“El netib topgay menikim…”

0
575
marta koʻrilgan.

Oʻzim haqimda gapirishdan oldin ota-onam toʻgʻrisida toʻxtalmay oʻtolmayman. Chunki tabiatimda mavjud neki fazilat va qusur boʻlsa, barchasi avvalo, ulardan oʻtgan. Buning uchun ota-onamdan minnatdorman va Ollohdan doim ruhlari shod boʻlishini soʻrayman. Shunday qilib…

 

Otam va onam

Otam Solijon Usmonxoʻja oʻgʻli bilan onam Zaynabposhsha Tojixoʻja qizi qariyb 60 yil ahil, inoq hayot kechirdilar. Ular 12 nafar farzand koʻrishgan, shundan atigi toʻrt kishi omon qolganmiz: opam, men va ikki singlim. Olti oʻgʻilning barchasi nobud boʻlganligidan koʻngli oʻksigan dadam men tugʻilganimda Ollohga iltijo qilib, “shu oʻgʻlim menga yoʻldosh boʻlib yursin” deb tilagan va ismimni Yoʻldoshxoʻja deb atagan ekanlar.

Dadamni Buloqboshi deb atalgan qishlogʻimizda tanimagan odam yoʻq edi. U kishiga hamma hurmat bilan “Mulla Solijon” deb murojaat qilishardi. Dadam chinakamiga mulla odam boʻlib, din ilmini ham, zamonaviy yozuv va hisob-kitobni ham puxta oʻzlashtirgan ziyoli odam edilar. Otasi Usmonxoʻja kattamizning toʻrt gektarlik xususiy yeri boʻlib, dehqonchilik bilan shugʻullangan ekan. Dadam ham mirishkor dehqon edilar. Biroq inqilobdan keyin yerlari davlat hisobiga oʻtgan, oʻzi kichkina tomorqamizda ishlab, qovun, bulgʻor qalampiri va boshqa roʻzgʻorbop mahsulotlar yetishtirardilar, ortiqchasini bozorga olib chiqardilar. Jamoa xoʻjaliklari yangi tuzilgan paytdan boshlab oʻttiz yildan ziyod hisobchi boʻlib ishladilar. Nihoyatda halol odam boʻlganligidan shaʼniga gard, nomiga dogʻ yuqtirmay nafaqaga chiqdilar.

Bu halollik menimcha, u kishiga dinimiz ahkomlariga qattiq rioya qilishidan, “Qurʼoni Karim”ni bir necha marta xatm qilganligidan boʻlsa kerak. Har qanday sharoitda ham besh vaqt namozini kanda qilmay oʻqiganini koʻp kuzatganman. Oyatlarni tilovat qilganlarida qulogʻim ostida xuddi mahoratli hofiz qoʻshiq aytayotgandek huzur qilardim. Uyimizga koʻpchilik kelib, dadamdan eskichadan saboq olganlarini koʻrganman. Albatta bu kelishlar yashirincha boʻlardi.

Ayni chogʻda dadam qattiqqoʻl va jahldor odam edilar. Yakka oʻgʻil deb meni ayab oʻtirmasdilar. Ertalab ishga ketayotib baʼzi ishlarni bajarib qoʻyishimni tayinlar, kelgandan keyin tekshirib koʻrardilar. Mabodo bajarmasam, suvga solib qoʻyilgan behining xipchinini olib quvalab qolardilar (keyin bilsam bu xipchinlar meni savalash uchun emas, balki tol novdalari bilan birga turli shaklda savat toʻqish niyatida ivitib qoʻyilar ekan. Dadamning qoʻlidan savat toʻqish ham kelardi!). Shunda buvim meni keng etaklari ichiga “yashirar”, dadam esa xuddi koʻrmagandek “qani, qayoqqa qochdi? Hozir ushlab olsammi, keti yorilguncha savalardim-da!” deganicha goʻyo meni izlab koʻchagami, chorbogʻgami chiqib ketardilar. Biz buvim bilan dadam kelgunicha buyurilgan ishni apil-tapil bajarib qoʻyardik. Garchi quruq poʻpisa boʻlsa ham dadamning bu talabchanligi menda boshlagan ishimni oxiriga yetkazmaguncha tinchimaslik fazilatini shakllantirdi.

Dadam uchta inqilob (1905,1917 yil fevral va oktyabr), ikkita jahon urushini, ikki bora ochlikni koʻrgan va ulardan tegishli xulosalar chiqargan odam edilar. Ammo biron joyda siyosat haqida gapirganini eshitmaganman. Shunga qaramay, ich-ichidan hukumat rahbarlaridan kimning qandayligini bilib yurar ekanlar. Buni quyidagi voqeadan bilib olganman: 1953 yilning mart oyi boshlari. Biz – sovet oʻquvchilarining “sevimli dohiysi” Stalin vafot etgan qaygʻuli kunlarimiz. Men Stalinning qaysidir jurnalda chiqqan generalissimus libosidagi suratini qoʻldan qoʻymay, yigʻlab yuraman; mol-holni boqish yoʻq, aytilgan ishlarni qilish yoʻq, tomorqaga qarash yoʻq… Bir kuni dadam ishdan kelganida ham soʻrida rasmga tikilib xoʻrsinib oʻtirgandim. “Ha, otasi oʻlgan yetimchadek mishiqingni oqizib oʻtiribsanmi? Oʻlsa-oʻlibdi-da bitta ablah! Osmon uzilib yerga tusharmidi?” dedilar va qoʻlimdan suratni yulqib olib, yonib turgan oʻchoqqa tashladilar. Men “dada!”deb baqirdim-da, yarmi kuygan rasmni qoʻlimga olib hoʻngrab yigʻlab yubordim va “Nima qilib qoʻydingiz? Endi sizni otib tashlashadi” dedim. Dadam pinagini ham buzmadi, “E, kami boʻlsa otsa otaversin. Qanchadan qancha odamlarning boshiga yetdi bu yaramas. Oʻlgani yaxshi boʻldi!” dedilar. Dadamning haqligini, nafrati sababini uch-toʻrt yildan keyin tushundim va mehrim yanada ortdi.

Onam nihoyatda yumshoq tabiatli ayol edilar. Soʻzlaganda xalq maqollarini moʻl-koʻl ishlatar, gazeta-jurnallarni koʻp mutolaa qilardilar (ularni dadam olib kelardi). Buvim menga koʻp qoʻshiqlar aytib berardilar. Kap-katta bola boʻlib qolganimda ham quchogʻiga olib, yelkamga ohista urgancha alla aytar, xush yoqqanidan uxlab qolardim. Shukrki, ota-onam yoshlarini yashab olamdan oʻtdilar. Men ularning hayotligi chogʻida nechogʻlik xizmat qildimmi, qilolmadimmi, bilguvchi Ollohdir. Hozir ham ularning qabrini tez-tez ziyorat qilib, boʻlajak ishlarimga madad berishlarini soʻrab turaman. Ehtimol, ishim yurishayotganligi, oʻylagan niyatlarim oʻz vaqtida amalga oshayotganligi ularning roziligi va ruhining qoʻllab-quvvatlab turganligidandir?!

 

Kitob – doimiy hamrohim

Dadam bizni ham kitob va ilmga oshno qilib tarbiyaladi. Uzun qish kechalari u kishi sandal atrofiga yigʻilgan oila azolariga shirali ovozda goh Ibrohim Adham qissasi, goh Goʻroʻgʻli haqidagi va boshqa turli xalq dostonlarini oʻqib berardilar. Men ularni yodimda olib qolib, ertasiga oʻrtoqlarimga aytib berardim. Oʻzi oʻqimishli odam boʻlgani uchunmi yoki yakka-yu yagona oʻgʻlining ham oʻqimishli, bilimdon odam boʻlib yetishishini istaganidanmi, har qalay, kitob oʻqib berishlaridan tashqari menga kolxoz kutubxonasidan koʻp kitoblar ham opkelib berardilar. Esimda, 6-sinfdaligimda qalin qora muqovali kattakon kitob olib keldilar. Bu Sadriddin Ayniyning 1952 yilda nashr qilingan “Qullar” romani edi. Kitobni harislik bilan juda tez oʻqib chiqdim. Shu qadar tasirlandimki, muqovadagi eti suyagiga yopishib ketgan odam koʻz oldimdan ketmay qoldi. Birinchi oʻqishimdayoq, hayoti nihoyatda ogʻir kechgan qul Nekqadam-Rahimdodning hayot shaʼmi soʻnayotgan chogʻida ham umid bilan aytgan mana bu qoʻshigʻi xotiramga abadiy mixlanib qoldi:

 

Dodlama, dodlama, dod sasi galdi,

Qarshining choʻlidan yor sasi galdi.

Oʻlkadan oʻlkaga yel kabi uchsam,

Kunlarning birida yor yuzin koʻrsam.

 

Shunday qilib, mening tarbiyamda kitobning roli katta boʻldi. Dadam oʻqib, opkelib bergan kitoblar qatoriga maktab darsliklari, yangi badiiy asarlar qoʻshildi. Adabiyotning sehrli olami meni koʻproq torta boshladi. Maktab kutubxonasi kambagʻal edi, kolxoz kutubxonasini titkiladim. Dadam tufayli bu yerdagi kitoblarning koʻpini ham oʻqigan ekanman. Keyin tuman kutubxonasiga qatnay boshladim. Kitoblarning qahramonlari mening hayotimga faol kirib kela boshladilar, yashash tarzimga taʼsir etdilar. Men “Uch ogʻayni botirlar”dek har qanday vaziyatda ham aql-farosat bilan ish koʻrishni, “Soʻna” singari maqsadidan qaytmaydigan irodali boʻlishni, Farhodga oʻxshab koʻproq bilim olishni va ota-onani qattiq hurmat qilishni, Robinzon Kruzo kabi qiyinchiliklarni yengishni va odamlarga yordam berishni oʻrgandim. Tabiiyki, biz tengi avlodning shakllanishiga “Ona”, “Yosh gvardiya”, “Poʻlat qanday toblandi”, “Boy ila xizmatchi”, “Qutlugʻ qon” asarlarining qahramonlari ham jiddiy tasir koʻrsatgandi.

Aslida kitobning yomoni boʻlmaydi. Chunki har qanday asar ham ijodkor tomonidan yaxshi niyatni koʻzlab, odamlarni ezgulikka davat etish uchun yoziladi. Faqat uni mutolaa qilgan oʻquvchining qabul qilish, tushunish iqtidori muhimdir. Xalqimizda “Odobni odobsizdan oʻrgandim” degan hikmatli ibora bor. Asardagi qahramonlarning axloqsizligi, illatlaridan nafratlanib, ularni inkor etishning oʻzi insonni ezgulikka yetaklaydi. Buning uchun kitobxonda fikrlash qobiliyati kuchli boʻlishi lozim. Talabalarga “Adabiy tanqid tarixi” fanidan dars berganimda tanqidchilik kasbining xususiyatlari haqida toʻxtalar ekanman, oʻrtaga shunday savol tashlayman: “Kitobxonlar uch xil toifaga boʻlinadi: 1. Yuqori saviyali; 2. Oʻrta saviyali; 3. Past saviyali. Xoʻsh, biz – oʻzbek tili va adabiyoti fani boʻyicha mutaxassis boʻlib chiqadiganlar, yaʼni boʻlajak munaqqidlar qaysi toifaga mansubmiz?” Mening talabchanligimni bilgan talabalar “oʻrta” yoki “past” deb javob beradilar. Men esa “Yoʻq, topolmadilaring. Biz mutaxassis sifatida asarni tanlamay oʻqishga majburmiz. Shuning uchun biz peshonasi shoʻr kitobxonlar sirasiga kiramiz” deyman. Sababi – oʻquvchimiz yoki biron tanishimiz “Domla, siz adabiyotchisiz. Men falon kitobni oʻqib, mana bu joyini tushunmadim. Yozuvchi nima demoqchi?” deb soʻrab qolsa-yu, javob berolmasak, bundan xijolatlisi boʻlmaydi.

Ha, kitob oʻqishning oʻziga yarasha masʼuliyati va albatta, majburiyati ham bor. Buni biz, mutaxassislar, ayniqsa, yaxshi bilishimiz shart.

 

Ezgu niyat yoʻlida

Dastlabki yillarda men goh uchuvchi, goh shifokor, goh harbiy xizmatchi boʻlishni orzu qilardim. 8-sinfdan boshlab adabiyot oʻqituvchisi boʻlishga qatiy qaror qildim. Bunga quyidagi etibor sabab boʻldi. Adabiyot oʻqituvchimiz Umarjon aka Ahmadjonov (Olloh rahmatiga olgan boʻlsin) mening darslikdagi mavzularni oldindan oʻzlashtirib kelishimni payqab qolib, darsga kirishi bilan yangi mavzuni eʼlon qilardi-da, doskaga chiqarib, “qani, Yoʻldoshali, javra (biz tomonda gapiraver degani)!” der edilar. Albatta, sinfdoshlarim oldida oʻzimni bilimdon koʻrsatish uchun iloji boricha koʻproq “javrardim”. Ustozimiz maqtab-maqtab “5” baho qoʻyar, boshqalarni ham mendek boʻlishga undardi. Qariyb ikki yil shu zaylda oʻtdi, men tuppa-tuzuk dars beradigan “oʻqituvchi” boʻlib qoldim.

Oʻninchi sinfni bitirgandan keyingi uch yillik mehnat faoliyatim mening hayotimda alohida bosqich hisoblanadi. Qarib, ishdan boʻshab olgan otamning raʼyidan oʻtolmay oʻqishga bormadim. Dastlab qurilish brigadasida, keyin aloqa boʻlimida ishladim. Pochtalonlik kasbi mening ham matbuotga, ham adabiyotga boʻlgan mehrimni yanada oshirdi. Mamlakatda chiqadigan barcha gazeta-jurnallar qoʻlimdan oʻtar, ularni oʻqimay turib tarqatmasdim. Oʻzim ham qiziqib, gazetalarga turli maqolalar yoza boshladim. Fikrim charxlandi, yozish malakasini egalladim. Tez orada buning foydasi tegdi. Biroq bir tasodifiy hodisa roʻy bermaganida men bu foydaning natijasini koʻrmay oʻtardim.

Bilasiz, pochtalon qishloq kezadi, uyma-uy yuradi. Hamma tanish, hamma narsa koʻz oʻngingda. Kimning qanday tashvishi bor – bilasan, qayerda nima boʻlyapti – koʻrasan. Men ham pochtalon sifatida kuniga uchta qishloqni aylanib chiqaman, hatto dalalarga borib odamlarga gazeta-jurnallar, xatlar tarqataman. Albatta, yurishim bekor ketmaydi, qanday yaxshi yoki yomon narsalarni koʻrsam, darhol gazetaga yozaman. Bir kuni Pastkibuloqboshi qishlogʻidagi bir yerda gʻoʻzalarni yovvoyi oʻt bosib ketganini koʻrib qoldim va tumanning “Paxta uchun” deb atalgan gazetasida “Bu yerlarda gʻoʻza oʻstirmoqchi edilar-ku” sarlavhali tanqidiy maqola chiqardim. Brigadir ayol kishi boʻlib, raisga ustimdan shikoyat qilibdi. Bir kuni rais Imomnazar aka qishloq guzarida meni ushlab oldi-da, “Shu maqolangga qancha pul beradi? Ayt, mana men beraman!” dedi. “Menga pul kerakmas (chunki gazetalardan juda koʻp gonorar olardim-da! Raisning sadaqasiga zormanmi?). Undan koʻra yeriga ishlov bersin. Boʻlmasa, yana kattaroq gazetaga yozaman” deb shakkoklik qildim (axir, komsomol edim-da!). Ertasiga bosh hisobchi meni chaqirib, “Uka, kolxozda pochtalonlik shtati qisqardi. Siz boʻshsiz” deb pattamni qoʻlimga tutqazdi. Endi oʻqimasam boʻlmasligiga aqlim yetdi.

1960 yili ota roziligini olib, Fargʻona davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetiga hujjat topshirdim. Birinchi imtihon oʻzbek adabiyoti fanidan yozma-insho ekan. Omadim yurishganini qarangki, insho mavzularidan biri “Oybekning “Qutlugʻ qon” romanidagi Yoʻlchi va Gulnor obrazlariga xarakteristika” deb atalardi. Koʻzlarim yonib ketdi – axir, bu kitobni yodlavorganman-ku! Ozmas-koʻpmas 14 bet yozibman. Oradan uch kun oʻtib, meni Hasanxon Rustamov degan domla yoʻqlab topdi (keyin bilsam u kishi fakultet dekani ekan). Yoniga kirsam, qoʻlimni oldi-da, “E, sizmisiz, tabriklayman, uka! Xatingiz chiroyli, xatosiz yozar ekansiz. Jumlalar toʻgʻri va puxta. Bizga shunday savodli yoshlar kerak. Aʼlo qoʻydik, aʼlo! Qolgan imtihonlarga ham astoydil boʻling. Muvaffaqiyat tilayman” dedilar. Koʻnglim togʻdek koʻtarilib chiqdim. Oʻqishga kirganimdan keyin to bitirib ketgunimga qadar dekanatning shtatsiz xodimi boʻlib qoldim. Oʻqishdan keyingi paytlarda bu yerdagi mashinkani chiqillatib oʻtirib, yozishni oʻrganib oldim. Oradan koʻp oʻtmay oʻzbekcha matnlarni bosish uchun meni maʼmuriyatga ishga olishdi. Ham oʻqish, ham ish ogʻirlik qilardi. Shunda…

…yana adabiyot madadkor boʻldi. Bilasiz, adabiyot hayotga nekbin koʻz bilan qarashni, umid bilan yashashni (Uygʻunning “Hayot qoʻshigʻi” dramasi qahramoni Nurmat otaning yoshlarga qarata aytgan “Umid yaxshi narsa, qoqilsang – suyaydi, yiqilsang – koʻtaradi” degan gapi qulogʻim ostida doim jaranglab turardi), irodali boʻlishni oʻrgatadi. Oʻsha paytda institutdagi fan kabinetlari, kutubxonaning yozgi va qishki oʻquv zallari kech soat 11 gacha ishlardi. Men bu imkoniyatdan unumli foydalanishga harakat qildim. Kerakli kitoblarni olib qolib, xodimlar ketgandan keyin ham charogʻon boʻlib turgan yozgi oʻquv zalida tong otguncha dars tayyorlardim. Bora-bora oʻqigan kitoblarimni auditoriyada oʻrgangan nazariy bilimlarim asosida tahlil etish istagi paydo boʻldi. Esimda, birinchi ilmiy maqolam 3-kursda oʻqib yurgan paytimda bosilgan edi. Oʻsha yillari oʻzbek tiliga yangi tarjima qilinib, yoshlar oʻrtasida mashhur boʻlib ketgan “Soʻna” romanining muallifi E. Voynich yuz yoshga toʻlgandi. Maqolani tayyorladim-da, tavakkal qilib oʻzim sevib oʻqiydigan “Oʻzbekiston madaniyati” (hozirgi “Oʻzbekiston adabiyoti va sanati”) gazetasiga yubordim.

Qarangki, ozgina muddat oʻtib, maqolam chiqib turibdi-da! Xursandligimni qoʻyaverasiz! Keyin yozishmi?! Albatta, hamma yozganlarim ham bosilavermasdi. Ammo yozishdan, fikrlashdan toʻxtamadim. Bu menga faqat foyda berdi. Ayni chogʻda qanday daraja va mavqega ega boʻlsam, buni oʻquvchilik va talabalik yillarimda shakllangan tirishqoqligim samarasi deb bilaman.

Oliy oʻquv yurtida bizga oʻz kasbini qadrlaydigan, fanlarni puxta bilgan professor-oʻqituvchilar dars berishdi. Bulardan ayniqsa, mumtoz adabiyot bilimdoni Akramjon Ibrohimov, jahon adabiyotini chuqur oʻrgangan va oʻzbek adabiyotiga qiyoslab tahlil qiladigan Azimjon Rahimov, savodxon va ilmga intiluvchi yoshlarni nihoyatda qadrlovchi ustoz Hasanxon Rustamovlar menda oʻlmas taassurot qoldirgan. Akramjon Ibrohimov sheʼriyat shaydosi edi. 1960 yilning 2 sentyabri oʻla-oʻlgunimcha esimdan chiqmasa kerak. Biz – birinchi kurs talabalari oʻzbek mumtoz adabiyoti fanidan A. Ibrohimov domlaning ilk maruzasini tinglayapmiz. Ovozi nihoyatda yoqimli ustoz oʻsha kuni hech narsaga qaramay shu qadar koʻp gʻazal, ruboiy, qita, fardlar oʻqidiki, tasirlanganimdan barchasi xuddi magnit tasmasiga yozilgandek xotiramga oʻrnashib qolgan (maqtanyapti demang-u, hozir ham oʻsha sheʼrlarning koʻpini yodaki oʻqib bera olaman). Domla oʻsha nozik zamonda ham Alisher Navoiyning “Ashraqat min aksi shamsil-kaʼsi anvoril-xudo, Yor aksin mayda koʻr, deb jomdin chiqti sado” misralari bilan boshlangan gʻazalini boshdan oxirigacha yoddan oʻqib, tahlil qilib bergandilar. Shuningdek, u kishi Ahmad Yassaviy, Bobur kabi taʼqiqlangan shoirlar ijodi haqida gapirishdan ham qoʻrqmasdilar.

Men bu bilimdon va gʻamxoʻr ustozning nazariga tushganimdan, u kishining taklifi bilan kafedraga ishga olinib, ilm yoʻliga kirganimdan minnatdorman. Ustozning ishonchini oqlash men uchun sharaf edi. Shuning uchun oʻz oldimga shunday vazifa qoʻydim: “Hozir 27 yoshga kirding. Bu yerda ishlashdan maqsad ilmiy ish qilish boʻlsa, 35 yoshgacha kandidatlik dissertatsiyasini yoqlasang yoqlading, boʻlmasa, institutdan ketasan!” Ishdan ajralmagan holda dissertatsiya ustida ish boshladim. Shukrki, bu yerdagi yaxshi odamlarning qoʻllab-quvvatlashi, ilmiy rahbarim professor Salohiddin Mamajonovning qattiqqoʻlligi va talabchanligi evaziga 32 yoshimda fan nomzodi boʻldim. Shunday ustozlarning qoʻliga tushganimdan faxrlanaman. Chunki avvalo, oʻzining quntsizligi, qolaversa, rahbarining beparvoligi tufayli mendan oldin ish boshlaganlarni ortda qoldirib ketdim. Bu gaplarimni jurnalxon doʻstim maqtanchoqlik deb qabul qilmasligini oʻtinib soʻrayman. Tabiatimda shakllangan bu qatʼiylik, intizomlilik, aytgan gapining uddasidan chiqish fazilatlari adabiyot tasirida shakllanganligini isbotlamoqchiman xolos.

 

Hayotiy aʼmollarim

  • Egilganga egilaman – boshim yerga tekkuncha. Kekkayganga kekkayaman – boshim koʻkka yetguncha.
  • Vaʼda berdimmi, albatta, bajaraman. Qoʻlimdan kelmasa, ming bora xafa boʻlsalar ham vaʼda bermayman.
  • Biron ishni boshlashdan oldin tugatish muddatini belgilab olaman. Aytilgan muddatda bajarmaguncha tinchimayman.
  • Qatʼiy rejim hamda reja asosida ishlayman va yashayman. Har kuni ertalab soat 5 dan 6 gacha badantarbiya bilan shugʻullanaman. Soat 6 dan 7 gacha ilmiy-tadqiqot boʻyicha rejalashtirilgan ishlarimni qilaman yoki kitob oʻqiyman. Mabodo biron sabab bilan ertalab ishlay olmasam, oʻsha kuni boy berilgan vaqtni toʻldirmaguncha koʻnglim oʻrniga tushmaydi.
  • Faoliyatimda hazrat Alisher Navoiyning “El netib topgay menikim, men oʻzimni topmasam” degan hikmatli shioriga amal qilaman. Zero, inson oʻzini tanimaguncha, qadriga yetmaguncha oʻzgani tan olmaydi va qadrlamaydi.
  • Kattami-kichikmi, yaxshimi-yomonmi (aslida-ku, ustozning yomoni boʻlmaydi-ya) barcha ustozlarimni hurmat qildim, qadriga yetdim. Ularni tez-tez yoʻqlab turdim. Institutda menga saboq bergan va ishga olib qolgan domlam Akramjon Ibrohimovga “Nutq va uslub” deb nomlangan monografiyamni bagʻishladim. Ilmiy-tadqiqot ishlarimga rahbarlik qilgan ustozim akademik Salohiddin Mamajonov haqida “Olimning olami” deb atalgan kitob chiqardim. I. Sulton, M. Qoʻshjonov, O. Sharafiddinov, S. Ahmad kabi ustozlarni tez-tez borib koʻrib, duosini olib turdim. Hozir ulkan adabiyotshunoslar Umarali Normatov, Ibrohim Gʻafurovlarni ziyorat qilib turaman. Bu ulugʻ ustozlar bilan oʻtkazgan damlarim umrimning eng baxtli va lazzatli onlaridir.
  • Kishining kamchiligi boʻlsa yoki davrada notoʻgʻri gap aytsa, darhol yuziga aytaman. Bu odatim koʻpchilikka maʼqul tushmaydi va arazlab yurishadi. Ammo men parvo qilmayman, prinsipimdan chekinmayman.
  • Hozirgi paytda toʻrt kishilik jamoaga rahbarlik qilish ham oson emas. Chunki dunyo oʻzgardi, tafakkur oʻzgardi. Shuni hisobga olib men kafedra mudiri sifatida avvalo, oʻzim barcha sohada oʻrnak koʻrsatishga, samarali ishlashga intilaman. Buni rahbarning gapi oʻtishi uchun katta omil deb bilaman.
  • Menga ixlos bilan yukinib kelgan yoshlarni hech qaytarmay bagʻrimga olaman. Ularni gʻoyat qattiqqoʻllik va intizom bilan tarbiyalayman. Tinim bilmay ishlashga majbur qilaman. Koʻp oʻqitaman, yozganlarini qayta-qayta ishlashga oʻrgataman. Topshiriqni vaqtida bajarmaganlarni qattiq koyiyman. Bunga chidamagan ayrim noshukrlar ustimdan igʻvo qilib yurishadi. Chidayman. Nailoj, boshidan oʻtgan tabib kimga qanday dori em boʻlishini yaxshi biladi!
  • Hozirgi adabiy jarayon bilan koʻproq tanishib borishga harakat qilaman. Talabalarim, hamkasblarim va shogirdlarimning bironta savoliga javob berolmay, tilim qisiq boʻlib qolishidan uyalaman. Ayni chogʻda yaratilayotgan asarlarning aksariyati menga maqul emas. Lekin yaxshi asar oʻqisam, qoʻshiqda aytilganidek, oʻzimni toʻxtatolmayman. Nimadir yozib chiqarishga, fikr bildirishga urinaman. Ruxsatingiz bilan ana shunday yaxshi asarlari bilan oʻquvchilar mehrini qozonayotgan tabiat shaydosi Normurod Norqobilov ijodining bir fazilatiga bagʻishlangan maqolamni etiboringizga havola qilsam.

 

Yoʻldosh SOLIJON

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.