Gap “shap-shap”dami, “shaftoli”da?!

0
63
marta koʻrilgan.

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida 20-30 yosh toifasida Surayyo Shodiyeva gʻolib deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etish yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

Surayyo Shodiyeva 1992 yilda Koson tumanidagi Mudin qishlogʻida tugʻilgan. Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. Ayni paytda Qarshi davlat universiteti magistraturasida oʻqiyapti.

U bilan tanlovdagi muvaffaqiyatining sirlari va mutolaaning sehrli olami xususida suhbatlashdik.

Tanlovda ishtirok etgan qashqadaryolik 11 415 nafar tengdoshingiz orasida eng sara kitobxon sifatida eʼtirof etilish shunchaki tasodifiy holat emas, albatta…

– Ochigʻini aytsam, haliyam hayajondaman. Maktabda oʻqib yurgan kezlarimdayoq kitobxonlik tanlovlarida faol ishtirok etganman. Urgutda tibbiyot kollejida tahsil olgan paytim kitobxonlik boʻyicha oʻtkazilgan viloyat tanlovida ikkinchi oʻrinni egallaganman.

Esimda, talabalik yillarim jamoat ishlaridagi faolligim uchun bir gal Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati boʻlimi tomonidan ragʻbatlantirildim. Men uchun eng yaxshi sovgʻa ular tantana bilan topshirgan soʻnggi rusumdagi kir yuvish mashinasi emas, sevimli shoirim Usmon Azimning “Saylanma”si boʻlgan…

Kelin boʻlganimda ham “charlar” mahali keltirilgan boshqa sarpolaru sovgʻalarga emas, uyimdan berib yuborishgan kitoblarimga yopishgan ekanman…

Odatda kitob ushlagan kishilarni uch toifaga ajratishadi: kitobparastlar, kitobxoʻrlar va kitobxonlar…

– Samarqand davlat universitetidagi domlalarimiz juda talabchan edi. Chet el adabiyotining yuzlab sara namunalarini oʻqishga majbur qilishgan. Paxtaga hamma tuguniga yaxshiroq yegulik yoki issiq kiyim tugishsa, biz “tom-tom” kitob orqalab borardik.

Koʻzi ojiz kursdosh dugonam bor edi. Unga kitob oʻqib berish – eng sevimli mashgʻulotim edi. U bilan birga koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasiga borardim. Ovozli kitob tinglash menga juda yoqardi. Hozir mingdan ortiq audiokitoblarim bor.

Men ham ilgari kitobxoʻr (ammo aslo kitoblarni javonga ziynat uchun terib qoʻyadigan kitobparast emas) boʻlganman, shekilli… Qoʻlimga tushgan asarni oʻqib koʻrardim, syujet ketidan quvardim… Keyinroq “hazmi ogʻirroq” boʻlgan asarlarni tanlab oʻqishga oʻrgandim. Ramzlar ortidagi mohiyatni anglashga, tahlil qilishga astoydil harakat qildim. Nazarimda yozuvchi nima demoqchi boʻlganini kitobxonga tushuntirib berish – noinsoflik, chunki har bir kitobxonning muayyan asar haqidagi oʻz taassuroti, oʻz kashfiyoti boʻladi. Aytaylik, “Chol va dengiz”dagi cholning iztiroblari, mashaqqatlari, kurashi va gʻalabasi xususida Sizda oʻzgacha, menda oʻzgacha taassurotlar boʻlishi tabiiy. Menimcha, kitobxonning asl vazifasi ham shu – har bir asarda oʻz dunyosini kashf etish!

Oʻtgan yili gazetamizda berilgan bir maqolada kitob oʻqiganlar “Spark” minayapti, “Spark” minganlar qachon “Kitob oʻqiydi?” degan kinoya bor edi. Siz bu istehzoga qanday qaraysiz?

– Negadir “Yosh kitobxon” tanlovini faqat “Spark” bilan bogʻlab gapirish odatga aylanib qoldi. Hatto tanlovning targʻibot reklamalarida ham shu jihatga urgʻu berilayapti… Toʻgʻri, ragʻbatga avtomobil berilgani juda yaxshi. Ammo moddiy manfaatning mutolaa maqsadiga aylanishi yomon. Pulim koʻp boʻlsa, eng avvalo “Spark” olish haqida emas, kutubxonamga yangi kitoblar sotib olish haqida oʻylardim.

Bugun ayrim yoshlar hazmi ogʻir “fastfud”larni xush koʻrishadiyu hazmi ogʻir kitoblarni tutqazsangiz, esnashadi… Aytaylik, Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo”sidagi insonning maʼnaviy tanazzuli emas, Raskolnikovning qachon oʻsha kampirni bolta bilan chopib tashlab, pullariga ega boʻlishi… keyin nima boʻlishi… oxiri nima boʻlishi… muhim ularga…

– Shu bois ham ular yozuvchi “ezmalangan joylar”ni tashlab ketib, kitobning oxirgi varaqlarini titkilashadi…

Ularning nazarida “shap-shap” deguncha “shaftoli” deyish kerakday. Aslida gap “shaftoli”da emas, oʻsha “shap-shap”da emasmi?

– Yaʼni kitobning “oxiri nima boʻlishi” emas, “oʻzi nima boʻlayotgani” – mohiyati muhim.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, TVda kimdir “Zo‘rTV”ni, kimdir “Madaniyat va maʼrifat” kanalini tanlab koʻradi. Birida hordiq olishga moʻljallangan koʻngilochar dasturlar serob boʻlsa, ikkinchisida kishini anchagina “zahmat chekish” – oʻylashga, fikrlashga undaydigan koʻrsatuvlar, filmlar beriladi. Har kim oʻziga maʼqulini tanlaydi…

Mutolaada ham shu gap – kimdir Ahad Qayumni, Marhabo Karimovani mahliyo boʻlib oʻqib yotipti, kimdir Joysning “Uliss”i magʻzini chaqishga intiladi…

Tanlovning viloyat bosqichida anchagina ter toʻkishingizga toʻgʻri keldi, chamasi…

– Toʻgʻrirogʻi, tanlovgacha anchagina ter toʻkishga toʻgʻri keldi. Nizom asosida “Buyuk mutafakkir va adib” va “Badiiy asarlar bilimdoni” shartlari boʻyicha bellashishimiz kerak edi. Oʻzbek va jahon adabiyotining 60 ta sara namunasini, buyuk mutafakkirlar va adiblar hayot yoʻli, ilmiy va badiiy merosini sinchiklab oʻrganib chiqdim.

Masalan, Garriet Bicher-Stouning “Tom togʻaning kulbasi” asarini izlab, rosa ovora boʻldim, topolmadim. Yaqin oʻrtalarda qayta nashr etilmagan ekan. Ingliz tilida oʻqishimga toʻgʻri keldi (bu borada menga katta yordam bergan, maktabda ingliz tilidan dars beradigan qaynonamdan minnatdorman). Qizigʻi shundaki, tanlovning viloyat bosqichida ikkinchi shartda shu asar haqida fikr bildirish mening chekimga tushdi. Birinchi shartda esa “Ogahiy hayoti va ijodi” boʻyicha gapirgandim, bunda filologligim, manbashunoslik boʻyicha ilmiy ish olib borayotganim qoʻl keldi…

Darvoqe, Siz ayni paytda magistraturada tahsil olayapsiz. Ilmiy faoliyatingiz xususida ham toʻxtalsangiz.

– Samarqand davlat universitetida Muslihiddin Muhiddinov, Gulsanam Xoliqulova, Dilorom Salohiy singari fidoyi olimlardan saboq oldim. Vohid Abdullayev nomidagi stipendiyaga sazovor boʻldim. Ayni paytda Qarshi davlat universitetida filologiya fanlari doktori Nafas Shodmonov rahbarligida “XVIII asr oxiri – XIX asr oʻrtalarida Qashqadaryo vohasining adabiy manbalari va ularning ilmiy tavsifi” mavzusida ilmiy tadqiqot olib borayapman.

Tanlovning mamlakat bosqichida ham Sizga omad yor boʻlsin!

 

Nuriddin EGAMOV

suhbatlashdi.

 

qashqadaryogz.uz

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.