Hech bir yosh eʼtibordan chetda qolmaydi

0
203
marta koʻrilgan.

Shu yil 26 oktyabr kuni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi binosida onlayn muloqot tashkil qilindi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar masalalari boʻyicha Davlat Maslahatchisi, Markaziy Kengash raisi Qahramon Quronboyev yoshlar tomonidan yoʻllangan savollarga toʻgʻridan-toʻgʻri javob berib bordi.

Ikki soat davom etgan ushbu onlayn muloqotda toʻrt yuzga yaqin savol kelib tushdi va belgilangan vaqt mobaynida yetmishdan ziyod savolga javob berildi. Yoshlar bilan bu kabi toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlar davomli boʻlishi, keyinchalik turli hududlarga chiqib, bevosita muloqotlar qilinishi onlayn suhbat davomida ham taʼkidlandi. Yoshlar hayoti va istiqboliga daxldor ushbu muloqotdagi baʼzi savol-javoblarni eʼtiboringizga havola etyapmiz.

 

Savol: Barchamizga maʼlum, joriy yilning 30 iyunida mamlakatimiz rahbari bir guruh faol yoshlar bilan uchrashib, Yoshlar ittifoqini tuzish va uning faoliyatini tubdan yaxshilash toʻgʻrisida, yoshlar tashkiloti yangicha tizimda ishlashi kerakligi xususida oʻz mulohazalarini bildirgan edi. Xoʻsh, Ittifoq hozirgi kunda qanday yangicha tizimda faoliyat olib bormoqda?

Javob: Ochigʻi, bu savol menga har doim beriladi. Bu gapimni avval ham aytganman, yana takrorlayman: tashkilotimiz rosmana yangi tizimda ish boshladi. Xabaringiz bor, Yoshlar ittifoqi tashkil topganiga yaqinda yuz kun boʻldi. Birinchi kundan boshlaboq yoshlarning taklif, fikr-mulohazalari asosida ish boshladik va davom ettirmoqdamiz. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahri, 194 ta tuman hamda shahar Kengashlari raislari, 10 mingta umumtaʼlim maktabi, 1500 ta litsey va kollejda boshlangʻich tashkilot yetakchilari bor, ammo ularning barchasi ham bugungi kun talabi darajasida deb aytolmayman. Shuning uchun Markaziy Kengash qoshida noyabrdan boshlab har bir taʼlim muassasasi yetakchilarini bir haftalik malaka oshirish oʻquv jarayonlariga jalb qilamiz. Avvalboshda viloyat va tuman Kengashlari raislarini oʻqitganimiz kabi endi eng quyi boshlangʻich tashkilot yetakchilarining ham malakasini oshiramiz.

Yangi tartib boʻyicha, yetakchilar kimningdir tavsiyasi bilan emas, aynan yoshlarning tanlovi asosida saylanadi. Yaqinda ayrim oliy taʼlim muassasalaridagi boshlangʻich tashkilot yetakchilari saylovlarida bir oʻringa 8-10 ta nomzod koʻrsatilganiga guvoh boʻldik. Demak, yoshlar oʻz yetakchilarini saylashga befarq emas. Va yana bitta narsani taʼkidlashni istardim, Ittifoqning har bir tumandagi kengashi oʻz chora-tadbirlar dasturiga ega boʻladi. Bu dasturlar oʻsha hudud yoshlarining hayoti va faoliyatiga mos boʻlishi kerak.

…Avvallari yoshlarning manfaatlarini himoya qilish uchun tumanlarga 150-200 ming soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlsa, 2018 yildan boshlab bu mablagʻ har bir tumanga 15-20 million soʻmni tashkil etadi. Bu bilan biz har bir yosh aʼzo manfaatiga xizmat qilamiz.

 

Savol: Oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan yoshlarga ittifoqning qanday imtiyozlari bor?

Javob: Bu savol ham juda oʻrinli. Biz bu yoʻnalishga eng asosiy ishlardan biri sifatida qarayapmiz. Oliy maʼlumotli yoshlarni koʻpaytirish oʻzimiz uchun foyda. Shu bois boshlangʻich tashkilotlarimiz yetakchilarini oliy maʼlumotlilarga almashtirdik. Koʻpchilik “Nega yetakchilikdan oʻrta-maxsus maʼlumot egalari olib tashlandi?” degan savol bilan murojaat qiladi. Bunday savollar ushbu muloqot davomida ham yoʻllandi. Bu oʻrta maxsus maʼlumotli kadrlarni ishdan chetlatish degani emas. Biz yaxshi va kerak kadr boʻlsa, oʻrta maxsus maʼlumotli mutaxassislarni ham tizimda olib qolyapmiz. Ularni butunlay oʻzimizdan uzoqlashtirganimiz yoʻq. Oliy taʼlim muassasalarining sirtqi boʻlimlarida tizimda faoliyat olib borgan oʻrta maxsus maʼlumotli yoshlarni oʻqitish masalalarini ham koʻrib chiqyapmiz.

Shuningdek, ushbu oʻquv yilidan boshlab oʻzlashtirgan oʻquv koʻrsatkichi 86 baldan yuqori va Yoshlar ittifoqi tizimida faol boʻlgan talabalarga toʻlov-shartnoma summasining 35 foizini toʻlab berishni oʻz zimmamizga olganmiz.

Yaqinda boʻlib oʻtgan test sinovlaridan keyin, universitet va institutlardagi qoʻshimcha qabulga amaliy yordam berilishi soʻralgan koʻpgina arizalar kelib tushdi. Biz hozir Vazirlar Mahkamasi huzuridagi aynan shu masala bilan shugʻullanadigan komissiyaga 35 nafar yoshni tavsiya qilganmiz. Ularning arizalari yaqin kunlarda koʻrib chiqiladi.

 

Savol: Televideniye orqali ittifoqning maxsus mukofoti haqida eshitib qoldim. Shu haqda toʻliqroq maʼlumot bersangiz…

Javob: Haqiqatan ham biz katta tanlov – Yoshlar ittifoqi mukofoti boʻyicha qaror qabul qildik. Tanlovga hujjatlar 25 oktyabrdan 25 noyabrgacha qabul qilinadi. Bundan asosiy maqsad nima? Maqsad bitta – turli sohalarda foliyat olib borayotgan eng yaxshi yoshlarni aniqlab olish! Ushbu mukofot 35 ta yoʻnalishda beriladi. Mehnatga yarasha mukofot deganlaridek, mukofot miqdori ham oz emas – eng kam ish haqining 30 barobari qilib belgilangan. Biz mukofotni topshirish marosimini juda katta tantana bilan oʻtkazish niyatidamiz. Nasib qilsa, oʻsha 35 ta yoʻnalish boʻyicha eng yaxshi deb topilganlarni poytaxtimizdagi “Istiqlol” sanʼat saroyida tantanali ravishda taqdirlaymiz. Ushbu marosimga koʻzga koʻringan va turli sohalarda ustoz darajasiga yetgan dargʻalarimizni ham taklif etishni rejalashtirganmiz. Va yana bitta sirni, mayli, ochaqolay: rejalarimizdagi eng asosiy masala shuki, gʻolib boʻlgan yoshlarni oʻz sohalari boʻyicha chet elga bir oy muddatga malaka oshirishga yuborishni koʻzlaganmiz.

 

Savol: Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va chet mamlakatlardagi yoshlar tashkilotlarining aloqasi haqida xabarimiz bor. Turli xalqaro yoshlar tanlovlarida oʻzbek yoshlari qay darajada ishtirok etyapti?

Javob: Bir narsani ochiq aytishim kerak. Yoshlar Yoshlar ittifoqini qoʻllab-quvvatlayotgan ekan, biz ham ularning har birini qoʻllab-quvvatlaymiz. Oʻz isteʼdodi va iqtidorini namoyon qila oladigan farzandlarimiz mamlakatimiz miqyosida oʻtkazilayotgan koʻrik-tanlovlarga jalb qilinmoqda. Endi xalqaro tanlovlarga kelsak. Mana, yaqinda Sochida oʻtkazilgan yoshlar va talabalar festivalida yurtimizning barcha viloyatlaridan yoshlar ishtirok etib keldi. Yoki Pekinda boʻlib oʻtgan bolalar festivalini olaylik. Unda ham toʻqqizta viloyatdan saralab olingan eng iqtidorli oʻgʻil-qizlarimiz qatnashib, koʻpchilikning olqishiga sazovor boʻlishdi. Maqsadimiz aniq – birorta yosh eʼtibordan chetda qolmaydi. Biz butun mamlakat, aniqrogʻi, butun yoshlar auditoriyasini ezgu maqsad doirasida qamrab olamiz.

Yana bir masala. Prezidentimizning tashabbusi va qoʻllab-quvvatlashlari natijasida yaqin oylarda yurtimizda Xalqaro yoshlar assotsiatsiyasini tuzish borasida ham ishlar olib borilmoqda. Yangilik sifatida tagʻin bir narsani aytishni xohlardim. 2018 yildan xalqaro tanlovlarni yurtimizda – serquyosh Oʻzbekistonimizda ham tashkil etamiz.

 

Savol: Yoshlar ittifoqi axborot texnologiyalarini rivojlantirish borasida qanday ishlar olib bormoqda? Shu sohaga aloqador qaysi tashkilotlar bilan hamkorlik qilinyapti?

Javob: Biz bu yoʻnalishda ilk kunlardanoq muayyan ishlarni amalga oshirishga kirishdik. Masalan, Markaziy Kengash qoshida ayni shu soha – axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida boʻlim tashkil qilingan. Biz bu bilan cheklanib qolmasdan, yaqinda xuddi shu sohada faoliyat olib boradigan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash markazini ham tashkil qilmoqchimiz. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan juda katta hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Vazirlikda bizning boshlangʻich tashkilotimiz ish boshladi. Turli taklif va loyihalarimizni vazirlik qoʻllab-quvvatlamoqda.

Xabaringiz boʻlsa kerak, aynan shu sohada yana bir yangilikka qoʻl urdik. Yaʼni, Uzmobile aloqa kompaniyasi bilan hamkorlikda “Yoshlar” tarifi ishlab chiqildi. Bu ham yoshlarga axborot texnologiyalaridan foydalanish va bir-birlari bilan aloqa qilishlarida qulaylik yaratish maqsadidagi yaxshi ishlardan deb oʻylayman.

…Yaqinda buxorolik bir yigit zamonaviy kompyuterlarni oʻzimizda – Oʻzbekistonda yigʻish boʻyicha yangi loyihasi bilan bizga murojaat qildi. Hozirda shu masala boʻyicha ham ish olib boryapmiz.

 

Savol: Singlim agrar yoʻnalishi boʻyicha mutaxassis. Uni ishga joylash borasida Ittifoq qanday yordam bera oladi?

Javob: Ochigʻi, bizga agrar soha boʻyicha mutaxassislar juda zarur. Ittifoq qoshida Yosh fermerlar kengashi tuzildi. Yaqinda ushbu kengashning viloyatlarda, tumanlarda filiallari tashkil qilinadi. Singlingiz shu kengashda ishlashi mumkin. Yoki boʻlmasa, ittifoq qoshida yana uchta – baliqchilik, bogʻdorchilik va dukkakli oʻsimliklar fermerligi boʻyicha ham kengashlar tuziladi. Shu kengashlarda ham faoliyat yuritish mumkin. Siz oʻz tumaningizdagi ittifoq kengashiga murojaat qiling. Bu masala ijobiy hal qilinadi.

 

Savol: Chet elda oʻqib yoki ishlab yurgan oʻzbek yoshlarining manfaatlarini Yoshlar ittifoqi ham himoya qiladimi?

Javob: Juda yaxshi savol ekan! Qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston fuqarosimi, u bizning farzandimiz. Statistik maʼlumotlarga qaraganda, oʻzbek yoshlari 17 millionni tashkil qiladi. Ushbu yoshlar qayerda boʻlishmasin, Yoshlar ittifoqi har birining manfaati uchun harakat qiladi. Sababi, bu tashkilot shu maqsadda – yoshlarimizning manfaatlarini himoya qilish, ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil qilingan.

Chet eldagi yoshlarimiz masalasida toʻxtaladigan boʻlsak, bir narsani aytishim mumkin. Har bir davlatda Xalqaro yoshlar assotsiatsiyasining vakolatxonalari bor. Shu vakolatxonalar orqali biz yoshlarimizning manfaatlarini himoya qila olamiz.

Biz yaqinda Xitoyda boʻlib, Shanxay va Pekin shaharlarida oʻzbek yoshlari bilan suhbat qurdik, ularning oʻqish va faoliyatlari bilan tanishdik. Mana, yaqinda Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk, Sankt-Peterburg, Moskva, Astraxan kabi shaharlarida xizmat safarida boʻlamiz. Ushbu shaharlarda oʻqib-ishlayotgan yoshlarimizning yashash sharoitlari, ish yoki oʻqish joylarini, kimlar bilan muloqot qilyapti, qayerlarga boryapti – hamma-hammasini oʻz koʻzimiz bilan koʻrib, mavjud muammolarga yechim topib kelish niyatidamiz.

 

Savol: Yosh oilalarga, ayniqsa, yosh onalarga qanday imkoniyatlar bor?

Javob: 2018–2021 yillarda yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash masalasida Vazirlar Mahkamasining qarori chiqdi. Bu borada tizimli ishlarni amalga oshiramiz. Jumladan, 258 ta koʻp qavatli uy qurishni rejalashtirganmiz. 2018 yilning oʻzida 2149 yoshni uy-joy bilan taʼminlashni rejalashtirganmiz.

Yosh oilalarga uy berishda, ochigʻini aytish kerak, avval baʼzi hollarda tanish-bilishchilik boʻlgan. Ayrim uy sohiblari yoshlar tashkilotiga aloqasi yoʻq, tashkilot haqida yetarli tasavvurga ham ega emas. Ammo endi yangi tizimda ish boshlagan Yoshlar ittifoqi yosh oilalarga qurilayotgan ushbu uylarni birinchi navbatda ittifoq faoliyatida qizgʻin ishtirok etayotgan yoshlarga berishni koʻzlagan. Bu degani, boshqa yoshlar eʼtibordan qolib ketadi, degani emas. Biz imkon boricha yurtimizdagi barcha yoshlarni oʻz safimizga qoʻshamiz.

Yana bir narsani aytib oʻtishim kerak. Avvallari agar ayol oʻz eridan ajrashgan boʻlsa, uy berishda muammolar boʻlgan. Endi oʻylab koʻring, farzandi bilan yolgʻiz qolgan ayol ham moddiy va maʼnaviy himoyaga muhtoj, u ham oilasini, farzandini boqishi kerak. Aynan shu masalada ham biz tizimli ishlar olib boramiz. Aslida… yosh oilalarda ajralishlar sonini batamom kamaytirish masalasi bizning asosiy maqsadlarimizdan biri. Bu masalada biz mahalla fuqarolari yigʻinlari va boshqa jamoat birlashmalari bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqdamiz. Bu ishlarimiz ham, nasib qilsa, oʻz samarasini beradi.

 

Tahririyatdan: Onlayn muloqot juda qizgʻin, jonli ruhda oʻtdi. Belgilangan vaqt doirasidan tashqarida qolgan savollar ham oʻrganilib, koʻrib chiqilishi qayd etildi. Eng muhimi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga nisbatan mamlakatimiz yoshlarining ishonchi, talpinishi kuchayayotganidan mamnunmiz. Oʻzaro ishonch va hamkorlik bor joyda esa, har qanday muammo hal boʻlishini barchamiz yaxshi bilamiz.

 

Husan Maqsudov oqqa koʻchirdi.

 

“Yoshlik”, 2017 yil 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.