Oʻzim haqimda uch ogʻiz soʻz

0
1851
marta koʻrilgan.

Hammamiz tarjimai holimizni yozganmiz va ularda oʻzimizning qilgan-qilmagan ishlarimizni oshirib-toshirishga uringanmiz. Taniqli avar shoiri Rasul Hamzatovning samimiy yozilgan, muxtasar tarjimai holini oʻqir ekansiz, beixtiyor hushyor tortasiz. Jahon adabiyoti xazinasidan oʻrin olgan asarlari bilan yer yuzini quyosh nuriday munavvar etgan shoir hali burgut yuksakligiga koʻtarilmaganligiga iqror boʻlib, oʻz oldiga yuksak maqsadlarni qoʻyib, asosiy kitobini yozishga chogʻlanayotganini bayon etadi. Shoirning bu dil izhori har bir oʻquvchini tarjimai holni qotirib yozishgagina emas, balki unga oʻxshab xalqimizga chin yurakdan sadoqat bilan xizmat qilishga undaydi, degan umiddamiz.

 

BIRINCHI MAQOLA

 

Dogʻistondagi dorbozlari bilan mashhur Sovkra ovulida oʻgʻilning tugʻilgan kuni u mustaqil ravishda dorda dadil yurgan kun hisoblanadi. Zargarlari bilan mashhur kubachinlar esa, oʻgʻil otasiga kumushga jilvador naqsh oʻyib sovgʻa qilgan kunni uning tugʻilgan kuni etib belgilashadi. Oʻsha kun ota atrofdagilarga magʻrur qarab deydi: “Mana mening uyimda oʻgʻil tugʻildi!”

Gohi-gohida mening koʻz oldimda shunday manzara gavdalanadi: Sada ovuli, bahor pallasi. Moʻylovi sabza urmagan oʻsmir birinchi bor dalani shudgor qilishga chiqqan. Uning bitta tengdoshi birinchi bor oʻzi uy qurishga kirishdi. Boshqa bir oʻsmir otini egarlab, birinchi bor safarga yoʻl oldi… Ularga qarar ekan, otam quvongandan shunday degandi: “Qara, bizning shu kichkina ovulimizda bu bahorda qancha oʻgʻil tugʻildi”.

Togʻliklar ishtiyoqsiz, isteʼdodsiz, mehnati bilan birovga foydasi tegmaydigan kimsalar haqida gapirganda shunday deydi: “Uning soch-soqoliga oq tushdi, lekin oʻzi hali tugʻilgani yoʻq”.

Mening sochim ikki rangda, biroq tugʻilgan kunim haqida soʻrashsa javob berishga qiynalaman. Oʻzi men qachon tugʻilganman?

Ehtimol, oʻn bir yoshimda, hali belimga kamar taqmagan boʻlsam ham, biron otni egarlamagan boʻlsam ham uyimiz tomiga yozilgan hoʻkiz terisi ustida yotgancha birinchi sheʼrimni yozgan kunda tugʻilgandirman?

Ehtimol, bu sal keyinroq – maktab devoriy gazetasiga birinchi bor sheʼrim yozilgan kun boʻlgandir?

Ehtimol, men 1943 yilda tugʻilgandirman, axir oʻsha yili Dogʻiston nashriyoti mening birinchi kitobimni chop etgandi.

Afsus bilmayman, maqtov soʻzlarini koʻpam aytavermaydigan otam qachondir shu soʻzlarni irod etdimikin: “Mana, mening uyimda oʻgʻil tugʻildi!”

Ehtimol, otam bu soʻzlarni aytmasdan olamdan oʻtgandir.

Biroq, men qachon tugʻilgan boʻlmay, haqiqiy tugʻilgan kunim albatta, sheʼr yozilgan kun bilan chambarchas bogʻliq.

Mening umrim qoʻshiq bilan boshlangan va qolgan hayotim ham unga tegishli boʻladi. Sheʼriyat ham boshqa foydali barcha mehnatlar kabi odamzot hayotini bezaydi, yanada mazmunli va charogʻon etadi.

Mening oliy orzuim umrim oxirigacha nimadandir xavotir olmay yoki koʻr-koʻrona emas, balki chin yurakdan xalqimga sadoqat bilan xizmat qilish. Tilagim – bunday niyatni barcha odamlar orzu qilsin.

Men oz sonli togʻlik xalqning oʻgʻliman. Qaysiki, barcha togʻliklar kabi ularning bolaligi va keksaligi juda ham qisqa, yoshligi va yetuklik davri esa juda ham uzun.

Togʻlik bolalar tez ulgʻayadi va hayotda mustaqil qadam tashlay boshlaydi. Xalqimni, taʼbir joiz boʻlsa, kaft ustiga joylashtirish mumkin: biz avarlar yer yuzidagilarning hammasini qoʻshib hisoblaganda ham ozchilikmiz, lekin millatimiz nomi togʻlar va kengliklar aro magʻrur jaranglaydi. Shu oq soch, bulutli togʻlar qancha burgut yurakli oʻgʻlonlarni koʻrdi, shunday botir askar, qahramonlar haqida aytilgan ajoyib qoʻshiqlarni tingladi.

Esimda, bolaligimda gulxan yonida oʻtirib otamning mashhur Shomil haqidagi hikoyasini sevib tinglardim. U yetti joyidan ogʻir jarohatlangan boʻlishiga qaramay, qilichini bir serpab gʻanimini oti bilan birga ikki boʻlak qilgan. Uning botir noibi Hojimurod toʻgʻrisida Lev Tolstoy ajoyib qissa yozgan. Gidatlinlik afsonaviy Xochbar toʻgʻrisida togʻliklar koʻplab qoʻshiqlar toʻqishgan. Choxlik oʻktam yigit Kamolil Bashir haqida, undan chiroq nuri ham oʻtgan va yerga soyasi xira tushgan. Sevgi kuychisi Mahmud haqida, uning qoʻshiqlarini togʻlik oshiq-maʼshuqlar tumor qilib taqib olishgan. Ha, men qanchadan-qancha shunday qahramonlarimiz haqida hikoyalar tinglaganman.

Bolaligimda eshitgan xalq afsonalari, ertak va qoʻshiqlar xuddi kubachinlik naqqosh qilich sopiga oʻygan naqshday mening yuragimda muhrlanib qolgan. Bu hikoyat va qoʻshiqlar, uy, qalʼa va togʻdagi toshlarga oʻyib yozilgan bitiklar mening oz sonli xalqimning shonli tarixini qilichlar jarangiday baland ovozda eslatib turadi.

Togʻlardan qoʻnim topgan xalqim bir umr erkinligini, qadrdon togʻlarini himoya qilish uchun zolimlarga, bosqinchilarga qarshi kurash olib bordi. Xalqda shunday naql bor: “Togʻlik egar ustida tugʻiladi”. Togʻlik oʻgʻlonlar qoʻliga erta qurol olishini hayotning oʻzi taqozo etadi, keyin ularning qilichini peroga almashtirishga vaqti boʻlmaydi.

Shukrki, men togʻlik xanjarini bexavotir uyning devoriga osib qoʻygan va uning ozodligiga hech kim dahl qilmaydigan vaqtda tugʻildim. Bu vaqtda Vatan tushunchasi togʻlar bilan chegaralanmay, ancha kengaygandi. Mening otam – Dogʻiston xalq shoiri Hamzat Sadasa mana shu bepoyon mamlakatga oʻzining eng yaxshi qoʻshiqlarini bagʻishladi. Mana shu bepoyon mamlakat taqdiriga mening ham qoʻshiqlarim, quvonch – tashvishlarim bogʻlandi.

Umrim tengdosh yurtdoshlarim hayotiga oʻxshash tarzda kechdi. Lekin yozgan sheʼrlarim biror shoir sheʼrlariga oʻxshab qolmasligi uchun harakat qildim. Mayli, bizning hayotimiz katta yoʻllar kabi bir-biriga oʻxshasin, biroq yozgan sheʼrlarimiz togʻlardagi soʻqmoqlar kabi har xil boʻlsin.

Ovulimizdagi maktabni tugatgach, Boʻynoqdagi pedagogika bilim yurtiga oʻqishga kirdim. Oliygohni tamomlab maktabda oʻqituvchilik va avar teatrida aktyorlik qildim. Soʻngra respublika gazetasida ishladim. 1950 yilda Moskvadagi Adabiyot institutini tugatdim.

Avar tilida chiqqan birinchi sheʼriy kitobim – “Otashin sevgi va yondiruvchi gʻazab” juda jarangdor nomlansa ham unda “jarangdor” sheʼrlar jamlangan deb ayta olmayman. Oʻshandan buyon avar, rus, dargin, lak, gruzin, koreys va boshqa tillarda oʻttizdan ortiq sheʼriy toʻplamlarim chop etildi. Ular orasida “Tugʻilgan yilim”, “Katta akam haqda soʻzlayman”, “Lirika”, “Sheʼrlar va dostonlar”, “Togʻliklar vatani”, “Togʻlik qiz” kabi kitoblarim men uchun juda qadrli.

Sheʼriyat yoshlik bilan hamnafas. Yosh doʻstlarim, sizga bagʻishlagan sheʼrlarimni oʻzingizning tengdoshingiz yozganday qabul qilishingizni istayman.

Bu sheʼrlarni oʻttizdan oshganimda yozganman. Oʻttiz yoshga yetganlar haqida togʻliklarda shunday naql bor: “Kim ikki burgut yoshini yashab burgut boʻlmasa, hech qachon burgut boʻlmaydi. Uning taqdiriga chirqillab oʻtish yozilgan”. Men chumchuq emasman, lekin burgutlar yuksakligiga koʻtarildim deb ham ayta olmayman. Men qanday yoza olsam, shunday sheʼr yozdim. Shoirona aytsam, quvonganda quvondim, ranjiganda ranjidim, gʻamli kunlar gʻam yutdim, shodlik kunlarida tantana qildim va albatta sevdim. Mening yuragim sevgi otashida yondi. Sevgi esa meni kuylatdi. Dardimni goh sekin, goh baland, goh sheʼrda, goh nasrda bayon etdim.

Oʻsha yillarda mamlakatimiz tinch edi, lekin dunyo tinchimagandi. Xuddi shunday ijodkorlarning qalbi ham tinch emasdi. Axir qalbda tafakkur va tuygʻular kurashining adogʻi yoʻq. Chunki, ijodkor xotirjam boʻla olmaydi, uning qalbiga cheksiz dunyoning butun quvonch-tashvishlari jo boʻlishi kerak.

Yillar oʻtaverdi. Mamlakatda urush boʻlmasa ham menga yaqin kishilar – qardoshlarim, doʻstlarim, tanish shoirlar bir-bir olamdan oʻtdi. Shoirlar taʼbiri bilan aytganda, ular nafaqat keksalikdan, balki oldin olgan eski jarohatlaridan ham vafot etishdi. Ketgan qadrdonlarim oʻrnini hech kim bosa olmaydi, to yuragim urib turar ekan, ularning xotirasi qalbimda yashaydi. Biroq yurtimda va Vatanimdan uzoqda kezganimda juda koʻplab yaxshi insonlarni uchratdim. Bu uchrashuvlar qalbimga quvonch bagʻishladi va hayot davom etaverishidan darak berdi.

Ish stolim ustiga hayotning timsoli boʻlgan ikki sovgʻani qoʻyganman. Biri urushning shafqatsiz “sovgʻa”si – askar tanasidan olingan qoʻrgʻoshin oʻq. Ikkinchisi ilgari porox va qoʻrgʻoshin oʻq boʻlgan boʻsh patronga qoʻyilgan qadrdon dalamizda ochilgan gul, qaysiki, u tinchlik, muhabbat, umid, hayot ramzi, oʻtgan kunlar xotirasi, bugunning bezovtaligi va kelajak haqidagi orzular. Bu tuygʻular hayot yoʻllarida hamisha yoʻldosh. Ular shoirlarga qatʼiy ovozda sheʼr va qoʻshiqlar aytadi. Ular menga ham aytib turdi, imkonim qadar qogʻozga tushirdim. Mening bu boradagi yutuq va izlanishlarim bilan oʻquvchilar deyarli har yili tanishib bordi.

Hayot taqozo qildi, men yozdim. Oʻquvchilar qoʻliga sheʼr-dostonlarim, “Yuksak yulduzlar”, “Yulduzlar yulduzlar bilan soʻzlashar”, “Uchinchi soat”, “Rivoyatlar”, “Shamshir va atirgul”, “Chegara”, “Sevgi haqida kitob”, “Uyim qarshisida”, “Forsiy sheʼrlar”, “Mening Dogʻistonim”, “Sonetlar” deb nomlangan qator kitoblarim yetib bordi.

Ha, kitoblarimning nomlari har xil. Ijodim mahsuli boʻlgan kitoblarim boshiga har xil boʻrk kiydirdim. Ammo men uchun asosiy va muqaddas mavzular uchta boʻlib qolaveradi.

Men ikki gulxanda doiramni toblab, ikki deraza qarshisida sevgi kuyini chaldim. Bilaman, fikrda barqaror boʻlish shoirning kuchini belgilovchi bosh omil emas. Negaki, ayrimlar aytganday sheʼriyat kayfiyat mahsuli. Kayfiyat esa ob-havoday tez-tez oʻzgarib turadi, lekin men sizni ishontirib aytaman: shu ikki chegara oraligʻida oxirigacha turaman va umrim soʻnggigacha sheʼr yozaman.

Bu mening ijodimdagi birinchi raqamli nazorat joyi. Bu tugʻilgan yurtimning, Dogʻistonimning, bepoyon mamlakatimning chegarasi. Ikkinchi chegara bu muhabbatim chegarasi, bu muhtarama ayollarga bogʻliq ekanligim chegarasi, qaysiki, ularga sevgim cheksiz. Bundan keyin ham yozgan kitoblarimni ularga bagʻishlayveraman. Men samolyotimda sevgi aerodromidan sevgi aerodromi tomon parvoz qilaman, balki orzu aerodromiga yetmasdan halok boʻlarman.

Kitoblarimning uchinchi bir qismi hayot, oʻlim, zamin, odam, ayriliq va uchrashuvlar haqidagi oʻylarim. Ular – “Turnalar” va “Doʻstlarni asrang”, “Yillar shodasi” va “Bitiklar”. Bu kitoblarni yillar oʻtib, qancha mamlakatlarni kezib chiqqach, sochim batamom oqargan vaqtda jamlaganman.

Hayot zayli, koʻngil kechinmalari, voqea va iztiroblar soʻz sanʼatkori ijodida har xil aks etadi. Buni shoirlarning saylanmasi yoki tanlangan asarlarini koʻzdan kechirsangiz darhol payqaysiz. Boshqa kitoblarda esa ijod yoʻlining turli davrlari, yozish mahorati shakllanishi bosqichlarini ilgʻash qiyin emas. Oʻquvchilar mening kitoblarimda ham shunday oʻzgarishlarni payqagandir. Chunki ularda turli ranglar va tasvirlar bor.

Zamondoshlarimdan biri menga shunday taʼrif beribdi: “Turfa feʼlli boʻlgani uchun uning sanʼati ham turfa”. Lekin men turlanishni yoqtirmayman. Soʻz sanʼatkori bir butun odam boʻlishi va uning ijodi ham shu oʻziga xosligi bilan belgilanishi kerak. Axir, ajoyib maqsadi boʻlgan kishilargina ajoyib ishlarni amalga oshiradi. Odamlar shunday ishlariga qarab, ularning maqsadi va iqtidorini bilib oladi. Darhaqiqat, oʻz oldiga yuksak maqsadni qoʻymasdan ijod qilib boʻlmaydi.

Hali men asosiy kitobimni yozmadim. Uni yozishga harakat qilayapman. Hozir yoshim ellik beshda. Bu yoshdagilar haqida togʻliklar shunday deyishadi: “Endi uning oti oqsoqlana boshlaydi”. Toʻgʻri, endilikda bir qadah vino ichsam ham taʼsir qilayapti. Tan olaman, men oʻzini yoshidan kichikroq koʻrsatishga urinayotgan kishilarni yoqtirmayman.

Na iloj, yillar mening orzularim va imkoniyatlarim orasini tobora uzoqlashtirmoqda. Ammo sizga takror aytaman: men shoirman, sevgi tuygʻusi qalbimda oshsa oshdiki, lekin zarracha ham kamaygan emas. Xuddi yigirma yillar oldingi kabi barchaga baralla aytaman: “Mening yuragim ishq oʻtida yonayapti”. Bu tuygʻu menga sheʼr-qoʻshiqlar aytmoqda. Ularni albatta, qogʻozga koʻchiraman.

Men yozayotgan vaqtda tuygʻularimdan, badiiy tashbehlarimdan avvalo oʻzim zavq tuyaman. Ha, bu masalada men oʻzimga xos yoʻl tutaman. Yozib boʻlgach, qayta oʻqiyman, tahrir qilaman, oqqa koʻchiraman va ijodimni barcha bilan baham koʻrishga oshiqaman. Ularni qancha koʻp odam oʻqisa, men shuncha baxtiyorman.

Shu bilan soʻzimni yakunlayman. Boshqa tafsilotlar haqida boshqa safar aytaman.

Darvoqe, ular haqida mening sheʼr va qoʻshiqlarim ham aytishi mumkin. Qaysiki, ularning barchasini sizga bagʻishlaganman, aziz oʻquvchim!

 

IKKINCHI MAQOLA

 

Men shoir oilasida tugʻildim va erta sheʼr yoza boshladim. Sheʼrlarim silliq va ravon edi. Oʻn toʻrt yoshimda birinchi sheʼrim gazetada chop etildi. Quvonchim cheksiz edi, doʻstlarim ham shodlanishdi. Matbuotda men haqimda yozishdi, maqtashdi. Ammo har bir yozuvchining hasadgoʻylari boʻladi. Ular menda ham paydo boʻlishdi va oʻzi yozmaydi, unga otasi yozib beradi degan mish-mishlar tarqatishdi. Ayrim doʻstlarim taskin berishdi: senga otasi yozib beradi deb aytishyaptimi, demak, yomon yozmayapsan, bundan quvonish kerak. Boshqalari esa chuqur mulohaza bilan shunday deyishdi: bunday deyishlariga sabab, sen otangga oʻxshab yozishga urinayapsan, juda otangga taqlid qilayapsan, boshqacha yozishing kerak. Bitta uyga, hatto Avaristonga bitta Sadasa yetadi. Sen uning soyasi, ilovasi boʻlib qolasan.

Chindan ham oʻsha boshqalar haq ekan. Men buni oʻsha vaqtda tushunmasdim. Otamning va boshqa togʻlik shoirlarning biz yoshlarga taʼsiri juda kuchli edi. Keyinchalik tengdoshlarimning koʻpchiligi yozmay qoʻyishdi. Chunki, ular ham taqlid qilishgandi.

Togʻliklar soʻraydi: dunyodagi eng goʻzal narsa nima? Savolga oʻzlari javob beradi: eng goʻzal narsa – oʻsmir ilk bor dadil mustaqil qadam qoʻygan kun. Eng shirin lahza qaysi? Oʻsha oʻsmir hali hech kim aytmagan yoqimli qoʻshiqni kuylagan kun. Bu dadil qadamsiz va yoqimli qoʻshiqsiz dunyoda yashash zerikarli boʻlardi.

Minskdagi adabiy uchrashuvda shunday savol berishgandi: oʻn olti yoshingizda shoir boʻlishni orzu qilganmisiz? Men javob berdim: shoir boʻlishni orzu qilolmasdim, oʻsha vaqtda shoir ekanimga imonim komil edi. Shoirligimga keyin shubhalana boshladim. Yillar oʻtgan sayin bu bejiz emasligini tushuna bordim. Axir, men oʻn olti yoshimda maktabda oʻqituvchilik qilardim va hali oʻzim oʻqishim kerakligi xayolimga kelmasdi. Keyin teatrda, gazetada, radioda ishladim, u joy, bu joydagi adabiy uchrashuvlarda sheʼrlarimni oʻqidim. U joyda birinchi sheʼrimni maqtashdi, ikkinchi sheʼrimni tanqid qilishdi. Bu joyda oʻsha ikkinchi sheʼrimni maqtashdi, birinchisini tanqid qilishdi. Men birinchi sheʼrimni ham, ikkinchi sheʼrimni ham maqtaganlarning soʻzlarini maroq bilan tingladim, lekin u joyda ham, bu joyda ham sheʼrimni tanqid qilganlarning fikriga qoʻshila olmadim.

Oʻsha vaqtda men juda qadrlaydigan bir kishi bor edi, aynan uning sheʼrlarimga eʼtibor berishini istardim. Oʻylardimki, faqat u meni tushunadi va sheʼrlarimga xolis baho beradi. Bu kishi Effendi Kapiyev edi.

Men zamonaviy milliy yozuvchi qiyofasi haqida oʻylaganimda, koʻz oldimda Effendi Kapiyev gavdalanardi. U oz sonli lak xalqining farzandi edi, jahon madaniy merosini qadrlashi bilan bir qatorda jonajon togʻlarining alla-qoʻshiqlarini qalbida avaylab saqlardi. Ehtimol, shuning uchun togʻliklar bayramiga oʻzining dogʻistoncha kiyimini kiyib borardi. Birinchi bor uni shunday kiyimda koʻrganman. Qolgan vaqtda yevropacha kostyum kiyardi, bu ham unga juda yarashardi. Xullas, unda hamma narsa uygʻun va bekami koʻst edi.

U yuz qiyofamdanmi yoki boshqa biron sababdanmi menga eʼtibor qaratishi lozimligini sezgan shekilli, bir kuni menday yosh shoirni koʻchada toʻxtatdi. Oʻzining qadrdon doʻsti bastakor va rassom Yunusalining uyiga birga borishni taklif etdi. Bu uyda shoirlar navbat bilan sheʼrlarini oʻqishdi. Oxirrogʻida menga ham navbat berishdi. Men rus tiliga oʻgirilgan bir necha sheʼrimni oʻqidim. Kapiyevni hayajonlantira olmadim. Birinchisi, ikkinchisi, uchinchisini oʻqisam ham yuz qiyofasi oʻzgarmadi. Sheʼrlarimni berilib tinglayotganlardan biri chidab turolmasdan Kapiyevdan soʻradi:

– Qanday?

– Chakki emas.

– Avar tilida bundan ham yaxshi jaranglaydi.

– Ehtimol, – dedi Effendi, – ammo hozir boshqa davr, boshqacha sheʼrlar, boshqacha shoirlar kerak. Rasul, sen Moskvaga borib oʻqishing kerak ekan.

Bu gapni togʻliklar sheʼriyatining jonkuyar targʻibotchisi, “Yigirmanchi asr Gomeri” – yozishni bilmaydigan Sulaymon Stalskiyning tarjimoni aytayotgandi. Axir, Sulaymon Moskvada oʻqimagan-ku?

Effendi Mansurovich bu savolga javob berar ekan, jumladan shunday degandi:

– Sulaymon oʻlimidan bir yil oldin meni huzuriga chaqirdi va oʻzi uzoq yillar chalgan chungurini sovgʻa qildi. Ishoninglar, menda undan boshqa qimmatliroq boylik yoʻq. Men unda chalmayapman, chunki men Sulaymon emasman, Effendi Kapiyevman, mening oʻz chungurim boʻlishi kerak. Har bir ijodkorning bahori, yoki kuzi, yoki davri qulogʻiga shivirlab aytgan oʻz qoʻshigʻi boʻlishi darkor.

Bu suhbatdan keyin ikki yil oʻtib, men Moskvadagi Adabiyot institutiga oʻqishga bordim. Bitta yertoʻladagi yotoqxonada oʻn olti shoir yashardi. Bitta oʻquv xonasida oʻn olti nafar orzulari osmon shoir tahsil olardi. Biz Tver xiyobonida navbatma-navbat sheʼrlarimizni oʻqirdik. Shundoq yonimizda Pushkin haykali turgani uchunmi sheʼrlarimiz unchalik jaranglamasdi. Bir kuni men ham oʻz sheʼrlarimni oʻqishga tushdim, ular tengdoshlarimga yoqdi deya olmayman. Adabiyot institutida oʻqigan davrimda har xil taʼsirga tushib va har kimning maslahatiga kirib oʻzligimdan boshqacha sheʼrlar yoza boshladim. Istardimki, Moskva meni tushunsin va sheʼrlarimni chop etsin, ovul bilan esa keyinchalik til topishib olaveraman. Sheʼriyatdagi bu koʻzboʻyamachiligimni oʻzimcha yangi yoʻl deb baholadim va tanbeh bergan yurtdoshlarimga “Siz meni keyinchalik tushunasiz” dedim. Ovul uzoqda, otam togʻda yashardi, oʻzimni “erkin” his qilib, xayollarimga juda erk berib yuborgandim.

Bunday odamlar haqida shunday deyishadi: “Uning paytavasiga qurt tushgan”.

Ilgari men togʻlik shoirlarga taqlid qilgan boʻlsam, endi rus shoirlariga taqlid qila boshladim. Ular holatiga xos turishga harakat qildim.

Bir safar darsda insho yozdik. Men rus tilini yaxshi bilmaganim va rus oʻrtoqlarim xatosiz yozadi deb oʻylaganim uchun yaqin shoir doʻstimning inshosini toʻliq koʻchirdim. Oʻqituvchimiz insholarimizni tekshirganda doʻstimning inshosida oltmishdan ortiq xato borligini aytdi. Albatta, mening inshoimda undan ham koʻproq.

Yoki boshqa bir misol. Qadimiy rus adabiyotidan keksa professor dars berardi. Oʻz-oʻzidan ayon, men togʻlik boʻlganim uchun bu fanni yaxshi bilmasdim. Shu bois imtihonga “kechikdim” va togʻda boʻlganim, u yerda qor koʻchkisiga uchraganim uchun vaqtida imtihonga kelmaganim haqida “ertak” toʻqidim. Professor istisno tariqasida mendan alohida, telefon orqali imtihon oladigan boʻldi. Men professor uyiga telefon qildim. U uchta savol berdi va javob tayyor boʻlganda telefon qilishimni aytdi. Qisqa vaqt ichida birga oʻqiydigan doʻstlarim savollar javobini tayyorlab berishdi va men imtihonni topshirdim. Javoblarimni tinglab boʻlgach, professor telefon goʻshagini kotibaga berishimni aytdi. Maʼlum boʻldiki, “toʻrt” baho qoʻyibdi. Bunday bahodan ruhlanib ketdim va professor olijanob ekanligini bilganim uchun qaytadan unga qoʻngʻiroq qildim. “Men juda xafa boʻldim, – dedim professorga. – Siz menga toʻrt baho qoʻyibsiz. Axir, men bu fanni yaxshiroq bilaman”. “Azizim, – dedi professor, – ehtimol, siz haqdirsiz”. Telefon goʻshagini kotibaga uzatdim, “besh” baho qoʻyganini aytibdi va shu bilan birga qoʻshimcha qilibdi: bu kavkazlik yosh yigit juda ranjigan koʻrinadi, biz unga iltifot koʻrsataylik.

Bu ikki voqeani oʻsha davrda yozgan narsalarimni yoki hozirgi kundagi qaysidir millatga mansub shoirlarning ijodini oʻqiyotganimda esga olaman. Qaysiki, bu ijod namunalari menga oʻzgadan koʻchirgan, xatolarga toʻla oʻsha inshoimni va “telefon” orqali doʻstlarim yordamida topshirgan imtihonni esga soladi. Baʼzi bir tanqidchilar ularni baholaganda professorga oʻxshab oʻta iltifot koʻrsatishadi.

Haqiqiy ijodkor esa oʻziga koʻrsatilgan har qanday iltifotni haqorat deb biladi. Chunki barchamizga maʼlum, geologlar baʼzan kichkina togʻ ostidan qimmatbaho oltin konini topishadi. Demakki, oz sonli xalqning ijodkori mayda fikrlaydi deb boʻlmaydi. Xalq tiklanishining belgilaridan biri madaniyatining tiklanishi, gullab-yashnashidir. Mamlakatimizda ana shunday jarayon davom etmoqda. Menimcha baʼzilar bu jarayon murakkab va rang-barang koʻrinishda borayotganini ilgʻab ololmayapti. Negaki, har qanday rivojlanishda boʻlgani kabi unda ham oʻziga xos quvonch-tashvishlar, oʻziga xos muammo va qiyinchiliklar bor.

Rivojlanishdagi bu qiyinchiliklar, ilgariga shiddat bilan intilayotgan hayot oqimi bularni ilgʻamayotgan shoirlarni bir chetda qoldirib ketishi mumkin. Shu jumladan, oʻzlarini sheʼriyat anʼanalariga “zanjirlab bogʻlab olgan”larni ham, aqidalariga yopishib olib sustkashlik bilan yengilini oʻzlashtirayotganlarni ham, ijodda qotib qolganlarni ham. Ular oʻzlaricha mustaqil bitta ham qadam tashlay olishmaydi. Hayotda bu toifalarning tamomila aksi ham uchraydi. Ular shoshma-shosharlik bilan hamma joyga burun suqishadi. Bu shoshqaloqlarga oldinda kim ketayotganining, yonida kim qadam tashlayotganining farqi yoʻq. Vaholanki, oʻylamasdan, yoʻlga qaramasdan qilingan shoshqaloqlik falokat bilan yakunlanadi.

Ayrimlarining sheʼrlari hijobda, boshqalarniki holiga yarasha. Baʼzilarniki “qip-yalangʻoch”. Maʼlumki, sheʼr onang va singling oldida, ovulda, Moskvada, hamma joyda, hammaga uyalmasdan oʻqiy oladigan boʻlishi kerak.

Oʻlkalarda yashayotgan yosh shoirlar Moskvada oʻqishga, mamlakat va jahon ijodiy hayotining markazida boʻlishga intilishadi. Toʻgʻri, qanotingni qancha keng yozsang oldinda shuncha kenglik paydo boʻladi. Ammo shu kenglikdagi qaynoq hayot ichida oʻzligingni yoʻqotib qoʻyishing ham mumkin.

Shunday shoirlar bor, tirik boʻlsa ham bedarak yoʻqolishgan. Ular bir narsaga erishish ilinjida oʻz xalqining taʼsirchan, badiiy ifoda etish anʼanalarini unutishgan. Men shunday ijodkorlarni bilaman, ular sheʼr yozish oʻrniga soʻzma-soʻz tarjimasini yozib, uni ona tiliga oʻgirib berishlarini soʻrashadi. Ular uchun tugʻilgan yurti misoli teatr sahnasi, qaysiki, istalgan dekoratsiyani oʻrnatsa boʻladi. Ular oʻz xalqining feʼl-atvori va urf-odatlarida faqat gʻalatilikni koʻradi. Oʻz sheʼriyati zaminidan uzilib, notanish adabiyot oʻlkasida yoʻl izlaganlar, xuddi qamalda qolgan askarlarga oʻxshashadi. Juda ozchilikka bu “qamal”dan omon chiqish nasib etadi. Bu holatga koʻnikkanlar oʻzlarini erkin ijodkor deb bilib, toʻgʻri kelgan musiqaga oʻynay boshlaydi. Bular shunday oʻyinchilarki, bugun lezginkani, ertaga moldavankani, indiniga nimani soʻrashsa shuni oʻynaydi. Ammo shoir artist ham, oʻyinchi ham emas. Unda biror voqeaga bagʻishlab olib qoʻyilgan tabassum boʻlmaydi. Shuningdek, tomoshabinlar oldida atay yigʻlash uchun koʻz yosh ham asramaydi. Bunday boʻlishi mumkin emas! Afsuski, ayrim sheʼrlarda “rejalashtirilgan” tabassum va “rejalashtirilgan” koʻz yoshlarni koʻrayapmiz…

Oʻzi tugʻilgan zamindan, yurtdan kuch olmagan sheʼriyat misoli uyasiz qush. Men shunday shoirlarni ham bilaman, ularning sheʼrlari chumchuqlar kabi esdan chiqdi, halok boʻldi. Chunki ular bu “chumchuq”larini yerga qoʻnishga qoʻymay tinmay uchirishdi, oxir-oqibat, halok boʻlib qulab tushishdi.

Moskvada talabalik davrimda men ham qadrdon zaminimdan, jonajon togʻlarimdan uzilgandim. Oʻsha davrda koʻplab sheʼr va dostonlar yozib, gazeta-jurnallarga peshma-pesh yetkazib turdim, alohida kitob ham chiqardim. Bu kitob haqida ijobiy taqriz ham bosildi. Maqtovlarga mahliyo boʻlib, mening sheʼrlarim togʻliklar sheʼriyatining yangi yoʻnalishi deyishgacha bordim. Oʻzimni allalab ulgʻaytirgan milliy kuy-qoʻshiqlarni qadrlay olmadim, ashug (baxshi)lar ijodiga shubha bilan, hatto Mahmud sheʼriyatiga tanqidiy koʻz bilan qaray boshladim.

Ilgari hasadgoʻylarim unga otasi sheʼr yozib beradi deyishgan boʻlsa, endi ular u otasini ham tanimay qoldi, sheʼrlarini faqat tarjimada oʻqish mumkin deya jar solishdi. Bu gaplar yuragimga ilgariga nisbatan koʻproq botdi. Bu mening noziktabiat boʻlganim uchun emas, balki ularda qandaydir jiddiy asos bor edi va ularga eʼtibor bermasdan oʻtib boʻlmasdi. Gap-soʻzlar miyamda taxminan shunday fikr uygʻotdi:

“Taras Bulba” asarida keksa Taras sotqin oʻgʻliga shunday deydi: “Men seni dunyoga keltirdim, endi oʻzim seni dunyodan yoʻqotaman”. Nima, bizning sheʼriyatimizda shunday oʻgʻillar paydo boʻldimi, otalariga qarab “Siz bizni dunyoga keltirdingiz, endi biz sizni dunyodan yoʻqotamiz” deydigan? Toʻgʻri, keksa Tarasning oʻgʻlini shafqatsiz jazolashiga jiddiy asosi bor edi. Nima, sheʼriyatga dahldor yoshlarimizning otalari bilan vorislik rishtalarini uzishga va yetim boʻlib qolishga asoslari bormi? Bu yerda gap faqat sheʼrlar(yaxshi-yomonligi) haqida ketmayapti. Juda oddiy koʻringan gina-kuduratlar ortida jiddiy muammolar turibdi: anʼanaviylik va yangilik, milliylik va baynalminallik.

Aslida, oʻz davri bilan qadam tashlayotgan, xalqi hayoti bilan hamnafas yashayotgan ijodkorlar uchun bunday muammo yoʻq. Ular bunga yoʻgʻrilib ketgan, misoli bir butun organizmday. Ammo shunday toifa odamlarni uchratayapmizki, ular ayrim hollarda voqea va dalillarni oʻz bilganlaricha talqin qilishadi va xulosa chiqarishda shoshilishadi. Bizning Dogʻistonimizda bir vaqtlar ovullar, ajdodlar, urf-odatlar, togʻdagi daryo va gʻorlar haqida yozgan shoirlarni maydakash, urf-odatga berilgan, bir millatga mansub shoir deb atashardi. Ular oʻz ovulidan narini koʻra olmaydigan shoirlar toifasiga kiritilardi. Aksincha, kimdir olis-olisdagi mamlakatlar haqida yozib qolsa bormi, shuning oʻzi uni keng dunyoqarashli, qamrovi katta, baynalminal va ilgʻor ijodkor deyishlari uchun yetarli edi. Har bir fikrni soxtalashtiruvchilar konsolidatsiya niqobi ostida Dogʻiston Yozuvchilar uyushmasidagi milliy tillar boʻlimlarini bittaga keltirishni, Dogʻiston umummilliy teatrini tashkil etishni, milliy tillarda chiqayotgan gazetalarni birlashtirishni taklif qilishdi. Ular hozirgacha Dogʻistonga koʻp tillilik va koʻp millatlilik rivojlanishga xalaqit berayapti deb ayyuhannos solishayapti. Goʻyo shoxlarini kesib tashlagan daraxt chiroyli boʻlib qoladiganday, jozibali kamalakni bitta rangga keltirishsa yorqin nur taratadiganday.

Odamlarni faqat til emas, yurak ham bir-biriga yaqinlashtiradi. Bizning avar tilida dunyoda uch yuz ming odamgina gaplashadi. Lekin dunyoda mening yurak tuygʻularimni tushunadigan millionlab doʻstlarim bor, ular ham menga yurtdosh.

Shunday gap-soʻzlar ham boʻlgan: shoirlarning sevgi haqidagi sheʼrlarini ikki nusxada chop etish kerak, ular ikki yurakka – oshiq va maʼshuqqa tegishli. Lekin azaldan sevgi haqidagi qoʻshiqlar kuylanadi, chunki bu muqaddas tuygʻu millionlab yuraklarga yaqin.

Esimda, bir dogʻistonlik shoir nashriyotga “Mening ovulim” deb nomlangan qoʻlyozmasini olib boribdi. Nashriyot direktori undan soʻrabdi:

– Ovulingizda nechta xonadon bor?

– Yetmishta, – debdi shoir.

– Biz buncha nusxada kitob chop eta olmaymiz.

Men bu direktorning javobi qanchalik toʻgʻri-notoʻgʻriligini muhokama qilmoqchi emasman, faqat millionlab odamlarga ovul, qishloq yoki shaharda yashayotgan odamlarning hayoti yaqin va qiziq ekanligini aytmoqchiman. Odamlar bir-birlarining quvonch-tashvishlari, fikr-oʻylari toʻgʻrisida bilishni istashadi. Bu ularga taʼsir etib, maʼnaviy dunyosini boyitishga xizmat qiladi.

Mamlakatda madaniy aloqalar mustahkamlanmoqda. Demakki, togʻliklar vatani ham kengayib bormoqda. Endi u nafaqat ovulga, mamlakatga, hattoki dunyoga javobgar. Axir, qayerda chaqmoq chaqmasin, doʻl shoirlarning boshiga yogʻadi. Endi ijodkorning asari faqat u dunyoga kelgan yurtga tegishli emas. Keyingi yillarda ayrim olimlarning u yoki bu ijodkorning qaysi xalqqa mansubligiga oid bahslariga guvoh boʻlayapman. Birlari uning tarjimai holini dalil qilib koʻrsatishsa, boshqalari ijodidan misol keltirishadi. Bu masalada aniq fikr bildirishga vakolatli emasman, lekin tarjimai holi alohida, ijodi alohida, oʻzi alohida ketayotgan shoir mening tasavvurimga hech sigʻmaydi. Shuningdek, men rus shoirini rus tilisiz, avar shoirini avar tilisiz tasavvur qila olmayman.

Chinakam milliy shoir dunyoqarashi, idroki va fikrlashi bilan oʻz davrining, oʻz asrining, oʻz mamlakatining shoiri boʻlishi kerak. Bizning dunyoqarashimiz bitta xalqning manfaatini ustun qilib, boshqa xalqning manfaatini poymol etishi mumkin emas. Chunki millatlarning turmush tarzi, tili, madaniyati bir-birlarini boyitadi. Har bir xalqda jahon taraqqiyotiga hissa qoʻshish imkoniyati mavjud. Umumiy madaniyatning rivojlanishi har bir millat rivojlanishiga turtki beradi. Bitta qoʻshiq boshqa qoʻshiqning taralishiga xalaqit qilmaydi. Biz yangi qoʻshiqlar kuylayapmiz, lekin qadimiy qoʻshiqlardan – beshik uzra eshitgan allalardan tonmoqchi emasmiz. Bolalar oqsoqol bobolarining ertaklarini maroq bilan tinglashayapti, uzoq safarga otlangan oʻsmirlarni keksalar duo qilib, oq yoʻl tilashayapti.

Bizda fiziklar va liriklar toʻgʻrisida koʻp gapirishadi. Men ular oʻrtasida ajib oʻxshashliklar borligini koʻraman. Chunki unisi ham, bunisi ham insoniyat taraqqiyotiga hissa qoʻshadi. Ammo fiziklarning formulalari, kashfiyot va ixtirolari liriklardan farqli ravishda milliy asosda boʻlavermaydi. Fizika, kimyo, kibernetikaga oid kitoblarni oʻqiganda, ularning muallifi qaysi xalqqa mansubligi sezilmaydi. Agar badiiy asarlarni oʻqiganda shunday holni boshdan kechirsangiz, bu juda achinarli albatta. Xuddi shuningdek, biror ijodkorning asarini oʻzi tugʻilgan joydagina bilishsa, bundan boshqasiga uning ovozi yetmasa – bu ham afsuslanarli hol.

Mening bilishimcha, agar shoir oʻz shaxsiy tuygʻularini toʻgʻri ifodalay olsa, u umuminsoniyatga ham tegishli boʻladi. Agar u qulochi yetmaydigan narsani quchmoqchi boʻlsa, tuygʻulari oʻzi koʻtara olmaydigan toshning ostida qolib ketadi. Bunday qalamkashlarning mashqlarida umumiy fikrlar, oʻylab topilgan shartli ifodalar, soʻzlar ketma-ketligi boʻladi, xolos. Mening bilishimcha, chinakam milliy asar shabnamda quyosh aks etgani kabi baynalmilallikni ham ifodalaydi. Hammasi ijodkorning nuqtai nazariga, mavzuga chuqur yondashganiga, tuygʻularining kuchiga, mahoratiga bogʻliq. Baʼzan shunday ham boʻladi: ijodkor biror uzoqroq mamlakatga borsa, safar taassurotlari asosida turkum sheʼrlar yoki sayohatnoma bitadi, uni adabiyoshunoslar baynalmilallik va xalqlar doʻstligining yuqori choʻqqisi deya baholashga urinishadi. Aksincha, shoir oʻz mavzusiga sodiq qolib jonajon xalqi va oʻlkasi haqida haqqoniy sheʼrlar bitsa ham, uni hayotdan orqada qolgan, zamon ruhini sezmaydigan, dunyoda boshqa mamlakatlar borligini bilmaydiganga chiqarib qoʻyuvchilar ham topiladi. Shunday shoirlar bor, ular uchun muhimi – voqea, ifodalash vositasi, kuzatish. Shunday shoirlar ham bor, ular uchun muhimi – mantiqiy qurilish va fikrlash. Chinakam sheʼriyat esa shu ikkalasi uygʻunlashgan vaqtda tugʻiladi.

Agar sheʼriyat boʻlmasa, donishmandlik boshlanadi, donishmandlik ham tugasa aqidaparastlik – vaysaqilik boshlanadi. Hozir har bir ovul, har bitta qishloq dunyo bilan bogʻlangan. Shuning uchun yurtdosh shoirlarim ijodidagi inson, ovul, millat haqidagi, demakki, butun dunyo haqidagi sheʼrlar menga koʻproq yoqadi. Chinakam milliy shoirlar har doim baynalmilaldir, ular hech qachon boshqa millatni kamsitmagan, aksincha boshqa millatlarga qalban yaqin boʻlgan. Oʻz xalqing haqida, unga mansubliging haqida yozish bu yurtingning qargʻasini bulbul, oʻzgalarning bulbulini qargʻa, yoki oʻzingning eshagingni tulpordan uchqur, oʻzgalarning tulporlarini eshak deb atash degani emas. Adabiyotning asosiy gʻoyasi ham, zamonga hamnafaslik ham, dunyoda roʻy berayotgan voqealarga bogʻliqligimiz ham shunda. Qirgʻiz yozuvchisi Chingiz Aytmatov haqidagi bahslarni yaxshi eslayman. Oʻsha vaqtda oʻz yurtida shunday odamlar ham topildi, uni yurtdosh deb atamaydigan. Hatto uni qirgʻizlarga xiyonat qildi deyishgacha borishdi. Endilikda hammamizga maʼlum, Chingiz Aytmatov adabiyotdagi voqea! U qotib qolgan anʼana va belgilab qoʻyilgan qoliplardan voz kechib, inqilobiy oʻzgarish yasaganini, bu dadil qadam boʻlganini endi hamma tan oldi.

Oʻzimning dastlabki kitoblarimni varaqlayman: “Togʻlar qoʻshigʻi”, “Tugʻilgan yilim”, “Mening qalbim togʻlarda”, “Togʻliklar vatani”, “Togʻlik qiz”… Ularda men xalqimizning merosi haqida soʻzlaganman. Bular Dingʻir va Doʻlalay, Sada va Gunib, Qaysu va Kaspiyim.

Ha, bu kitoblarimni varaqlagan oʻquvchi mening qayerdan ekanligimni, ota-onam kimligini, nimani yaxshi koʻrishimni va nimani yomon koʻrishimni, nimani yoqlashimni va nimadan yuz burishimni bilishini istadim.

Oʻz sheʼriyatimning yoshligiga(aytishlaricha, odamning ikkita bolalik davri va bitta yoshlik davri boʻlar ekan) “Yuksak yulduzlar”, “Yulduzlar soʻzlashar yulduzlar bilan”, “Mulatka”, “Chegara” kabi kitoblarim mansub deb oʻylayman. Ularda men nimani meros qilib olganim va nimaga erishganim toʻgʻrisida soʻzlaganman. “Turnalar” va “Doʻstlarni asrang” kitoblarim esa mening izlanishlarim, uchrashuv va ayriliqlarim, yoʻqotish va topildiqlarim mevasi. Bu kitoblarda zamin chegarasi, sevgi va mardlik, ezgulik va yovuzlik, hayot va oʻlim chegaralari toʻgʻrisida soʻz yuritganman.

Dunyoning koʻplab mamlakatlarida boʻlganman. Yevropa, Osiyo, Amerika va Afrikaning qishloq-shaharlarini kezganman. Har xil xalqlarni va har xil odamlarni koʻrdim, har xil tildagi qoʻshiqlarni eshitdim. Har doim yuragimda bir istak uygʻondi – bu mamlakatlar boshqa mamlakatlar bilan xuddi “yulduzlar yulduzlar bilan soʻzlashganday” soʻzlashishini, odamlar bir-birlariga xuddi yulduzlar kabi nur va mehr taratishini orzu qildim.

Sayyoramizning turfa ranglarda tovlanishini oʻz koʻzlarim bilan koʻrganman. Shu bois “Mulatka” kitobini yozganda faqat ayolni nazarda tutmaganman, balki bu ona sayyoramizga bagʻishlangan qoʻshigʻim edi.

Kitoblarimni qayta-qayta varaqlayman. Mana bu sheʼriyatimning ikkinchi bolaligi – mening qaytishim, qaysiki, ulgʻaygan kishining alla bilan uchrashuvi. Bu menga berilgan meros, uni qanday saqlay oldim, unga nimalarni qoʻshdim. Bu “Yillar shodasi”, “Ikki roʻmol”, “Bitiklar”, “Mening Dogʻistonim” kitoblari. Bu ilgarigilarning takrori emas, boʻlgan voqealarga, yodda saqlangan va yodda umrbod saqlanib qoladigan kunlarga yangicha yondashish, ziyrak koʻz bilan qaytadan qarash. Men oxirgi kitobimning nomini “Bolalik” deb nomladim. Chunki shoirlarga keksayish begona.

 

UCHINCHI MAQOLA

Yoshlikni, oʻtgan yillarni eslash keksalarga xos xususiyat. Bizda togʻlik yoshlar bu haqda gapirishmaydi, albatta, ular hushyor boʻlsa. Chindan ham oʻtgan kunni qanday baholash mumkin, agar hali quyosh charaqlab turgan boʻlsa? Qanday qilib qish kunlari tugadi deyish mumkin, agar hali qor lopillab yogʻib turgan boʻlsa? Qanday qilib bahor haqida xulosa chiqarish mumkin, agar hali avji bahor boʻlsa? Shoir har doim yoʻlda, kechani kecha, kunduzni kunduz demay doim harakatda. Orqamda bosib oʻtgan yoʻllarimga nazar tashlashim uchun bir muddat boʻlsa ham otimni yoʻlning oʻrtasida toʻxtatishim kerak.

Togʻliklar har qanday qoʻshiqni aytishdan avval musiqa chalishadi. Xuddi shunday men ham hikoyamni bolaligim haqida soʻzlashdan boshlayman.

Yoʻlovchi ham birinchi navbatda oʻzi ot egarlagan hovlini esga olganday, men ham hikoyamni oʻzim tugʻilgan uyni eslashdan boshlayman. Bizning Sada qishlogʻimiz shaharcha deb nomlangan. Holbuki, unda yetmishta xonadon bor. “Sada” soʻzi “olovda” maʼnosini anglatadi. Bizda erta quyosh chiqadi va uzoq vaqt charaqlab turadi. Ehtimol, shuning uchun biz: Sadada qor muzga, yomgʻir botqoqqa aylanmaydi, deymiz.

Xonamning derazasi Xunzax yoʻli tomonga qaragan. Nariroqda xuddi boʻrk kiygan bolalar tom ustida toʻyni tomosha qilgani kabi togʻlar ustidagi qoyalar ovul tomonga qarab turibdi. Ovuldoshlarim qayta-qayta taʼkidlaganidek: “Agar toshni eng arzon narxda sotish mumkin boʻlsaydi, dunyoda biz sadaliklardan boy odamlar boʻlmasdi”. Qoyalarda osilib turgan toshlar xuddi boshingizga qulab tushishga, gʻorlar ogʻzini ochib turgan boʻri kabi yutib yuborishga tayyorday tuyuladi. O, mening togʻlarimning toshlari! Ular arab bosqini davrida avarlarni mustahkam qalʼa kabi himoya qildi. Ular Eron shohi Nodirshohning yoʻliga toʻsiq boʻldi. Ular Dogʻistonning birinchi imomi Qozimullaning chaqirigʻiga aks sado berdi. Ular ikkinchi imom Hamzatni ham koʻrgan va afsonaviy Hojimurodning oʻlimi uchun Xunzax xoni boshiga qasos toshlari boʻlib yogʻilgan.

Qoʻshni ovuldagilar barcha maqol, matal va latifalar Sada ovulida toʻqilgan deyishadi. Xuddi shu ovulda mening otam, Dogʻiston xalq shoiri Hamzat Sadasa tugʻildi va yashab oʻtdi. Men uning oilasida toʻrtinchi farzand, uchinchi oʻgʻil boʻlib dunyoga keldim. Bu 1923 yil 8 sentyabrda roʻy bergan. Ikkala akam ham Ikkinchi jahon urushi janglarida halok boʻldi. 1951 yilning iyun oyida 74 yoshli otamdan ayrildim. Endi men oilada boʻrk kiyganlar orasida eng kattasiman.

Bolalik vaqtimda otam meni tizzasiga oʻtqizib, poʻstini bilan oʻrardi va oʻz sheʼrlaridan oʻqirdi. Shuning uchun men otamning sheʼrlarini belimga kamar taqmasdan va otni egarlamasdan avvalroq yoddan bilardim. Qoʻshnilarimiz, maktabdagi oʻqituvchilarim otamning hali chop etilmagan sheʼrlardan oʻqib berishimni soʻrashardi. Men otam sheʼrlarini ularga hayajon bilan oʻqirdim.

 

Keyin men shoirning oʻrtancha oʻgʻli,

Oʻzim ham havasda sheʼrlar toʻqidim…

 

Birinchi sheʼrimni yozganimda oʻn bir yoshda edim. Oʻshanda tomning ustiga yozilgan hoʻkiz terisi ustida yotib, birinchi bor Sada tekisligiga 1934 yilda qoʻngan samolyotni koʻrish uchun hatto sunnatga yotqizilgan bolalarning chopib chiqqani toʻgʻrisida yozgandim. Keyin maktabim, oʻrtoqlarim, oʻqituvchilarim toʻgʻrisida yoza boshladim. Maktabim unga sheʼr bagʻishlashim uchun yetarli mavzu berardi. Chunki maktab ovulimizdan shundoq koʻrinib turadigan Xunzax qalʼasida joylashgandi va bu qalʼa yuzlab yillar gʻanimlarning oʻq va snaryadlariga dosh bergandi.

1940 yilda Boʻynoq shahridagi pedagogika bilim yurtini tugatib, shu maktabga yana qaytdim, faqat oʻqituvchi boʻlib. Hozir bu yetti yillik maktab umumiy oʻrta taʼlim maktabiga aylangan va u otam nomi bilan ataladi.

Yettinchi sinfda oʻqiyotgan vaqtimda respublika gazetasida birinchi sheʼrim chop etildi va unga avar yozuvchisi Rajab Dinmagomedov oʻz munosabatini bildirib, ayrim satrlarining puxta ekanligini taʼkidladi. Oʻshandan keyin sheʼrlarim Xunzax tumani, Boʻynoq shahri va respublika gazetalarida chiqdi. Sheʼrlarimga “Sadasa” taxallusi bilan imzo chekardim. Bir kuni mening sheʼr yozishimdan bexabar togʻlik adabiyot muxlisi shunday dedi: “Menga qara uka, otangga nima boʻldi? Ilgari sheʼrlarini bir oʻqishda yodlab olardim. Hozir qancha oʻqisam ham sira tushunmayapman”. Oʻshandan keyin otamning ismini familiya qildim va sheʼrlarimga Rasul Hamzatov deb imzo qoʻydim.

Matbuotda qancha sheʼrlarim chiqmasin, odamlar meni shoir Rasul Hamzatov sifatida emas, Hamzat Sadasaning oʻgʻli sifatida qabul qilishardi. Otam sheʼriyat sanʼatidagi birinchi ustozim edi. U mening dastlabki sheʼrlarimni oʻqib shunday degandi: “Agar bu kulni otashkurak bilan yaxshilab titilsa, bitta oʻchoqda oʻt oldirish uchun kichkina choʻgʻni topsa boʻladi”.

Ha, dastlabki sheʼrlarimda soʻzlar koʻproq, fikr kamroq edi. Tovoqdagi bir siqim unga bir koʻza suv quyib, undan xamir tayyorlashga urinayotganim oʻzimga ham sezila boshladi. Qani oʻsha dastlabki mashqlarim? Ular daryoga yetmagan jilgʻalar kabi quridi. Men daryoga yetguncha, yiqilishdan qoʻrqqanimda qoyatoshlarga suyangancha oʻsha jilgʻalarday qancha yurdim? Bari bir, tan olishim kerak, oʻzim oʻsha vaqtda sheʼrlarimni yaxshi yozilgan deb oʻylardim. Lekin oʻzimga barcha kitoblarim aziz, hatto boʻsh toʻplamim ham. Negaki, u birinchi kitobim! U kitobni “Otashin sevgi va yondiruvchi gʻazab” deb nomlagandim. Qanday unutishim mumkin, bu kitobni oʻqib chiqqan togʻlik qiz menga maktub yoʻllaganini? Qanday unutishim mumkin, qishki qoʻton yonida choʻpon shu kitobim varagʻini tamakiga oʻralma qilganda ranjiganimni? Qanday unutishim mumkin, otam oldida oʻzimni oqlash uchun butunlay boshqa sabab bilan oʻsha choʻpon avlod-ajdodining nomini tuproqqa qorganimni? Bu 1943 yilda boʻlgandi, u vaqtda soqolimni har kun qirtishlardim, namoyishkorona tamaki chekardim va har kuni qizlarni sevib qolardim.

Bu vaqtda turli joylarda ishlashga ulgurdim: koʻchma avar teatrida rejissyor yordamchisi boʻldim, biz ovulma-ovul yurib tomosha koʻrsatardik, respublika gazetasida muxbirlik qildim, radioda ham oʻzimni sinab koʻrdim.

Oʻsha davrda dogʻistonlik Ikkinchi jahon urushi Qahramoni Saad Aliyevga bagʻishlab doston yozgandim. Shoʻrlik dostonim avar yozuvchisi Gadji Zalov qoʻliga tushibdi va u yaxshilab doʻpposlabdi. Men ham qarzdor boʻlib qolmadim, uning “Jang soati” kitobini avra-astarini chiqarib tanqid qildim. Vaqt ikkimiz ham haq ekanligimizni koʻrsatdi.

Oʻzimning bir necha kitobim va Ilya Selvinskiy rus tiliga oʻgirgan “Krasnodon bolalari” dostonimni qoʻltigʻimga qisib, choʻntagimga Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligi guvohnomasi va ozgina pulni solib Moskvaga, Adabiyot institutiga oʻqishga kirish uchun yoʻl oldim. Agar rostini aytadigan boʻlsam, institutga kirish ishtiyoqidan koʻra Moskvani koʻrish ishtiyoqi baland edi. Shaharni koʻraman va qaytaman deb oʻylagandim. Ammo Adabiyot instituti direktori Fyodor Vasilyevich Gladkov rus tilini bilmasligimni koʻrib tursa ham, men yozgan diktant qizil qalam bilan rosa boʻyalgan boʻlsa ham, familiyamni oʻqishga kirganlar qatoriga yozdi. Shuning uchun bu bagʻrikeng insondan hamisha minnatdorman. Endigina tashakkurimni unga yozma ravishda izhor qilayapman.

Moskva va Adabiyot instituti menga ruchkani qanday ushlashni oʻrgatdi, oq qogʻoz uzra egilib oʻtirib yozishni oʻrgatdi, jumla ustida fikr-mulohaza yuritishni oʻrgatdi, muqaddas tuygʻularni sevishni va qadrlashni oʻrgatdi, oʻz ijodimdan qoniqmaslikni va har bir soʻz ustida oʻylashni oʻrgatdi.

Moskva va Adabiyot instituti menga sheʼriyatning koʻz ilgʻamas sirlarini ochdi. Aynan oʻsha davrda tushundim: yaxshilab tozalangan uch tiyinlik chaqani oltin deb oʻylab yurganimni. Men navbatma-navbat turli shoirlarga – Blokka, Mayakovskiyga, Yeseninga, Pasternakka, Svetayevaga, Bagritskiyga, avar Mahmudga, nemis Geynega ixlos qoʻydim. Lekin Pushkin, Lermontov, Nekrasovga boʻlgan ixlosim hech qachon oʻzgarmadi.

Men rus adabiyotining goʻzal namunalari jozibasini bolaligimdayoq his qilgandim. Otam maktabda oʻqib yurgan vaqtimdayoq Tolstoyning “Hojimurod” asarini ovuldoshlarimga oʻqib berishimni va uni gapma-gap avar tiliga tarjima qilishimni buyurardi. Oqsoqollar asarni tinglar ekan, bunday haqqoniy soʻzlarni odam bolasi yozishi mumkin emas, ularni Allohning oʻzi nozil qilgan boʻlsa kerak, deb bosh chayqab qoʻyishardi. Krilovning masallarini, Chexovning “Xameleon” hikoyasini, otam tarjima qilgan Pushkinning “Qishloq” sheʼrini yoddan oʻqirdim. Keyinchalik oʻzim ixlos qoʻygan Lermontovning sheʼrlarini, Pushkinning “Poltava”sini tarjima qildim. Yeseninning sheʼrlari tarjimasi boʻyicha esa avarlik bitta shoir bilan mushtlashganman ham.

Mening sheʼrlarim toʻgʻrisida yoqimli soʻzlarni yozgan Aleksandr Fadeevning maktubini hamon mehr bilan saqlab kelayapman. Rus shoirlari bilan uchrashuvlar va ular bilan doʻstlik aloqalarini oʻrnatganim, birgalikdagi qizgʻin bahslarimiz menda unutilmas taassurot qoldirdi, beqiyos saboq boʻldi. 1947 yilda rus tilida birinchi kitobim chiqdi.

Men koʻp joylarda boʻlganman. Mamlakatimizda va uning tashqarisida ham koʻplab doʻstlarim borligidan faxrlanaman. Agar taqdir menga qancha doʻstlarim boʻlsa, shuncha umr bersa edi, hatto uzoq yashaydigan odamlar bilan mashhur Dogʻistonda ham mendan uzoqroq umr koʻrgan odam topilmasdi.

Agar nafis avar sheʼriyatiga uchta kichkina choʻgʻ qoʻsha olgan boʻlsam va ular uchta oʻchoqda oʻtni yondirsa, buning uchun avvalo Moskvadagi Adabiyot institutidan, oʻqituvchi va ijodkor doʻstlarimdan minnatdor boʻlishim kerak. Bir ijodkor sifatida hamisha umuminsoniyat sheʼriyatining marvaridlaridan, xalqimning, otam va mening yoʻlimni yoritgan barcha mayoqlardan bir umr minnatdorman.

 

1978

 

Asror MOʻMIN tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.