Davlat tili – birligimiz, borligimiz ramzi

0
646
marta koʻrilgan.

Har qanday xalqning tarixi, oʻziga xos tabiati, qadriyatlari, avvalo, oʻsha xalqning ona tilida aks etadi. Bejiz tilni millatning maʼnaviy immuniteti deb baholamaganlar. Boisi, oʻz tilini asrab-avaylagan, uni zamonlar osha rivojlantira olgan millatgina oʻzligini, milliy qiyofasini saqlab qoladi.

Bu yil “Davlat tili haqida”gi qonunimizning qabul qilinganiga 30 yil toʻladi. Ushbu qonunning mustabid tuzum hukmronligi davrida qabul qilinishi xalqimizning oʻziga xos jasorati timsoliga aylangan edi. Bu qonun oʻz vaqtida xalqimizning Istiqlolga boʻlgan umid-ishonchini, milliy gʻurur tuygʻusini kuchaytirdi, Mustaqilligimizning oʻziga xos poydevori vazifasini bajardi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Yurtimiz ozodlikka erishgach, oʻz ona tilimizda emin-erkin soʻzlash huquqiga ega boʻldik, tilimizning kamsitilishiga chek qoʻyildi. Nufuzli xalqaro minbarlarda oʻzbekcha soʻzlarimiz yangray boshladi, tilimizni oʻrganishga qiziquvchi xorijliklar koʻpaydi. Oʻzbek tilida chop etilayotgan matbuot nashrlari, kitoblarning turi va adadi keskin darajada oshdi. Zamonaviy axborot texnologiyasi boʻyicha oʻzbekcha dasturlar paydo boʻldi va hokazo. Shubhasiz, bu jarayonda bundan oʻttiz yil oldin qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunning xizmati katta boʻldi. Ammo shu bilan birga, tan olish kerakki, bu muhim hujjatda aks etgan bandlar ijrosini oʻtgan yillar davomida hamisha ham taʼminlay oldik, deya olmaymiz.

Bugun davr oʻzgaryapti. Xalq fikri eng asosiy mezon sifatida qaralayotgani, barcha muhim ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy qarorlar yurtdoshlarimiz bilan bamaslahat qabul qilinayotgani fuqarolarda ijtimoiy faollik hissini kuchaytirmoqda. Turli dolzarb masalalar qatori, davralarda davlat tili, milliy gʻurur, oriyat, tarix va qadriyatlar haqidagi qizgʻin musohabalarga guvoh boʻlyapmiz. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda: “Davlat tili haqida”gi qonunni isloh qilib, bugungi kun talablariga moslashtirishimiz kerak. Bu jarayonda yozuvchi, shoir, tilshunos olim va boshqa soha vakillari bilan yuzma-yuz oʻtirib, ushbu masalalar boʻyicha oʻzaro fikr almashishimiz lozim” degan mazmundagi mulohazalar bildirilmoqda.

Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Davlat tili haqida”gi qonunning Toshkent shahrida ijro etilishini oʻrganish natijalari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Hukumatimiz tomonidan 2018 yilning 24 dekabrida ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi”da ham “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahririni tayyorlash bosh masala qilib qoʻyilgan. Yaqinda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida boʻlib oʻtgan davra suhbatida aynan shu mavzu atroflicha muhokama etildi. Davra suhbatini Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Nodir Jonuzoq olib bordi.

 

Nodir JONUZOQ:

– Biz hazrat Alisher Navoiyni xalqimizning maʼnaviy piri, barchamizning maʼnaviy ustozimiz sifatida eʼtirof etamiz. Demakki, u zotning maslagiga ergashish, hayotlik chogʻida amalga oshirgan ishlarini baholi qudrat davom ettirishga urinish – muqaddas burchimiz. Hazratning ona tilimiz taqdiri uchun qanchalik jon kuydirgani, uning nufuzini oshirishga qay darajada hissa qoʻshgani yoshu qariga birday maʼlum. Xoʻsh, bu borada biz ijod ahli, Navoiy muhiblari bugun nima qilyapmiz?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 23 dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universitetiga tashrifi chogʻida ziyolilarga qarata: “Ona tilimizning boyligini, unga boʻlgan hurmatingiz va muhabbatingizni tilimizni dunyoga tarannum etish bilan koʻrsatishingiz kerak”, degan edi. Bu ulugʻvor ishga biz nechogʻli tayyormiz? Ona tiliga boʻlgan hurmatimiz, muhabbatimiz hayotda amaliy isbotini topyaptimi?

Toʻgʻri, mustaqillik yillarida tilimiz ravnaqiga oid salmoqli ishlar amalga oshirildi. Lekin, shunga qaramay, bu borada hal etishimiz zarur boʻlgan muammolar koʻp ekani bugun hech kimga sir emas. Oʻzbekiston Respublikasi Senatining 2018 yilning 13 dekabr kuni boʻlib oʻtgan XVII yalpi majlisida Senat raisi Nigʻmatilla Yoʻldoshev davlat tili maqomi haqida gapirib, Qonun amalda ijro etilmayotganini taassuf bilan soʻzladi. Senat raisi haqli ravishda, inson qaysi tilda soʻzlasa va fikrlasa, koʻproq oʻsha tildagi mafkuraga moyil boʻlishini taʼkidlab, davlat tili bilan bogʻliq salbiy holatlarga eʼtiborimizni qaratdi: “… aksincha, qonun ijrosini nazorat qilishga masʼul boʻlgan parlament huzuridagi Doimiy til komissiyasi hamda Atamashunoslik qoʻmitasi faoliyatlari tugatildi, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish ishlari esa, belgilangan muddatda toʻliq yakuniga yetkazilmadi. Qonunda javobgarlikka tortishga asos boʻluvchi normalar mavjud boʻlsa-da, qonun normalarining muntazam buzib kelinayotgani uchun biron-bir aybdor shaxs belgilangan tartibda javobgarlikka tortilmadi. Achchiq boʻlsa-da, aytishga toʻgʻri keladi – bu holat qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish oʻrniga, uni maʼlum maʼnoda ragʻbatlantirmoqda”.

Aslida bu muammolar koʻpdan buyon olim va adiblar, ziyolilar davrasida gapirib kelinayotgan edi. Eʼtiborlisi, bugun bu masalalar rasmiy maqomda kun tartibiga qoʻyilib, jamoatchilik bilan birgalikda yechim izlanyapti. Oliy Majlis Senati Kengashining qarori asosida “Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishini taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Oʻn besh banddan iborat bu hujjatda yuqorida qayd etilgan qator masalalar qamrab olingan. Bu borada Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi oldida turgan vazifalar yuzasidan Uyushma raisining buyrugʻi imzolandi. Unga koʻra, taniqli adiblar, shoirlar va adabiyotshunos olimlardan iborat Ishchi guruh tuzish va belgilangan vazifalarni ijro etish koʻzda tutilgan. Bugun sizlar bilan ana shu muhim masala – davlat tilining jamiyatimizdagi oʻrni, uning nufuzini yanada oshirish uchun nimalar qilishimiz lozimligi haqida suhbatlashmoqchimiz. Xoʻsh, bu borada bugun oʻz yechimini kutib turgan qanday muammo va masalalar bor, deb oʻylaysiz? “Davlat tili haqida”gi qonun loyihasida qanday meʼyor va tushunchalar aks etsa, maqsadga muvofiq boʻladi? Umuman, bu jarayonda sizu bizning ishtirokimiz qanday boʻlishi darkor?

Bugun Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi oʻziga xos qiyofasi, obroʻsi haqida qaygʻurish – hammamizning vazifamiz. Davlatimiz rahbarining oʻtgan yili mamlakatimizning xorijdagi vakillari, elchilarimiz bilan uchrashuvida aytgan “Oʻzbekistonning chet eldagi elchisi boʻlsa-yu, oʻzbek tilini bilmasa, bu xalqimizga xiyonat emasmi?” degan soʻzlarida hayotiy haqiqat aks etganini birday eʼtirof etgan edik. Darhaqiqat, davlat tiliga qay darajada eʼtibor berayotganimiz yoki bermayotganimiz – mamlakat obroʻsini belgilaydigan asosiy mezonlardan biri sanaladi. Jumladan, yurtimizga kirib kelayotgan xorijliklar, aytaylik, sarmoyadorlar ham mamlakatda qaysi til yuqori mavqega ega ekanini kuzatadi va keyingi harakatlarini shunga qarab belgilaydi: asosiy mavqega ega tilni oʻrganishga harakat qiladilar, mutaxassislarni ishga olishda aynan shu tilni biluvchilarga imtiyoz koʻzi bilan qaraydilar.

Dunyo tajribasiga murojaat qiladigan boʻlsak, Fransiyada 1975 yilda fransuz tilini boshqa tillar, demakki, oʻzga madaniyatlar taʼsiridan himoya qiladigan maxsus qonun qabul qilingan ekan. Boshqa ilgʻor mamlakatlarda ham shunga oʻxshash meʼyoriy hujjatlar bor. Shubhasiz, rivojlangan davlatlarning bu boradagi amaliyotini oʻrganishimiz, hayotga tatbiq etishimiz zarur.

 

Baxtiyor NAZAROV, akademik:

– Eng avvalo, Oʻzbekistonda til masalasiga oʻz vaqtida toʻgʻri, oqilona yondashilganini taʼkidlash oʻrinli. Uzoq-yaqin mamlakatlarda til masalasi bahonasida chiqqan ixtiloflar buni yaqqol tasdiqlaydi. Shu maʼnoda, biz tutgan yoʻl qator mamlakatlarda eʼtirof etilishi bejiz emas.

Lekin bu – mazkur sohada kamchiliklarimiz yoʻq, degan maʼnoni anglatmaydi. Mavjud kamchiliklarni chetdan turib oʻzgalar tuzatib bermaydi. Oʻzimiz ularni bartaraf etishga kirishmogʻimiz kerak. Xoʻsh, bu kamchiliklar nimalardan iborat va ularni bartaraf etish uchun nimalar qilinmogʻi zarur, degan savolning koʻndalang boʻlishi tabiiydir.

Men shu masalaga oid ayrim fikrlarim, qarashlarim bilan oʻrtoqlashmoqchiman. Ular faqat mendagina emas, boshqalarda ham boʻlishi mumkin. Avvalo, shuni taʼkidlash joizki, davlat tomonidan qabul qilingan qonunga amal qilinmayotgan holatlar koʻp. Bu qonun ijrosida yetarlicha nazorat olib borilmayapti. Qonunni buzayotganlarga hech qanday chora koʻrilmayapti. Tolerantlik, bagʻrikenglik juda yaxshi fazilat, ammo davlat miqyosida qabul qilingan qonunga munosabat qoidasi bir xil: shu mamlakat fuqarosi unga itoat etishga, amal qilishga majbur.

Tan olaylik, davlat tili toʻgʻrisidagi qonunga amal qilinmayotgan holatlar bugun deyarli har qadamda uchramoqda, gohida oʻzimiz ham beixtiyor ularning ishtirokchisiga aylanib qolamiz: rasmiy ish yuritish, idoralararo yozishmalarda bu yaqqol koʻrinadi. Hatto qatnashuvchilari deyarli yuz foiz yerli xalq vakillari ekaniga qaramay, oson yoʻl tutilib, baʼzan majlislarimiz boshqa tilda olib boriladi.

Toʻgʻri, masalaning taraqqiyot, globallashuv bilan bogʻliq jihatlari ham bor. Masalan, ilm-fanda dissertatsiya, kitoblar yozishda faqat davlat tili bilan cheklanish, ularni boshqa tilda (deylik, rus, ingliz tilida) ommalashtirmaslik fanimiz, ilmimiz, olimlarimizning xalqaro miqyoslarga chiqishi va oʻzbek ilmining jahon ilmi bilan integratsiyalashuviga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Lekin ilmiy jarayon milliy tilda boʻlmasligi davlat tili nufuzi, umuman, milliy tafakkurimizda ijobiy rol oʻynamaydi. Tarixda bunga dalillar koʻp. Al-Xorazmiy, Beruniylar asarlarini jahonga mashhur qiladigan tilda yozib, ilmimizni yuksaklarga olib chiqdilar va bu bilan toʻgʻri yoʻl tutdilar. Lekin bu hol turkiy til ravnaqiga taʼsir qilmay qolmadi. Fors va arab soʻzlari Alisher Navoiy asarlarida keng qoʻllanilganiga qaramay, u turkiy til ravnaqi uchun jon kuydirgani, bu haqda maxsus asarlar yaratgani bejiz emas. Demoqchimanki, ilm tili davlat tilida boʻlmagan xalqning tili doimo kemtik boʻlib qolaveradi. Soʻnggi 30 yil ichida moliya, harbiy, tibbiy, iqtisodiy va boshqa koʻpdan-koʻp sohalarda tildagi, fikr ifodasidagi qiyinchiliklarni roʻkach qilib, rus tilidagi tayyor qoliplarga murojaat etilishi, yaʼni oson yoʻl tutishga urinish va boshqa salbiy oqibatlar, eng avvalo, davlat tilining toʻlaqonli ilm tili darajasiga aylana olmagani natijasidir.

Aytmoqchimanki, ilmimizning, olimlarimizning jahon miqyosidagi faollashuvini qoʻllab-quvvatlagan holda, bu jarayonning davlat tili ravnaqiga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi haqida oʻzimiz qaygʻurmasak, yana kim qaygʻuradi? “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahrirdagi koʻrinishida bu masalaga aniq taʼrif berilishi kerak, deb oʻylayman. Sababi, “ilmiy ishlar davlat tilida yoziladi, muallif xohishiga qarab boshqa tilda ham yozilishi mumkin”, degan ifoda masalani toʻgʻri hal qilib berolmasligini oʻtgan 30 yillik tariximiz koʻrsatib turibdi. Tadqiqotlar avval davlat tilida yozilib, keyin boshqa tillarga tarjima qilinsa, toʻgʻri boʻlardi, deb oʻylayman. Bu masalaning muhimligi faqat ilm uchun emas, keng doiradagi ishlab chiqarish va rasmiy hujjatlar bilan ishlashga ham taʼsir koʻrsatishini inobatga olsak, masalaning nechogʻli jiddiy ekani yanada oydinlashadi.

 

Zuhriddin ISOMIDDINOV, adabiyotshunos:

– Bu masalada fikr aytishdan oldin, avvalo, mavzu yuzasidan, yon-atrofimizdagi qoʻshni davlatlarning “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunlarini oʻrganib chiqdik. Dastlab xayolimizga kelgani – gap qonunda emas, uning ijrosi oqsayotganida-ku, degan fikr boʻldi. Biroq qoʻshni davlatlarning shunday qonunlari matni bilan tanishib chiqish asnosida, avvalo, bizdagi qonunning oʻzi nomukammal ekani ayon boʻldi.

Bu hol ushbu turdagi qonunlarning koʻlamida ham koʻrinadi. Qiyos uchun, til haqidagi qonun va uning elektron belgisi koʻlami: Oʻzbekiston – 5.187, Qozogʻiston – 15.013, Ozarbayjon – 12.000, Turkmaniston – 15.468, Qirgʻiziston – 14.063, Tojikiston – 8.600 va Rossiya Federatsiyasi qonuni – 10.158 belgidan iborat.

Qarang, Markaziy Osiyodagi eng “ixcham” qonun – shu mintaqadagi aholisi eng koʻp davlatga tegishli boʻlib chiqyapti. Eʼtiborlisi, bu ixcham qonunning biron moddasi bajarilmasa, jazo beradigan mexanizmi ham yoʻq.

Qonunimizda har bir fuqaro davlat tilini bilishga burchdor ekani qatʼiy belgilanmagan. Holbuki, Tojikiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston kabi bizga yaqin davlatlarning qonunlarida har bir fuqaro davlat tilini bilishi shart ekani, bu – mamlakatda yashayotgan har bir fuqaroning burchi sanalishi alohida taʼkidlangan.

Boshqa bandlar boʻyicha ham solishtirsangiz, bizning qonunimiz ularnikiga nisbatan yumshoq, “tishsiz” ekani maʼlum boʻladi. Shunday ekan, qonunni bajartirishdan avval uni mukammallashtirishimiz shart. Buning uchun qonunshunos mutafakkirlar til haqidagi qonunimizni boshqalarning qonunlariga qiyosan koʻrib chiqib, yetishmagan moddalarni toʻldirish haqida taklif berishlari kerak.

Buning ustiga, mazkur qonunda qonun uslubiga xos boʻlmagan jumlalar ham koʻp. Chunonchi, “tarjimasi berilishi mumkin”, “oʻzlari tanlab olgan tilda ish yuritish”, “ishlovchilarining koʻpchiligi oʻzbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin” singari ifodalar ancha uchraydi. Holbuki, qonun, uning uslubi – yoʻl berish, ixtiyoriga tashlash emas, cheklash, aniq yoʻlni koʻrsatish tarzida boʻlishi hammaga maʼlum. Qonun matnida “qilsa ham boʻladi” qabilida soʻzlar qoʻllanilmaydi.

Bu – davlat tili haqidagi qonun matniga tegishli shaxsiy fikrlarim.

 

Ibrohim GʻAFUROV,

Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi:

– Chindan ham, ayrim vazifalarga oid jumla orasiga qavs ichida “zarurat boʻlganda boshqa tillarda”  degan iborani qoʻshish – oʻzbek tili mavqeini koʻtarishga qaratilgan saʼy-harakatlarimizni yoʻqqa chiqaradi.

Davlat tilining mavqeini yanada yuksaltirish maqsadida qator masalalarga eʼtibor qaratishimiz zarur, deb hisoblaymiz.

Tilning holatini yorqin koʻrsatuvchi sohalar bu koʻcha-koʻylardagi lavhalar, yozuvlar, bozorlaru doʻkonlarda qoʻyilayotgan reklamalar, peshtaxtadagi bitiklar, tadbirkorlik subʼyektlari, ularning mahsulotlari, xizmatlarining nomlanishi kabi narsalar, vaqtli matbuotdagi eʼlonlar va reklamalar hisoblanadi. “Tasviriy oyina” degan tashkilot faol ishlayapti. Ammo shaharlarimizda oʻrnatilgan son-sanoqsiz tasviriy lavhalar va reklama bannerlarida oʻzbek tili targʻibotiga oid biror jumla yoki ishora ham yoʻq. Vaholanki, har kuni koʻz tushib turadigan bu kabi tasviriy vositalarning ahamiyati katta. Shuni eʼtiborga olgan holda, mamlakat miqyosida shu mavzuda badiiy pannolar, targʻibot-tashviqot reklama materiallarini yaratish va barcha koʻchalar, binolarga oʻrnatish zarur. “Tilim – shon-sharafim”, “Til – nomusim, orim”, “Oʻz tilim – oʻzligim”, “Til oʻrgangan – olim” va boshqa qator taʼsirchan, ifodaviy hikmatlarni oʻrtaga tashlash zarur.

Oʻzbekistonning barcha viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi maktablar, litsey va kollejlarda ishchi guruhlari maʼlum savollar boʻyicha ish olib borib, ijtimoiy soha, korxonalar, hukumat idoralari va hokazolarda til kayfiyati, boqibegʻamlik va oʻziboʻlarchilikning sabablari chuqur tahlil etilishi shart. Tadbirkorlar oʻz mahsulotlarini, xizmatlarini taklif qilishda oʻzbek tiliga hurmat koʻrsatsa, yaxshi boʻlar edi. Shuningdek, quyidagi jihatlarni ham muhim deb hisoblaymiz:

– til – davlat va umumxalq himoyasida ekanligi va unga doimiy gʻamxoʻrlik masalasi barcha maʼnaviy-maʼrifiy umumxalq miqyosidagi tadbirlarda aks etishi;

– til va adabiyot darsliklari va qoʻllanmalar saviyasini zamon talablari darajasiga koʻtarish;

– oʻzbek tili targʻibotini xorijiy tillarni oʻrganish jarayoni bilan chambarchas bogʻliq holda tashqil etish;

– “Davlat tili haqida”gi qonun va Konstitutsiyaga daxldor moddalarni qayta koʻrib, muhokama etish;

– Vazirlar Mahkamasi tarkibida “Davlat tili qoʻmitasi” tuzish va uning vakolati va masʼuliyatlarini belgilash zarur.

 

Nizomiddin MAHMUDOV, professor:

– Ona tilining muhimligi, millat shakllanishida tilning beqiyos oʻrni va ahamiyati haqida juda uzoq gapirish, dunyo allomalaridan behisob iqtiboslar, fikrlar keltirish mumkin. Masalan, Benjamin Uorif degan amerikalik olim shunday yozgan: “Agar Nyuton ingliz boʻlmaganida va inglizcha tafakkur qilmaganida uning yaratgan qonuni sal boshqacharoq boʻlar edi”.

Biz millat yashovchanligi, ravnaqi haqida fikr yuritsak, avvalo, til birlamchi boʻlishi shart. U davlat tili deyiladimi, boshqami – millat tilsiz boʻlishi mumkin emas. Til haqidagi qonunning eskirganiga ancha boʻldi. Hatto 1995 yildagi tahriri ham bugungi talabga javob bermaydi. Xayriyatki, Oliy Majlis Senatida bu muhim masala bir necha bor rasman koʻtarildi. Bu juda katta voqea. Biz bu jarayonda faol va tashabbuskor boʻlishimiz lozim.

Amerikalik Tompson degan olimning tadqiqotiga koʻra, bu mamlakatda eng koʻp jinoyat oʻz tilini unutib, ingliz tilida gaplashuvchi hindular yashaydigan manzillarda sodir boʻlar ekan. Ona tilini unutgan inson oʻz-oʻzidan boshqa millatga mansub boʻlib qolmaydi, balki koʻp fazilatlardan mahrum va muallaq bir mavjudotga aylanadi. Shu boisdan yurtimizda yashovchi barcha millatlar tiliga doimo eʼtibor bilan qaraladi. Ammo Davlat tiliga alohida – davlat ramzlari darajasida hurmat koʻrsatilishi lozim. Davlat tili xuddi gerb, madhiya va bayroq singari yuksak maqomda boʻlishi, davlat ramzi sifatida qadrlanishi shart. Bunday qoidaga bugun dunyodagi koʻplab davlatlar qatʼiy amal qiladi.

 

Mamatqul HAZRATQULOV, yozuvchi,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist:

– 1989 yilda oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berish toʻgʻrisidagi qonun qabul qilingani katta voqea boʻlganini yoshi ulugʻ ziyolilar yaxshi eslaydi. U paytda bunaqa qonun qabul qilish hazilakam ish emasdi. Qonun muayyan maʼnoda oʻz vazifasini bajardi, uning ijrosi boʻyicha koʻpgina ishlar qilindi. Buni eʼtirof etmaslik adolatsizlik boʻladi. Agar qonun talablari toʻla bajarilmagan boʻlsa, bunga biz, oʻzimiz aybdormiz.

Bugun davlat tili haqidagi qonunning yangi variantini ishlab chiqish davr talabi. Axir, 25 yilda mamlakatimizda qancha qonunlar qabul qilindi, ularning qanchasiga oʻzgarishlar, tuzatishlar kiritildi, qanchasi oʻz kuchini yoʻqotdi. Konstitutsiyaga ham oʻzgarishlar kiritildi-ku. Demak, hamma narsani zamonga moslashtirish kerak, jumladan, davlat tili haqidagi qonunni ham.

Qonun ijrosi taʼminlanmayapti deyish, unda-bunda gapirish yoki bir-ikki maqola yozish oson. Unda ham, tan olaylik, asosan mayda-chuyda misollar atrofida oʻralashib qolmoqdamiz. Bordiyu biz tilimiz fidoyilari boʻlsak, nega yirik masalalarni koʻtarmaymiz. Masalan, ism-familiyamizmi notoʻgʻri, buzib yozish hamon davom etmoqda. Ha, desangiz pasportida shunday, deydi. Pasportiga tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi asos boʻlgan. Xoʻsh, bu hujjatlarni kim bergan? Oʻzimizning mutasaddi idoralarmi? Shunday ekan, nega indamaymiz? Axir, ism-familiya odamning nasl-nasabini bildiradi-ku.

Davlat tili haqidagi qonunning ijrosi qoniqarsiz ekani ham Senat majlisida koʻtarildi. Vazirlar Mahkamasida bu borada maxsus “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi, mutasaddi vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi. Unda qonunning yangi variantini ishlab chiqish boʻyicha maxsus ishchi guruh tuzilgan. Yozuvchilar uyushmasida ham shunday ishchi guruh tuzildi va ishga kirishdi. Nega biz-adiblar, jurnalistlar, tilshunos va adabiyotshunos olimlar bu borada tashabbus bilan chiqmadik? Ey, birodarlar, qonunimiz eskirdi, uning yangisini yarataylik, demadik. Kerak boʻlsa, mana uning yangi varianti, deb mutasaddi idoralarga kiritmadik. Axir, Prezidentimiz hammadan tashabbuskor boʻlishni, yutuqlarni ham, kamchiliklarni ham roʻy-rost aytishni, mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar berishni talab qilmoqda-ku.

 

Azim SUYUN, shoir:

– Ochigʻi, bugun tilga boʻlgan munosabatimiz bizni xursand qiladigan darajada emas. Vaholanki, oʻsha 1989 yili oʻzbek tili mavqei uchun ozmuncha kurashlar boʻlganmidi?! Asta-sekin negadir bu saʼy-harakatlarning choʻgʻi pasaya boshladi. Bugun qanday oqibatni koʻryapmiz? Oʻzbek tili jaydari bir tilga aylanib qolmayaptimi?! Davlat tili, avvalo, madaniyat va maʼrifat markazi sanalmish poytaxtda amalda boʻlishi, barcha jilolarini namoyon qilishi kerak emasmi?

Prezidentimiz shu yil boshida juda zoʻr ish qildilar: Hindiston safarida, “Joʻshqin Gujarat” sammiti chogʻida oʻzbek tilida nutq soʻzladilar. Ochigʻini aytsam, men “oynai jahon”da buni koʻrib, oʻzimni qoʻyarga joy topa olmay qoldim. Bu – oʻzbek tilining dunyo sahnasiga chiqishi, ulugʻ jarayonning boshlanishi, dedim. Axir, xalqaro anjumanlarda hind – hindcha, arab arabcha gapiradi-ku? Oʻzbek tilining ulardan kam joyi bormi?

Davlat idora va tashkilotlarida, hisobxonalarda ishlar oʻzbek tilida olib borilsa, shundagina bu borada siljish, rivojlanish boʻlishi mumkin. Vazirliklar, davlat idoralari bu borada oʻrnak boʻlishi darkor. Shu dargohlarda davlat tiliga toʻliq oʻtilsa – ishlarimiz yurishadi.

 

Eshqobil ShUKUR,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi:

– Biz oʻtgan yili ashaddiy qoidabuzarlar va tartibbuzarlarni ham bor-yoʻgʻi 3-4 oy ichida tartibga olish mumkinligini amalda koʻrdik, bunga oʻzimiz guvoh boʻldik. Yoʻl harakati qoidalariga amal qilish boʻyicha keskin choralar koʻrilishi qisqa muddatda oʻz natijasini berdi. Til qoidalari masalasida ham xuddi shunday qatʼiy va keskin choralar zarur boʻlayapti. Gap shundaki, Til qonunini qoʻpol ravishda buzganlarga masʼullar koʻpincha bor-yoʻgʻi “preduprejdeniya berilsin”, deb qoʻya qolishadi. Bunday chora bilan hozir birovning pishagini “pisht” deb ham boʻlmaydi. “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunga bepisandlik bilan qaragan, uni buzgan kishilar, vakolatli shaxslarga yaxshigina jarima solish, zarur boʻlsa, lavozimi bilan bogʻliq aniq choralar koʻrish kerak boʻlayapti.

“Yoʻl xaritasi”da taʼlim muassasalarida Oʻzbek tili fani boʻyicha davlat attestatsiyasini joriy etish masalasi qoʻyilgan. Bu juda yaxshi. Lekin ushbu davlat attestatsiyasi korxona va tashkilotlar rahbarlari miqyosida ham oʻtkazilishi kerak, deb oʻylaymiz. Shunda har qanday korxona yo tashkilot rahbari oʻzi rahbarlik qilayotgan joyda Davlat tiliga munosabat qandayligini yaxshiroq his etadi.

Men oʻzbek tilining pasporti deganda “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ni tushunaman. Chunki tildagi hamma soʻzlar uning izohli lugʻatida aks etishi kerak. Bu goʻyo bir mamlakat aholisining rasmiy roʻyxatga olinishiday gap. Bizda yaxshimi-yomonmi, harqalay, besh jilddan iborat “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” bor. Ushbu lugʻatni tuzgan zahmatkash olimlarga hurmat bajo keltirgan holda bir narsani aytmoqchiman. Bu lugʻat 80 000 soʻzdan iborat. Bu – oʻzbek xalqi va tili uchun juda kam. Chunki bizdan koʻra kamsonli xalqlarda ham bu koʻrsatkich ancha baland. Izohli lugʻatimizga koʻp soʻzlarimiz kirmay qolgan. Chin jahd qilsak, bu lugʻatimizda 200.000 yoki 300.000 soʻz yigʻilishi mumkin. Kimdir bu nimani oʻzgartiradi, deyishi mumkin. Bu juda muhim. Chunki tilning koʻlami, maqomi va darajasi shu bilan belgilanadi. Oʻzingiz bir oʻylab koʻring, agar bir mamlakat aholisining yarmi roʻyxatdan oʻtsa-yu, yarmi oʻtmay qolsa nima boʻladi? Xuddi shu kabi Tilni bir mamlakat deb faraz qilsak, undagi barcha soʻzlar shu tilning aholisini tashkil qiladi.

Oʻtgan asrning 90-yillarida Atamalar qoʻmitasi tuzilgan edi. Bu qoʻmitaga mashhur adib Odil Yoqubov rais boʻlgan. Lekin, afsuski, bu qoʻmitaning kattaroq ishlar qilishga imkoniyati boʻlmadi. Qoʻli ham, tili ham kaltalik qildi oʻsha paytlarda. Chunki zarur mablagʻ va vakolat bilan bogʻliq jiddiy muammolar boʻlgan. Shu sabab qoʻmita aʼzolari qanchalik faol va jonkuyar boʻlmasin, ishlar yurmay qolgan. Bugun ham shunday qoʻmita yo tashkilotga ehtiyoj bor. Muhimi, maxsus vakolat bilan Til qonunini buzuvchilarga keskin chora koʻra oladigan huquqlarga ega idora kerak boʻlayapti. Til toʻgʻrisidagi qonun ijrosini muntazam nazorat qiladigan, oʻzbek tilini turli tahdidlardan himoya qila oladigan rasmiy idora koʻp qoidabuzarliklar va bepisandliklarning oldini olishi mumkin. Shuningdek, “Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi” tuzilsa, davlat tilini rivojlantirish bilan bogʻliq loyihalarni moliyalashtirish asosi yaratilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.

Bizning til targʻiboti masalasida zaif tomonlarimiz koʻp. Qachon 21 oktyabr kelib qolsa, hammamiz Muhtarama Onamizni eslab qolamiz. Bu onaga sovgʻa-salomlar qilamiz, holini soʻraymiz. Holbuki, bu onaga har kuni mehr va eʼtibor kerak. Ommaviy axborot vositalarida til qoidalari buzilishi milliy tafakkurni buzish va aynitishga xizmat qiladi. Bunga ehtiyot boʻlish shart. Shart! Meni yana bir narsa ajablantiradi. Keyingi paytlarda xususiy telekanallarda koʻrsatuvlar nomini ajnabiy soʻz bilan nomlash “moda” boʻldi. Ular buni zamonaviylik deb oʻylashayapti, shekilli. Goʻyo shu bilan zamonaviy boʻlib qolishmoqchi, goʻyo shu bilan oʻzlarini ilgʻor va bilgich koʻrsatadilar. Baʼzi xususiy telekanallar koʻrsatuvlarining 80 foizidan ortigʻi ajnabiy soʻzlar bilan nomlangan desak, mubolagʻa boʻlmas. Nahotki, shunday boy tildan bu koʻrsatuvlarga bitta nom chiqmasa?! Chiqadi. Chiqqanda ham koʻp goʻzal va jozibali nomlar chiqadi. Faqat buni koʻrsatuv ijodkorlari istashmaydi va oʻz ona tillariga bepisand qarashadi. Holbuki, Rossiya telekanallarida koʻrsatuvlarning aksariyati rus tilida, ularda ajnabiy nomlash besh foiz ham chiqmasa kerak. Yo ular zamonaviylikni boshqacharoq tushunadilarmi? Shak-shubhasiz, tilimizning hurmatini joyiga qoʻyishda, eng avvalo, biz yozuvchi-shoirlar, teleboshlovchi-suxandonlar, madaniyat va maʼrifat vakillari jonbozlik koʻrsatishimiz, boshqalarga oʻrnak boʻlishimiz darkor. Ana shundagina bu borada qilayotgan ishlarimiz samarali boʻladi.

 

Nurboy JABBOROV,

filologiya fanlari doktori, professor:

– “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinganiga ham qariyb 30 yil boʻlyapti. Bugungi kunda taraqqiyotning shitobi shu qadar tezki, u bilan hamqadam yurish oson emas. Shu bois mazkur qonunni Vatan va millat manfaatlari, zamon talablari darajasida tahrir etish hayotiy ehtiyojdir. Bizningcha, qonunning 6-moddasiga “Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha taʼlim muassasalarida, jumladan, xorijiy tillarga ixtisoslashgan taʼlim muassasalarida davlat tilini oʻqitishga mutaxassislik tilidan kam boʻlmagan miqdorda dars yuklamalari belgilanadi va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni tatbiq etishga alohida eʼtibor qaratiladi” tarzidagi qoʻshimcha kiritilishi maqsadga muvofiq. 10-modda “Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi” tarzida yakunlanishi zarur. Mazkur moddadagi “… ishlovchilarning koʻpchiligi oʻzbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin” soʻzlari qisqartirilishi taklif qilinadi. 20-modda matni: “Boshqa qonun va qonunosti hujjatlarida oʻzgacha holatlar kuzatilgan taqdirda ushbu moddaga muvofiqlashtirilib tahrir etilishi zarur” tarzida yakunlansa, davlat tilining huquqiy maqomi munosib himoya qilingan boʻlar edi. Bundan tashqari, qonunga “Oʻzbekiston Respublikasida davlat tilini hurmat qilish barcha fuqarolarning burchi hisoblanadi. Davlat tili meʼyorlarining buzilishi, davlat tiliga nisbatan hurmatsizlik qilinishi holatlari aniqlanganda, qonun asosida javobgarlik belgilanadi” mazmunidagi yangi modda qoʻshilsa, vatandoshlarimiz qalbida davlat tiliga hurmat tuygʻusi yanada mustahkamlangan boʻlar edi.

Tabiiyki, qonun qanchalik mukammal boʻlmasin, uning ijrosi talab darajasiga koʻtarilmas ekan, bir qadam ham oldinga yurib boʻlmaydi. Bizningcha, davlat tilini jamiyat hayotining barcha jabhalarida faol qoʻllanishini taʼminlash boʻyicha alohida Davlat dasturi qabul qilinishi, chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilishi va uning ijrosi qatʼiy nazoratga olinishi zarur. Yuqori darajadagi rahbar xodimlarni tayinlashda davlat tilini mukammal bilishi, unga ogʻishmay amal qilishi asosiy mezonlardan biri hisoblanishiga erishish bu boradagi yutuqlarni kafolatlagan boʻlar edi. Negaki, qonunga rahbarning oʻzi qatʼiy amal qilar ekan, bu hol elning ruhiyatiga ham taʼsir etmay qolmaydi.

Davra suhbatida koʻtarilgan mazkur mavzu koʻp qirrali, zalvorli, oʻta masʼuliyatli masala hisoblanadi. Tabiiyki, uni bir suhbat doirasida toʻla qamrab olish imkonsiz. Bugun suhbatdoshlar tomonidan mavzuga oid ayrim jihatlargina tilga olindi. Yozuvchilar uyushmasida davlat tili, uning nufuzini oshirishga bagʻishlangan tadbirlar, davra suhbatlari davom etadi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashida Davlat tili masalasi koʻtarilgani hamda hukumatimiz tomonidan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgani, bu borada aniq chora-tadbirlar belgilangani bugungi kunning eng muhim va eng ezgu ishlaridan biri boʻldi. Chunki milliy til – milliy did, milliy tafakkur, milliy saviyaning asosi va magʻzi. Oʻz tili uchun qaygʻurayotgan millat dunyo xalqlari safida oʻz oʻrnini, chinakam mustaqilligini asrashga, himoya qilishga jiddu jahd qilayotgan millat sanaladi. Umid qilamizki, bu borada koʻrsatayotgan saʼy-harakatlarimiz kelajak avlodlar tomonidan faxrlanishga arzigulik natijalar beradi.

 

Baxtiyor HAYDAROV yozib oldi.

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.