dan “gul hidlash” umidida ostonasini xatlab, toʻgʻri boʻlim muharriri, yozuvchi Erkin Aʼzamga roʻbaroʻ boʻldim. Erkin Aʼzam meni kulib qarshilagan boʻlsa-da, ammo “hikoya”ni oʻqigan sari qovogʻi solinib, peshonasi tirishib borardi. Nihoyat, menga yuzlandi.

– Hikoya bunday yozilmaydi, zemlyak!

– Yaxshilab qarang, – dedim uning “zemlyak” deya oʻziga yaqin olganidan umidlanib. – Hikoya boʻlmasa “novella”dir! Balki etyuddir! (Oʻzimning adabiy janrlardan xabardorligimni bildirish uchun shunday degan boʻlsam kerak)

– Yoʻq, – dedi “zemlyak” bosh chayqab, – novella ham, etyud ham emas.

– Axir, – bisotimdagi soʻnggi dalilni pesh qildim, – buni jurnalist joʻralarim “zoʻr” deb maqtashgandi…

– Afsus, – Erkin Aʼzamning yuzi kulsa-da, qahri qattiq ekan. – Ular sizni aldashibdi. “Zoʻr” emas, “gʻoʻr” narsa yozibsiz. Bu shunchaki qogʻoz qoralash, xolos.

Oʻshanda bagʻritoshligi uchun Erkin Aʼzamdan qattiq xafa boʻlgandim. Lekin hozir minnatdorman. Sababi, ijod qonun-qoidasini puxta, mukammal egallamasdan, shoshma-shosharlik bilan adabiyot dahliziga qadam qoʻymoqchi boʻlganlarga talabni aynan shu tarzdagi boshlash kerak, deb oʻylayman. Ayniqsa, “zemlyak”lik, tanish-bilishchilik ijodda ketmaydi. Toʻgʻri, talantlarga koʻmak zarur. Isteʼdodsizlari esa ustoz Oʻtkir Hoshimov aytmoqchi – oʻzlari yoʻl topib olishadi!

Men ixtisosligim boʻyicha biologman. Yana ham aniqroq aytsam, tuproqshunos-agroximikman! Ammo aytib qoʻyay, adabiyot olamda “biolog” yozuvchilar ham anchagina. Hazrat Ibn Sinodan tortib, domla Chexovgacha… Alloma adib Chingiz Aytmatov-chi?

Shunday qilib deng, “Guliston”dan koʻnglim sovib qaytgach, haligi “durdona”ni jurnalist joʻralarning yuziga qarab itqitdim.

– Mana, maqtagan matohlaring oʻtmadi! Endi pishirib yeysizlarmi yoki qovurib, oʻzlaringa havola! – dedim.

Oradan olti oycha oʻtgach, gʻalati voqea sodir boʻldi. Jurnalist joʻralardan biri kelib mendan “suyunchi” oldi.

– Hikoyang Nishon tumanining gazetasida chiqibdi! Tabriklayman! – dedi.

– Yoʻgʻ-e, – hayratga tushdim. – Men uni hech qayoqqa yuborganim yoʻq-ku!

– Koʻp suyunma, – iljaydi jurnalist joʻram. – Oʻzimning ism-sharifimni qoʻyib joʻnatgandim. Shu sabab, hikoya mening nomimdan bosilgan!

Qiziq, mol oʻgʻrisini jazolasa boʻlar ekan, lekin “adabiy jinoyatchi”ning adabini berish qiyin boʻlarkan. Oʻylab-oʻylab, men bu doʻstni hajv yoʻli bilan jazolashga ahd qildim va hozirga qadar qoʻldan kelgancha shu yoʻnalishda ijod qilmoqdaman.

Oʻrni kelganda, hajv soʻqmoqlarida menga yelka tutgan, mehrini darigʻ tutmagan ustozlar haqida ham birrov gapirib oʻtishga ijozat berasiz. Talabalik davrida bir vaqtning oʻzida ham “Mushtum”, ham “Sharq yulduzi” jurnalida ikkita hajviyam chop etildi. Oʻzbekning haddi zoʻr hajvchisi Neʼmat Aminov oʻsha kezlarda “Mushtum”da ishlardi. “Mushtum”da hikoyang bosilsa, hajvchi sifatida tan olinarding. Neʼmat Amin yozganlaringni chertib-chertib, saragini-sarakka, xashagini-xashakka ajratishga oʻta mohir edi. Ana shu “qahri-qattol” yozuvchining sinovidan oʻtib, shogird tutinishga muyassar boʻldim. Ustozdan koʻp mehribonliklar koʻrganman. Umuman “yilt” etgan, hajvda qalam tebratadigan yoshlar uning mehridan chetda qolmasdi.

Oʻsha yillari poytaxtdan uy ololmay Qarshiga koʻchishga majbur boʻldim. Turmush tashvishlari bilan boʻlib anchagacha hech narsa yozmadim. Oʻshanda Neʼmat aka meni yoʻqlab Qarshiga keldilar. Viloyat rahbarlariga “Mushtum”ning bosh muharriri sifatida: “Bu bola mening shogirdim boʻladi! Mahalliy ijodkorlarga alohida eʼtibor qaratinglar!” deya yasama poʻpisa bilan “topshiriqlar” berdi. Uzoq yillar nashriyotda navbat kutib, nashr etilmayotgan kitobimga “soʻzboshi” yozib, chop etilishini tezlashtirib ketdi.

Oʻsha yillarda “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri Mirmuhsin domladan ham koʻp yaxshiliklar koʻrdim. U kishining ragʻbatlari tufayli yaxshi-yaxshi asarlarim yuzaga keldi. “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining “Shum bolaning choyxonasi” maʼmurlari tomonidan eng sara hajvlar uchun “Oltin choynak” adabiy sovrini tashkil etilgandi. Birinchi boʻlib bu mukofotni haqli tarzda Neʼmat Aminov qoʻlga kiritdi. Ikkinchi yili esa sovrin masalasida ancha bahs boʻldi. Nihoyat, muammoni adolatli hal qilish gazeta bosh muharriri, taniqli adib Odil Yoqubovga yuklanadi. Odil aka tanlovga kelgan hikoyalarni oʻqib, saralab, eng soʻnggida ikki nafar nomzodga toʻxtalibdi. Ana shu nomzodlarning biri men edim. Xullas, oʻsha yili ustoz adiblarning, xususan, hajvchilar sardori Said Ahmad domlaning xulosasiga koʻra men sovrindor boʻldim.

Darhaqiqat, hazrat Navoiy aytadilar:

 

Elni shod aylamak kerakdur,

Adlu dod aylamak kerakdur…

 

Hajvchi sifatida men ana shu ikki misrani oʻzimga dastur qilib olganman. Ha, kulguda ham oʻziga xos hikmat bor. Bu hikmatning maʼnosi shuki, har doim kulingu, ammo kulguga qolmang.

 

Muhammad OCHIL

 

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.