Eʼtiqod mehvari

0
200
marta koʻrilgan.

Esimni tanibmanki, koʻnglimda ajib tuygʻularning shirin gʻalayonini his etaman. Murgʻak paytlarim tomda onam yonida oʻltirib, oyga, yulduzlarga termulganlarim yodimda. Oʻsha paytlarda qishlogʻimizdagi koʻpchilik oilalar yozning dimiqqan kechalarida oʻzlarining tuproq tomlariga chiqib yotishardi. Hovlimiz qirgʻogʻida rayhonlar va turfa gullar gurkirab-yashnardi. Ularning goʻzalligini koʻrib bexos koʻnglim qalqib ketardi. Mahallamizdagi ayollarning quduqqa suvga chiqishganida bir-biri bilan gurunglashishlari ham esimda. Ularning gaplarini men hali yozilmagan asar personajlari dialoglariga mengzardim. Men bu “personajlar” soʻzi oldiga xayolan “tire” qoʻyar, uning gapi tugagach, “vergul”, “tire” qoʻyib, xayolan oʻzimning izohimni qayd etardim.

Bularning hammasi kelgusida mening adabiyot odami boʻlishimning alomatlari edi. Lekin men buni u paytlar shuuran anglardim, xolos. Ayni chogʻda men hali biron misra sheʼrni ijod qilmagan esam-da, yuragimda har qanday sheʼrni uddalay olaman degan ishonch yashardi. Sheʼr yozishga qoʻl urmaganimga sabab, shu choqqacha biror-bir “tirik” shoirni, hatto havaskor shoirni ham koʻrmagan edim. Chunki men tugʻilgan Janubiy Qozogʻistondagi Sayram qishlogʻiga Oʻzbekistondan ijodkorlar kamdan-kam borardi. Men oʻqiyotgan maktabga esa, na shoir, na yozuvchi qadam bosgandi. Xullas, meni “maydonga” – sheʼr yozishga daʼvat qiladigan, chorlaydigan hech kim yoʻq edi.

4–yo 5–sinfda oʻqirdim. Mendan ikki sinf yuqori oʻqiydigan amakimning oʻgʻli Havazmat akam bir payt sheʼr yoza boshladi. U juda koʻp kitob oʻqirdi. Shundan keyin men u bilan “bahslashib” 5-10 ta sheʼrni “qotirib” tashlaganman. Bu sheʼrlar nima haqda edi, mutlaqo esimda yoʻq. Havazmat akam yozishdan toʻxtadi. Men ham boshqa urinmadim. Lekin meni oʻsha paytda maktablarda urf boʻlgan “Devoriy gazeta”ga masʼul qilib tayinlashdi.

Men oʻrta maktabni aʼlo baholar bilan tugatdim. Biz oʻqishni bitirgan yili 11–va 10-sinflar maktabni tamomlashdi. Oʻqishga kirish chogʻida bir oʻringa 24 tadan abituriyent toʻgʻri kelsa-da, men talaba boʻlishga muvaffaq boʻldim. Universitetni tamomlayotgan paytimizda hammamizga kirish imtihoni chogʻida yozgan “Insho”mizni koʻrsatishgan. Men oʻshanda yozgan 5-6 varagʻimga biron-bir qizil siyoh tegmaganligini koʻrib, hayratlanganman. Bundan hozir ham hayratlanaman. Ushbu saʼy-harakatlarimning barchasi adabiyotga boʻlgan havasim va ixlosimdan edi, albatta.

Universitetga ilk qadam qoʻygan yilimni eslasam, bir qiziq gap yodimga tushadi: hamma matbuotda eʼlon qilingan ijod bisotini qogʻoz papkaga joylab olgandi. Hamkurslarimning bisoti ancha salmoqli ekan. Men shoʻrlikning esa, 2 ta “toʻrtligim” va bir necha xabar yoʻsinidagi maqolalarim bor edi, xolos. Tojikistonlik kursdosh doʻstim mening ijodimni oʻzinikiga taqqoslab, oʻzinikining salmogʻini dalillash uchun: “Bilasanmi, men mana shu yozganlarimga davlatning qancha pulini yeb yuborganman!”, degandi. Bu bilan u tuman va viloyat gazetalarida chop etilgan sheʼr, maqola, ocherklariga koʻp miqdorda olgan qalam haqini taʼkidlamoqchi boʻlgandi. “Yeb yuborganman” degani esa oʻzining oddiy, joʻn odam emasligiga ishora edi. Chunki davlatning pulini oddiy odamlar yeya olmasdi. Uni oʻsha paytlar sovxoz direktorlari, tuman mutasaddilari, turfa xil rahbarlar oʻmarar edi. Men senga oʻxshagan lalaygan emasman, zamonning olgʻir, abjirlaridanman, demoqchi boʻlgandi shoir-kursdoshim.

Dorilfununda tahsil olgan yillarim tinmay ijod bilan mashgʻul boʻldim. Lekin yozganlarimni hech qayerda eʼlon qildirmadim. Birinchi sheʼrim “Sovet Oʻzbekistoni” (hozirgi “Oʻzbekiston ovozi”)da universitetni tugallayotgan yilim bosildi. Keyin “Guliston” jurnalida eʼlon qilindi. Ustoz Abdulla Oripov “Oq yoʻl”i bilan eʼlon qilingan oʻsha turkum sheʼrlarim koʻplar eʼtiboriga tushdi. Oʻqiganlar hozirga qadar eslashadi.

1975 yili ilk toʻplamim “Tong jilvasi” chiqdi. Birinchi kitobning nashidasi boʻlakcha edi! Kitob chop etilgach 2-3 oy oʻtib, Qoʻqonga yoʻlim tushdi. U yerda ajoyib kitob doʻkoni boʻlardi. Shu doʻkonga kirib, rastaga terib qoʻyilgan kitoblarga koʻz yugurtirdim. Mening kitobim koʻrinmadi. Holbuki, 10 ming nusxada chop etilgan kitobcham allaqachon respublikaning jami tumanlariga, shaharlariga tarqatilgan edi. Sotuvchiga kitobchamning nomini aytib, soʻradim. U xijolat chekib, oʻngʻaysiz holatda uni peshtaxta tagidan olib, qoʻlimga tutqazdi: “Kechirasiz, tanish-bilishlar uchun olib qoʻyuvdik…”

Shoir uchun bundan ortiq baxt, bundan ortiq mukofot bormi!..

Ijod faqat nashida, nashʼu-namo emas ekanligini keyinroq angladim.

Turmushning mashaqqatli soʻqmoqlari boshlandi. Uy-joy qilishim kerak edi, odamga oʻxshab yashashni xohlardim. Bu tashvishlarni, “ola xurjun”ni sheʼriyat boʻyniga tashlab boʻlmasdi. Shu boisdan, “buyurtma” tarjimalarga qoʻl urdim. Har kuni ishdan keyin nashriyotda qolib 50 satr, uyga borib uyqu hisobidan 50 satrdan sheʼr tarjima qilgan davrlarim boʻldi. Lekin har qanday sharoitda ham koʻnglimdagi sheʼr sururini, ilhom safosini saqlab qolishga, turli epkinlardan ehtiyotlashga urindim.

“Ustoz koʻrmagan shogird har maqomga yoʻrgʻalar” degan soʻz – chin haqiqat. Men Abdulla akadan satrlar ustida, umuman sheʼr ustida qanday ishlashni oʻrgandim. Uning bu tarzdagi ijod jarayoniga koʻp marta shohid boʻldim. Bir safar “Yaxmalak” sheʼriga men “kotiblik” qilib, 15-20 marta qayta ishlaganmiz. Men holdan toyar darajaga yetib, nuqta qoʻyaylik, sheʼr bundan ortiq boʻlmaydi, deganman. Ustoz, yoʻq, mana bu misradagi tashbihni oʻzgartirmasak boʻlmaydi, uni Gʻafur Gʻulom ishlatgan, deb turib olgan. Hassos shoir Erkin Vohidovdagi tuygʻu va fikr nazokatiga to hanuz mahliyoman. Oʻljas Sulaymonovning oʻz millati oldidagi burchini naqadar teran anglashi meni hayratga soladi. Yevgeniy Yevtushenkodagi umumbashariy koʻlamga havas qilaman. Ayniqsa, Rasul Hamzatovdagi sharqona tafakkurni, betakror samimiyatni oʻzimga oliy ibrat deb bilaman. Va yana koʻplab ustozlarim borki, ularni sanab oʻtirishga vaqt kamlik qiladi. Men ulardan sheʼrni hamma narsadan yuksak qoʻyishni, hasad-xusumat degan tuygʻuga yaqin yoʻlamaslikni, nomardlik, gʻirromlik, fisq-fujur koʻchasidan oʻtmaslikni oʻrgandim.

Shu paytgacha nashr etilgan kitoblarim yigirmaga yaqinlashdi. Adadi haqida gapirishning esa endilikda qizigʻi yoʻq. Chunki keyingi paytlarda kitoblarim 300-500 adadda ham chop etildi. Topgan homiylarimning himmati bundan ortigʻini koʻtarmadi. Kitoblarimning koʻpchiligidan, balki hammasidan koʻnglim toʻlmagan. Men uchun kitobni nashrga tayyorlash va uning ilk nusxalarini qoʻlimga olishim nihoyatda masʼuliyatli va hayajonli. Ular oʻquvchiga borib yetgach, men uchun qimmatini yoʻqotadi. Ular bamisoli oʻqi otilgan boʻsh gilzalarga oʻxshab qoladi.

Adabiyotning jamiyatda tutgan oʻrni juda-juda muhimdir. U har bir inson qalbiga kirib bormogʻi kerak. Adabiyotdan yiroq odam menga bamisoli dinsiz, eʼtiqodsiz, kufrga yuz tutgan odamdek tuyuladi. Yaqinda ehtiyoj taqozosi bilan bir idoraga kirishimga toʻgʻri keldi.

Boshliqning hurmati haqi, bir salmoqli hajmdagi kitobimni olib, unga iltifot yuzasidan dastxat ham yozdim. Boshliqning huzuriga kirib, oʻzimni tanishtirdim va unga kitobimni taqdim qildim. U gaplarimni haykalga oʻxshab eshitdi, biron-bir murti qilt etmadi. U oʻzining bu holatida balki menga rahmi ham kelgandir… Suhbat tugagach, u kitobimni nomiga ochib koʻrdi-da, soʻng “yordamchimga tashlab oʻtarsiz”, deb uni qoʻlimga tutqazdi. Bunday shaxsdan jamiyatga qanday naf tegishi mumkin? Bu toifadagi odamlar uchun pul va boylikdan muqaddasroq narsa bormikin?

Yaqinda mashinada ketayotsam, bir DAN xodimi toʻxtatdi. Qoidaga amal qilmaganligimni aytdi. Men eʼtiroz qildim. U: “Sizni amalingizni ham, yozuvchiligingizni ham emas, sochingizning oqini hurmat qilganligim uchun qoʻyib yuboraman”, dedi. Bu gapi bilan u, johil odam emasman, tarbiya koʻrgan insonman, bilib qoʻying, demoqchi boʻldi. Biroq menga uning gapi nashʼa qildi. Axir oʻgʻrining, kazzobning ham sochi oqarishi mumkin-ku!

Adabiyot odamdagi nomaqbul tiynatni – nokomillikni keltirib chiqaruvchi “virus”lardan himoya qiladi. Uning yuragiga ezgulik urugʻini ekadi.

Adabiyotimiz dunyoga chiqishi uchun, albatta, bagʻrikeng adabiyot boʻlishi kerak. Holbuki, bugungi kunda adabiyotimizda bahslar, munozaralar kamayib ketdi. Bu holat yuzaki ijodni, sayoz adabiyotni vujudga keltiradi. Bunday muhitda talantsiz yozilgan asarlar urchigandan-urchiydi. Har bir davrning oʻz piri komili – obroʻli siymosi boʻlishi kerak. Masalan, Abdulla Qahhordek. Bunday buyuk, betakror, qoʻrqmas siymolarning dadil gaplari isteʼdodsiz, qallob, firibgar yozuvchilarning tizzasini qaltiratardi. Ayni paytda ular hamisha umidli yoshlarni panohiga olgan, har xil xurujlardan himoya qilgan. Prezidentimiz, hukumatimiz bizga ijod uchun ajoyib sharoitlar yaratib berdi. Lekin adabiyotimizni turli xil illatlardan, qusurlardan tozalash amalini oʻzimiz qilishimiz kerak. Begʻaraz, xolis, samimiy bahs-munozaralarni oʻzimiz tashkil etishimiz lozim.

Men adabiyotimizning soxta ovoza, soxta siymolardan saqlanishini istardim.

Adabiyotimiz ravnaqining eng maqbul va sinalgan omili, meningcha, nashr ishlarini yaxshi yoʻlga qoʻyishdir. Sodda qilib aytadigan boʻlsak, nashriyotlar yaxshi asarning gadosi boʻlishi kerak. Lekin bugungi kunda qaysi nashriyot qaysi adibning yangi yozajak asari bilan qiziqmoqda? (Oldi-qochdinavis va amrimaʼrufga moyil asarlar bundan istisno, albatta.) Holbuki, koʻpgina adiblar yozib qoʻygan asarlarini nashr ettirolmay halak. Chunki homiy topishi kerak. Keyin uni sotishni zimmasiga olishi kerak… Baʼzan qaysidir sohada zamonamiz olgʻirlari, tovlamachilari, firibgarlari tomonidan falon miqdordagi pul oʻmarilganligi haqida qulogʻimizga chalinadi. Shunda mening koʻnglimdan, bu mablagʻga qanchadan-qancha kitoblarni chop etsa boʻlardi-ya, degan oʻy kechadi…

Bunday holatlar, albatta, adabiyotimiz rivojining maʼlum bir jihatlariga daxldor. Haqiqatda esa bu muammoning qirralari turfa va bisyor. Umuman olganda, adabiy jarayonlar ilmiy yondashishni, har taraflama tadqiq etishni taqozo qiladi. Masalan, dunyo adabiyotining yuksalish pallalarini olib koʻraylik: daholar qanday muhitda shakllanadi; jamiyat ular oldida qaysi jihatdan masʼul boʻlmogʻi kerak; bunday jarayonlar oʻz-oʻzidan vujudga keladimi yoki unga qandaydir taʼsir lozimmi… Bunday omillarni oʻrganish, falsafiy tahlil qilish, bu boradagi fikr-mulohazalarni adabiy nashrlarda muntazam yoritib borish aslo foydadan holi boʻlmaydi.

Adabiyot rivojiga samarali taʼsir koʻrsatadigan eng muhim omil, bu tanqidchilikdir. Afsuski, bugungi kunda bu boradagi ishlarimiz juda sust. Koʻproq sipoyigarchilik – sen menga tegma, men senga tegmayman tuygʻusi hukmron. Holbuki, adabiyot koʻpkari chopiladigan maydon yangligʻ shukuh va shijoat muhitidir. Koʻpkari chopilganda otlar tuyogʻidan zamin zirillaganidek, adabiyot maydonida ham tortishuvlar, munozaralar, muxlislarning olqish sadolari jarang berib turishi kerak…

Ijodkor farishta emas, inson, uning oilasi ham bor. Men ijodkor oilasini “front orti” muhitiga oʻxshataman. Bu muhit qanchalik mustahkam, osoyishta boʻlsa, “frontdagi jang” shunchalik muvaffaqiyatli kechadi. Men oilamdan nolimayman. Ikki oʻgʻil, ikki qizim bor. Xonadonim osoyishta, totuv. Bolalarim onasi kuyunchak, osh-ovqat, saranjom-sarishtalik borasida tengi yoʻq, sira tinch oʻtirmaydi. Men uyda oʻzimni hech qachon masʼuliyatini unutmaydigan hushyor posbon, deb his qilaman. Oilam muhitida biror-bir nojoʻya ish sodir boʻlsa, bunda men avvalo oʻzimni aybdor sanayman. Farzandlarimga, sizlar qancha yoshga kirmangiz, men sizlarni tergashdan, tarbiyalashdan charchamayman deb, pisanda qilib qoʻyaman bot-bot. Oilada eng muhimi – tuganmas mehr va qiyin lahzalarda murosai madora. Bu hikmatni shior qilib olmagan oila koʻp bor qoqiladi.

Farzandlarim orasida ijodga ragʻbat bildirganlari yoʻq. Bundan afsuslanmayman. Bir paytlar Bernard Shoudan televideniye muxbiri: “Qizingiz ijodkor boʻlishini xohlarmidingiz?”, deb soʻraganida, “Aslo! Chunki men bunday mashaqqatli yumushni farzandimga ravo koʻrmayman. Ijod sohasida faqat birinchi boʻlishlikkina kishini baxtli qiladi. Aks holda, u xusumatchi yoki hasadgoʻyga aylanib qolishi hech gap emas. Shu boisdan men hammaga, farzandingiz agar adabiyotga qiziqsa, imkoni boricha uni bu yoʻldan qaytaring, qaytarolsangiz, u ajoyib muxlisga aylanadi. Agar u sizning barcha qarshiliklaringizni yengib oʻta olsa, xursand boʻlingki, undan haqiqiy ijodkor chiqishi mumkin”, deb javob bergan ekan.

Men oilamda kayfiyatimni hamisha bir maromda ushlashga urinaman, xayol dunyoimni begard saqlab, unga gʻubor yuqtirmaslikka harakat qilaman. Xuddi billur idishni koʻtarib olgan odam uni xonadagi turli ashqol-dashqollardan, stol qirralaridan ehtiyotlaganidek men ham tuygʻular olamimni bexos “turtki”lardan, noxushliklardan ehtiyotlayman, ihotalayman, ijod jarayonimni koʻz-koʻz qilishni yoqtirmayman. Men ijodkorligim uchun oilamda ham, jamiyatda ham imtiyoz talab qilmayman.

Meni shoir deb emas, tarjimon yoki yozuvchi deb atasalar, oʻzimni kamsitilgan hisoblayman. Lekin men oʻzimni oʻzim boshqalarga “shoirman” deb tanishtirishga hech qachon botinmayman, goʻyo oʻzimni “yaxshi odamman” deyayotgandek xijolat chekaman…

 

Mirpoʻlat MIRZO

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 10-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.