Endi faqat pul toʻlaganlar va… bilimlilar oʻqishga kiradi (mi?)

0
209
marta koʻrilgan.

Bugun oliy taʼlimni tamomlab ishga kelgan yosh kadrlarning bilimsiz va juda “xom” ekani koʻp sohalarda baralla aytilyapti. Taʼlim tizimi vakillari esa bunga qingʻir yoʻllar bilan oʻqishga kirib, shu ahvolda bitirayotganlarni sabab qilib koʻrsatishadi.

Bir tomondan bu gaplarda jon bor. Qoʻl bilan tutib koʻrsatishning iloji boʻlmasa-da, kimlardir oʻzining, yana kimlardir esa “birov”larning kallasi bilan oʻqishga kirayotgani ayni haqiqat. “Bunker”, “rektor gruppa”, “paravoz”larning koʻpi qoʻlga tushib qonun oldida ham javob berdi.

Oʻtgan yillardan farqli ravishda 2018/2019 oʻquv yilida oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirish birmuncha adolatli, oshkora va xolis boʻlgani aytilmoqda. Harqalay, osmonga chiqib ketgan ballar yerga tushganini koʻrib, yillar davomida kuchli tayyorlanib, “yiqilib-yiqilib” oʻtgan yili oʻqishga kirganlarni eshitib bunga ishonish mumkin. Ammo adolatni taʼminlash yoʻlidagi muammolar yoʻq emas. Birgina Samarqand viloyatida oliy oʻquv yurtida ota-onalar oʻz farzandlarini imtihon topshirishini onlayn kuzatib borishi uchun qoʻyilgan monitor “toʻsatdan” ishlamay qolgani ancha-muncha norozilikka sabab boʻldi.

Joriy yilning 15 fevral kuni “Oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etish uchun regulation. gov.uz saytiga joylashtirilgan edi. Mazkur loyiha mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirish va bildirilayotgan fikr va takliflarga munosabat bildirish maqsadida Davlat test markazi (DTM) rahbariyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida jurnalistlar savollariga javob berdi.

 

 – Mazkur hujjat loyihasi test sinovlari ochiq-oshkora, adolatli oʻtishida qanchalik ahamiyatli?

 – 2019–2020 oʻquv yili qabulida oʻtgan yilda oʻtkazilgan test jarayonlari, abituriyentlar va ularning ota-onalari fikr-mulohazalarini inobatga olib hamda Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa xorijiy davlatlar tajribasi chuqur tahlil qilinib, test sinovlarida qoʻllash mumkin boʻlgan takliflar inobatga olingan, – deydi Davlat test markazi rahbari Majid Karimov. – Shuningdek, test jarayonlarini soddalashtirish, abituriyentlarga qulayliklar yaratish koʻzda tutilgan.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasida quyidagi yangiliklar kiritilgan:

Birinchidan, abituriyentlar va ularning ota-onalari tomonidan ortiqcha ovoragarchilik va xarajatlarning oldini olish maqsadida ularning yashab turgan manzilida Davlat xizmatlari markazlari orqali roʻyxatga olish, abituriyent tomonidan tanlanayotgan taʼlim muassasasining joylashgan hududidan qatʼi nazar, oʻzi yashab turgan hududda test sinovlarida ishtirok etishi koʻzda tutilgan.

Ikkinchidan, abituriyentlarning oʻqishga kirish imkoniyatini yanada oshirish maqsadida ularga bir vaqtning oʻzida uchta bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlash huquqi berilmoqda. Shu oʻrinda ularga amal qilish muddati uch yil boʻlgan sertifikat beriladi. Undan uch yil davomida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun foydalanish mumkin boʻladi.

Uchinchidan, joriy yilda maktab, litsey va kollejlarni bitirayotganlar uchun test sinovlarini mutlaqo bepul, har qanday toʻlovlarsiz oʻtkazish tartibi saqlab qolinadi. Shu bilan birga, oʻtgan yil va undan oldingi davrda oʻqishni tugatgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun eng kam ish haqining bir barobari miqdorida (hozirgi kunda 202 ming 730 soʻm) toʻlovni amalga oshirish tartibi taklif qilingan.

 – Joriy yilda test sinovlarida ishtirok etish istagida boʻlgan abituriyentlar soni 1,2-1,3 million nafarni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Demak, abituriyentlardan undiriladigan toʻlov chakana summani tashkil etmaydi. Xoʻsh, nima uchun abituriyentlardan toʻlov yigʻish nazarda tutilmoqda? Yigʻiladigan mablagʻ nimaga yoʻnaltiriladi?

 – Test sinovlarini tashkil etish juda katta qoʻshimcha moliyaviy mablagʻ talab etadi va abituriyentlardan tushadigan toʻlovlar mavjud xarajatlarni toʻliq qoplash uchun yetarli deb boʻlmaydi. Jumladan, besh mingdan ortiq guruh nazoratchilariga toʻlanadigan ish haqi, ularga tashkil etiladigan tushlik, test materiallarini sifatli tayyorlash, oʻz vaqtida belgilangan joylarga yetkazish, olib kelish, saqlash va shu kabilar kiradi. Bu toʻlov summasi hali loyiha boʻlib, keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtgandan soʻng, bildirilayotgan fikr va takliflarga koʻra, kamaytirilishi ham mumkin. Abituriyentlardan tushadigan mablagʻ test sinovlarini yanada sifatli va qulay sharoitlarda tashkil etish, binolar ijara toʻlovi, katta quvvatli konditsionerlar, shaxsni aniqlovchi va kuzatuv kameralari, ota-onalar test jarayonlarini kuzatadigan monitorlar hamda abituriyentlarni ichimlik suv va ruchkalar bilan taʼminlashga sarflanadi.

 – Ushbu toʻlov abituriyentlar uchun test sinovlarining haqqoniy oʻtishiga qanchalik kafolat boʻla oladi?

 – Toʻlovni joriy etishdan maqsad tayyorgarliksiz, tavakkal bilan, bilimsiz va gʻarazli maqsadda testda ishtirok etmoqchi boʻlayotgan abituriyentlarni kamaytirishdir. Test sinovlari jarayonida oʻzgadan yordam olish yoki yordam berish holatlari yoʻqolishiga olib keladi va faqat bilimlilarning oʻqishga kirish imkoniyati ortadi.

 – Test sinovlarida beshta fan boʻyicha test topshirish taklifi berilyapti. Bundan koʻzlangan maqsad nima?

 – Bu joriy yilda emas, keyingi oʻquv yili uchun oʻtkaziladigan test sinovlarida qoʻllanilishi mumkin. Yaʼni, abituriyent uchta majburiy va ikkita ixtiyoriy fandan imtihon topshirishi mumkin boʻladi. Masalan, ona tilidan qoʻshimcha imtihon (diktant, ogʻzaki savol-javoblar) topshirib, kerakli ball toʻplay olgan abituriyent ona tili fanidan boʻladigan testlardan ozod qilinishi va maksimal ball olishi mumkin boʻladi. Yil oxiriga qadar bu borada aniq maʼlumotlar beriladi.

 

DTM rahbariyatining maʼlum qilishicha, abituriyentning ballari endi uch yilgacha “kuymaydi” – ularga test sinovida toʻplagan ballari haqida sertifikat beriladi. Bu uch yilga qadar amal qiladi. Kelgusi yillarda mazkur ball kirish uchun yetarli boʻlgan taqdirda u talaba boʻlish imkoniyatiga ega boʻladi.

Bularning hammasi loyiha va koʻzda tutilayotgan ishlar. Natija qanday boʻlishini esa yozda koʻramiz.

 

Bekzod NASIMBOYEV tayyorladi.

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.