Ijod ilohiy sadolarga javobdir

0
220
marta koʻrilgan.

Men dunyoga kelgan yillarda dunyo xomtalash boʻlayotgan rutubatli kunlar edi. Odamlar bir parcha nonga zor boʻlgan qaro kunlar… Bu kunlarni vaqt hisobiga keltirsak, 1943 yilning 14 fevrali boʻlgan. U paytlarda Xorazmning bugungi Yangibozor tumani Gurlan deyilardi. Shu tuman hududida Bogʻolon deb nomlangan moʻjaz bir qishloq bor. Kamina ana shu qishloqda dunyo yuzini koʻrdim. Uyimizning yonida Ordjonikidze nomli oʻrta maktab boʻlardi. Shu maktabda oʻqidim. Garchi biz tengqur kishilarning bolaligi rangbarang, baxtiyor kunlar ogʻushida kechmagan boʻlsa-da, u kunlarni sogʻinaman. Bolalikning begʻubor va begidir davrlari olis-olislardan meni oʻziga chorlab turadi.

Men ilk sheʼrlarimni oltinchi-yettinchi sinflarda oʻqib yurgan kezlarim yozganman. Oʻqish va yozish ishtiyoqi shu paytlarda paydo boʻlgan. Albatta, buning oʻziga xos sababi bor edi. Otam Matchon Jumaniyozov shu qishloqning pochta boʻlimi mudiri boʻlib ishlardi. Bu degani, uyimizga deyarli har hafta yangi-yangi gazetalar kelib turardi. Jumladan, oʻsha paytlarda tumanda “Kommunizm uchun”, viloyatda “Xorazm haqiqati” gazetalari juda mashhur edi. “Pravda” gazetasiga deyarli hammaga xonadonlar obuna boʻlardi. Toʻgʻrirogʻi, obuna boʻlishga majbur etilardi.

Xullas, mening ilk sheʼrim tumanimizning “Kommunizm uchun” gazetasida chop etildi. Oʻsha paytlarda gazetada bolalar shoiri Doʻstchon Matchon ham ishlardi.

Har bir insonning hayotida muhim oʻrin tutadigan moʻtabar insonlar – ustozlar boʻladi. Menga oʻrta maktabda taʼlim-tarbiya bergan Qoʻshmamat aka, Doʻstmat aka, Qodir aka va Qural aka singari ulugʻ zotlar yodi oldida har doim taʼzimdaman. Tatyana Ivanovna, Zinaida Semyonovna degan Rossiyadan kelib, rus tilidan dars bergan oʻqituvchilarimni ehtirom bilan eslayman. Bugun ularning aksariyati olamdan oʻtib ketdilar. Yaratgan zot rahmatiga olgan boʻlsin!

Maktabni tamomlab, 1961 yilda Samarqand dorilfununiga oʻqishga kirdim. Endi ikkinchi kursga oʻtgan kezlarim – 1962 yilda harbiy xizmatga chaqirib qolishdi. U paytlarda harbiy xizmatga eʼtibor juda kuchli edi. Xizmatdan boʻyin tovlash xoinlik bilan barobar koʻrilardi. Men ham chaqiriqqa “labbay” deb javob berdim-da, toʻrxaltamni koʻtarib harbiyga joʻnadim. Uch yil davomida Germaniyaning Drezden, Maysen shaharlarida xizmatda boʻldim. Tasodifni qarangki, harbiy qismimiz oldida juda katta va boy kutubxona joylashgan edi. Bu men uchun ayni muddao boʻldi. Boʻsh vaqtlarimni mutolaaga bagʻishladim. Bu orada yangi sheʼrlar paydo boʻldi. Harbiyga kelganimning ikkinchi yili Isoqul Toʻraqulov degan leninobodlik bir aspirant doʻstim vatanga qaytadigan boʻlib qoldi. Paytdan foydalanib bir dasta sheʼrlarimni berib yubordim. U Toshkentga kelib sheʼrlarimni, “Sharq yulduzi” jurnaliga berib ketibdi. U paytlarda jurnalda Shuhrat domla, Husniddin Sharipovlar ishlar edilar. Jurnalning 1965 yil 6-sonida bir turkum sheʼrlarim “Soldat oʻylari” nomi bilan chop etildi.

Armiyadan qaytgach, dorilfununning filologiya fakultetida oʻqishni davom ettirdim. O, talabalik yillari! Bu haqda uzoq yozish mumkin. Ayniqsa, bizga oʻz davrining allomalari hisoblanmish ustozlar dars berganlar. Nuriddin Shukurov, Saydullo Mirzayev, Botir Valixoʻjayevdek zabardast domlalardan saboq olish baxtiga muyassar boʻldik. Shu yillarda bu ustozlarimiz koʻmagida “Shalola” nomli sheʼriyat toʻgaragi tashkil qilgandik. Bilasizmi, keyinchalik ushbu toʻgarak qatnashchilaridan koʻplab shoirlar, yozuvchilar yetishib chiqdi.

Talabalikning betakror yillari ortda qolgach, meni Toshkentga, Gʻafur Gʻulom nashriyotiga ishga yuborishdi. Bu mening hayotimda qutlugʻ hodisa boʻldi. Chunki aynan mana shu dargohda buyuk ijodkorlar bilan yelkama-yelka turib ishlash, saboq olish va ijod qilish sharafiga noil boʻldim. Mirzakalon Ismoiliy, Mirtemir, Ramz Bobojon, Hamid Gʻulom, Shayxzoda, Mavlon Ikrom… bu roʻyxatni yana davom ettirishim mumkin. Eng muhimi, oʻzimning ham “Ochiq derazalar” nomli ilk kitobim 1970 yilda shu nashriyotda chop etildi.

Bilasizmi, har bir dildagi qutlugʻ sadolar ilohiyotdan keladi. Shoirning har bir sheʼri ana shu ilohiy sadolarga javobdir. Bu sadolar esa har qanday qalbga ham kelavermaydi. Nazarimda, buning muhim asoslari boʻladi. Shu maʼnoda aytishim mumkinki, Xorazmday – Oʻzbekistonning gʻoyat boy tarixiy-ijtimoiy goʻshasida tugʻilib, yashash buyuk neʼmat. Qarang, bolalikdan qanday buyuk bobolarimizning ohanrabosi qolgan yodimizda! Yuragimizda doim Shayx Najmiddin Kubro, Xorazmiy, Beruniy, Yusuf Hamadoniy, Pahlavon Mahmud Boqirgʻoniy, Zamaxshariy, Hakim ota…

Koʻngil – doim ruhoniy madadga muhtoj. Sanab oʻtgan bu ulugʻlarimiz koʻnglimizga, ruhimizga nur beradigan siymolardir. Bizni adabiyotga, sanʼatga oshno etgan kuch, shu bobolarimizning qutlugʻ yodi boʻlsa ajabmas.

Bizning adabiyotimiz – tarix va kelajakni bogʻlab turuvchi rang, sado, tuygʻu, ilhomlar kamalagi. Buning mehrobi – xalqimizning noyob qalbi. Bunda olamni, osmonni kuzatuvchi usturlob namoyon! Oʻzbek adabiyoti nafaqat bizning yurtimiz, balki butun jahon adabiyotiga qadimdan botaʼsir ekanligi – faxrimiz. Buyuk Alisher Navoiyning birgina baytini keltiray:

Jumlayi ashyoga boʻldim oshigʻu oshufta hol,

Odamu olam yuzin chun qilmish mirʼotul jamol.

 

Haq taolo tegrangga oʻz goʻzalliklarining nodir bir manzarasini yoyib qoʻygan. Qara, Uni tani, yaratgan egamning jamolidan ziyo olursan.

Istiqlolimiz tufayli adabiyotimiz oynasi yana toza, mukarram va baland boʻldi! Bu – Allohning hidoyati. Yozuvchilar uyushmamizda muntazam oʻtkazilayotgan ijodiy tadbirlar ham barcha viloyatlarimizdagi katta ijodiy muhitning yanada quvvat olayotganidan darakdir!

Umrim adabiyot ichida kechmoqda. Bu sharafli yoʻlda menga oʻnlab doʻstlarim, yaqinlarim, xususan, turmush oʻrtogʻim Maʼsudaxon hamrohlik qilib kelyapti. Maʼsudaxon bilan nashriyotda ishlab yurgan kezlarimda tanishib, turmush qurganmiz. Allohga ming shukrki, turmushimiz tinch va osuda kechyapti. Rahmatli qaynotam Mahammadqul aka nihoyatda mehrli, hushyor, ehtiromli inson edilar. Qaynonam Xayriniso onajonimizni taʼriflashga esa soʻz gavhari, dil sururi, dunyo ranglari kerak boʻladi. Ular meni oʻz farzandlaridek qabul qilishgan edi. Alloh ularni rahmatiga olsin!

Oiladagi xotirjamlik, yurtimizning tinchligi bois, mening yoshlikdagi “qani qirq yoshgacha dunyoning hech boʻlmasa yarmini koʻrib kelsam” degan orzuim amalga oshgan. Sheʼrlarim rus va boshqa koʻp tillarda nashr etilib, Yevgeniy Yevtushenko, A. Faynberg va boshqa koʻplab taniqli ijodkorlar tomonidan tarjima qilingan.

Xudo menga ikki oʻgʻil, ikki qiz berdi. Bugun ularning har biri oliy maʼlumotli, oʻz sohasining yetuk mutaxassisi.

Rayhona – Temir yoʻllar institutida muallima. Diyor – tadbirkor. Elyor – yapon tili mutaxassisi. U birinchi boʻlib Oʻzbekistonda “Yapon-oʻzbek tili lugʻati”ni tuzib, nashr ettirdi. Hozirda Sharqshunoslik institutida oʻqituvchi. Kichik qizim Naziha – filolog-psixolog. Nevaralarim ham bobolariga oʻxshab ijodga qiziqadilar. Ichida rassomlikka qiziqadiganlari, sheʼr yozadiganlari ham bor. Ulardan umidim katta.

Darhaqiqat, boshlangan 2014 yil hammamiz uchun qutlugʻ yil boʻlsin! “Yoshlik” jurnalining barcha muxlislari oʻqish va izlanishdan charchamasinlar!

 

Omon MATJON

 

“Yoshlik”, 2014 yil 1-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.