“Dunyoni yaxshilar ushlab turadi”

0
390
marta koʻrilgan.

1

Eslasam, kulgim kelaveradi: bolalik-da, bolalik. Tirmizak-tirrancha bola boʻlmasang, kelib-kelib oʻz otangni “felyeton” qilasanmi? Tagʻin qayerda deng? Oʻz uyida, qosh-koʻzining shundoq ostida – “Oilamiz ovozi” gazetida-ya!

Shoʻring qurgʻur bu gazetning dunyoga kelishiyam, ketishiyam ikki kunlik boʻlgan. Birgina soni chiqiboq boqiylikka joʻnagan bunday “bebaxt” gazet, ommaviy axborot vositalari deb atalguvchi olamda (agar oʻsha gazetni ham shu olamga aloqador demoq mumkin boʻlsa) yagona boʻlsa, ajabmas.

Janobingiz oʻsha zamonda yo beshinchi, yo oltinchida oʻqirdim. Maktabimizga “muxbirlik” kasali yuqqan edi. Har sinfda ikki-uchtadan, beshta-oltitagacha “muxbir” javlon urardi. Ular katta-kichik xabaru maqolalari bilan tuman, viloyat, hatto, respublika gazetlarini ham betoʻxtov “bombardimon” qilgani-qilgan edilar. Shu yaqin “qorongʻi daraxtda”da tangaday yangilik sodir boʻlsa, tamom – ertasigayoq birvarakayiga ikki-uch gazetda elga salom berib turardi. Muxbir serob – hamma birinchi boʻlish ishqida kuyib-pishar edi-da. Ora-sira bizning xabarlar ham koʻrinib qolardi u yer-bu yerda.

Yozuv-chizuv ishtiyoqi hammanikidan ham kaminada kuchliroq boʻlgan shekilli, kunlarning birida uyimizda gazeta chiqarmoqqa (bu fikr qayerdan kelganiga hali-hali aqlim yetmaydi) kirishibman. Darvozadan hovlimizga kirgan joyda mol-holga yem, xas-xashak saqlanadigan somonxona boʻlguvchi edi. Devorlari suvoqsiz, shiftini oʻrgimchak inlari qoplagan bu joy yozda boʻsh turgani uchun boʻlsa kerak, Iskandar, Quddus, Abdunazar, Rahimberdi degan joʻralar bilan hashar qilib, uyni tozaladik, somonli loy bilan devoru yerini kuchimiz yetganicha suvadik. Gazetlarni bir-biriga qator ulab, shiftga yelimladik. “Yozgi kanikul”da hordiq chiqarayotgan sandalni oʻrtaga joylashtirdik. Xullas, somonxonaga “darsxona” tusini bergan boʻldik.

“Darsxona” yaratish jarayonida oilamizda bolalarning dars qilishlari bilan bogʻliq bir qator kamchiliklar mavjudligi aniq-tiniq koʻrinib qoldi. Oʻzingiz tanangizda bir bir oʻylab koʻring, bitta roʻzgʻordan toʻrt kishi: akam, kamina, ukam va singlim maktabga qatnaymiz. Demak, bir oilada toʻrtta oʻquvchi bor. Lekin uyda stol u yoqda tursin, bir dona maymoq stul ham yoʻq. Yerda uzala tushib yotib kitob oʻqiymiz. Biroq oʻn uch bolorli katta uyimizning uchta taxmoni koʻrpa-yostiqqa, ikkita tokchasi choynak-piyolaga toʻla. Necha yillardan buyon tutilmagan chinni idishlaru boʻgʻjomaga qamalgan koʻrpa-koʻrpachalar oʻrniga stol-stul olish mumkin-ku, axir! Modomiki, hukumat, bolalar – bizning kelajagimiz, deyotgan ekan, oilamiz boshligʻi boʻlgan otamiz nima uchun bunday hayot-mamot masalasiga panja orasidan qarab kelmoqda?!.. Bir koʻnglim, bu muammolarni (qolaversa, qishlogʻimizdagi boshqa oilalardagi ahvol ham biznikidan gʻarib boʻlsa borki, lekin yaxshi emas) tuman gazetigami, “Tong yulduzi” (burungi “Lenin uchquni”)gami boplab ur, deydi. Lekin otamdan hayiqqanim tufayli albatta, bu fikrdan qaytgan boʻlsam kerak. Uyda, hali nomi tilga olingan shoʻrpeshona devoriy gazetni chiqarib, yuqoridagi kamchiliklar uchun otamni “felyeton” qilibman. Rahmatlik otam sodda, ammo oʻta hamiyatli, qishloq obroʻyi uchun jon-tani bilan kurashadigan, yordamga muhtojlardan borini ayamaydigan, mehnatkash, tanti va choʻrtkesar odam edi. Son-sanoqsiz matalu masallar, ertagu dostonlarni yod bilar, koʻhna qoʻshiqlar, aytimlarni suyub xirgoyi qilar, ammo savodxon emasdi. Sababi, ota-onadan juda erta ayrilgan, ogʻir qiyinchiliklarga duchor boʻlgan, oʻqish-yozishni oʻrganish imkoni boʻlmagan. Shuning uchun ham “Oilamiz ovozi” gʻarib ayvonimizning oʻrtasida – ikki deraza oraligʻida osilganiga qaramay, otam ikki kungacha eʼtibor bermabdi. Gazetni sinfdoshlarim oʻqishgan emasmi, ular uyidagilarga yetkazishibdi. Quddusning otasi Arslonxon eshon bobo bir toʻyda otamni koʻrib qolib, masxaraomuz kulibdi. Kichik ukam Abdusoli oʻqib berganidan keyin esa shoʻrpeshona gazet xuddi Jordano Bruno singari yonayotgan oʻchoqda kulga aylandi. Ammo, shuni gʻurur bilan taʼkidlash joizki, sal vaqt oʻtmay, nafaqat biznikida, balki qishlogʻimizdagi boshqa ayrim xonadonlarda ham stol-stullar paydo boʻlgani hech esimdan chiqmaydi…

Yana bir tafsilot. Qishlogʻimiz bilan qoʻshni Nisbot qishlogʻi orasida Yangi ariq kanali bor. Tumanimiz markazi boʻlgan Urgut shahriga eltuvchi katta yoʻl ham ana shu kanaldan oʻtadi. Lekin kanalning koʻprigi shu qadar omonatki, yuk mashinalari oʻtayotganda shovshab yotgan toʻsinlar qaltirab, belanchakdek chayqalib, botmon-botmon tuproq yoriqlardan shovullab suvga toʻkiladi, otliq ham, piyoda ham yuragini hovuchlab oʻtadi. Oʻsha – oltinchida oʻqiyotganda “Urgut sadosi” (burungi “Oktyabr alangasi”) gazetida “Qilpillama” sarlavhali tanqidiy maqolam chiqdi. Kolxozimiz raisi bor edi, Abror Toʻraqulov degan. Rayonda dongdor, obroʻli raislardan edi. Raykomdan gap eshitgan ekan, koʻchada otamni uchratib qolib kesatibdi, loʻlidan odam chiqsa oʻtoviga oʻt qoʻyar, deb. Otamning hurmati baland edi Rais boboga. Rais boboga, bolalik qipti, tanobini tortib qoʻyaman, depti. Ammo unday qilmadi. Unaqalarni yozishga hali yoshlik qilasan, hozir yaxshilab oʻqish kerak, dedi, xolos. Bilasiz, bola deganda doʻppidaygina shumlik ham boʻladi, otam nasihat qilayotganida, ichida allaqanday gʻurur borligini ovozidan sezib turdim…

Balki tasodifdir, balki rejalidir, ishqilib, oradan biroz vaqt oʻtib, kanal ustida yangi, temir-beton koʻprik qurildi…

 

2

Demoqchi boʻlganim shuki, eslab koʻrsam, gazetachilikni beshinchi yo oltinchi sinfdan boshlagan ekanmiz. Nasiba ekan-da, umrimiz jurnalistu yozuvchilar orasida oʻtayotir. Peshonamga shunday qismat bitilganiga bir emas, oʻn emas, ming martalab shukurlar qilaman. Odamlarni, elni, yurtni tanidim; bitta-yarimta tanigan boʻlsa, buyam shu kasb, shu qalam tufaylidir.

Oʻtgan yillarda turfa feʼlu turfa xislatli odamlar bilan uchrashdim. Eh-he, ular orasida kimlar yoʻq deysiz! Saxiyi ham, baxili ham; davring kepti, sur begim, davroning kepti, ur begim, degichlar ham; shahar – sharmandaniki, yutogʻich tuyani yungi bilan yutadi, degichlar ham; eshak – siypalaganni, yomon – siylaganni bilmas, degichlar ham…

Xullas, doʻst-birodar, tanish-bilish – ularning har biri misoli bitta kitob. Lekin, ular orasida ustozlarning oʻrni tengsiz. Ustoz degani maktabdagi oʻqituvchi bilan oʻquvchi singari biri oʻrgatadi, biri oʻrganadi, degani emas ekan. Ustoz degani goho bir ogʻiz pand-nasihat qilmasa ham oʻzining yurish-turishi, atrofdagilarga munosabati, hayot tarzi, ish uslubi, muomala madaniyati kabi xislatlari bilan beoʻlchov saboqlar berib, saxovat yoʻliga chorlab turar ekan hamisha. Shuning uchun ham goʻzal chechakka bolari qoʻnganidek, ustozlar huzuriga oshiqar ekansan. Yoshi yetmishdan oshgan esa-da, hanuz bolalardek sodda va samimiy Pirmat Shermuhamedov, alloma va tanti Odil Yoqubov, vazmin va bagʻri keng Erkin Samandar, betakror adib Oʻtkir Hoshimov, kattayu kichikka birdek suyumli ijodkor Xudoyberdi Toʻxtaboyev kabi ulugʻlar bilan birga bir tashkilot, bitta jamoada ishlash baxtiga muyassar boʻldim.

Shukrkim, dunyoda, jamiyatda yaxshi odamlar koʻp. Men nima uchun dunyoga keldim, dunyoga kelib nima qildim, biron kishiga nafim tegdimi, yashashdan maqsadim nima oʻzi, mayda-chuydalarga koʻmilib umr oʻtkazishmi yoki bir tup boʻlsa hamki koʻchat ekib koʻkartirishmi, qabilidagi haqli savollarni oʻzingga berganing sari haligidaqa qitmir kimsalarning basharalari xira, qiliqlari nimjon, koʻrimsiz va mezon singari ojiz boʻlib qoladi.

Xususan, ijodga daxli bor odam… mayda-chuydalardan balandda turmogʻi shart, deb hisoblayman. Aks holda, u yozuvchi emas, nargayi kir igʻvofurushga aylanib, yozolmaydigan boʻlib qolishi mumkin. Demakki, u, inson deb atalmish murakkab jonzotning koʻngil qatlamlarida taxlanib yotgan ismsiz tuygʻularni koʻrish, tushunish, oʻrganish va eng keragi badiiy tahlil qilishdek bebaho baxtdan mosuvo boʻladi.

 

3

Ijodkor-ijodkor deymiz, aslida ijodkor ham boshqa insonlar singari Yaratganning bir yaratigʻi. Unda hayratomuz shox-butoq ham, ayrimlar kamtarona tavoze ila bot-bot pisanda qilishni suyadigan ilohiylik ham yoʻq – liq toʻla avtobusda ketayotgan yoʻlovchilarning biri. Uyam adashadi, xato qiladi, kimgadir zugʻum oʻtkazadi yoki kimningdir zugʻumiga uchraydi.

Mavridi keldimi-yoʻqmi, bilmayman, ammo shu oʻrinda Umar Xayyom hazratlarining manovi ruboiysiga, ruboiydagi haqiqatga bir qarang:

 

Bir qoʻlda Qurʼonu, bittasida jom,

Baʼzida halolmiz, baʼzida harom.

Feruza gumbazli osmon tagida

Na chin musulmonmiz, na kofir tamom.

 

Manovinisi esa rus xalqining buyuk adibi Lev Tolstoyga tegishli:”Men urushda odam oʻldirganman, oʻldirmoq niyatida duelga chaqirganman, tasarrufimdagi mujiklarni qartaga boy berganman, ularning mehnati evaziga yashaganman, ularni qatl etganman, fahsh ishlar bilan shugʻullanganman, aldaganman. Yolgʻonchilik, oʻgʻirlik, har xil rangdagi zinokorlik, ichkilikbozlik, zoʻravonlik, qotillik… Men qilmagan jinoyat qolgan emas”.

Dunyo tanigan va tan olgan ulugʻ allomalarning bu tarzdagi iqrornomalari baʼzilarga erish tuyulishi, Umar Xayyomni “piyonista chol” deb, Lev Tolstoyni esa, Ozod Sharafiddinov domla aytganidek:”Voy soqoling koʻksingga toʻkilgur-yey!” – deb ayblashi mumkin. Lekin bu daholar shunday gʻala-gʻovur, oʻydim-chuqur yoʻllardan oʻtgan. Bitta tirik jon sifatida xatolar, adashuvlar toʻfonida azoblangan, toblangan. Eng muhimi, yuksak xulosalar chiqargan. Jahon adabiyoti durdonalariga aylangan benazir asarlar yaratgan.

Gapning abdavi shuki, Yaratgan birovga ketmon, birovga oʻroq, birovga bolta, yozuvchiga esa qalam bergan. Yozuvchi yozadi, yozgani, yoza olgani uchun, u – yozuvchi. Bunda tariqchayam favquloddalik yoki ilohiyot yoʻq. Ish – hamma jabhada ish, ishlagan – tishlaydi, chin ishlagan kattaroq yutuqqa erishadi, tilga tushadi, eʼtibor qozonadi. Adib ham shu-da. Hamma gap qanday yozishda. Yozganingni kimdir oʻqisa, oʻqiganda hayajonlansa, xayolga botsa, mulohaza, mushohada qilsa. Ana unda azoblansang arziydi!

“Olimlikni niyat qilgan har bir odam eng avval oʻz ruhini haqiqatni koʻrishga xalal beruvchi turli illatlardan tozalashi zarur. Negaki, qoʻndoqda tekkan yomon odatlar – tarafkashlik, raqobat, tuban ehtiroslarga qul boʻlish, hokimiyat talashish va shu singari juda koʻp illatlar olimlarni haqiqatdan koʻz yumishga olib keladi”. Qomusiy alloma Abu Rayhon Beruniyning mazkur soʻzlari toʻlaligicha adabiyot ahliga ham taalluqlidir.

 

Kim uchsa saʼy-jahd qilmay shuhratga,

Karam libosiga koʻzi boʻlsa och,

Gʻaflat soyasida shod boʻlur ammo,

Sharaf kiyimisiz qolur yalongʻoch.

 

Bu hikmat ham Beruniy bobomizniki. Darvoqe, izohga hojat bormi?..

 

4

Bugun ijodkorda miriqib ijod qilish uchun mukammal imkoniyatlar muhayyo. Xususan, oʻzimizda – Oʻzbekistonda.

Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimiz mustaqilligining birinchi kunlaridan buyon maʼnaviyat va maʼrifatni, adabiyot va sanʼatni yuksaltarish yoʻlida tinmay jon kuydirib kelayotir. Oʻtgan yillar ichida qilingan va qilinayotgan savobli yumushlar behisob. Prezidentimiz qarori bilan “Ijod” fondining tashkil etilgani hamda mazkur fondga millionlab mablagʻ ajratilishi, milliardlar sarflanib yozuvchilarning Doʻrmondagi ijod uyi va shifo maskanining qayta taʼmirlanishi, yer yuzida inqiroz boʻroni och boʻridek uvillab turgan bir zamonda, ayniqsa, misli koʻrilmagan saxovatli hodisadir! Barcha toifa ijod ahli qatori, yosh yozuvchi-shoirlar ham bunday dorilamon zamonda, dilda borini qogʻozga toʻkib solishlari, toʻlqinlanib, toʻlib-toshib yozishlari va… Yaxshi yozishlari kerak. Soyasi yupqa, mujmal, gʻoʻjala, hoyu-havaslarga osonlikcha berilib ketuvchi, turmushning birinchi zarbalariga duch kelishi bilanoq tob tashlab, aro yoʻlda ikkilanib qoluvchi, oʻylab chiqarilgan qahramonlar bugun hech kimga kerak emas. Goʻzal insoniy munosabatlar, ohori toʻkilmagan xarakterlar yarata olmagan lanj qalamkash esa umrbod hofiz boʻlish orzusida yashovchi laparchiga oʻxshab qolaveradi.

Adabiyotning vazifasi hayotning kishilarga ibrat boʻladigan jihatlarini yoritish, deydilar. Agar, yozuvchining oʻzi samimiylik, toʻgʻrisoʻzlik, halollik, kishilarga mehribonlik kabi fazilatlari bilan boshqalarga namuna boʻla olsa, buning taʼsiri ham eng yaxshi asarning taʼsiridan kam boʻlmaydi. Jahon sheʼriyatining sultoni Alisher Navoiy hazratlarining hayoti ana shu jihatlari bilan necha asrlar osha insoniyatga namuna maktabi boʻlib kelayotir. Ibrat olsa arziydigan kishilar hozir ham oramizda kam emas. Hayotimning sal kam oʻttiz yili katta-kichik mansabu vazifalarda oʻtayotir. Xudoga shukur, shu davrda maʼnaviy barkamol, samimiy insonlarni koʻp koʻrdim. Dunyoni yaxshi odamlar ushlab turadi, degan koʻhna ibora zamiridagi oddiy haqiqatga qayta-qayta guvoh boʻldim. Ha, azizlar, dono bobolarimiz: yaxshi odam, yaxshi doʻst – bebaho davlat; yaxshilik – nur, yaxshiga gul – soya, yaxshilik – yaroq, yaxshi qand yedirar, yaxshi – toʻrga eltar, yaxshilik ikki jahonni orttirar kabi hikmatlarni bekordan-bekorga hadeb takrorlamas, farzandlar ongi-shuuriga singdirmas ekanlar.

Anglaganlarimdan yana biri shu boʻldiki, bu yorugʻ jahonga kelganingdan keyin bir oʻzing moʻridek soʻppayib yasholmaysan: kimgadir yoʻldosh, kimgadir sirdosh boʻlasan. Rahmatlik otam: “Yoʻldoshing olaqargʻa boʻlsa, yemishing goʻng boʻladi”, “Doʻstda dushmanning qulogʻi bor” degan kalimalarni koʻp takrorlar edi. Bu – yoʻldoshni ham, sirdoshni ham ehtiyot boʻlib tanlaganga baxt quyoshdek kulib boqadi, degani ekan. Yomon yoʻldosh ravon yoʻlda ham gʻov boʻlishiga bot-bot duch keldim. Ammo doʻstiga qalqon boʻlgan, oyna boʻlgan, qoʻldosh-yelkadosh; doʻstga lola, dushmanga jala boʻlgan va boʻlayotgan pokdomon zotlarga havas bilan qarayman, ulardan oʻrganishga, ularga safdosh boʻlishga, ularga xizmat qilishga intilaman.

 

5

Yon daftarlarimda bir-biridan qiziq va oʻzimcha, xarakterli deb hisoblagan bir dunyo qaydlar bor. Sekin-sekin qogʻozga tushyapti…

 

 

Abdusaid KOʻChIMOV

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 6-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.