Maʼnaviy tarsaki ogʻrigʻi

0
322
marta koʻrilgan.

Yozuvchi Xurshid DOʻSTMUHAMMAD bilan suhbat

 

Bosh muharririmiz: “Xurshid aka bilan anʼanaviy suhbatlarga oʻxshamaydigan, iloji boʻlsa bahs uyushtirib bersangiz”, deb qoldi. Rozi boʻldim. Shu sababli, ruxsatingiz bilan gurungni uzundan-uzoq kirish soʻzlarisiz, gʻarb jurnalistikasiga xos boʻlgan “toʻntarilgan piramida” usulida, yaʼni asosiy mavzudan boshlasak.

Xurshid aka, Siz asarlarga baho berayotganingizda mualliflarni “havaskorlar” va “professionallar”ga ajratasiz. Nazarimda, bu oʻziga xos “dvoynoy standart”da adabiyotning qanotini qayiradigan unsur bordek. Keling, fikrimni izohlashga urinib koʻray.

Yaxshi bilasiz, bundan deyarli bir asr muqaddam, aniqrogʻi 1929 yili Abdulla Qahhor boʻsh asarlarni chop etgan bir tahririyat ijodkorlariga qarata: “Insof qiling, axir “qishloq muxbirimizdan keldi” deb aynan bosib boʻladimi?” deya xitob qilgandi. Fikrimcha, bugungi kunga kelib mazkur jumla ozgina isloh bilan yana jaranglayapti, yaʼni “qishloq muxbiri” oʻrniga “havaskor yozuvchi”ni qoʻysak kifoya. Zero, bu talqin ayrim hollarda qanaqadir imtiyozlar beruvchi indulgensiya vazifasida ham qoʻllanilayotganday (Bu haqda hali toʻxtalamiz).

Lev Tolstoy “Sanʼatning mohiyati toʻgʻrisida” nomli asarida ibratli bir holatga alohida toʻxtalib oʻtadi: “Butun Yevropa alqab keluvchi Zolya, Burje, Gyuismans, Kiplinglarning mashhur roman hamda qissalarini qunt va hafsala bilan oʻqib chiqdim. Ayni vaqtda, mutlaq notanish bir yozuvchining bolalar jurnalida bosilgan bir kambagʻal beva xonadonida pasxaga tayyorgarlikning borishi tasvirlangan hikoyasi ham qoʻlimga tushib qoldi. (Gap F. F. Tishenkoning “Rjanoy xlebushko – kalachu dedushka” hikoyasi xususida ketmoqda. – A. Y.) Zolya. Burje, Gyuismans, Kipling va boshqalarning roman hamda qissalarini oʻqib, men biror soniya taʼsirlanganim yoʻq… Nomaʼlum muallifning bolalar va joʻjalar haqidagi hikoyasini esa boshimni koʻtarmasdan oʻqidim, chunki muallifning tasvirlaganlari – ehtimolki boshidan kechirganlari, his etganlari menga darhol yuqdi-qoʻydi…”

Har qalay, Tolstoy oʻzini larzaga solgan asarga umumadabiyot talablaridan kelib chiqib yondoshgan, “sen havaskorsan” deb muallifning yelkasiga qoqib qoʻymagan deb oʻylayman.

…Uch-toʻrt yil boʻlib qoldi, jizzaxlik qalamkash Sirojiddin Aliqulovning bir mungli hikoyasini oʻqib qoldim. Garchand bu “jonli lavhadan rangsiz koʻchirma” (Pushkin) boʻlsa-da, sizga hikoya syujetini aytib berishga urinib koʻraman. Chekka qishloq. Ota-onasi oʻlib ketgan, ichkilikboz akasi va bir burda nonni boshiga bir mushtlab beradigan zolim yangasi uyida yashaydigan shoʻrlik choʻpon qiz. (Dostoyevskiyning Marisi esingizga tushayaptimi?) Shu bechorani iflos bir hamqishloq yigit zoʻrlaydi. Tez orada toʻy boʻladi. Toʻy tugagach, yomgʻir va shamolli tunda kelinchak chimildiqqa kirmaydi, oʻzini abgor ahvolga solgan yigitning oldiga keladi va uni bir amallab oʻsha mashʼum voqea sodir boʻlgan jar yoniga olib keladi. Keyin yigitni mahkam ushlab olib, oʻzini jarga otadi… Ertasi kuni odamlar “Shoʻrlik kelinchakni anavi ablah olib qochib ketibdi, jardan olib oʻtayotgan mahal qulab tushishibdi”, degan xulosaga kelishadi. Bir emas, ikki jon halok boʻldi. Bu dahshat. Ammo… ammo qiz oʻzining pok nomini, shaʼnini saqlab qoldi-ku… Ancha kungacha shu hikoya taʼsiridan chiqolmay, oʻzim umrimda koʻrmagan-bilmagan muallif bilan gʻoyibona bahslashib yurdim. Bunday yaxshi maʼnoda “dahshatli” hikoya bitib qoʻygan qalamkashni “havaskor”lar safiga qoʻshib boʻladimi?

Avvalo, “Yoshlik” jurnalining eʼtiboridan mamnunligimni aytib qoʻyay. Ozmuncha qalamkashni tarbiyalamadi, yoʻlga solmadi jurnal! Bu borada jurnal shaxsan oʻzim uchun ham nihoyatda qadrli.

Bahsga kelsak. Odatda oddiy suhbatdan koʻra bahs-munozara qiziqroq oʻqiladi, chunki bahslashuvchi tomonlar oʻz nuqtai nazarlarini oʻrtaga tashlash asnosida va tabiiy, bahsda boʻsh kelmaslik maqsadida, baʼzan qizishib, qarashlarini keskinroq tarzda bayon etishga harakat qilishadi. Biroq men hech kim bilan bahslashish niyatim yoʻq. Xususan, adabiyot, badiiy ijod, badiiy tafakkur mavzusidagi tortishuvlar jarayonida biror haqiqatga oydinlik kiritiladimi-yoʻqmi, bir narsa deyish qiyin, lekin huda-behuda gap koʻpayishi muqarrar (misolni uzoqdan izlamaylik, Siz meni bahsga chorlash niyatida bergan mana shu savolingizdagi Abdulla Qahhor, Lev Tolstoy va Sirojiddin Aliqulovdan keltirgan misollaringiz menga unchalar oʻrinli tuyulmadi, ular gapni koʻpaytirmoqda, xolos). “Shu gapingizning oʻzi bahsli-ku”, deyishingiz mumkin. Shuning uchun ham mulohazamga izoh berishga toʻgʻri kelyapti.

Badiiy tafakkur, badiiy ijod va umuman sanʼat asariga berilgan har qanday xolis baho zamirida ham subʼyektivlik boʻlmay iloji yoʻq. Qizigʻi, badiiy ijod, birinchi navbatda badiiy did, badiiy saviya demakdir. Bunga qoʻshimcha oʻlaroq, ixtiyoriylik degan gapni ham unutmaylik. Tushunchasidan, dididan qatʼi nazar hech kim hech kimni ijod qilish ixtiyoridan mahrum etolmaydi. Men esa hatto bahsli, bahsga kirishgan holatlarda ham men bilan muloqotdagi kishining qarashlariga zugʻum oʻtkazib qoʻymaslikka harakat qilaman. Men mutlaq haqman, degan nuqtai nazar adabiyotda ketmaydi. Bu shaxsiy fikrsizlikka olib kelmasligi kerak albatta, shaxsiy qarashlar aytilmogʻi kerak, lekin gap mutlaqlik haqida bormoqda. Aytmoqchimanki, har kimning oʻz oʻlchovi, mezonlari, toshu tarozusi bor. Men oʻz qarashlarimni bayroq qilib koʻtarishdan koʻra, boshqalardagi mavjud fikr-mulohazalarni avaylash muhimroq deb oʻylayman. Shu sababdan mening mulohazalarimni qabul qilish-qilmasliklaridan unchalik ogʻrinmayman.

Asarlarga baho berayotganda mualliflarni “havaskorlar” va “professionallar”ga ajratishga kelsak. Toʻgʻri, u yoki bu chiqishlarimda mavzuga ushbu mezonlardan kelib chiqib yondashgan boʻlsam bordir. Lekin bunda adabiyotning qanotini qayiradigan (?) “dvoynoy standart” (?) topganingizni tushunmadim. Umuman, har qanday sohada, takror boʻlsa, uzr, ayniqsa badiiy ijodda professionallik va havaskorlik tushunchasi nihoyatda muhim, gʻoyatda nozik va qatʼiy chegara-belgilarini aniq-tiniq belgilash qiyin boʻlgan masalalardan hisoblanadi. Badiiy asarning yuqori professional darajada yaratilganini koʻrsatuvchi muhim koʻrsatkichlar bir talay: gʻoya, maqsad, syujet, til, fabula, ohang, hajm, dialog, tasvir yoʻsini, kulminatsiya, yaxlitlik, meʼyor, muvozanat, muallif nuqtai nazari va ishtiroki, nihoya… Ehtimol, bu hammasi emasdir, lekin ularning bari biri-biridan ahamiyatli, biri-biridan muhim va hatto shart boʻlgan (!) talablardir. Badiiy asarning badiiyligidan, badiiy tafakkurning yuksakligidan, badiiy mahoratning oʻziga xosligidan dalolat beruvchi unsurlardir. Taʼkidlab qoʻyay, bu singari mezonlarni kimdir oʻylab topgan va joriy etgan emas, balki Arastu va Navoiy zamonlaridan hozirga qadar badiiy-estetik mahorat mezonlari sifatida eʼtirof etilgan – BADIIY IJOD TABIATIDAN kelib chiqqan tushunchalar. Afsuski, gohida professionallar davrasida ham havaskorlik darajasida fikrlashdan uzoqlasha olmaslikni koʻrib ranjiysan kishi.

Lev Tolstoy qaysidir nomaʼlum muallifning, Siz S. Aliqulovning oʻzingiz tasvirlagan hikoyasidan taʼsirlangan boʻlishingiz mumkin. Taʼsirlanish mutlaqo ixtiyoriy hodisa, binobarin, Tolstoy bobo ham, Siz ham bu oʻrinda toʻla haqlisizlar, lekin har ikkala misolda keltirilgan hikoya ham professional saviyada yaratilgan emas (oʻzim oʻqib koʻrmagan ikki asar haqida bunday keskin xulosa chiqarish noqulay, albatta.) Taʼsirlanish boshqa, professionallik boshqa. Sezyapman, Siz asar professional darajada yozilgan boʻlsa-yu, oʻquvchiga taʼsir koʻrsatmasa unday professionallikning nima keragi bor dersiz. Undan koʻra, keltirilgan ikki misoldagidek taʼsirli asar yozish kerak-da, degan aqidani toʻgʻri deb hisoblarsiz. Shu aqidangizdan kelib chiqib S. Aliqulovning hikoyasidagi kelinchak obrazi (hay-hay, Dostoyevskiyning Marisiga yaqin keltirish qiyin-ov!) unutilmas badiiy mahorat timsoli deb qararsiz. Bordiyu, shunday oʻylasangiz, shunday hisoblasangiz, yanglishasiz.

Fikrimga yanada oydinlik kiritish uchun salgina chetga chiqib boʻlsa-da, shaxmatdan misol keltiray. Bir partiyada raqiblar oʻrtacha oʻttiztadan yoʻl yurishdi deylik. Jahon miqyosidagi shaxmat ustalarining deyarli barcha yoʻllari oʻzlariga xos maqomdagi professional darajadagi yoʻl sifatida baholanadi, adoqsiz muhokamalarga mavzu beradi. Bitta-ikkita uchraydigan favqulodda xato yoʻllari esa havaskorlik darajasidagi yanglishmovchilik hisoblanadi. Havaskor shaxmatchilar uchrashuvidagi har ikki raqibning oʻttiztadan qilgan yurishlarining qariyb barchasi esa oʻzlarining darajalaridan yuqori koʻtarilmaydi. Faqat ayrim holatlarda gʻoyatda oʻxshatib topilgan yurishgina professional darajadagi yoʻl sifatida olqishlarga sazovor boʻladi, xolos.

Bundan qanday xulosa chiqadi: professional shaxmatchi xatosiga qaramay professionalligicha, havaskor esa “dahshatli” yoʻl topganiga qaramay havaskorligicha qolaveradi. Kim qaysi shaxmatchining oʻyinlaridan zavq-shavq oladi, taʼsirlanadi – bularning bari yana did, yana saviya, yana… allanimalarga borib taqalaveradi…

Xurshid aka, oʻylashimcha, avvaliga “Oʻn sahifasini koʻraylik-chi, yoqmasa, oʻqimaymiz-qoʻyamiz” deya “Bechora odamlar” romanini qoʻlga olgan, soʻng qoʻlyozmani tun boʻyi zoʻr hayajon bilan oʻqib chiqqan, tong saharda izvoshda butun Peterburgda izgʻib, muallifni qidirgan muharrir Nekrasov bilan shoir Grigorovich baxtli insonlar. Chunki ular Belinskiydan “Yangi Gogol tugʻildi!” deb suyunchi soʻrab turganlari holda, aslida ulugʻ Dostoyevskiy dahosini kashf etgandilar.

Shukr, yurtimizda isteʼdodli ijodkorlar koʻp. Ammo, shoir aytganiday, elga daholar kerak.

Yodingizda bordir, “Hurriyat” gazetasida soʻrov oʻtkazganingizda, XX asr oʻzbek adabiyotining eng yaxshi asari sifatida “Oʻtkan kunlar” tilga olingandi. Bu nimadan dalolat beradi? Nahotki keyingi yetmish yil ichida Abdulla Qodiriy dahosiga teng ijodkor dunyoga kelmadi? Yo oʻzbek adabiyoti “Oʻtkan kunlar” darajasidan yuqoriga koʻtarila olmadimi?

Keyingi yigirma yilning oʻzida yuzdan ortiq(!) roman yozilibdi. Ammo bu “hosil”ning anchagina qismi adabiy makulatura ekanligi Sizga yaxshi ravshan boʻlsa kerak.

Gap bu janr haqida ketarkan, Erkin Aʼzamning bir salmoqli fikrini eslab oʻtmoqchiydim: “…roman deganlarida yangi bir voqelik, yangi ruh, murakkab xarakterlar, ularning chigal taqdiri, shulardan tugʻiladigan salmoqli bir falsafa, fikrlar boʻlmogʻi lozim. Kitobxonni u ilgari notanish yangi bir dunyo, yangi voqelikka boshlab kirmogʻi darkor”. Mana shu jihatdan qaraganda, kaminaga yozuvchi Isajon Sultonning “Boqiy darbadar”, Erkin Aʼzamning “Shovqin” romanlari adabiyotimizdagi voqea boʻlib koʻrinadi. Bu asarlar jahon adabiyotining sara namunalari bilan bellasha oladi deb oʻylayman. Bundan uch-toʻrt yil burun yaratilgan “Jaziramadagi odamlar” (Luqmon Boʻrixon) romani ham shunday eʼtirofga munosibdek.

Kichik janrlarga kelsak, Nazar Eshonqulning “Qultoy”, Ulugʻbek Hamdamning “Bir piyola suv”, “Koʻzini ochib yumgan odam”, Isajon Sultonning “Suvdagi kosa”, Muyassar Tilovovaning “Olmazor”, Dilrabo Mingboyevaning “Talant” hikoyalari, mening fikrimcha, biz shartli ravishda “jahon adabiyoti” deb ataydigan baland “planka”dan bemalol oshib oʻta oladi. Men oddiy oʻquvchi sifatida shunday deb oʻylayman. Siz oʻzimizning yozuvchilarning biron asarini oʻqiyotganingizda Nekrasov bilan Grigorovich ahvoliga yaqin ahvolga tushganmisiz?

Abduqayum, doʻstim. Men matbuot soʻzi madaniyati, odobi muammolari mavzusida ozmi-koʻpmi kuzatishlar, tadqiqotlar olib borganimdan xabardorsiz. Siz bilan kecha yo bugun tanishganimiz yoʻq, har qalay, koʻpgina qarashlarimiz bir-biriga begona ham emas deb oʻylayman. Shulardan kelib chiqib, savolingizning oxirgi qismi koʻngilga picha ogʻirroq botganini ham sezdirib qoʻyay.

Adabiy voqea boʻlarli asar oʻqib Nekrasov bilan Grigorovichning ahvoliga tushish… bunday holatlarda “ahvol” soʻzi qoʻllanilmaydi, yoxud shartli ravishda qoʻllaniladi, ogʻayni, chunki odam yomon, ogʻir yoki ayanchli ahvolga tushishi mumkin, Siz aytgan insonlar quvonchlarini bosolmagan, xursandchilikdan oʻzlarini qoʻyarga joy topolmagan HOLATDA yosh Dostoyevskiyning uyini izlashga tushishgan. Oʻzini adabiyotga, ijodga daxldor sogʻlom fikrli kishi uchun buning hech bir ajablanarli yeri yoʻq (qolaversa, ayni oʻsha daholar Dostoyevskiyni keyingi asari uchun matbuotu yigʻinlarda “obborib-opkelishgani”dan ham xabardorsiz). Bunday hayratlanishu eʼtirofning betakror namunasi nuroniy Lutfiyning navqiron Navoiyning mashhur misrasi munosabati bilan boʻlib oʻtgani ham yodingizda, albatta.

“Oʻtkan kunlar” haqiqatda ulkan va noyob asar. Yana yigirma yildan keyin soʻrovnoma tashkil etilsa va bu roman yana zamonaviy oʻzbek nasrining shoh namunasi sifatida tilga olinsa ajabmas. Lekin bunday soʻrovnomalarga beriladigan javoblaru eʼtiroflarni ham toʻgʻri tushunmoq kerak. Ayrim hisoblarga koʻra, milliy adabiyotimizda hozirga qadar 500 dan ortiq roman eʼlon etilgan boʻlsa, Siz aytmoqchi, keyingi yigirma yil badalida 100 ta roman yaratilgan boʻlsa (bu juda oz!), ularning birortasi “Oʻtkan kunlar”ga tenglasholmadi yoki undan zaif degan xulosa chiqarmaslik kerak. Umuman, masalaning bu tarzda qoʻyilishi unchalik toʻgʻri emas. “Urush va tinchlik” yaxshimi yoki “Jinoyat va jazo”mi?.. “Jarayon” maʼqulmi yoki “Buzrukning kuzi”mi?.. “Oʻtkan kunlar”mi yoki “Ulugʻbek xazinasi”mi?.. Quloqqa gʻalati eshitilmayaptimi, bu tarzdagi chogʻishtirishlar?..

Masala boshqa tomonda. Masala roman tafakkurining oʻzgaruvchanligida, bu oʻzgarish toʻxtovsiz davom etayotganida! “Roman” tushunchasining idrok etib boʻlmas darajadagi sarhad bilmasligida. Biror-bir romanni (jahon adabiyoti durdonalarini qoʻshib aytganda) har jihatdan bekamu koʻst, yaʼni ideal asar deyish juda-juda qiyinligida! Roman shu qadar murakkab VOQEAki, tirik mavjudodki, undan istagancha fazilat ham, istagancha qusur ham topish mumkin. Barcha unsurlariga koʻra mukammal roman boʻlmasa kerak…

Ibrohim Gʻafurov, Shukur Xolmirzayev, Erkin Aʼzam, Murod Muhammad Doʻst, Xayriddin Sulton, Ahmad Aʼzam singari adiblarimizning soʻzni his etishdagi, har qanday holat tasvirini ifodalashdagi tiniqlik va topqirlik oldida oʻzimni hamisha talabadek his qilaman. Siz nomlarini keltirgan Nazar Eshonqul, Nurulloh Muhammad Raufxon, Isajon Sulton, Ulugʻbek Hamdam, Salomat Vafo qalamiga mansub asarlarda uchraydigan topilmalarga havasim keladi. Aniq misollar sifatida bir qator hikoyalarni sanab oʻtishim mumkin, ammo-lekin “Etakdagi kulba” taʼsirida Nurulloh Muhammad Raufxon, “Tun qaʼridagi shuʼla” taʼsirida Luqmon Boʻrixon, “Qismat” taʼsirida Isajon Sulton, “Ayol” va “Koʻlanka” hikoyalari taʼsirida Zulfiya Qurolboy qizi, “Uchinchi bashorat” taʼsirida Risolat Haydarova, “Qor elagan kun” taʼsirida Habibullo Haydar, “Sirtlon” taʼsirida Shomirza Turdimov, “Shikor” taʼsirida Durbek Qoʻldoshev singari adib va adibalarimiz turarjoylarini qoʻlimda guldastalar tutib izlab borishga tayyor holatga tushganimdan va bugungi kun adabiyotimizda mana shunday badiiy kashfiyotlar yuz berayotganidan samimiy quvonganlarimni hech qayerda yashirmayman.

Xurshid aka, qaydadir oʻqigandim, Jorj Simenon yaratgan 214 romanida yetti mingta soʻz birligidan foydalangan ekan. Pushkinda bu miqdor yigirma mingga yaqinni tashkil etgan, Navoiyda esa oltmish mingdan oshgan ekan. Biroq keyingi yillarda paydar-pay yaratilayotgan koʻplab asarlar mualliflari bu borada Simenonni ham ortda qoldirib ketishayotganday. Holbuki, adabiyot eng avvalo soʻz sanʼati.

Tasavvur qilasizmi, keyingi paytlarda qoʻshni mahalladan tushgan kelinni ham bemalol “kelgindi” deb atashmoqda. Vaholanki, Abdulla Qahhorning “Oʻtmishdan ertaklar”ini oʻqigan odam bu soʻzning naqadar qattiq haqorat ekanligini juda yaxshi biladi. Shunga qaramay, eng ommaviy sanʼat boʻlgan kinoda “Kelgindi kuyov”, “Kelgindi kelin”, “Kelgindi qaynona” degan filmlar yaratildi va ular “oynai jahon”da tinmay aylantirilib turilibdi. Yaqinda esa yangi bir filmning nomi orqali baxt yoki muhabbat emas, hayot ham kechikishi mumkinligiga iqror boʻldik.

Keling, Soʻzni his qilib, tejab-tergab, sevib-avaylab ishlatish borasida bittagina misol keltirib oʻtay: “Yoz oxirlab bormoqda edi, tevarak-atrof sezdirmasdan tanazzul fasliga tayyorgarlik koʻrar, yalpizning sargʻaya boshlagan bandi, suvning endilikda toʻq zangor tusga kirishi, jiyda barglarining birma-bir toʻkilishi va nihoyat, haddan tashqari tiniq, zangori osmondan kuzning sokin nafasi ufurib turardi. Bolakay bir zumga chumolidan nigohini uzib, yalpizning ham juda qariligini koʻrdi, shoʻrlikning tanasi yoʻgʻonlashib-semirib, koʻpdan-koʻp bachki shoxchalar chiqarib yuborgan va isi ham avvalgi singari nozik-nafis emas, quyuq hamda achqimtirroq edi. Hatto salom-alik oʻtining urugʻi-da oʻsimlikning qariganini, shuning uchun ham urugʻini yerga sochib yuborganini taʼkidlab turardi. Chumoli tinmay chiranaverdi va pirovardida, tuyqusdan sip-silliq orqasi yorildi, yoriqlaridan oqish-sargʻish suyuqlik otilib chiqa boshladi, havoni chumoli zahrining oʻtkir isi tutib ketdi. Shunda ham urugʻni tortib olmoqqa tirishar edi…” Bu tiniq tasvir tabiat kuychilari boʻlmish K. Paustovskiy, V. Astafyev yoki oʻzimizning Shukur akadan emas, suhbatimizda ismi koʻp tilga olinayotgan I. Sultonning bundan yigirma yil burun chop etilgan “Munojot” qissasidan. Boʻladigan bola boshidan maʼlum deganlari shu boʻlsa kerak-da.

Sizning ham olim, ham yozuvchi sifatida bugun yaratilayotgan asarlardagi til masalasiga munosabatingiz qanday ekanligi bizni qiziqtiradi.

“Kelgindi” soʻzini oʻzingizga ogʻir olmang, joʻra. “Oʻtmishdan ertaklar”dagi bu tuygʻu tasviri ham juda mayda (oʻzi mayda-yu, asorati olamni buzadi bu kasofatning!) tasavvurlardan kelib chiqqan. Axir tirik jon borki, yorugʻ dunyo uchun hamma-hammasi – kelgindi-ku!.. Salgina yirikroq boʻlaylik.

Badiiy asarda til mahorati masalasi alohida muammo. Til mahoratining ildiz tomirlari tafakkur tarzidan, dunyoqarashdan, ijodkorlik konsepsiyasidan boshlanadi. Ijodkorning oʻylagani nima, niyati nima, ularni qay yoʻsinda ifoda etmoqchi, asar uchun qay ohang va meʼyorni tanlamoqchi, janr yoʻnalishini qay tarzda belgilamoqda?.. Bularning barchasi piravordida tilda oʻz ifodasini topadi, barchasining “taqdiri”ni til hal qiladi. Bor qiladigan ham, yoʻq qiladigan ham til.

Soʻzni his qilishning oʻzi ulkan sanʼat, isteʼdod, mahorat. Bu borada har kim tinimsiz ishlashi, izlanishi, maktab oʻquvchisi misol oʻrganishi zarur. Afsuski, men bu borada murabbiylik daʼvoim yoʻq. Bundan oldingi savol javobida bir qator adiblarimizning nomlari keltirildi. Til sabogʻiga qodir ijodkorlarni adabiyotimiz maydoniga safarbar etish unutilib qolayotgani yaxshi emas.

Abdulla Qahhorning “Yozuvchi adabiyotga ikki xil kiradi: birinchi asari bilan tutab, birinchi asari bilan yashnab kiradi… Tutab kirgan yozuvchi uzoq tutaydi, koʻnglidan chiqarib emas, qornidan chiqarib asar yozadi…” degan hikmatli gapini koʻp eslayman.

Yaqinda bir qalamkashning semizgina asarini kaminaga taqrizga berib qolishdi. “Qorindan chiqarib” yozilgan asar “tanqiddan tuban” boʻlib koʻrindi koʻzimga. Ammo meni boshqa narsa oʻylantirib qoʻydi. Shu “asar”ga muharrir mashhur falonchi aka, soʻzboshi muallifi yanada mashhur pistonchi aka… Men ularga achindim: axir oson boʻlmagandir “qora”ni “oq” deb yozish. Shu tuygʻu barobarida koʻngilda bir ishtiboh, ham uygʻondiki, nima balo, bunday “yozgʻuvchi”larning istak-xohishlarini ado etishga tayyor muharrirlar, taqrizchilar, “oq yoʻl” tilovchilar, noshirlar qatlami paydo boʻldimi yo bu voqea allaqachon sodir boʻlib ulgurganmi?..

Xurshid aka, Siz kino sohasini yaxshi tushunasiz. Bilasizki, yiliga oʻn-oʻn ikkita film davlat buyurtmasiga koʻra, davlat mablagʻiga suratga olinadi. Taxminan bundan toʻrt barobar koʻp kartina esa xususiy studiyalarda. Reklamaning zoʻri oʻsha kartinalarda. Vahimali tarzda targʻib-tashviq qilingan aksar filmlarni borib koʻrsangiz, hafsalangiz pir boʻladi, ular Toʻytepadan nariga oʻtolmasligining sababi ham shu boʻlsa kerak.

Endi gurungimiz avvalidagi mavzuga qaytsak. Kinodagiga oʻxshash holat adabiyotda ham yuz bermayaptimi? Yaʼni “havaskor” maqomiga munosib koʻrilgani bois talab unchalik qattiq qoʻyilmagan ayrim “yozgʻuvchi” grafomanlar chop etayotgan katta adadli jild-jild kitoblar oʻquvchi qoʻliga yetib bormoqda, kutubxonalarni egallamoqda. Tomoshabin uchun kinoning qaysi studiya ishlab chiqargani ahamiyatga ega boʻlmaganiday, oʻquvchi uchun oʻqilgan asar muhim, muallifning “havaskor” yoki “professional”ligi emas. Endi bu “yozgʻuvchi” kitoblarini qoʻltiqlab uyushmaga keladi, “meni aʼzo qilib olinglar, axir shuncha kitobim chiqdi-ku”, deb iddao qiladi.

Albatta, boshidan oʻtgan tabib. Shunday “klassik yozgʻuvchi”lardan biri suhbatlaridan birida toʻgʻridan-toʻgʻri “Oʻzbek detektiv adabiyotini men bilan Tohir Malik yaratdik”, deb qoldi. Yana boshqa bittasi “shedevr” asarini pul toʻlab rus tiliga tarjima qildirgan ekan. “Shu ijodkorning sazasi oʻlmasin”, deb uni internet orqali Rossiyadagi nashriyotlardan biriga yubordik. Afsuski, u yoqdan kelgan keskin salbiy baho (“Razve eto xudojestvennoye proizvedeniye?”) bois ancha paytgacha xijolat chekib yurishimga toʻgʻri keldi va minbaʼd bunday ishlarga qoʻl urmaslikka qaror qildim: maʼnaviy shapaloqning izi uzoqroq saqlanib turarkan. Men ana shunda nima uchun ayrim gʻarb davlatlarida “bestseller” yaratuvchi qalamkashlar yozuvchilarining pen-klublariga aʼzo qilinmasligini anglab yetganday boʻldim…

Albatta, asarlarning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratishda tanqidchilarga, taʼbir joiz boʻlsa sinchilarga koʻz tikamiz. Axir, Umarali Normatov yozganidek, “tanqid saralamoqdir”. “Yozgʻuvchi”lar asarlariga xolis munosabat Yoʻldosh Solijonov, Abdulla Ulugʻov va Sanjar Sodiqlarning ayrim chiqishlarida koʻrinayapti.

Soʻramoqchi boʻlganim, Xurshid aka, Siz adabiy bagʻrikenglik va obʼyektivlik tushunchalarini yonma-yon qoʻya olasizmi?

“Maʼnaviy shapaloq” degan taʼrifingiz yoqdi! Yondaftarimga yozib ham qoʻydim… “Maʼnaviy tarsaki” desa ham boʻladi… Bunday shapaloq va tarsakiga loyiq ijodkorlar badiiy ijodning qaysi sohasida yoʻq deysiz?! Birontasini istisno qila olamizmi? Yoʻq. Demak, bu subʼyektiv reallik emas, yaʼni kimningdir xohish-irodasi mahsuli emas, balki obʼyektiv reallik, yaʼni sizu bizning imkonimizdan, istaklarimizdan xorijda kechayotgan jarayon. Faqat bizning voqeligimiz uchun nisbatan yangilik boʻlgani sababli unga boʻlgan munosabatlarni aniqlashtirib olishga picha qiynalayotgandekmiz.

Aslida-chi? Aslida har qanday adabiy jarayon bamisoli toʻldirib taom pishirilayotgan doshqozon. Faqat qozondan farqli oʻlaroq adabiy jarayonning bagʻri nihoyatda keng, keng dunyodan-da keng! Uning egasi ham, posboni ham, tosh-tarozisi ham bitta – vaqt! Hech kimga qoʻliga tayoq koʻtarib birovni quvib solish huquqi berilmagan. Badiiy haqiqat egallagan maqomning manzili, “turarjoyi” shu qadar yuksaklikdaki, uning uchun ijodkorning isteʼdodlisi-yu isteʼdodsizi bamisoli taroqning tishidek teng. Bu maqom sohibi, yaʼni badiiylik ilohasi kimning nimalarga qodirligini, kim nimada ilgʻor-u, kimning zaifliklari nimada – hammasini koʻrib-bilib turadi. Faqat sukut saqlaydi, saqlay-saqlay hukm huquqini vaqt ixtiyoriga beradi.

Bu bilan men adabiyot maydonini qarovsiz tashlab qoʻyish kerak degan fikrdan mutlaqo yiroqman. Birinchi navbatda, keng omma oʻrtasida mutolaa madaniyatini tarbiyalash va shakllantirish zarur. Siz aytayotgan grafoman mahsulotlar, filmlar, qoʻshiqlar, musiqalar bir kunlik lolaqizgʻaldoqdek urchib ketayotganiga kim bosh sababchi? Omma! Bizda ommaga til tekkizmaslik odati shakllangan. Bu bilan oʻzimizning insonparvarligimizni koʻz-koʻz qilgandek boʻlamiz. Vaholanki, haqiqatda insonparvarlik daʼvoimiz chin boʻlsa, oʻsha ommaning tili, til madaniyati, savodi xususida qaygʻuraylik. Oʻzini ulugʻlagan boʻlib, tilini oyoqosti qilib qoʻymaylik. “Ommaviy madaniyat” tushunchasiga qarshi kurashni ham, “olomon madaniyati” tushunchasiga qarshi kurashni ham mana shu haqiqatni tan olgan holda boshlamoq kerak. Boshqa iloji yoʻq. Tasavvur qiling, agar bu borada bir hissa oldinga harakat boshlansa, Siz qaygʻurib aytayotgan “asar”larning kamayishi oʻn va yuz hissa tezlashadi. Keng kitobxonlar (sanʼatsevarlar) ommasining qudratli kuchi nimalarga qodirligi ana oʻshanda koʻrinadi: ijodkorning saviyasi (professionalligi!) koʻtariladi, nafaqat adabiyotning, unga qoʻshilib, umummilliy badiiy did shakllanadi.

Shubhasiz, ijod juda murakkab jarayon. Yana Abdulla Qahhordan iqtibos oladigan boʻlsak: “Adabiyot koʻngil ishi, ilhom samarasi. Tuygʻusiz, ilhomsiz yozilgan asar changlanmagan gulga oʻxshaydi – meva tugmaydi. Koʻngil rozi boʻlgan asargina kitobxonning koʻngliga yoʻl topadi, kitobxonning koʻnglida meva tugadi”. Inchunun, asarga munosabat bildirish ham maʼlum koʻnikma, ilm va isteʼdod talab qilishi muqarrar. Xurshid aka, biron asarga avvaliga oʻzingizning bahoyingizni berganingiz holda, keyin fikringizni oʻzgartirganmisiz?

Bir suhbat asnosida bir ijodkorga toʻrt-besh martalab murojaat etish (hatto Abdulla Qahhor boʻlsa ham!) judayam tahsinga sazovor hisoblanmaydi. Nachora, savolga tutuvchi – Siz, biz – javob beruvchi, xolos. Asarga munosabat – jiddiy masala. Muammo! Germenevtika deyiladi fanda. Asarni talqin etish ilmi. Shu mavzuda oʻzbek mutaxassislari ham bosh qotirishmoqda. Domla Abdugʻafur Rasulov, tadqiqotchi olim Avtondil Erkinov va hokazo. Lekin hali bu borada qilinadigan ishlar nihoyatda koʻp, qalashib yotibdi. Jahon adabiyotining betakror durdonalarini durustroq hazm qilishga tishimiz oʻtmaydi-da (mabodo oʻqishga toqatimiz yetsa, albatta), “Puf, sassiq!” deb oʻzimizning oyogʻimiz ostida oʻralashganimiz-oʻralashgan. Darvoqe, “Yoshlik” jurnali mana shunday vazifalarni zimmasiga olishi kerak emasmi? Jurnalning har sonida “Talqin”, “Asarni tushunish ilmi” singari ruknlar ostida chiqishlar uyushtirilsa, yosh kitobxonlarga ham, yosh ijodkorlarga ham amaliy, ham nazariy tahsil maktabi, toʻgaragi paydo boʻlardi…

Bir voqeani muxtasargina qilib aytay. Koʻp yillar boʻldi, qaysidir viloyatdan poyezdda Toshkentga qaytib kelyapman. Yoz chillasi, jazirama. Vagon toʻla, joy yoʻq. Amallab kupening uchinchi qavatiga joylashdim (aslida u yerga jomadonlar joylanadi). Qariyb yalangʻoch holda lohas boʻlguday chalqancha yotibman. Shiftga urilib qaytayotgan nafasimning “tafti”ga chidab boʻlmaydi. Bu yetmaganday, vagon radiosi “xr-xr-r”lab, vaysashdan tinmaydi. Koʻzim ilinibdi. Bir mahal qulogʻimga kuy-qoʻshiq chalindi. Beixtiyor tinglay boshladim. Qulogʻimni yanayam ding qildim, diqqatimni jamladim. Qayerdandir mayin va sarrin nasim esgandek, u mening betlarimni avaylabgina siypalayotganday, erkalayotganday, allalayotganday… Hamon yelib borayotgan vagon endi qoʻshiq ohangiga mast boʻlib silkinayotgandek. Qani endi poyezd yurishdan toʻxtamasa, shu maromda silkina-silkina ketaversa-ketaversa, qoʻshiq ham uzilmasa, mayli, radio qitirlayversa ham roziman, qoʻshiq toʻxtamasa bas… Afsus, qoʻshiq juda tez tugadi va “Siz falonchi shoirning sheʼrlari asosida yaratilgan qoʻshiqlardan bahramand boʻldingiz” degan soʻzlar bilan dastur nihoyasiga yetdi. Boyagi holatda yotibmanu, aʼzoi badanimga muz yugurdi deng! Xuddi favqulodda ogʻir gunoh ishga qoʻl urdimu, butun bir maydon toʻla izdihom oldida sharmanda boʻlayotgandek!.. Nega, deymi?.. Qoʻshiq soʻzlarining muallifi oʻzim mutlaqo oʻqimaydigan, kechirasizu, yozganlari oʻqishga arzimaydi, deb hisoblaydigan shoir akalardan biriniki ekan! Tushunyapsizmi, Abduqayum, oʻsha paytgacha oʻsha shoirga boʻlgan munosabatim – bepisandligim uchun birovlarning oldida emas, oʻzimning oldimda sharmanda boʻldim. Maʼnaviy tarsaki yomon mulzam qildi oʻshanda!..

Aytmoqchimanki, badiiy asar holatga, kayfiyatga qarab taʼsir oʻtkazadi. Bir oʻqishda maʼqul koʻringan fazilati, ertasiga butkul zid taassurot uygʻotadi. Toʻgʻri, har qanday holatda ham birdek taʼsir qiladigan asarlar ham oz emas.

Men har qanday odamni avvalo qoʻliga qalam tutgani uchun – umuman sehru jozibalar makoni boʻlmish ijod dunyosiga kirishga harakat qilgani uchun hurmat qilaman. Ana shu intilish-istakni olqishlashga asos boʻlarli fazilat izlayman, nasriy asaridan bitta jumla yoki tasvir topsam ham koʻz-koʻz qilib maqtayman, ijodni davom ettirishi uchun ragʻbat beraman. Va keyingi asarlarini kuzataman: yaxshi tomonga oʻzgara boshlaganligiga, ijod mashaqqatini zimmasiga olgan-olmaganligiga eʼtibor qarataman, u yogʻi… koʻpkari olishuvida hech kim hech kimning qoʻlidan yetaklab yurmaydi, yaʼni u yogʻiga, vallohi olam, ijodkor vaqt sinovlari izmiga oʻtadi…

Men bir muxlis sifatida koʻp yillar mobaynida Sizning maqolalaringizni yigʻib yuraman. (Balki yodingizda bordir, dastlabki tanishuvimiz ham sizning publitsistik chiqishlaringizni maqtab, “Nigoh” nomli qissangizni tanqid qilib yoʻllagan maktubimdan keyin kechgandi). Meni anchadan beri bir savol oʻylantirib keladi. 1987 yilning 11 iyunida “Yosh leninchi” gazetasida eʼlon qilingan maqolangizda shunday satrlar bor: “…Somerset Moemning mashhur qahramoni Striklend “Ishq-muhabbatga zor emasman. Unday ishlarga sarflaydigan fursatim yoʻq”, deb butun vujudi bilan dunyoni anglashga shoʻngʻib ketadi”. Nazarimda, shunga yaqin nuqtai nazar “Kuza” qissangizdan ham moʻralab turgandek. Biz Dostoyevskiyga ergashib “Dunyoni goʻzallik qutqaradi”, deb takrorlaymiz. Goʻzallikni esa muhabbat yaratadi. Shunday ekan, ishq-muhabbatsiz ham dunyoni anglab boʻladimi? Bu olamni, odamni adabiyotsiz, sanʼatsiz ham anglab boʻladi degani emasmi?

Chorak asr boʻldi chogʻi, “Yoshlik” jurnalida “Nigoh” nomli qissam eʼlon qilinganida menga xat yoʻllagan edingiz. Uni “Xira nigoh” deb nomlagansiz. Juda xursand boʻlganman. Hafsala va eʼtibor bilan, samimiy kuyunchaklik bilan munosabatda boʻlganingizdan boshim osmonga yetgan. Bu haqda Sizga koʻp martalab aytganman, faqat qissaning tub mohiyatini tushunmaganingiz haqida indamagandim. Chunki, avvalo u kezlar birmuncha yosh edingiz, qolaversa, oʻqish-uqish, bu yuqorida aytganimiz – germenevtika. Birovning boshiga nuqib asarni uqdirish qiyin, qolaversa, niyatimni, oʻzim koʻzda tutgan mohiyatni oʻquvchi uqadigan qilib yozolmagan ekanman, ayb oʻzimda. Afsus, feʼlim-tabiatimga ilgʻash mushkulroq yoʻsinda yozish yoʻsini ravo koʻrilgan ekan, bilasiz, uni (uslubni) oʻzgartirish uchun qayta tugʻilmoqdan oʻzga chora yoʻq…

Goʻzallikning, ishq-muhabbatning sehriga yeta olish, uni tugal tasvirlay bilish bandasiga hech qachon nasib etmaydi. Somerset Moemning mashhur qahramoni qay munosabat bilan va qay holatda u gapni aytgani yodimda yoʻq, lekin insonni jamiki mavjudotlardan ajratib turuvchi tuygʻu ham – muhabbat. Har bir kishining insoniyligi uning bajarayotgan ishiga muhabbat bilan yondashuvidan kelib chiqib belgilanadi. Dunyoni anglash ham muhabbatdan, hayratdan, havasdan kuch oladi. Adabiyot va sanʼatning ilohiy kuch-qudrati ham shunda!

“Yoshlik” jurnali uchun vaqt ajratib, samimiy suhbat qurganingiz uchun Sizga tashakkur. Men Sizning fikrlaringizni hurmat qilaman. Sizday kuyinchak ijodkorlarning xolis munosabati adabiyotimizning ham buguni, ham ertangi kuni uchun xizmat qiladi degan umiddaman.

Men ham, Abduqayum, Sizning tinib-tinchimay ijod qilishingizga, kirishgan ishingizni nihoyasiga yetkazmaguncha halovatni unutishingizga va albatta bu urinishlaringiz samarasiz ketmasligiga havasim keladi. Suhbatimiz vaqt sinovlariga dosh berib, adabiyotimizning buguni va ertasi uchun xizmat qilishga yarasa, buning uchun ham mana shunday toʻkilib mulohazalar bildirish imkonini bergan “Yoshlik” jurnali tahririyatiga va Sizga tashakkur!

 

Abduqayum YOʻLDOSHYeV suhbatlashdi

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 8-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.