Mangu ibodatgoh

0
208
marta koʻrilgan.

Haqiqiy ijodkor adabiyotga emas, adabiy bir shavq ijodkorning qoniga kirib kelgachgina soʻzning taʼsiriga tushadi. U endi oʻz xayollarini ato qilingan soʻz qudratiga taslim qiladi. Yoxud ato qilingan ilohiy qudratning oʻzi uni boshqara boshlaydi.

Bir uchligimda: “Ijod – yoʻrgakdan avval tekkan darddir”, degandim.

Darhaqiqat, Yaratguvchi soʻz oshigʻiga u hali bu dunyoga kelmay turiboq “shoir” deya taqdiri azalga raqam chekadi. Bu gap qanchalik balandparvoz tuyulmasin, adabiyot haqidagi oʻy-tushunchalarning negizi shunga borib taqaladi.

Soʻz, sheʼr, shavq. Shoir mana shu uchchala qudrat bilan tirik. Oʻz soʻzi faqat oʻziniki boʻlgan SOʻZ egalarigina – ShOIR.

Sheʼr – faqat oʻz holi bilan, oʻzining tashbihlari bilan oqib keladigan poʻrtana oqim.

Shavq – bu neʼmat. U tilab olinmaydi, talab qilib ham. Shavq ato etiladi, yaʼni chinakam shoirga shavq shavqlarning yaratguvchisi tomonidan iltifot qilinadi. Bu uchchala birlik shoirning “men”ini tashkil etib beradi.

Toʻgʻrisini aytsam, sheʼriyat qalbimga qachon kirib kelganini eslolmayman. Aqlimni tanibmanki gullarga qarabmi, suvlarga qarabmi, nimalardir deb, oddiy odamiy til bilan emas, hayratim tilida qofiyali soʻzlab yurardim. Buni sezgan ota-onam, oʻrtoqlarim: “Sheʼr aytyapsanmi? Oʻzing yozdingmi? Qayerdan oʻrganding?” kabi savollarga koʻmib tashlardilar. Ilk hayratimni eslasam – katta hovlimiz etagidagi ariqda qalqib-qalqib oqadigan sap-sariq behilar yodimga tushadi. Men bu haqda koʻp-koʻp sheʼrlar yozdim.

Birinchi sheʼrimni 5-sinfda oʻqib yurgan kezlarimda yozdim. Bir necha kunlik tayyorgarlikdan keyin qoʻrqa-pisa, ming hadik ila adabiyot oʻqituvchimiz qoʻllariga tutqazdim. Oʻqituvchim oʻqib koʻrib, quvonib ketdi. Mana shu quvonch menga umid va ishonch berdi. Shundan keyin maktabdagi yigʻinlarda menga sheʼr oʻqitib, oʻzlari faxrlanadigan boʻldilar. Bu esa menga kuch berar va oʻz navbatida masʼuliyat yuklardi. Bora-bora binoyiday maktabning mashhur “shoira”chasiga aylanib qoldim.

Keyinchalik Qoʻqon shahrida maktablararo oʻtkaziladigan koʻrik-tanlovlarda, turli tadbirlar va olimpiadalarda sheʼriy chiqishlarim bilan ishtirok eta boshladim.

Birinchi sheʼrim oʻsha kezlari “Lenin uchquni” gazetasida bosilib chiqdi.

Beshinchi sinfga oʻtganimizda Oliyaxon Ibrohimova degan qattiqqoʻl oʻqituvchi bizga ona tili va adabiyoti fanidan dars bera boshladi. Muallimamiz salohiyati yuksak, juda chuqur bilim egasi edilar. Uning gʻoyatda jiddiy siymosi qarshisida hayratdan qotib oʻtirardik. Oliyaxon opaning sharofati bilan maktabimizdan juda koʻp adabiyotchilar, jurnalistlar yetishib chiqdi. Keyinchalik oʻzim ham maktabda dars bera boshlaganimda angladimki, oʻqituvchim bilimimni nafaqat qulogʻimga, balki yuragimga ham quygan ekanlar. Oʻz faoliyatimda ustozimning dars uslublariga tayandim.

Shu oʻrinda yana bir ustozim haqida toʻxtalib oʻtmasam boʻlmas. Men bu sirli-sinoatli adabiy maydonga kiribmanki, biror kun ham shoir Rauf Parfining ijodisiz yasholganim yoʻq.

Esimda, maktabni bitirar vaqtlarimiz… Orzular ogʻushida osmonlarda uchib yuradigan paytlar… Shunday kunlarning birida Rauf Parfining “Tasvir” deb nomlangan kitobi qoʻlimga tushdi. Chamamda 1973 yili edi. Bu kitob meni mutlaq sehrlab qoʻydi. Tunu kun mana shu sheʼrlar ichra yashay boshladim. Misralarga tizilgan tashbihlardagi tub maʼno silsilalari, tasvirning yorqin va tiniqligi, ruhning ozodligi, tafakkurning bepoyonligi va ayniqsa, jon va ruhning bemurosa janglari meni tinch qoʻymas edi.

Fikrning zamzamalari ongimni, tafakkurimni, shuurimni ostin-ustun qilib yubordi. Nahotki, inson zakovati shunday qudratga ega, uning tasavvuri shu qadar beqiyos! Oddiy, hamma biladigan, har kuni ishlatadigan soʻzlardan shunchalar moʻjiza yaratish mumkin ekan-da, deb oʻylayman. Ichim yonadi, tomirlarimda hayratlar tugʻyon uradi. Unga oʻxshashlik, unga oʻxshab yozish ishtiyoqi tinchlik bermaydi.

Tabiiyki, bunday holatlarda shoirning shaxsiyatiga qiziqish kuchayadi, uni bir bora boʻlsa ham koʻrish, ikki ogʻiz suhbat, yetti olamni jamlay olgan koʻzlariga boqish, qalam ushlagan barmoqlarini tomosha qilish ishtiyoqi har qanday muxlisning qalbida junbushga kelishi tayin. Men ilk marta ustozning ijodi bilan roʻbaroʻ kelganimda ana shunday ahvolga tushganman. Va har doim ustozga oʻxshab fikrlashga, yozishga harakat qildim. Bu ishni qanchalik uddaladim, buyogʻi sheʼrxonga maʼlum.

Ilk kitobim “Qirqkokilligim” deb nomlanadi. Oʻsha paytda “Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼati nashriyoti”ning sheʼriyat boʻlimi boshligʻi shoir Shavkat Rahmon edi. Azim Suyun hamda Muhammad Yusuflar muharrir boʻlib ishlardilar. Kitob chiqarish uchun ana shunday zabardast, qattiqqoʻl ijodkorlarning gʻalviridan oʻtishing kerak boʻlar edi.

Bir kuni ushbu nashriyotda “Birinchi kitob” ruknida “Osmon shunday yaqin” nomli toʻplam kitob tayyorlanayotganini eshitdik. Men ham qoʻlyozmalarimni topshirdim. Oʻshanda oʻz ijodlarini taqdim qilgan 72 nafar yosh ijodkorlarning ichidan 17 kishi tanlab olindi. “Tanlangan”lar ichida men ham bor edim.

Aslida ijodkorning oʻzidan koʻngli toʻlgan kuni boʻlmaydi. Chunki, ijod degani bu tinimsiz izlanish deganidir. Izlanishda boʻlgan odam esa hech qachon oʻzidan qoniqmaydi.

Adabiyotsiz jamiyat boʻlmaydi. Adabiyotning oʻzi mangu ibodatgohdir. Qolaversa, haqiqiy ijodkor faqatgina soʻzning oldida bosh egadi. Adabiyotday ilohiy maydonni mayda, bachkana gaplar bilan aldash, bu – soʻzga xiyonat qilish demakdir. Xiyonat esa hamma zamonlarda ham kechirilmagan. Nodirabegimning jaholat kundasiga qoʻyilgan aziz boshi oldida, Qodiriy hazratlarining munavvar ruhlari oldida, Choʻlpon va Usmon Nosirlar sajda qilib ketgan soʻz mehrobi oldida faqat va faqat rost aytish kerak. Kulsang kulgularing, yigʻlasang-yigʻilaring rost boʻlishi, faqat oʻzingniki boʻlishi kerak.

Aslida adabiyotning millati boʻlmaydi, ammo adabiyot millatning dunyoda borligini koʻrsatadigan hayot oynasidir. Indallosini aytganda, haqiqiy ijodkorning na millati va na yoshi boʻladi. Ijodkorning chin va soxtasi bor, xolos. Buni ajratib olish uchun oʻquvchining didini tarbiyalaydigan xolis tanqidchilik omon boʻlsa, bu ham muammo boʻlmaydi.

Darhaqiqat, mening ijodimda muhim oʻrin egallagan Qoʻqon shahridagi “Nihol” adabiy toʻgaragi haqida aytib oʻtsam. Bu toʻgarakni bizning davrimizda rahmatli Habibullo Sayid Gʻani boshqarar edi. Shu toʻgarak faoliyati, undagi adabiy muhit bugun ham yuragimni orziqtiradi. Anvar Yunus, Komil Joʻra, Azimjon Azizov, Dilbar Hamzaxoʻjayeva, Nosir Zohid, Maqsuda Egamberdiyeva, Abdulatif Turdialiyev singari ijodkorlar shu toʻgarakning ijodiy muhitidan bahramand boʻlganlar. Nazarimda, bugun shu singari toʻgaraklar va ulardagi ustoz-shogirdlik anʼanalariga putur yetgandek. Ustozlarga boʻlgan ehtirom qaysidir maʼnoda “lat” yegandek…

Men bugungi yoshlardagi shijoat, oʻziga ishonch va qatiyatni qadrlayman, hatto havas qilaman. Ammo… ushbu shaddodlik nazarimda oʻz ijobiy mohiyatini yoʻqotib, surbetlikka yaqinlashib ketayotgandek. Bizning davrimizda sheʼr yozish, uni chop etish va kitob chiqarishning oʻz maʼnaviy mezonlari boʻlar edi. Qalbimizdan joy olgan satrlari ila ixlosimizni qozongan shoirlar bilan hayotda yuzma-yuz kelganda hatto oʻzimizni yoʻqotib qoʻyar darajada hayajonlanar edik. Ularga nisbatan odobsizlik boʻlmasligi uchun tirishardik. Ustozlarning nazariga tushish biz uchun moʻjiza edi. Afsus, bugunning yoshlari hali ustozlar oldida polapon boʻla turib, uchirma boʻlishga ulgurmasdan nazardan qolmoqdalar. Va eng achinarlisi, nazardan qolishdan aslo qoʻrqmayaptilar ham. Navoiy koʻchasi, 30-uyda joylashgan nashriyotlarning har bir zinasidan ming bir hayajon va hadik bilan toʻxtab, oʻylab chiqar edik. Ustozlar bor davrada sheʼr oʻqish buyuk imtihondan oʻtish bilan barobar edi. Chunki ustozga boʻlgan ehtirom, ustozdan shogirdga yetadigan fayzi-futuh, ustozning roziligi, bu hech narsa bilan almashib boʻlmaydigan maʼnaviy xazinadir.

Yana shu oʻrinda yuragimni ogʻriqqa solgan bir mavzuni aytib oʻtmasam boʻlmas. Yoshlarimizning soʻzga boʻlgan eʼtiborsizligi, ilohiy, yuki ogʻir soʻzlarni bepisand ishlatayotganini koʻrib choʻchib ketaman. Ajabo, “oʻlim”, “gʻassol”, “ajal”, “kafan”, “tobut”, “qabr” “mozor” singari soʻzlar ayrim yoshlar uchun bemalol aytsa boʻladigan oddiy jumlalarga, soʻzbozlik, shaklbozlikka aylandi.

Men bu mahmadonalik, nazmbozlik ortida qanday fojialar yotajagini oʻz hayotim davomida bir necha bor guvohi boʻldim. “Otam meni koʻmar ehtimol”, degan Muhammad Yusufning dogʻi, “Men shubhasiz parchalanaman”, deya oʻz taqdiridan bashorat qilgan Shavkat Rahmonning taqdiri, Aʼzam Oʻktamning “Bitta men yoʻq boʻlsam ne boʻpti axir, Oʻzbekning kamayib qolmas shoiri”, degan satrlari ularning taqdirini belgilab bermadimi?!

Bir faylasuf “oʻylashdan avval, oʻyla!” deb bejiz aytmagan. Ammo soʻzlab turib ham oʻylamaydigan, oʻylamay turib: “Qargʻa meni, otajon, qargʻab ajalimni chaqirib bergin”, deb yozayotgan yosh qalamkashlarning ertangni kuni uchun vahimaga tushasan. Yaqinda bir qizaloqning “sheʼr mening gunohim”, degan satrini eshitib tanbeh berdim. Negaki, bugunning yoshlari ular yaratayotgan asarlar oldida biz kechagi avlod ham masʼulmiz. Chunki ijod ahlining bir-biriga begonasi yoʻq. Qolaversa, jumlai insoniyat shayx Saʼdiy aytganlaridek: “Aʼzoi yakdegarand”.

Mening “Ehtimol, bir soʻzning tigʻi – taqdirdir” degan satrlarim bu mening shaklim emas, balkim mazmunimdir. Mazmun esa tamomila qalbnikidir. Qalb esa bu ezgu tuygʻularning saltanatidir. Shunday ekan, qalbimizni, goʻzal tuygʻularimizni oʻquvchilarimizga goʻzal holatda yetkazaylik. Ularga yorugʻ kayfiyatlar ulashaylik. Yozganlarimizni oʻqiganlar saratonning issigʻida bir hovuch suv hoʻplagandek yayrasinlar. Har qanday shaklbozlik, nazmbozlik, mahmadonalik bizning qonimizga, qadriyatlarimizga yotdir.

Shu oʻrinda yana bir narsani aytmoqchi edim. Qadim zamonlardan boshlab to yaqin kunlargacha shoirlarning bir-biriga sheʼriy maktub yozish anʼanalari boʻlgan. Jumladan, Uvaysiyning Nodiraga, Furqatning Muqimiyga, Sobir Abdullaning Charxiy, Habibiy domlalarga yozgan maktublari… Bu maktublar ijodkorni oʻziga xos ijodiy munozaraga chorlaganligi bilan odamni sogʻintiradi.

Oilam haqida shuni aytishim kerakki, men bu borada nihoyatda baxtliman. Adabiyotni, soʻzni qadrlagan xonadonda dunyoga keldim. Mening qonimdagi sheʼr zavqi otamning “oq bilak oyim anjonlik” termasini dutor chalib, maroq bilan xirgoyi qilishlaridan boshlangandir, ehtimol. Yozmishlarimning xalqonaligi, xalq ohanglariga hamohangligida otamning hissasi bor. Bir umr rahbarlik lavozimlarining masʼuliyatli ishlaridan ortib, biz bolalari yuragiga adabiyot va sanʼat dunyosiga muhabbat choʻgʻini solaolgan otamning samimiy va oʻktam chehralarini, zavq va hayrat omuxtalashgan dilbar qalbini koʻraman. Ammo ruhimda tasavvuf va unga moyillikni tuyganimda, onamning munis, maʼsum tarovat balqigan nurli siymolari menga ilhom baxsh etayotgandek tuyuladi. Darvoqe, onam haqlarida qalbimda qolgan aziz xotiralarimning barchasida onamning oshiq qalblari, undagi bitmas-tuganmas ixlos porlab turadi. Onam haqiqiy oshiq qalb sohibasi edilar. Bu oshiqlik Mashrabning qissalarini oʻqiganda, Gʻavsul Aʼzam hazratlarining tazkiralari aytilganda yanada ayon boʻlardi. Bu oshiqlik taqdiri azalning nogahoniy zarbalariga yoʻliqqan mahallarida roʻy-rost boʻy koʻrsatar, Yaratganga boʻlgan bemisl ishqi tufayli onam har qanday fojiani chidab boʻlmas bir taslimlik bilan qarshilar edilar. Hatto, 19 ga kirgan opamni vahshiylarcha oʻldirishganida ham, undan olti oy oʻtib yetti yoshlik ukamning fojiali oʻlimida ham, sochlarini yulib faryod koʻtarish oʻrniga bu qismatni ich-ichdan nurab turib, chinakam sabr bilan kutib olgandi. Onam hayotda har qanday yomon vaziyatdan ham oʻktamlik bilan chiqib keta olishdek buyuk saboqni menga meros qilib qoldirganlar. Onamning “Mahluqidan shikoyat, Xoliqidan shikoyatdir”, degan naqllari menga hech qachon, hech narsadan nolimaslikni oʻrgatgan. Ruhimdagi oshiqlik kayfiyati soʻzga, sheʼrga, hayotga, yashash va yashnatishga oshiqlik menga onamdan qolgan buyuk meros, tuganmas xazinadir. Qolganlari esa hayot bergan saboqlardir.

Farzandlarimga kelsak, bir uchligimda “Ey nodon, bolang aytganingni emas, qilganingni qiladi”, deb taʼkidlaganimdek, sanʼatkorning bolasi sanʼatkor, hunarmandning bolasi hunarmand boʻladi, chunki ular ota-onasining qilganini qiladi. Shoir esa aytadi, shuning uchun shoirning farzandi shoir boʻlmaydi. Ammo farzandlarim sheʼr yozmasalar-da, qalblarining maʼsumligi hayotlarini tarbiyat qilib turadi.

 

Farida AFROʻZ

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 7–8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.