Maestro savol beradi

0
243
marta koʻrilgan.

 (Boʻronli dengizdan maktub)

 

Taniqli amerikalik yozuvchi, Nobel mukofoti sovrindori (1954) Ernest Xeminguey(1899–1961)ning “Maestro savol beradi” ocherki uning XX asrning 30-yillari birinchi yarmidagi jurnalistlik faoliyati davomida yozilgan. Adibning bu davrdagi publitsistikasida uning adabiyot va yozuvchilik xususidagi, yozuvchilik mahorati, ijodkorning hayot va jamiyat oldidagi burch va masʼuliyati haqidagi fikr-mulohazalari asosiy oʻrin tutadi. Mazkur ocherk 1935 yilda “Eskvayr” jurnalining oktyabr sonida bosilgan. “Eski gazetachi yozadi” kitobi(Moskva, “Progress” nashriyoti)dan olingan savol-javob tarzidagi bu mulohazalar hozir ham oʻz ahamiyati va dolzarbligini yoʻqotmagan, ayniqsa, yosh ijodkorlar uchun foydadan xoli emas, deb oʻylaymiz.

 

Bir yarim yillar chamasi avval bizning Ki-Uestdagi uyimizga kutilmaganda bir yosh yigit kirib keldi. U xuddi Minnesota shtatidan yoʻlovchi mashinalarda ancha yoʻl bosib kelganini aytarkan, Sizning muxbiringizga qanday qilib yozuvchi boʻlish haqida bir necha savoli borligini bildirib darrov maqsadga koʻchib qoʻya qoldi. Men oʻsha kuni Kubadan qaytib kelgan edim, vaqtim juda tigʻiz, buning ustiga bir soatdan keyin temir yoʻl vokzaliga doʻstlarimni kuzatgani chiqishim, yana shungacha moʻljallab qoʻyganim bir nechta xatlarni yozishga ulgurishim kerak edi. Boʻlajak savol-javoblardan ham ichim qizib, ham hadiksiragancha vaqtim ziqligini roʻkach qilib, yosh yigitga ertaga kelishini aytdim. Boshidagi qalin quyuq sochlari qunduzday yarqiragan bu daroz yigitning koʻrinishi oʻta jiddiy, qoʻl va oyoqlari esa juda uzun edi.

Ertasiga maʼlum boʻlishicha, bu nogahoniy mehmon shu paytga qadar yozuvchi boʻlish orzusi bilan yashagan ekan. Qishloq joyda tugʻilib-oʻsib, maktabni, undan soʻng Minnesota universitetini bitirgach, avvaliga gazetada, keyin boʻlsa usta-duradgor boʻlib ishlagan ekan. Mardikorlik ham, aravakashlik ham qilgan, darbadarlikni ham obdon boshdan kechirgan bu ajabtovur yigitning butun Amerikani u yogʻidan bu yogʻigacha ikki marotaba sangʻib kezib chiqqanini eshitib, u bilan suhbatlashish yanada qiziqroq tuyuldi. Yozuvchi boʻlish istagida u yigʻib toʻplagan, ayni damda menga gapirib bergan voqealaru sarguzashtlar aslida yomon emas edi. Ammo ustasiga tushsa yaxshi-yaxshi hikoyalar chiqarsa boʻladigan bu syujetlarni u tuzukroq qilib soʻylashni ham eplolmasdan talmovsirardi. Shunday boʻlsa-da, mehmon yozuvchilikka oʻta jiddiy ish deb qarar va uning mana shu haqqoniy sidqidil munosabati qolgan barcha toʻsiq va gʻovlarni bemalol yengib oʻta olishiga ishonch tugʻdirardi. Shimoliy Dakotada oʻz qoʻllari bilan qurgan kulbasida butun bir yil davomida yakka-yolgʻiz yashaganlariyu hech qayoqqa chiqmasdan faqat yozuv-chizuv bilan mashgʻul boʻlganigacha erinmay gapirib berarkan, u menga oʻsha bitiklaridan biror narsa koʻrsatishni lozim topmadi. Boʻlmaydi, juda yomon chiqqan, dedi.

Minnesota gazetalaridan birida chop etilgan hikoyasini koʻrsatmagunicha men uning bu harakatini kamtarlikka yoʻyib turuvdim. Hikoya haqiqatan ham juda yomon yozilgan edi. Boshqa koʻplab yozuvchilarda boshlanishi bundan ham battarroq boʻlgan, deya oʻylardim men, bu oʻspirin esa odatdagidan koʻra shu darajada qatʼiy va jiddiyki, beixtiyor kishida umid va ishonch uygʻotadi: haqiqiy yozuvchi boʻlib yetishishning birinchi va asosiy sharti – yozuvchilik ishiga oʻta jiddiy va haqqoniy munosabat sanaladi. Uning ikkinchi muhim sharti esa, ming afsuski, kishida Xudo bergan isteʼdod ham boʻlishi kerak.

Yozuvchilik ilinjidan boshqa yosh yigitning yana bir dardisar orzusi bor ekanki, buni ham u tortinmay oshkor qildi. Yaʼni bizning kemamizda biz bilan birga dengizda suzishni, dengizni koʻrishni qatʼiy niyat qilib kelgan ekan. Xullas kalom, biz uni kemamizga tungi qorovul qilib oldik. Yotish-turish joyi taxt, oʻlan-toʻshagi tayin, uch-toʻrt soatlik supurib-sidirish ishlaridan soʻng oʻzining yozuv-chizuvlariga endi u bemalol vaqt topa oladi. Dengizda sayru sayohat qilish ishtiyoqi bilan xumorini qondirish uchun biz uni oʻzimiz bilan birga Kuba safariga olib borishga ham vaʼda berdik.

Qorovullikni u aʼlo darajada eplab ketdi. Kemadagi yumushlarni ham, oʻz qoʻlyozmalari ustida ishlashni ham bir paytning oʻzida bekamu koʻst bajarib ketaverar, biroq kemaga kirganning joni bir deganlariday, epchillik, chaqqonlik talab qilingan joyda u juda sust ishlar, kema boʻylab xuddi maymunlarga oʻxshab ikki qoʻli yoʻq kimsaday toʻrt oyoqlab harakat qilar edi. Qatʼiylik kerak boʻlganda asabiylashib ketar, shunday paytda dengiz kasaliga moyilligi ham bilinib qolar, gap-buyruqlarga ham doʻlvar dehqonga oʻxshab istar-istamas quloq solar edi. Shularga qaramay u hech qanday ishdan boʻyin tovlamas, shoshiltirmasa agar har qanday ogʻir yumushni ham bemalol eplab-uddalab bajarar edi.

Boʻsh qolgan paytlarida gʻijjak chalishni yaxshi koʻrgani uchun biz unga Maestro deb nom qoʻydik. Bora-bora bu laqabni qisqartirib uni Mays deb atay boshladik. Dengizning toza, sovuq shamoli uni shu darajada ozdirib-toʻzdirib yuborgan ediki, sizning muxbiringiz gapning xonasi kelganda unga: “Mays, meningcha, sizdan juda ham zoʻr yozuvchi chiqishi mumkin, chunki siz bundan boshqa biror-bir yumushga endi yaramaysiz”, deya piching qilgan edi.

Boshqa tarafdan, ne ajabki, har gal yangi yozgan narsalarini oʻqishga berar ekan, bu qoralamalar tobora yaxshilik tomonga oʻzgarib borayotganini, ulardan yaxshi yozuvchining nafasi kelayotganini ham aytib oʻtish kerak. Ehtimol, undan haqiqatan ham yaxshi yozuvchi chiqar. Biroq… sizning muxbiringiz, yaʼni kaminai kamtarin shundan eʼtiboran qatʼiy ahd qildim: kayfiyatim yaxshi boʻladimi yo yomon boʻladimi, men bundan buyon oʻz kemamga biron-bir boshlovchi yozuvchini yonimga sherik qilib oladigan boʻlsam agar – odam emasman! Kuba boʻladimi yo boshqa mamlakatning sohillari boʻladimi, qayda suzmayin, men bunday xira pashshaning butun yoz boʻyi yozuvchilik ishining uslublariyu yoʻl-yoʻriqlari haqidagi jonga tegadigan toʻxtovsiz savollariyu uning oʻzidan ham, turqu tarovatidan ham, rosti gap, bezorman! Mabodo, bundan buyon havaskor, boshlovchi yozuvchilar orasida mening “Pilar” kemamga men bilan birga suzish ishtiyoqida yurganlar boʻlsa, marhamat, chiroyli, goʻzal qiz-juvonlarni bajonudil qabul qilaman. Faqatgina, bu nozaninlar oʻzlari bilan shampan vinosidan koʻproq olishlarini istardim.

Shuni ham alohida aytib oʻtishim kerakki, sizning muxbiringiz oʻzining yozuvchiligiga – gazet uchun oyma-oy yozadigan xat-xabarlarni istisno qilganda – oʻta jiddiy ish deb qaraydi. Biroq bir-ikki bamaʼni, fahm-farosatli suhbatdoshlarni hisobga olmaganda, bu haqda gapirib, gurung berib oʻtirishni u juda ham yomon koʻradi. Bir yuzu oʻn kun davomida oʻz ishining turli jihatlariyu nozikliklari haqida tinimsiz mulohaza yuritishga majbur boʻlarkan, sizning muxbiringiz har gal badbaxt Maestro “yozuvchi” soʻzini tilga olishi bilanoq uning boshiga aroq shishasi bilan solgisi kelganini ham aytib oʻtish kerak. Shu boisdan jonli kundalik savol-javoblar doirasida kechgan bu gap-gurunglar kemada beiz qolib ketmasligi uchun sizning muxbiringiz ayrim fikr-mulohazalarini qogʻozga tushirib, eʼtiboringizga havola etmoqni lozim topdi.

Agarda bu qayd va mulohazalar biror-bir kishini umriniyu vaqtini bekorga ketkizib, behudaga qogʻoz qoralash yumushidan toʻxtatolsa agar, demak, uning taqdir-nasibasi shu ekan! Bu gaplarning biror-bir kimsaga foydasi tegsa agar, sizning muxbiringiz behad mamnun boʻlardi. Mabodo ular sizga zerikarli tuyulsa, jurnalda har xil surat va rasmlar yetarlicha bor, bemalol tomosha qilib chalgʻishingiz mumkin.

Oʻzini oqlamoq maʼnosida sizning muxbiringiz yana shuni ham alohida taʼkidlab oʻtmoqni istardiki, mabodo uning oʻzi yigirma bir yashar yosh yozuvchi boʻlgan chogʻida agarda shu mulohazalardan ayrimlarini oʻqishiga toʻgʻri kelsaydi, hech ikkilanmasdan aytishi mumkin ediki, ular ellik sentdan ham ortiq bahoga arzimaydi.

Mays: – Yozuvchilik ishida nima yaxshiyu nima yomonligini aytib bersangiz.

Sizning muxbiringiz: – Yaxshi yozish – haqqoniy yozish demakdir. Hikoyaning haqqoniyligi esa, muallifning hayotni nechogʻli yaxshi bilishiyu nechogʻli vijdonan ishlashiga bogʻliq. Shundagina uning badiiy toʻqimasi ham xuddi hayotdagiday jonli va ishonarli chiqadi. Maʼlum shart va sharoitlarda odamlar oʻzini qanday tutishiyu nimalarni oʻylashini yozuvchi bilmasa agar maʼlum vaqtga qadar uni tasodifiy holatlar ham qutqarib qolishi yoinki u butunlay badiiy toʻqimaga ixtisoslashib ketishi ham mumkin. Biroq u shundan keyin ham oʻzi bilmagan narsalar haqida yozishda davom etaversa agar – unda barcha yozganlari yolgʻon chiqadi. Uch-toʻrt marotaba yolgʻon yozdimi, demak, tamom-vassalom, u endi boshqa rost va haqqoniy yozolmaydi.

Mays: – Badiiy toʻqima-chi, u nima boʻladi?

Sizning muxbiringiz: – Uning nimaligini hali shu paytga qadar hech kim anglab tagiga yetmagan. Biz uni havodan, tekin va beminnatgina olishnigina bilamiz, xolos. Ehtimol irsiyatda mavjuddir, vorislik tajribasi… va qonimizda bordir. Boʻlishi mumkin-ku! Juda ham mumkin-da! Rostlik-haqgoʻylikdan soʻng, bu yozuvchi uchun juda ham zarur jihat sanaladi. Tajribadan u qancha koʻp unumli foydalanib oʻrgansa agar, uning badiiy toʻqimasi ham shu darajada rost va haqqoniy chiqadi. Toʻqimani ham jonli va haqqoniy ifodalar ekan, odamlar bu voqealarning hayotda haqiqatan ham roʻy berganiga, hayotda ham aynan shunday boʻlishiga astoydil ishonch hosil qiladi. Holbuki, yaxshi yozuvchi bu toʻqimalarni epchil va sinchkov muxbir misoli bor-yoʻgʻi did va farosat bilan qayd qilib oʻtgan boʻladi, xolos.

Mays: – Biroq buning gazeta reportajidan qanday farqi bor?

Sizning muxbiringiz: – Reportaj boʻlganda edi buni hech kim eslab oʻtirmasdi ham. Bugun roʻy bergan voqeani siz qogʻozga tushirar ekansiz, uning oniyligi, vaqti, soati va joyi oʻquvchini oʻsha voqeani bir tekisda oʻz xayolida jonlantirib tasavvur qilishga majbur etadi. Bir oydan soʻng voqeaning yangiligi, vaqtning shu jihati eskirib, oʻz qimmatini yoʻqotadi. Siz tasvirlagan hodisa quruq gap, keraksiz xabar boʻlib qoladi. Oʻquvchi boʻlsa, hech nimani eslab qololmaydi ham, tasavvur ham qilolmaydi. Biroq oʻsha voqeani quppa-quruq yozmasdan, uni astoydil ifodalamoqchi boʻlsangiz agar, buni qoyilmaqom qilib, pishiq va puxta, tugal va tekis yoʻsinda, hayotiy va ishonarli tarzda oʻquvchiga yetkazishingiz ham mumkin. Yaxshi boʻladimi yo yomon chiqadimi – ana endi sizning bu yozganingizni ijod deb atasa boʻladi. Bu quruq gap yo bayon emas, buni endi ijod qilindi, yaratildi deyiladi. Buning rost va haqqoniyligi esa tasvirlash qobiliyatingizu bilimingiz darajasi bilan oʻlchanadi. Nima eksang shuni oʻrasan deganday. Tushunarlimi shu gaplar sizga?

Mays: – Rosti gap, unchalikam tushunmadim.

Sizning muxbiringiz (jahli chiqib, ijirgʻanib): – Xudo xayringizni bersin, unday boʻlsa, keling, boshqa narsalar haqida gaplashaylik.

Mays (past tushgisi kelmay, avvalgiday oʻjarlik bilan): – Yozuvchilik texnikasi haqida yana bir-ikki ogʻiz gapirib bersangiz.

Sizning muxbiringiz: – Texnika deganda nimani nazarda tutyapsiz? Qalamnimi, yozuv mashinkasinimi, nimani? Shular haqda aytaymi?

Mays: – Ha. Xuddi shunday.

Sizning muxbiringiz: – Boʻlmasa eshiting. Yozuvchilik ishida barcha mazza bilan kayfu safo boshlovchi yozuvchining zimmasiga tushadi, oʻquvchi boʻlsa hech vaqo ololmaydi. Bunday holatda yozuv mashinkasidan foydalanish mumkin. Yozish oson kechadi, oʻzing ham ishingdan qoniqib rohatlanasan. Yozishni chindanam oʻrganganingdan keyin esa masala qiyinlashadi. Har bir hissiyoting, zavqu tuygʻungni, koʻrganing, eshitganing, bilganing va qalbingga joylaganing – barcha-barchasini oʻquvchiga bedaxl yetkazmogʻing uchun, ana endi yozayotgan asaring ustida juda ham koʻp mehnat qilmogʻing talab etiladi. Qalam bilan ishlashning ham oʻzgacha gashti, afzalliklari bor. Bunda, mashinkada koʻrolmaganing kam-koʻstlaring har xil nuqtalardan uch karra ziyodroq koʻzga tashlanadi. Oʻquvchiga yetkazmoqchi boʻlgan gaping arziydimi, yoʻqmi – buni ham qalamda yozganingda darrov ilgʻay olishing oʻngʻay boʻladi. Uch karra deganim – avvaliga qoʻlyozmani qayta boshdan oʻqib chiqasan, undan soʻng mashinkadan chiqqan matnni yana bir boshdan tekshirib tahrir qilib borasan, va nihoyat, yozgan narsangning korrekturasini koʻzdan kechirayotib – bir asarning oʻzini uch marotaba sinchiklab oʻqishingga toʻgʻri keladi. Shuning uchun ham qoʻlda yozish – matnni toʻrtdan uch hissa yaxshilanishi uchun sizga qoʻshimcha imkon tugʻdiradi. Qoq nishonga tegish uchun foiz hisobida olganda 0,333 raqamlari har holda yomon koʻrsatkich sanalmaydi. Qoʻlyozmani qoʻlda tekshirib, tahrir qilib borishning qulay va oʻngʻayligini ham aytib oʻtish kerak.

Mays: – Bir kunda qanchagacha yozish mumkin?

Sizning muxbiringiz: – Eng yaxshisi – qalam bir maromda qitirlab, ish yaxshi ketar ekan, yozayotgan asaringda keyingi voqea nima bilan boshlanishini bila turib – shu joyda toʻxtamoq kerak. Misol uchun, roman ustida ishlash jarayonida har kuni shunday yoʻl tutsang – ishing ham toʻxtab qolmaydi, qalaming ham qitirlayveradi. Ushbu masalada mening Sizga beradigan eng qimmatli maslahatim shu.

Mays: – Men buni esdan chiqarmayman.

Sizning muxbiringiz: – Har doim shunday qiling. Ishni vaqtida toʻxtatishni oʻrganing. Keyingi kungacha, yana qayta yozishga oʻtirmaguncha ishni oʻylamang ham, bu haqda qaygʻurmang ham. Shunday shart bilan, xuddi shu tartibda siz ongli ravishda muntazam ishlash sharafiga muyassar boʻlasiz. Agarda qolgan ishni oʻylab, qaygʻurib, bu haqda bezovtalanib yursangiz, siz oʻzingizdagi shu imkoniyatni ixtiyoriy ravishda oʻldirib qoʻygan boʻlasiz. Miyangiz ham ishni boshlaguningizga qadar charchab, toliqib qoladi. Roman yozishga kirishdingizmi, demak, ertasiga ish qanday borarkin, yozganlarim qanday chiqarkin deya shubha-gumonga bordingizmi, tamom, bu boshqa biror zarur ishni bajarishdan boʻyin tovlagan yangligʻ qoʻrqoqlikdan boshqa narsa deyilmaydi. Nima boʻlganda ham dadil va mardonavor davom ettirish kerak. Shubha-gumonga borishning maʼnisi ham, foydasi ham yoʻq. Roman yozmoq uchun, buni sidqidildan anglash, his qilish kerak. Romanda eng qiyin, eng azob beradigan joyi – uning yakuni sanaladi.

Mays: – Qaygʻurmaslik, gumonsiramaslikning iloji bormi? Bunga qanday oʻrganish mumkin?

Sizning muxbiringiz: – Aytdim-ku, ish haqida oʻylamaslik kerak deb. Bu haqda oʻylay boshladingizmi, darhol bu xayolni oʻzingizdan siltab tashlang. Boshqa narsalarni oʻylang, xayol qiling. Bu yangligʻ ishlash tarziga oʻzingizni muttasil oʻrgatib borishingiz kerak.

Mays: – Ishni davom ettirishdan avval yozayotgan asaringizning qogʻozga tushgan qismidan qanchasini qaytadan oʻqib koʻrasiz?

Sizning muxbiringiz: – Eng yaxshisi – har kun hammasini qayta boshdan koʻrib, tahrir qilib borilsa, ishning davom etishi ham oson kechadi deb oʻylayman. Yozganlaringizning hajmi-salmogʻi koʻpayib ketsayu, har kuni qayta oʻqib chiqishning imkoni boʻlmasa agar, eng oxirgi ikki bobini oʻqing, soʻngra haftada bir bor hammasini toʻligʻicha oʻqib, tekshirib chiqing. Shunday yoʻl tutganingizdagina ijodda bir butunlikka erishasiz. Qalamingiz qitirlab, qogʻoz qoralanib borar ekan – oʻz vaqtida toʻxtashni ham aslo esingizdan chiqarmang. Bu ixtiyoriy tin olmoq – sizni moʻtadil harakat bilan taʼminlab, zoʻriqib, kuchanib ishlash azobidan xalos etadi. Aks holda, tez orada haddan ortiq horib qolganingizu ertasiga yozuv-chizuvni davom ettirishga hol qolmay, qurbingiz yetmayotganiga amin boʻlasiz.

Mays: – Yozayotgan narsangiz hikoya boʻlsa-chi?

Sizning muxbiringiz: – Baribir. Faqat… hikoyani ayrim hollarda bir kunda ham yozib tugatish mumkin.

Mays: – Masalan, siz hikoyangizda roʻy berishi mumkin boʻlgan voqealarni oldindan bilib, sezib turasizmi?

Sizning muxbiringiz: – Deyarli hech qachon. Men hikoyani boshlar ekanman, roʻy berishi mumkin boʻlgan voqea yoki hodisa koʻpincha uning tadrijiy rivoji davomida oʻzim kutmagan holda sodir boʻladi.

Mays: – Bu uslub – bizda kollejda oʻrgatishganidan mutlaqo farq qilarkan.

Sizning muxbiringiz: – Bunisini endi bilmadim. Men kollejda oʻqimaganman. Lekin u padarlaʼnatlar, yozuvchilik sir-asrorini shunchalik zoʻr bilarkan, talabalarga oʻqitib-oʻrgatib nima qilardi, oʻzlari yozib qoʻya qolsin edi?!.

Mays: – Siz menga oʻrgatayapsiz-ku?

Sizning muxbiringiz: – Aqlim, tajribam koʻpligidan boʻlsa kerak. Qolaversa, biz kollejda emas, kemada yuribmiz.

Mays: – Yozuvchi boʻladigan odam koʻproq qanaqa kitoblarni mutolaa qilishi kerak?

Sizning muxbiringiz: – U hamma yozuvchilarning hamma kitoblarini oʻqib chiqishi kerak. Qaysi yozuvchidan oʻzib ketishi lozimligini bilmogʻi uchun ham oʻqishi, bilishi kerak.

Mays: – Biroq u hammasini ham oʻqib chiqishga ulgurmaydi-ku? Buning iloji yoʻq-ku?

Sizning muxbiringiz: – Iloji bormi, yoʻqmi – men buni aytmayapman. Men nima qilish kerakligini, yozuvchi uchun shart va zarurligini gapiryapman. Hamma kitoblarni oʻqib chiqishning esa, albatta, iloji yoʻq.

Mays: – Baribir, oʻqish shart va zarur boʻlgan adiblar xususida, ularning muhim va kerakli kitoblari bor-ku, shular haqda nima deysiz?

Sizning muxbiringiz: – Unday boʻlsa, albatta, Tolstoyning “Urush va tinchlik” bilan “Anna Karenina” romanlarini, kapitan Marriyetning[1] “Michman Izi”, “Frenk Maldmey” bilan “Piter Simpl” kitoblarini, Floberning “Bovari xonim” bilan “Tuygʻular tarbiyasi”, Tomas Manning “Buddenbroklar”, Joysning “Dublinliklar”, “Musavvirning yoshlikdagi shamoyili” bilan “Uliss” asarlari, Fildingning “Tom Jons” bilan “Jozef Endryus”, Stendalning “Qizil va qora”, “Parm ibodatxonasi”, Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar”i bilan yana xohlagan ikki romanini, Mark Tvenning “Geklberri Finning sarguzashtlari”, Stiven Kreynning “Qayiq” bilan “Moviy mehmonxona”si, Jorj Murning “Assalom va alvido”, Yeyts[2] ning “Tarjimai hol”i bilan Mopassan, Kiplingning barcha yaxshi asarlarini, Turgenevning barcha yozganlariyu U. G. Hadson[3]ning “Oʻtmish va kechmish haqida” kitobini, Genri Jeymsning hikoyalari, ayniqsa, “De Mov xonim”, “Murvatning burilishi”, “Bir xonim portreti” bilan “Amerikaliklar…” singari asarlarini toʻliq oʻqib chiqsa agar…

Mays: – Siz juda tez aytayapsiz, yozishga ulgurolmayapman. Hali koʻpmi?..

Sizning muxbiringiz: – Qolganlarini men sizga keyingi safar aytib beraman. Shundan yana uch hissa koʻp nomlar va kitoblarni yozib olishingizga toʻgʻri keladi.

Mays: – Demak, yozuvchi shularning hammasini oʻqib chiqishi kerakmi?

Sizning muxbiringiz: – Ha, shularning barchasini, yana bir qancha yozuvchilarni oʻqib-oʻrganishi, bilishi kerak boʻladi. Aks holda, u qaysi yozuvchidan zoʻrroq boʻlishini moʻljalga ololmay qoladi.

Mays: – “Zoʻrroq”, “moʻljal” deganda nimani nazarda tutyapsiz?

Sizning muxbiringiz: – Menga qarang! Yaxshilab quloq soling! Senga qadar yozilgan narsalardan zoʻrroq, yaxshiroq yozishni oʻylamasang, shunga qatʼiy ishonmasang agar yozuvchi boʻlmoqdan ne naf, buning nima qizigʻi bor? Bizning davrimizda yozuvchi kishi yo hech kim shu paytga qadar yozmagan gapni aytmogʻi yoki oʻtgan barcha yozuvchilarning yozganlaridan zoʻrroq qilib yozmogʻi kerak. Boshqa yoʻli yoʻq! Oʻzingning nimaga qodirligingni anglab yetmoqning yakkayu yagona yoʻli esa – oʻtmish yozuvchilari bilan bel bogʻlab musobaqaga kirishmogʻingdir. Haqiqiy tirik yozuvchilar esa mavjud hayotda yashamaydi. Barchaga birdek tushunarli, silliq va bekamu koʻst yashayotgan yozuvchilarning shonu shuhratini esa navbatdagi “daho”ni yasashga oʻch boʻlgan maddoh va safsataboz tanqidchilar taʼminlab beradi. Bunday yozuvchilarni maqtash ham oson, buning ustiga biror baloga ham giriftor boʻlmaysan. Biroq bu yasama daholar oʻlganlaridan keyin ulardan hech narsa qolmaydi. Haqiqiy, jiddiy yozuvchi uchun bu dunyodan allaqachon oʻtib ketgan, uning oʻzigina tan oladigan zoʻr yozuvchilargina chinakam raqiblar boʻla oladi. Bu holatda yozuvchi oʻz yonidagi safdoshlari bilan ayni poygada yutib chiqish uchun emas, balki oʻzining shaxsiy rekordini oʻrnatish yoʻlida qatʼiy ahd qilgan, yuksak, baland marrani koʻzlagan chinakam sportchiga oʻxshaydi. Shunday qilmasang agar, bu dunyodan oʻzingni haqiqatan ham nimaga qodirligingni bilmasdan, anglamasdan oʻtib ketishing muqarrar.

Mays: – Biroq siz aytgan bu ulugʻ yozuvchilarning hammasini bir boshdan mutolaa qilish – odamni dovdiratib qoʻyadi-ku?!

Sizning muxbiringiz: – Nima ham derdik. Unda ajab boʻpti, battar boʻlsin deymiz.

Mays: – Yozuvchi uchun dastlabki muhim va yaxshi maktab deb nimani aytsa boʻladi?

Sizning muxbiringiz: – Baxtsiz bolalikni.

Mays: – Sizningcha Tomas Mann buyuk yozuvchimi?

Sizning muxbiringiz: – “Buddenbroklar”dan boshqa hech narsa yozmaganida edi, uni daho yozuvchi deb aytsa boʻlardi.

Mays: – Yozuvchilikning mashqi, mashgʻulotlari ham bormi?

Sizning muxbiringiz: – Tevarak-atrofga razm solib koʻring-chi, nimalar boʻlyapti. Deylik, hozir biz baliqlarga hujum boshlasak agar, kuzatib qarang qani, bizning har birimiz nima bilan mashgʻul boʻlarkanmiz. Agarda sizni baliqlarning suvda sakrash manzarasi jalb etsa, aynan qaysi holat sizda zavqu shavq uygʻotganini oʻzingizcha tahlil qilib koʻring. Qarmoq torining gʻijjak tori yangligʻ suv yuzida tarang tortib borishimi yoki tordagi billur suv tomchilarimi sizning havasingizni qoʻzgʻatgan – oʻylang, mushohada qiling. Balki baliqlarning yarqirab suvda sakrashlaridir sizga surur baxsh etgan. Kim nima deganiyu barcha ovoz va tovushlarni ilgʻab, eslab qolishga harakat qiling. Sizga aynan qaysi holat qattiq taʼsir etganiyu qaysi hatti-harakatlar, ayniqsa, eʼtiboringizni tortganini fikr-mulohaza qiling. Keyin oʻtiring-da, shularning barchasini ipidan ignasigacha, ochiq-oydin va tushunarli qilib bir boshdan qogʻozga tushiring. Shunday tushiringki, oʻqigan oʻquvchi ham xuddi siz koʻrgan, kechirgan manzara va holatlarni koʻrsin, bevosita ishtirokchisi boʻlsin. Xuddi mana shuni yozuvchilik maktabining besh panjaday ayon mashgʻuloti deyiladi.

Mays: – Tushunaman.

Sizning muxbiringiz: – Keyin esa masalaga boshqa tomondan yondashing. Boshqalar nima qilyapti, boshqa kallalarda nima holatlar roʻy berayotganini tasavvur etishga harakat qiling. Misol uchun, deylik, men sizga baqiradigan boʻlsam, oʻzingiz bundan qanday holatga tushganingiz barobarida aynan shu holatda men nimani oʻylaganimni ham xayolga keltirishga urinib koʻring. Agarda, misol uchun, Karlos Xuanni soʻkadigan boʻlsa, ikkala tomonning ham yonini olib, ikkoviga ham bir xil koʻz bilan qarashga oʻrganing. Inson sifatida siz nima yaxshiyu nima yomonligini yaxshi tasavvur qilasiz. Inson sifatida siz kim haqu kim nohaqligini ham qatʼiy ishonch bilan ayta olasiz. Bu holatda siz qatʼiy qaror va xulosalar chiqarib, ularni amalga oshirishga majbursiz. Yozuvchi sifatida esa sizning hukm qilishga haqingiz yoʻq. Buni toʻgʻri tushunishingiz kerak.

Mays: – Tushunarli.

Sizning muxbiringiz: – Menga quloq soling yana. Gap-soʻzlar, gurunglarni jon qulogʻingiz bilan eshitib, sinchiklab kuzatib boring. Oʻzingiz nima demoqchi boʻlganingiz haqda umuman oʻylamang. Koʻp odamlar koʻp holatlarda bir-birini eshitmaydi ham, kuzatmaydi ham. Xonaga kirarkansiz, undan darrov, bir pasda chiqib ketish asnosida xonadagi barcha koʻrgan narsalaringizni esda saqlab qolishingiz kerak. Bundan tashqari, shu oniy jarayonda koʻnglingizda qanday tuygʻu uygʻonganiyu, uning uygʻonishiga aynan nima sabab boʻlganini ham aniq-tiniq belgilab olishingiz lozim. Shu holatlarni mashq qilishingiz kerak. Shaharda, teatr ostonasida turib, shaxsiy mashinalariyu taksilardan odamlar qay tarz va qay holatda tushib kelishlariga eʼtibor bering. Bunaqa amaliy mashgʻulotlarning yana ming bir usulini aytishim mumkin. Va, albatta, hamisha boshqalar haqida oʻylang.

Mays: – Mendan ham yozuvchi chiqishiga ishonasizmi?

Sizning muxbiringiz: – Men qayerdan bilay? Ehtimol, sizda isteʼdod yetishmas. Va yoki siz oʻzingizni boshqalar oʻrnida his qilolmassiz, oʻzgalar uchun oʻylolmassiz. Agarda uddalab yozolsaydingiz, sizda yaxshi-yaxshi hikoyalar uchun yetarli xom ashyo bor.

Mays: – Biroq qanday qilib yozish kerak?

Sizning muxbiringiz: – Yozing, yozavering. Besh yillar chamasi ishlang, yana yozing, yozavering, shundan keyin ham sizdan hech narsa chiqmasa agar, unda oʻzingizni otib oʻldirishga hamisha vaqt topolasiz.

Mays: – Yoʻq-yoʻq, men oʻzimni oʻzim otib oʻldirolmayman.

Sizning muxbiringiz: – Unday boʻlsa buyoqqa kelsangiz, men oʻzim sizni otib oʻldiraman.

Mays: – Rahmat.

Sizning muxbiringiz: – Rahmatga arzimaydi, Mays. Endi, ehtimol boshqa narsalar haqida gaplasharmiz?

Mays: – Boshqa nimaniyam gaplashardik?

Sizning muxbiringiz: – Xohlagan boshqa narsalar haqida, jon doʻstim Mays. Faqatgina… yozuvchilik haqida emas, mutlaqo boshqa narsalar haqida, ogʻaynijon.

Mays: – Maʼqul. Ammo… lekin…

Sizning muxbiringiz: – Hech qanaqa “lekin-pekin”i yoʻq. Tamom-vassalom! Yozuvchilik haqida bir ogʻiz ham gapirmaymiz. Bugunga yetadi. Nuqta. Doʻkon taqa-taq yopildi. Xoʻjayin uyiga ketdi.

Mays: – Yaxshi. Biroq ertaga men sizdan yana baʼzi bir narsalarni soʻrab bilishni istardim.

Sizning muxbiringiz: – Ertaga qanday qilib yozuvchi boʻlishni aniq-tiniq bilib olganingizdan keyin, yozuv-chizuvdan sizning kayfingiz naqadar chogʻ boʻlishini tasavvur qilayapman.

Mays: – Nimani nazarda tutayapsiz?

Sizning muxbiringiz: – Xuddi shunday-da! Bu judayam yoqimli-da! Buning ustiga – osongina. Dimogʻing ham chogʻ. Shap-shup qilasan-da tamom, qarabsanki qariya ustozning dohiyona asari ham tap-tayyor.

Mays: – Biroq aytsangiz-chi…

Sizning muxbiringiz: – Boʻladi! Boʻladi!

Mays: – Yaxshi. Maʼqul. Biroq ertaga…

Sizning muxbiringiz: – Boʻpti. Mayli. Albatta. Ammo ertaga. Faqatgina ertaga.

 

 

Ernest HEMINGUEY

“Eskvayr” jurnali.

Oktyabr, 1935 y.

 

“OʻzAS”dan olindi

 


[1] Marrist Frederik (1792–1848) – ingliz adibi.

[2] Uilyam Batler Yeyts (1865–1939) – irland shoiri va dramaturgi.

[3] Hadson Uilyam – ingliz adabiyotshunosi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.