Farzandlarga Navoiyni qanday oʻrgatish zarur?

0
196
marta koʻrilgan.

Joriy yilda buyuk shoirimiz Alisher Navoiy tavalludiga 577 yil toʻladi. Bu sana respublikamizda katta tantanalar bilan nishonlanmoqda. Shoir ijodining u yoki bu qirralari, uning asarlaridagi ilmiy jamoatchilikka notanish boʻlgan ayrim jihatlar borasida turkum maqolalar, tadqiqotu qator kitoblar chop etilmoqda. Navoiy ijodini chet elga tanitish, buyuk shoir badiiyati sirlarini jahon miqyosida oʻrganish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda. Umuman, shoir ijodini, oʻzbek adabiyotini dunyoga olib chiqish uchun nimalar qilinishi zarur? Filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov bilan qilgan suhbatimizda ayni shu masalalar haqida fikr yuritiladi.


 

– Koʻpchilikka yaxshi maʼlumki, siz bir necha yillardan beri Navoiy ijodi bilan shugʻullanib kelasiz. Ayniqsa, xorijda Navoiyni oʻrganish borasida qilinayotgan ishlardan yaxshi xabardorsiz. Bugun xorijdagi oʻquvchi va mutaxassislar orasida buyuk shoir ijodini oʻrganish va uni aholi orasida keng targʻib qilish jarayoni qanday kechmoqda?

 

– Xorijda navoiyshunoslik, qodiriyshunoslik degan alohida sohalar yoʻq. Navoiy ijodi oʻzbek adabiyotini tadqiq qilish doirasida oʻrganiladi. Xorijda shoir ijodi haqida koʻp ishlar qilingan. Xususan, Yevropa, Amerika va Sharq davlatlarida, xususan, Turkiyada bir qancha izlanishlar olib borilganki, sovet tuzumi davri va uning siyosati taʼsirida mazkur tadqiqotlar haqidagi maʼlumotlar bizgacha yetib kelmagan. Men bir necha yillar davomida ularning bir qisminigina koʻrish imkoniga ega boʻldim. Navoiy ijodi bilan shugʻullanganim uchun ularga juda qiziqaman, ammo yillar davomidagi izlanishlarim natijasida ham mazkur tadqiqotlarning hammasini bildim va koʻrib chiqa oldim, deya olmayman. Birinchidan, shoir ijodini oʻrganish boʻyicha bibliografiyalar eski va ularga xorijdagi Navoiy ijodi boʻyicha yozilgan tadqiqotlarning juda kam qismi kiritilgan. Ikkinchidan, chet elda kutubxonalar juda koʻp va ular dunyoning turli mintaqalarida joylashgan, birgina kutubxonaning oʻzidan izlagan manbangizni topish ancha muammo tugʻdiradi. Butun dunyo adabiyotlarini oʻzida jamlagan kutubxona esa jahonda yoʻq hisobi. Mazkur dargohlardan izlagan narsangizni birini topsangiz, ikkinchisini topolmaysiz. Yana olimlarimiz uchun til toʻsigʻi ham bor. Bizda Yevropa tillarini mukammal oʻrganish esa asosan mustaqillikdan keyin rivojlandi. Koʻpgina navoiyshunos olimlarimiz Yevropa tillarini bilmaganlari uchun u yerlarda qanday yangi manbalar nashr qilinayotganini bilishga u qadar intilishmagan.

Aslini olganda Navoiyni jiddiy oʻrganish jarayoni Yevropada XIX asrdan boshlangan. Bugungi kunda bu jarayon surʼati yanada tezlashgan. Masalan, 2003 yili Germaniyada “Alisher Navoiy” nomli toʻplamdan Navoiy ijodi, uning shaxsiyati va Temuriylar muhiti boʻyicha nemis va ingliz tillarida yozilgan maqolalar, Barbara Kellner Xenkel, Yurgen Paul, Klaus Shonig, Erika Tauvbe, Klaudya Romer, Mark Kirshner, Zigrid Klaynmixel va Yoaxim Girlishs kabi germaniyalik olimlarning tadqiqotlari oʻrin olgan. Mazkur tadqiqotlarda Navoiyning oʻz davri madaniy muhitidagi muhim oʻrni koʻrsatilgan. Xorijlik mutaxassislar Navoiy ijodini u yashagan muhit, xususan, Husayn Boyqaro davri muhiti bilan bogʻlab oʻrganishadi. Bu davrga ular Sharq Uygʻonishi davri sifatida qarab, adabiyot, tarix, sanʼat, meʼmorchilik sohalarining rivojlanishini Navoiy faoliyati bilan bogʻliqlikda koʻrishadi. Shoirning hunarmandchilik, arxitektura yodgorliklari, oʻsha davrda amalga oshirilgan turli obodonlashtirish ishlariga qoʻshgan hissasini, ayniqsa, yuqori baholashadi. Ular Navoiyni taraqqiyparvar, maʼrifatparvar, saxovatpesha inson sifatida yaxshi bilishadi. Ularga qiyoslaganimizda, bizdagi navoiyshunoslik shoir asarlari matni tahliliga koʻproq ahamiyat berishi bilan ulardan ajralib turadi, deyish mumkin.

Navoiy ijodi boʻyicha tadqiqot olib borayotgan olimalardan biri kanadalik Mariya Sabtelnidir. U 1979 yilda Garvard universitetida “Husayn Boyqaro saroyidagi adabiy muhit va uning siyosiy xususiyati” degan mavzuda doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. Keyinchalik olima Navoiy ijodi boʻyicha bir qancha maqolalar yozgan. Mana shu maqolalar va Temuriylar davridagi adabiyot va sanʼatga doir barcha materiallarini toʻplab, 2007 yili Niderlandiyada “Temuriylar oʻtish davrida” degan kitob chiqargan.

Nemis olimasi Zigrid Klaynmixel Navoiyning turk adabiyotiga taʼsiri haqida qisqa, ammo chuqur maqola yozgan. Navoiy ijodiyotining aynan qaysi nuqtalari usmonli turk sheʼriyatiga taʼsir etganligini asosli yoritgan. Shu turdagi tadqiqotlar orqali Navoiyni dunyoga tanitish oʻrinli boʻladi. Turkiyalik adabiyotshunos Yusuf Chetintogʻning “Alisher Navoiyning usmonli turk sheʼriyatiga taʼsiri” nomli 2006 yilda chop etilgan turkcha kitobi oʻzbek tiliga ham tarjima qilindi. Mazkur kitobda Navoiy gʻazallariga turk shoirlari taqlid qilib yozgan gʻazallar haqida soʻz ketadi.

 

– Demak, siz oʻzbek adabiyotini Navoiy ijodi boʻyicha yozilgan zalvorli ishlarimiz orqali ham dunyoga tanitishimiz mumkin, demoqchisiz?

 

– Ha, albatta, shu oʻrinda bir narsani taʼkidlashni xohlardim. XXI asrda dunyoning koʻpgina davlatlari bozor iqtisodiyoti sharoitida yashamoqda. Bozor iqtisodiyotining asosiy talablaridan biri bu dunyo bozoriga chiqish. Oʻzbekiston ham oʻz mahsulotlari bilan dunyo bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlib bormoqda. Bizdagi adabiyotga bagʻishlangan internet saytlaridan birida bir professorning fikrlarini oʻqib, taajjubga tushdim. U oʻzbek adabiyotshunosligida katta ishlar qilinyapti va dunyo tanishi kerak boʻlgan koʻp olimlarimiz bor, ular yozgan ishlar gʻarb tillariga oʻgirilganida edi, ularni dunyo tanigan boʻlardi, debdi. Sodda qilib aytganda, olimning, bizdagi ishlarni bilmaganliklari, tarjima qilmaganlari uchun xorijlik olimlar aybdordek. Yoʻq, menimcha, ayb ularda emas, koʻproq ayb bizning oʻzimizda. Bozor iqtisodiyoti sharoitida hamma oʻzi uchun oʻzi kurashadi. Masalan, men oʻzbek adabiyoti boʻyicha mutaxassisman, biror xorijiy, jumladan, Yevropa tillarida oʻqib tushunganim, gapira olganim bilan u tilda ravon yoza olmayman. Yozganlarimga oʻzim tarjimon topib, uni tarjima qildirib, keyin xorijda nashr qildiraman. Shu usulda Navoiy ijodi va oʻzbek mumtoz adabiyoti masalalari boʻyicha qator maqolalarimni gʻarbda nashr ettirdim. Hozir olimlarimiz uchun hamma imkoniyatlar bor, kimning qoʻlidan nima kelsa, marhamat, dunyoga chiqishga intilsin. Bu bizga mustaqillik bergan imkoniyat. Shunday harakatlarning maʼlum bir natijasi, albatta boʻladi. “Adabiyotimizni hech kim tarjima qilmayapti”, deb gina qilib oʻtiraverish, aybni birovga toʻnkash bilan adabiyotshunosligimiz hech qanday foyda topmaydi. Ayni holatni navoiyshunoslikka nisbatan ham aytish mumkin. Zabardast navoiyshunoslarimiz oʻz tadqiqotlarini gʻarb tillariga tarjima qildirib, jahon miqyosida mashhur boʻlgan adabiy-ilmiy jurnallarga yuborsinlar. Bizning adabiyotshunoslikni ham dunyo tanisin.

 

– Aftondil aka, biz Navoiy ijodini tahlil qilish, uni oʻquvchilarga yetkazishda odatiy, bundan yigirma-oʻttiz yil oldin ishlab chiqilgan qoidalarga koʻnikib qolganmiz. Yaʼni, shoirning bir gʻazal yoki ruboiysini olamiz-da, uni tahlil qilish, bizga tushunarsiz soʻzlarning lugʻatini berish bilan cheklanamiz. Navoiy ijodini oʻquvchilarga yaqinlashtirishning yangicha yoʻllarini izlab topish, zamonaviy texnologiyalar yordamida uni hayotga tadbiq etish vaqti kelmadimikin?

 

– Bu jarayonga ancha oldin kirishish kerak edi. Toʻgʻri, taʼlim sohasida maʼlum bir yangi izlanishlarga erishilayotganini eʼtirof etish kerak. Ammo Navoiyni anglash masalasi hali ham murakkabligicha qolmoqda. Besh asr avvalgi til va gʻoyalarni texnologik taraqqiyot asrida yashayotgan bugungi kun kishisiga yetkazish oson emas. Hozirgi koʻpgina darsliklarda shoir ijodidan maʼlum bir parcha beriladi-da, soʻng sahifaning yarmida murakkab soʻzlarning lugʻati keltiriladi. Buni oʻquvchini matnga yaqinlashtirish uchun intilish sifatida qabul qilish mumkin. Ammo butun dunyodagi jadal texnologik taraqqiyot zamoni hamma xalqlarni oʻz mumtoz adabiyotlaridan biroz boʻlsa ham uzoqlashtirmoqda. Hozirgi vaqtda yangi informatsiya shu qadar koʻp va uni qoʻlga kiritish ham ancha osonlashgan. Mana shunday murakkab sharoitda biz balki bolani matnga emas, matnni bolaga yaqinlashtirganimiz maʼqul. Hozir qoʻlidagi telefoni, internet orqali dunyoni kuzatayotgan bola Navoiyni oʻrganish uchun kitobida keltirilgan parchaga oid matnga, soʻng uning ostidagi izohiga qarab oʻtirmaydi. U tezlikda internetga murojaat qiladi. Shuning uchun shoir ijodini soddalashtirib, uni bolalar tushunadigan shaklga solib, soʻng shu matnni mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlarida necha mutaxassislik tili boʻlsa, oʻsha tillarga tarjima qilib, internet saytlariga joylashtirish, shoir hayoti boʻyicha olingan filmlar, qoʻyilgan spektakllarni, yana uning asarlarini original, nasriy bayonlari, 10 jildlik ruscha tarjimalari, qolaversa, navoiyshunoslikka oid manbalarni erinmasdan internetga kiritishimiz kerak. Internet kitob oʻrnini bosa olmasa ham u Navoiyni, mumtoz adabiyotimizni oʻquvchiga yetkazishda samarali vositalardan biri boʻlishi kerak.

Shu oʻrinda bir narsani aytib oʻtish joiz. Yaqinda “Boburnoma” zamonaviy oʻzbek tiliga oʻgirilib, nashr qilindi. Bu juda ham eʼtirofga loyiq ish. Chunki “Boburnoma”ning asl matni mavjud edi, endi zamonaviy oʻzbek tilidagisi ham yaratildi. Asar oʻquvchiga ancha yaqinlashtirildi. Vaholanki, “Boburnoma” tili va Bobur sheʼriyati boshqa oʻtmish shoirlari tiliga nisbatan ancha tushunarli. Mana shunday holatda ham “Boburnoma”ni shunday usulda oʻquvchiga yaqinlashtirishga erishildi. Xuddi shunday tarzda Navoiyning barcha asarlarini hozirgi oʻzbek tiliga nasriy bayon qilib chiqib, nashr qilish kerak. Bu oʻrinda Navoiy asarlarining asl matni ham, nasriy bayonlari ham kerak.

Yaqinda bir rusiyzabon kitobxon menga Navoiy sheʼrlarining ruscha tarjimalarini internetdan qidirganini, ammo juda kam sheʼr topa olganini aytib qoldi. Demak, hatto rusiyzabon oʻquvchilar orasida Navoiy ijodiga qiziquvchilar kam emas ekan, ularning ehtiyojlarini qondirish uchun harakat qilish lozim.

Xuddi shu gapni ingliz va Yevropaning boshqa tillariga nisbatan ham aytish mumkin. Oʻquvchi oʻziga kerakli narsani ular ichidan tanlab oladi. Axir, Navoiy asarlarining rus, ingliz va boshqa tillarga oʻgirilgan nashrlari yoʻq emas-ku. Nega ularni internetga joylashtirmaymiz? Asosiy maqsadimiz bu buyuk siymolar ijodini oʻquvchilarga yaqinlashtirish-ku!

Bundan ancha oldin Oxunjon Safarovning “Bolalarning oʻz Navoiysi boʻlsin” degan bir maqolasi chiqqan edi. Olimning fikricha, shoir dostonlarining nasriy bayonlarini bolalarga tushuntirib beradigan shaklda tayyorlash kerak. Toʻgʻri, bu ishlar maʼlum maʼnoda amalga oshirildi. Ammo bugungi avlod kechagi voqealar bilan hisoblashib oʻtirmaydi. Uning qoʻliga muttasil yangi va zamonaviy material berib borish kerak. Bolaga Navoiyni bolaga xos tarzda tushuntira olishimiz kerak.

Mutaxassislar yetishmasligini roʻkach qilish ham yaxshi emas. Bizda chet tillarni mukammal egallayotgan isteʼdodli yosh avlod shakllanyapti. Ular oʻz oʻrnida badiiy ijod bilan ham shugʻullanishadi. Navoiy yoki Bobur gʻazallaridan tili osonrogʻini tanlab, ularga tajriba uchun boʻlsa ham tarjima qildirish, ayni shu tarjimani tahlil qilish uchun boshqalarga berish lozim. Navoiy va boshqa klassiklarimiz asarlarini tarjima qilish boʻyicha ijodiy musobaqalar oʻtkazilishi kerak. Menimcha, shu yoʻl bilan asta-sekin yaxshi natijalarga erishish mumkin.

 

Alimurod TOJIYEV suhbatlashdi.

 

“Sogʻlom avlod” gazetasi, 2018-6

soglom.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.