Chavandoz boʻlsang, qamching yulduzga tegsin

0
93
marta koʻrilgan.

Shoir Shodmonqul SALOM bilan suhbat

 

– Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida “millatimizning ruhi boʻlgan ona tilimiz, azaliy qadriyatlarimizni saqlab qolish va avlodlarga bezavol yetkazish, xalqimizning ongu tafakkurini yuksaltirish, mustaqilligimizning maʼnaviy asoslarini yaratish, soʻz sanʼatkorlarini birlashtirish, ularning manfaatlarini himoya qilish, yosh isteʼdod egalarining salohiyatini roʻyobga chiqarish borasida” ijodiy uyushma amalga oshirayotgan ishlar alohida taʼkidlangan. Shu munosabat bilan sizning ijodkorning birdan-bir faoliyat quroli boʻlgan soʻz va ijodning asl mohiyati haqidagi fikrlaringizni bilmoqchi edim. Sheʼr nima, shoir aslida kim?

– Kunning uchdan ikki qismini oʻzingga ajratmasang — kelajakdan umid qilma, degan ekan bir alloma. Demak, qolgan bir qismini oʻzgalarga — ishga, dunyo tashvishlariga ajratmogʻing kifoya demoqchi-da. Bu bir qismning ichida farzand tarbiyasi ham, doʻstlarga, odamlarga kamarbasta boʻlish ham bor. Ha, oqil farzand tarbiyasi sening kelajaging emas, bu uning — farzandingning istiqbolidir. (Koʻp koʻrgansiz: “Shu bolalarni deb ijod yoʻlidan ketolmadik”, deb oʻzini oqlaganlarni. Yo ularning boʻlgani shu, yoki ular Xudodan koʻp narsa qarzdor!) ­Xalqu jamiyat oldidagi fuqarolik burchi ham — muqaddas. Ammo bu ham oʻsha bir qismga kiradi. Unda ikki qismga nima ish qoladi, dersiz? Gap shunda-da!

Yuqoridagilardan ortib oʻzingga ikki hissani ajrata olibsanmi, sen — zoʻrsan! Sen shunchaki oddiy odam emassan. Ishon! Bizning qoʻngʻirot bobolar aytmoqchi, chavandoz boʻlsang, qamching yulduzga tegib qaytsin, boʻlmasa, otdan tush!

Butun borligʻingni – sogʻliging, ruhiy va jismoniy qudratingni, erku istaklaringni sendan talab etib, evaziga hech narsa vaʼda qilmay oʻtguvchi sirli IJOD jarayoni va hosili sening qolgan ikki qism umringga arziydimi? Ammo baribir nimadir kutasan-ku. Nima oʻsha? Bu qoʻrquv va umid oraligʻidagi oʻzingning timsolingda butun bashariyatning mazmunini, ulugʻ ilohning mohiyatini izlash va topish (yoʻli yoki jarayoni)dir! Va ming azob oralab yurib topganlaringni saxolarcha (himmat bilan) ulashmoqdir! Bu endi oddiy, hamma ham tushunadigan, qadrlaydigan, orzu etadigan joʻn narsa emas.

Prezidentimiz qarorida “Uyushma aʼzolarining ijtimoiy-maʼnaviy faolligi va masʼuliyatini oshirish, ularni xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini, el-yurtimizning fidokorona mehnati bilan erishilayotgan tub oʻzgarishlarni teran aks ettirishga qaratilgan yuksak badiiy asarlar yaratishga ragʻbatlantirish” alohida taʼkidlangan.

Bugun adabiyot ahli uchun olam guliston boʻldi! Buning uchun faqat tashakkur aytmoq kerak! Shoir-yozuvchiga bugungichalik ehtirom kam uchraydi. Axir, tarixga qarang! Koʻzlaringiz tinib ketadi. Koʻp emas, ikkita buyuk soʻz ustasini aytay! Buyuk va bechora Balzak! Ikkinchisi, oʻzimizning magʻruru haqir Shukur Xolmirzayev!

Parijning irkit kunjagi boʻlmish, biroz istehzo bilan “daholar yetiladigan banka” deyilguvchi Lotin mahallasida ochlik va sovuq sabab boshidan bugʻ chiqib ketsa-da, mutolaa va ijoddan toʻxtamagan Balzak qariyb yuz jildlik adabiy obida qoldirdi. Va Tur degan ovloqdan chiqib, “Parij, bir kun menga taʼzim qilasan!” deya hayqirgan oʻspirin Onore de Balzak degan nomni ongli dunyo tarixiga muhrlab qoʻydi! Boʻlgani shu. 51 yil yashadi. Oilaga ulgurmadi, ortidan tirnoq qolmadi. Bir umr koʻngil va hayot kurashida koʻngilning tomonini olib yashadi. Tengsiz shon-shuhrat qozondi. Ammo chalgʻimadi. Davrlardan davrlarga oshib kelayotir.

Shukur aka-chi? Shoʻro zamonida kamolga yetgan adib mustaqillikning sinovli yillarida ham mardona ijod qildi. Oʻzining burchini unutmadi. Oʻz iborasi bilan aytganda, masjiddagidek betaʼma yashadi. Azoblandi, ammo “voh” demadi. Bir umr oʻzbekni alqadi, yaxshi koʻrib koyidi, sevib qiynaldi, kechirib yaxshi koʻrdi. Bir kosa taomga qanoat qiloldi… Va xalqining, oʻquvchilarining tuganmas mehriga sazovor boʻldi.

Shu gaplar koʻzday haqiqat ekan, bugungidek yayragan zamonda nega yozmaslik, yozganda ham nega dunyoni quchgudek shasht bilan ijod qilmaslik kerak. Yurt mustaqil boʻldi, xalq farovon — dard tugab qoldimi? Yozadigan gap qolmadimi? Yoʻq! Eng katta va ogʻir vazifa bizga koʻndalang. Choʻlponu Fitrat, Qodiriy, Oybek, A.Qahhor, A.Oripov,     E.Vohidov, R.Parfi, Sh.Xolmirzayev, U.Azim, Sh.Rahmon, H.Xudoyberdiyeva, E.Aʼzam, A.Suyunning oldidagi vazifa       oʻz-oʻzicha mahobatli edi. Ammo ularning   jamiyat va adabiyot oldidagi vazifasi biroz boshqacharoq edi. Qolaversa, ular yukni belgilangan joygacha yelkalab olib kelib qoʻydilar. Bu ularning yuki edi. Bizning ogʻir vazifa esa mutlaqo boshqa. Vazni ham, malolligi ham oʻziga xos. Yengildek tuyuladiyu juda vazmin, oʻngʻaydek koʻrinsa-da benihoya noqulay, murakkab. Tirnoqdek   keladigan (8 gigobaytlik) fleshkada bir dunyo maʼlumotni olib yurish mumkin boʻlgan zamon adibi shunga qarab ish koʻrmogʻi,   insonning bugungi ahvoli ruhiyasini katta mahorat bilan tadqiq etmogʻi kerak.

Yaqinda boʻlgan voqea: Fargʻonada Erkin Vohidov nomidagi istirohat bogʻida yurgan edim. Akam bilan. Ikki soʻloqmonday tuppa-tuzuk oʻzbek bogʻdagi bunyodkorlik ishlariga qarab turib, biri ikkinchisiga shunday dedi: “Shu ishlarga sarflangan pulga ikkita yap-yangi “Kaptiva” bersa kerak?!” Akam koʻzini qisib, labini tishladi: jim, gapirma, degani bu. Nima ham qilardim men. Axir men ham, akam ham shu ikki oʻzbekning birimiz-da. Ha, sal mundayrogʻi! Yoki “Navoiyni bilasanmi?” degan savolga “Ha, ­Navoiy Buxoroga chegaradosh”, deb javob bergan talaba ham bizga ­zamondosh.

“Qachon zamonim keladi-yu men zoʻr sheʼrimni yozaman?” degan shoirning oʻsha zamoni koʻz oldidan oʻtib ketayotgan boʻladi. Unutmaylik: eng katta vatanparvarlik — burchni bajarish! ­
Har kimning oʻz ishi, vazifasi bor. Xuddi XVI asrdagi adib va faylasuf G. de Balzak ­bilan XIX asrdagi Onore de Balzakning maslagi biru vazifasi farq qilganidek!

— Isteʼdodning shakl­lanishida mehnatning oʻrni qanday, deb oʻylaysiz?

— Savolga yuqorida qisman javob berildi. Ammo qisqa bir-ikki ogʻiz mulohaza: bir nomatlub illat paydo boʻldi bizda. Bu bir ijodkorning boshqasini (umuman boshqalarni ham) oʻqimasligi. Va oʻqisa-da fazilat, nafosat emas, boshqa narsalar izlab oʻqishi. Oʻqishni xayoliga keltirmay “telegram” orqali bir-biriga sheʼr yoʻllaydigan qavm maydonga keldi. Bu — dovuldan oldingi sukutday qoʻrqqulik holat. Isteʼdod mehnat ekanini bilmay, his qilmay, oʻylamay ham yozishni istovchilar koʻpaydi.

— Oʻzaro gurunglarning birida “avlod boʻloldikmi”, degan savolga javob qidirayotganingizni aytgan edingiz…

— Sekinroq gapiring: katta avlod eshitib qolmasin! Savolimga javob topdim: “Hozircha yoʻq! Ammo bu hol roʻy berayotir”. Nosirlar J.Kengboyev, U.Yoqubov, F.Jabborov, N.Choriyev, A.Suyunov, M.Tilovova, N.Ibrohimova va boshqa doʻstlar. Bu yozuvchilardan bir oʻquvchi sifatida umidim katta! Oʻzimning shoirlikdan umidim boʻlsa-da adabiyotning nortuyasi — prozaning katta mahobat kasb etishini juda istayman.

— Bugungi adabiy jarayon xususida qanday fikrdasiz?

— 2011 yilda “Tafakkur” jurnalida bosilgan sheʼrlarimga yozuvchi Ahmad Aʼzam qisqa, tugal, pishiqqina soʻz yozdi. Shu voqeadan soʻng uyushmamizdagi bir yigʻinda yoniga borib koʻrishib, oʻzimni tanishtirdim. U kishi bilan yuzma-yuz turib ilk va oxirgi marta gaplashganim shu. Oradan bir necha yil vaqt oʻtdi. Men u kishi bilan dildan suhbat qurmadim. Bu mening tortinganim, botinolmaganimdan emas. Eshiting… bir yilcha burun qoʻlimga Ahmad akaning “Hali hayot bor” degan kitobi tushdi. Oʻqib chiqdim. Soʻngra boshqa ikkita kitobini ham topib, izlab oʻqidim. Shunday katta yozuvchi oramizdan oʻtib ketibdi-yu bilmabman. Odamga oʻxshab bir suhbatini ham olmabman. U juda katta, mahoratli yozuvchi edi. Xuddi shunday “oʻtib” ketayotganlarimiz koʻp. Qadriga yetolmayapmiz.

Nazar Eshonqul, Sobir Oʻnar, Isajon Sulton, Abduqayum Yoʻldoshlarning hamma yozganlarini hech boʻlmaganda bizning avlod toʻliq oʻqimasa bu — nonkoʻrlik. Biz oʻzimizdan boxabar emasmiz. Ruhiy, maʼnaviy xotiramiz boʻshashib ketgan. Kattalar esa oʻqiydi, oʻqiganlar ham. Shuning uchun qurch, pishiq, yetuk!

— Shoirning jamiyat oldidagi asl   vazifasi nima?

— Davr shoirning oldiga qoʻyayotgan vazifani ijod ahli muqaddas deb bilsa, qabul qilsagina jamiyat oldidagi qarzdan qutulish imkonini topgan boʻladi. Buni muqaddas deb bilish uchun shoir oʻzining tor qobiqlariga oʻralib qolmasligi shart. “Men oʻzim uchun yozaman. Meni bugungi avlod tushunishi shart emas. Buyurtma ijodkorni boʻgʻadi va hokazo…” degan gaplar ijodkorning yetilmay qolgani belgisi.

Katta zaldagi minglab oʻrindiqlarga bir-birini tanimaydigan omma yigʻilib boʻlgan payt chiroq oʻchib qolsayu tashqariga chiqishning imkoni boʻlmasa, qanday hol roʻy beradi? Ana shunday noqulay vaziyatda ham maʼrifatli, imonli odamlar bir-birlarini ovozlarining ohangidan tanib oladilar. Oʻshalargina qoron­gʻuda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan oʻgʻirlik, zoʻravonlik kabi tartibsizliklarni toʻxtatishga qodir. Bunday odamlar kasbi va yoshidan qatʼi nazar hammaslakdirlar. Hamma gap shunday ovozlardanoq qorongʻulikda ham bir-birini taniy oladigan zotlarning oz-koʻpligida.

Ammo chiroq yonishi kerak! Tokaygacha qoron­gʻulik?! Shu payt kimdir mashʼala koʻtarib kirib keladi. Bu shoir, bu yozuvchi, bu chinakam bashariyatning maʼnaviy mayogʻi! Shoir ichida quyoshni koʻtarib yurishi kerak!

Shoir – qanotiga oʻt ketgan qushdir!

Unga don koʻrsatmang, bering osmonni!

To yonib boʻlguncha yorishsin olam,

Toki kuydirmasin kuygan jahonni!

 

— Endi qoʻliga qalam tutib, sheʼr yozayotgan yoshlarga nimalarni tavsiya qilgan boʻlardingiz?

— Sheʼrning oʻzini yozish kerak! Maʼrifiy, maishiy, sharh, izoh, daʼvat, murojaat,     targʻibot, madh, tasvir sheʼriyati bizda   maromiga yetgan. Ammo sheʼrning oʻzi kam yozilayapti. Ayniqsa, hozir. Yuqorida sanaganlarim Sheʼrni tushunishga vosita, xolos.

Keyin har bir shoir oʻz sheʼrini yozishi lozim. Birovning ohangi, yana birovning soʻz qoʻllashi, birovning mavzu tanlashi, boshqasining manbaga yondashuv shaklini oʻzlashtirib olish mustaqil shoirlik emas! Oddiyroq aytsak, oʻz ovoziga, nigohiga, aytish usuliga ega boʻlish katta ijodiy baxt!

Tagʻin, keyingi paytda koʻp uchrayotgan bir salbiy holat bor. Bundan qochishimiz shart, yaʼni soʻzni fikrga qul qilmaylik. Fikr ham tuygʻu va soʻzga tobe boʻlmasin! Ular oʻrtasidagi nozik uygʻunlikni, nozik masofani tuta bilish, koʻra olish kerak! Qolganini isteʼdod va mehnat hal qiladi.

Sheʼr yozishni ham oʻrgatish kerak. Bu haqda alohida saboq zarur. Bu ehtiyojni qondirish maqsadida Prezidentimiz qarorida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus       taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Alisher Navoiy nomidagi     Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshida Oliy adabiyot kursini     tashkil etish haqidagi taklifi maʼqullansin”, deb taʼkidlangani meni juda xursand qildi.

Bu haqda aytadigan gaplarim koʻp. Sheʼr sehri, shoirning vazifa-burchi, ijtimoiy, maʼnaviy olami xususida “Shoirlik sharafi” nomli kitob yozish niyatidaman.

 

Islomjon QOʻChQOROV

suhbatlashdi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.