Ijodkorni qalam tanitar

0
132
marta koʻrilgan.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ashurali JOʻRAYEV bilan suhbat

 

– Bundan salkam 45 yil oldin ijodkor boʻlish niyatida bir chemodan kitob bilan Toshkentga ketgan oʻspirin Ashuralini bugun sochlariga oq tushgan Ashurali Joʻrayev qanday eslaydi?

Ashurali JOʻRAYEV: – Maktabni tugatib, otamdan duo olib osmonday begʻubor orzular va cheksiz quvonchlar bilan savolda aytilganidek “bir chemodan kitob bilan” Toshkentga – “yozuvchi, jurnalist boʻlaman”, deb oʻqishga joʻnadim. Navoiy vokzalidan chipta olib, doʻstlarim bilan “Buxoro – Toshkent” poyezdida poytaxtga kelganimni hamon oʻzgacha sogʻinch bilan eslayman. Poyezdning imillab yurishidan zerikib ketganman. Poyezd imillagani sari yuragim toshib ketavergan. Chunki Toshkentni koʻrishga juda oshiqqanman.

Poyezd erta tongda kelar ekan. Undan bir dunyo odam tushganini koʻrib hayron qolganman. Agar butun Jaloyir qishlogʻining odamlari poyezdga chiqsa, bemalol sigʻarkan-ku, deb oʻylaganman.

Bu goʻzal va samimiyat toʻla shaharni koʻrib, cheksiz hayajon va hayratga tushganman. Toshkentga boʻlgan mehr-muhabbatim hamon joʻsh urib turadi. Oʻzimni goʻyo Toshkentga kecha kelganday his qilaman. Navoiyga ketsam Toshkentni, Toshkentda esa Navoiyni sogʻinaman. Salkam qirq besh yildan buyon men ovora, temir yoʻl ovora, poyezd ovora. Sogʻinch toʻla vagonlar goh meni Navoiyga, goh Toshkentga olib keladi. Baʼzan umrimning anchagina shirin damlari, bebaho lahzalari temir yoʻllarda toʻkilib qolayotganday tuyuladi. Bu uchun taqdirga ham shukrona aytaman, ham baʼzan iztirob chekaman. Vagonda qolib ketgan hislarimga alvidolar aytaman…

Olloh hayotda menga faqat yaxshi insonlarni roʻbaroʻ qildi. Samimiy va ishonchli doʻstlar orttirdim. Ustoz shoir aytganidek, “Hayot mendan ayamadi neʼmatlarini…”

Oʻn yillik sarson-sargardonlikdan soʻng oʻzim sevgan kasb boʻyicha ish topdim. “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida ishlagan yillarim juda samarali va barakali boʻldi. Qalamga mehrim, yuragim, butun vujudim va borligʻim bilan yopishdim. Ijodkor sifatida tanildim, uch-toʻrtta kitobim chop etildi. Asta-sekin orzularim ushala boshladi. Hayotimda jiddiy oʻzgarish yasagan bir ibratli voqea hech qachon xotiramdan oʻchmaydi. Gazetada ishlab yurgan kezlarim ijodkorlar davrasida mashhur shoir Abdulla Oripov bilan bir dasturxon atrofida oʻtirib qoldim. Oʻtirish yarimlab, davradagilar tamaki chekkani chiqqanlarida davra toʻrida oʻtirgan ulugʻ ustoz meni imlab yonlariga chaqirdilar. Men davraning bir chekkasida hayajonga tushib oʻtirgan edim. Abdulla akaning yoniga qimtinib, tortinib bordim.

– Qayerliksan, uka – deb soʻradilar ustoz.

– Buxoroning Navoiysidanman, – dedim.

– Seni kim tarbiya qilgan, uka, – yana soʻradilar u kishi.

– Bobom bilan buvim, – dedim sekin.

– Ular hayotmi?

– Bobom olamdan oʻtganlar, buvim bor, – dedim.

– Seni “Adabiyot” gazetasida chiqayotgan narsalaringga koʻzim tushyapti. Yaxshi. Qalaming oʻtkir. Shunday yozavergin. Lekin davrada oʻtirganday hamisha kamtarin boʻlgin. Yaxshi narsalar yozib, yaxshi kitoblar chiqargin. Shunda ham kamtarin va oddiy boʻlgin. Samimiyligingni yoʻqotma, uka!

Ustozning ushbu bebaho oʻgitlari hamon hayot va ijod yoʻllarimni mashʼaladay yoritib keladi…

Bugun ham oʻsha sabr-toqatli, mehribon, haqsizlik oldida boʻyin egib turmaydigan sharttagoʻy, andak hazilkash, andak kuyunchak Ashurali Joʻrayev bilan hamon birgaman. U bilan murosa qilib yashayman. U endi ancha bosilib, ancha sabrli boʻlib qolgan. Axir uning ham sochlariga oq tushib, hayotga donishmand koʻzi bilan qaraydigan vaqtlar keldi-da!..

Ustozingiz – Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Neʼmat Aminov bilan qanday tanishgansiz?

Agar tanishuv jarayoni va voqealarni batafsil gapirib bersam, qiziqarli bir kitob boʻladi. Xudo xohlasa, shunday kitobni yozish niyatim bor…

Maktabda 8-sinfda oʻqib yurganimda Navoiy tumani “Kommunizm uchun” (hozirgi Karmana tumani “Karmana ovozi”) gazetasining tilga tushgan taniqli muxbiri edim. Gazeta xodimi – ustoz jurnalist Narzulla Tilavov bir kuni: “Seni Buxoro viloyat gazetasida boʻladigan yosh muxbirlar anjumaniga olib boraman”, – deb qoldi. Ikkalamiz “Qaydasan, Buxoro?” deb yoʻlga tushdik. Lekin Buxoroga borgunimizcha kech boʻldi. Anjuman oʻtib ketibdi. Shunda Narzulla aka:

– Xafa boʻlma, seni Neʼmat Aminov degan zoʻr yozuvchinikiga olib boraman, tanishib olasan, – dedi.

Kutilmaganda sharros yomgʻir yogʻdi. Bir mashina yollab, Neʼmat akaning uylarini zoʻrgʻa topib bordik. Borsak, Neʼmat Aminov Moskvaga – hajvchilar anjumaniga ketgan ekan. Kechqurun ukalari Bolta aka, ertalab otalari usta Amin bobo Nurullaboy oʻgʻillari bilan tanishdim. Bu tabarruk zotning muborak duolarini oldim. Va bu hikmat toʻla duolar bir umr menga yoʻldosh boʻlib qolishini va bir umr qoʻllab-quvvatlab yurishini, usta boboning yana qancha-qancha qutlugʻ duolariga sazovor boʻlishimni oʻshanda bilmaganman. Bobomiz ulugʻ rus adibi Lev Tolstoyga oʻxshab ketardi. Donishmandlikda ham mashhur yozuvchidan qolishmasdi…

– Koʻp yaxshi, odobli bolaykansan, akang kelganida yana Buxoroga kelgin, oʻzim seni tanishtirib qoʻyaman, – dedilar bobomiz va qaytishimizda yana mehr bilan uzoq duolar qildilar.

Taqdir Neʼmat akani ham 1973 yili Toshkentga yetakladi. U kishi Buxoro viloyat radioeshittirish qoʻmitasi Bosh muharrirligidan “Mushtum” jurnali masʼul kotibi vazifasiga ishga keldilar. Oʻshanda ustoz bilan ilk bor “Mushtum” jurnali joylashgan Navoiy koʻchasi 30-uyda tanishganman. Bu tanishuv bir umrlik ustoz-shogirdlikka aylandi. Tugʻishgan aka-ukaday bir-birimizga juda mehribon boʻldik. U kishi menga “undoq yuring, bundoq yuring”, deb yoʻl-yoʻriq koʻrsatmaganlar. Aksincha Neʼmat akaning yurish-turishi, gap-soʻzlari, yozishlari menga hamisha IBRAT boʻlgan. Ustozning har bir xatti-harakatida namuna boʻlish fazilati bor edi.

Shunday ulugʻ inson, mashhur adib va bebaho ustozim borligidan hamisha faxrlanaman va taqdirimga qayta-qayta shukronalar aytaman. Umrimning oxirigacha ustoz ruhlariga duolar qilaman: iloyo, Olloh oʻz rahmatiga olgan boʻlsin!..

Birinchi kitobingiz – “Toshbaqalar poygasi” oʻttiz yoshingizda 60 ming nusxada chop etilgan. Nima deb oʻylaysiz: bu kechmi yo…

Menimcha, oʻz vaqtida chiqqan bu kitob meni ozmi-koʻpmi oʻquvchilarga tanitdi. Muxlislar orttirdim. Adabiyotshunoslar tiliga tushdim. Eng muhimi, kitobimni otam rahmatli koʻrib, qoʻllariga olib juda sevinganlar. Tanish-bilishlarga maqtanganlar. Ukalarimga oʻqitib, eshitganlar. Va menga alohida mehr bilan “rahmat” aytganlar. Bu samimiy “rahmat”ni har safar yangi kitobim chiqqanida sogʻinch bilan eslayman. Xudoga shukr, yangi kitoblar bosilyapti, lekin “rahmat” aytib, sevintiradigan otam, onajonim yoʻq…

Oʻtgan asrning 80 yillari oʻrtalarida “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi sahifalarida eʼlon qilingan “Hamqishloqlarga maktublar” turkum maqolalaringiz ancha shov-shuvlarga sabab boʻlgan edi. Navoiyda boʻlgan ijodiy uchrashuvlardan birida mashhur adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov bu maqolalarga yaxshi baho berib shunday degan edi: “Qishloqlarimiz dardini, fojiasini aytishning dadil va oʻziga xos shakli topilgani bois oʻquvchilarga yoqayapti, ularni chuqur mushohadaga undayapti, muammolar ildizini ochib berayapti…”.

Siz uni keyinchalik “Jaloyirga maktublar” nomi bilan eʼlon qildingiz. Bu jasoratli maktublarni hozir ham hamqishloqlaringiz yaxshi eslashadi…

Oʻsha maktublarni oʻqigan bir yozuvchi doʻstim yarim hazil, yarim chin bilan: “Jaloyir qachon obod boʻladi, Ashurboy?” derdi menga. Aslida ushbu maktublarda qalamga olingan jiddiy voqealar, hamqishloqlar dilidagi ogʻriqlar, yechim kutayotgan dolzarb muammolar faqat Jaloyirga emas, balki sobiq shoʻro davridagi koʻpgina qishloqlar hayotiga bevosita tegishli edi, desam toʻgʻri boʻladi. Qishloqlardagi ogʻir hayot manzaralari bir xil edi. Qishloq ahlining dardi bir-biriga oʻxshardi. Qishloqlar muammolari egizak edi.

Chunki, har bir maktub eʼlon qilingandan soʻng tahririyatga respublikaning barcha qishloqlaridan quchoq-quchoq xat oqib kelardi. Konvertdagi xatlar shunchaki aks sado emas, balki oʻsha davrdagi qishloq figʻonlari, nolalari bitilgan oʻtli satrlar edi. Ozgina maqtanish boʻlsa-da, aytay, tahririyatga kelgan xatlarni koʻpincha Bosh muharririmiz – mashhur adib Odil Yoqubov erinmay oʻqirdilar. Va jiddiy maktublarni “Kuyunchak gazetxonlardan xatlar” rukni uchun maxsus tanlab berardilar.

Bu “maktublar” izsiz ketgani yoʻq. Shoʻro davrining ayrim byurokrat va tepsa tebranmas amaldorlarini sergak torttirdi. Ularni qishloqlarda sodir boʻlayotgan ayrim fojialardan ogoh etdi. Qishloqlardagi insonlar ham yaxshi yashashni istaydilar, obodlikni xohlaydilar, ularning ham toza suv ichgilari keladi, degan fikr-mulohazalar ilgari surilgan. Lekin qalamga olingan mavzular faqat qogʻozlarda qolib ketdi, desak unchalik toʻgʻri boʻlmas. Yana bir lekini shundaki, baʼzi oʻtkir muammolar yechimini topolmagani ham rost!

Mustaqillik tufayli yurtimiz chiroy ochib, obod boʻlayotir. Jumladan, qishloqlarimiz ham. Bugungi obod va koʻrkam qishloqlarni koʻrib koʻz quvonadi, dil yayraydi. Shu kunlarda kundan-kunga obod boʻlayotgan, farovonlikda shaharlardan qolishmaydigan zamonaviy qishloqlar haqida yangi maktublar yozishni rejalashtirganman.

Adabiyot maydoniga qadam qoʻyganingizdan afsuslangan paytingiz boʻlganmi?

Adabiyot maydoni gʻalati, oʻziga xos makon. Bunda mard ham, nomard ham bor. Botir ham, qoʻrqoq ham uchraydi. Koʻpkarida uloqni olgan gʻolib chavandozni hamma olqishlaydi. Lekin adabiyot maydonida uloqni olsangiz yo baloga qolasiz, yo dushman orttirasiz.

Gʻalamis, isteʼdodsiz, hasadgoʻylarni koʻrganda bir afsuslansam, haqiqiy isteʼdod egalarining ozor chekkanlarini koʻrib, ogʻir voqealarga guvoh boʻlib, yanada afsuslangan paytlarim koʻp boʻlgan. Mustaqillik davriga kelib, bunday illatlar barham topib borayotganidan quvonaman. Adabiyotning har qanday qalangʻi-qasangʻilardan, isteʼdodsiz kimsalardan tozalanib, poklanib borayotgani har jihatdan yaxshi. Bunday adabiyotning nurli kelajagiga ishonsa boʻladi. Prezidentimizning “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor” degan soʻzlari biz ijodkorlarning haqiqiy shiorimizga aylangan.

“Mushtum” jurnalida ishlagan yillaringiz hayotingiz va ijodingizga qanday taʼsir koʻrsatgan?

“Mushtum” men uchun yana bir katta maktab boʻldi. Birinchidan, ustozim Neʼmat Aminovning ishini qoʻlimdan kelguncha davom ettirdim. Ikkinchidan, kulgi olamini teran anglash, kulgi ham yuksak maʼnaviy tarbiya ekanligini tushuntirish, magʻzi toʻq kulgini jurnal sahifalariga olib chiqishga harakat qildik. Quruq, yengil, bachkana, sayoz kulgidan qochdik. “Mushtum” hech qachon qoʻllarini choʻntagiga solib, tomoshabin boʻlib turgan nashr emas. Jamiyatda buyruqbozlar, poraxoʻrlar, yulgʻichlar, gʻalamislar, qalloblar, muttahamlar bor ekan, “Mushtum” hamisha kurashga shay turishi kerak.

Ashurali, yuqoridagi savolni davom ettirsak; bugungi qiziqchilik sanʼatiga munosabatingiz? Ayrim davralarda “Samimiy va begʻubor kulgini Hojiboy Tojiboyev oʻzi bilan olib ketdi”, degan fikrlarga qanday qaraysiz?

Hozir bizda haqiqiy qiziqchidan koʻra, masxarabozlar bemaza qovunning urugʻiday koʻpaydi. Masxarabozlar ichida esa, bachkana va hayosizlari urchib ketdi. Uyati yoʻq odamdan qiziqchi chiqmaydi. Hayosiz kimsa samimiy kulgi yaratolmaydi.

Hozir yengil-yelpi kulgining bozori ancha chaqqon. Eng arzoni, bachkana va behayo kulgi boʻlib qoldi. Kulgi katta maʼnaviy tarbiya vositasi ekanligini unutmasligimiz kerak.

Kulgi sanʼati rivojiga munosib hissa qoʻshgan taniqli sanʼatkor, haqiqiy kulgi ustasi Hojiboy Tojiboyev haqidagi fikrlarga toʻla qoʻshilaman. Uning sahna madaniyati, ijro yoʻli oʻziga xos boʻlib, betakror edi. Ayrim qiziqchi ukalarimiz Hojiboy Tojiboyevning shogirdiman, deb daʼvo qilishyapti. Lekin hayotlik paytida Hojiboy aka ularni shogirdim, deganmi?.. Yolgʻon gap nimaga kerak? Shuni unutmaslik kerakki, oʻzbek kulgisi ildizi mustahkam barhayot kulgilardan hisoblanadi. Bachkana va hayosiz kulgi xalqimiz tabiatiga begonaligicha qolaveradi…

Kuzatishimizcha, haqiqiy oʻtkir publitsistikaga boʻlgan ehtiyoj va talab aslo susaygani yoʻq. Shunday ekan, Sizni bugungi publitsistikaning ahvoli qoniqtiradimi?

Ogʻiz toʻldirib qoniqtiradi, desam biroz mubolagʻa qilgan boʻlaman. Lekin qoniqtirmaydi desam ham adolatdan boʻlmas… Adabiyot va jurnalistikada janrlar oʻquvchi talabidan kelib chiqib rivojlanadi. Masalan, bugun adabiyotda detektiv janri ancha ilgarilab ketdi. Jiddiy proza biroz dam olyapti. Sheʼriyatda biz tushunmaydigan modern uslubi gʻimirlab qoldi. Bilgan ham, bilmagan ham uch qator yozadi. Bilmadim, toʻrtinchisini kim yozarkin?.. Publitsistika esa oʻzining sharafli vazifasini bajarib, toʻxtovsiz rivojlanishda. Masalan, bugun tarixiy, maʼnaviy-maʼrifiy, tinchlik, mustaqillik va Vatan mavzularini qamrab olgan publitsistika dadil ilgarilab boryapti. Bu bugungi zamon talabi. Va bizga aynan shunday publitsistika kerak va zarur…

Donishmandlar vaqtni oliy hakam deb bilishgan va uni toʻgʻri taqsimlash lozimligini aytishgan. Shu maʼnoda Ashurali Joʻrayev vaqtdan qanday foydalanadi? Boʻsh vaqt tushunchasiga ham izoh bersangiz?

Men uchun ham ogʻir, ham ogʻriqli savol bu. Vaqtdan unumli foydalanaman, deb maqtanolmayman. Hayotim vaqt masalasida biroz pala-partish. Lekin boʻsh vaqtimni soʻzsiz, albatta, kitob yoki gazeta-jurnal oʻqishga sarflayman. Juda boʻlmasa televizor koʻraman. Lekin bu matoh haqiqiy vaqt oʻgʻrisi. Uning qarshisida koʻp oʻtirib boʻlmaydi. Koʻpincha biror bir foydali ish qilishga intilaman. Koʻproq yozganlarimni tahrir qilaman. Vaqtni qizgʻanish barobarida ulfatlar va doʻstlarni ham yolgʻiz qoldirmayman. Baʼzan boʻsh vaqtimiz ziyofat dasturxonlari atrofida ham oʻtadi. Ertalabki oshlarni aytmasa ham boʻladi. Taassufki, vaqt masalasida ibratli – tejamkor emasman…

Sizningcha yaqin doʻst kim?

Sotmaydigan, mehribon, yaxshi-yomon kunlaringda yoningda turadigan doʻst! Chin doʻstlikning yuki ogʻir. Uni bir umr koʻtarib yurish oson emas. Ayniqsa, manfaatlar toʻqnashuvi kuchaygan davrda doʻstlikning qadr-qimmati yanada mustahkamlanib, qadri oshib boraveradi.

“Sahifaga sigʻmagan satrlar” kitobingiz bilan tanishgan xotin-qizlar Sizdan xafa boʻlishmaganmi?

Kitob nashriyotda chop etilayotganida bir musahhih opamiz: “Ayollarni yomon koʻrasizmi”, deb soʻragan. Ayollar haqidagi ayrim iboralar, qaydlar aynan hayotdan olinganligini aytganimda, u oʻylab turib fikrimga qoʻshilgan. Ayol doimo “ochilib” turadigan sunʼiy gul emas. Aksincha, gulzorda oʻsadigan tabiiy gulga oʻxshaydi. Shunday ekan, baʼzan tabiiy gul atrofida tikon yoki begona oʻtlar ham oʻsadi. Agar ularni oʻz vaqtida yulib tashlasangiz, gul yanada chiroy ochadi. Ayrim ayollarda uchraydigan illatlar ham oʻsha begona oʻtlarni eslatadi. Ehtimol ayol ham ayrim injiqliklari, tiliga “erk” berish odatlari, jizzakiligi bilan ham erkaklarni hushyorlikka chaqirib turar. Kitobda yozilgan iborada aytilganidek: “Xotinni qanchalik tarbiya qilma, urishma, tanbeh berma, maqtama, baribir, u oxir-oqibat xotin boʻladi”. Hozircha kitobni oʻqigan ayollar ichida nimalar degan boʻlsa degandir, lekin yuzimga qarab hech narsa deyishmagan, faqat maqtashgan, xolos.

“Konvert odam” qissangizni oʻz oʻquvchilari bor. Ayting-chi, bu asarni yozish fikri qachon va qanday paydo boʻlgan?

Qaysi bir turtki bergan voqeani yoki hangomani aytay, Odil aka? Sobiq shoʻrodan qolgan poraxoʻrlik illatidan hamon batamom qutilaolmayapmiz. Masalan, qarindoshimizning ikki farzandini bogʻchaga konvert orqali joylaganini eshitib hayron qoldim. Nabiralardan biri dunyoga kelganidan xursand boʻldik. Keyin eshitsam, tugʻuruqxona vrachiga ham konvert berishgan ekan. Davralardan birida nufuzli qabristonlarga dafn etish ham konvert orqali boʻlayotgani afsus bilan gapirildi. Koʻryapsizki, konvertsiz ish bitmaydigan holga kelib qolyapmiz. Ushbu voqealarning hammasi yigʻilib-yigʻilib “Konvert odam” felyeton-qissasini yozishga turtki boʻldi. Asarni oʻquvchilar yaxshi qabul qilganidan xursandman. Adabiyotshunos olimlarning eʼtiboriga tushib, ijobiy bahoga sazovor boʻldi.

Sizningcha har xil “… izm”lardan xoli hozirgi adabiy jarayonga yoshlar qanday kirib kelyapti?

Adabiy jarayon buloqday qaynayapti, desam aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Unda dadil qadamlar bilan kirib kelayotgan isteʼdodli yoshlarni koʻrib quvonamiz. Turtinib-surtinib yurganlarga andak yordam berging keladi. Tanish-bilish qilib, madadkor soyalarga “suyanib” yurganlari ham bor. Baʼzan telefon, baʼzan konvert bilan kirib kelayotganlar ham topiladi. Nima qilasiz endi?

Yoshlar unutmasliklari kerakki, adabiyot hamisha isteʼdodlar maydoni boʻlgan va shunday boʻlib qoladi. Ijodkorni tanish-bilish emas, balki qalami tanitadi, yaxshi asari mashhur qiladi.

Bugungi yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni koʻrib, yana yosh boʻlging keladi. Lekin buni iloji yoʻq-da, aka? Istagim, ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanish kerak. Gʻayrat va shijoat bilan ijod qilish – isteʼdodni roʻyobga chiqaradi. Mustaqillik faqat adabiyot emas, balki barcha sohalardagi yosh isteʼdodlarga keng imkoniyatlar va imtiyozlar berayotir. Ulardan unumli foydalanish kerak. Faqat sport va sanʼatda emas, balki adabiyotda ham haqiqiy chempionlar, gʻoliblar chiqishi kerak.

Yurak tubidagi ushalmagan orzu-armonlar, koʻngildan kechayotgan niyatlar…

Inson hamisha yaxshi orzular bilan yashaydi. Amalga oshmagan orzular esa armon boʻlib qolaveradi. Armonni ushaltirish esa, oson jarayon emas. Keling, yaxshisi armonlar haqida gaplashmaylik. Baʼzan kattaroq bir asar yozolmadim, deb armon qilamanu lekin bu orzuimdan voz kechganim yoʻq. Xudo xohlasa, koʻngilga tugib qoʻygan yaxshi niyatlar bor…

Adabiyotimiz yanada katta adabiyot boʻlishini, yozuvchilarimiz yanada katta koʻchalardan, katta qalb bilan yurishlarini juda ham istayman. Kattalik va kenglik boʻlmas ekan, adabiyot tor koʻchalardan qiynalib yurishga majbur boʻladi. Qachongacha ijodkor zoti bir-birining qadamini poylab oʻtadi? Mustaqil mamlakat ijodkorlariga bunday odatlar endi yarashmaydi. Mustaqil mamlakatni, mustaqil xalqni ulugʻlash sharafli vazifamizdir. Endi xalqimizga, uning adabiyoti va ijodkorlariga keng, yorugʻ va obod koʻchalar yarashadi.

Ushbu niyatlarni bugun adabiyot deb atalmish begʻubor va pokiza olamga kirib kelayotgan isteʼdodli yoshlarga ham tilayman. Shundagina adabiyot oʻquvchini oʻziga ergashtiradi va ishontiradi. “Adabiyoti kuchli xalqni yengib boʻlmaydi” degan iborani oʻqiganman. Va bu iboraga toʻliq qoʻshilaman.

 

Suhbatdosh: Odil HOTAMOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–8

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.