Oddiy haqiqat

0
199
marta koʻrilgan.

Ushbu suhbat odatdagiday biron mashhur inson bilan emas, oʻsha insonning doimiy hamrohi – umr yoʻldoshi bilan qilingan. Shu orqali shoir qiyofasining koʻpchilikka nomaʼlum qirralari ochib berilgan. Bugun marhum shoir, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Matnazar Abdulhakim tavalludining yetmish yilligi arafasida bundan oʻn yil muqaddam, shoir hayotligida qilingan ushbu suhbatni eʼtiboringizga havola etmoqchimiz.


Qush qanoti bilan deyishadi. Taniqli shoir, tarjimon va olim Matnazar Abdulhakimning ikkinchi qanoti, albatta, u kishining turmush oʻrtogʻi Maryamjon opa boʻladi. Negaki, shoirga taalluqli har qanday gap opaga ham tegishli. Matnazar ogʻa hayotda nimagaki erishgan boʻlsa, oʻz yutuqlarida umr yoʻldoshining benazir hissasini koʻradi. Goho doʻstlari hazillashib, “Matnazar ogʻani Matnazar ogʻa qilgan Maryamjon opa-da”, deganlarida ham bu oddiy haqiqatni tushunishadi.

 

Pulni bilmaydigan odam

– Maryamjon opa, odatda muborak yoshga yeta turib, bosib oʻtilgan umrning har lahzasiga nazar solasiz. Va yana koʻnglingizdan nimalardir oʻtadi. Bugun nimalar haqida oʻylayapsiz?

– Bilasizmi, men nimani eslayapman? Mulla Abdulhakim ota nihoyatda ziyoli, savodli, elda obroʻli inson edilar. “Qizim, – dedilar hali kelinchak boʻlib tushgan kunlarimning birida, – Matnazar pulni bilmaydi. U – shoir. Agar kitob sotib olmoqchi boʻlsa, non uchun yigʻib qoʻygan pulingni qiynalmasdan chiqarib ber”. Ana shu ikki ogʻiz soʻz butun hayotim davomida qulogʻimga oltin zirak boʻlib taqildi. Shuning uchun ham har kungi shukronalik va yanada yaxshi kunlarning umidi bilan yashash hayotimizning mazmuniga aylandi. Turmushning ham shirin, ham achchiq onlarida otam bergan nasihatni bot-bot eslayman. Aks holda, Alloh tomonidan hadya etilgan isteʼdod, shon-shuhrat, davlat bir daqiqada yoʻq boʻlib ketishi mumkinligini yaxshi bilaman. Axir, inson qadr-qimmati har narsadan ulugʻ. Matnazar ogʻa men uchun Alloh tomonidan berilgan baxt, davlat va albatta, aziz bir inson. Shu bois shoirning turmush oʻrtogʻi boʻlish menga faxr va gʻurur baxsh etadi.

Ha, Matnazar ogʻa juda kamtarin, samimiy inson. Buni jurnalistlar, doʻstlari juda yaxshi bilishadi. Shoirni mol-dunyo, mansab qiziqtirgan emas.

– Juda toʻgʻri gapirdingiz. Inson bir-biriga shirin soʻz aytishdan charchamasligi kerak. Axir, inson bir-biriga mehmon-da. Men shoirni doimo tushunishga harakat qilaman. Ular ham meni tushunadilar. Baʼzan xayollari bilan yoʻlda ketayotib, boshini egib olsalar, tanbeh bergan boʻlaman. “Dadasi, axir boshingizni tik tutib yuring, oilasidan koʻngli toʻq emas, deb oʻylashmasin”, deyman hazillashib. “Axir bosh ogʻir boʻlsa, ne qilay” deydilar kulib.

Mehmondan kelsalar, nima yedingiz deb soʻrayman. Ha, bir nimalar yedim, deydilar, kamtarinlik bilan. Insonlarning tashqi qiyofasi, dasturxoni, kiygan kiyimi, mol-dunyosi, hovli-joyi u kishini hech qachon qiziqtirgan emas. Hammasidan koʻngil mulkini afzal biladilar.

Lekin turmushning bir burchagi shirin boʻlsa, ikkinchisi achchiq, deyishadi. Xohlaysizmi-yoʻqmi, har bir kishining hayotida qiynalib qolgan paytlari boʻladi…

– Agar bizning hayotimizda bunday daqiqalar hecham boʻlmagan desam xato gapirgan boʻlaman. Har bir oilaning oʻziga yarasha tashvishi va kamchiliklari, quvonchli damlari ham boʻladi. Muhimi, har qanday qiyinchiliklarni yengib, kamchiliklarning oʻrnini toʻldirish kerak. Oʻz oʻrnida yutuqlarni shukronalik bilan qabul qilmoq zarur.

Bir kuni nimadir boʻldi-yu, togʻoramiz teshilib qoldi. Roʻzgʻor-roʻzgʻor-da. Shunda Matnazar ogʻangiz, “Xudodan koʻproq soʻra, paq etib osmondan tashlaydi”, dedilar. Bu hazil aralash niyatlariga kuldim. Kutilmaganda “Ofarin” mukofotini olganini eʼlon qilishdi. Uning “avliyo”ligiga hayron qoldim. Ushbu mukofotni biz kutmagan edik. Uni haqiqatan ham Xudoning oʻzi bizga yetkazgan edi.

 

“Sheʼrlar muhabbatimni yuksaltirdi”

– Matnazar ogʻa bilan qanday tanishgansiz?

– Biz bir maktabga oʻqishga borganmiz. Keyin qandaydir sabablar bilan boshqa-boshqa maktabni tugatdik. Mening otam Toji qori mulla Abdulhakim ota bilan joʻra edilar. Doʻstlarning oʻzaro kelishuvi bizning ahd-paymonimizga asos boʻldi. Men hozirgacha oʻsha kunlarga shukrona aytaman. Matnazar ogʻaning “Lirika” turkumida chiqqan sheʼrlarini oʻqib, yaxshi koʻrib qolganman. Ushbu sheʼrlar unga boʻlgan mehr-muhabbatimni yanada yuksaltirgan. Institutda oʻqib yurgan paytlarimda yosh shoir yonimga tez-tez kelsa, qizlar menga havas bilan qarashardi. Chunki Matnazar ogʻa bu paytda allaqachon sheʼriyat olamida oʻz oʻrnini topgan ijodkor edi-da. Men uning sheʼrlarini yodlab, keyingi kelganida oʻziga oʻqib berardim. Ana shu zaylda shoirning oʻzigagina emas, ijodiga ham qiziqishim ortib borgan edi.

Turmush oʻrtogʻingizning qaysi fazilatlarini qadrlaysiz?

– Yolgʻon gapirmasliklarini. Chunki umrida biron marta yolgʻon gapirmaganlar, desam ehtimol ishonmassiz, lekin bu haqiqat. Bilasizmi, hatto, yolgʻon yaxshilik va ezgulik uchun xizmat qilsa-da, toʻgʻrisini gapiradilar.

Matnazar ogʻaning “Rashk” hazil sheʼri menga ham yoqadi. Nega desangiz, toʻyimda qor aralash yomgʻir yoqqan-da… Mazkur sheʼrni oʻqiganda koʻnglingizda nimalarni tuygansiz. Shoirni rashk qilganmisiz?

– Demak, bu sheʼr, ayniqsa, toʻyida qor aralash yomgʻir yoqqan qizlar uchun aziz ekan-da. Faqat sevmagan kishigina rashk qilmasa kerak. Men shoirni hammadan rashk qilaman. Lekin hech qachon koʻngliga behuda ozor yetkazmaganman. Yozilgan sheʼrlar bari meniki, menga atalgan. Shu bilan koʻnglim muhtasham. Qalbda ulkan mehr boʻlmas ekan, shoir hech qachon ijod qilolmaydi. Bu ilohiy neʼmat. Allohning inoyatini qanday boʻlsa, shundayligicha qabul qilishim zarur. Uyimizga juda koʻp ijodkorlar kelishadi. Ular orasida ayollar, qizlar ham bor. Muxlislari – qizlar yozgan maktublar goho qoʻlimga tushib qolsa, hecham ajablanmayman.

Haqiqatning yuziga tik qarash kerak. Matnazar ogʻaga behuda ozor berishdan nima foyda. Yaxshi koʻrgan inson hammasiga chidaydi. Va buni toʻgʻri qabul qiladi. Eslasangiz, “Baxt” sheʼrida shunday misralar bor:

Bir qayrilib tashlasang nigoh,

Yurak toʻlar soʻnmas ziyoga…

Seni bir bor koʻrish-chun faqat,

Kelib ketsa arzir dunyoga.

Ana shunday… Shoirning muhabbat toʻla qalbi sheʼrlarida goʻzal ifoda qilingan. Uning ushbu mavzudagi sheʼrlari juda koʻp. Men esa bittaman.

 

“Uni oʻqib, yigʻlaganman…”

– Shoirning qaysi sheʼri sizga kuchli hayajon bagʻishlagan?

– “Darsdan soʻng” sheʼri…

Aslida shoirning ashaddiy muxlisi oʻzim. Shuning uchun yozgan sheʼr va gʻazallarini birinchi boʻlib oʻqiyman. Goho taʼsirlanib uzoq vaqt oʻyga tolaman. Bironta sheʼrini hayajonlarsiz oʻqiganimni eslolmayman. Biroq “Darsdan soʻng” sheʼrini oʻqib yigʻlaganman. “Bir quchoq gul”, “Yolgʻiz yaproq”, “Oydinlik” kabi sheʼriy toʻplamlaridagi har bir sheʼri men uchun nihoyatda aziz va qadrli.

Eringiz uchun uyalib qolgan paytlaringiz boʻlganmi?

– Boʻlgan. Bir emas, bir necha marta. Uyimizga shoirning doʻstlari tez-tez kelib turishadi. Mehmon kelmagan kuni Matnazar ogʻaning kayfiyatlari boʻlmaydi. Mehmon kelsa, birgalashib quvonamiz. Ammo u kishi dasturxonga nondan avval doimo kitob qoʻyadilar. Men ana shundan uyalib ketaman. “Dadasi, axir dasturxonga avval non qoʻyiladi”, desam-da, oʻrganganlaridan qolmaydilar.

Mehmondorchiliklarga birga borasizmi?

– Albatta. Mabodo mening ham borishim kerak boʻlsa, boraman. Matnazar ogʻaning doʻstlari, shogirdlari juda koʻp. Uni hurmat qilishadi, toʻy-tomoshalarda izzat bilan toʻrga oʻtkazishadi. Undan yangi sheʼrlarini oʻqib berishini iltimos qilishadi. Bulardan nihoyatda faxrlanib ketaman.

Uchrashuvlardan birida shoir yoshlarning “Boʻsh vaqtingizda nimalar bilan shugʻullanasiz?” degan savoliga “Insonda boʻsh vaqtning oʻzi yoʻq. Hatto, uxlab yotganda ham biz maʼlum maʼnoda oʻz vazifamizni ado etamiz. Keyingi kun uchun yangi kuch toʻplash harakati boshlanadi, shuning uchun mening boʻsh vaqtim yoʻq”, deya javob bergan edilar.

– Ha, Matnazar ogʻa juda koʻp ishlaydilar. Vaqtini hammadan qizgʻanadilar. Pahlavon Mahmud sheʼrlarini forsiydan oʻzbek tiliga oʻgirib yurgan paytlarida hatto uxlamadilar, desam mubolagʻa emas. Axir, uxlamasdan qanday qilib yashash mumkin, deb oʻylardim. Ammo Alloh quvvat beraman, desa oppa-oson ekan.

Goho noyob isteʼdod farzandlardan biriga nasl orqali oʻtadi, deyishadi. Bugun oʻgʻil-qizlaringiz orasida Matnazar ogʻaga oʻxshaydiganlari bormi?

– Farzandlar kamolotini koʻrish har bir ota-onaning orzu-umidi. Matnazar ogʻa bilan turmushimizning oʻtgan qirq yilida bir-biridan shirin, qobil farzandlar tarbiyaladik. Qizimiz Latofat pedagog. Mavluda esa tarbiyachi. Oʻgʻillarimiz Muzaffar va Umarbek tadbirkor. Oʻn nafar nevaramiz bor. Nevaralarimizdan Nazokat va Sabohat juda yosh boʻlishlariga qaramasdan, koʻp sheʼrlarni yoddan oʻqishadi. Bir marta oʻqigan sheʼrni yoddan aytib berishadi. Kelajakda ulardan umidimiz katta.

 

Dilbar BEKJONOVA suhbatlashdi.

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.