Mungli kechmish yoxud tarixdan bir saboq…

0
3238
marta koʻrilgan.

Tarix fanlari doktori Qahramon Rajabov bilan muloqot

 

– Qahramon aka, Siz koʻp yillik ilmiy izlanishlaringizni Buxoro amirligi tarixini oʻrganishga bagʻishlagansiz. Bugungi yoshlarga, jurnalxonlarga qiziqki, Turkiston tarixida 164 yillik davrni egallagan Buxorodagi mangʻitlar sulolasi oʻzi qanday mavqega ega boʻlgan?

Keling, oʻzaro gurungimizni eng avvalo mangʻitlar sulolasi emas, balki “92 bovli oʻzbek eli”ning bitta shoxobchasi boʻlgan mangʻitlar urugʻidan boshlaylik.

Tarixdan maʼlumki, mangʻitlar turkiy qavm boʻlib, ular XII asrda Dashti Qipchoqda, katta bir qismi esa Volga va Ural daryolari oraligʻida yashashgan. Bu paytda ular qipchoqlarning katta taʼsiri ostida boʻlgan. Qipchoqlar taʼsiri ostida ularning bir qismi oʻz tillarini unutib, qipchoq tilida gaplashganlar.

Hozirgi Oʻzbekiston hududida yashab kelayotgan mangʻitlar qavmining bir qismi qadimdan dehqonchilik bilan shugʻullanib kelgan oʻzbeklarning taʼsiri ostida asta-sekin oʻtroqlashib borgan, bir qismi esa XX asr boshlariga qadar ham chorvachilik bilan shugʻullanib kelgan. Ular qorakoʻl va jaydari qoʻylarni boqishgan. Mangʻitlar dehqonchilik va chorvachilikdan tashqari hunarmandchilik bilan ham shugʻullanib, gilam va turli matolar toʻqishgan. Xususan, uzun patli gilam-julxirs mashhur boʻlgan.

Mangʻitlar qavmi oq mangʻit, qora mangʻit va toʻq mangʻit kabi shoxobchalarga boʻlingan. Buxoro amirligini 1756–1920 yillarda boshqargan mangʻitlar sulolasi mangʻit urugʻining toʻq mangʻit shoxobchasidan boʻlgan.

XVIII asr 40-yillariga kelganda Buxoro xonligida siyosiy va iqtisodiy inqiroz kuchaygan. Ashtarxoniylar (Joniylar) sulolasining soʻnggi vakili Abulfayzxon (hukmronlik davri: 1711–1747)ning kaltabinlarcha yuritgan siyosati natijasida xalqning moddiy ahvoli ogʻirlashgan, Buxoro xonligi tarkibidan Fargʻona vodiysi ajralib chiqqan va mustaqil Qoʻqon xonligiga asos solingan, mamlakatning bekliklarga boʻlinish xavfi kuchaygan. Buning ustiga Eron shohi Nodirshoh (hukmronlik davri: 1736–1747)ning Buxoro davlatiga hujumi, mamlakatning asosiy shaharlari boʻlgan Buxoro va Samarqandning ular tomonidan egallanishi va talanishi oqibatida siyosiy vaziyat battar murakkablashgan. Turkiston taqdiri hal qilinayotgan ana shunday qaltis va nozik bir fursatda tarix sahnasiga yangi siyosiy kuch – mangʻitlar sulolasi koʻtarildi.

Shu narsani alohida taʼkidlash lozimki, XVII asr oxiri va XVIII asr birinchi yarmida mangʻitlar qavmining toʻq mangʻit shoxobchasiga mansub boʻlgan Xudoyorbiy otaliq va uning oʻgʻli Muhammad Hakimbiy otaliq nufuzli mangʻit biylari (urugʻ boshliqlari)dan sanalib, ular Ashtarxoniylar sulolasi boshqarayotgan Buxoro xonligi saroyidagi obroʻli va nufuzli amaldorlardan boʻlgan.

Shu oʻrinda Muhammad Hakimbiy otaliq (XVII asr soʻnggi choragi – 1743) va uning oʻgʻli Muhammad Rahimbiy otaliq (1715–1758) xususida ikki ogʻiz toʻxtalib oʻtsak, mangʻitlar sulolasining hokimiyatga qanday kelganligi oydinlashadi.

Muhammad Hakimbiy Ashtarxoniylar saroyida dastlab miroxoʻr va parvonachi lavozimlarida ishlagan. U qisqa fursatda Buxoro xonligidagi mangʻitlar qavmining yoʻlboshchisiga aylangan hamda Abulfayzxon hukmronligi davrida xonlikda uning taʼsiri nihoyatda kuchaygan. Muhammad Hakimbiy koʻp sonli mangʻitlar qavmi va urugʻ yoʻlboshchilariga tayanib, qatagʻon va kenagas urugʻlari, jumladan, shahrisabzlik Ibrohim Kenagasning qavmlariga qarshi Buxoroda markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun qattiq va murosasiz kurash olib borgan. Tez orada u saroyda devonbegi lavozimini egallaydi. Abulfayzxon tomonidan taxminan 1720 yili Muhammadbiy Hakimbiy saroydagi barcha shahzodalar otaliqlarining boshligʻi deb tan olingan hamda unga otaliq unvoni berilgan.

Muhammad Hakimbiy Eron shohi Nodirshohning 1740 yili Buxoroga hujumi paytida aholini bosqinchilar qoʻshiniga qarshilik koʻrsatmaslikka chaqirdi. Bu xizmatlari uchun Nodirshoh uni Buxoroning toʻla vakolatli hokimi, yaʼni saroy qushbegisi (Bosh vaziri) qilib tayinlaydi. Xullas, Muhammad Hakimbiy otaliq va qushbegi sifatida mangʻitlar sulolasining Buxoroda hokimiyat tepasiga kelishi uchun yetarli shart-sharoit yaratib bergan. Markaziy hokimiyatga boʻysunishni xohlamagan amirlar va turli qavmlarning yetakchilariga qarshi murosasiz kurashgan.

Muhammad Rahimbiy otasi tiriklik davridayoq muhim saroy lavozimlarini egallagan edi. U Abulfayzxonning kuyovi sifatida 1745 yildan Buxoro xonligining amaldagi hukmdoriga aylandi. 1747 yili uning buyrugʻi bilan Mir Arab madrasasi hujralarining biriga yashiringan Abulfayzxon oʻldirildi. Muhammad Rahimbiy Buxoro taxtiga Abdulmoʻminxon (hukmronlik davri: 1747–1751), Ubaydullaxon III ibn Abdulmoʻminxon (hukmronlik davri: 1751–1754), Shergʻozixon (hukmronlik davri: 1754–1756) kabi “qoʻgʻirchoq xonlar”ni oʻtqazib, otaliq sifatida qariyb 10 yil davomida ular nomidan Buxoro mamlakatini boshqargan. Muhammad Rahimbiy faqat 1756 yil 12 dekabrda Buxoro xonligi taxtiga rasmiy ravishda oʻtirgan va Buxoro xoni deb eʼlon qilingan. Xullas, Buxoroda hokimiyat tepasiga kelgan yangi mangʻitlar sulolasi qon va qilich kuchi bilan oʻz hokimiyatlarini qaror toptirishgan. 1756–1920 yillarda Buxoro amirligini mangʻitlar sulolasi boshqargan. Muhammad Rahimxon (1756–1758), Muhammad Doniyolbiy (1758–1785), Shohmurod (1785–1800), Haydar (1800–1826), Mir Husayn (1826), Mir Umar (1826–1827), Nasrullohxon (1827–1860), Muzaffarxon (1860–1885), Abdulahadxon (1885–1910), Said Olimxon (1910–1920) kabi oʻnta mangʻit amirlari Buxoro davlatida 164 yil saltanat tutganlar.

Tarixchilar tomonidan mangʻitlar sulolasi vakillari boʻlgan Buxoro amirlariga turlicha baho beriladi. Amirlarning aksariyati zolimlik va yovuzlikda ayblanadi. Biroq tarixda odil hukmdorlar juda-juda oz oʻtgan. Bunday odil hukmdorlar mangʻitlar sulolasi orasida ham mavjud boʻlib, xususan, “maʼsum amir” nomi bilan shuhrat qozongan Amir Shohmurod va uning oʻgʻli Amir Haydar faoliyatini misol qilib keltirish mumkin. Biroq hozir ijozat bersangiz Amir Nasrullohxon toʻgʻrisida bir oz toʻxtalib oʻtsam.

Amir Nasrullohxon faoliyati toʻgʻrisida sovet zamonasida ham, bugungi kunda ham tadqiqotchilar koʻp yozishgan, biroq “xoʻp” yozgan emas. Bu tadqiqotlarning aksariyatida mangʻitlar sulolasining ushbu hukmdori hayoti va faoliyati bir tomonlama koʻrsatilib, Nasrullohxon qiyofasi faqat qora boʻyoqlarda tasvirlangan. Aslida tarixchining ixtiyorida faqat oq va qora ranglar yoxud ijobiy va salbiy mulohazalarning biri boʻlmasdan u har qanday tarixiy shaxsni oʻsha davrda kechgan tarixiy voqealar ichida xolis tasvirlashi, tarixiy shaxslarga baho berayotganda zamonasozlik qilmasdan adolat posangisini oʻta sergaklik bilan ushlashi lozim. Nasrullohxon haqida bugungi kunda turli daʼvolar va yuzaki mulohazalar bildirayotgan (biroq bu iddaolar bir tomonlama aytilayotgan oʻta keskin fikrlardan iborat boʻlmoqda) mualliflarning aksariyati tarixchilar oʻrniga jurnalistlar, adiblar, adabiyotshunos olimlar va boshqa kasb sohalari ekanligi esa muammoning ancha jiddiyligi va chuqurligidan dalolat beradi hamda Oʻzbekiston tarixida, shuningdek, Buxoro tarixida oʻziga xos rol oʻynagan bu shaxs haqidagi bor haqiqatni aynan tarixchi olimlar tomonidan jamoatchilik hukmiga tezroq havola etishni kun tartibiga zaruriyat qilib qoʻyadi. 2011 yilda mening “Nasrullohxon” tarixiy risolam chop qilindi. Holbuki bu risola 2006 yil iyun-oktyabrda yozilgan edi.

Ruxsat bersangiz, Amir Nasrullohxon haqidagi fikrlarimni yuqorida tilga olingan tarixiy risolaning xulosa qismidagi mulohazalarim bilan davom ettirsam:

Amir Nasrulloh yashab oʻtgan zamondan buyon qariyb 150 yil oʻtdi. Ushbu davr ichida nafaqat Buxoro tarixida, balki butun Turkiston mintaqasida ham katta oʻzgarishlar yuz berdi. XX asr oxirida Nasrullohxon orzu qilgan Movarounnahr va Xorazmning yaxlit butunligi qayta tiklandi.

Bizningcha, Nasrullohxonni Turkiston tarixidagi oʻrni va roli quyidagilar bilan belgilanadi:

Birinchidan, Amir Nasrulloh Buxoro davlatida qatʼiy markazlashtirish siyosatini olib bordi. Markaziy hokimiyatga boʻysunishni istamagan Shahrisabz va Kitob bekliklarining qarshiligini sindirib, separatistik (ajralish va taslimchilik) kayfiyatlariga barham berdi.

Ikkinchidan, amir oʻz siyosatida butun Movaraunnahr va Xorazmni yagona davlat ostiga birlashtirishga intildi. U bu rejasini toʻliq amalga oshira olmagan boʻlsa ham, qisqa muddat davomida butun Movarounnahrni yagona davlat sifatida boshqardi. Qoʻqon xonligi hududining Buxoro amirligi tarkibiga qoʻshib olinishi aslini olganda mintaqadagi ikki oʻzbek davlatchiligini oʻzaro birlashtirish edi. Afsuski, Nasrullohxonning bu harakatlarini Qoʻqon tarixnavislik maktabi namoyandalari, jadid taraqqiyparvarlari (Ibrat, Fitrat, Ayniy) va Oʻzbekistonning sovet davridagi tarixchilari butunlay boshqacha talqin qilib, koʻp yillar davomida xalq ongida “dahshatli va qonxoʻr hukmdor”, “botur qassob”, “qassobning botiri” obrazlarini shakllantirishdi.

Uchinchidan, Amir Nasrulloh tomonidan Buxoro amirligida oʻtkazilgan turli islohotlar natijasida davlatning iqtisodiy va harbiy qudrati birmuncha yuksaldi. Maʼmuriy sohadagi islohotlar oqibatida davlat boshqaruviga xalqning turli tabaqalari orasidan chiqqan kishilar kelib qoʻshildi. Ayniqsa, harbiy sohadagi islohotlar ancha samarali kechdi. Aynan harbiy islohotlarning natijasi keyinchalik Rossiya imperiyasining tajovuzi va hujumiga qarshi kurashda Buxoro amirligining uchta oʻzbek davlati oʻrtasida nisbatan eng keskin va qattiq qarshilik koʻrsatishiga olib keldi. Rossiya imperiyasi bosqiniga qarshi kurashda Buxoro amirligi magʻlubiyatga uchragan boʻlsa ham, mamlakat hududlarining muayyan qismi saqlab qolindi.

Toʻrtinchidan, Nasrullohxon oʻzining faol tashqi siyosatida qator yutuqlarga erishib, Buxoro davlatining yaxlit qismi hisoblangan Balx, Marv va boshqa viloyatlar hududlarini amirlik ixtiyoriga yana qaytardi. Biroq bu hududlar keyinchalik turli sabablar natijasida Buxoro amirligi tarkibidan chiqib ketgan. Bu holat XIX asr soʻnggi choragi va XX asr birinchi choragida Turkiston mintaqasida kechgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga, Oʻrta Osiyoda oʻtkazilgan milliy-hududiy chegaralanishga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmadi. Xullas, yaqin oʻtmishda boʻlib oʻtgan ushbu geosiyosiy oʻzgarishlar natijasida bugungi Oʻzbekiston Respublikasining sarhadlari oʻzining tarixiy vatanidan ancha kichik doirada shakllandi va hozir ham shu darajada saqlanib turibdi.

Shu bilan birga Amir Nasrulloh oʻz faoliyatida bir qator jiddiy siyosiy xatolarga ham yoʻl qoʻydi. Davlat miqyosidagi eng muhim lavozimlarga turkiy oʻzbek qavmlaridan tashqari ajnabiylarning qoʻyilishi, davlat boshqaruvida eroniy qullar boʻlgan shialarning taʼsiri oshishi, mangʻitlar sulolasining forslashish jarayoni, oʻzbek tilining mavqei pasayishi va boshqalar ana shunday jiddiy xatolardandir. Buning ustiga Amir Nasrulloh tomonidan Nodirabegimning oʻldirilishi uning obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatganligini aytib oʻtish joiz.

Bu gaplardan koʻrinadiki, Rossiya imperiyasining Turkiston mintaqasiga, jumladan, Buxoro amirligiga qarshi qaratilgan istilochilik yurishlarida Amir Muzaffarxon, Amir Abdulahadxon, Amir Said Olimxonlar munosib qarshilik koʻrsatishi mumkin edi?

Ha, mumkin edi. Biroq Amir Muzaffarxon bunday qarshilik koʻrsata olmadi. Buning sabablari Siz oʻylayotgandan koʻra ham jiddiy, oqibatlari esa dahshatli boʻldi. Keling, suhbatimizni shu ogʻriqli mavzu atrofida davom ettiraylik.

Amir Muzaffarxon (1819–1885) shaxsiyati, uning Buxoro tarixida tutgan fojiali oʻrni hamda amir fojiasining Buxoro davlati fojiasiga aylanish jarayoni haqidagi achchiq mulohazalarni bildirish men uchun ham oson emas. Chunki Amir Muzaffarxon hukmronligi davrida Buxoro davlatining mustaqilligi boy berilgan edi.

Amir Nasrullohxonning oʻgʻli Sayyid Muzaffariddinxon otasi hukmronligi davrida valiahd sifatida Karmanaga hokimlik qilgan. U amir Nasrullohxonning yolgʻiz oʻgʻli edi. Biroq Nasrullohxon oʻlimi oldidan (u 1860 yil 21 oktyabrda 56 yoshida vafot etdi) Buxoro toju taxtini yolgʻiz oʻgʻli Sayyid Muzaffariddinxonga emas, balki koʻp sonli nevaralaridan biriga vasiyat qilib qoldiradi. Ehtimol, mangʻitlar sulolasi hukmdorlari orasida eng koʻp saltanat soʻragan va davlat boshqaruvi borasida katta tajribaga ega boʻlgan Amir Nasrullohxon yolgʻiz oʻgʻli Muzaffariddinxonda (bu paytda u 41 yoshda boʻlgan) davlat rahbarlariga xos sifatlarni va hukmdorlik layoqatini koʻrmaganligi uchun shunday yoʻl tutgandir. Biroq voqealar marhum amir tiriklik chogʻida oʻylaganidan sal boshqacharoq rivojlangan. Buyuk Sohibqiron Amir Temur 1405 yil fevralda vafot etgandan keyin uning vasiyati nevarasi Xalil Sulton va bebosh amirlar tomonidan qanday buzilgan boʻlsa, oradan 455 yil oʻtgach – 1860 yil sentyabda ham Amir Nasrullohning vasiyati ana shunday buzildi. Har ikki holatda ham vasiyatga amal qilmaslik ogʻir oqibatlarga olib keldi…

Mashhur alloma va davlat arbobi Ahmad Donish (1827–1897) oʻzining “Risola yoxud Mangʻitlar xonadoni saltanatining qisqacha tarixi” nomli risolasida oʻzi guvohi boʻlgan bu holatni quyidagicha tasvirlaydi:

“Nasrullohxonning amir Muzaffardan boshqa farzandi yoʻq edi. U oʻz farzandining tabiatida gʻarazgoʻylik va shafqatsizlikni koʻrdi. Oʻzi raiyat va qoʻshinga gʻamxoʻr boʻlganligi tufayli farzandining oʻzidan keyin davlat tepasida turishini istamadi. Shu tufayli, oʻz nabiralaridan birini valiahdlikka tayinladi va ayrim amirlarga davlatni unga topshirishni vasiyat qildi…

Amir Nasrullohdan keyin amirlar va aʼyonlar hokimiyatni nabirasigami yoki oʻgʻligami berish masalasida ikkilandilar. Baʼzilar “davlat ilgaridan ota meros” desalar, boshqalari “vasiyatni bajarish lozim” dedilar. Oxiri, oʻgʻilni olib kelish tarafdorlari jamoasi gʻolib kelib, Amir Muzaffarni Karmanadan chaqirdilar. U 1227 (1860 yil) rabi ul-avval oyining yettinchisida (23 sentyabrda) Buxoro amirligi taxtiga oʻtirdi…”

Amir Muzaffar davlat tepasida mustahkamlanib olgandan keyin vasiyat tarafdori boʻlganlarni ildizi bilan quritdi. Merosxoʻr deb atalgan shaxs zudlik bilan Buxoroni tark etdi. Qochishga ulgurmagan avlodi, yaqinlari, zurriyotlarini amir qatl qildirdi. Otasi davrida mansab egasi boʻlgan barcha aʼyonlar, amirlar, vazirlarni haydadi, ularning mol-mulklarini musodara qildi va davlat tepasiga oʻz yaqinlari va tarafdorlarini oʻtkazdi. Qoʻshin va raiyatga zulm qilindi. Amir xizmatiga Karmanadan kelganlarning hammasi razil kishilar edi, chunki Amir Nasrullo oʻzi rad qilgan kishilarni “sening xizmatingda boʻlsin va qadrimizga yetsin” deb Karmanaga (Muzaffar oldiga) yuborar edi.

Ular oʻzlari kutmagan holda nogohdan yuqori mansab va amallarga qoʻyilgandan keyin aholi qonini icha boshladilar, qoʻpol muomala qilar, uncha-munchani nazar-pisand qilmas edilar. Shu jihatdan Karmana kishilari Buxoro odamlari nazdida shum koʻrinar edi”.

Bu fikrlar Sizga qanday voqealarni eslatmoqda? Olis oʻtmishda hukm surgan somoniylar, temuriylar, shayboniylar, boburiylar, ashtarxoniylar sulolalari va qonli jangu-jadallar ehtimol Sizni oʻylantirayotgandir. Biroq Oʻzbekiston va jahon tarixining yaqin oʻtmishi va eng yangi tarixida ham bu voqealarga oʻxshab ketadigan tarixiy hodisalar tiqilib yotibdi…

Rossiya imperiyasi qoʻshinlarining Sirdaryo dashti orqali Buxoro amirligi hududiga kirib kelayotganini eshitgan xalq va ulamolar tahlikaga tushadi. Ichki gʻavgʻo, isyon, daʼvatlar amir Muzaffarni noiloj qoʻshin toʻplashga majbur etadi.

Muzaffarxon 30 ming kishilik qoʻshinga Olloyor devonbegini bosh qilib general Romanovskiy qoʻshiniga qarshi Sirdaryoga chiqaradi.

Oʻzi Oʻratepa yaqinidagi Rogʻun qishlogʻiga qoʻnib mayishat-ishratni boshlab yuboradi. Lashkarboshi Olloyor devonbegining endi yetilib kelayotgan oʻn yashar qizini quchogʻiga keltirishlarini buyuradi. Amirning jirkanch xatti-harakati natijasida goʻdak oʻsha kechasi nobud boʻladi. Bu mudhish xabarni eshitgan Olloyor jang maydonini tark etadi.

Yurt, xalq, shuningdek, oʻzining taqdiri hal boʻlayotgan tahlikali pallalarda oʻz lashkarboshisining norasida jigarbandini zoʻrlagan hukmdorni kim deb oʻylash mumkin? Menimcha mamlakat oyoqosti boʻlishining eng burilish, nozik nuqtasi shu yerda shekilli?

Keling, savolingizga javobni yana oʻsha davr voqealarining bevosita guvohi boʻlgan Ahmad Donish fikrlari bilan boshlasam:

“(Muzaffarxon) hukmronligining dastlabki bir ikki-yilida otasidan qolgan davlatga tayangan holda Hisor va Hoʻqand tomon lashkar tortib, baʼzi mavzelarni kuch va shafqatsizlik bilan egalladi va aholisiga omonlik bermay, qatlga yetkazdi, yaʼni ahvol ilgaridek xusumat va fasodga qaytdi. Jangu jadalda ikki-uch gʻalabadan keyin amirga firʼavn dimogʻdorligi yoʻl topib, dunyoda oʻzidan boshqani tan olmaydigan, shariat koʻrsatmalarini oʻz xohishiga qarab moslaydigan boʻldi.

…Shu tariqa, otasi davridagi amaldorlarning aksariyatini qatl qildi, mulklarini musodara etib, yer bilan yakson qildi, qabih kishilar va qullarni xalq boshiga koʻtardi.

Movarounnahrni Rossiya tomonidan istilo qilish boshlanguncha shunday davom etdi. Qoʻshinga har taraflama jabr qilishar, sarkardalar himmatsiz, gʻayratsiz, nodon edi. Askarlar qullarga xizmat qilishni or bilib, orqasini oʻgirib qochishga yuz tutdi, shunday qilib, hamma viloyatlar Rossiya tasarrufiga oʻtdi.

Sababi shundaki, bir askarga beriladigan maosh toʻrt kishiga beriladigan boʻldi, bir sarkardaga beriladigan tanho ikkitasiga beriladigan boʻldi…

Buxoro vazirligi Muhammadshoh qoʻshbegi qoʻlida edi. Bu odam kaltafahm, savodsiz, beaql edi, doim kasal boʻlib, toʻgʻri soʻzni ham podshoga yetkaza olmasdi. Hech kim davlat foydasiga biron narsa deyishga jurʼat qila olmas, shu sababdan millat va davlatning ishlari toʻliq inqirozga yuz tutdi, qoʻshin va xalq oʻrtasida osoyishtalik yoʻqoldi. Aslida mamlakat ravnaqi vazirning ziyrakligi, qatʼiyatligi, toʻgʻri mulohaza yuritishiga bogʻliq. Agar vazir bemulohaza boʻlsa, bunday davlatning holiga voy”.

Ahmad Donishning Buxoro hukmdori va uning bosh vaziri haqidagi mulohazalari ustida koʻp mushohada qilaman. Buyuk allomaning yozganlarini qayta-qayta oʻqib, bu yerda faqat oʻzbek xalqining XIX asrdagi ogʻir tarixini emas, balki uning kelgusi qismatini ham bashorat qilganligini his etaman. Darhaqiqat, yurtda podshoh mabodo adolatli boʻlib, vazir zolim boʻlsa ham baraka boʻlmaydi.

Keling, Rossiya imperiyasi qoʻshinlarining Buxoro amirligiga hujumi tafsilotiga oʻtaylik. Gap shundaki, koʻp manbalarda tarixiy sanalar ham, shaxslar ham, voqealar ham aralashib ketgan. Buning ustiga fakt olingan tarixiy manba koʻpincha noaniq. Faqat bu yerda bitta narsa aniq. Darhaqiqat, bu jangda Buxoro amiri qoʻshinlari yengilgan.

Agar Siz qarshi boʻlmasangiz suhbat maromini oʻzbek xalqining keyingi asrlardagi taqdiri hal qilingan oʻsha murakkab XIX asr 60-yillari oʻrtalariga qarab bursak…

XIX asr oʻrtalarida mustamlakachi ikki yirik imperiya, yaʼni Rossiya va Buyuk Britaniyaning strategik manfaatlari Turkistonda toʻqnashdi. Rossiya imperiyasi siyosatdonlari va harbiylari Buyuk Britaniyaning Turkiston oʻlkasi va Kaspiy dengizining sharqiy tomonlarini egallab olishidan gʻoyat xavfsirayotgan edi. Ana shunday vaziyatda Oʻrta Osiyo xonliklarining Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi xavfi kuchaydi. Rossiya imperiyasi turli ekspeditsiya va ilmiy guruhlarning qatnashchilari, sayyohlar va olimlar niqobi ostida koʻplab josuslar, aygʻoqchilar, harbiy mutaxassislar va xufiyalarni Turkistonga joʻnatgan. Xullas, xonliklarni bosib olish uchun Rossiya imperiyasi katta miqyosda harbiy-siyosiy tayyorgarlik koʻra boshladi.

Rossiya imperiyasi Turkiston mintaqasini bosib olishdan oldin mukammal rejani ishlab chiqqan. Rejada asosiy zarbani mintaqada eng zaif va hududi jihatdan kichik Qoʻqon xonligiga berish, ayni paytda Buxoro amirligi va Xiva xonligini Qoʻqon xonligi bilan oʻzaro birlashib qoʻshin tuzishiga, oʻzbek xonliklarining birgalikda harakat qilishiga imkon bermaslik maqsadida ular oʻrtasida turli nizolar chiqarish va mavjud ixtiloflarni kuchaytirish yoʻllarini ishlab chiqishga qaratdi. Rossiya harbiy ministrligida harbiy harakatlarga ketadigan xarajatlar, qoʻshin miqdori va turi, urush harakatlarida qatnashuvchi qismlar, quruqlik va suvda harakat qiluvchi vositalar, qurol-yarogʻ miqdori va zaxiralari aniqlandi.

Rossiya imperiyasi qoʻshinlari 1853 yil Qoʻqon xonligining muhim strategik ahamiyatga ega boʻlgan Oqmasjid qalʼasini (hozirgi Qizil Oʻrda shahrini) egallashdi. Rus qoʻshinlari Qoʻqon xonligining shimoliy hududlariga ikki tarafdan – Orol dengizi boʻyi va Gʻarbiy Sibir (sobiq qozoq juzlari) hududi orqali bostirib kela boshladi. Tez orada Ili daryosi vodiysi egallanib, 1854 yil Olmaota qishlogʻi yonida Verniy harbiy istehkomi (hozirgi Almati shahri) qurildi.

Rossiya imperiyasining Turkiston mintaqasini egallash uchun keng koʻlamdagi harbiy harakatlari XIX asr 60-yillaridan boshlandi. Pishpak (hozirgi Bishkek), Toʻqmoq shaharlari 1862 yil, Suzoq qalʼasi 1863 yil, Turkiston, Avliyoota (hozirgi Taroz shahri), Chimkent shaharlari 1864 yil Rossiya imperiyasi qoʻshinlari tomonidan bosib olindi. Nihoyat, 1865 yil 17 iyunda Toshkent shahri ham M. G. Chernyaev boshchiligidagi rus qoʻshinlari tomonidan qattiq qarshilikdan keyin egallandi. Rossiya imperiyasi bosib olingan hududlarda 1865 yil bahorda Orenburg general-gubernatorligiga boʻysunuvchi Turkiston viloyatini tuzgan.

Mustaqillik yillarida nashr etilgan “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”ning 2006 yil bosilib chiqqan 12-jildida yozilishicha, rus qoʻshinlarining Toshkentni bosib olishi natijasida Rossiya imperiyasi bilan Buxoro amirligi oʻrtasida bevosita harbiy toʻqnashuv yuzaga kelgan. M. G. Chernyaev boshchiligidagi Rossiya imperiyasining qoʻshinlari 1866 yil fevralda amirlikka qarashli Jizzaxni bosib olish uchun hujum qildilar. Bu jangda ruslar magʻlubiyatga uchrab, orqaga chekinganlar. Muzaffarxon qoʻshinlari hujumga oʻtib, 1866 yil 5 aprelda Chinozni ruslar qoʻlidan ozod qilishgan. Rossiya imperiyasi maʼmuriyati Chernyaev ishlaridan qoniqmay unga jazo berib vazifasidan olib tashladi va oʻrniga general Romanovskiyni tayinladi.

Buxoro amiri Muzaffarxon Buxorodan 60 000 kishilik lashkar bilan Toshkentni egallagan ruslar ustiga yurish qildi. Amir qoʻshini tarkibida 5000 oʻzbek mangʻitlari, 30 000 qirgʻiz va qozoqlar, 10 000 turkmanlar va 20 toʻp boʻlgan. Biroq buxoroliklar qoʻshini yaxshi qurollanmagan, askarlarning aksariyati harbiy tayyorgarlikdan oʻtmagan edi. 1866 yil 8 mayda Jizzax bilan Oʻratepa oʻrtasidagi Maydayulgʻun mavzesidagi Yerjar manzilida (hozirgi Janubiy Qozogʻiston viloyati hududida) Muzaffarxon qoʻshini bilan general Romanovskiy boshchiligidagi Rossiya imperiyasi harbiy kuchlari oʻrtasidagi dastlabki jiddiy toʻqnashuvda Buxoro askarlari yengilgan va orqaga chekingan. Ushbu jangda amir Muzaffarxon oʻzining harbiy layoqatsizligini namoyish qildi. Podsho Rossiyasi qoʻshinlari 1866 yil 24 mayda Xoʻjand shahri va Nav qalʼasini, 2 oktyabrda Oʻratepani, 18 oktyabrda Jizzaxni bosib oldilar. Rossiya imperiyasi butun diqqat-eʼtiborini Qoʻqon xonligi va Buxoro amirligi hududini tezroq bosib olishga qaratdi. Oʻsha yili Qoʻqon xonligi ham Buxoro amirligi taʼsiridan chiqib, Rossiya imperiyasiga tobe boʻlib qolgan.

Mashhur tarixchi olim, yirik xattot va munshiy Mirzo Abdulazim Somiy Boʻstoniy (1839–1908) Buxoro amirligi bilan Rossiya imperiyasi oʻrtasida boʻlgan janglarda voqeanavis sifatida bevosita ishtirok qilgan. “Tarixi salotini mangʻitiya” (1906–1907) asarida muallif Buxoro amirligining mangʻitlar hukmronlik qilgan davrini tanqidiy nuqtai nazardan baholaydi. Mirzo Abdulazim Somiy Yerjar jangi sifatida mashhur boʻlgan Maydayulgʻun voqeasini (tarixchi iborasi) oʻz kitobida quyidagicha koʻrsatib oʻtadi:

“U (Muzaffarxon) panjshanba kuni jihod yoʻlida oyogʻini jihod uzangisiga qoʻyib, koʻp sonli lashkari ham behisob gʻoziylar ila Buxoroi sharifdan qoʻzgʻalib, yoʻlga tushdi. U butun qurol-yarogʻlari-yu, shon-shavkatini koʻz-koʻz qilib, (uzoq) yoʻl bosib, (oʻz) tasarrufidagi Oʻratepaga yetdi. Sayxun daryosi qirgʻogʻida oʻrinlashmish va bir keng sahrodan iborat boʻlmish Maydayulgʻun mavzeida toʻxtab oʻrdu yasadi.

Jinirol Kaufman bu voqea xabarini eshitib, dushman haqida maʼlumot olish maqsadida Chernyaev – toʻra qoʻmondonligi ostida bir dasta oʻris qoʻshinini safarbar qildi. Nasroniy qoʻshinining ilgʻor dastasi gʻoziylar koʻziga koʻringach, bular (dahshatdan) ranglari oʻchib, bir zum oʻylashib qoldilar. Miltiqlardan otilgan oʻqlarning kuchligina shovqini hali quloqlariga chalinar-chalinmas, (buxoroliklar) toʻplar suroni taʼsirida xayol uyqusidan uygʻonib, qochmoqni moʻljallab qoldilar. Maydayulgʻun voqeasi (yanada) batafsilroq bayonga muhtojdir, ammo hozir buning oʻrni emas. Baʼzi bir vaziyatlarni sir saqlash andishasi meni mazkur ishdan chetga tortadurki (meni) kechirsinlar… (Ehtimol, muallif yuqorida siz tilga olgan sharmandali holatni tilga olishdan or qilayotgandir).

Gʻoziylar qochganidan keyin nasroniylar qoʻshini tashlab ketilgan qurol-yarogʻ, toʻpu toʻfang, narsa-buyumlarga ega chiqib olib, soʻng Oʻratepani yon atrofdagi barcha mavzelari bilan qoʻlga kiritdi-da, Chinozga qaytdi. U bu yerda bir necha kun turib, Buxoro bilan sulh hamda doʻstona munosabatlar oʻrnatish va elchini ozod qilish borasida yana bir bor urinib koʻrdi. Ammo (bu ish) hech qanday natija bermadi”.

Bu oʻrinda Mirzo Abdulazim Somiy rus armiyasi qoʻmondonlari sifatida yanglish tarzda Kaufman va Chernyaevning nomlarini tilga oladi. Aslida bu jangga rus armiyasini general-mayor D. Romanovskiy boshlab kirdi. General K. P. Kaufman Turkiston oʻlkasining birinchi general-gubernatori sifatida Toshkentga faqat 1867 yil iyulda kelgan edi. Polkovnik M. Chernyaev boʻlsa 1864 yil boshidan to 1866 yil mart oyigacha Turkistonda boʻlib, Toshkent bosib olingandan keyin oradan koʻp oʻtmay u Sankt-Peterburgga chaqirib olingan hamda oʻrniga general-mayor D. Romanovskiy tayinlangan edi.

Mazkur jang tafsilotlari va unda Buxoro qoʻshinining sharmandalarcha magʻlubiyatga uchrash sabablari oʻsha voqealarning yana bir ishtirokchisi Ahmad Donish tomonidan batafsil tasvirlanadi.

“Umuman olganda, ruslarning Toshkent ustidan gʻalaba qilishi va u yerni istilo qilishlaridan keyin Buxoro sarhadiga oʻtishda Samarqandga kirish darvozasi boʻlgan Jizzaxni himoya qilish zarurligini anglab, bu borada yuz ming tanga sarfladilar hamda mudofaa devorini qurdilar. Ruslarning olgʻa yurishiga toʻsqinlik qilish uchun koʻp sonli ilgʻor guruhni qalʼaga garnizon sifatida yubordilar.

Shu davrda umrida miltiqdan otilgan oʻq ovozini eshitmagan, urush maʼrakasini, jang maydonini koʻrmagan amir gʻulomlaridan biri Yaʼqub qushbegi lashkarboshi etib tayinlandiki, eng oddiy navkar ham uning lashkar boshligʻi etib tayinlanganligidan or qilar edi.

Rossiya Jizzax ustiga yurish qilmasdan bir oz avval Buxoro shahrida madrasa talabalari, ulamolari jihod qilish farz deb sagʻiru kabirlarni kofirlar ustiga tashlanishga chaqirib, katta gʻavgʻo koʻtardilar. Amir bu hodisadan qiyin ahvolda qolib, ilojsiz lashkar tortish, jihod asboblarini tayyorlashga farmon berdi.

Katta qoʻshin, oʻttiz oltita toʻp, bir necha tuyaga ortilgan artilleriya anjomlari bilan sarosima va hadikda shahardan chiqdilar. Dushman bilan yuzma-yuz kelganda esa porox va toʻp oʻqlari, oʻq-dorilar Buxoroda qolgani, hamma urush jihozlari yaroqsiz holda ekanligi maʼlum boʻldi. Oʻq-dorilar shu darajada ediki, uni alangalatish, shuʼla berish uchun bir lagan otash kerak edi…

Ikki oy deganda Sirdaryo boʻyiga yetib kelib, Sassiqkoʻl degan joyda toʻxtadilar…

Ruslar dushmanning haqiqiy ahvolini bilmas edilar. Ular oʻz kitoblari orqali Temur saltanati va oʻzbek qoʻshinining kuch-qudratidan xabardor boʻlib, butun dashtni moʻru malaxdex egallab kelayotgan sipohlarni koʻrib sulh tuzishga rozi edilar. Ular oʻzlariga katta shikast yetishidan xavotirda edilar. Har qancha odam yubormasinlar, xat yozmasinlar, davlat amirlaridan baxt-omad yuz oʻgirganidanmi ularga soʻz uqtirib boʻlmadi, ehtimol ular (xatlarning) maʼnosini tushunmagandirlar va bu bilan amirni ishontira olishmagandirlar.

…Rus askarlari bir yarim-ikki mingdan oshmasa-da, temir devorday kelar edilar. Bizning askarlar orqaga chekinib bostirib kelayotgan rus askarlarini noqulay joyga tushirib, oʻrab, asirga olmoqchi edilar.

Amir toʻxtagan joyda shohona chodir qad koʻtargan edi. Jang maydoni undan taxminan bir farsah kelardi. Nogʻora ovozi uning chodiriga yetib kelardi. Amir chodir soyasida shaxmat oʻyini bilan band edi. Bir toʻda hofizlar gʻazal oʻqir edilar. Amir nogʻoraning bir maromda urilishiga moslab oyogʻini taqillatib oʻtirardi. Biroq shu vaqt rus qoʻshinlari hujumga oʻtib toʻplarni egalladilar va islom gʻoziylari tomon ikki-uch marta toʻpdan sochma oʻq uzdilar, hamma goʻyo qochishga muntazir boʻlib turganday, toʻp-toʻp boʻlib qocha boshladi… Shu vaqtning oʻzida amir hazratlariga “lashkar bevafolik qildi, orqaga chekindi” degan xabar keltirdilar. Amir sarosimaga tushib, dovdiragan holda shaxmat ustida turib, toʻni va sallasini ham kiyishga ulgurmay, egarlanmagan otga minib qochib qoldi.

…Barcha mulk, behisob anjomlar, pullar, hatto tovoqlarga solingan tayyor taomlar, toʻshaklar ustiga terilgan kosayu piyolalar ham oʻsha joyda qoldi. Lekin rus askarlari bunga eʼtibor berishmadi. Dashtlik qirgʻiz va qozoq elatlari kelib, hech kim hisobiga yetmaydigan bu ashyolarga egalik qildi.

Amir qochayotgan vaqtda zahar tang qilib, hojatini chiqarishga vaqt topolmay, egar ustiga yozilib ishtonini hoʻl qilib qoʻydi. Xovos qishlogʻiga kelib otdan tushdi va yetib kelgan bir necha xizmatkorlarga liboslarini yuvib qoʻyishlarini buyurdi. Ertasi kuni tongda huzuriga ayrim amirlar yigʻildi, amir egniga toza liboslar bilan oroyish berib, Samarqandga yetib keldi. Besh yuzga yaqin kishi amir xizmatiga keldi, taxminan ikki yuz mingga yaqin askar uylariga tarqalib ketdi. Ularni ilgari ham oʻylamay jam qilgan edilar, yana oʻylab-netib oʻtirmay uni tor-mor etilishiga yoʻl qoʻyib berdilar. Hech kim “qayerdan kelding”, “qayerga ketayapsan” deb soʻramadi.

Bu parokandalikning sababchilari Amirning el va ulus ularga xizmat qilishdan or qiladigan maktabdosh gʻulomlaridan iborat lashkarboshilardir. Elatiya jangchilarining oladigan xizmat haqlari 20 tanga edi. Shu ham koʻpincha bir necha kunga kechiktirilib, toʻliq berilmasdi. Bozorlardagi narxlar oʻzgaruvchan, baland boʻlganligi tufayli xizmat haqlari bahodirlarga yetishmas edi. Shu bilan birga, non uchun jon qurbon qiladigan och va muhtojlar juda koʻp edi.

Agar qoʻshin boshiga haqiqiy jangchi tayinlanganda, xazina eshiklari ochilib, har qaysi jangchiga 60 dirhamdan haq berilganda, bozordagi narxlar tartibga solinganda odamlarning shavqi sinmas va dushman bilan jon olib, jon berib kurashar edilar”.

Xullas, Ahmad Donish mangʻitlar sulolasi tarixi toʻgʻrisidagi oʻz risolasida oʻtkir kinoya va achchiq kesatiq bilan oʻzi xizmat qilgan Amir Muzaffarning butun shaxsiy “sifatlari” va “sarkardalik” layoqatini ochib beradi. Bu soʻzlarga yana nimani qoʻshimcha qilish mumkin, axir…

Shu oʻrinda Siz tilga olgan lashkarboshi Olloyor devonbegi haqida bir oz toʻxtalib oʻtsak. Aslida Olloyor devonbegi lashkarboshi, yaʼni muayyan miqdordagi qoʻshin qoʻmondoni boʻlmay, balki u Jizzax hokimi edi. U ham xuddi Buxoro amirlari singari oʻzbeklarning mangʻit urugʻiga mansub boʻlgan.

Mirzo Abdulazim Somiyning yozishicha, Maydayulgʻun hodisasidan keyin Amir Muzaffar “Jizzaxda ekanligida mangʻitlardan Olloyor devonbegini hokimlikka tayinlab, Jizzaxdagi eski qoʻrgʻon atrofida yana bir devor qurib, uni mustahkamlab, shu yerda amirlashkarlar boshchiligida oʻrdu tarzida katta bir lashkar qoldirishni buyurdiki, goʻyo bu tadbir ila u oʻz koʻnglida nasroniylar qoʻshini yoʻlida mustahkam toʻsiq bino qilgandek edi…

Muhosarada qolgan amirlardan Olloyor devonbegi mangʻit, Odil dodxoh xitoy, Abdusattor Inoq Husanbiy, Juyonxoja toʻqsabo, jinirol Iskandarxon va (boshqa) talay amirlashkarlar shahid boʻldilar… Oʻlim soati kechiktirilgan amirlar, xususan, Yoqub qoʻshbegi va boshqa baʼzi bir kishilar magʻlubiyatga uchrab, ust-boshsiz, piyoda Samarqand qochib, oliymaqom poyiga yetib keldilar. Ulardagi (saboq) shon-shuhratning qolgan-qutganlaridan va Maydayulgʻun voqeasidan keyin (hamon) saqlanib qolmish kuch-qudratdan asar ham qolmagandi.

…Jizzax vohasi va (unda) lashkari magʻlub boʻlganligi xabari (olingan)dan keyin janobi oliylari Samarqanddan chiqib, Karmanaga keldilar va shu yerda muqim turib qoldilar. Gʻuzor hokimi Abdulmalik Toʻrani, Hisori Shodmon hokimi Rahmonqul parvonachini, talay qalʼa lashkarlarini, qoʻngʻirot lashkarlarining qolgan-qutganini, Miyonqol lashkarini, Buxoro navkarlarini, (boshqa) viloyatlardagi gʻoziylarni Samarqandda qoldirdi va Gʻishtkoʻprikni mustahkamlab, bu yerda ham oʻrislar yoʻlini toʻsish uchun lashkar qoʻydi”.

Maʼlumki, Jizzax shahri Rossiya imperiyasi qoʻshinlari tomonidan 1866 yil 18 oktyabrda bosib olindi. Tarixchi Somiy xuddi shu jarayonni oʻz asarida tasvirlab, Jizzax hokimi boʻlgan Olloyor devonbegi shaharni himoya qilish jarayonida mardlarcha halok boʻlganligini taʼkidlaydi. Ruslar albatta Jizzaxni bosib olgandan keyin Buxoro amirligidagi ikkinchi muhim markaz – Samarqand shahrini egallashga asosiy eʼtiborni qaratishadi. Ahmad Donishning yozishicha, bu paytda Samarqand hokimi Sherali inoq edi. Amir Muzaffar Samarqand mudofaachilariga yordam tariqasida oʻz oʻgʻli Katta Toʻra nomi bilan mashhur boʻlgan valiahd shahzoda, Gʻuzor hokimi, 18 yoshni toʻldirgan navqiron Abdulmalik Toʻra (1848–1909) boshchiligida bir guruh qoʻshinni qoldirdi.

Ahmad Donish tomonidan Jizzax va Samarqandning oʻrislar tomonidan bosib olinishi esa quyidagicha tasvirlangan: “Bir soʻz bilan aytganda, oʻzbek qozonining qopqogʻi ochildi, oltin deyilgani mis boʻlib chiqdi, ruslar kerakli darajada ularning ahvolidan xabardor boʻldi. Ular shu vaqtning oʻzida Jizzax ustiga yurish qildilar. Jizzaxni mudofaa qilish uchun oʻn ikki ming askar bir necha lashkarboshi amirlar boshchiligida Samarqandga yuborildi. Hamma sarkardalar bir-birlariga muxolif ediki, agar biri dam bersa, boshqasi yurish qilar, agar birining oti loyga botib qolsa, hech qaysisi yordam bermas edi. Ular orasida muntazam askarlar ham bor edi, qoʻmondonlari afgʻonlardan boʻlib, tartibli jang qilish taʼmini olgan, katta maʼrakalarda ishtirok etgan edilar…

Ruslar Jizzaxni egallagandan keyin amir Samarqandda ortiq turishni xohlamadi va Buxoro tomon otlandi. Ulamolar haqiqiy ahvoldan xabarsiz mullalar va avom odamlarning koʻpini Samarqandga yigʻdilar. Amir tomonidan Samarqandga hokim qilib qoldirilgan Sherali Inoq esa “shularning shumligi, igʻvosi bilan qancha jang, fitnalar sodir boʻldi, bu mullalar qatl qilinmasa, omma tinchimaydi” deb yigʻilganlarni qatl qilishga buyurdi. “Aslida gʻazot sunniylarni oʻldirishdan iborat, shunda biz tinch boʻlamiz”, dedi. Oʻz amallarining xatosi boʻlmish farmonni bir toʻda musulmonlarning qoni bilan bezadilar. Samarqand fuqarolari bu bedodlikni Sheralidan koʻrib, butun aholi, musulmon talabalari, erkaku ayol Samarqand garnizoni askarlariga qarshi koʻtarildilarki, koʻchalarda odamlar qoni oqa boshladi. Bu xabar dam-badam dushman qulogʻiga borib yetardi va ular “qayerda oʻldirilmasin, bu bizning foydamizga” der edilar. Oʻshanda Samarqandda boʻlgan buxorolik ayrim sarkardalar yengil vaʼdalar bilan bu fitnani tinchlantirish yoʻlinini topdilar.

Hech kim hech zamon bu mamlakatda boʻlganidek tartibsizlikni koʻrmagan…

Ruslar Samarqand daryosi yoqasiga kelganda toʻplarimizning baʼzilari Choʻponota qiriga chiqarilgan edi. Toʻpdan ikki-uch marta otildi, biroq oʻq-dorimiz olov olmadi. Ruslar sochma oʻq otib, qiyinchiliksiz shaharga kirdi va Koʻktoshni egalladi. Hamma xayolparastlar oʻsha zamon Buxoroga qadar qochib bordi. Shu tariqa, choru nochor sulhga rozi boʻldilar. Asirimizdagi rus zodagonini tekinga ozod qilishdi, amir ruslarga bir yuz yetmish ming dinor qizil oltin berishga majbur boʻldi. Buxoro yeri Samarqanddan chegara chizigʻi bilan ajratildi…

Ruslarga qilingan harbiy xarajatlarni qoplash va biz tomon hujumlarni toʻxtatish uchun yana shuncha miqdorda tovon toʻladik, itoat intizomini bajaramiz deb ushbu mablagʻ bilan Buxoro shahzodasini elchilar bilan birga rus imperatori poytaxtiga yubordik”.

Lekin xalq oʻz hukmdorining nodonligiga qarab oʻtirmaydi. Amir Muzaffarning oʻz oʻgʻli Abdulmalik toʻra bosqinchilarga qarshi bosh koʻtarmoqchi boʻlgan ommani boshqarishga, gʻanimning yoʻlini toʻsishga harakat qildi. Ammo otasi bu xatti-harakatlarni koʻrib, dushmanni emas, oʻz oʻgʻlini, vatanparvar, xalqparvar bir insonni yoʻq qilishga kirishdi, oxir oqibat rus lashkarboshilari bilan til biriktirib goʻyo “maqsadiga erishdi”. Amirni aynan oʻz oʻgʻli bilan adovatlashishiga nima sabab boʻlgan edi?

Darhaqiqat, Katta Toʻra nomi bilan mashhur boʻlgan valiahd shahzoda Abdulmalik Toʻra (1848–1909) Rossiya imperiyasining bosqinchilik siyosatiga qarshi kurash olib borgan jasur inson edi. Xususan, bu paytda Gʻuzor begi boʻlgan Abdulmalik toʻraning jasorati Samarqand qoʻzgʻoloni davrida yaqqol koʻrindi.

Samarqand qoʻzgʻoloni 1868 yil 1-8 iyunda koʻtarilgan. Qoʻzgʻolon, bir tomondan Rossiya imperiyasining bosqinchilik va mustamlakachilik siyosatiga qarshi, ikkinchi tomondan, mahalliy amaldorlarning zulmi va oʻz xalqiga nisbatan xoinligiga qarshi qaratilgan edi.

1868 yil 2 mayda Rossiya imperiyasi qoʻshinlari Samarqandni egallagach, general K. P. Kaufman shahar va uning atrofida joylashgan viloyatlardagi mahalliy amaldorlar oʻz oʻrinlarida qoldirilganini, xalq bungacha mavjud boʻlgan soliqlarni Rossiya imperiyasi xazinasiga topshirmogʻi lozim ekanligini eʼlon qilgan. Oʻsha yilgi soliqlar toʻla undirilganiga qaramay, podsho hukumati aholiga qayta soliq solishni talab qilgan. Zarafshon okrugida (u 1886 yilda Samarqand oblastiga aylantirildi) general N. N. Golovachyov boshliq harbiy-byurokratik hokimiyat tashkil qilinib, mehnatkash aholining amaldorlar va Rossiya imperiyasi maʼmuriyati tomonidan ezilishi Samarqand qoʻzgʻoloniga sabab boʻlgan.

Tarixchi Azim Malikovning yozishicha, 1868 yil 1 iyunda Amir Muzaffarning toʻngʻich oʻgʻli Abdulmalik toʻra boshchiligidagi qoʻshinlar Shahrisabzdan Samarqandga yoʻl olishgan. Ularning yetib kelishi bilan Samarqandda ruslarga qarshi qoʻzgʻolon boshlangan. Qoʻzgʻolonda oʻzbek xalqining turli qavmlari: mangʻitlar, xitoy-qipchoqlar, naymanlar, tuyoqlilar, shuningdek, samarqandliklar, urgutliklar, panjikentliklar va qoraqalpoqlar qatnashgan. Qoʻzgʻolonchilar dastlab Choʻponota tepaligida yigʻilganlar. Ular 2 iyunda qalʼaga (shaharga) hujum qilishgan. Oʻsha davrda Samarqand qalʼasining ikkita darvozasi boʻlgan. Asosiy janglar janubda Ruhobod maqbarasi tarafida joylashgan Buxoro darvozasi atrofida boʻlgan. Baʼzi maʼlumotlarga qaraganda, janglarda vatanparvarlardan 6000 dan ziyod odam qatnashgan.

Qoʻzgʻolonga dastlab Shahrisabz va Kitob beklari Joʻrabek va Bobobek, keyinchalik Abdulmalik toʻra rahbarlik qilishgan. Qoʻzgʻolonchilar rus askarlari joylashgan qalʼaga qattiq hujumlar uyushtirishgan. Butun shahar aholisi qoʻzgʻalgan. Biroq amir qoʻshinlari Zirabuloq jangida ruslar tomonidan tor-mor keltirilganini eshitgandan soʻng va 4 iyun kuni ruslar Shahrisabzga yurish boshlaganligi toʻgʻrisida yolgʻon mish-mishga ishongan Kitob va Shahrisabz beklari Samarqanddan chiqib ketishgan. Bu yolgʻon mish-mishlar va vahimali xabarlarni ruslarning rubli va dabdabali vaʼdalariga sotilgan ayrim sotqinlar va xoinlar tarqatishgan edi. Ularning nomini hatto bu yerda keltirishdan or qilasan kishi… Afsuski, Turkiston va Oʻzbekiston tarixida koʻpincha ana shunday sotqin va qoʻrqoq odamlar hamda ularning avlodlarini oshigʻi olchi, pichogʻi moy ustida boʻlgan… Darvoqe, 1865 yil may oyida rus qoʻshinini ana shunday sotqinlardan biri qirgʻiz millatli Shobdon botir Jontoy oʻgʻli yoʻlboshlovchi sifatida Toshkent shahri ustiga boshlab kelgan edi…

Samarqand qoʻzgʻoloniga keyinchalik Ibod Salimboyev, Toʻxtaxoʻja Nalchor, Zokirboy Razzoqboyev, Abdusharif Abdulfattoyev boshchilik qilishdi. Kuchlarning zaiflashishiga qaramay samarqandliklar qoʻzgʻolonni toʻxtatmay uni 7 iyungacha davom ettirishgan, lekin qoʻzgʻolonchilar uyushtirgan hujumlar ancha susaygan. Ikki kun mobaynida Rossiya qoʻshinining 150 askari safdan chiqqan. 8 iyun kuni Rossiya qoʻshiniga yordamchi ilgʻor qismlar yetib kelgandan keyin qattiq jang boʻlib, Samarqand shahri ruslar tomonidan qayta ishgʻol qilingan.

1868 yil 8 iyunda Kaufman buyrugʻi bilan Samarqand shahri birvarakayiga toʻpga tutildi. Shaharni batamom yoqib yuborish haqida buyruq olgan rus askarlari qirgʻin boshlaydilar. 9 iyunda minglab tinch aholining yostigʻini quritgan Samarqand fojiasi boshlanadi. Qatli om uch kun davom etadi. Minglab odamlar hech qanday tergovu sud va soʻroqsiz otib tashlanadi. Qoʻzgʻolon faollaridan 19 kishi qoʻlga olinib, Sibirga surgun qilinadi. Umuman olganda Samarqand qoʻzgʻoloni tarixda muhim oʻrin tutadi.

Sadriddin Ayniyning fikricha, Abdulmalik toʻraning harakati va qoʻzgʻolonchilarning jasorati tufayli Turkiston oʻlkasining general-gubernatori K. P. Kaufman poytaxt Buxoro shahriga hujum qilishdan voz kechgan va sulh tuzishga majbur boʻlgan.

Xullas, 1868 yil 23 iyunda Samarqandda imzolangan Rossiya-Buxoro sulh shartnomasiga koʻra, Buxoro amirligi Rossiya imperiyasiga tobe boʻlib qolgan. Zirabuloqqacha boʻlgan hudud ruslar boshqaruvi ostiga oʻtgan.

Amir Muzaffarxon shaxsiyatidagi ayrim illatlar: xudbinlik, boshqalar fikrini nazar-pisand qilmaslik va oʻziga haddan tashqari bino qoʻyish, harbiy sohadagi layoqatsizlik va buni tan olmaslik, manmansirashlik kasali va shuhratparastlik kayfiyati, hatto dushman oldidagi jurʼatsizlik va qoʻrqoqlik, odam tanlay bilmaslik va boshqaruv ilmini tushunmaslik kabi kamchiliklar Buxoro davlati harbiy kuchlarining Rossiya imperiyasi qoʻshinlaridan magʻlubiyatga uchrashiga olib kelgan subʼyektiv omildir. Shu bilan birga Buxoroda harbiy ish va qoʻshin ahvoli bu davrda harob holatda ekanligi, Amir Nasrulloh davrida boshlangan islohotlar toʻxtab qolganligi, mintaqadagi uchta oʻzbek davlati tashqi dushman – Rossiya imperiyasiga qarshi kurashda oʻzaro birlasha olmaganligini alohida taʼkidlab oʻtish lozim.

Buxoro amirligi Rossiyaga tobe boʻlib qolgach, amirlikdagi baʼzi siyosiy va harbiy kuchlar Abdulmalik toʻra atrofida birlashdilar. Abdulmalik toʻra, bir tomondan Rossiya imperiyasining bosqini va mustamlikachilik zulmiga qarshi, ikkinchi tomondan, dushmanga qarshi kurashda ojizlik va qoʻrqoqlik qilgan otasi Amir Muzaffarxonga qarshi Gʻuzor, Shahrisabz va Kitobda qoʻzgʻolon koʻtardi. Uni ushbu hudud aholisi hamda viloyatlar hokimlari Joʻrabek va Bobobek qoʻllab-quvvatlaydi. Poytaxt Buxoroda ham Abdulmalik toʻrani qoʻllab-quvvatlovchilar topiladi, uning atrofiga toʻplangan beklar, sarkardalar hamda oddiy aholi vakillari uni Shahrisabzda amir deb eʼlon qilishadi.

Aynan shu holatlar Amir Muzaffarxonning oʻz oʻgʻli bilan yovlashishiga olib keldi. Muzaffarxon oʻgʻliga qarshi qoʻshin tortdi hamda magʻlubiyatga uchrab chekindi. Bu holat qashqadaryolik jurnalist va yozuvchi Samar Nuriyning “Qora tong” (2003) romanida oʻz haqqoniy ifodasini topgan.

Mirzo Abdulazim Somiy oʻzining “Mangʻit sultonlari tarixi” asarida Abdulmalik toʻra jasoratini koʻrsatish bilan birgalikda u yoʻl qoʻygan xatolarni, baʼzi saroy amaldorlari va sarkardalarning ota-bola (amir va valiahd) oʻrtasini buzishga intilgani, shu bilan birga, Amir Muzaffarxon layoqatsiz hukmdor ekanligini ochiq koʻrsatib oʻtgan.

Xullas, Buxoro amiri Muzaffarxon oʻgʻliga qarshi qoʻshin tortdi. Janglarda magʻlubiyatga uchragach, Rossiya imperiyasining Turkiston oʻlkasidagi maʼmurlaridan harbiy yordam soʻrashga shoshildi. Zarafshon okrugi harbiy gubernatori general Abramov boshchiligidagi rus qoʻshinlari 1868 yil 23 oktyabrda Qarshi shahri ustiga yurish qilib, shaharni Abdulmalik toʻradan tortib olib, Amir Muzaffarxonga topshirdi. Abdulmalik toʻra atrof-tevarakdan kuch toʻplashga kirishgan, xususan, Xiva xoni Muhammad Rahimxondan madad istab borgan, soʻngra Hisor viloyatidan va turkmanlardan qoʻshin toʻplab, Qarshini yana otasidan tortib olgan. General Abramov qoʻshinlari 1870 yilda Abdulmalik toʻraning kuchlarini tor-mor keltirib, Shahrisabz, Kitob va Qarshini Amir Muzaffarga qayta olib berdi. Aynan general Abramov buyrugʻi bilan Rossiya imperiyasi qoʻshinlari tomonidan Shahrisabzdagi mashhur Oqsaroy va boshqa yodgorliklar toʻplardan oʻqqa tutilib, vayron qilindi. Biroq bu tarixiy haqiqat hozirgacha ilmiy tadqiqotlarda xolis koʻrsatilmayapti. Hatto akademik Boʻriboy Ahmedov bundan ancha yillar oldin Shahrisabzdagi Oqsaroyni Buxoro xoni Abdullaxon II buzdirgan, degan notoʻgʻri maʼlumotni oʻylab topdi hamda oʻz kitoblaridan kitoblariga bu fikrni koʻchirib oʻtkazish bilan shugʻullandi.

Na otasidan, na Xiva xonidan, na xalqdan, na doʻstu yorlaridan roʻshnolik koʻrgan Abdulmalik toʻra Buxorodan chiqib Afgʻonistonga, soʻngra 1873 yilda Koshgʻarga joʻnab ketishga majbur boʻldi. Koshgʻar Xitoy tomonidan bosib olingach, u Hindistondan panoh topdi. Abdulmalik toʻra 1909 yilda Peshovar shahrida vafot etdi. Xullas, oʻzbek xalqining yana bir jasur oʻgʻloni xoki bugungi Pokiston davlati hududida qolib ketdi…

Endi, gapning mavridi kelib qoldi. Tarixchi olim va bir kuyinchak ziyoli sifatida meni bir narsa koʻp oʻylantiradi. Turkiy xalqlar oʻrtasida, xususan, biz mansub boʻlgan oʻzbek xalqi orasida nega azaldan birlik boʻlmagan. Tarqoqlik va oʻziboʻlarchilik (buni biz oʻziga bek deb lof uramiz), hokimiyat tepasida oʻtirgan aksariyat amaldorlarning Vatan va Xalq manfaatini emas, balki oʻzi va oilasi manfaatini oʻylashi, yurt hukmdorlarining dushman oldida ojizligi va qoʻrqoqligi, xususan, yurtini oʻrisga boy bergan Buxoro amiri Muzaffarxon, Xiva xoni Muhammad Rahimxon II, Qoʻqon xoni Xudoyorxon (bir paytning oʻzida bitta xalqning uchta davlat hukmdorlari) biz uchun oʻta pastkash hukmdorlar hisoblanadi… Gapiraversang, hali gap koʻp.

Amir Muzaffarxon haqida fikrlarimizni yana Ahmad Donish asarlaridan olingan iqtibos bilan yakunlasak: “Amir butunlay ichkilik, buzuqlik, shahvoniy nafsga berilib ketdi. Qarshidan Keshgacha hududdagi unga boʻysunadigan qalʼalarda gʻavgʻo va fasodga yoʻl ochilmasin deb, past tabaqali odamlarni oqsoqol qilib tayinladi. Izzat-obroʻlilarini esa olib tashladi. Bu viloyatlarga koʻngil ochish maqsadida borganda shu yerdagi oqsoqollarning har kuni taʼzim bajo keltirishlarini talab qilar va viloyat qizlarini mendan qochirmasin deb yil davomida ularga shohona toʻnlar kiydirardi…

…Xuddi shunday oʻnlab aravalarda vazirning maxsus odamlari, mulozimlari Buxorodan kelar edi. Ular qizlarni topib, amir qayerda boʻlsa, kechayu kunduz oʻsha yerga olib borishar edi. Oʻn ming askar – xizmatkorlari bilan yigirma mingga yetardi. Ular oʻsha diyor xotinlari, farzandlariga koʻz olaytirar, hayvoniy hirsga berilar edi. Ularing Buxoroda qolgan 20000 xotinlari esa har oqshom 20000 odam bilan yaqinlashardi. “Alloh asraganlari bundan mustasno, albatta”. (Qurʼoni karim, 7,142-145)

Xullas, Mavorounnahrning Buxoroyi sharif joylashgan qismi yalpisiga Lut Shahristoniga aylandi. Fisqu fasod, tartibsizlik shunchalik kuchaydiki, mamlakat firʼavnlari Misrga oʻxshab “fosiqlar shahri” nomi bilan mashhur boʻldi. Lut shaharlariga oʻxshab iflos makonga aylanishidan qoʻrqish kerak edi. “Allohim, bu yer odamlarini bu fasoddan saqla”. (Qurʼoni karim, 15,74)

Amir Muzaffar boshqaruvi zamonida oʻrnatilgan tartiblar jumlasiga gulxan atrofida bazmu tomoshalar, bolalar raqsi, masxarabozlarning chiqishi, dorbozlar oʻyinining joriy etilishi, hamma viloyatlarda nogʻora, karnay ovozlari yangrab turganini qoʻshish mumkin. Hamma joyda tinchlik hukmron, fitnayu fasod tugatilgan degan fikr hosil boʻlishi uchun shunday qilinardi. Agar davlatga xavf-xatar tugʻilgudek boʻlsa, amir bu qadar xotirjam boʻlmasdi, doira ovozini eshitib oʻtirmasdi, degan xulosa hosil qilish uchun ham shu taxlit masxarabozlik qilinardi. Shahar aholisi suvsizlikdan, narxlarning balandligidan jon berayotgan boʻlsalar ham, surnayu karnay va nogʻora ovozlari pasaymasdi, dorbozlar, raqqoslar oʻz oʻyinlarini davom ettirar edilar. Zarafshon toʻlib oqqanda, osmondan yomgʻir oʻrniga gʻalla yoqqanda shunday sevinish mumkin edi. Boʻlmasa, joʻshqin tantana, ziyofatlar nima uchun qilinayapti? Tavba qilish, kechirim soʻrash vaqti, bilʼaks, aslo raqs, dorni tomosha qilish vaqti emas edi. Choru nochor baʼzilar shunchaki yoki och qolsalar tomoshaga borar edilar.

Amir Muzaffar davri uzluksiz bayramu ziyofatlar zamoni boʻldi. Masalan, agar yangi yil (Navroʻz) kirsa, ikki oycha ayshu ziyofat toʻxtamasdi. Keyin Ramazon Qurbon hayiti, kelardi. Agar bu bayramlar tugasa, kelin toʻylari, shahzoda va malikalarning nikoh toʻylari uyushtirilardi. Oliyhimmatli kishilar bu ziyofatu bayramlarda oʻzlarini badnom qilmas edilar. Bu maʼrakalarda tuban, xasis odamlar, masxarabozlar, oʻyinchilar, besoqollar sovgʻalarini xaltalab uylariga tashir edi. Saroyga qizlar, fohishalarni yetkazib beradigan qoʻshmachi kampirlar hammadan koʻp olar edi”.

Qizigʻi shundaki, keyingi amirlar ham xuddi shu yoʻlni tutishdi. Amir Olimxonni oling, begunoh xalqni ezgani yetmaganday, yurtning qaysi goʻshasida chiroyli qiz boʻlsa, keltirib or-nomusini toptadi, haramini toʻldirib, xotinbozlikdan boʻshamadi. Oʻrisning nayrangiga uchib, Fayzulla Xoʻjayevni dushman deb bildi.

Oʻz navbatida F. Xoʻjayev ham dushman hiylasiga koʻra Olimxonni eng xavfli gʻanim hisobladi. Ayting-chi, bu hukmdorlar uchun Vatan taqdiri shu darajada arzimas yumush edimi?

Keling, eng avvalo savolimizga ozgina oydinlik kiritib olaylik. Mangʻitlar sulolasining soʻnggi hukmdori Amir Said Olimxon (1881–1944) bilan BXSR va Oʻzbekiston SSR hukumatlarining dastlabki raisi Fayzulla Xoʻjayev (1886–1838) oʻrtasida har jihatdan katta farq boʻlgan. Biroq bir nuqta ularni oʻzaro tutashtiradi: har ikkalasi ham Buxoroning farzandi, shu buyuk zaminda tavallud topishgan edi. Biroq ularning har ikkalasi ham yurtidan uzoqda: biri Moskva oʻrmonlarida 1938 yilda, ikkinchisi esa afgʻon tuprogʻida – Kobulda 1944 yil vafot etishdi. Har ikki shaxsning oʻlimi fojia bilan yakunlandi. Har ikkisi ham yurt diydoriga talpinib, musofirlikda jon berdi. Bu tarix ogʻir, ayanchli va mungli tarixdir. Tarix saboqlari esa undan-da ogʻir. Shuning uchun dadil ayta olamanki, bu zotlar uchun Vatan taqdiri, xususan, Fayzulla Xoʻjayev uchun “arzimas yumush” emas edi! Fayzulla Xoʻjayev, hatto Amir Olimxon ham Vatan taqdiri, Buxoro yoxud Turkiston, umuman aytganda Oʻzbekiston taqdiri uchun qaygʻurishgan.

Biroq har ikkalasi ham qattiq adashdi, jiddiy xatolarga yoʻl qoʻyishdi. Amir Olimxon oʻzining kichik zamondoshi, yirik savdogarning oʻgʻli boʻlgan Fayzulla Xoʻjayevga past nazar bilan qaramasdan uning fikriga quloq tutganda, Buxoroda konstitutsion monarxiya oʻrnatilganda bolshevizm balosiga qarshi jiddiy kurashish mumkin edi. Lekin men tarixchi sifatida shuni ayta olamanki, Buxoro amirligi ham, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi ham Rossiya va SSSRning harbiy va siyosiy tazyiqlari ostida mustaqil faoliyat yurita olmas edi. Sovet hokimiyati Sharqda bu “mustaqil davlatlar” mavjud boʻlishiga indamay qarab tura olmas, ularni yoʻqotish va avval Sovet Rossiyasi, soʻngra Sovet Ittifoqi (SSSR) tarkibiga kiritish uchun barcha jirkanch vositalar va imkoniyatlardan foydalanishi sir emas edi. Aslida ham shunday boʻldi. Dastlab – 1920 yil sentyabrda qizil armiyaning yordamida Buxoro bosib olindi va amirlik tuzumi kuch bilan agʻdarib tashlandi. 1924 yil oxirida Oʻrta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish oʻtkazilishi natijasida Turkiston ASSR va Xorazm SSR singari Buxoro Sovet Sotsialistik Respublikasi ham siyosiy yoʻl bilan tugatildi.

Uch ming yillik tarixga ega boʻlgan oʻzbek xalqi va uning davlatchilik tarixining ikki asosiy oʻchogʻi – Buxoro va Xorazm siyosiy sahnadan yoʻqotildi. 1925 yil fevralda Oʻzbekiston SSR tashkil topdi va u oradan koʻp oʻtmay – 1925 yil may oyida SSSR tarkibiga kiritildi.

Keling, suhbatimizni tarixiy dalillar bilan emas, balki Oʻzbekistonning XX asr tarixida muhim rol oʻynagan hamda Siz tilga olib oʻtgan mazkur ikki tarixiy shaxs haqidagi fikrlar bilan davom ettirsak.

Amir Said Olimxon mangʻitlardan Abdulahadxon xonadonida 1881 yil 18 dekabrda (hijriy 1288 yil muharram oyining 15 kuni) Karmana shahrida tugʻilgan. Olimxonning enasi Davlat Baxt oyim ismli goʻzal ayol boʻlgan. Olimxon yolgʻiz oʻgʻil sifatida alohida mehr-muhabbat va ehtiromga loyiq holda voyaga yetgan. Uni yoshligidan boshlab Toʻrajon toʻra deb eʼzozlashgan.

Amir Abdulahadxon 1910 yil 22 dekabrda Karmana yaqinidagi Xayrobod chorbogʻida 54 yoshida vafot etgach, Karmana hokimi boʻlib turgan Mir Sayyid Olimxon toʻra otasining dafn marosimidan keyin Buxoro shahriga kelib, 1910 yil 24 dekabrda 29 yoshida amirlik taxtiga oʻtirdi.

Amir Said Olimxon dastlab Buxoro amirligida maʼmuriy, iqtisodiy va harbiy sohada islohotlar oʻtkazilishiga uringan. U 1910 yil 30 dekabrda maxsus farmon chiqarib, islohotlar dasturini eʼlon qilgan. Farmonga koʻra xalqdan olinuvchi turli soliqlar kamaytirilgan va xiroj tartibga solingan, amaldorlarning pora olishi taʼqiqlanib, ularga xazinadan maosh belgilangan. Harbiy ishni qayta qurishga kirishilgan. Navkarlar va sarbozlarning maoshlari ikki-uch barobar oshiriladi. Amir Said Olimxon va arkoni davlatning bu ishlarini Buxoro jadidlari, xususan, Fitrat katta olqishlar bilan qarshilagan. Biroq oradan koʻp oʻtmay Amir Olimxon qadimistik yoʻl tarafdorlari boʻlgan baʼzi ulamolarning tazyiqlari natijasida bu islohotlarni toʻxtatib qoʻygan. Yosh buxorolik jadidlarga nisbatan xayrixohona siyosatni ham oʻzaro adovat va nafrat egallagan.

Shu bilan birgalikda Amir Olimxon hukmronligi davrida Buxoro amirligini Rossiya imperiyasiga qaramligi tobora kuchaydi. Uning farmoni bilan taraqqiyparvar kuchlar, avvalo, Yosh buxoroliklar qattiq taʼqib qilindi. Birinchi jahon urushi davrida Rossiya imperatori Nikolay II uni general-leytenant harbiy unvoni bilan taqdirlagan va oʻzining general-adʼyutanti qilib tayinlagan (1915 yil dekabr). Chunki amir urush paytida Rossiya davlatiga katta miqdordagi mablagʻ bilan moddiy yordam bergan edi.

Amir Olimxon Buxoro mamlakati uchun masʼuliyatli boʻlgan bir davr – 1917–1920 yillarda toʻgʻri siyosat yuritish oʻrniga jabr-zulmni kuchaytirgan. Buxoroda 1917 yil aprelda boʻlgan namoyish, xususan, Kolesov voqeasi (1918 yil mart)dan keyin u amirlik hududida 3000 kishini jadid deb ayblab, nohaq qatl qildirgan.

Turkiston oʻlkasida 1917 yil kuzida sovet rejimi oʻrnatilgach, Xorazmda Junaidxon hamda Fargʻona vodiysida Madaminbek, keyinchalik Shermuhammadbek bilan qizil armiyaga qarshi kurashda ittifoq tuzilgan boʻlsa ham Amir Said Olimxon ularga yetarli darajada harbiy yordam koʻrsatmadi. Buxoro qoʻshinini zamonaviy qurollar bilan taʼminlash ishlari ham oxiriga yetkazilmadi. Olimxon mamlakat ahvolini yaxshilash oʻrniga asosiy vaqtini dabdabali turmush kechirish va aysh-ishratga sarflagan. Buxorodagi ayrim mutaassib ulamolarning kuchli taʼsiri ostida boʻlgan ulugʻvor bir turkiy davlat – Buxoro amirligi tanazzulga uchrab, parchalanib ketishida Olimxonning kaltabinligi sabab boʻlgan.

1920 yil avgustida Turkiston fronti qoʻshinlarining Buxoroga qilgan bosqini natijasida Said Olimxon toj-taxtdan mahrum boʻldi. Buxoroda amirlik tuzumi agʻdarib tashlandi. Qizil askarlar tomonidan Buxoro shahri vayron qilindi, amirlik xazinasi toʻla ravishda Moskvaga tashib ketildi. Amirlikning 118 kishidan iborat harami 1920 yil sentyabr oyi boshlarida Xoja Orif (hozirgi Shofirkon)da qizil askarlar tomonidan qoʻlga olingan. Sentyabr oyining oʻrtalarida sobiq amir Sharqiy Buxoroga borib oʻrnashdi. Xullas, Buxoro fojialari Said Olimxonning shaxsiyatida keskin oʻzgarishlar yasadi. Biroq dushmanga qarshi kurash uchun asosiy fursat boy berilgan edi. Shunday boʻlishiga qaramasdan Olimxon Buxoro xalqining bosqinchi qizil armiyasiga qarshi olib borgan mustaqillik kurashiga rahbarlik qilishga urindi.

Said Olimxon Hisor viloyatini oʻziga qarorgoh (markaz) qilib, olti oy davomida qizil askarlarga qarshi kurashadi. U Hisorda saroy aʼyonlari va mahalliy amaldorlardan iborat yangi hukumat tashkil qiladi, buxoroliklarning qizil askarlarga qarshi olib borayotgan jang harakatlarini muvofiqlashtirishga intiladi. Yangi hukumat faoliyatida Hisor hokimi Avliyoqulbek (1922 yili halok boʻlgan) muhim rol oʻynaydi. Biroq bir qator janglarda magʻlubiyatga uchragach, 1921 yil 4 martda Said Olimxon oʻz yaqinlari va saroy aʼyonlari bilan Amudaryoning Chubek kechuvidan Afgʻonistonga oʻtib ketgan.

Kobul shahrida Olimxonni Afgʻoniston amiri Omonullaxon (hukmronlik davri: 1919–1929) qabul qilib, doimiy yashashi uchun unga poytaxt yaqinidagi Qalʼai Fotuda maxsus qarorgoh ajratib berdi. U Kobulda muqim yashasa ham Buxoroda istiqlolchilik harakatiga gʻoyaviy jihatdan rahbarlik qilishda davom etdi, qoʻrboshilar va ulamolarga turli maktublar va qimmatbaho sovgʻalar joʻnatib, ularni bolsheviklar va qizil armiyaga qarshi kurashga ilhomlantirdi.

Olimxon qolgan butun umrini Kobulda oʻtkazdi. U Xorijda ham Buxoroni bolsheviklardan ozod qilish fikridan voz kechmadi. 1929 yil 4 iyunda “Manchester-Gardian” (Angliya) gazetasida Olimxonning “Bolsheviklarning Oʻrta Osiyoga kompaniyasi” nomli jahon xalqlariga murojaatnomasi eʼlon qilindi. Bu murojaatnomada sovet Rossiyasining 1917–1922 yillarda Markaziy Osiyoda yuritgan mustamlakachilik siyosati, Buxoroning qizil armiya tomonidan bosib olinishi, amirlik xazinasining talon-taroj qilinishi va Moskvaga olib ketilishi, istiqlol janglari haqida muhim maʼlumotlar mavjud. Sobiq hukmdorning yozishicha, Turkiston mintaqasida qizil armiyaga qarshi kurashayotgan mujohidlar soni bu paytda 60000, qizil armiya jangchilarining soni esa 100000 kishi (faqat Buxoroning oʻzida 40000 nafar qurolli qizil askar) boʻlgan.

Said Olimxon Kobulda oʻzining “Buxoro xalqining hasrati tarixi” nomli mashhur esdaliklarini yozgan. Bu memuar va uning Millatlar Ligasiga yozgan rasmiy bayonoti oʻzining maxsus vakili general Hoji Yusufbek Muqimboy oʻgʻli orqali 1927 yil sentyabrda Jenevadagi bu tashkilot rahbarlariga topshirildi. Murojaatnoma Jenevadagi Millatlar Ligasidan tashqari Gaagadagi xalqaro tribunalga, Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya va boshqa davlatlarning rahbarlariga joʻnatildi. Buxoroning sobiq amiri tomonidan tayyorlangan ushbu rasmiy hujjat jahon ahlini junbushga soldi. Fransiya, Italiya, Shveysariya, Germaniya, Angliya va Eron davlatlarida bu murojaatnoma qizgʻin muhokama qilindi.

Said Olimxon muhojirlikda yurt diydoriga talpinib yashadi. Uning Buxoroga qaytib kelish haqidagi iltijolariga SSSR davlati rahbari I. V. Stalin qatʼiy rad javobini bergan. Umrining oxirida uning koʻzlari xiralashib, oʻzi ogʻir dardga chalindi. 1944 yil 28 aprelda Said Olimxon uzoq davom etgan xastalikdan soʻng 63 yoshida Kobul atrofidagi Qalʼai Fotuda vafot etdi. U Kobul yaqinidagi Shahidoni islom (islom shahidlari) qabristoniga dafn qilingan. Uning dafn marosimiga deyarli barcha islom mamlakatlaridan vakillar kelgan. Olimxon qabri ustiga katta marmardan xotira toshi oʻrnatilgan.

Qahramon aka, Siz bilan biz bir asrning naryogʻidagi tarix haqida soʻzlashib yotibmiz. Nima boʻlganda ham bu kechilgan tarix. Qanday xulosa chiqarishimizdan qatʼi nazar u oʻzgarmay qolaveradi. Bugunning, Mustaqil yurtning havosidan bahramand boʻlayotgan, tinch, osoyishta zamonning koʻngli toʻq fuqarolarimiz. Ulugʻ Istiqlolimizning 23 yillik shodiyonasi yaqin. Biz uning qadriga yetish maʼnosida tarixning, Qodiriy taʼbiri bilan aytganda “qora va kir” sahifalariga murojaat qildik, esladik. Bu ham behudaga emas. Kechagi kunni mutlaqo eslamasligimiz ham mumkin. Biroq ular ham ajdodlarimiz. Ular qoʻrqoqlik qilmaganlarida Vatanning begunoh fuqarolari behuda nobud boʻlmagan, azob koʻrmagan, ulugʻ maʼrifatparvarlarimizning yosh jonlari qirchinidan qiyilmagan boʻlarmidi, madaniyatimiz, adabiyotimiz bundan koʻra ulugʻ choʻqqilarga erishmasmidi, yurtimiz bundan ham chandon goʻzalroq boʻlarmidi, deb oʻylaysan-da odam.

Suhbatimizning chin maʼnosi ham shu oʻzi: armon. Boshqa narsa emas.

– Darhaqiqat shunday.

Keling, oʻzaro suhbatimizga hozircha nuqta qoʻyib, uni Ahmad Donishning quyidagi fikrlari bilan yakunlasak:

“Amir Temur dunyoning toʻrtdan bir qismida jasorati, mardligi bilan nom qozongan boʻlsa, Buxoro amirlari badaxloqliklari, irodasizliklari, qoʻrqoqliklari bilan oʻz nomlarini badnom qildilar.

Buxoro va Samarqand adolat, insof, dinu diyonat, ilmu amali bilan dunyoga dovrugʻi ketgan shaharlardandir. Bular ushbu shaharlarni shunchalik badnom qildilarki, buning sharmandaligi qiyomatgacha qoladi, tarix varaqlaridan oʻchmaydi…

Turon mamlakatini boshqarish xotinlar darajasidan past odamning qoʻliga oʻtsa-ya?!. Musulmon amirining qabohat, razilliklarini xotirjam kuzatuvchi koʻz qayda bor?!”

Mangʻitlar oʻtmishi ham bizning, oʻzbek xalqining tarixidir. Tarixdan esa voz kechib boʻlmaydi. Faqat saboq chiqarish mumkin. U shuning uchun ham muhimdir…

 

Suhbatdosh: Sobir OʻNAR

 

“Yoshlik”, 2014 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.