Sangisopoltosh

0
358
marta koʻrilgan.

I

Roz aytish uchun suhbatdosh topish mumkin, ammo dardkash topish qiyin. Bugun imkon tugʻilganda bor dardimni “Yoshlik”ka toʻkib solmoqchiman, “Sangisopoltosh” shunga ishora. Onam rahmatli soʻzlab bergan ertaklar orasida “Sangisopoltosh” ham bor edi:

Sangisopoltosh,

Sen menga yoʻldosh

Men senga dardim aytayin…

Shu uch misra ertakdagi har bir voqeadan keyin takrorlanib kelardi… Mayli, bu haqda mavridi kelganda soʻzlab berarman. Hozir esa “adabiyotga qanday kirib kelgansiz?” deb soʻrayapsiz mendan. Men adabiyotga kirib kelganim yoʻq. Adabiyot menga kirib kelgan. Bu holat Kortasarning “Bosib olingan uy” hikoyasiga oʻxshaydi. Adabiyot mening vujud uyimni sekin-asta toʻldirib, quloqlarimga sirli va sehrli soʻzlarni shivirlab, goh yigʻlatib va goh kuldirib, ruhim, qalbim va shuurimni (bular vujud uyining xonalari) musaxxar etib, maʼrifat va hayrat vodiysiga tomon yetakladi. Hazrat Navoiy aytganlaridek, kimki bu vodiyga kirsa u yerdagi ahvolning ixtilofli ekanini koʻradi. Bu joy shunday joydirki, uni yuz tuman, ming turli yoʻllar kesib oʻtadi. Ammo ulardan biri ikkinchisiga sira oʻxshamaydi.

Bu vodiyda soch-soqoli oppoq, oʻsiq qoshlari ostida koʻzlari chaqnab turgan, “Sabʼai sayyor” dagi Faylaqus hakimga monand bir moʻysafid oʻtirardi. Yonida charm muqovali kitoblar. Bu moʻysafid mening bobom (ona tomondan) Mulla Toʻraboy edi.

Hali murakkabliklarga koʻnikmagan quloqlarimga “Ashraqat min aksi shamsil kaʼsi anvorul hudo” degan nido keldi. Hech narsa anglamadim, ammo bobomning soqollari uchida titrab turgan tomchi-tomchi yoshdan bildimki, ohangdor bu soʻzlar bobomday odamni yigʻlatyaptimi, unda buyuk bir qudrat bor…

Oʻshanda chamasi besh-olti yoshlarda edim. Keyinchalik Robinzon Kruzoning echki terisidan yasalgan shamsiyasini yopinib kelayotgan kishini koʻrdim. Bu adabiyot edi. Kimsasiz orol. Yashash uchun kurash, inson matonati, eng muhimi, (oʻshanda men uchun) xavf-xatarga toʻla gʻaroyib hayot. Men Robinzon oʻrnida boʻlishni juda-juda istardim. Keyinroq gʻamgin qiyofali ritsarga aylandim-qoldim. Yoshimiz oʻrtasidagi farqqa qaramay, Dulsinya Tobosskayaga muhabbat qoʻydim. Qishlogʻimiz poyidan oqadigan daryo boʻyiga tushib, Don Kixotning holatiga kirdim. Yaʼni, katta bir xarsangtosh ustiga bir boʻlak paxtani qoʻyar va oshiq ritsarlarday boshimni “tosh”ga urardim. Men endi mirakilik Neʼmat Arslon emas, lamanchlik Don Kixot edim. Oynaga qarab gʻamgin qiyofada yurishni mashq qilib koʻrdim. Sevgilim Dulsinya esa qishlogʻimizda yashaydigan mendan 2-3 yosh kichik (nomini yashirin saqlayman) bir qiz.

Ana shunday kayfiyatda yurarkanman, bir ingliz fuqarosi meni koʻz koʻrmagan va quloq etishmagan gʻaroyib mamlakatlar tomon boshlab ketdi. Ulkanlar mamlakatining qizlari gʻoyat sohibjamol edi. Ularning iliqqina kaftlari ustida his etardim oʻzimni va “Gulliverning sayohatlari”da berilgan oʻsha qizlar rasmini soatlab tomosha qilardim. Ha, men aytgan ingliz fuqarosi – Jonatan Svift haqiqiy sehrgar edi.

 

II

Keyinchalik adabiyotdan hafsalam pir boʻldi. Qoʻlimga Ibrohim Rahim, Mirmuhsin, Sunnatilla Anorboyev va boshqa bir qator yozuvchilarning asarlari tushib qolgandi. Oʻsha davrda adabiyotimizda dovrugʻ taratgan bu ijodkorlarni kamsitish niyatida emasman, shubhasiz, ular ustozlarimiz. “Odam qanday toblandi” tipidagi romanlar juda katta mehnat samarasi. Ammo oʻzim aybdorman. Koʻpchilik ziyolilarimiz qoʻldan qoʻymay oʻqib yuradigan bu asarlar mening gʻashimni keltirardi. “Yengi ichidan chiqib turgan qoʻllari”, “U oʻzini tebrantirdi” kabi gaplar, qizni goʻzal deb taʼriflashda: “Soʻlqillagan yuz”, “boʻrtib chiqib turgan koʻz”, “butulkasimon oyoqlari” kabi soʻz va iboralarini oʻqib, dovcha yegan odamday aftim burishadigan boʻlib qoldi.

Men yana Pushkinga, Lermontovga qaytdim. “Dubrovskiy”ni, “Vadim”ni oʻqib voqealar, xarakterlarning tiniq, gap qurilishining puxtaligini payqadim. Inson dardining ulugʻligi va uni koʻtarish uchun “Sangisopoltosh” zarurligini oʻylaydigan boʻldim. Ivan Turgenevning “Asya”si, “Arafa”si, “Dvoryanlar uyasi”ni oʻqir va beqiyos latofatli qizlarning umidini puchga chiqargan, ularni sevgan, ammo uylanish masʼuliyatidan qoʻrqib, qizlarni tashlab qochgan rus yigitlari ensamni qotirardi. Men muhabbati rad etilgan oʻsha qizlarning hammasiga yuragimni ochgim, sevgi izhor etgim va ularni baxtli qilgim kelardi. Keyin bilsam, Ivan Turgenevning oʻzi bir farang aktrisasi ishqida uylanmay oʻtgan ekan. Bular hammasi jozibali bir olam edi.

 

III

Ana shunday holatda “Telba”ga toʻqnash keldim. Ukam Ahmad Arslonga (rahmatli) qarab: Dostoyevskiy buyuk daho, dedim. Bilsam, ukam bu general yozuvchi bilan yaxshi tanish ekan. “E, aka, sen “Bratya Karamazov”ni oʻqi” dedi. Oʻqidim. Ha, Lev Tolstoy taʼbiri bilan aytganda, bu bolta koʻtargan mujik hammasidan zoʻr edi. “Jinoyat va jazo” qahramoni Raskolnikov qotil edi, ammo men bu yigitning jinoyati fosh boʻlishini istamas, knyaz Mishkin, Alyosha Karamazovlarning esa jamiyatda kulgu boʻlishiga befarq qarayolmasdim.

Lev Tolstoyni tinmay mutolaa qilishga kirishdim. Annaning muhabbat gulxani oldida Vronskiyning sevgisi ojiz bir shaʼm ekanligini koʻrdim. Anna! Uzun qora baxmal mursaq kiyib yuradigan oq yuzli, qora koʻz va gʻoyat goʻzal xolacham (onamning singlisi) timsolida Annani koʻrardim. Bu holat juda taajjublanarli edi. Nazarimda Tolstoy xolachamga qarab Annaning portretini chizganday.

Adabiyot mening vujud uyimga ana shunday kirib kelgan. Va bu uy hamon uning ixtiyorida. Endi uning bir xonasida Kafka, Folkner, Somerset Moem, Kobo Abe, Kortasar, Borxes yashaydi. Yoʻq, ular juda koʻpchilik. Kamyu ham bor, Tomas Mann ham, Balzak ham, Herman Hesse ham bor. Uyning shunday koʻzdan nihon xonalari borki, vaqti-vaqti bilan dilim toshib, yuragim gʻussaga toʻlib ketganda oʻsha yashirin xonalarga kiraman. Hofiz oʻz tilida, oʻz ovozi bilan shivirlaydi: “Gʻazal gufti-yu dur sufti biyoki xush bixo Hofiz. Q-dar nazmi tu afshonad falak andi Surayyoro”. Ulugʻ Saʼdiy ham shu yerda. Miyigʻida kulib turibdi. Abu aʼlo al Maariy esa koʻzi ojizligiga qaramay shunday tikilib qaraydiki, ming yillik devor ortidan doʻstlikni ham, muhabbatni ham, inson zuryodining boshqa hech kimga koʻrish nasib etmagan tomonlarini koʻradi.

 

IV

Ulugʻlar davrasida eng shafqatsizlaridan biri Shekspir. Dezdemonaning ham, Julyettaning ham qotili. Qirol Lir, Kleopatra… barchasi uning qoʻlidan oʻlim topgan. Necha asrlardan buyon insoniyat bu qattol shoirni olqishlaydi. Uning teran falsafasidan hayratlanadi. Ana shunday hayrat maqomida yurganimda adabiyotimiz olamida katta shov-shuv koʻtarildi. Ziyolilarimiz qoʻlida “Otamdan qolgan dalalar” degan kitob. Men ham u kitobni olib varaqlab koʻrdim. “Men oʻzbek xalqiga haykal qoʻyaman!” deydi Togʻay Murod. Mana uning qoʻygan haykalidan bir bob:

“Yer hansiradi.

Gʻoʻzalarim bargi och-och yashil tuslana berdi.

Gʻoʻzalarim bargi qoʻngʻir-qoʻngʻir dogʻ boʻla berdi.

Gʻoʻzalarim bargi burishib-burishib qola berdi.

Gʻoʻzalarim ochqadi.

Men gʻoʻzalarimga bosib-bosib azot berdim.

Men gʻoʻzalarimga bosib-bosib fosfor berdim.

Men gʻoʻzalarimga bosib-bosib kaliy berdim”.

(“Otamdan qolgan dalalar”, 143-bet )

Tamom. Mana, butun boshli bir bobni (22-bob) oʻqidingiz. Nima oldingiz?

Aslida Togʻay Murodning niyati ulugʻ edi. U adabiyotda Kafka, Jems Joys, Borxes kabi yangilik yaratmoqchi boʻldi. Ammo buning uchun nafratning oʻzi yetarli emasligini anglamadi.

 

V

Mendan yana “Qanday ustozlarning taʼlimini olgansiz?” deb soʻraysiz. Javob beraman: mening ustozim – Qoʻrquv. Men atrofimdagi kishilardan qoʻrqib va tortinib yashaganman. Bu holat oʻylashga, fikr yuritishga majbur qilgan. Fikrlash bu – ulugʻ ish. Inson dunyoni fikr, yaʼni tafakkur vositasida anglaydi. Faqat men aytgan “qoʻrquv”ni qanday tushunmoq kerak? Adabiyotga yoki badiiyatga bu “ustoz”ning qanday daxli bor? Javob beraman: mening qalbim, balki koʻnglim desam toʻgʻriroq boʻlar – darveshning, gʻarib odamning qalbi edi. Darveshning qalbi esa nozik boʻladi. Nozik qalb qoʻpol odamning farosatsizlik bilan aytgan bir ogʻiz gapidan qattiq yaralanadi. Va bu jarohat umr boʻyi bitmasligi mumkin. Men ana shundan qoʻrqardim va jamoadan oʻzimni olib qochar, tajarrudga, yaʼni yolgʻizlikka intilardim. Mana, hozir 73 yoshdamanki, bu holat meni tark etgan emas. “O, homo, fuge” deyman oʻzimga oʻzim va qoʻpollikdan, dilozorlikdan qochaman.

Oʻz-oʻzidan maʼlumki, qochgan odam qayergadir yashirinadi va kimdandir najot kutadi. Bunday holatda men yolgʻizlik va tabiat bilan doʻst tutindim. Har ikkalasi ham menga ustozlik qildi. “Oldinda yana tun bor” deb nomlangan ilk kitobim tabiatning tiniq tasvirlaridir. “Kafolat” (hikoya)dagi rangpar va qoʻrqoqqina oʻsmir aynan oʻzimga oʻxshaydi. Umuman olganda, barcha asarlarimda oʻzim bor. Yaqinda “Yoshlik”da bosilgan “Tumanli mintaqa”, “Soyada uxlayotgan toleʼ”, “Yashash huquqi” kabi hikoyalarimning qahramonlari ham – oʻzim. Chunki, boshqalarga nisbatan oʻzimni yaxshiroq bilaman. Yaxshi bilgan narsangni esa yaxshi yozasan. Polyak tadqiqotchisi, yozuvchi Yan Parandovskiy eng qadimgi dunyo shoiri Arxeloxdan tortib to keyingi davr ijodkorlarining hayotigacha qalamga olarkan, shoir-yozuvchilarning shaxsiy hayoti va ijod jarayoniga doir shunday antiqa dalillarni keltiradiki, oʻqib ishonishingni ham, ishonmasligingn ham bilmaysan. Ulugʻ yozuvchilarning biri uydan chiqmay yozish uchun soqolining oʻrtasidan qaychi urib, qaychini derazadan pastga uloqtirib yuborsa, boshqa biri miyaga qonni koʻproq haydash maqsadida oyoqlarini muzli suv toʻldirilgan togʻoraga solib yozishga kirishadi. Yana biri boshini karavotdan pastga osiltirgan holatda ijod qiladi. Ularning oilaviy hayoti, ayollarga munosabatida ham aql bovar qilmaydigan voqealar koʻp. Bularning hammasi ijodkor shaxsini yaxshiroq anglab olishga yordam beradi.

Aytmoqchimanki, mening “Yoshlik”ka yoʻllayotgan bitiklarimda ham bizning “oʻta namunali” tarzda yoziladigan tarjimai hollarimizdan farq qiladigan va odatdan tashqari holatlar bor. Ammo bularning hammasi adabiyotga va yozuvchi hayotiga daxldor.

 

VI

Adabiyot – maʼnaviyatning bosh bulogʻi. Matematikmi, huquqshunos yoki shifokormi, biolog yoki rassommi, badiiy asar oʻqimas ekan, u yuksak natijalarga erisha olmaydi. Men baʼzi shifokor doʻstlarimizdan: “Siz Ivan Yefrimovning “Tigʻ ustida” romanini oʻqiganmisiz?” deb soʻrab qoʻyaman. Chunki bu soha kishilari uchun minglab turdagi dardlar “simptom”ini bilish, tashxis qoʻyish va behad koʻp nomdagi dori-darmonlar nomini yodda saqlashning oʻzi kifoya qilmaydi. Bemor shifokorni koʻrishi bilan “ha, bu odam meni davolay olishga ishonaman” degan tasavvurda boʻlishi kerak. Yaʼni shifokorning tashqi qiyofasi, soʻzi, koʻz qarashiyu oʻzini tutishi muhim rol uynaydi. “Tigʻ ustida” (Lezviye britviʼ)ni oʻqigan shifokor buni anglab oladi. Bunday kitoblar jahon adabiyotida yetarlicha bor. Adabiyotning inson maʼnaviyati, uning shakllanishi va komillikka erishuvida hozir biz aytgan jihatlar kichik bir zarra, xolos. Modomiki, adabiyot shunday qudratli kuch ekan va ulugʻlarimiz taʼriflaganlaridek, atomdan kuchli ekan, uning kuchini oʻtin yorishga sarflamaslik kerak. Va yana shuni taʼkidlashni istardimki, nimani oʻqishni bilish kerak. Chunki, jahon adabiyoti ulkan bir togʻ boʻlsa, alohida olib qaraganda kitobxon uning oldida kichik bir chumoli. Tanlab oʻqing!

 

Chuchuk suv taʼmini totmagan har qush,

Umr boʻyi tumshugʻin shoʻr suvdan olmas.

 

Quruq soʻzlar va voqealar yigʻindisidan iborat boʻlib qolgan, badiiyatdan yiroq “asar”lar sizda yaxshi xislatlar shakllanishiga yordam bermaydi. “Otamdan qolgan dalalar” yoki “Odam qanday toblandi” tipidagi asarlar adabiyotimizda anchagina. Ijodkor bu yoʻldan bormasligi kerak. Bunday adabiyot qoʻshiqchiligimizni didimizga urilayotgan toʻqmoqqa, kinochiligimizni “jazavafilm”ga aylantirib qoʻydi. Juda koʻp filmlarimiz oilaviy janjal asosiga qurilgan. Jazavaga tushib qichqirayotgan, qoʻlini shop qilgancha oʻdagʻaylayotgan, gʻazabdan koʻkarib-boʻzarib ketgan qahramonlarning beoʻxshov harakatlarini tomosha qilishdan insoniyat nima oladi?

 

VII

Endi yozuvchining shaxsi toʻgʻrisida ikki ogʻiz soʻz. Aslida bu – “ikki ogʻiz soʻz”ga sigʻmaydigan va katta tadqiqotlarni talab etadigan mavzu. Chunki yozuvchining shaxsi adabiyotning posangisi. Yoʻq, balki uning zalvorli toshi. Nega bir yozuvchining asarini dunyo sevib oʻqiydi, turli mukofotlar bilan taqdirlaydi. Million-million nusxada nashr qiladi-yu, boshqa bir yozuvchining “asar”lari xas-xashakchalik eʼtiborga olinmaydi. Buning sabablari koʻp. Oʻz davrida Kafkadek buyuk yozuvchi eʼtibor topmadi. Doʻstlari undan biror asarini oʻqib berishni soʻrashar, Kafka oʻqiyturib, doʻstlarining zerikayotganliklarini payqardi. Yozuvchi bu dunyo bilan vidolasharkan, asarlarini yoqib yuborishni vasiyat qildi. Ammo uning asarlaridan diniy maqsadda foydalanishni koʻzlagan mahrami vaziyatga amal qilmadi. Va nashr ettirdi, natijada uzoq muddat yashirinib yotgan buyuklik Amerikada kashf etildi. Kafka Okeanorti dunyosidan Yevropaga buyuk boʻlib qaytdi. Yozuvchining barcha asarlari bugungi kitobxonda tushdek tasavvur qoldiradi va ularning barchasida goʻyo Kafkaning oʻzi harakat qiladi. Bu insonning ichki dunyosiga kirish imkonsiz edi, ayrim tadqiqotchilar unga nisbatan “shisha bilan oʻralgan odam” iborasini qoʻllaganlar. Kafka asarlarining kuchi ularning sirliligida va qandaydir koʻzga koʻrinmas parda bilan toʻsib qoʻyilganligida. Mening nazarimda shunday, bu uning shaxsi qay darajada murakkab boʻlganligini, “shisha bilan oʻralgan odam” iborasining toʻgʻriligini tasdiqlaydi.

“Yozuvchi tabiatan solipsistdir” deydi atoqli ingliz yozuvchisi Somerset Moem. Bu ham yozuvchi shaxsiyatining oʻziga xos qirrasi. Buni qanday tushunmoq kerak? Dunyoda faqat men bor, boshqa hech narsa yoʻq degan mazmunni ifodalovchi bu fikrni hazm qilish yuzakiroq qaragan kishi uchun juda qiyin. Yozuvchi dunyoda oʻzining “Men”idan boshqa hech narsani koʻrmasa, qanday qilib asar yozadi degan fikrda boʻlmaslik kerak. Mening nazarimda, Somerset Moem birinchidan, yozuvchining ijod stolida oʻtirgan damlarini nazarda tutayotgan boʻlsa, undan keyin, ijodkorning ichki dunyosiga ishora qilmoqda. Insonning ichki dunyosiga uning oʻzidan boshqa kim ham sayr eta olardi?! Oʻzining ichki dunyosiga shoʻngʻigan kishining koʻziga tashqi dunyo unsurlari koʻrinmaydi. Menimcha, ana shu jihatdan yozuvchining oʻzi bilan oʻzi tanho qolishi Bahovuddin Naqshbandiyning “xilvat dar anjuman” degan oʻgitlariga toʻgʻri keladi.

 

VIII

“Ichki dunyo” deganimiz nima oʻzi? Bu insonning butun umr davomida tashqi dunyodan olgan taassurotlari saqlanayotgan yashirin olam. Bu olam qanchalik boy va rangin boʻlsa, unda sayr qilish ham shunchalik maroqli va huzurbaxshdir. Bu tiriklik olami oʻzining bor tashvish-taraddudlari yoki shu yoʻlda harakat qilayotgan jonzotlari bilan yaxlit bir anjuman. Anjuman esa munozaralar, mulohazalar, ziddiyatlar, gʻala-gʻovurlarsiz boʻlmaydi. Ijodkorning ana shu anjumanda oʻz ichki dunyosi bilan boʻlishi solipsistlikdir. Nazarimda Somerset Moem Naqshbandiyning “xilvat dar anjuman”, “safar dar vatan” degan taʼlimotlariga ishora qilayotganday.

Muxtasar qilib aytganda, yozuvchining shaxsiyati uning ichki dunyosida mavjud. Ana shu ichki dunyo boyliklari va goʻzalliklari, soʻzlar va tuygʻular vositasida tasvirlarga yoʻgʻrilib, badiiy asar sifatida dunyoga keladi. Demak, yaratilajak asarning qay darajada boʻlishi yozuvchining ichki dunyosi va shaxsiyatiga bogʻliq. “Mening nazarimda, – deydi Somerset Moem yana, – sanʼatda eng qizigʻi, sanʼatkorning shaxsidir. Va agar u oʻziga xos (original) boʻlsa, bunday ijodkorning minglab xatosini kechirishga tayyorman”.

Yaxshi asar – gʻamning va dardning mahsuli. Dilida xalqning gʻami, insoniyat dardi boʻlmagan ijodkor yengil ijodkor, uning vazni tosh bosmaydi va uning yaratgan asari ham – xashakdek salmoqsiz, yengil boʻladi. “Lisonut tayr”da shunday parcha bor:

“… Yoʻlda gʻamsiz kishini kishi deb atamaydilar. Mardlar gʻamginlikdan shod boʻladi, bu xil tutqunlik ular uchun ozodlik bilan teng. Mashaqqat ostida yotgan bu jahon boshdan oyoq gʻam manzilidir, unda har bir toifadagi kishi biron-bir gʻamga mubtalodir. Olam ahli koʻnglida gʻami boʻlsa, muhimi odamlar gʻamidir. Ammo ahli yaqinlar yoʻl gʻamidan doimo hozir boʻladilar. Agar kishilarga avvalgi gʻam, yaʼni olam gʻami man etilgan boʻlsa, odamiylik uchun keyingi gʻam – odam gʻamini yeyish maqsadga muvofiqdir”.

Ammo gʻam ham Eynshteynning nisbiylik nazariyasiga boʻysunadi. Yaʼnikim, gʻam ham nisbiy. Birovniki ogʻir, boshqa birovniki nisbatan yengil. Gʻam yukining eng zalvorli ulushi shoir va yozuvchilar zimmasida. Buyuk asarlar asosini insoniyatning gʻami tashkil etadi.

 

Qorongʻudir kecha, qoʻrqinchli mavj,

dahshatlidir girdob,

Ne bilsin holimizni chetda

turgan yuki yengillar.

 

Hofiz Sheroziyning ushbu misralaridan ham anglashiladiki, ijod ahlining yuki boshqalarnikidan ogʻir.

 

IX

Yozuvchi va jamiyat. Bu toʻgʻridagi savolingiz ancha murakkab tahlilni talab qiladi. Yozuvchi jamiyatning tarbiyachisidir. Ulugʻ Lev Tolstoyning 10 mingta xat yozgani bizga maʼlum. Xalq podshodan koʻra koʻproq Tolstoyga murojaat qilardi. Xatlar esa yozuvchi bilan jamiyatni bogʻlab turuvchi koʻprik vazifasini oʻtardi, deyish mumkin. Masalan, bir ayol Tolstoyga xat yozib, “ikkita oʻgʻlim islom dinini qabul qilmoqchi, siz qanday maslahat berasiz?”, deb soʻraydi. Yozuvchi bunga javoban dinlar, jumladan islom dini toʻgʻrisidagi kitoblarni oʻqib chiqqanligi, shunga koʻra islom dini nisbatan yosh va ishonchli ekanligini aytib, bu dinni qabul qiluvchilarni tabriklaydi.

10 mingta xat. Agar har bir xat oʻrtacha bir varaqdan boʻlganda ham 10-15 tom kitob degani. Xatlarning aksariyati esa dehqonlarga, ziyolilarga, yozuvchilarga yozilgan boʻlardi. Demak, Tolstoy jamiyat bilan mustahkam aloqada edi. Bizning qaysi yozuvchimiz birorta fermerga, xususiy tadbirkorga yoki ziyoliga xat yoʻllagan? Shaxsan men matbuotda bunday maktubni oʻqiganim yoʻq.

Xat – adabiy janr. Yozuvchining bitta maktubi uning shaxsiyatini va ijodining tilsimli eshigini ochishda kalit vazifasini oʻtashi mumkin. Odatda xalq yozuvchi shaxsini juda ulugʻlaydi. Uni inson sifatida, ijodkor sifatida, oila boshligʻi sifatida tushunib olishga qiziqadi. Adabiyotimizdagi tarjimai hollar esa oʻta anʼanaviy, rasmiy va shu bois ham zerikarli.

 

X

Oʻzbek nasrining hozirgi ahvoli toʻgʻrisida mendan soʻramaganingiz maʼqul. Chunki men uni yaxshi bilmayman. Bir paytlar Temur Poʻlatovning asarlarini oʻqib turardim. Xususan, bu yozuvchining “Toroziy toshbaqasi” romani modernizmning anchayin yetuk namunasi edi. Olim Otaxonov, Nazar Eshonqulning hikoyalarini sevib va hayratlanib oʻqiganman. Xayrullo degan yosh yigit juda original hikoya va qissalar yoza boshlagan edi. Sobir Oʻnar hikoyalarida milliy kolorit haddan ortiq boʻrtib koʻrinib turadi, mening nazarimda. Ammo uning keyingi hikoyalaridan biri menga juda yoqdi. “Safura xolamning siri” deb nomlangan hikoyasida oʻz oʻlimining qachon, qaysi kunda roʻy berishini bilib yashagan qizning ruhiy holati, maʼyuslik va qandaydir koʻzga koʻrinmas kuchning taʼsirini yaqqol his etasiz. Murod Muhammad Doʻst, Xurshid Doʻstmuhammad, Erkin Aʼzam, Halima Ahmad, Luqmon Boʻrixon, Xayriddin Sultonov, Isajon Sulton kabi isteʼdod egalari bor adabiyotimizda. Ammo shunga qaramay, oʻzini butun vujudi bilan adabiyotga bagʻishlagan ijodkor yoʻq. Xushi kelganda yozish, boʻlmasa roʻzgʻor tashvishlari bilan band boʻlib yashash – Chingiz Aytmatovlarni bermaydi.

Men adabiyotimizda oʻzimizning Xamsunlarimiz, Strindberg yoki Mahfuzlarimiz, Kamyu yoki Kortasarlarimiz boʻlishini orzu qilaman. Kitob doʻkonlari va kutubxonalardan Yaponiya va Janubiy Amerika yozuvchilarining asarlarini izlayman. Nima uchun Kobo Abe “Dunyoni koʻrmoqchi boʻlsang oʻz uyingning devorlariga qara” deydi-yu, nega Akutagava “Inson umri Bodlerning bir satriga arzimaydi” deydi? “Qumdagi xotin” yoki “Yashik odam”da qanday jozib kuch borki, bu asarlarni qayta-qayta oʻqigingiz keladi. Kobo Abe va boshqa yapon yozuvchilari qanday qilib bu darajaga erishdilar? Ruslarning “Kozma Prutkov”ida “Ildiziga qara” degan daʼvat bor. Yapon adabiyotining ildiziga nazar tashlasak, jumladan bundan ming yil avval ijod qilgan Murasaki Sikibu, Sey-Syonagan singari ayol yozuvchilarni koʻramiz. Ular yaratgan proza to hanuz yapon adabiyotiga qoʻr berib turadi. Ammo kunchiqar mamlakati yozuvchilari faqat ana shu “qoʻr”dan harorat olish bilan cheklanib qolganlarida ehtimol bu darajaga erishmagan boʻlardilar. Ular, yapon klassik prozasi bilan Yevropa adabiyoti anʼanalari, tasvir usullarini omuxta qilib, yangi tipdagi adabiyot yaratishga muvaffaq boʻldilar. Tomas Manning “Buddenbroklar” romani ham jahon adabiyotining ana shunday analizi va sentizi mahsuli deyish mumkin.

 

XI

Yozuvchi qanday shakllanadi?

Avvalo shuni aytish joizki, har qanday yozuvchi oʻz bolaligining mahsuli. Aytmoqchimanki, u bolalik dunyosidan oʻsib chiqadi. Biz ulgʻaygan sari tabiatdan yiroqlasha boramiz. Ona mushukning dumini oʻynayotgan mushuk bolasi yoki kuchukchamizning shoʻxliklari endi bizning bolaligimizdagi qiziqishimiz va zavqimizga sabab boʻlolmaydi. Biz endi uni beparvo kuzatib, roʻzgʻorni, bola-chaqani, ishimizni koʻproq oʻylaymiz.

…Tabiatdan yiroqlashgan odam esa yaxshi narsa yoza olmaydi. Buning uchun narsalar tabiatini bilish kerak. Yozuvchilarimizdan birining it haqidagi hikoyasida mutlaqo yolgʻon, itga nisbatan tuhmatni koʻrasiz. Goʻyoki it olov yonib turgan oʻchoq oldiga kelib qaynab turgan qozondan goʻshtni olib yegan emish. Bu yozuvchining jonivorlar hayotini kuzatmasligi, ularning tabiatini bilmasligidir. Barcha jonzot olovdan qoʻrqadi. Bu oddiy haqiqat. Itning qaynab turgan qozondan goʻshtni olib yeyishi jonivorlar tabiatiga xos emas. Balki yozuvchi Jek London, Seton-Tomson kabi yozuvchilar, yo boʻlmasa Jereld Darrel singari tadqiqotchi-tabiatshunoslarning asarlarini oʻqib “men ham yozay” degandir, ammo oʻzida boʻlmagach nima qilsin.

Inson ulgʻayganda ham toʻplagan hayotiy tajribasi, dunyoqarashi, bilimi, mushohada quvvati bilan bolaligicha qolganda edi… afsuski buning imkoniyati kam. Toʻgʻri, hayotda knyaz Mishkinlar, Alyosha Karamazovlarni goho koʻrganday boʻlamiz. Ulugʻ Dostoyevskiyning bu qahramonlari ulgʻayganda ham bola qalbi bilan qolgan kishilardir. Yozuvchida katta hayotiy tajriba bilan birga bola qalbi, bola nigohi, bolalarcha dunyoqarash, taʼsirchanlik, hayrat boʻlishi zarur.

 

XII

Modomiki ushbu bitiklar “Adib xonadonida” rukni ostida berilayotgan ekan, gapni shu mavzu oʻzaniga burishga burchliman. Bugungacha kitobxonga nimaiki bergan boʻlsam, u bolalik dunyosining mahsulidir. Bolaligim qoʻrquv, hayrat, haddan ortiq taʼsirchanlik iskanjasida edi. Boshqa bolalar, tengdoshlarim eʼtibor ham bermaydigan voqealar mening shuurimga dard bilan, ogʻriq bilan, iztirob bilan bostirib kirar va men bundan uzoq vaqt taʼsirlanib yurardim.

…1947 yilning qishi. Qatagʻon degan qishloqda ariq boʻyida xarobgina maktabimiz boʻlardi. Egni-boshimiz yupun. Ertalabdan yogʻa boshlagan qor peshingacha tizza boʻyi boʻldi. Oyogʻimda eskigina kalish, egnimda qiz bolalar kiyadigan yakkaqat baxmal nimcha. Men bu libosim bilan maktabda birinchi darajali olifta edim. Chunki koʻpgina tengdoshlarim kech kuzda ham maktabga oyoqyalang kelardilar. Toʻrt soat oʻqib tashqariga chiqsak, tizza boʻyi qor. Hech kim shodlanmadi. Hamma uy-uyiga tarqaldi. Qatagʻondan Xoʻjaqishloqqa tomon qor kechib yoʻlga tushdim. Dastlabki qadamlardanoq kalishim qorga toʻldi. Izzillab yigʻlagancha qorni yorib ketib borardim. Uyimiz eshigidan arang ichkariga kirdim. Qoʻl-oyogʻim karaxt boʻlib qolgandi. Uyga kirdim-u, butunlay boʻlak odamga aylandim. Mening toki bugungacha, mana shu satrlarni yozayotgan lahzalargacha boʻlgan hayotim, qanday odam boʻlib shakllanganim, ijodkorligim, qalbim xonadonimizning oʻsha ondagi holatiga daxldor. Nima boʻlgan edi oʻshanda? Hali hech narsadan xiralashmagan qalbim oynasiga – balki oppoq varaqlariga desam toʻgʻriroq boʻlar – keyingi butun hayotim mazmunini belgilovchi ilk taassurotlar yozildi, stol ustida koʻzi qip-qizil boʻlib choʻgʻlanib turgan “jonzot”, sohir bir ohang, unga quloq tutgancha choy ichayotgan onamning mahzun holati…

“Kimga qildim bir vafo yuz jafosin koʻrmadim”. Saodat Qobulova kuylayotgan bu qoʻshiq Navoiy gʻazaliga yozilgan romans edi. Onam yigʻlardilar. Mening abgor holatim u kishining eʼtiborlarini tortganday boʻldi. “Kir-kir, sandalga kir” dedilar-u, meni unutdilar. Men ham yigʻlardim, meni muzlagan tirnoqlarimning lovullab “yonishi”, sohir ohang va undagi mungning ulugʻligi, simfoniyaning ulugʻvor kuchi, onamning holati yigʻlatardi. Stol ustidagi “jonzot” esa “Rodina-47” radiopriyomnigi edi. Ana shu taʼsir tufayli men oʻzimizning mumtoz kuy-qoʻshiqlarimiz, maqomlarimizsiz hayot boʻlishi mumkin emas degan xulosa bilan yashardim. Keyinchalik mendagi bir holatni – qoʻshiq eshitganda yashirincha koʻz yoshi toʻkishimni onam boshqa bir voqea bilan bogʻladilar. Goʻdaklik paytimda, 1941 yil boʻlsa kerak, Mulla Toʻychi Toshmuhammedov boshimni silagan ekanlar. Oʻshanda yoz yoki kuz pallasi bu ulugʻ hofiz ikkita mugʻanniylari bilan birga kelib, Shahrisabz tumanining Ulach qishlogʻida konsert berganlar. Dalada xonanda uchun bittagina stol qoʻyilgan boʻlgan. U kishi choydan har zamon hoʻplab qoʻyib qoʻshiq aytarkanlar. Onam meni bagʻrilariga bosgancha oldingi qatorda oʻtirganlar.

Mulla Toʻychi qoʻshiq aytgancha kelib mening boshimga bir dam kaftlarini qoʻyib turganlar, keyin peshonamni, sochimni silaganlar. Ammo men qoʻshiqchi boʻlmadim. Qoʻshiqlarimizga bir umr qul boʻlib qoldim. Kuy-qoʻshiqlar menga inson dardining ulugʻligini anglatdi. Shuning uchun ham bugungi “tingira-tingir”lar, mazmunan bachkana va sayoz qoʻshiqlar didimizga toʻqmoq boʻlib urilayotganidan iztirobdaman.

 

XIII

Mening yozuvchiligim bolalikdan boshlangan edi, ammo u ancha kech – yigirma besh-oʻttiz yoshlarimdan keyin yuzaga chiqdi. “Osmonni kim koʻtarib turadi” degan hikoyamni yozib uni qayerga va kimga joʻnatishni oʻylab qoldim: kim mening qalbimga yaqin? Kim mening hissiyotlarimni toʻgʻri tushunadi? Oʻsha paytlar Dostoyevskiyni koʻp oʻqirdim. Shu bois hikoyani Dostoyevskiy asarlarining mohir tarjimoni Ibrohim Gʻafurovga yoʻlladim. Dostoyevskiy tufayli qalbimiz bir-biriga yaqin deb oʻylardim. Yanglishmagan ekanman. Hikoyam “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”da bosildi. Keyin “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallari menga xat yoʻllaydigan va “yaxshi” hikoyalardan yuborishimni soʻraydigan boʻlishdi. Ibrohim Gʻafurov “Kafolat” deb nomlangan hikoyamga soʻzboshi yozib, meni “Shahrisabz bulogʻining yoqtisi” deb atadi. Sobir Oʻnar “Sinov” degan hikoyamni oʻqib, “Yaxshi hikoya Shahrisabzda yoziladi” degan maqola berdi. Professor Sanjar Sodiq “Mavhumot” romanim toʻgʻrisida yaxshi tahliliy maqola eʼlon qildi.

Men bu paytda uylangan edim. Kunduzi Shahrisabz tumanining “Kesh” (avvalgi “Kommunizm bayrogʻi”) gazetasida ishlar, tunlari ijod stolida oʻtirib hikoyalar yozardim. Xotinim Tanzila Sodiqova (qizlik familiyasi) yozuv mashinkamning chiqir-chiqiriga quloq solib oʻtirar, hikoyaning “tandirdan pishib chiqish”ini kutar va tomogʻimga qarashib turardi. Shu jihatdan olganda u ham “hammuallif” edi. Yillar oʻtib hamqalamim ijod jarayonida chuqurroq aralashadigan boʻldi. Baʼzi hikoyalarim, xususan “Enaga” va “Ayol suvratiga chizgilar” uning soʻzlab bergan voqealari asosida dunyoga keldi.

Ayol – insoniyatning buyuk gʻamxoʻri. Men ayol haqidagi baʼzi faylasuflarning fikrlarini rad qildim. Xususan, Shopenhauerning ayollar toʻgʻrisidagi fikrlarini unchalik maʼqul koʻrmadim. Ayolni va muhabbatni Abu Aʼlo al Maariyning gʻazabidan saqlagim keladi. “Ayolga shafqat qiling” deyman. Chunki ayoldagi mehr ham, gʻiybatga oʻchlik va boshqa qusurlar ham erkaklar tufaylidir. Ammo hozir bu haqda fikr bildirishning oʻrni emas. Jurnalxonlar meni toʻgʻri tushunsalar bas.

Biz hayotni oʻrganamiz, kashfiyotlar qilamiz. Kosmosni tadqiq etamiz, Marsdan inson izlarini izlaymiz. Ammo aytaylik, yangi tugʻilgan goʻdakning uyqusida kulishini hech birimiz izohlab bera olmaymiz. Yoki inson oʻz yelkasida bir umr koʻtarib yuradigan bosh chanogʻi ichidagi jarayonni hech qachon tushuntirib bera olmaydi. Miya deb atalgan “bir xalta kulrang “qatiq”ning moʻjizalari cheksiz. Biz yaratadigan sanʼat asarlari ana shu cheksizlikda tugʻiladi.

Men inson miyasining imkoniyatlaridan hamisha hayratdaman. Uning mexanizmini, ishlash jarayonini anglashga intilaman. “Adam vodiysi” romanimda va “Tumanli mintaqa” deb nomlangan hikoyamda oʻzimcha tadqiqotlar qilganman. “Mavhumot” romanimda ham shunday chizgilar bor. Agar inson miyasida kechayotgan jarayonlarni yozib olish va xuddi bir kitobdek oʻqish imkoni boʻlganda, eng madaniyatli odamda ham toʻzgʻib yotgan nojoiz fikrlar toʻfonini koʻrgan boʻlardik. Bolalik esa maʼlum darajada bundan mustasno. Mirzo Kenjabek aytganidek:

 

Bolalar pokligi bilan ulugʻdir,

Soddaligi bilan kattadir bizdan.

 

Ulugʻ Navoiy asarlari ham bolalik pokligi va soddaligining mahsuli. Xonanishin Alisher koʻzdan pana joyda oʻtirib olib “Mantiqut tayr” ni mutolaa qilardi. “Xazoyinul maoniy”, “Xamsa” kabi buyuk asarlarni ijod etgan shoir umr boʻyi oʻsha bolaligida ruhiyatiga oʻrnashib qolgan Farididdin Attor dostoniday asar yozishni orzu qildi va umrining oxirida bunga erishdi. “Lisonut tayr” dunyoga keldi. Bu gʻoyat ulugʻ asar, xususan, undagi “Shayx Sanʼon qissasi”ni jahon adabiyotining noyob durdonalari qatoriga qoʻyish mumkin. Men Homerni ham, Gyoteni, Shekspirni, Abu Aʼlo al Maarriyni, Danteni ham sevib va hayratlanib oʻqiyman, ammo bu ulugʻlar huzuridan vaqti-vaqti bilan “Lisonut tayr” ga qaytaman.

 

XIV

Ishq tufayli beliga zunnor bogʻlab choʻchqa boqib yurgan ulugʻ shayxning abgor holati hamisha koʻz oʻngimda. Muhabbat insonni ne koʻylarga solmaydi! U juda qadimiy va hamisha yangi:

Muhabbat oʻzi eski narsa,

Har bir yurak uni yangarta

 

Tatar shoiri Toqtosh juda toʻgʻri taʼrif bergan. Har bir qalb uni yangilaydi. Oʻz navbatida muhabbat har bir qalbni yangilaydi, bolaligimda bunday jarayonni men ham boshdan kechirganman. Yuragimga ishq qushi uya qoʻyganida 12 yoshda edim… bu holat keyinchalik – Hazrat Navoiy yoshlaridan (60 yoshdan) ancha oʻzib ketganimdan keyin – “Amalgama” degan hikoyamda oʻz aksini topdi. Yozuvchi oʻz bolaligining mahsuli deganimda inchunun, mana shunday holatlarni ham koʻzda tutganman.

Farzandlarim mening yoʻlimdan bormadi deb oʻksinardim. (Uch qiz, bir oʻgʻlim bor). Bu oʻksinishning botiniy qavatlarida “Xayriyat!” degan quvonch bor edi. Ammo bu quvonchni oʻzimdan ham yashirardim. Chunki ijodkorlik katta sharaf. Ming yil muqaddam – Abu Aʼlo al Maariy zamonida yaxshi sheʼrning har bir misrasi uchun ming dinor qalam haqi toʻlangan. Shunga qaramay shoir va umuman ijod ahli hech qaysi zamonda badavlat yashamagan.

Polyak yozuvchisi Yan Parandovskiy qadimgi dunyo shoiri Arxeloxdan tortib to keyingi davrlargacha oʻtgan ijodkorlar orasida faqat ikki kishi – Balzak bilan Valter Skotning boyib ketganligi, biroq pirovard natijada, har ikkalasi ham umrini qashshoqlik bilan tugatganligi toʻgʻrisida aniq dalillar keltiradi.

“Oʻz kasbi bilan oʻzini va oilasini boqa olmaydigan filologlar va shoirlarga hatto shaytonning ham rahmi keladi”. Toʻrt yoshida suvchechak tufayli koʻzlari koʻrmay qolgan u ulugʻ inson (al Maariy) haqida yozilgan B. Shidfarning maqolasida ana shunday “soʻz” borki, bu ham polyak yozuvchisining fikrini tasdiqlaydi. Farzandlarim mening izimdan bormaganligi mening “xayriyat”imga sabab boʻlganidek, oʻksinishimning ham oʻz sabablari bor. Ammo men “oʻksinardim” deyapman. Bu soʻzning “oʻksinaman”dan farqi bor.

Yaqinda Fayoza qizim “Uyidan bosh olib ketgan xoʻtik” degan hikoya yozibdi. Menga juda maʼqul boʻldi. Qizimning bu sohada iqtidori borligi uchun ich-ichimdan quvondim.

Chunki, “farzandlaringiz orasida sizning kasbingizni tanlashganlari ham bormi?” deb soʻrab qolishadi, uchrashuvlarda, gap bunda emas, inson ijod qilayaptimi – bu hol chindan goʻzal. Shu yil oktyabr oyida esa nevaram (Fayoza qizimning qizi) Madina Chaqilovaning “Ishonch” degan shiringina “shox-butoqlik” hikoyasi “Adolat kuchi” gazetasida bosildi.

Soʻz avvalida Sangisopoltosh haqida gapirgan edim. Bu rahmatli onamning ertagi. Koʻp ertak aytardilar. Bir safar nomma-nom yozib roʻyxat qilsam 400 ga yaqin ekan. Keyinchalik men shu nomda bir hikoya yozdim. Unda ortiqcha voqealar yoʻq. Hikoyada bir odam Qora dengiz boʻyidagi sanatoriylardan birida boʻlib oʻtgan sevgi mojarolarini boshqa bir kishiga, yaʼni birga boʻlgan ayolning eriga gapirib beradi. Aslida Yoqutxonning eri Zarif boʻlib oʻtgan voqealardan qisman xabardor edi. Xotinining ortidan odam qoʻygan va uning Xonsevar ismli doktor bilan muloqotda boʻlib yurganini eshitgan va Xonsevarni izlab kelgan, u bilan doʻstlashgan, hamda voqeaning bor tafsilotini Xonsevarning oʻzidan eshitgandi…

Men hikoya mazmunini soʻzlab bermoqchi emasman. Gap hikoyani nomlaydigan tosh. Bu hikoyada qadimgi yunon afsonalaridagi Pigmalionning yogʻochdan bir haykal yasab, uni sevib qolishi bilan bogʻliq voqea ingliz yozuvchisi Bernard Shou yozgan “Pigmalion” voqealariga tutash. Birida Pigmalion yogʻochdan yasalgan haykalga jon ato etishni Xudodan soʻraydi va haykal jonlanadi. B. Shouda esa ikki tilshunos olim bir gul sotuvchi qizning nihoyatda gʻaliz va qoʻpol lahjada gapirishidan ajablanib, uni tarbiyalamoqchi, madaniyatli va toʻgʻri gapirishga oʻrgatmoqchi boʻladilar hamda pirovard natijada (agar yanglishmasam) uni sevib qoladilar. B. Shou nazarida qiz Pigmalion yasagan haykal – Galateyaga ishora edi.

“Sangisopoltosh”da ham ertak voqeasi yoʻq. Faqat shunga ishora bor. Yoqutxon uchun Xonsevar Sangisopoltosh rolini oʻynaydi. Ayol bor dardini unga toʻkib soladi, ammo ular oʻrtasidagi munosabat “bokira” edi. Sof insoniy tuygʻular edi.

“Baʼzi erkaklarning koʻngli toshday qattiq. Bundaylarga dardingni aytgandan koʻra toshga soʻzlaganing maʼqul. Siz esa butunlay boshqachasiz, mayli endi buyogʻini ham eshiting” deydi Yoqutxon va Xonsevarga boshidan oʻtgan dardu alamlarni soʻzlab beradi. Bu hikoyaning ertak bilan bogʻliq tomoni shuki, taqdiriga oʻlik podsho yozilgan qiz boshidan oʻtgan voqealarni soʻzlab berishga dardkash topolmay, Sangisopoltoshga aytadi.

Sangisopoltosh,

Sen menga yoʻldosh,

Men senga dardim aytayin…

 

Mening Sangisopoltoshim – qogʻoz. Men bor dardimni unga aytaman…

 

Neʼmat ARSLON

 

“Yoshlik”, 2013 yil 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.