Isteʼdod – kashf etish demak

0
388
marta koʻrilgan.
  1. Oʻzni anglash degani nima?
  2. Baxt deganda nimani tushunasiz?
  3. Isteʼdod va imkoniyat: qay biri muhim?
  4. Ijodkorning jamiyatdagi oʻrni qanday boʻlishi kerak deb oʻylaysiz?
  5. Yozganlaringizning hammasi rostmi?

 

  1. Juda qiyin va uzoq davom etadigan jarayon. Goh odam bir umr yashab oʻzligini anglamay yashab oʻtishi ham mumkin. Anglay boshlaganlar esa yarim yoʻlda qolib ketganini aytishadi. Hali-hanuzgacha “oʻzni angladim” degan bir nechta avliyodan boshqasini bilmadik. Haqiqatan ham, “men oʻzi kimman yoki nimaman, bu olamga nima uchun kelganman va kelib-ketishimdan murod nima” degan savollar kabi, yana oʻnlab savollar tugʻilaveradi. Ular xohishlar, istaklar, orzular va xulosalar orasida chirpirak boʻlib aylanadi.

Oʻzimdan misol keltiraqolay: men gʻoyat soʻlim, tabiat barq urib joʻshadigan bir makonda – Fargʻonaning olis Avazboy qishlogʻida tugʻilganman. Bolaligimda u yerlarning soʻlimligini, goʻzalligini idrok qilolmas, qadru qiymatini ham bilmas edim. Ulgʻayib aqlim toʻlishgach, otam-onam kim, yaqinlarim kim, – tanidim. Oʻsmir qalbimda orzularim, istaklarim moʻl edi. Tevaragimdagi kishilar mehnat bilan band ekanlar, uylardagi pechkalarda tut oʻtinlar chirsillab yonar, shamollar har yonni buzib esar, atrofni bahorda yoqilgan xazonlarning islari yangi kurtak va chopilgan yer hidlariga qoʻshilib tutib ketar… hamma shu hayotidan rozi boʻlsa-da, yulduzlar uchgan kechalarda, gʻoyat uzoq bepoyon osmon ostida uyqu kelmasdan yotib, gʻalati savollar ham aqlga kelaverardi. U mahallar dunyoda hamma bir xil deb oʻylaganlarimiz ham esimda. Keyinchalik bilsam, oʻzbek deb atalgan xalqqa mansub ekanman, oʻzbek tilida oʻylar, gapirar, vujudimni oʻzbek degan bir ruh toʻldirgan ekan. Tangri taolo shu xalq ichida yaralishimni ixtiyor qilibdi, abadiy muz oʻlkalarida yoki abadiy jaziramalarda dunyoga keltirganida nima boʻlardi, deb ham oʻylab qolaman. Bular aslida shukr qilish uchun bir sababdir, biroq, umr ham bepoyon va soʻngsizday tuyulardi-da. Goho shu bepoyonlik aro kun kechirish dardida daydib-sanqib yurganday, aslida juda muhim bir ishni bajarishim keragu ammo u ish nimaligini bilmaydiganday taassurotlar ham uygʻonardi, albatta. Oʻzlikni anglash dedik, ammo anglashila borgani sayin savollar koʻpayishini koʻryapsizmi? Men shafaq yogʻdusidan zavqlanaman, bolasi oʻlib qolgan toyning koʻzidagi yoshni koʻrib achinaman, bitta yaproqqa joylab qoʻyilgan ranglardan va u botindagi qudratdan aqlim shoshadi, kimningdir dardidan iztirob chekaman, quvonchiga sherik boʻlaman… shu bilan birga, bu his-tuygʻularimning nimaga keragi bor deb ham oʻylayman.

Bola oʻzining Inson ekanini anglab yetishi uchun ham ancha yillar kerak boʻlar ekan. Tevarakdagi hamma narsa oʻziga boʻysunib-xizmat qilib turganini koʻrish va anglash kishini gʻalati shavqlarga toʻldirib yuboradi. Lekin insonlikni anglash yanada koʻproq savollarni hosil qilaveradi. Har narsa ongga xitob qiladi, u xitobni eshita olish kerak. Goho juda koʻp narsalar qarshisida aql ojizligini koʻrib shoshgan paytlarim ham boʻlgan. Biz inson oʻzligini anglab yetishi uchun avvalo vatan, millat, xalq nimaligini anglab olishi zarur deb gapirishni xush koʻramiz, menimcha, bular – oʻzlikni anglash yoʻlining boshlanishi boʻlsa kerak. Davomida yana ancha-muncha hikmatlar turibdi. Shulardan biri – har insonning sira takrorlanmas, gʻoyat ulugʻ hodisa boʻlib dunyoga kelishidir. Yana ancha-muncha gaplarni aytsam boʻlardi, lekin adabiyot deganlari aslida mana shu savolga javob tarzidagi minglab jild kitoblar ekani aqlimga kelgach, ularni muxtasar qilib boʻlmasligi uchun tiyila qolaylik.

 

  1. U juda oʻzgaruvchan, muvaqqat va oz yashaydigan hodisa. Shafaq yalligʻi haqida gapirdik-ku? Masalan, otasi holva olib bergan boladan baxtliroq kim bor? Lekin u baxt holva tugashi bilan yoki bola biroz ulgʻayishi bilan yoʻqolib ketadi va holva baxt tuygʻusini tashimay qoʻyadi. Endi u kimnidir yoqtirib qolgan boʻlsa, oʻshani oʻylayveradi, “biz baxtli boʻlamiz” deb xatlar yozadi. Yanada kattaroq bir kishi “Uyim-elim tinch, ustim but, hamma sogʻ-salomat, mana shu baxt-da” deyishi mumkin. Ammo qorongʻi kechada koʻkka koʻz tikib yotar ekan, mana shu oqilona baxt ichida ham umri haqida taassuf bilan oʻylagan qancha kishi bor? Aql aytgan baxt bilan his aytgan baxt orasida allaqancha tafovut mavjud, aql aytgan baxt mushohada va mantiq orqali topilsa-da, his paydo qilmaydi, ozurda bir kishidan “Qara, falon-falon sabablarga koʻra baxtlimasmisan” deb soʻrasak, aytganlarimizni mushohada qilib koʻrib “Ha, toʻgʻri” deydi, ammo bu – baxtdan koʻra shukrga yaqinroq bir holat. Inson doimo baxt degan tutqich bermas tuygʻuga intilib, talpinib yashaydi.

Men aytardimki, umumiy va xususiy baxt bor. Umumiy baxt boʻlgandagina xususiy baxt mavjud boʻla oladi. Masalan, el tinch, yurt osoyishta, kishilar oʻzlari istagani kabi hayot kechirayotir, bolalar katta boʻlishmoqda, hayot toʻkin – bu umumiy baxt. Mana shuning orasida xususiy baxt tuygʻusi yulduz misol porlab-soʻnib turadi, shekilli. Goh sevimli oila davrasida bolalari bilan rosa oʻynab charchagach, jilmayib yostiqqa yonboshlagan otaning yuzida, goʻdagini bagʻriga bosgan onada, suygani bir jilmayib qarab qoʻygan oshiqda… shu singari minglab baxtlarni koʻra boshlaymiz. Uzoqlarda bir qancha yillar yura-yura, nihoyat ona yurtiga qadami yetgan odamning baxti ham oʻziga xos. Sogʻinchlar, intizorliklar, orzular, ilinjlar, hatto oʻkinch va afsuslar ortida bitta mantiqiy xulosa turibdi, bu – oʻzining yashab oʻtgan umridan, qilgan ishlaridan qoniqish tuygʻusidir.

Yana bir nozik nuqta bor bu oʻrinda: qoniqish bilan birga, zavq hissi ham boʻlishi kerak. Bir kuni bir qancha ajnabiy sayyoh oʻlkamizni kezgani keladi. Oʻzbek qishloqlarini ham koʻrmoqchi boʻlishadi. Yoʻlboshlovchi yigit ularni xomushlanib, gʻashlanib olib yuradi. Manzaralar gʻoyatda oddiy: roʻmol oʻrab olgan yosh-yosh qizchalar suv tashimoqda, odamlar yumush bilan band, bedazorlar nihoyasidan quyosh koʻtarilib kelmoqda. Bir oz aylanib-aylanmasidan, yoʻlboshlovchi sayyohlarni ortiga qaytarib yuboradi. “Nimaga unday qildingiz?” deb soʻrashadi qolganlar. “Qizgʻandim”, deydi yigit. “Shu teraklarimga, suvlarimga, yoʻllarimga, manzaralarimga yot nazar tushishini xohlamadim. Ular naqadar ajoyib, ammo koʻchalarda sanqib yurgan yot kishilar qaydan ham bilsin? Bilsa ham qadriga yetarmidi, men singari zavqlanarmidi, yaxshi koʻrarmidi?”

 

  1. Isteʼdod gʻoyatda koʻlamli hodisa, u oʻz vaqtida anglab yetilishi zarur. Hatto, xalq oʻz davrining ehtiyojlariga koʻra turli-tuman isteʼdodlarni paydo qilarmikin deb ham oʻylab qolaman. Masalan, Navoiy, Mashrab bobo kabi avliyo zotlarning dunyoga kelishida ham anglash mushkul bir hikmat bormidi? Yaʼni, bu zotlar oʻz hollaricha dunyoga kelib yashab yurgan edilaru, isteʼdodlari mavj uravergach, allaqancha sheʼriy asarlarini yozib qoldirdilarmi? Yoʻq, unday emas, bu – juda yuzaki taassurot. Balki oʻsha kishilarning aynan oʻsha mahalda dunyoga kelishi Xudoning inoyatidir? Davrlar va isteʼdodlarning dunyoga kelish mantigʻini anglashga aql yetarmikin?

Juda koʻpchilik toʻkin hayot kechirishni istaydi. Dasturxonimda hamma narsa yetarli, imoratim chiroyli, oʻzimning qadru qimmatim baland boʻlsin, deydi. His esa imonga aylanib qichqira boshlaydi. Sen dunyoga toʻkin bir dasturxondan yeb-ichgani keldingmi? “Odam boshqalarga yordami tegishi uchun keladi” deydi bir daraja yuqoriroq fikrlovchi boshqa bir kishi. Ha, toʻgʻri, ammo Tangri taolo insonlarni bir-biriga koʻmaklashishi uchungina yaratganmikin?

Demakki, yanada ulkanroq bir mohiyat bor. Isteʼdod oʻsha mohiyatni ilgʻay oladigan shaxs. Men hatto har kishida ayri bir isteʼdod bor deb aytgan ham boʻlardim. Bir paytlar togʻ oralarida botayotgan quyoshga qarab yum-yum yigʻlayotgan keksaroq bir kishini koʻrgan edim. Tabiiyki, “Nega yigʻlayapsiz?” deb soʻradim. “Bilmadim”, dedi u. “Shu shafaqqa qarab turib, ichimda tushunib boʻlmas hislar uygʻonib ketdi, yuragim anduhga toʻldi, oʻz-oʻzimdan, hech uyalmay-netmay yigʻlagim keldi”. U odam, ichidagi chirpirak tuygʻularini tiliga chiqarolmadi, xolos. Hatto, sizu biz koʻrmagan narsalarni koʻrgan boʻlishi ham mumkin.

Isteʼdodni yashirin narsalarni his eta olish qobiliyati desak, mohiyati xiyol aniqlashadi. Har narsa nuqul aqldan iborat boʻlsaydi, hayot juda joʻnlashgan, koʻrkini yoʻqotgan boʻlardi. Aql koʻrgan va bilgan narsalariga tayangan holida xulosa chiqarsa, qalb ham oʻziga yarasha xulosa chiqaradi, shu bilan aqlning ovozini yo quvvatlantiradi, yo oʻchirib yuboradi. Hissiyot haqida gap ketganida iljayib qoʻyadiganlarga shuni ham aytgan boʻlardim: mehr tuygʻumi yo aqldan keladimi? Bolangga sevging aqlmi, hismi? Tugʻilib oʻsgan ota uyingga sevging aqldanmi, hisdanmi? Haqiqatan ham, ota uyim meni turli xatarlardan asragani, qishda sovuqdan, yozda issiqdan saqlagani uchun yaxshi koʻraman, desa birov ishonarmidi? Ancha voqealarni boshdan kechirgani va u uy oʻshalarning timsoliga aylangani uchun ham azizroq.

Demakki, mana shu narsalarning bari isteʼdodga taalluqli ekan, uni izhor qila olishni imkoniyat deb atay qolaylik. Ichida turli oʻylar charx urgan, oʻqish-yozishni bilmaydigan soqov kishi imkoniyatsizdir, ammo isteʼdodsiz deb boʻlmaydi. Demak, isteʼdodning oʻzi ham yashirin bir narsadir. Ochiq-yaqqol koʻrinib turgan mohiyatlarni koʻra olish uchun yashirin narsaga qanaqasiga ehtiyoj boʻlsin? Yashirin ekanligidan chiqadigan xulosa shuki, demak, u yashirin bir mohiyatni ilgʻay oladi. Uni bayon qila olganlar imkoniyatga ega boʻlishni istashdan ham koʻra, uni namoyon qila olish uchun urinadilar. “Menga zarilmidi?” deydi bir isteʼdod, sheʼrlari yozilgan qogʻozni gʻijimlab otib, ozorlanib. “El qatori yashasam boʻlmasmidi?” Haqiqatan ham, juda koʻp isteʼdodli kishilarning oʻz isteʼdodidan ozor chekkanini ham koʻramiz.

Demak, bugun biz isteʼdodli deb bilganimiz yoki isteʼdodi bor deya umid qilganimiz ancha-muncha kishilardan tashqari, yana minglab insonlar borki, isteʼdodini yo yashiradi, yo izhor qilolmaydi, yo shubhalanib yuradi. U isteʼdodlardan biz ham bexabarmiz, shu sababli qanaqa qobiliyat egasi ekanini bilolmaymiz. Lekin, oʻsha yashirin narsa kuch-quvvat beradi. Masalan, bir mamlakatning oʻtgan asrlardagi eng oliy tabaqasiga mansub bir zot toʻsatdan hamma narsani tark etadi-da, surat chiza boshlaydi. Aqli aytadiki, bu yumushing sira keraksiz. Oʻzi (ruhi) aytadiki, shuni qilmasam, oʻlaman!

Bu bor gap. Men faqat Gogen degan mashhur rassom hayotidan misol keltirganim holda, oʻzimizda ham turli jabhalarda xiyla obroʻ-eʼtibor qozongan kishilarning oʻz sohalaridan anchayin uzoq boʻlgan boshqa ilmlarga intilganini koʻramiz. Kimdir nabotot ilmiga qiziqadi, uni shu darajada oʻqib-oʻrganadiki, bir olimdan kam boʻlmaydi. Yoki kimdir fazo ilmiga, sanʼatga, adabiyotga va hokazo. Yashirin isteʼdodi oʻzining izhor etilishini istab, uni tinch qoʻymaydi. Demakki, isteʼdod oʻziga qiymat berilishini yoki kashf etilishini istaydi. Har kim kabi oddiygina boʻlsaydi, qanoatlanib yuraverardi. Oʻzidan shubhalanadi, nimagadir men mana shunaqa narsalarga ishqivozman, ichimda benihoya kuchli bir intilish bor, shuni qilmasam, hayotim kemtik, oʻzim baxtsiz boʻlib qolaman, deydi.

Shafaqqa termilib gʻussaga choʻmgan kishining koʻz yoshlari haqida gapirdik. U odamning yigʻisi toza, musaffo, oʻtgan ajoyib damlarini eslab-qoʻmsab, “Ey voh, qanday ajoyib yigit edim, endi oʻzim ham shu quyosh kabi ufq ortiga botib ketmoqdaman” deganday tuygʻular taʼsirida boʻlishi mumkin. U oʻkinch yigʻisi boʻlsa, oʻlim qurolini ixtiro qilgan yana bir isteʼdod umrining oxirida “Men imonli kishi boʻlaturib juda qattiq xato qildim, kishilar boshiga musibat keltiradigan qurolni yaratib qoʻydim” deb qaygʻuga choʻmadi. Millionlab kishilar bir ovozdan “Yoʻq, aslo unday emas. Ayb sizdamas, u qurolni ishlatadigan kishida” deb taskin berishga urinishsa-da, tazarrusini qoʻymaydi, “Nima qilib qoʻydim?” deya nadomat chekadi.

Isteʼdod ham kuch, uni yanglish tomonlarga yoʻnaltirib boʻlmaydi.

Yuzakiroq qaralganida esa, imkoniyatni yaratilgan asarni eʼlon qila olish imkoni desak ham boʻladi. Toʻgʻriku-ya, lekin u mahsulni eʼlon qilishdan murod “mening idrokimga qiymat bering” degan daʼvodir. Bu yerda mavhumlik bor. Kishilar baho berishi ham mumkin, bermasligi ham. Rangtasvir sanʼatining daholaridan biri – Salvador Dali oʻz isteʼdodiga aniq ishongan edi. Lekin, ishonmaganlar ham bor. Isteʼdodni yoʻlga sola olish, namoyon qila olish ham kerak. Men aytardimki, bizning gʻalati, odamni xavotirga soladigan bir oʻksikligimiz bor. Talay isteʼdodlarimiz olamga mashhur boʻlishga yetarli quvvatga ega. Ammo gʻoyat uzoq vaqt etgan zulm oʻz qilgʻiligini allaqachon qilib boʻldi-da. Hali yozilmasdan turgan bir asardan, oʻz asaridan, oʻz izhoridan choʻchish hissi ham bor, har doim ham “etarlicha tugal emas” deb oʻylayveradi. Shu sababli, isteʼdodidan iymanadi ham.

Yana shuni ham aytardimki, kishilarning oʻz-oʻziga ishonchi va gʻururi tiklanayotgan mahal hozir. U ishonchni, u gʻururni avaylash kerak, sindirib qoʻyish xavfi bor. Nekbinroq boʻlaylik, bu gʻoyatda qadimiy va mustahkam xalq, qora kunlari ham, yorugʻ kunlari ham, yaxshisiyam, yomoniyam bor – ammo benihoya ulkan, yashirin bir qudrati bor bu xalqning. Beruniylarni, Abu Ali ibn Sinolarni, Navoiylarni, Ulugʻbeklarni dunyoga keltiribdi, aqlu idroki ulardan ham quvvatliroq zotlarni yana dunyoga keltirsa ne ajab?

 

  1. Har doim ham baland boʻlgan-ku? Ijodkor tushunchasi xiyla kengroq. Iqtisodning, siyosatning, boshqa har xil sohalarning ham oʻz ijodkorlari bor, ular oʻsha sohaning isteʼdodlaridir. Ular boʻlmasa, taraqqiyot boʻlarmidi? Farqi shundaki, badiiy sanʼat moddiy mahsul yaratmaydi. U faqat his paydo qiladi. His haqida sal oldin gapirdik-ku, insonga insonligini bildirib turadigan narsa aynan shu deya. Yana isbot keltirishim mumkin. Bir odam ayolini juda sevadi va ehtiyotlaydi deylik. Aqli aytadiki, bu bor-yoʻgʻi bir xotin, vazifasi falon-falon va hokazo. His aytadiki, u takrorlanmas, dunyoda undan oʻzga xush va suyimli hech kim yoʻq. Yoki onasini gʻoyatda eʼzozlaydi. Aql aytadiki, sen yashirin, maxfiy dargohlardan dunyoga kelding, bu ayoldan boʻlmasa, boshqasidan tugʻilar eding. His aytadiki, yoʻq, u onalarning eng ulugʻi va eng moʻtabaridir. Qay biri toʻgʻri? Shu maʼnodan qarasak, hisning imonga yaqinroq ekanini koʻrmoqdamiz. Sanʼat kishilarning mana shunga oʻxshash xususiyatlarini koʻrsatib beradi, odamlarda shon, sharaf, gʻurur, zavq, oʻksinish, insof, va fikr paydo qiladigan holatlarni koʻrsatadi. Har sohaning oʻz oʻrni bor, ammo sanʼating boqiyligi aynan mana shundaki, davrlar, texnologiyalar oʻzgargani bilan tuygʻular oʻzgarmaydi, sababi – inson qalbi abadiy boʻlgani bois, texnologiyalar, kashfiyotlar, tizimlarning bari kun kelib eskiradi, ammo hislar abadiyatga daxldorligicha, sira eskirmasdan qolaveradi.

Demak, sanʼat ana shu kashfiyotlarning, texnologiyalarning johillar va yeb-ichish dardidagi kishilarning qoʻlida oʻyinchoqqa aylanib qolmasligi uchun mavjuddir. Yaʼni, insonga Insonligini namoyon etishga, gʻoyat yuksak va sharafli zot ekanini uqtirishga urinaveradi. Ayni shu sababli ham millatchilik, ayirmachilik, mahdudlik, manfaatparastlik, dunyoparastlik, olchoqlik, pastkashlik… boringki, imonga neki yot boʻlsa, unga ham yotdir. Demakki, sanʼatga daxldor asar yarataman degan kishi nafaqat oʻzini anglab olishi, balki oʻzi mansub millatning, xalqning, qolaversa, inson bolalari deb ataladigan jami tiriklikning dardu iztiroblaridan, oʻkinchu armonlaridan, qiziqish va intilishlaridan boxabar boʻlishi va turgan gapki, isteʼdodi va bilimlari yorugʻida kelajagini ham taxmin etib koʻrishga qodir bir kishi boʻlishi kerak.

 

  1. Adabiy haqiqatlar bilan hayotiy haqiqatlar orasida katta tafovut bor. Ota uyini esga oldik, vaholanki, oʻsmir katta boʻlgan uy vaqt oʻtishi bilan xiyla eskirgan, suvoqlari toʻkilgan, hatto choʻkib, koʻrimsiz bir ahvolga kelgan boʻlishi mumkin. Bizlar uchun u uyning qay tuproqdan, qay yogʻochdan tiklangani muhimmi yoki kim tiklagani, qay tarz tiklagani va u uyda sodir boʻlgan, umr oʻtishi bilan qadru qiymat kasb etgan turli-tuman voqealarmi? Bir adib ota uyi haqida asar yozdi, u uyni favqulodda taʼsirli qilib tasvirladi ham deylik, u asarni mutolaa qilgan boshqa bir kishi koʻz oʻngida oʻsha adib tasvirga olgan imorat gavdalanadimi, yoki oʻz ota uyimi?

Masalan, Alisher Navoiyning mashhur “Farhod va Shirin” dostonidagi voqealarni olaylik. Shirin Armaniston podshohining qizi edi, suvga zormidi, yoki u mamlakatning shuncha aholisi va boyligi boʻlaturib, Chin mamlakatidan bitta boʻz bola kelib togʻni teshib suv chiqarib berishini kutib oʻtirganmidi? Farhod Chin sultonining oʻgʻli edi, kelib togʻni teshib oʻtirishiga zarurat bormidi? “Layli va Majnun”ni oʻqiganlar “Shu voqea rostdan ham boʻlganmikin” deb qiziqishadi. Rostmi-yolgʻonmi deb qarasak, turli mantiqsizliklarni koʻramiz. Lekin Hazrat togʻ deganida nafs togʻini, suv deganda imon suvini nazarda tutganini hamda har narsani timsol duriga aylantirib, koʻp qirrali qilib taqdim etganini oʻylasak, hamma narsa oydinlashib, ajoyib sanʼatning jilvalarini koʻra boshlaymiz. Ilk taassurotlarimiz uning yorugʻida erib-yoʻqolib ketadi va biz istagan haqiqat akslana boshlaydi.

Bunday misollarni istaganimizcha keltira olamiz. Qodiriy, Choʻlpon, Gʻafur Gʻulom, Oybek, Mirtemir haqiqatlari bor, bizlarni u haqiqatlar jalb etgani uchun ham “Qayda koʻrdi ekan?” deb qiziqamiz-da.

Tevarakni gʻoyaviy qichqiriqlar bosib ketgan mahalda hammani lol qoldirib paydo boʻlgan “Dashtu dalalarda”ning qahramoni Polvon-chi? Har tarafda gʻoya uchun jon fido qilish targʻib qilinayotgan, dunyoda qurollanish poygasi avjga chiqqan va oʻsha poygani qullab-quvvatlaydigan kishilar tarbiyalanishi zarur deb uqtirilayotgan bir mahalda, oʻshanday rutbaga gʻoyatda mos bir odamning jufti haloliga naqadar intizorligini qalamga olgan adibning gaplari… rostmidi?

“Koʻngil ozodadur”ning noziktaʼb qahramoni Gʻulom rostdan ham Gulxaniy bilan gaplashganmidi?

“Etakdagi kulba”da chekka bir qishloqning koʻchalariga bir Siniqchi rostdan ham keldimi yo yolgʻonmidi?

“Parizod”ning, “Jajman”ning, “Bahoviddinning iti”ning, “Toʻlinoy qissasi”ning, “Adashvoy”ning, “Puankare”ning… mualliflariga ham shu savolni berib koʻraylik-chi, nima deb javob qilar ekanlar?

Mabodo yurak yutib soʻrasak ham, ulugʻvor sokinlik ila “Ha, endi, adabiyot shunaqa boʻladi-da” deb qoʻyishlari mumkin.

Meni-ku qoʻyavering…

 

Isajon SULTON

 

“Yoshlik”, 2014 yil 1-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.