Ona tanho, Vatan tanhodir

0
2233
marta koʻrilgan.

Adabiyot olamida oʻziga xos uslubda ijod qilib, uzoq va barakali umr koʻrayotgan, oʻz ijodi bilan adabiyotning mehnat va zahmat, mehr va muhabbatdan iborat ekanligini amalda isbotlab kelayotgan fidoyi va kamtarin adibimiz Nosir Fozilov bilan Vatan, Mustaqillik, adabiyot xususida suhbatlashdik…

 

Odatda toʻylarda, bayramlarda tilaklar aytiladi. Siz shu muborak kunlarda nimalar haqida oʻylayapsiz, umuman, Nosir Fozilov degan yozuvchi Vatanni qanday tushunadi?

Bitta ota, bitta ona boʻladi. Xuddi shuningdek, Vatan ham yakkayu yagonadir. Uning bagʻri ona bagʻriday issiq, uning gʻamxoʻrligi ota mehriday huzurbaxsh. U shuning uchun ham tanho.

Oʻzbekiston – mening ona Vatanim. Baʼzan boshqa yurtlarga borishga toʻgʻri keladi. Xesh-aqrabo, tanish-bilishni odam qoʻmsaydi-da. Gapning rosti, uch kun oʻtmay Toshkentni sogʻinaman. Qani, qanotim boʻlsayu uchib kelsam deyman.

Yozuvchi degani – bu sayohatni xush koʻradigan xalq boʻladi. Qayerda boʻlmay, kimdir meni kutayotganday tuyulaveradi. Shunday paytlarda birovga bildirmay yigʻlaging kelib ketadi. Gohi, yurtingning daholarini baralla ovozda nomma-nom sanaging, ular mening ajdodlarim deb, koʻksingga urging keladi.

Diqqat bilan eshit, bizning Vatanimizga Yaratganning nazari tushgan, bolam. Mukarram va moʻtabar qilib yaratgan Oʻzbekistonni.

Oʻz onasini yaxshi koʻrmagan odam Vatanni qanday sevsin, boshqa mamlakatlarni hurmat qilmagan kishi oʻz yurtini qanday ardoqlasin, deydi donolar. Boshqa oʻlkalarni kamsitmagan holda aytmoqchimanki, Pokiston, Hindiston, Kuba davlatlariga borsangiz obi-havosi bir xil: hamisha yoz. Aksincha, Finlyandiya davlatining uch-toʻrt boʻlagi qish, qirovli joylar. Oʻzbekistonda esa toʻrt fasl tugal. Toʻrt muchang sogʻ boʻlsin, deganlaridek.

Bunday yurtni topib boʻlarmikan?

Bunday yurtni sevmay, sogʻinmay boʻladimi?

Oʻzbekistonni oʻz onamday yaxshi koʻraman!

Bu gaplarni shunaqa gap aytish kerak ekan, gazetangiz sahifasi toʻlsin, deb yoki olqish olish uchun aytayotganim yoʻq. Sakson oltiga kirdim. Shu yoshimda aldab nima qildim?

Bunaqa jannatmakon yurtni, Vatanni ona sayyoramizning gʻarbidan sharqigacha, janubidan shimoligacha qidirsang ham topolmaysan. Chunki uning qiyosi yoʻq.

Nosir Fozilov Vatanni mana shunday tushunadi.

Mustaqil Oʻzbekiston degandayoq odamning badani jimirlaydi…

Mustaqillik menga Erkinlik, Ishonch berdi, Omad berdi. Bu uchala neʼmat bor joyda, shubhasiz, Baxt ham yonma-yon. Shoir aytganidek, “oʻoyibdan kelajak baxt bir afsona”. Bularning hammasiga faqat mehnat, mehnat va yana mehnat bilan erishiladi.

Shu jannatmakon yurtning fozil fuqarosi boʻlganim, millatimning farzandi arjumandi ekanligim bilan juda-juda faxrlanaman. Men nimagaki erishgan boʻlsam Mustaqillik davrida erishdim.

Bir gapni aytaman, oʻttiz yil “Sharq yulduzi”da ishladim. Biror eʼtibor koʻrmadim, gʻamxoʻrlik sezmadim. Ishni biz qildigu siylangan oʻzga boʻldi. Ozroq ruscha gaplashgan, biroz oilasi ruslashgan, xullas, oʻsha tuzumni hamma narsa deb bilganlarning otida uloq, oyoqlari uzangida boʻldi.

Mustaqillikka erishgach, mening omadim chopdi.

Yurtimizda yetti yuz, sakkiz yuz yozuvchi bor. Yosh jihatdan eng keksasining ichida ikkinchi oʻrinda turarkanman. Demak, Mustaqillik uzoq umr ham berar ekan, umrga fayzu baraka ham qoʻsharkan.

Kechqurun ishdan borganimizda oʻtgan kun samarasini sarhisob qilamiz. Ustoz, umr oʻtmoqda, shoirlar uni nimalarga qiyos etmadilar, qarang, shuncha maqtovlarga bepisand oʻz maromida oʻtib borayotir. Shu oʻtgan umrni bir eslasak…

Men esimni tanib qoʻlimga qalam olganimdan beri ulugʻ ustozlarimning, yoru doʻstlarimning mehr-oqibatlarini tuyib yashadim. Men ularni suyib yashadim. Oʻzimdan kichiklarning esa boshlarini siladim. Hukumatimizning, uyushmamiz rahbariyatining hayrixohligini har soniya, har lahzada sezib yashadim. Arzon baxt vaʼda qilguvchi imo-ishoralarga parvo qilmay, nafsimning qingʻir va badkirdor koʻchalariga kirmay yashadim…

Agar Yaratgan egam umr bersa, bundan keyin ham shu zayl shukronalik bilan yashayajakman…

Agar moʻjiza roʻy berib yigirma besh yoshli yigitga aylanib qolsangiz nimalar qilardingiz?

Bugungi har bir kunni kitob qilardim. Roman, qissa, doston qilardim. Endi umr oʻtdi, orzu boru shijoat yoʻq. Intilish boru quch-quvvat yoʻq. Keksalik oʻz soʻzini aytib boʻldi. Men-ku, endi yigirma besh yoshga qaytmasman, lekin hozirgi yoshlar, ishonamanki, bugungi yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib ijod qilishadi, mustaqillik adabiyotini yaratishadi. Shu ovunch, ishonch bemalol qarilik gashtini surishga imkon beradi.

Savolingizga javob shulki, agar siz aytgandek boʻlsa, yana xuddi shu umrni, yoʻlni eʼtiqodimga xiyonat qilmay, yoshlarning boshini silab, ustozlar duosini olib yashar edim… Yana nima dey? Darvoqe, Mustaqillik bayrami barchamizga muborak boʻlsin!

 

Sanjar TURSUNOV suhbatlashdi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.