Gitler oʻzini otganmi?

0
445
marta koʻrilgan.

Igor Bukker. “Nomaʼlum Gitler”

Nega uni haligacha eslashadi, u haqda yozishadi? Odatda yaxshilar haqida, oʻzlaridan “bogʻ” qoldirganlar toʻgʻrisida bot-bot yozishsa ham, oʻzlaridan “dogʻ” qoldirgan shaxslar esga olinmay, bora-bora tarix kitoblarida tilga olinishdan nariga oʻtmaydigan holda, xalqlar xotirasidan oʻchib ketadi. Ammo, mana, qariyb bir asrdirki uni haligacha eslashadi, shaxsi yuzasidan bahslashishadi va yozishadi.

Oʻtgan yilning bahor oylarida Germaniyada bir paytlar shaxsan Stalin uchun yozilgan Gitler haqidagi yangi kitob dunyo yuzini koʻrdi. Oʻtgan yilning yozida esa ushbu kitobning rus tilidagi nusxasi “Nomaʼlum Gitler” nomi bilan nashrdan chiqdi. Kitob Gitlerni uzoq vaqt kuzatgan va unga xizmat qilgan ikki ofitser: fyurerning kamerdineri Xaynts Linge hamda shaxsiy adyutanti Otto Gyunshe bergan koʻrsatma va maʼlumotlar asosida yozilgan.

Suhbatdoshimiz ellik yildan ortiq vaqt davomida “oʻta maxfiy” tamgʻasi ostida saqlangan Stalin haqidagi maʼlumotlarning mualliflaridan biri, doktor Mattias Ulem. U hozirda Moskvada ish boshlagan “Germaniya tarixi instituti”da faoliyat koʻrsatadi.

Gitler haqidagi bu kitobning, u toʻgʻrisida chiqqan ilgarigi kitoblardan farqli jihatlari bormi?

 – Bu kitob tarixiy hujjatdir. Unda, asosan, qaltis va ogʻir vaziyatlar tilga olingan. Koʻrsatma berganlar ham oʻz maʼlumotlarining noyobligiga soʻroqqa tutganlarni, avvaliga ishontira olishmagan. Ammo ikkala tutqun ham Gitlerning hayotiga oid maʼlumotlar va u aytgan gaplarni juda aniq qilib keltirib beradilar. Biroz noaniqliklarni hisobga olmaganda, Gitler haqida eʼlon qilingan boshqa maʼlumotlar bilan solishtirilsa, bunga ishonch hosil qilish mumkin.

Germaniyada bu kitob bestseller boʻlgan, deyishadi.

 – Xuddi shunday. Yigirma mingdan ortiq kitob sotildi va keng kitobxonlar eʼtiborini torta oldi. Eng asosiysi, kitobda “uchinchi reyx”ga nisbatan yangicha qarashlar aks etgan. Xususan, Linge Germaniyaga qaytgandan soʻng sobiq Sovet Ittifoqida eʼlon qilingan maʼlumot va qarashlardan keskin farq qiluvchi memuarini eʼlon qildi.

Sizningcha kitob oʻta koʻtarinki ruhda yozilmaganmi?

 – Albatta, ammo menday tarixchi uchun bu juda qiziqarli va noyob hujjatdir. Unda qarashlarning uch daraja va uch qatlami aks etgan: Linge va Gyunshening shaxsiy xotiralari, Sovet Ittifoqi bilan munosabatlar hamda “sovuq urush” boshlanishidagi ziddiyatlar.

Uchinchi reyxning tarixini oʻrganuvchi jiddiy mutaxassislar, kitobni oʻqib u haqda yangi maʼlumotlarni oldi, deb oʻylaysizmi?

 – Ularning aytishicha, Gitlerning shaxsan oʻzi Gimlerdan olgan loyiha asosida barcha gaz kameralarini almashtirishga buyruq bergan ekan. Tarixchilar uchun bu juda muhim yangilik.

Tarixchi sifatida bu maʼlumotlarni qaerdadir oʻqigandek boʻlayapman?

 – Bu tabiiy, albatta. Axir kitobni Ikkinchi jahon urushi tugagandan soʻng uch yil oʻtiboq yozishgan. Hozir esa, urush tugaganiga oltmish yildan oshayapti.

Balki kitobdagi ayrim maʼlumotlar ilgari eʼlon qilingandir, yaʼni bu butunlay sir tutilmagan boʻlsa kerak?

 – Balki shundaydir. Lekin oltmishinchi yillarda Sovet Ittifoqi tarixchilari bilan GFR (Germaniya Federativ Respublikasi) tarixchilari Gitlerning oʻlimi xususida, u oʻzini oʻzi otib oʻldirganmi yo zahar ichganmi, degan savol ustida keskin tortishuvlar boʻlgan. Bu orada esa Lev Bezimenskiy bu haqdagi ayrim maʼlumotlarni eʼlon qilib borgan.

Aytingchi, shaxsan oʻzingiz ham kitobni oʻqib chiqqach, Gitler oʻzini otib oʻldirgan, degan xulosaga ishondingizmi?

 – Ha! Kitobning soʻngsoʻzidagi (bu faqatgina nemis nashrlariga xos) “Operatsiya”, “Mif” bobida biz Gitlerning oʻz joniga qasd qilishiga oid maʼlumotlarni oʻqib, yanada aniq tushunchaga ega boʻlamiz. 1946 yilda yaxshiroq kuzatish uchun Gyunshe va Lingeni Berlindagi reyxkanselyariya binosiga keltirishadi. Ular diqqat bilan Gitler joniga qasd qilgan divanni va devordagi dogʻlarni koʻrgach, uning haqiqatan ham oʻzini otib oʻldirganligiga ishonch hosil qilishdi…

 

Rasul Kusherboyev tarjimasi

 

ziyouz.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.