Hamdardim – adabiyot

0
146
marta koʻrilgan.

Oʻtgan asrning elliginchi yillari. Oilada toʻqqiz farzandmiz – besh qiz, toʻrt oʻgʻil. Kamina – kenjatoy. Otamizning nafaqasi 51 rubl. Nafaqaga qarab qolmaganmiz, albatta. Otamiz kosibchilik qiladilar. Onamiz ham tinib-tinchimaydilar: doʻppi tepchiydilar, popop tikadilar, nimalarnidir bozorga olib borib sotadilar. Toʻngʻich opa-akalarga toʻgʻri kelmay qolgan kiyim-boshlar uka va singillarga oʻtadi. Xudoga shukur, qozonimiz qaynamagan kun yoʻq. Nonushta chogʻi sandalning girdi tirband, choyxoʻrlarga toʻladi. Onamiz bir chaqmoqdan oq qand ulashadilar. Goho menga bir juft nasib etib qoladi. Quruq non-choy.

Oqshom gurunglari qiziydi – har kim bilganini toʻqiydi. Opalarim, akalarim boshqalarga gap berishmaydi. Otamiz kamgap – koʻproq tinglaydilar, miyigʻida kulimsirab oʻtiradilar. Tabiiy, aksaran topish-tutishdan, mol-mulkdan ketadi gap.

– Topish-tutishdan boshqa tashvish yoʻqmi? Nuqul pul haqida gapiraverish uyat! – deb qoladilar toʻsatdan otamiz. – Kitob oʻqinglar, kam boʻlmaysizlar.

Qiblagohimizning biror marta pul topinglar deb aytganini bilmayman. Volidamiz esa biz farzandlarga, albatta oʻqinglar, dunyo – bilganniki, shu bilan bir yoʻla hunar oʻrganib qoʻysanglar ortiqchalik qilmaydi, degan qarash tarafdori boʻlganlar.

Shunday muhitda ulgʻaydik, hayotga kirib keldik.

Oilamizda yuz bergan ikki “tarixiy” mojaroni sirtga olib chiqay.

Taxminan 8-9 yoshlarda edim. Sandalli ayvonimiz shiftiga qaldirgʻoch uya qura boshladi. Tinimsiz chugʻur-chugʻur, qaldirgʻochlar tepamizda aylangani-aylangan. Otamiz uyani buzib tashlashni buyurdilar. Onamiz esa – hay-hay, karomatli bu qushning uyasini buzishning oqibati chakki boʻladi, deb turib oldilar. Bunday tushuncha bidʼat, dedilar otamiz – qarabsizki, oilada sal kam qiyomat qoʻpdi-da!..

Teledasturda “Jodugar” (“Koldunya“) badiiy filmi koʻrsatilishi, qavs ichida “16 yoshgacha boʻlgan bolalar koʻrishlari mumkin emas” degan eslatmasi yozilgan ekan. Ikki kun avval oilada muzokara avj oldi: filmni tomosha qilamizmi-yoʻqmi? Toʻngʻich akalarim mumkin emas desa, opalarim biz 16 yoshdan kattamiz deb turib olishdi. Mojaro ota-ona miqyosiga koʻtarildi. Hukmi oliy – filmni oila davrasida tomosha qilish odobdan emas, degan qarorga kelindi!.. Haqiqiy tomosha keyin boshlandi-ku! “Jodugar” filmi butun oilamizni jodugarxonaga aylantirdi, deng!.. (Bosh rolda mashhur Marina Vladi oʻynagan. Hozir unday filmlarni majburlab ham tomosha qildirolmaysiz, yoshlarimizga).

Men bunga oʻxshash janjallarga, munozaralarga faol aralashish va oʻz mulohazalarimni aytish-gapirishdan koʻra (kenjatoyman-da!), chetdan turib kuzatish huquqidan koʻproq, unumliroq foydalanganman. Doimiy kuzatishlar asta-sekin tahlil qilish, muhokama qilish va muayyan xulosalar chiqarish odati-koʻnikmasini shakllantirgan. Nega odamlar nizolashadilar, janjallashadilar, kelisholmaydilar? Nahotki, murosa yoʻlini topish shunchalar mushkul boʻlsa?! (Endilikda tolerantlik, yaʼni bagʻrikenglik, murosa madaniyati mustaqil fan-soha darajasiga koʻtarildi!)

Albatta, tugʻilgan savollarga oʻzimcha yechimlar, javoblar izlaganman. Eng qizigʻi, shunday ziddiyatli holatlarda men hamisha “magʻlublar”, “zaiflar” tomonida boʻlardim. Qanday boʻlmasin, xoh oilada-xoh koʻchada “mazlumlar” himoyachisiga aylanardim.

Menda badiiy adabiyotga ilk havas uygʻotgan tuygʻu (muqaddas tuygʻu!) ana shu – achinish, hamdardlik, qaygʻudoshlik, mehr koʻrgizish tuygʻusi boʻlsa kerak…

Mahallamizda Fotma xola boʻlardi: pakana, oq-sariqdan kelgan yuzlari choʻzinchoq, ot kalla, oyoqlari kalta. Lapanglab yurardi. Hech kimi yoʻq. Oʻzi bilan oʻzi ovoz chiqarib, gaplashib yurardi. Lahjasi oʻzbekchaga ham oʻxshamasdi. Kinnachi edi. Kim qanday kasalga uchramasin, onalarimiz, bor, Fotma xolaga chiqib kel, kinna solib qoʻysin, deb qoʻlimizga 20 tiyin berishar, Fotma xola lom-mim demas, xoʻmrayganicha kinna solar, bunday holatlarga tushganimda Fotma xolaning koʻzlaridan koʻz uzolmasdim, hech qanday maʼno-mazmunsiz, har qanday hayotiy orzu-havasu, zavq-shavqdan mosuvo, kekira-kekira pichirlab, irkit sochiqqa oʻralgan kosani boshim, kiftim, qornim ustida aylantirar, men esa tagʻin Fotma xolaning barmoqlariga termilib qolardim. Erkaklarnikiga oʻxshash qalin-qalin, zarang tayoqdek, kalta va chayir barmoqlar… Fotma xola oʻziga toʻqroq katta xonadon oqsochi boʻlgani bois ertayu kech tinim bilmasdi.

Onamizning barmoqlari ham shundan kam emasdi.

U paytlardagi mushtipar onalarning aziz barmoqlari, kaftlari, yuz-chehra ajinlari bamisoli zamon mashaqqatlari, roʻzgʻor uqubatlaridan hikoya qiluvchi bitiklar, bayozlar, devonlar oʻrnini bosardi… Oila, roʻzgʻor, bola-chaqa, qora qozon – shundan boʻlak orzu-havasi, koʻngil shodligi boʻlmagan u paytlardagi onajonlarimizning!.. Muhtarama volidalarimizga qaytarolmagan qarzlarimiz alami, armoni, iztiroblari yozishga undagandir, ehtimol?..

 

* * *

Dastlab eʼlon qilingan mashqlarim… Yaxshisi, kundalikka murojaat qilaylik:

“1976 yil, 14-15 avgust. “Televizion miniatyuralar teatri”da “Sadqai usta” va “Jamuljam” deb nomlangan miniatyuralarim koʻrsatildi. Unda mashhur qiziqchilar Hasan Yoʻldoshev, Ergash Karimov, Sadr Ziyovuddinov va boshqalar ishtirok etishdi. Taniqli rejissyor Mirabbos Mirzaahmedov yordam berdi. Shuning oʻzi men uchun voqea edi!

1976 yil, 5 oktyabr. Bir yil burun “Birga ketdi” degan hikoya yozgandim. Uni “Fan va turmush” tahririyatidagi doʻstlarga oʻqish uchun berdim. Maʼqullaganday boʻlishdi. Sevinib, shirin xayollar ogʻushida “Guliston” jurnaliga olib borishni moʻljalladim.

1976 yil 6 oktyabr. Hikoyani “Guliston”ga olib bordim. Erkin Aʼzamov letuchkada ekan, xonasida qoldirdim. Kunning ikkinchi yarmida qoʻngʻiroq qildim. “Bir kelsangiz” dedi, gapni qisqa qilib. Gap ohangidan hikoya yoqmaganga oʻxshadi.

1976 yil 5 noyabr. “Guliston” jurnaliga bordim, Erkin Aʼzamovga uchrashdim. Hikoyaning asosiy maqsadiga xizmat qilmaydigan joylari koʻpligini aytdi. “Fikrlar yalangʻoch” dedi…”

Aytmoqchimanki, gazeta va jurnalda loaqal bitta hikoyam bosilarmikan, degan orzu tushlarimga kirib chiqardi. “Sharq yulduzi” jurnaliga ikkita hikoya berdim. Sal kam ikki yil qatnadim chogʻi! Boʻlim mudiri Shukur Xolmirzayevning peshonasi tirishib-afti bujmayib ketadi deng, meni koʻrgan zahoti. Ijodiy xodim Tursun Ibrohimov esa ipakday muloyim qarshi oladi, iltifot koʻrsatadi va har safar, “Keyinroq xabar oling, uka, oʻqib qoʻyaman” deydi. Oʻqimadi. Hikoyalarim tahririyatga yangi ishga kelgan Murod Muhammad Doʻst ixtiyoriga oʻtdi. Murod akadan umidim katta edi. Erinmadim, yangi kuch-gʻayrat bilan Pushkin koʻchasi 1-uyga boʻzchining mokisidek borish-kelishni davom ettirdim. Biroq u kishidan ham hadeganda javob boʻlavermadi va xayriyat, yorugʻ kunlarning birida ikkala hikoyamni qoʻlimga tutqazib, uzil-kesil javobni aytdi: “Manavi hikoyangiz yaramaydi, joʻra, manavisini esa Amerikada chiqarsa boʻlar, lekin bizda emas!”

Shu gapning oʻzidan quvonib ketdim. Keyin-keyin tushundim – akalar meni ayashgan, koʻnglimni sindirmaslik uchun “Hikoyang boʻlmaydi” degan gapni ochiq aytishni istashmagan… Tahririyatga tanda qoʻygan kezlarim qanchalar ranjigan boʻlsam, keyinchalik oʻsha hikoyalarim haqiqatda ham xom ekanligiga iqror boʻldim. Oʻsha ahvolda jurnalda bosilib ketmaganiga quvondim.

Dastlabki hikoyam “Fan va turmush” jurnalida, keyingisi “Guliston” jurnalida (Erkin Aʼzam tahririda) bosilgani ogʻizga, eʼtiborga tushgan. Hikoyani qoʻya turaylik, u paytlar toʻrt satr xabar-informatsiyangiz chiqsa, gazetxonlar nazaridan chetda qolmasdi, albatta fikr-mulohaza eshitar edingiz…

Birinchi kitobim – “Hovli etagidagi uy” tengqurlarimga nisbatan xiyla kechroq chop etilgan. Hojiakbar Shayxov va Shavkat Turob muharrirligida chiqqan. Matbuotda munosabatlar bildirilgan.

Bir gapni aytish oʻrni kelib qoldi.

Birinchi kitobi erta chiqqan doʻstlarimizning – deyarli barchalarining ikkinchi kitobi muvaffaqiyat qozonmadi. Zavqi-shukuhi qanchalar yuqori boʻlmasin, birinchi kitobni chop ettirishga oshiqmaslikning foydasi koʻproq deb oʻylayman. Chunki birinchi kitobning shon-sharafidan koʻra masʼuliyati ogʻir, eng yomoni – u boshlovchi ijodkorni, uning ixlosmandlarini chalgʻitib qoʻyishi mumkin.

 

* * *

Toshkent shahri hozirgi Olmazor tumani 11-oʻrta maktabning boshlangʻich sinfida harf oʻrgatgan Irisali Mirvaliyev, onadek mehridaryo sinf rahbarimiz Munira Zokirova, oʻziga xos oʻqitish uslubiga ega Mahkam Rasulov siymolari hamisha koʻz oʻngimda. Eski shahardagi “Turon”, Chigʻatoy darvoza mavzesining ovloqqina goʻshasida joylashgan Hamza nomidagi kutubxonalarda kitobxonlarga beminnat xizmat qilgan opajonlarni, shuningdek, Eski shahar bozoriga kiraverishdagi 1-kitob doʻkonida necha oʻn yillab ishlagan doʻkondor aka-opalarni qadrdonlarim kabi sogʻinaman. Yosh ijodkorlar, muxbirlar toʻgaraklarida rahbarlik qilgan Razzoq Abdurashidov, Fayzi Shohismoil, Muhammadjon Qoʻshoqov, oliy oʻquv dargohida Gʻaybulla as-Salom, Najmiddin Komilov, Talʼat Solihov, “Fan va turmush” jurnali tahririyatida Yolqin Toʻraqulov, Vosil Qobulov, Husniddin Nurmuhamedov, Komiljon Xolmuhamedov… nomlari tilga olingan ustozlarning har bir ibrati, oʻgiti, maslahati alohida xotira, alohida saboqnoma boʻlishga arziydi!

…Asqad Muxtor davri “Guliston”idan boʻlim mudiri ustoz Mahmud Saʼdiy akademik Vosil Qobulov bilan badiiy adabiyot, kitob mutolaasi mavzuida suhbat qilishni topshirdi. Domlaga roʻpara kelishga ikki-uch dafʼa urindim hamki, u kishi suhbatni ortga suraverdilar. Kimsan, mashhur akademik, “Kibernetika” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining bosh direktori. Boʻsh vaqt qayda, deng!..

Avvalgi ayrim tajribalardan kelib chiqib, savollarni yozdim, Vosil Qobulov nomidan javoblarni ham “qotirib” tashladim. Olib bordim. Qabulga kirdim.

– Keling, – dedi domla oʻtirgan joyida koʻzoynak tepasidan menga hayron qarab.

– Suhbatni olib kelgandim…

– Qanday suhbat?.. – Savol qotdi domla va 8-10 varaq qogʻozni olib bir zumda unga koʻz yugurtirib chiqdi. – Qayerdan oldingiz mening gaplarimni?

– Yozdim… Vaqtingiz boʻlmagani uchun…

Domla ikki qoʻllab qogʻozlarni qoʻlimga tutqazdi.

– Buni siz yozmadingiz, men koʻrmadim. Qaytib hech qachon bunday ish qilmang, uka. Yakshanba kuni uyimga borasiz, ikki soat ajrataman. Miriqib suhbatlashamiz…

…Qish kezlari edi, sal kam uch soat haroratli tanchaga oyoq suqib oʻtirib, suhbat qurdik. U jurnalda chop qilindi. Fikr-mulohaza aytgan Vosil Qobulov qancha olqish olgani menga qorongʻi, lekin suhbatga mirzalik qilgan kamina u kishidan kam tasanno eshitmadim…

“Yosh kuch” jurnali tahririyatida sal kam 10 yil Xudoyberdi Toʻxtaboyev ustozlik qildilar, 20 yilga yaqin Oʻtkir Hoshimov bilan yonma-yon yashadik, ishlashdik – xizmat yuzasidan respublikada bormagan joyimiz qolmadi hisob. Soʻzga, kitobga, badiiy adabiyotga munosabat borasida oʻzimni Ibrohim Gʻafurovga shogird hisoblayman. Muhtaram Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, Ibrohim Gʻafurov ijodiy faoliyatini har jihatdan maʼnaviy jasorat maqomiga loyiq koʻraman. Qizigʻi, ustoz biror marta uni unday qilish kerak-buni bunday qilish kerak degan mazmunda nasihat qilmaganlar. Zero, Ibrohim Gʻafurovning har bir maqolasi, har bir tarjimasi, har bir mansurasining oʻzi alohida saboq, alohida tarbiyaxona, alohida darsxona!..

Bir qancha muddat Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Temur Poʻlatov ijodi taʼsirida yurganman. U orqali jahon adabiyoti tajribalarini chuqurroq oʻrganish istagi kuchaygan. Mashhur psixolog va ajoyib qalam sohibi professor Alisher Fayzullayev – Alisher Fayz bilan boʻlgan azaliy doʻstligimiz mening ijodiy izlanishlarimda besamar ketmaganligi muqarrar.

 

* * *

Ushbu javoblarni yozish bahonasida sanadim – hozirga qadar 17ta kitobim jami 150 000 dan koʻproq nusxada chop etilibdi. Koʻpmi-ozmi yoki yetarlimi? Boriga shukur, basharti mening yozganlarimni oʻqish istagidagilar koʻpaysa, bosh ustiga, kitob nashr etish endilikda muammo boʻlmay qoldi. Lekin muallif uchun nechogʻli maroqli boʻlmasin, kitob adadining koʻp-kamligi shartli bir tushunchaga aylanib qolmoqda. Ilk hikoyam bosilgan kezlarda “Fan va turmush” jurnali 500 000 nusxada chiqardi. Endilikda kitoblar asosan 2-5 ming nusxada tarqalmoqda. Lekin falon kitobni oʻqimoqchi edim, topolmayapman degan kitobxonni uchratganim yoʻq. Demak, hozirgi adad hozirgi ehtiyoj koʻzgusi, binobarin, zoʻrma-zoʻraki adad ketidan quvish maʼqul ish emas.

Chop etilgan kitoblardan koʻngil toʻlganmi?.. Badiiy ijod mohiyatini bilgan-tushungan odamda bunday savol tugʻilishi mumkin emas. Axir, badiiy ijod, avvalo koʻngil ishi, koʻngil izhori. Koʻngil uchun esa qoniqish, qanoatlanish tuygʻusi begona. Shu paytgacha nimaiki yozgan va eʼlon qilgan boʻlsam, koʻnglim toʻlgan, biroq hamma-hammasini bir boshdan qayta yozgim keladi. Koʻnglim toʻlmagani uchun emas, oʻsha hikoya, oʻsha qissa yoki oʻsha romanni yozish asnosida koʻnglimdan kechgan tuygʻular, holatlarni qoʻmsaganim, yana oʻsha kayfiyat mavjlari quchogʻida yashagim kelgani uchun. Bordiyu, tasavvur qilib boʻlmas ushbu niyatim amalga oshgan taqdirda nima boʻladi?.. Yana barini qayta boshdan yozish istagi, orzusi dilimda tugun boʻlib qolaveradi…

 

* * *

Alloh taolo adashtirmasin, fikri ojizimcha, odatda inson ikki palla – real olam va tasavvurlar olamida mavjuddir. Yer yuzida qancha inson hayot boʻlsa, shuncha real va shuncha tasavvur – obrazlar silsilasi mavjuddir. Tasavvur olami zaiflashaversa, real olam kemtiklashadi. Faqat ijod ahli tufayligina odamlarning, xalqning, millatning tasavvur olami toʻyinib turadi. Tasavvur olami joʻshib turgan xalqning gʻururi baland, real olami toʻkis boʻladi. Mening nazarimda, tasavvurimda noreal qatlam ham REAL! Shomirza Turdimov tadqiq qilayotgan miflarning bari, Jabbor Eshonqul kashf etayotgan tushlarning bari, Alisher Mirzo yaratgan ranglar simfoniyasi, Sulton Alining ohanglari, Ahmad Aʼzamning “Roʻyo”si ham – REAL! Ushbu REALlarsiz real hayot oʻta gʻarib, joʻn va siyqalashib ketgan boʻlur edi.

Takror taʼkidlashga izn bersangiz – badiiy adabiyot oʻzi topgan, kashf etgan, yaratgan norealliklari, gʻayrirealliklari bilan hayot realligini mudom maʼno-mazmunga toʻldirib turadi, uni shakllantiradi, rivojlantiradi. Ijod (jumladan, adabiyot) ahliga bu qobiliyatni Allohning oʻzi inʼom etadi, zero uni hech bir firʼavn kuch toʻxtatolmaydi, yoʻliga toʻgʻanoq boʻlolmaydi. “Pushkinsiz Rossiya – Rossiya emas” deb faryod chekib yuborgan Nikolay Gogol. Bu – adabiyotsiz, badiiyatsiz Rossiya yoʻq, rus jamiyati – rus xalqi yoʻq, degani edi!

Adabiyotning jamiyatdagi oʻrni va ahamiyatini keng omma ongiga bot-bot va teran singdirib borish – jamiyat haqida qaygʻurish demakdir.

 

* * *

Nazarimda mumtoz badiiy tafakkur anʼanalari zamonaviy ijodkorlarimiz ijodida toʻlaqonli anʼanaga aylanganicha yoʻq. Mantiqan olganda, har qanday jarayon zamirida muayyan anʼana – koʻnikma, qatʼiy tizim, uzviylik, davomiylik, vorisiylik singari omillar yotadi. Bu – aksioma. Yangilik yaratishning ushbu yoʻnalishini hech kim inkor qilolmaydi ham. Biroq, boshqa bir aksioma ham borki, u, “A, men-chi?!” deb koʻzini oʻynatib turadi. Bu aksioma – badiiy tafakkurning, ayni vaqtda, gʻayrimantiqiy, gʻayrianʼanaviy hodisa, boʻysunmas, dalli-devona, jununvash, alomatdan-alomat allanima ekanligida! Yangilik yaratishning mazkur ikkinchi yoʻnalishi uchun ham qalb-shuur darvozalarimiz ochiq boʻlmogʻi zarur aslida. Bizda esa ahvol… birinchisida, ancha-muncha kemtiklik kuzatilsa, ikkinchisida – torlik, biqiqlik, bepisandlik, bexabarlik hukmron. Oqibati, natijasi esa hammaga kundek ayon.

Yaratilayotgan yangi-yangi asarlarimizni zinhor eʼtibordan chetda qoldirmaymiz albatta, ularning boriga shukur. Lekin adabiyot shukrona maydoni emas. Shukrona adabiyot – turgan joyida depsinayotgan, chekinayotgan adabiyotdir.

Bir soʻz bilan aytganda, anʼanalarni rivojlantirgan holda, unga muttasil yangi-yangi hayotbaxsh kurtaklarni payvand qilish yoʻllarini topish, kashf etish juda-juda zarur. Yakka holda olsak, hech bir ijodkor boshqasiga oʻxshamaydi, lekin umumlashtirib qaralsa, birxillik, birtuslik barq urib turadi. Silliq, ravon – yod boʻlib ketgan siyqa mezon. Favqulodda adabiyot esa silliq va ravon yoʻllarni chetlab oʻtgan sertikan va toshloq soʻqmoqlarda yaratiladi, mezonlar buzilgan goʻshalarda dunyoga keladi. 2012 yilda Nobel mukofotiga loyiq koʻrilgan “Musallas saltanati” fikrimizga yorqin misol boʻla oladi. Roman bilan bogʻliq munozarali qarashlar, munosabatlar mavjudligi alohida mavzu, ammo-lekin Mo Yan bir necha ming yillik xitoy adabiyoti anʼanalari va voqeligida shakllangan, eʼtirof etilgan oʻlchov va mezonlar ruhiga zid yoʻlni tanladi. Tavakkal qilishdan, adabiy tajribaga qoʻl urishdan hayiqmadi. Eʼtirozlardan, hatto bolalab ketishi muqarrar boʻlgan taʼna-dashnomlardan choʻchimadi.

Xalqimiz va yurtimiz oʻtmishida bashariyatni hayratga soladigan ibratli voqea-hodisalarimiz oz emas. Ulardan istagancha magʻrurlanaylik, shu bilan bir vaqtda tariximizning hech bir zafarli sahifalarida tinimsiz kurashlar, ziddiyatu qonli toʻqnashuvlar – hayot dramalari, inson tragediyalari chetlab oʻtilmaganini ham unutmasligimiz kerak. Hayratga solish, qiziqtirish vositasi-la dovrugʻ qozonishni kamsitmagan holda, dunyo kishilarini oʻylantirib qoʻyish vositasi-la eʼtirofga sazovor boʻlishning qimmati, taʼsiri yuqoriroq deb oʻylayman.

 

* * *

Adabiyotni yanada rivojlantirish uchun avvalo, ijodiy muhit iqlimini muttasil yaxshilash yoʻllarini izlamoq kerak. Globallashuv davri adabiy muhiti esa davr va zamonga yarasha boʻlmogʻi zarur. Misol uchun uyushmamizda jahon adabiyotining nomdor adib va shoirlari, zukko adabiyotshunos-nafosatshunoslari ishtirokida anjumanlar, uchrashuv va muloqotlar tashkil etilsa koni foyda emasmi?! Jahon badiiy tafakkuriga integratsiyalashish orzusidagi milliy adabiyot uchun ayni muddao emasmi bunday tadbirlar?..

Ijodkor, jumladan shoir va yozuvchi jamiyatning ilgʻor ziyolisi, oʻz oʻrni, nuqtai nazari va soʻziga ega shaxsi darajasiga koʻtarilmogʻi nihoyatda ahamiyatli. Shakllangan va qon-qonimizga singib ketgan steriotiplarning hatto yaxshilaridan ham – agar ular badiiy tafakkur parvoziga toʻgʻanoq boʻlsa – kechmoqqa odatlanmoq kerak vaqti-vaqti bilan. Adabiyotning ijtimoiy ahamiyatini kamsitmaymiz albatta, lekin bu ahamiyatni shior qilib olib, badiiyatni nasihatbozlik, oʻgitbozlik darajasiga tushirib qoʻymaslik kerak. Yozuvchisi nasihatboz boʻlgan omma nasihattalab kitobxonga aylana boradi, buning oqibatida adabiyot yutqazadi. Emin-erkinlik kengliklarida qanot qoqib parvoz qilayotgan badiiy tafakkur esa pirovardida kitobxonni ham emin-erkin fikrlashga oʻrgatadi, dunyoning barcha shodumonliklaridan bahra olib yashashga odatlantiradi.

 

* * *

Oilamiz ixcham – umr yoʻldoshim Feruzaxon (ingliz tili mutaxassisi) bilan bir qiz-bir oʻgʻilni voyaga yetkazdik. Har ikkovi ham oliy maʼlumot olishdi, ibratli oila qurishdi, bizga besh nafar suyukli nevara hadya etishdi (hozircha). Umri, baxti, iqboli, iymoni butun boʻlsin deya duo qilamiz barchalarini. Yoshlarimizning dunyoqarashlari, tafakkur tarzlari mutlaqo oʻzgarib ketmoqda. Otalar va bolalar, avlodlar orasidagi muammo nafaqat tashvishli, balki har qachongidan xatarli, qaltis tus olmoqda. Yuqorida aytdim – bolalik chogʻlari yuz beradigan turfa ziddiyatlarga faol aralashuvdan koʻra ularni zimdan kuzatish, tahlil qilish va xulosa chiqarish bilan mashgʻul boʻlganman. Chunki u paytda katta oilaning kenja farzandi edim. Endi esa hayotda yuz berayotgan evrilishlarni oilaning toʻngʻichi – otasi sifatida anglab yetishga, tahlil qilishga va xulosalarni farzandlarga uqtirishga harakat qilaman.

 

Xurshid DOʻSTMUHAMMAD

 

“Yoshlik”, 2015 yil 1-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.