“Chexiya adabiyoti rivojlanishda davom etmoqda”

0
109
marta koʻrilgan.

Aziz muxlis! Jurnalimizning joriy yildagi 1-soni Chexiya adabiyotiga bagʻishlanganidan xabaringiz bor, albatta. Shu munosabat bilan Chexiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi bilan chex madaniyati, adabiyoti xususida suhbat uyushtirish ham koʻzda tutilgan edi. Biroq yanvar oyida Chexiya prezidentligiga saylovlar munosabati bilan elchi janoblari nihoyatda band boʻlganligi bois muloqotni keyinga surishga toʻgʻri keldi. Niyat xolis ekan, mana, janob Ginek Peyxa bilan hamsuhbat boʻldik. Nazarimizda, suhbatda bayon qilingan fikrlar nafaqat chex zamini, balki jahonda kechayotgan adabiy jarayonlarni ham aks ettirgan. Shu jumladan, maʼlum maʼnoda Oʻzbekiston adabiyoti va ijtimoiy voqeligiga mushtarak jihatlarni ham ilgʻash mumkin. Xullas, oʻzimiz uchun qiziqarli tuyulgan fikr-mulohazalarni, biroz kech boʻlsa-da, Sizga ham ilindik.


 

Savol:

Oʻzbekiston va Chexiya oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga ham yigirma yil toʻldi. Maʼlumki, madaniy rishtalar ikki tomonlama munosabatlarning muhim qirralaridan hisoblanadi. Oʻzaro aloqalarning bu jihatiga qanday baho bergan boʻlardingiz?

– Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy hamkorlikning jadal rivojlanib borishi doʻstona munosabatlar shakllanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kezi kelganda taʼkidlash joizki, xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro madaniy aloqalar koʻp yillik tarixiy anʼanalarga ega. Shu oʻrinda “Chexiya – Oʻzbekiston” Doʻstlik jamiyati homiyligida yaqinda nashr etilgan risoladan qiziq bir fakt keltirsam: uzoq 1771 yilda jahon operasi poytaxti Milanda XVIII asr taniqli chex kompozitori Iozef Mislivechekning buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurga bagʻishlangan “Buyuk Temur” musiqiy spektaklining premyerasi boʻlib oʻtgan ekan.

Yuqorida qayd etilganidek, Chexiya va Oʻzbekiston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga yigirma yil toʻldi. Bu muddat mobaynida koʻplab madaniy tadbirlar, shu jumladan, konsertlar, tematik koʻrgazmalar, ijodiy uchrashuvlar, ilmiy-maʼrifiy anjumanlar oʻtkazilganini mamnuniyat bilan qayd etishni istardim.

Soʻnggi bir yilda Oʻzbekistonda oʻtkazilgan baʼzi tadbirlarni tilga olsam. Chex musiqasining uch nafar yirik namoyandalarining oʻziga xos gastrol safari oʻtkazildi, Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasida uyushtirilgan “Skripka va fortepiano uchun elegiya” konsertida chex kompozitori Antonin Dvorjak asarlari yangradi, chex kompozitori Irja Bend asarlarini “Turkiston” kamer orkestri ijro etdi, nihoyat, yaqindagina “Yer kurrasi umumiy uyimizdir” nomi ostida Chexiya Respublikasi va Oʻzbekistonga bagʻishlangan qadimiy musiqa konserti uyushtirildi.

Tasviriy sanʼat borasida Toshkentdagi Xalqaro Karvonsaroy galereyasida oʻtkazilgan, goh Oʻzbekistonda, goh Chexiyada yashab, ijod qiluvchi musavvir Ildar Fatxulinning koʻrgazmasini yodga olish joiz. “Oltin Gepard” Xalqaro kinofestivalida rejissyor Filipp Poshivachning “Yarqirab turgan Tonda” haqida multiplikatsion filmi yakuniy marosimda sovrindor boʻlgani – kinematografiya sohasida qoʻlga kiritgan yutuqlarimizdan biridir. “Yoshlar” telekanalida chex rejissyori Vatslav Vorlichkining “Arabela” ertak-seriali oʻzbek tilida namoyish etildi.

Adabiyot haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, avvalo Yaroslav Gashekning “Shovvoz askar Shveykning sarguzashtlari” va Karel Chapekning “Yoʻqolgan maktub” kitoblari oʻzbek tilida chop etilganini taʼkidlash joiz.

Ushbu davrda bizning yurtimizda ham qator qiziqarli madaniy tadbirlar oʻtkazildi. Xususan, Pragada taniqli estrada xonanadasi, bastakor, Oʻzbekiston xalq artisti Mansur Toshmatov konserti boʻlib oʻtdi. Zamonaviy oʻzbek haykaltaroshlik sanʼati va grafikasining iqtidorli namoyandalari Yulduz Farruxzoda, Gulzor Sultonova hamda Oʻzbekiston xalq rassomi Lekim Ibragimov asarlari koʻrgazmalari tashkil etildi. Bundan tashqari, Roman Shulsning Oʻzbekistonga bagʻishlangan madaniy-maʼrifiy tadbirlardan tayyorlagan maxsus reportajlari Chexiyaning ommabop telekanallari orqali namoyish etildi. Chexiyalik sayyohlar I. Stenichka, Libor Dragonovskiy, Alena i Lukash Sinekovlar tomonidan ikki marotaba Oʻzbekiston bilimdonlari tanlovi uyushtirildi. Tereza Geyzlarova va Dagmar Pospishilova, shuningdek, Ladislav Stanch boshchiligidagi ijodiy guruhning Oʻzbekiston madaniyati tarixining baʼzi qirralariga bagʻishlangan yangi kitoblari taqdim etildi.

Yuqorida tilga olingan madaniy tadbirlarning aksariyati Chexiya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi tashabbusi va qoʻllab-quvvatlashi bilan oʻtkazildi. Ularning barchasi ikki davlat ijodkor ziyolilari, keng jamoatchilik vakillari tomonidan qizgʻin kutib olindi.

Ishonchim komilki, ikki davlat oʻrtasidagi madaniy aloqalar, umuman oʻzaro hamkorlikning barcha jabhalari kabi katta rivojlanish istiqboliga ega. Joriy yilda yurtingizda Chexiya kinematografiyasida juda mashhur boʻlgan toʻla metrajli ertak-filmlar namoyishini oʻtkazish loyihalashtirilgan. Shuningdek, Samarqandda oʻtkaziladigan ajoyib xalqaro musiqa festivali – “Sharq taronalari”ga chex milliy sanʼati va folklor ustalarini jalb qilmoqchimiz. Albatta, adabiyot, tarjimachilik hamda oʻzbek adiblarining asarlarini Chexiyada va chexiyalik mualliflar kitoblarini yurtingizda nashr ettirish borasida ham qator gʻoya va loyihalarimiz bor.

 

Savol:

Chexiya nafaqat madaniy qadriyatlarga, balki adabiy, ilmiy merosga ham boy mamlakatdir. Chex adabiyoti avval-boshdan va Maʼrifat davriga qadar uch tillik asosida – chex-lotin-nemis tillarida taraqqiy etgani maʼlum. Chex adabiyoti rivojining asosiy tamoyillari haqida soʻz yuritsangiz.

– Ikkinchi jahon urushidan keyin Chexiya zaminida roʻy bergan oʻzgarishlar, yuzaga kelgan muhit, shubhasiz, adabiyotga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmadi. Agar XX asr birinchi yarmida adabiyotimiz chex va nemis tillarida ijod qiluvchi adiblar asarlarida oʻz aksini topgan boʻlsa, shoira va yozuvchi, nemiszabon adabiyotining soʻnggi taniqli vakili Lenka Raynerova vafotidan keyin (2008 yil) vaziyat butkul oʻzgardi. Shu bilan birga yangi avlod chex adiblarining asarlari boshqa tillarga, xususan, nemis tiliga, ingliz, fransuz tillariga tarjima qilinib, chet davlatlarda tez-tez chop etilmoqda. Bu gap nafaqat taqdir taqozosi bilan xorijda istiqomat qilayotgan ijodkorlar (Milan Kundera, Yozef Shkvoretskiy kabi mashhur adiblar), balki bevosita Chexiyada yashab ijod qilayotgan mahalliy adiblarga (Mixal Viveg, Kveta Legatova, Pavel Kogout, Mixal Ayvaz va boshqalar)ga ham taaluqli. Bundan tashqari, keyingi yigirma yilda Chexiya Respublikasida muhojirlar sonining tobora ortib borishi bois adabiy maydonimizda chet tillarida (slovak, rus, ukrain va h. k.) ijod qiluvchi maʼlum mualliflar guruhi ham shakllandi. Soʻnggi sal kam chorak asr mobaynida chex adabiyotini shakllantirgan ijtimoiy-siyosiy muhit keskin oʻzgardi. 1989 yilda totalitar tuzum qulashi ortidan senzuraga chek qoʻyildi, majburiy muhojirlikda yurgan bir guruh ijodkorlar vatanga qaytib, bamaylixotir kitoblarini nashr ettira boshladilar. Ilgari maxfiy ravishda qoʻlma-qoʻl boʻlib, rasman taqiqlangan adabiyotlar kutubxonalarni boyitdi. Adabiy jarayonni nazorat qilib, oʻzini oqlolmagan rasmiyatchi muassasalar oʻrnini adabiyotchilarning koʻngilli jamiyatlari, yangi nashriyotlar egalladi, muayyan janrdagi kitoblarni chop etishga ixtisoslashgan noshirchilik ishlari kengaydi. 1968 yilning “Praga bahori” davrlarida ijod qilib, keyinchalik oʻz oʻzini namoyon etolmagan oʻrta yosh qalamkashlar ham yangi gʻayrat bilan qalam tebratishga kirishdilar. Shu bilan bir qatorda adabiyot maydoniga yosh yozuvchi va shoirlar ham kirib keldi. Ushbu omillar chex adabiyotida yangi nomlar paydo boʻlishiga, ona tilimiz bilan bir qatorda tarjima kitoblari sonining keskin ortishiga, adabiyotga ixtisoslashgan matbuot va elektron nashrlarining koʻpayishiga xizmat qildi.

Ana shu ijobiy oʻzgarishlar bilan bir qatorda baʼzi salbiy xolatlar ham koʻzga tashlandi. Jumladan, postmodernizmga ortiqcha ruju qoʻyish, adabiy ijodni tijoratga aylantirish, unga badiiy mahorat mahsuli emas, koʻproq koʻngilochar vosita sifatida qarash natijasi oʻlaroq, detektiv, fantastika, melodrama kabi janrlardagi asarlar birlamchi ahamiyat kasb eta boshladi. Qator mualliflarning shuhrat topishini asarlarining haqiqiy badiiy qiymati emas, ommaviy axborot vositalarida qay darajada targʻib va talqin etilishi (ushbu talqin doim ham asosli va xolisona boʻlmasa-da) belgilaydigan boʻlib qoldi.

Oʻtgan asrning 90-yillarida, boshqa koʻplab mamlakatlar adabiyotida boʻlgani kabi, Chexiya kitob olamida ham, taʼbir joiz boʻlsa, oʻziga xos tabaqalanish yuzaga keldi: dunyoqarashi nihoyatda keng, bilimdon kitobxonlarga moʻljallangan, murakkab matnli, maʼlum tayyorgarlikni talab etadigan sara, intellektual adabiyot hamda hordiq chiqarish uchun, transportda yoʻl-yoʻlakay oʻqiladigan ommaviy, tijorat adabiyoti. Soʻnggi oʻn yillikda esa yangi bir tendensiya avj oldi. Uni shartli ravishda “oʻrtaliq adabiyot” deb atash mumkin. Ikkala “tabaqa”ning maʼlum badiiy va gʻoyaviy jihatlarini oʻzida uygʻunlashtirgan ushbu adabiyot keng kitobxonlarga manzur boʻldi. Chunki mazmunan qiziqarli asarlarning badiiy puxta yozilishiga ham ahamiyat qaratildi.

 

Savol:

Dunyo kitobxonlari, xususan oʻzbek oʻquvchilariga XX asr chex adabiyoti namoyandalaridan Karel Chapek, Yaroslav Gashek, Vitezslav Nezval kabi adiblar, shuningdek, Nobel mukofoti laureati Yaroslav Seyfertning nomlari yaxshi tanish. Zamonaviy adabiyot haqida nima deya olasiz? Yosh mualliflar ijodida qaysi janr, uslub, yoʻnalishlar ustuvorligini kuzatish mumkin?

– Fikrimcha, zamonaviy chex adabiyoti savolda tilga olingan otaxon-asoschilar – katta avlod shoirlari, yozuvchilarining anʼanalarini davom ettiribgina qolmay, ijodga talaygina yangiliklar ham kiritdi. Bu yangiliklar bir tomondan tabiiy rivojlanish, milliy adabiyot taraqqiyotining hosilasi boʻlsa, ikinchi tomondan yevropa va jahon adabiyoti taʼsiridagi oʻzgarishlar natijasidir. Shuning barobarida hayotimizning axborotlashuvi, kompyuterlashuvi yoki XXI asr tilida aytadigan boʻlsak, “digitalizatsiyalashuvi” natijasida adabiy makon ancha toraygan boʻlib, zamonaviy adabiyot ushbu holat bilan hisoblashishga majburdir. Aksariyat yosh va oʻrta avlod vakillari uchun kitob mutolaasi boʻsh vaqtni oʻtkazishning bir koʻrinishi, multimedia madaniyatining avvalgilarga nisbatan ancha zaif boʻgʻiniga aylanib qolmoqda.

Shunga qaramay, Chexiya adabiyoti rivojlanishda davom etmoqda. Unda mashhur adiblar bilan bir qatorda yosh mualliflar nomlarini ham uchratish mumkin va ularning asarlari milliy kitobxonlarimizning maʼnaviy mulkiga aylanishi barobarida jahonga tanilmoqda.

Yosh adiblar ijodida koʻproq qanday qarashlar ustuvorligi haqida aniq bir gap aytish mushkul. Tabiiyki, ular oʻzlarigagina xos, shaxsiy uslublarini yaratishga, original tilda yozishga, asrlarining mazmunan boy, qiziqarli, estetik qiymatga ega boʻlishiga, xullas, eʼtirof qozonishga intiladilar. Kitob bozori talablari, unda yaratilgan mahsulotning ketish-ketmasligi bilan ham hisoblashishga toʻgʻri keladi, albatta. Yosh mualliflar, ayniqsa, adabiy maydonga endigina qadam qoʻyayotganlari, badiiy gʻoya, ifoda etish mahorati va asarning tijoriy imkoniyatlari orasidagi muvozanatni saqlashga majburdirlar.

Chexiyada adiblarni, shu jumladan yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish uchun koʻpgina ishlar amalga oshiriladi. Eng yaxshi adabiy asarlar mualliflari uchun turli mukofotlar taʼsis etilgan. Iqtidorli qalamkashlar rasmiy va, nazarimda, eng nufuzli – Davlat mukofotidan tashqari, Yaroslav Seyfert mukofoti, Karel Chapek mukofoti, shuningdek, adabiyotning maʼlum janrlari boʻyicha, xususan, nasr yoʻnalishida Magneziya Litera mukofoti, sheʼriyat yoʻnalishida Skatselova mukofoti, jurnalistika boʻyicha Ferdinand Peroutka mukofoti kabilar bilan taqdirlanadilar.

Yosh mualliflar uchun maxsus “Oltin yongʻoq” umummilliy tanlovi oʻtkaziladi. Taniqli nashriyotlardan biri – “Fragment” iqtidorli yosh yozuvchilar oʻrtasida “Bestseller muallifi qidirilmoqda” tanlovini oʻtkazadi. Chexiya radiosi esa Karlov universitetining Falsafa fakulteti bilan hamkorlikda maktab hamda gimnaziyalarning yuqori sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Soʻz erkinligi – kecha va bugun” mavzuida yaqindagina tanlov oʻtkazdi.

Boshqa hamma joyda boʻlgani kabi, Chexiya kitobxonlarining qiyofasi ham rango-rangdir. Talab, ehtiyojlariga koʻra, yevropalik oʻquvchilarga qiyoslash mumkin. Ammo milliy mentalitet bilan bogʻliq oʻziga xoslik ham bor, albatta. Masalan, chexlar koʻtarinki asarlardan koʻra parodiya, yumorni afzal koʻradilar.

Yurtdoshlarimiz orasida adabiyotning turli janrlariga talab mavjud. U oddiy belletristika boʻladimi yo nazm, tarixiy nasr, detektiv, fantastika (shu jumladan, keyingi yillarda ayniqsa mashhur “sayens fikshn” deb nomlanuvchi adabiyot), bolalar va oʻsmirlar adabiyoti, yumoristik adabiyot, sayohatlar adabiyoti deysizmi, xullas, har bir yoʻnalishning oʻz oʻquvchisi bor. Adabiy tanqidchilik ikkiyoqlama vaziyatning yuzaga kelganligini koʻrsatmoqda: bir tomondan, janrlar xilma-xilligi, adabiy yoʻnalishlarning tabaqalashuvi yaqqol koʻzga tashlanayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan ularning sintezi – qorishuvi kuzatilmoqda. Chindan ham, baʼzan u yoki bu asarning qaysi janrga taalluqli ekanini aniqlash qiyin boʻlmoqda. Bayon uslubi ham xilma-xil boʻlib bormoqda. Bugungi kunda qator asarlarda nafaqat hujjatli xronika, balki elektron xatlar, hatto SMS xabarlar matnlarini ham uchratish mumkin.

Mamlakatimiz va xorijda mashhur chex adiblaridan barchasini nomma-nom eslash ancha vaqtni oladi. Shu bois ulardan baʼzilarining nomini keltirib oʻtsam. Nasrda – yuqorida tilga olingan Mixal Viveg, Pavel Kogout, Mixal Ayvaz, shuningdek, Emil Gakl, Yaroslav Rudish, Galina Pavlovska, Petra Goulova, Martin Rishavi, Petr Shabax, Bara Nesvadbovalar eʼtirofga loyiq. Sheʼriy adabiyotning eng yorqin vakillari sifatida Radek Mali, Mariya Shtyastna, Yaxim Topol, Bogdan Troyakni keltirishim mukin. Dramaturgiyada Petr Zelenka, Karel Drabek, Petr Kolechko, Karel Shtaygervaldlar nom qozongan va hokazo.

 

Savol:

XXI asr yutugʻi hisoblangan axborot texnologiyalari taraqqiyoti asta-sekin mamlakatlar, xalqlar oʻrtasidagi chegaralardan oshib oʻtib, “globallashuv”, “ommaviy madaniyat” kabi tushunchalarni hayotimizga singdirmoqda. Bu holat Chexiya yoshlari qarashlariga, ularning milliy anʼana va qadriyatlar, madaniyat va adabiyotga boʻlgan munosabatiga qanday taʼsir koʻrsatmoqda?

– Globallashuv obʼyektiv, tabiiy bir jarayondir. Uni inkor etolmaysiz, qarshi turishingiz – mahol, bundan maʼno ham yoʻq aslida. Masala boshqa yoqda – globallashuvning qay bir turiga duch kelishingizda.

Birinchi turda turli xalqlar va davlatlarning ijtimoiy madaniy tajribasining insoniyat tomonidan umumlashtirilishi nazarda tutiladi. Ikkinchi yoʻl esa, ixtiyoriy ravishdami yoinki tazyiq ostidami, maʼlum bir tamaddun andozasining namuna sifatida qabul qilinishidir. Bir andozaning boshqalaridan ustuvorroqligi yoki hukmronligi, madaniyatlar tengligi tamoyillarini izdan chiqaradi. Biror davlatning harbiy-siyosiy va iqtisodiy qudrati uning xalqi madaniyatining boshqalardan afzalligi, ustunligidan dalolat bermaydi. Umuman, masalaning bu tarzda qoʻyilishining oʻzi xato boʻlardi.

Globallashuv jarayonining barcha vositalari – internet, kompyuter, uyali telefon, elektron ommaviy axborot vositalari hamda transnatsional kompaniyalar (aksariyat hollarda ular mahsulot va xizmatlarini nihoyatda keng koʻlamli reklama hisobiga oʻtkazadilar) – oʻziga xos global olamni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Unda jahonning turli burchaklarida yashovchi odamlar, xususan va ayniqsa, yoshlar, bir xil filmlar koʻrmoqdalar, bir xil musiqa tinglamoqdalar, xullas, didi, taʼbi deyarli bir xil boʻlgan isteʼmolchiga aylanmoqdalar. Bir qarashda buning hech bir yomon jihati yoʻqdek. Biroq ayrim saviyasi talabga javob bermaydigan moddiy hamda maʼnaviy qadriyatlar targʻiboti, shuningdek, milliy, ijtimoiy madaniy qadriyatlarning unutilayozishi globallashuv jarayonining uzviy qismiga aylanib bormoqda.

Chex yoshlarining maʼlum qismi, aksariyat yevropalik va dunyoning boshqa mintaqalarida yashaydigan tengdoshlari singari, pragmatizm, moddiy farovonlikka intilish, karyerani moddiy boylikka yetishish, turli taassurotlar va ayniqsa, koʻngilxushlikka boy hayotga erishish yoʻlidagi pillapoya sifatida koʻrish kabilarni birinchi oʻringa qoʻymoqdalar. Bu intilishlarni fuqarolik masʼuliyatini anglab yetish, ijtimoiy faollik, yuksak maʼnaviyat, oʻzgalarga naf keltirish(ga tayyorlik) hissi, milliy madaniy merosni asrab, yanada koʻpaytirish istagi bilan uygʻunlashtirishni esa hamma ham uddalavermaydi.

Milliy madaniy merosimizni asrash va yanada koʻpaytirishga koʻmaklashish, xalq anʼana va qadriyatlariga boʻlgan qiziqishni orttirish yoʻlida qilinayotgan harakatlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Chexiya hukumati 2007–2013 yillarga moʻljallangan Yoshlar siyosati davlat Konsepsiyasini ishlab chiqqan va unda qator tadbirlar kompleksini amalga oshirish koʻzda tutilgan. Bolalar va yoshlar teatrlari, adabiy toʻgaraklar, qoʻshiqchilik va boshqa ijodiy jamoalarni tashkil etib, ularni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash choralarini amalga oshirish, umummilliy va mintaqaviy badiiy koʻrik-tanlovlar, folklor festivallari, yoshlarning sogʻlom ijtimoiy madaniy rivojlanishiga qaratilgan boshqa tadbirlar uyushtirish, oʻsib kelayotgan avlodning boʻsh vaqtini samarali oʻtkazishga oid dasturlar, shuningdek, muzey ekspozitsiyalarini ommalashtirish va ular bilan Internetda ham bemalol tanishish imkoniyatini yaratish kabilar shular sirasidandir. Konsepsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha Bosh koordinator Chexiya Respublikasining Taʼlim, yoshlar va jismoniy tarbiya vazirligidir. Konsepsiyani hayotga joriy qilish mazkur vazirlik bilan bir qatorda boshqa vazirlik va mahalliy hokimiyat idoralariga yuklatilgan.

 

Savol:

Oʻzbekistonda chexiyalik yozuchilarining qator asarlari nashr etilgan. Chexiyada ham Oʻzbekiston arxeologiyasi, tarixi, sanʼatiga oid kitoblar, risolalar chop etilgan. Oʻzbek adiblari asarlarini chex tiliga tarjima qilib, nashr etish masalasida biror rejalar bormi?

– Keyingi yillarda yurtimizda oʻzbek mualliflarning bir necha moʻjaz nashrlari amalga oshirildi.

Xususan, suhbatimiz avvalida tilga olingan “Oʻzbekistonni bilasizmi?” tanlovi munosabati bilan Praganing Metropolit universitetida chex tilida Oʻzbekiston haqidagi risola nashrdan chiqdi.

Oʻzbek badiiy adabiyoti namunalarini chex tiliga oʻgirib, nashr ettirish masalasi esa kun tartibida turibdi. Bu masalani tarjimonlar hamda Chexiyadagi nashriyotlar bilan muhokama qilmoqdamiz. Shu bilan birga oʻzbek kitobxonlarini mashhur zamonaviy chex yozuvchilari va shoirlari asarlari bilan tanishtirish borasida ham ish olib bormoqdamiz.

 

Yulduz HOSHIMOVA suhbatlashdi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.