Ilm va odob – inson ziynati

0
2302
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston maʼrifatparvarlar jamiyati raisi, tarix fanlari doktori,

professor Ubaydulla UVATOV bilan suhbat

 

– Buyuk alloma Mahmud az-Zamaxshariy “Ey inson farzandi, sen ilmli va adabli boʻl. Ilm va adab senga mushfiq otangdek boʻlsin” degan ekan. Sharqda azaldan kitob koʻrgan odamlarning ilmi va amali bir boʻlgan. Ammo bugun zamonaviy bilimlarni puxta egallayotgan ayrim yoshlar adab masalasida biroz xomdek… Mayli, zohiriy koʻrinish mayda gapdir, ammo qalb tarbiyasi dolzarb masala. Inson hayotida ilm nechogʻlik muhim? Adab-chi?

– Ilm-maʼrifat, odob-axloq masalasi kishilik jamiyatida, bashariyat hayotida hamisha alohida ahamiyatga ega boʻlgan. Xalqimiz qadimdan elning ilmli kishilariga ishongan, ularga ergashgan. Misol uchun, Islom dini bizning mintaqamizda 725–730 yillarda mahalliy aholi tomonidan qabul qilindi. Birinchi galda ilmli kishilar din bilan tanishib, Qurʼoni Karimni oʻqib, hadislarni oʻrganib, bu nafaqat muqaddas din, balki buyuk taʼlimot ekanini oʻz vaqtida toʻgʻri anglashdi, xalqqa ham toʻgʻri tushuntira olishdi. Ziyoli, maʼrifatli insonlar imon keltirishgachgina el-ulus ham Islomni qabul qildi. Bizning baxtimiz shundaki, ilmli ajdodlarimiz haq yoʻlni tanlay bilishdi.

Qurʼoni Karimda 800 dan ortiq oʻrinda ilm haqida bayon qilingan. Ilm-maʼrifat yuksak taʼriflangan. Ilmning xosiyati haqida koʻplab hadislar bor. “Eng yaxshi ibodat ilm olmoqdir” deyiladi hadisi sharifda. Demakki, ilm olmoq ibodat darajasida ulugʻlangan.

Har bir moʻmin kishi u kim boʻlishidan qatʼi nazar, professormi, tadbirkormi, dehqonmi yuragining bir burchida “Menga ham jannat nasib boʻlarmikan?” degan oʻy bilan yashaydi. Hadislardan birida “Hamma narsaning bir yoʻli bor. Jannatga yoʻl ilm olish bilan egallanadi” deyiladi. Garchi hayotning turli jabhalarida faoliyat yuritsa-da, ilmga tashnaligi, kitobga mehri boʻlgan odam, albatta, solih kishidir.

Yana bir oʻrinda “Islom – bu ilmdir” deyiladiki, bunda faqatgina diniy bilimlar nazarda tutilmaydi. Ezgulikka boshlovchi hamma ilmlarni oʻrganmoq farzdir. Bizning dono ajdodlarimiz bu hadislarga qatʼiy amal qilganlar. Islomning ustunlari ilm deganlar. Alohida faxr bilan aytish kerakki, musulmon olamida dastlabki madrasalar bizda ochilgan. Ularni oʻz davrining universitetlari darajasida tushunish kerak. Chunki madrasada diniy taʼlimot bilan birga, tarix, falsafa, astranomiya, tabobat kabi dunyoviy fanlar ham oʻqitilgan. Buxoro, Samarqand, Shosh, Termiz, Nasaf kabi qadimiy shaharlarimizda ana shunday ziyo maskanlari boʻlgan. Taassufki, biz hali madrasalarimiz tarixini toʻla tadqiq qilganimiz yoʻq. Ularni oʻrganishga ajdodlar oldida qarzdormiz.

Men oʻtgan asrning 70-yillarida uch yil Bagʻdodda tarjimon boʻlib ishladim, yashadim. U yerda chiqadigan “Jumhuriya” gazetasida doktor Noji Maʼruf degan olimning “Madrasalar tarixi” nomli maqolasini oʻqib qoldim. Bu maqoladan shunday taʼsirlandimki, uning muallifini izlab Bagʻdod universitetiga bordim.

“Men Movarounnahrdan keldim”, deya uning xonasiga kirdim. U ochiq chehra bilan “Xush kelibsan” deya kutib oldi-yu, vatanim haqida, tarixi haqida soʻradi. Men u paytlarda yosh edim, hozirgidek toʻliq maʼlumotlarga ega emasdim. Shu suhbatda doktor Noji Maʼruf “Birinchi madrasalar sizlarda ochilgan” degan edi. Bu soʻzdan shunchalik faxrlangan edimki, buni shunchaki taʼriflab boʻlmaydi.

Darvoqe, odob haqida. Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy(736–798) degan alloma haqida oʻqigandirsiz. U Turkmanistonda tugʻilgan, ammo umrining koʻp qismi Samarqand va Buxoroda oʻtgan. Qashqadaryoning Muborak tumanida mutafakkirning ramziy qabri bor. Imom Buxoriy, Imom at-Termiziylar undan hadislar rivoyat qilishgan. Shu alloma asarlaridan birida “Men ilmni yigirma yil oʻrgandim, odob-axloqni esa oʻttiz yil” degan ekan.

Donishmand ajdodlarimiz maʼrifat va axloqni egiz tutishgan. Misol uchun, buyuk alloma Al Hakim at-Termiziy (820–932) maʼrifatlilik va donishmandlikni toza xulqi bilan bezagan inson boʻlgani tarixiy manbalarda koʻp qayd etilgan. Uning taʼlimotida qalb musaffoligi masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilgan.

– Ammo tarbiya mutelik degani emas. Imom Buxoriy hazratlariga oʻsha paytlardagi Buxoro amiri Xolid ibn Ahmad Zuhliy vakil joʻnatib “Menga va farzandlarimga “Jomeʼ as-Sahiyh”, “Tarix” va boshqa kitoblaringizni olib kelib, oʻqib bering” deydi. Imom Buxoriy u yerga borishdan bosh tortadilar. Soʻng amir yana vakil yuborib, boshqalarga qoʻshmasdan uning farzandlariga alohida dars berishini soʻraydi. Ammo yana rad javobini oladi. Oʻsha davrda Buxoriyni oʻjarlikda, taʼbir joiz boʻlsa, amirga nisbatan hurmatsizlikda ayblaganlar ham boʻlgan.

– Sharqona tarbiya degani haq-nohaqning oldida bosh egib turaverish, notoʻgʻri ishlarda ham royish berish emasligini ham unutmasligimiz lozim. Bizning axloqimiz iymon bilan, vijdon bilan, qatʼiy hayot pozitsiyasi bilan bogʻliq masala. Oʻzbekona tarbiya odobsizni odob bilan yengishni oʻrgatadi. Yaʼni bahs-munozaralarning ham goʻzal qoidalari borki, bu gʻarbdagi arzimagan narsaga ayyuhannos solib, yoqalashish degani emas. Bizda eʼtiroz bildirmoqda ham, birovni rad etmoqda ham odob bilan yondashiladi. Bunga tarixiy misollar juda koʻp.

Al-Buxoriy bilan bogʻliq voqeaga kelsak. Avvalambor, tarixiy voqeani toʻgʻri talqin qilish juda muhim:

Imom Buxoriy uzoq yillik safardan soʻng ona yurtiga qaytgach, oʻz hisobidan katta rabot, zamonaviy tilda aytganda katta majmua qurdiradi. Uning tarkibida madrasa, masjid, oshxona, mehmonlar uchun turar joy kabi binolar boʻladi. Shu qurilishda hazratning oʻzlari ham bevosita qatnashadi. Ha, endi, bular imom Buxoriydek ulugʻ zot shaxsiyati oldida mayda gaplar. Xullas, shu jarayonda amir Xolid ibn Ahmad Zuhliy vakilini yuborib, Imomdan huzuriga kelishini soʻraydi. Oʻsha kunlarda allomadan hadis eshitaman deb keladiganlarning oxiri yoʻq edi. Bu yoqda qurilish avjida. Xullas, Buxoriy borolmasligini, agar amir istasa kelishini, unga bajonu dil saboq berajagini aytadi. Ammo oʻrtadagi vakillar bu javobni juda qoʻpol tarzda amirga yetkazishadi. Biroz vaqt oʻtgach, Ahmad Zuhliy yana vakil joʻnatib, farzandlariga alohida ilm berishini soʻraydi. Ammo Buxoriy har bir inson kim boʻlishidan qatʼi nazar, ilm olishga teng haqli ekanini chiroyli tushuntiradi va taklifni rad etadi. Buni qarangki, oʻrtadagi vakillar yana qoʻshib-chatib amirga javobni yetkazishadi. Shundan soʻng Buxoriyga qarshi fitnalar boshlanadi. Shu voqea ham al-Buxoriy feʼlidagi moddiyatdan koʻra maʼnaviyatni ustun qoʻyish, xalq manfaati oldida xudbinlik qilmaslik kabi fazilatlarini koʻrsatadi.

– Ustoz, biz har ikki gapimizning birida buyuk ajdodlarning avlodi ekanimizdan faxrlanishimizni aytamiz-u, taassufki, ular oldidagi qarzdorligimizni, vorislik burchimizni unutib qoʻyamiz. Ularni tom maʼnoda bilmaymiz. Yaqinda “Oʻzbekiston” NMIU tomonidan chop etilgan “Buyuk yurt allomalari” kitobini oʻqidim. Siz nashrga tayyorlabsiz. Juda savobli va xayrli ish boʻlibdi…

– Bu kitobda Movarounnahrda yashab oʻtgan yetmish nafar mutafakkirning hayot yoʻli va ularning olamshumul ahamiyatga ega merosi va ilmu urfon rivoji yoʻlida koʻrsatgan beqiyos jasoratlariyu saʼy-harakatlari haqidagi maʼlumotlar jamlangan. Har bir maqola mavzuni chuqur biladigan olimlar tomonidan yozilgan. Ishonchli yozma manbalarga asoslangan, tarixiy dalillarga boy, sodda va ravon uslubdagi maʼlumotlar keng jamoatchilik, ayniqsa, oliy oʻquv yurtlarimizda tahsil olayotgan yoshlarning intellektual salohiyatini oʻstirishga xizmat qiladi. Ilm yoʻlini tanlagan har bir talaba ulugʻ allomalarimizning qanchalik mashaqqatlar evaziga yuksak maqomlarga erishganini bilishi kerak.

Misol uchun, suhbat boshida eslaganimiz Xorazm vohasida tugʻilgan Mahmud az-Zamaxshariy hayot yoʻliga bir nazar tashlasak.

Bolalik chogʻida, taxminan oʻn ikki yoshligida ilm olish maqsadida Buxoroga ketayotganida Zamaxshariy otdan yiqilib oyogʻi qattiq lat yegan. Buning ustiga qahraton qish mavsumi edi. Shifokorlar qancha urinishmasin, bemorning oyogʻini kesishga majbur boʻlishgan. Shu baxtsiz tasodif tufayli Zamaxshariy butun umri davomida oqsab, yogʻoch oyoqda yurgan. Shunga qaramay u oʻz maqsadidan ogʻishmaydi. Otasi erkak kishi ertaga roʻzgʻor yukini koʻtara olishi kerak, jismonan nuqsonli boʻlib qolgan dilbandining hech boʻlmasa biror hunarni egallashini istab, uni bir toʻquvchiga shogirdlikka bermoqchi boʻladi, ammo Zamaxshariy padari buzrukvoridan Buxorodagi madrasaga olib borishini yigʻlab soʻraydi. Shundan soʻng ota farzandining iltimosini bajaradi.

Yana yurtimizda tugʻilib voyaga yetgan mutafakkirlardan biri Abu Hafs an-Nasafiyning hayot va ijod yoʻlini oʻrganish ham juda muhim. Nasaf shahri Abu Hafs yashagan davrda ilm-maʼrifatda Movarounnahrdagi eng yirik ilmiy-madaniy markazlardan biri boʻlgan. Allomaning “Kitob al-qand” va boshqa asarlaridagi maʼlumotlarga koʻra, VIII–XII asrlar mobaynida bizning diyorimizda uch mingdan ortiq koʻzga koʻringan muhaddislar yashab, faoliyat yuritishgan. Ulardan mingdan ortigʻi Samarqandda, olti yuzdan ortigʻi Buxoroda yashagan boʻlsa, toʻrt yuz nafardan koʻprogʻining hayot va faoliyati Nasaf shahri bilan bogʻliq boʻlgan.

– Ajdodlar merosidan xabardor boʻlish, bobolarimiz xazinasini avlodlar shuuriga yetkazish masalalarida ham fikrlashsak.

– Kitob olami – boshqacha… Yoshlar albatta kitiob oʻqishi zarur! Mutolaa yangicha kuch, yangicha ilhom beradi. Toʻgʻri, sof ilmiy asarlar oʻqilmaydi. Mavzuning qaymogʻini, mohiyatini ochib beradigan sodda va muxtasar shakl topishga eʼtibor berishimiz kerak. Biz bundan bir necha yillar avval “Tafakkur” nashriyotida oʻnta kitobcha (yurtimizning oʻn buyuk allomasining hayoti va merosi haqida)ni bir sovgʻabop kichkina qutiga joylashtirilgan holda chop etdik. Oʻn ming nusxada chiqqan edi. Kitobxonlar tomonidan yaxshi kutib olindi. Qolaversa, maʼnaviyat xonalari uchun devoriy gazetalar shaklida mutafakkirlarimiz haqidagi maʼlumotlar berib borilayapti.

Yaqinda yana bir xayrli ish boshlandi. Endi “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bilan hamkorlikda mutafakkirlarimiz haqida yarim soat davom etadigan hujjatli filmlar yaratilayapti. Bilsangiz kerak, Mahmud az-Zamaxshariy haqida “Fasohat ilmining sultoni” nomli film ekranlarga chiqqan edi. Buyuk mutafakkir Al Hakim at-Termiziy haqida taniqli shoir va jurnalist Eshqobil Shukur stsenariysi asosidagi film yaqin kunlarda telekanallarimizda namoyish etiladi. Ulugʻ muhaddis Abu Iso Muhammad at-Termiziy hayoti va ilmiy merosi haqida ham film yaratilayapti. Tomoshabin yarim soat vaqt ajratib, shu hujjatli filmlarni koʻrsa, ajdodlari kimligi haqida muayyan tasavvurga ega boʻladi.

– Ming afsuski, dinni oʻrganaman deb, iymonidan ayrilib qolayotgan gʻoʻr yoshlar ham bor. Dunyo havas qilgulik allomalari bor yurt farzandlarining yoʻldan adashishi juda ayanchli. Navqiron avlodga islom taʼlimotini toʻgʻri tushuntirish borasida qanday takliflaringiz bor?

– Eng avvalo, oilada farzandlarning qalb tarbiyasi, ichki, botiniy dunyosi bilan shugʻullanish kerak. Yoshlarning “dinni oʻrganaman” deb xorijga chiqishi mutlaq notoʻgʻri! Bolalarimiz aqidaparastlarga xoʻrak boʻlmasligi kerak! Ular yoshlarni alaloqibat manqurtga aylantirib, koʻr-koʻrona xizmat qiluvchi texnika, robot yasashadi. Bolaligidanoq farzandlarimizning qalb koʻzini ochishimiz, hayotni toʻliq maʼnoda, bor ranglarda tushuntirib borishimiz kerak. Yurtimizda oʻndan ortiq madrasa bor, ikkita ayollar uchun taʼlim dargohi faoliyat yuritayapti. Toshkent Islom universiteti, Imom Buxoriy nomidagi institut bor. Bilim olaman, oʻrganaman degan odamga oʻz yurtimizda ham sharoit bisyor. Unutmaslik kerakki, bu yurtning har bir fuqarosi shu xalqning vakili. Yoshlarimiz elni yomonotliq qilishdan saqlanishi kerak. Ulugʻ ajdodlarimiz shakllantirgan maʼnaviy qiyofaga putur yetmasligi, balki yanada sayqal topib borishi bugungi avlodning ilm va adabiga bogʻliq.

 

Sitora TOJIDDINOVA suhbatlashdi.

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.