Muammoning koʻzi ochilsa

0
179
marta koʻrilgan.

Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori

Ibrohim HAQQUL bilan suhbat

 

Ibrohim aka, suhbatlaringizdan birida: “Buyuk ajdodlarga munosib voris boʻlishning bosh sharti – xuddi oʻshalarga oʻxshab doimiy va qatʼiyat ila oldinga harakat qilish”, degan edingiz. Ayting-chi, bugungi avlodning ajdodlar oldidagi qarzi nimada?

Oʻshalarga oʻxshab tabiiy, toʻgʻri va erkin umr kechirishni eplay olishida. Qachonki til bilan dil, soʻz bilan amal orasida uzilish boʻlsa, ajdodlar bilan avlodlar oʻrtasidagi uzilish ham shu boʻladi. Bunday paytda tarixiy siymolarni maqtash oʻz ojizliklarini yashirish niqobiga aylanadi.

Avlodlar almashinuvi har qaysi jamiyatga xos xususiyat. Tabiiyki, har qanday avlod vakillari maʼlum jihatlari bilan farq qiladi, oʻz navbatida, bir-birini toʻldiradi. Siz avlod tushunchasiga qanday qaraysiz?

Avlod tushunchasi boʻlgan. Bor. Keyin ham boʻladi. Bir avlod ikkinchisidan fikr-qarashlari, maslagi, jurʼat-jasorati, qay maqsadlar uchun kurashganligi bilan ajralib turmasa, avlod degani maʼnaviy-axloqiy, ijtimoiy-siyosiy qiyofadan mahrum toʻdadan hech farqlanmaydi. Shoʻro davlati hukm yuritgan davrlarda bir necha avlod zulm va qaramlik qurboni boʻlishgan. Bu fojiani unutmaslik kerak.

Sizning avlodingiz(bu iborani alohida taʼkidlagim keladi) faqat adabiyotdagina emas, ijtimoiy hayotda ham faol, kezi kelganda, murosasiz edi. Sizlar oʻshanda “Dunyoni adabiyot qutqaradi” degan aqida bilan yashaganga oʻxshaysiz. Bu urinishlaringiz besamar ketmagani aniq. Nima deysiz, bugungi avlod davr ehtiyojlariga munosib javob bera ol(a)dimi?

– Biz uchun adabiyot chindan ham muqaddas bir mavjudlik edi. “Dunyoni adabiyot qutqaradi” degan aqida bilan yashamagan boʻlsak-da, adabiyot hayotni, insonni oʻzgartirishiga ishonardik. Tengdoshlarimdan koʻpchiligi shaxsiy hayot tashvishlarini nazarga ilmay adabiyot, haqiqat, hurriyat dardi bilan kun kechirishgan. Bugun bunday holatni kuzatish qiyin. Yosh ijodkorlarda davr, zamon, kelajakka munosabatda qandaydir torlik, mahdudlik borga oʻxshaydi.

Butun ilmiy faoliyatingiz Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti bilan bogʻliq holda kechayotir. Oʻtgan yillar davomida necha-necha yosh tadqiqotchilarning ilmiy ishlari muhokamasida qatnashgansiz. Bugungi navqiron ilm, boʻlgʻusi olimlar haqida fikrlaringiz qanday? Ular faoliyati sizni qoniqtiradimi?

Ilmga yangi kirib kelganlar oldingi avlod vakillaridan albatta oʻzib ketishadi, degan fikr yaqin-yaqingacha menda barqaror edi. Hozir unday emas. Chunki did, saviya, dunyoqarash va shaxsiyat xususida jiddiy oʻylab, qattiq zahmat chekilmasa, olimlik ham oʻziga yarasha boʻladi. Yoshlarimiz faoliyatini imkon darajasida kuzataman. Ammo ular safida his qilish, anglash, harakat borasida salohiyati yuksaklari ancha siyrak. Vaholanki, mustaqillik shart-sharoitida oʻziga ishonchi baland, koʻngli ham, fikri ham erkin isteʼdod sohiblarining soni yildan-yilga ortib bormogʻi kerak. Bu haqda yoshlarning oʻzi koʻproq fikrlashi lozim, deb oʻylayman.

Maqola va suhbatlaringizda ijod va eʼtiqod vobastaligi haqida koʻp taʼkidlaysiz. Biz yoshlar eʼtiqodni juda tor maʼnoda, asosan, diniy istiloh sifatida tushunadiganga oʻxshaymiz. Ayting-chi, yosh avlodning hayotiy eʼtiqodi uchun nimalar muhim? Umuman, eʼtiqod tarbiyalanadimi?

Eʼtiqodning poydevori, albatta, din. Diniy ishonch va tushunchalardan ajralish – oʻzni ruhoniyatsizlik ofatiyu dahriylik kulfatlariga mahkum aylash demak. Ayni paytda eʼtiqodni diniy va ilohiy mazmun-mohiyat bilan cheklab ham boʻlmaydi. Ishq, Maʼrifat, Haqiqat… – bularni eʼtiqoddan ayri holda tasavvur etish mumkinmi? Or-nomus, hayo, gʻurur singari bezavol tuygʻularning muhofizi ham, avvalo, eʼtiqoddir. Inson irodasi qancha baquvvat boʻlsa, eʼtiqod ham oʻshancha kuchga toʻladi. Odamning eng katta dushmani – qoʻrquv va tahlika. Eʼtiqod ana shu gʻanimni tanish hamda unga qarshi turishga ragʻbatlantiradi. Umuman, eʼtiqodsizlikdan xalos boʻlishning yagona chorasi hayot sinovlaridan oʻtgan eʼtiqodga suyanish hisoblanadi.

Shu paytgacha ijodingizning asosini mumtoz adabiyot, xususan, Navoiy ijodini oʻrganish, tadqiq etishga bagʻishlagansiz. Nazarimda, biz Navoiyni oʻrganish uchun oʻsha davr – XV asrga bormoqchi boʻlamiz va bu mumkin emas. Vaholanki, mutafakkir bobomiz vaqt masalasida ham shunchalar ilgarilab ketganki, cheksiz imkoniyatlar asri avlodi hali-beri uning etagini tuta olmasa kerak. Garchi bu borada koʻp fikrlar bildirgan boʻlsangiz-da, soʻramoqchiman: Navoiyni qanday qilib XXI asrga qaytarish mumkin? Buning eng samarali yoʻllarini sanab oʻtsangiz.

Navoiyni hech bir maʼnoda oʻz asri va zamonidan ajratib boʻlmaydi. XXI asr oʻquvchisi Navoiyni bilishga kuchli ehtiyoj sezsa, maqsadga yetishmoq uchun til, tarix, anʼana yoki din va falsafadan bir yoʻl izlashga kirishadi. Buni birov sanʼat va mahorat jozibasidan, kimdir hayotiy taassurotlar tasviridan, boshqa biri tasavvufiy tushuncha va timsollar ifodasidan topishi mumkin. Muhimi, u yoki bu asosga tayanish.

Navoiyni Navoiyning himmati va yordamisiz oʻqib-oʻrganish ancha qiyin. Bu nima degani? Avvalo, dunyoga, hayot va insonga mutafakkir shoir nigohi bilan qarashga urinish degani. Navoiy yoqlagan va ulugʻlagan haqiqatlarni yurakdan oʻtkazib, qoralagan narsa va tushunchalarni dil-dildan inkor aylashga bel bogʻlang, kutilmaganda koʻngilda oʻzingizdan norozilik hissi bosh koʻtaradi. Ana shunda Navoiy soʻzlarini anglash va hazm qilishda tafakkur kuchi bilan birga maʼnaviy-ruhiy quvvat zarurligiga toʻla iqror boʻlasiz. Ulugʻ shoir qitʼalaridan birida, mana, nima deydi:

 

Kimki maxluq xizmatigʻa kamar,

Chust etar – yaxshiroq usholsa beli.

Qoʻl qovushturgʻucha bu avlodur,

Ki aning chiqsa egni, sinsa ili.

Chun xushomad demakni boshlasa kosh,

Kim tutulsa dami, kesilsa tili.

 

Yaʼni: Kimki manfaat tufayli oʻziga oʻxshash bir banda – maxluqning xizmatiga qattiq bel bogʻlasa, bundan koʻra uning beli shikastlangani yaxshiroq. Qoʻl qovushtirib qulluqbozlikni qoyillatishdan koʻra esa odamning yelkasi chiqib, qoʻli singani avlo. Agar til xushomad aytishga boshlasa-chi? Unda nafas tutilib(yoki chiqmay), tilning kesilgani maqbuldir.

Goʻyo qargʻish “til”i bilan bitilgan bu qitʼa sheʼrxonni ham oʻziga, ham oʻzgalarga nisbatan murosasiz boʻlishga chorlaydi. Lekin amaliy urinish va qiyosiy fikrlash soʻnggida oʻquvchi ichki azobdan boshqa bir nima topmaydi. Tirikchilik tashvishu armonlari bilan qurshalgan xaloyiq asrlar mobaynida hurlikdan muteʼlik va tobelikni, gʻururdan gʻurursizlikni, rostgoʻylikdan xushomad va tilyogʻlamalikni afzal koʻrgan. Zero, nima yashashga yengillik berib, qulaylik tugʻdirsa, inson undan ajralishni xohlamaydi. Demoqchimizki, Navoiy talqin qilgan haqiqatlarning mohiyatiga yetish, zamon talablariga muvofiq ravishda ularni rivojlantirish uchun oʻquvchida nainki aqliy, balki maʼnaviy-ruhiy imkoniyat ham baland boʻlmogʻi shart.

Ochigʻi, bir jihatdan, bugungi yosh avlod Navoiyni tushunmayotganidan (oʻqimayotganidan deya olmadim) xursand boʻlaman ham. Negaki, orada besh yarim asrdan ziyod vaqt (ammo ulugʻ shoir hamon asrimizdan oldinda ekanini aytib oʻtdik) yoki murakkab til, ajnabiy soʻzlar emas, butun bashariyatga maʼnaviy rahnamo boʻlgulik ulugʻ daho “toʻsiq” boʻlib turibdi. Boshqacharoq aytsak, biz yoshlar Navoiyni tushunmayotgan ekanmiz, bunga buyuk mutafakkirning oʻzi “aybdor” goʻyo. Zamonaviy til bilan aytganda, “supperinson” – Navoiy olamiga boʻylashga har kimning, ayniqsa, hali deyarli hech narsa qoʻlidan kelmaydigan beqaror tuygʻular egasining yuragi betlarmidi? Shuning uchun ham men oʻz-oʻzidan “Navoiyni oʻqiyapman” deya koʻkrak kergan tengdoshimning gaplaridan shubhalanaman. Albatta, bu yerda gap uqib oʻqish haqida ketmoqda. Tabiiyki, Navoiyni oʻqiyotgan yoshlar oʻzi sezgan-sezmagan holda boshqalardan oʻzini ustunroq qoʻya boshlamasligiga kafolat yoʻq. Ulugʻ daho dunyosiga hanuz oshno boʻlib kelayotgan inson sifatida fikrlarimni malol olmaysiz, degan umiddaman. Oʻzingiz “Navoiyni maʼlum manfaatlar, aqliy muddaolar nuqtai nazaridan turibgina oʻqimaslik kerak”, deysiz. Aytmoqchi boʻlganim, Navoiyni oʻqish uchun, avvalo, ichki ehtiyoj va ruhiy yaqinlik boʻlishi kerak emasmi? Bugunning yoshlari orasida Navoiyga botinan bogʻlanganlari bormikan? Yosh navoiyshunoslar orasida-chi?

Bilasizmi, Alisher Navoiy ijodiyotiga teranroq kirib borish kishini “maydagina gʻolib, maydagina magʻlub”lik qismatidan bir qadar qutqazadi. Navoiyshunos boʻlishning asosiy shartlaridan biri “oʻzlik imorati”ni buzish, yaʼni sifat eʼtibori bilan oʻzini oʻzi isloh aylashdir. Bu ishning oʻziga yarasha qiyinchilik va azoblari borki, bularni hech kimga suyanmasdan, har kimning oʻzi hal qiladi. Navoiyni puxta oʻqib, yaxshi tushungan yoshlar “oʻzi sezgan-sezmagan holda boshqalardan oʻzini ustunroq qoʻysa”, buning hech yomon joyi yoʻq. Navoiyni bilish, istang-istamang, odamni maʼnan va ruhan balandga koʻtaradi. Ana shunda ruhda cheksizlik, samoviylik ishtiyoqi qanot yozadiki, botiniy hayotda ajab holat va manzaralarni koʻrib hayronlar qolasiz. Hamma daho sanʼatkorlar singari Navoiy ijodiyoti ham qalbni soʻngsizlik zavq-shavqi bilan orziqtiradi. Ruhan Navoiyga yaqinlashishni koʻzlagan kishi buni albatta eʼtiborga olmogʻi lozim…

Maqola va suhbatlaringizda Navoiyni Navoiyga yaqinlashtirish yoki Navoiyni Navoiydan yiroqlashtirish borasida gapirib, bugungi maʼnaviy muammolarimizning aksariyati klassik merosdan uzoqlashish tufayli kelib chiqqanini kuyinib taʼkidlaysiz. Shaxsan menga mumtoz va zamonaviy adabiyotni bir-biridan ayirmasligingiz, aksincha, birini ikkinchisiga uzviy bogʻliq holda oʻrganishga daʼvat etishingiz juda maʼqul tushadi. Yana, ulkan ijodkorlar fikriga tayanib, zamon adabiyoti namunalari oʻquvchi diqqat-eʼtiborini oʻziga chuqur jalb eta bilmasa, mumtoz adabiyot bilan aloqa ham susayib boradi, deysiz. Demak, klassik merosdan uzoq ekanimiz zamonaviy adabiyot bilan bogʻliq ekan-da?

Hech bir davr, hech qaysi zamonda adabiyot hayot haqiqati va inson taqdirini oʻzi istagan darajada erkin hamda haqqoniy tarzda tasvirlab bera olgani yoʻq. Bunga qarshi kuchlarning qoʻli esa doim baland boʻlgan.

Badiiy asar qachon qiziqib oʻqiladi? Qachonki xalq unda oʻz turmushi, ijtimoiy ahvoli va gʻam-gʻussalarining rost, tabiiy tasvirini koʻrsa. Bir davr adabiyoti bilan ikkinchi bir davr adabiyotini mustahkam bogʻlaydigan “oltin zanjir” ana shu tajribadir. Shu maʼnoda shijoatsizlik, qaramlik xastaligiga yoʻliqmagan zamonaviy adabiyot namunalari mumtoz adabiyotni bilish istagini jonlantirib yuboradi. Odam qaysi davr adabiyotini oʻqimasin, unda ich-ichdan oʻzini koʻrgisi, his-tuygʻulariga muqobil hol va holatlarni kechingisi keladi. Demak, zamonaviy va mumtoz adabiyotni birlashtiruvchi “koʻprik” shaxsiyatini butunlashtira olgan kitobxondir.

Zamon oʻzgardi. Ideallar oʻzgarib ketdi. Shu oʻrinda ideal tushunchasiga oydinlik kiritib oʻtishingizni xohlardim. Ehtimol, bizning bu boradagi tasavvur va tushunchalarimiz oʻta yuzakidir. Yoshligingizda kimni yoki nimani ideal deb bilgansiz? Ideal(lar)ingiz bugun oʻzgarmadimi?

Mening qoʻlim yetmagan yulduz,

Tushlarimda seni koʻrgayman,

deydi shoir. Menimcha, ideal degani ana shu: qoʻling yetmaydi, lekin orzu va intilishdan ham toʻxtamaysan. Yoshligimdan to bugungacha mening idealim Hurriyat – Shaxs erkinligi. Odamlarga tegishli idealga kelsak, allaqachon u parchalanib ketgan. Axir, togʻ deb yurganlaring tepa, daryo deb bilganing irmoq ham emasligini anglagach, ne ahvolga tushishni tasavvur qilavering.

Ammo ideal oʻlaroq Yassaviy, Rumiy, Navoiy, Boburga munosabatim zarra qadar ham oʻzgargan emas…

Kuzatsangiz, axborot va ilgʻor texnologiyalar asri yoshlari bir gʻaroyib. Atrofga aqlning sovuq nigohlari bilan boqayotgan “temir odamcha”larni koʻrib qoʻrqib ketasan kishi. Bir tomondan, hamma narsa borgan sari arifmetik aniqlikka boʻysunayotgan – hisob-kitobli, moddiyatparastlik urchigan davr oʻzgarishlariga real qarayotgan “aqlli”larni tushunging keladi: axir, hayot oʻzi shunaqa! Ammo koʻngil, oriflar Allohning nazargohiga mengzagan oʻsha Koʻngil-chi? Koʻngil vodiysiga deyarli boʻylamay qoʻygan, tuygʻulari quruqshab borayotgan “robotsifat”lar haqida nima deysiz? Koʻngilshunos olim sifatida tuygʻular tarbiyasi qanday boʻlishi kerak, deb oʻylaysiz?

“Temir odamcha”larga doir gaplaringizga qoʻshilaman. Ularni koʻrib, kuzatib men ham ahvollariga achinaman. Ishqilib, ularga shundoq toleni ravo koʻrganlarga Alloh insof bersin.

Koʻngil tarbiyasi barcha tarbiyaning tamali boʻlib, unda hayotiy, axloqiy, diniy, irfoniy tuygʻular bir-biridan ajralib qolmasligi lozim. Va koʻngil nomidan gapirib, koʻngil dardi, koʻngil hukmi nimaligini bilmaydigan kimsalar soni keskin kamayishi kerak. Aks holda, koʻngil degan soʻzni tilga olishga noloyiq maxluqlar qurshovida qolish ham hech gapmas.

“Vatan avomlik balosidan forigʻ boʻlganda qudratli yurtga aylanadi. Vatanda hech kim olomonning nomidan ish yuritmasa va hech kim olomondan tayanch axtarmasa, bu oʻlkaning har goʻshasi maʼrifat va maʼnaviyat, tafakkur va haqiqat poytaxtiga teng boʻladi”. Bu – sizning fikrlaringizdan iqtibos. Hozir butun dunyoni xavotirga solayotgan “ommaviy madaniyat” (“olomon madaniyati”) mohiyatan ushbu soʻzlaringizga qarshi ish koʻradi. Jonkuyar ziyoli sifatida bu “madaniyat”ga qarshi kurash “usul”ingiz bormi?

– Qadimgi Rim faylasufi Seneka “Olomonga qiziq boʻlgan hamma narsadan qoch!” deydi. Oʻzimcha men shu gapga amal qilishga intilaman va olomonning qonini qizdiradigan hirs hamda mayllarni hozir oson payqayman. Eng yomoni, bugun ziyoli degan soʻz ham nisbiy tushuncha boʻlib qoldi. Chunki ularning aksariyati aynan olomon vakilidir. Adabiyot, sanʼat, televideniye, radio – hamma-hammasida olomon nigohi, olomon hissiyoti, olomon ovozi va maslagi ustunlikka talpinayotir. Bunga qarshi dadil kurashilmasa, maʼnaviyat, madaniyat, komillik toʻgʻrisidagi fikrlarning bora-bora bir chaqalik ham ahamiyati qolmaydi…

Soʻz, soʻzsiz moʻjiza. Ayniqsa, ijodkor xalqi bunga shak keltirmaydi. “Soʻz ruhning qanotidir”, deb yozasiz. Bu ulugʻlarning ulugʻ soʻzlari taʼsiridan boʻlsa, ajab emas. Bugun esa Soʻz ham bozorga chiqdi. Yoʻq, uni sudrab, oyoq-qoʻllarini kishanlab olib borishdi savdo rastalariga. Achinarlisi, ustoz darajasidagi baʼzi adiblar ham soʻzbozorda sarson. Biz aslida Soʻzni najot farishtasi deb bilguvchi edik. Fahmimcha, hozir uning oʻzi yordamga muhtojdek, bir zamonlar osmonlarda ozod ruhga evrilib parvoz qilgan Soʻz bugun poygaklarda loyga qorishgan holda insoniyatdan najot kutayotgandek…

Millionlab odamlar tinglaydigan zamonaviy qoʻshiq va ashulalarni aytmay qoʻya qolaylik. Gazeta, jurnallarda va kitob shaklida bosilayotgan “sheʼr”larni oʻqish, menimcha, soʻzning qandoq qiynoqlarga solinib, qanday tahqirlarga giriftor etilganini bilish uchun yetarlidir. Soʻzni xoru zor aylash va qulogʻidan choʻzib istalgan joyga olib chiqish haddi aʼlosiga yetdi. Ammo soʻz ahvolidan ochiq bahs yurituvchi kishi yoʻq, hisobi. Soʻzga bunday munosabat kechirilmas gunoh ekanligini ilm va adabiyot ahli anglatmogʻi ham qarz, ham farz.

Aksariyat yoshlarning sheʼr, umuman, adabiyot va sanʼat borasidagi tushunchalari ham oʻzgacha, aniqrogʻi juda sayoz, mavhum. Axir, sheʼr “omon”ga “yomon”ni qofiya qilish emas-ku! Ammo yoshlar shu qabilidagi gaplarni sheʼr deb qabul qilyapti, oʻqiyapti, yod olyapti… Qisqasi, bu masalada xos doira bir tomon, omma yana bir tomon. Eng yaxshi sheʼrlar esa “nafis majlislar”dagina qolib ketayotganga oʻxshaydi…

Bir hind donishmandi “Insoniyat saraton(rak) kasalligiga davo topishi mumkin, ammo sayozlikka davo topishi dushvor”, deydi. Chindan ham, sayozlik davosiz bir xastalikdir. Siz taʼriflagan yoshlarning koʻpchiligi sayozlikning “jujuq”laridir. Sheʼr nimaligini oʻzi anglamasa, nimani yozib, nimani yozmaslikni oʻzi hal etolmasa, yozib eʼlon qilgan narsasidan uyalish hissi paydo boʻlmasa – ularga hech nimani tushuntirolmaysiz. Shu bois ham xaltura va qofiyabozlik musobaqasi keyingi yillarda juda avj olib ketdi.

Shu oʻrinda oʻquv yurtlari uchun chiqarilgan adabiyot darsliklari, hozirgi til va adabiyot taʼlimi toʻgʻrisidagi fikrlaringiz, taklif-mulohazalaringizni aytib oʻtsangiz.

Bir adabiyot darsligi haqida gapirib balolarga qolay dedim… Shunga qaramasdan aytay: darslik yozishdan oldin koʻzlangan talab va natijalar aniq belgilanishi kerak. Adabiyot darsligi oʻquvchining aql-idroki barobarida ruhi, koʻngli, tasavvur va xayolotiga ham taʼsir oʻtkazishi zarur. Undagi til va ifoda tiniqligi, tahlil va talqin aniqligini oʻquvchi uzoq payt eslashi lozim. Milliy tuygʻu, haqiqat va hurriyat hissi, goʻzallik va nafosat zavqini navqiron avlod qalbida, avvalo, darslik kurtaklantiradi. Bunaqa darslik borligini shaxsan men hali bilmayman.

Adashayotgan boʻlsam uzr-ku-ya, menimcha, kitobxonlik ham tugʻma fazilat boʻlsa kerak. Ehtimol, kun sayin kamyob boʻlib borayotgan bu xislat ham suyak surar, qondan oʻtar. Oʻzimizni aldab nima qilamiz, yoshlarda borgan sari kitobning qudratiga ishonch yoʻqolib ketyapti. Sababi ayon: hech kim kitob oʻqib “shahar olib” bermayapti. Yillab, balki, umr boʻyi qoʻliga kitob olmaydiganlar ham binoyiday yashayapti. Bundan tashqari, mutolaa ham mehnat. Undan koʻra yashashning osonroq yoʻllarini qidirgan maʼqul. Koʻplab yoshlarda ana shunday kayfiyat hukmronga oʻxshaydi. Shundanmi, ular moddiy-maishiy orzular ortidan ergashib borayotganini anglab-anglolmay qolishayapti, shekilli. Oʻlguday kitobxoʻrlarni koʻrib, ularning hayoti haminqadar ekani yosh qalblarni qoniqtirmayotgan boʻlishi ham mumkin. Baʼzan haqiqiy kitobxonlarning oʻzi ham boshqalarni kitobdan “sovitayotgan” koʻrinadi. Ularning “gʻalati” qiliqlari, oʻta odamoviligi salbiy taassurot uygʻotadi… Bundan tashqari, “Yoshlar kitob oʻqimayapti” degan taʼna-dashnomlarda koʻproq badiiy adabiyot nazarda tutilayotganga oʻxshaydi. Axir, kitob faqat badiiy boʻlmaydi-ku. Ilmiy, siyosiy, diniy… adabiyotlar degandek… Umuman, kitob oʻqish boʻyicha nimalarni tavsiya etasiz? Qaysi kitoblarni mutolaa qilgan maqbul?

Bir paytlar maktab darsligida Abdurahmon Jomiyning “Jahonda kitobdan yaxshi yor boʻlmas” satri bilan boshlanadigan ruboiysini oʻqiganmiz. Oradan qancha vaqt, qancha zamon oʻtdi, lekin men yuqoridagi misrada aytilgan fikrga bugun endi toʻliq ishonaman. Ishonaman deyish kamlik qilar – kitobdan begʻaraz, kitobdan beminnat musohib topilmasligiga iqrorim ham bor. Shunday boʻlsa-da, kitobni koʻklarga koʻtarib maqtab, unga koʻr-koʻrona topinish tarafdori emasman. Odamlar har xil boʻlganidek, kitoblar ham turlicha: biri mohiyatan yaroqsiz, ikkinchisi yolgʻon va aldov targʻibotchisi, boshqa birlari isteʼdodsizlik va oʻrtamiyonalik namunasi… Shuning uchun hamma kitob ong va idrokka yaxshi taʼsir oʻtkazib, fikrni boyitadi, degan gapni esdan chiqarish kerak. Negaki, zehnni oʻtmaslashtirib, did va saviyani buzadigan kitoblar ham dunyoda kam emas. Masalan, yozuvchi, shoir va olimlardan koʻpchiligining shu kunlarda nashr etilayotgan kitoblarini oʻqimagan kishi hech nima yutqazmaydi. Toʻgʻri, kitobdan yiroqlashuv ogʻriqli bir masalaga aylanib qoldi. Ammo buni fojiaga qarab burmaslik kerak. Tasavvur etaylikki, hamma birdaniga kitobxonlikka shoʻngʻib ketdi – nima oʻzgaradi? Ilm-fan, badiiy adabiyot tarmoqlariga qarab odamlar ongida avvalgiga nisbatan fakt va maʼlumot koʻproq yigʻiladi, fikr-tushunchalarda baʼzi oʻzgarishlar yuzaga chiqadi. Biroq odamning Oʻzligi, yaʼni bashariy “men”ida hech qanday siljish, yangilanish roʻy bermaydi. Bunga sabab nima? Sabab – din, falsafa, adabiyot, sanʼat va siyosatga bagʻishlangan koʻpdan koʻp asarlarning inson Ruhiga teran taʼsir oʻtkazolmasligi hamda uning ishonch “qalʼa”sini ishgʻol eta olmasligidadir.

Shunday kimsalar borki, xastalikni xastaliklari uchun, riyoni riyokorliklari uchun sevishadi. Va shu sevgi tugʻyoni bilan boshqalarga tashlanishadi. Tashlangan sari goʻyo botinlari yorishadi. Bunday kin va adovat qashqirlarining feʼl-atvorini hech qanaqa kitob bilan isloh qilib boʻlmaydi. Bas, shundoq ekan, kitobni kitobdan favqulodda jiddiyat ila farqlab, keyin uning kuch-quvvatini baholash joiz.

Ayrim kitoblar oʻquvchining hayotga aralashish ehtirosini pasaytirib, unda kitobiylik koʻnikmasini orttiradi. Oqibat nima boʻladi? Hayotiy his-tuygʻulardan kitobiy mayllar gʻolib chiqib, inson voqelikka hurkib, choʻchib-qoʻrqib qaraydigan va quruq mushohadadan nari oʻtolmaydigan bir jonzotga oʻxshab qoladi. Odatda, mana shunday kimsalarning kitobxoʻrlik “talant”i yoshlar ongiga yomon taʼsir oʻtkazadi.

Xullas, hadeb kitob oʻqimaslikning ziyoni haqida gapiravermasdan, kitob oʻqishdan tugʻilajak zararlardan ham soʻzlash kerak. Ana shunda muammoning “koʻz”i ochilib, tanlab oʻqish malakasi ustida jiddiy bosh qotirilishi mumkin.

“Ommabop kitoblarda badboʻylik bor. Chunki ularga mayda odamlarning hidi singmish”, deydi F. Nitshe. Bu – toʻgʻri fikr. Toʻgʻriligi uchun ham bora-bora bunaqa kitoblarni qoʻlga olib varaqlash istagidan tamoman forigʻ boʻlamiz.

 

Behzod FAZLIDDIN suhbatlashdi.

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.