“Mening sheʼrim”

0
183
marta koʻrilgan.

…Zaldagi orqa oʻrindiqlardan biriga omonat choʻkdim. Press-relizga mundoq nazar solib ulgurmay, sahna tomondan mayin kuy taraldi. Endi shunchalar huzurbaxsh ediki bu ohang, qaniydi hech kim parvo qilmasa, xayolga choʻmsang! Oʻsha kuy fikrlarimga tartib berdi, oʻylarimga taʼsir qildi, xotirjam tortdim. Bir joylarida osmon gumburlab, bulutlar chaqindan yorishib ketgandek tuyuldi. Maktab chogʻlari qay bir joʻramning, tepamizda qargʻalar koʻrinsa: “Oʻtir, ikkichi boʻlib qolasan!” deganini esladim. Papkani quchoqlagan koʻyi yoʻl betiga muk tushganimiz yodga keldi.

– Aziz Ergashev, Oʻzbekiston, Toshkent!

Galdagi qatnashchining ism-familiyasi eʼlon qilinib, oʻzimga qaytdim. V.A.Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyiga – “Isteʼdod” xalqaro tanlovini yoritishga borgandim oʻshanda. Novchadan kelgan istarali, xushbichim bola sahnaga chiqib keldi. Ijrodan oldin royalni ohista silab, klavishlarni roʻmolchasida muloyim artib qoʻydi…

– Pianinochi boʻlishni bolalikdan orzu qilganman deng!

– Oilamizda cholgʻularni koʻrib, tinglab ulgʻayish uchun muhit bor edi. Ayniqsa, otam royal chalganida… Otam oʻzi rubobchi, ammo royalga mehri boshqacha. Balki, bolalikdan shugʻullangani uchundir. “Oʻgʻil koʻrsam, albatta pianinochi boʻladi”, deb niyat qilgan.

– Oʻzim xohlab tanlaganman, deganingiz qayda qoldi?

– Musiqaga hech kimni majburan olib kirilmaydi. Pianinochi qilaman, degani bilan oʻzimda ham qiziqish bor edi. Boya aytganimdek, muhit. Nafaqat otam, amakilarim ham musiqa bilan shugʻullanadi. Maqsadimni bolalik paytimdan aniq belgilab olganman.

– Necha yoshdan oʻrgana boshlagansiz?

– Toʻqqiz. Bektemir tumanidagi 30-bolalar musiqa va sanʼat maktabida! Baʼzan otam koʻzimga oʻta talabchan va qattiqqoʻl koʻrinib ketardi. Oʻrtoqlarim koʻchada toʻp tepib, futbol oʻynayotganida men xonamda pianino chalayotgan boʻlardim. “Yur, oʻynaymiz!” deb eshigimiz oldida poylab turishardi. Deraza tomondan “oshir”, “boʻl”, “tez”, “gol” degan shovqinlar kelib tursa, siz esa bu yoqda klavishlardan ortmasangiz… Otamdan oʻzimcha gina qilgan boʻlib, qattiq-qattiq chalardim. Baʼzan yigʻlab ham olardim. Futbol oʻynagim kelayotganini u ham tushunsin, deb oʻylagan boʻlsam kerak. Otam esa nuqul bir gapni takrorlardi: “Hali rahmat deysan”.

– Xoʻ-oʻ-sh?

– Toʻgʻri aytgan ekan! Mana endi, yutuqlarga erishayotgan paytim, otam nega bunchalar talabchan boʻlganini anglayapman. Axir oʻsha yillari, ikkinchi sinfdaligik paytim, kuniga yoʻq deganda besh soat mashq qilardim. Saharlab pianino chalishga oʻtiraman. Tushlikdan soʻng – pianino. Kechki ovqatdan soʻng, agar bir-ikki soat nafas rostlash uchun koʻchaga chiqishimni hisobga olmaganda – yana pianino… Tanlov paytlarini-ku soʻramang, oqshomi bilan chalardim. Rus kompozitori Rimskiy Korsakovdan ijro etganim yodimda. Oʻshanda ikkinchi sinf edim. Qoʻrqqanman: “Keyingi bosqichga oʻtolmasam-chi?”. Raqiblarim kimsan “Glier”, “Uspenskiy”dan. Ular koʻzini yumib ham chaloladi. Kamiga, ijro dasturimdagi kuyni qarang – “Polyot shmelya!”. Sizga aytsam, ayrim asarlarni ming istab ham chalolmaslik mumkin. Oʻzimizga bogʻliq boʻlmagan jihatlar bor.

– Masalan, “Polyot shmelya” shundaymi?

– Oʻta murakkab! Tezlik va shiddatni talab etadi. Bunday kuylar uzun va ingichka barmoqlarni “soʻraydi”. Ijro texnikasi shunaqa. Kuyni yakunlaganim zahoti butun zal “ofarin” deb qarsak chala boshlasa, dovdirab qoldim. Oʻttizga yaqin ishtirokchidan bittang keyingi bosqichga oʻtding, deyishdi va oʻsha men ekanimni bilgach, quvonganimdan ichimga sigʻmadim. Gʻolib ekanimga endi koʻnika boshlaganimda hakamlar hayʼatidan bir ayol: “Bu kuyni kim chaldi? Nechchi yosh?” deb qoldi. Ijrom paytida zalda boʻlmagan, shekilli, toʻqqiz yosh deyishsa ishonmadi. “Qani oʻzi, tinglashim kerak!”. Akademik litseyimiz direktori Dildora Jamolovani oʻshanda ilk bor koʻrib turgandim. Kuyni qayta chaldim. Yarmida shartta toʻxtatib: “Boʻlarkan-ku!” dedi. Bir tanlovning oʻzida ikki marta gʻolib boʻlgandek suyundim.

– “Sanʼat gʻunchalari”da ham qatnashganmisiz?

– 2009 yili, kichik guruhlar boʻyicha. Gʻoliblarni eʼlon qilganda, odatda, pastdan tepaga qarab oldin uch, keyin ikki, keyin birinchi oʻrinni chaqirishadi-ku – ana oʻshanday boʻlmadi. Taqdirlashni toʻgʻri Gran-pridan boshlashdi. Hamma jim. Hozir kimning oti oʻqilsa, baqirib yuborishga tayyor edi zal. Ismim eʼlon qilinishi bilan hatto baʼzi raqiblarim zalni tark etishga tushdi. Ularning tanlovga qanday tayyorgarlik koʻrgani menga qorongʻi, ammo oʻz mashqim oʻzimga ayon, royal bilan uxlab, royal bilan uygʻonardim.

– Shundan keyin ham quvonmay boʻladimi?!

– Oʻsha yilning oʻzida Aktobe shahriga bordik. “Klassika” tanloviga.

– Oʻttizinchi maktab nomidan-da.

– Hm, poyezddan tushib mehmonxonaga oʻtsak, hamma ketib boʻlgan. Ust-boshimizni apil-tapil almashtirib, tanlov oʻtayotgan joyga – Qozogʻiston konservatoriyasiga yoʻl oldik. Qura tanlash deyarli tugagan, ikkita raqam qolibdi. Yana deng, birinchi va oxirgi. “Tanla!” deyishdi. Birinchi raqamni tanlasam, sal oʻtmay sahnaga chiqishim kerak. Oxirini kutib oʻtirishga esa sabrim chidamaydi. Tavakkal, birinchi! Soʻng tanlov bukletlarini oʻzimcha koʻrib-kuzatib oʻtirsam: “Tayyorlan, chiqasan” deb qolishdi. Qoʻl mashqiga ham ulgurmadim, ammo Shopendan ijro etmoqchi boʻlganimni buklet tomosha qilib oʻtirgan paytimdayoq, xayolan chalib tugatgandim.

“Fantaziya ekspromt”. Ijro etib boʻlgandim hamki, zaldagilar qiyqirib yubordi. Soʻngra, foyeda rossiyalik va qozogʻistonlik muxbirlar atrofimni gir oʻrab oldi. Mikrofon, kamera, diktofon, qalam, qogʻoz, bloknot… Birinchi bor intervyu berishim edi. Shoshib qoldim. Oʻshanda rus tilim chala, arang bir nimalar dedim. Kechga borib, soat sakkiz-toʻqqizlar. Televizorda koʻrsatdi. Yangiliklarda. Barmoqlarim harakati, holatimni tasvirga olishibdi. Kutilmaganda muxbir “Chelovek veter” deb yuborsa, ogʻzim ochilib qoldi. “Meni aytishmayotgandir”, deyman oʻzimga-oʻzim. Ishonsangiz, sahnada sheʼr oʻqib bilmasdim hatto. Maktab tadbirlarida oʻrtaga chiqqan zahotim, dovdirab, soʻzimni yoʻqotib qoʻyardim. Royal esa umuman boshqa olam. Uning yonida oʻzimni erkin his qilaman, dovdirab qolmayman, soʻzimni ham yoʻqotib qoʻymayman, qaytanga, oʻz-oʻzimni topaman. Endi oʻylasam, mening sheʼrim royal ekan. Sahnada u bilan duduqlanmayman, uyalmayman…

– Shunday qilib, “Klassika”da nechanchi oʻrin?

– Birinchi!

– Yashang!

– Maktabdan tashqari, qoʻshimcha mashgʻulotga qatnardim. Ustozim Aida Xoldorova: “Oʻqishingni kuchaytir!” deb qoldi va Uspenskiy akademik litseyiga topshirishni maslahat berdi. Tushimga ham kirmagan darslar, xalqaro tanlovlar, raqobat… haqida aytaverib, oxiri, qiziqtirib qoʻygandi. Oilamiz bilan ham ana shu toʻxtamga kelgandik. Kundalik mashqlarimni sakkiz soatga oshirdim. Baʼzan undan ham koʻproq. Endi rostdan koʻchaga chiqmaydigan boʻldim. Otamning xohishi bilan emas, oʻzim istab.

– Sakkiz soat chakana vaqt emas…

– Kunning teng uchdan biri. Aytishga oson, ammo oʻn yashar bola uchun oʻn soatlab kuy chalish ogʻir. Royaldan ajralmagan holda ovqat yegan paytlarim koʻp.

…Qish edi. Sovu-u-uq. Kaftimizni issiq tutmasak, klavishlarda barmoq “yurmaydi”. Kuy ham kuyga oʻxshamay chiqadi. Akademik litseyga imtihon topshiradigan kunimiz yengil kiyinib olibman. Koʻngildagidek chalolmadim. Qabul qilishmasa-chi, deb qoʻrqib ketdim. Bu ham mayli, direktor oʻrinbosari meni oxirigacha eshitmay, toʻxtashga buyurdi. Yoqmadi, shekilli. “Konservatoriyadan bir ayolni chaqirdik, hozir keladi, kuying unga ham yoqsa, sen oʻqiysan”, deyishi bilan ruhim oshdi. Shunaqa kuchli ishonch yaralgandiki menda, goʻyo oʻsha payti xohlagan kuyni chalishga tayyor edim. Xullas, mutaxassis ayol keldi. Chaldim. Hali kuy yarimlamasdan turib: “Stop! – dedi. – Shugʻullanganing koʻrinib turibdi, talanting bor, texnikang yomon emas, ammo baribir mashqni toʻxtatmaslik kerak, oʻz sinfimga olaman”.

– Nihoyat, qabul qilindingiz…

– Yoʻq. Qabul qilishmadi.

– Nega?!

– Litseyga oltinchi sinfdan qabul qilisharkan. Men esa musiqa maktabida toʻrtinchi sinfda oʻqirdim. Kechroq kirgandim-da. Oʻrta ichda ikki yil yoʻqotdim. Oradagi boʻshliqni toʻldirish uchun koʻplab kuy oʻrganishga kirishdim. Ikki yil mashq, mashq… Kutganimdek, akademik litseyda oʻqiy boshladim.

– Ikki yildan keyin…

– Hm, ustozim Alla Antonovna: “Men uzoq tayyorlayman, mehnatdan qochmaysan, hali oʻzing koʻrasan, sahnaga chiqishingdayoq sen bilan qiziqishadi”, deb talabni qattiq qoʻydi.

– Qiziqishdimi?

– Harqalay, sakkizinchi sinfdan konsertga chiqa boshladim. Xalqaro tanlovlar, olqish va eʼtiroflar… shudir-da qiziqishgani. 2012 yili Ruminiyaga bordik. Oʻn oltinchi bor oʻtkazilayotgan “Pro piano-Romania” tanloviga. Qatnashchilarni koʻrsangiz, ular oldida jussam kichkina boʻlib qolganidan hatto navbatim kelganida sahnaga chiqishga uyaldim.

– Kurash tushgani borganman, deb oʻylagansiz-da!

– Hazilingiz chiroyli chiqdi. Ammo oʻylab qarasak, musiqa ham kurash. Unda raqibni yengishning eng zoʻr yoʻli – bu ruhiy zarba. “…Romania”da men bilan shunday hol yuz berdi. Tanlovdan oldin har bir ishtirokchi royal chalib, tayyorgarlik koʻrdi. Beshinchimi yoki oltinchimi boʻlib chiqdim. Mashqim doimgidek juda tez va yuqori tempda edi. Soʻngra kuyni tugatib, zinadan tushib kelayotsam, birinchi qatorda ruminiyalik raqibim yigʻlab oʻtiribdi. Qoʻli bilan meni koʻrsatib, ustoziga ona tilida bir nimalar deyapti…

– Foyda beribdi-da… zarbangiz?

– Rumin kuyida adashib ketdi. Darrov oʻzini oʻnglab, xatosini toʻgʻriladi. Ammo bali pastroq chiqdi. Shunda ham, ikkinchi turga oʻtkazishibdi. Tanlov yakunlangach, natijalarni ilib qoʻyishdi. Roʻyxatdan hamma oʻzini izlashga tushib ketgan. Chekkaroqda kuzatib tursam, raqiblarning oʻzi yonimga kelib: “Tabriklaymiz, ikkinchi oʻrin!” deyishdi.

Birinchi oʻrin kim ekan?

– Qizigʻi ham shu-da. Birinchi oʻrin yoʻq. Ruminiyalik esa uchinchi oʻrin.

Haligi… ijroda adashib ketgan bolami?!

– Xuddi oʻzi. Shuning bilan tanlov tugadi, gala-konsert ham oʻtdi. Konsertdan soʻng foyeda turganimizda bosh hakam koʻrindi. Toʻgʻri yonimga kelib, qoʻlimdan mahkam siqdi-da: “Zoʻr chalding!” dedi va… bir gap aytdi.

– Nima dedi?

– Keyingi yil albatta kel, – dedi.

– Bordingizmi?   

– Yoʻq! Yana shunday boʻlsa-chi, deb borishni xohlamadim. Aniqrogʻi, orkestr bilan ishlash istagi tugʻilgandi. Avval “Yosh isteʼdodlar”ga qatnadim. Orkestr oʻz nomi bilan yoshlardan iborat edi: kollej, akademik litsey oʻquvchilaridan. Shunday kunlarning birida badiiy rahbarimiz Muborak Lutfullayeva boshchiligida konsert uyushtirdik.

– Qiyinmi… orkestrda chalish?

– Siz adashib ketsangiz – orkestrda boshqa partiya, orkestr adashsa – sizda. Salgina yanglishsangiz, asar gʻalati eshitiladi, quloqqa oʻrnashmaydi. Kuyni kelgan joyidan “ilib” olishni-ku, soʻramang. Yaxshiyam, men bilan hali bunday hol boʻlmadi.

– Boʻlmasin ham.

– …Konservatoriya talabalari bilan chaldim. Ishtiyoqim oshib borgani sayin, Oʻzbekiston milliy simfonik orkestrida ijro etish niyati paydo boʻldi. Unga ham sinov asosida qabul qilinardik. Dirijyor tinglab koʻradi. U maʼqullasagina orkestrda chalasan, maʼqullamasa – yoʻq. Oʻrtoqlarim eshitsa, hayratdan yoqa ushlasa kerak. Simfonik orkestrda chiqaman! Men hali uning mehnati, mashaqqati haqida oʻylab ham koʻrmagandim, toki “Solist… Aziz Ergashev!” deya sahnaga taklif qilishmagunicha. Oyoq-qoʻlim dagʻ-dagʻ qaltirardi. Dirijyor hayajonimni tushundi, shekilli: “Sen buni uddalaysan, qoʻlingdan keladi!” deb jamoaga ishora qildi, koʻnglimni koʻtardi. Oʻzimga ishonchim oshdi. “Xato qilishga haqqim yoʻq!” dedim ichimda. Chaldik. Zalni olqishlar tutib ketdi. Biram yoqimli…

– Olqish qimga yoqmaydi?!

– Sanʼat odamiga bundan ortiq ragʻbat yoʻq-da, aka. Mana, siz… Vladimir Spivakov fondi haqida eshitganmisiz?

– …

– Moskvada joylashgan. Unda qatnashish har bir musiqachi uchun orzu. Qoidasi boʻyicha, ijro etgan kuylarimni diskka koʻchirib, joʻnatdik fondga. Tanlov ikki bosqichda oʻtarkan. Dunyoning manaman degan musiqashunos olimlari, professor-oʻqituvchilari eshitib koʻrarkan. Oʻtgan-oʻtmaganimiz shu holda xalqaro doirada aniqlandi.

– Oʻtibsizmi?

– Oʻtibman, aka! Oʻqituvchim: “Quvonishga erta, oldinda ikkinchi tur bor, ana undan ham oʻtolsang – marra bizniki”, dedi. Endi yanayam kuchli, tajribali mutaxassislar isteʼdodimizni “elakdan oʻtkazarkan”. Bir oy nari-berisi ikkinchi turning javobi keldi. Moskvaga chaqirishdi.

– Mana bu boshqa ga-a-ap.

– Italiyalik professorni taklif qilishibdi. “Nima kuy chalib berasan?” dedi u jiddiy ohangda. “Mefisto vals” desam, “Dasturini qarang!” deb zalga oʻgirilib kulib qoʻydi. Oʻsha kulgi, oʻsha holat gʻururimga tegdi. “Ijro degani bunaqa boʻladi!”. Yigirma olti betlik asarni chaldim-ku endi…

Azizni jonqulogʻim bilan tinglayotganim uchunmi, oʻzim ham jarayonlarga xayolan qorishib ketdim. Moskvada – tanlov oʻtayotgan joyda boʻlib qoldim. Mana, yigitcha hozirgina “Mefisto vals”ni tugatib, klavishlarga bir zum tikilib qoldi. Boyagi kulgi va istehzo zal bagʻridan tamoman tarqab ketdi. Ana shunda… italiyalik hakamning oʻzi oʻrnidan bexos turib, qarsak chalib yubordi!

– Ishonasizmi, aka, qarsak chalib yubordi!

 

Akmal JUMAMURODOV

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.