Kattaroq narsalar yozsam deyman

0
201
marta koʻrilgan.

Shoir Nodir Jonuzoq bilan suhbat

 

Sheʼrda samimiyat boʻlishi kerak degan gap juda koʻp takrorlanadi. Sizningcha samimiyat nima?

-Bir paytlar yondaftarimga “Sheʼr koʻzyoshday tiniq va samimiy boʻlishi kerak” deb yozib qoʻygandim. Yaʼni, nazarimda, qalb bu – qadah, u bexosdan “chayqalganda” odamning ruhiy muvozanati buziladi va undagi obi hayot toʻlqini beixtiyor koʻzlarimiz qirgʻogʻidan toshib chiqadi. Faqat buning uchun qalbimizda nimadir boʻlishi shart, yoʻqsa uni ming chayqaganimiz bilan befoyda: qaroqlarimiz qup-quruq boʻlib qolaveradi. Garchi koʻzlarimizni tupuk bilan namlasak-da, koʻzboʻyamachilik bilan hech kimni alday olmaymiz. Yoki yana bir gap: sunʼiy gul tabiiy guldan koʻra chiroyliroq, jimjimadorroq shaklga ega boʻlishi mumkin, biroq uning hidi, ifori boʻlmaydi va hech qachon tabiiy gul oʻrnini bosolmaydi. “Sheʼrda samimiyat boʻlishi kerak”, degan gapni men shunday tushunaman.

Shoir xuddi ibodat qilayotgan odamga oʻxshaydi. U qalbini nafaqat odamlarga, balki butun koinotga katta ochishi, oʻzini bor boʻyicha namoyon qilishi shart. Sunʼiy niqob, soxta qiyofa bilan odamlarning ishonchini, muhabbatini qozonib boʻlmaydi. Faqat, samimiyat bilan joʻnlik orasi koʻz ilgʻamas darajada yaqin ekanini unutmaslik kerak. Baʼzan isteʼdodli shoir ham oʻzi sezmagan holda chegarani buzib oʻtishi, natijada, samimiy boʻlaman deb, oyogʻi siyqalik toʻrlariga ilashib “yiqilishi” hech gap emas.

 

-Adabiyotda yechimsiz muammolar koʻtariladi, abadiy iztiroblar kuylanadi. Ijtimoiy muammo bir kun kelib hal etilsa, uning muammoligi, toʻgʻrirogʻi, ahamiyati qolmaydi. Lekin odam jamiyat bilan yashaydi, jamiyatda shakllanadi, ijtimoiy hayot bilan uzviy bogʻlanadi. Ayting-chi, sheʼriyatda ijtimoiy muammolarni qay tarzda ifodalash kerak? Yoki faqat tuygʻularni sheʼrga solib yuravergan yaxshimi?

-Shoir ham, istaymizmi-yoʻqmi, oʻz davrining farzandi. Jamiyatdagi muammolarga u befarq qaray olmaydi – baholiqudrat ularga yechim axtaradi: topsa – quvonadi, topolmasa – iztirob chekadi va bu hissiyotlar beixtiyor qogʻozga tushadi. Faqat, u mavzuni yalangʻoch holda, publitsist nigohi bilan emas, poetik obrazga singdirgan holatda talqin qiladi. Yoʻqsa, siz aytganday, maʼlum muddatdan soʻng ijtimoiy ruhdagi asarning qimmati qolmaydi. Adabiyotimizning yaqin tarixida bunga istagancha misol topiladi…

Obrazli fikrlash – sheʼriyatning, butun sanʼatning umumiy qurolidir: u asarga abadiylik, hech boʻlmaganda, uzoqroq umr bagʻishlaydi…

 

-Yosh shoirlardan kimning ijodi sizga maʼqul, deb savol bersam unchalik toʻgʻri boʻlmaydi. Chunki oʻzingiz ham XXI asrda yuzaga chiqqan shoirsiz. Bugungi kun yosh shoirlaridan yoki sal kattaroq boʻgʻindagi oʻzingizning tengqurlaringizdan kimlarni yaxshi ijod qilyapti, deb hisoblaysiz?

-“Falon kishi yaxshi ijod qilyapti”, deyish – shunchaki umumiy gap. Chunki, bunday desangiz, tabiiy savol paydo boʻladi: xoʻsh, ijodining qaysi jihati yaxshi, deganday… Ochigʻini aytganda, yangi avlod (agar avlod deyish mumkin boʻlsa) shoirlari tarqoq, bir-biridan bexabar holda ijod qilyaptilar. Kim nima yozyapti, qanday yozyapti, nima yangilik qildi – bilmaymiz. Har kim oʻz aravasini baholiqudrat tortib yurganday. Kimningdir aravasi toʻlaroq, kimningdir yuki yengil, ayrimlarda esa hech vaqo yoʻq. Shaldir-shuldur… Bugun oʻzaro fikrlashuv, yaxshi maʼnodagi ijodiy raqobat sezilmaydi. Biror tengqur shoir doʻstingizga duch kelgan paytingizda “Yangisidan bormi? Eshitaylik…” desangiz, hafsalasizlik bilan yelka qisadi. Afsuski, bu borada oʻzim ham maqtanolmayman. Holbuki, shoir hamisha sheʼr xayoli bilan yashashi kerak. Shunday boʻlsa ham, tengdoshlarimdan Nurilloh, Bektemir Pirnafasov, Orif Toʻxtash, Vohid Luqmon, Gʻayrat Majid, Guljamol Asqarovalarning ijodidan uncha-muncha boxabarman. Xoʻsh, ular yaxshi ijod qilyaptimi?! Yaxshisi, bu savolga oʻzlari javob bersinlar…

Lekin oxirgi paytlarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi yosh ijodkorlar toʻgaragining ancha jonlangani meni xursand qilmoqda. 17–20 yoshlar atrofidagi navqiron uka-singillarimizning sheʼrlarini eshitib, koʻnglimda umid uchqunlari paydo boʻlmoqda. Nima boʻlganda ham, bir narsa haqiqat: oʻzbek bu – sheʼrparast millat, sheʼriyatga muhabbat xalqimizning qonida bor, toki shunday ekan, yoshlarimiz orasidan hali koʻp isteʼdodli shoirlar yuzaga chiqadi…

 

“Shamolday beqaror shoir sevgisi”, deydi Muhammad Yusuf. Shoir bitta sevgi bilan yashashi mumkinmi? Umuman, sevgini siz qanday tushunasiz?

– Yashashi mumkin, agar sevgisi yillar sinoviga dosh bera olsa… Biroq, koʻpincha sevgi oiladagi qora qozonga koʻmiladi – yaʼni, tamom boʻladi. Nima uchun? Buni ikki ogʻiz soʻz bilan tushuntirish qiyin, menimcha. Chunki sevgining oʻzi tushuntirib boʻlmaydigan holat. Yoʻqsa, biz sheʼr yozib ovora boʻlmasdik. Fikri ojizimcha, inson sevgan paytida maʼshuqasini emas, balki sevgilisi timsolidagi mukammal obrazga shaydo boʻladi. Bekorga soʻfiylar “Yor chehrasida Haq tajalli etadi”, deyishmaydi-da. Butun klassik sheʼriyatimiz shu aqidaga qurilgan. Hazrat Navoiy aytganidek, sevgi bu – pok koʻz bilan, pok chehraga, pok holatda boqmoqdir. Qarang, qanday sodda tushuntirish! Afsuski, sevishganlar turmush qurishganidan soʻng ana shu pok nigoh, pok chehra, pok holatda qandaydir qusurlar, dogʻlar paydo boʻladi. Buyogʻi – oʻzingizga maʼlum. Shoirga kelsak… u uzoq vaqtlar ilk sevgi iztirobi bilan yashashi, talay sheʼrlar yozishi mumkin, biroq vaqt oʻtib uning qalbi yana jonlanadi, tiriladi (agar ungacha oʻzi dunyoni tark etmasa) – qaysidir goʻzal unga hamshiralik qilishi mumkin. Ustoz Rauf Parfi bir sheʼrida yozganiday: “…yoʻq, hajrda kuygay u yana – qanot boʻlgay qaysi bir goʻzal…”

 

Ayrim sheʼrlaringizda Yesenincha ifoda sezilib qoladi. Bu betakror shoir ijodiga boʻlgan mehringiz, ixlosingiz sababli boʻlsa kerak. Shoir boshqalardan qanday yozishni yoki qanday yozmaslikni oʻrganadi. Siz qanday ijodiy maktabda tarbiya koʻrgansiz? Ijodiy yoʻnalishingizni yoki tasavvuringizni keskin oʻzgartirib yuborgan holatlar boʻlganmi?

-Toʻgʻrisini aytsam, men oʻzimni juda katta isteʼdod egasi, deb hisoblamayman. Lekin, yaxshi, odamlar oʻqiydigan shoir boʻlishga harakat qilaman. Chunki bir umr qogʻoz qoralasang-u, biror sheʼringni hech kim oʻqimasa, yod olmasa – bundan ortiq baxtsizlik yoʻq.

Dunyodagi barcha yaxshi shoirlarni oʻz ustozlarim deb bilaman. Garchi ularning aksariyatini koʻrmagan boʻlsam-da, sheʼrlarini oʻqib, ijodning mohiyatini tushundim – yaxshi sheʼr bilan yomon sheʼr orasidagi farqni oʻrgandim.

“Men falon ijodiy maktabda tarbiya olganman”, deb aytolmayman. Juda koʻp sheʼriyat maktablarida taʼlim oldim. Simvolistlar, futuristlar, imajinistlar, modernistlar – hamma-hammasi bilan tanishishga, bir-biriga qiyoslashga harakat qildim. Hozir ham sevib oʻqiydigan shoirlarim turlicha ruhdagi shoirlar. Ularni faqat bitta jihat birlashtirib turadi, buyam boʻlsa – isteʼdod. Shu yoshga kirib anglab yetgan haqiqatim shuki, qaysi uslubda yozilishidan qatʼiy nazar, asarning qiymatini “…izm”lar emas, talant kuchi belgilaydi. Ijodkorning xarakteri, eʼtiqodi poydevor boʻladi.

Yesenin sheʼriyatiga kelsak, uning meni hayratga solgani, ohanrabo kabi oʻziga tortgani – rost. Esimda yoʻq, 9- yo 10-sinfda oʻqiyotgan paytimda “Rus adabiyoti” darsligida uning “Onamga maktub” sheʼrini oʻqib qoldim. Sheʼr garchi darsdan tashqari mashgʻulot rukni ostida berilgan boʻlsa-da, bir urinishda yod oldim. Yoʻq, ataylab yod olmadim – oʻzi yod boʻldi. Shundagina haqiqiy sheʼrning jozibasini his qildim. Demak, chin sheʼr hech qanday zoʻriqishsiz, majburiyatsiz oʻz-oʻzidan inson ong-shuuriga kirib kelar ekan-da. Demak, u shoir qalbida ham xuddi shunday tiniq, shaloladay tabiiy holda yaralishi lozim.. Keyin, bu rus shoirining barcha sheʼrlarini, adabiy maqolalarini, xatlarini oʻqib chiqdim. Bu, tan olaman, men uchun katta maktab boʻldi. Biroq, shu oʻrinda yana bir narsani taʼkidlash lozim: ulkan shoirning taʼsir doirasida qolib ketish ham xavfli – oʻz qiyofangni, uslubingni topa olmay, birovning soyasiga aylanib qolishing hech gap emas. Yesenindan men oʻrgangan asosiy narsa bu – iloji boricha sheʼrxon oldida samimiy, tabiiy boʻlish; uni oʻz dildoshingday bilib qalbingni bor boʻyicha ochish; bir soʻz bilan aytganda, oʻquvchi bilan tugʻishgan aka-ukaday boʻlib, unga arzihol qilish. Biroq, yana aytaman, bunday aka-ukachilik ham sheʼriyatning mangu va goʻzal qonun-qoidalari asosida boʻlishi shart…

Men yoqtirgan oʻzbek shoirlari – Choʻlpon, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Usmon Azim, Shavkat Rahmon, Xurshid Davron, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf, Abduvali Qutbiddin, Sirojiddin Sayyid, Salim Ashur, Zebo Mirzayeva, Iqbol Mirzo…

 

Buyuk yozuvchi Gabriel Garsia Markes intervyularidan birida jurnalistika uni tarbiyalaganini, yozish koʻnikmasini shakllantirganini aytgandi. Jurnalistika sizning ijodingizga qanday taʼsir koʻrsatyapti?

– Jurnalistika… foyda beryapti, desam – aldagan boʻlaman. Salbiy taʼsir koʻrsatyapti desam – buyam toʻgʻrimas. Ochigʻi, koʻp vaqtim, fikru-xayolim TV tashvishlari bilan band boʻlayotganiga baʼzan achinaman. Buning oʻrniga kitob oʻqisam, tarjimalar qilsam, ijod bilan jiddiyroq shugʻullansam edi, deb oʻylayman. Ikkinchi tomondan qarasak, aynan jurnalist sifatida bugun jamiyatga koʻproq nafim tegmoqda, hayotni, odamlarni yaqindan oʻrganyapman. Qolaversa, erkak, ota sifatida oʻz oilamni moddiy jihatdan taʼminlash – burchim. Bundan tonolmayman. Axir, xayol surib sheʼr yozganimga pul toʻlashmaydi-ku. Xullas, oʻzbek shoiriga oson emas: u yaxshi oʻgʻil, mehribon ota, namunali xodim va zoʻr shoir boʻlishi kerak! Koʻryapsizmi, yukning, masʼuliyatning ogʻirligini! Holbuki, gʻarb shoiri zoʻr shoir boʻlishdan boshqa majburiyatlarga tupurgan boʻlardi. Bizda – boshqacha, mentelitetimiz, eʼtiqodimiz yoʻl bermaydi…

Yana bir qiziq holat shuki, men koʻpincha aynan ishxonada tashvishim koʻpaygan paytida sheʼr yozgim kelib qoladi. Bilmayman, ichimdagi shoir meni rashk qiladimi, yo jurnalistik harakatlarim ijodga turtki beradimi, harqalay, goho ish qaynab yotgan pallada bir qoʻlim bilan telessenariy, ikkinchisi bilan esa toʻxtovsiz sheʼr yozaman. Holbuki, baʼzan ishim oylab sanjob boʻladi, bekor oʻtiraman – biror misra ham kelmaydi. Gʻalati…

 

Bugun nimalar yozyapsiz?

– Toʻgʻrisini aytaymi? Hech narsa… Ilkbahor chogʻi bir turkum sheʼrlar yozdim. Koʻklam haqida… Keyin “Atirgul barglari” degan turkumim paydo boʻldi va “Yoshlik” jurnalida chop etildi. “Sharq yulduzi” jurnalining oxirgi sonida Shavkat Rahmonga bagʻishlangan essem chiqdi. Ayni paytda… kattaroq bir narsa yozsam, deyman. Buning uchun kuch, ilhom zahirasi kerak. Chin sheʼr xuddi vulqonday kutilmaganda otilib chiqadi – hatto shoirning oʻzi ham sezmay qoladi. Bizning vazifamiz esa hamisha bunga tayyor turishimiz, qalb va ruhimizni tarbiyalashimiz, ong-shuurimizni charxlashimiz kerak. Qolgani – oʻz-oʻzidan roʻy beradi…

 

Orif Tolib suhbatlashdi.

 

2009

 


(“Ovoza” gazetasida chop etilgan.)

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.