Bolalarga kitob oʻqib bering

0
3045
marta koʻrilgan.

Amerikalik nevrolog olima, adib va ilm targʻibotchisi Marianna Vulf jahon olimlari orasida “Prust va kalmar: tarix va mutolaa qilayotgan miya tadqiqotlari” (“Proust and the Squid: The Story and Ssience of the Reading Brain”) asari bilan tanilgan.

Muallifning “Hamburger Abendbiatt” va “Suddeutsche Zeitung” gazetalariga bergan intervyulari asosidagi suhbatini eʼtiboringizga havola qilyapmiz.


 

Hozir koʻpchilik, ayniqsa, yosh bolalar matnni ekrandan oʻqishga oʻrganib qoldi. Siz esa mana shundan xavotirdasiz. Nega?

Raqamli vositalar, aytaylik, internet matnni yuzaki oʻqishga bizni oʻrgatib qoʻydi. Biz nihoyatda ulkan hajmdagi axborotlarni iloji boricha tez surʼatlarda qabul qilib olishga intilamiz; goh elektron pochtamizni nazoratdan oʻtkazishimiz, goh feysbukdagi sahifalarni koʻzdan kechirishimiz kerak; goh saytlardan saytlarga sayohat qilishimizga toʻgʻri kelyapti. Diqqatimiz esa tutunday tarqalib, toʻzgʻib ketyapti. Kitob boʻlsa buning aksi – u bizga diqqat-eʼtibor bilan oʻqishimizga imkoniyat yaratadi, olgan bilimlarimiz xotiramizda qoladi; kitob oʻqish jarayonida alohida soʻzlarga, iboralarga eʼtiborimizni qaratib, diqqat markazimizda tutib tura olamiz, turli soʻz birikmalariga, jumlalarga, soʻzlararo uygʻunlik va aloqalarga eʼtibor qilamiz – miyamiz bundan faqat rohatlanadi, bilsangiz…

Nahotki? Qanday qilib?

Kitob oʻqiyotgan lahzalarda odamning miyasidagi avval bir-biridan yiroqda boʻlgan, ajralib qolgan asab hujayralari jipslasha boshlaydi, tamomila yangicha tuzilma (struktura)larni vujudga keltiradi.

 – Mana shu jarayonni batafsilroq tushuntirib bering, iltimos…

Miyamiz “reprezentatsiya” (namoyish) holatida turibdi, deylik. Orqa miyadagi hududlar faoliyati tufayli, biz bir paytlar koʻrgan, eshitgan yoki his qilgan taassurotlarni bir-biri bilan bogʻlay olamiz, ularni yangi axborotlar bilan toʻyintiramiz, shu asnoda hujayralarimiz jipslashadi. Kitob oʻqiyotgan lahzalarda miyamizning koʻrish bilan bogʻliq qatlamlariga koʻrganlarimiz – harflar, soʻzlar haqidagi signallar yetib boradi. Bu qatlamda mana shu signallarni qabul qilib, shu asnoda oʻzlari ham faollashib oladigan tuzilmalar mavjud. Masalan, ingliz tilidagi “jat” soʻzi oʻzining asl maʼnosi – “marmelad”, “jem” maʼnolaridan tashqari, xotiramizda “music jat” musiqiy orom yoki tiqilinch yoʻl, koʻchalardagi mashinalar tizimi maʼnosidagi “traffic jat” tasvirini ham yetkazadi. Matnni oʻqish jarayonida maʼnolarning uyqashib, bir-birini taqozo qilib kelishini his qilyapsizmi? Matn ekrandan oʻqilganda esa mana shu maʼnolar aralashib, asosiy maʼno tushunilmasdan qolib ketish hollari kuchayadi.

Bosh miyadagi yangi neyronal aloqalar faqat bolalarda, ular oʻqishni oʻrganayotgan lahzalarda shakllanadimi?

Yoʻq, bu hodisa katta yoshlilarda ham sodir boʻladi. Bu narsa qator-qator ilmiy tadqiqotlarda oʻz isbotini topgan. Masalan, olimlar bir guruh kishilarni sinovdan oʻtkazdilar, ularda adabiyotga oid taʼlim yoʻq edi, kam mutolaa qilardilar. Tadqiqot ishtirokchilariga adabiy asarlarni koʻproq oʻqish tavsiya qilindi. Ularning hammasiyam topshiriqni bajaravermagan, albatta. Ammo (shunisi qiziq!) tomografik tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, adabiy asarlarni koʻp mutolaa qilgan odamlarning bosh miyasida yangi neyronal aloqalar, jipslashishlar sodir boʻla boshlagan va miyalari avvalgidan koʻra faollashgan, yaʼni rivojlangan; topshiriqni bajarmaganlar (kitob oʻqimaganlar) miyasidagi hujayralar esa avvalgi holatda qolib ketavergan.

Kitob mutolaa qilganlarning miyasi bundan qanday naf koʻrgan?

Qarang, biz kitob oʻqiyotgan paytimizda mutolaa sayin ona tilimizni chuqur oʻrgana borar ekanmiz. Bu paytda bizning soʻz zaxiramiz kengayib, jumla tuzish layoqatimiz takomillashar ekan, eng murakkab va nozik maʼnolarni ham chuqur anglab yetishga qobillashib borarkanmiz. Kitob mutolaasi bizni chuqurroq va foydaliroq oʻylashga oʻrgatar ekan. Tajribali kitobxonlarga razm soling, ular matnni tushunibgina qolmaydilar, balki tushuntirib-izohlab berishga ham, matnga tanqidiy nuqtai nazardan yondashishga ham moyil boʻladilar. Kitob oʻqishning yana bir fazilatli tomoni – mutolaa insonga hayajon bagʻishlaydi, vujudimizga ezgulik nurlarini singdiradi, qachonlardir boshdan kechirgan, bizga tanish hissiyotlar bilan qayta uchrashtiradi, mutolaa qilgan inson maʼnan boyiydi. Bolalar kitob oʻqimas ekan, adabiy qahramonlarning kechinmalaridan bebahra qoladilar, “qissadan hissa chiqarolmay”, fikriy qoloqlik botqogʻiga botadilar, mushohada yuritish imkonlari cheklanadi. Bu mahdudlik, biqiqlik insonning oʻzini cheklab qoʻyadi.

Kitobni internetdan boʻlsa ham, oʻqiyapmiz-ku axir, buning nimasi yomon? Oʻqish boʻlgandan keyin hammasiyam oʻqish-ku…

Toʻgʻri. Lekin inson internetdan oʻqiyotgan paytda vaqt omili uni yelkadan bosib turadi. Yaʼni, biz internetda oʻtirib hamma axborotni shosha-pisha qabul qilib olishga, miyamizga chala-chulpa tiqishtirishga oʻrganib qolamiz. Shuning uchun ham, hammasini oʻqidim, tushunib yetdim, bilib oldim, degan hissiyot vujudimizga singadi. Ilgari odamlar kitob oʻqish uchun kutubxonaga maxsus tayyorlanib, mashaqqatlar chekib yetib borar, butun diqqat-eʼtibor mana shu yumushga yoʻnaltirilgan boʻlardi. Hozir esa butun kutganlaringizni internet uch sekund ichida oldingizga chiqarib qoʻyadi, mashaqqat-zahmat chekib yurmaysiz. Farqini his qilyapsizmi – qiynalmasdan erishilgan bilimlar bir zumda uchib keladi-yu ketadi, miyangizga, xotirangizga joylolmay ham qolasiz…

Demak, bolani oʻqishga oʻrgatish mobaynida ham matn maʼnosini tushunib oʻqishga, ham oʻqilganlarni tahlil qilib, xotiraga joylab oʻqishga oʻrgatishimiz kerak ekan-da?

Albatta-da, hamma gap mana shunda. Farzandlarimiz qanday intellektual qobiliyatlarga ega ekanliklarini bilib olishimiz juda muhim. Ularni tevarak-atrofdagi narsalarga qarab bexato yoʻnalish olishga, axborot va maʼlumotlarni samarali tahlil qilishga oʻrgatishimiz zarur.

Siz, mana, internet odamlarni shoshilishga majbur qiladi, olgan axborotlarimiz xotiraga chala oʻrnashadi yo oʻrnashmasdan uchib ketadi, deb yozgʻiryapsiz. Oʻqiladigan matn esa koʻp, hammasini koʻrib chiqishga, xotiraga joylab olishga esa vaqt yoʻq, ulgurmaymiz. Shoshilishimiz balki shundandir? Internetning oʻzi zamondagi shiddatkorlikni, surʼatni aks ettirib, bizni tezlikka undayotgandir?

Men sizlarga oʻz boshimdan kechgan bir holatni gapirib beray. Tajribamdan oʻtgan. Internet mening xulq-atvorimni qanchalar oʻzgartirib yuborganini aytmoqchiman. Men hozir sheʼriy kitoblarni kam mutolaa qiladigan boʻlib qoldim. Matnni, murakkab romanni oʻqishga chogʻlanayotib, yana oʻylanaman: buni oʻqib chiqishga vaqt qayda endi? Koʻrdingizmi, vaqt masalasi yelkamdan bosib, shu savolning oʻzi mutolaaga yoʻl qoʻymayapti… Buning oʻrniga falon-falon ishlarni qilib olishim kerak, degan hissiyotni koʻnglimga quygan – internet. Hatto kompyuterdan uzoqlashgan paytlarda ham mana shu hissiyot meni tark etmayotir. Demak, bir menda emas, hammadayam ahvol shu. Internet – jamiyatimizning qora oʻrasi, sizu bizning vaqtimizni yamlab-yutib boryapti.

Biz kitob oʻqimay qoʻydik, deylik. Mana, internet bor, shundagi matnni oʻqib olsam, shuning oʻzi yetarli deb yuraversak, unda nima boʻladi?

Inson miyasi azaldan oʻqish uchun moslanmagan edi. Miyamizning turli hududlaridagi hujayralarni joylashtirib, birlashtirib, mutolaaga masʼullik qiladigan “boʻlinma” yaqin-yaqinlarda paydo boʻldi, shu “boʻlinma”da mutolaaga masʼul boʻlgan maxsus neyronal tarmoq shakllandi. Bu tarmoqniyam aʼlo darajada, ideal ishlaydi, deb boʻlmaydi, aslida. Lekin shunisi aniqki, matn ichiga chuqur kirib borishni istasak, miyamizning ikkala yarimsharidan teng foydalanishimiz kerak. Agar matnga loqaydgina, shosha-pisha, chala-chulpa, yuzaki qaraydigan boʻlsak – men internetning bizga oʻrgatgan oʻqish texnikasini nazarda tutayapman – miyamiz ham befarq-loqayd, “tepsatebranmas” boʻlib qoladi, yarim kuchini sarflab, istar-istamas ishlaydigan boʻladi, yaʼni oʻzidagi bor resurslardan toʻliq foydalangisi kelmasdan ishlay boshlaydi. Mana, internetning “karomat”i.

Doʻstlar bilan kechadigan suhbatlar payti olingan axborotlar mutolaa oʻrnini bosa oladimi?

Baʼzan shunaqayam boʻladi. Lekin bu suhbatlar ham koʻpincha shunchaki turmush ikir-chikirlaridan, chala-yarim taassurotlardan iborat boʻlib qoladi-da, shu tomoni bor. Mutolaa paytida biz kitob ichiga kirib, oʻz xayollarimizga bemalol erk berishimiz, bizni oʻylantirayotgan narsalar haqida obdon mulohaza yuritishimiz mumkin. Xayol esa chegara bilmaydi: goh oʻzimizni qotil deb tasavvur etishimiz, goh shoh, goh gado boʻlib “kun kechirish”imiz mumkin. Internetdagi koʻz yugurtirishlar, chala-chulpa, yuzaki oʻqishlar bizning xayolan qilayotgan “parvoz”larimizni chippakka chiqaradi.

Siz aytayotgan holatlar qogʻoz kitoblarni mutolaa qilish paytidagina yuz bersa kerak. Elektron kitoblarni (men internetni nazarda tutyapman)oʻqishdayam shunaqa holat yuz bermaydimi?

Biz qogʻoz kitoblarni oʻqiganimizda qanday ijobiy hissiyotlarni boshdan kechirsak, balki hozir yoshlar ham – bolaligidan kompyuter va planshetlarga tikilib oʻrgangan avlod oʻsha holga oshno tutinar, balki. Qogʻoz kitobga tikilib, shundan zavq tuygan katta avlod, yaʼni bizlar elektron kitoblarni oʻqiganda oʻsha zavqli onlarni, hayajonlarni tuymaymiz, elektron kitoblar ichiga singishib ketolmaymiz. Umuman, mutaxassis olimlar mana shu masalalarni maxsus tadqiq qilib, xulosa chiqarsalar yaxshi boʻlardi: buning sabablari nimada ekanligi, qogʻoz kitobni oʻqigandagi zavq-shavq, lazzatlar qanday-u, elektron kitoblar mutolaasi paytida odamda qanday his-tuygʻular uygʻonadi, uygʻonadimi-yoʻqmi oʻzi – mana shularni bir aniqlashtirib bersalar yaxshi boʻlardi.

Mutolaaning kelajagi qanday boʻlar ekan? Shular haqdayam fikr bildirib oʻtsangiz…

Elektron axborot vositalari hayotimizga juda chuqur singib boryapti, yosh avlod goʻdaklikdanoq elektron asbob-uskunalar orasida oʻsadi. Ular yangi-yangi texnologiyalar orqali informatsiyalarga ega boʻlar ekan, oʻsha olingan bilimlar biz qogʻoz kitoblar orqali olgan bilimlar kabi xotiralarida saqlanib qoladimi-yoʻqmi? Mana bu – bosh masala! Mening fikrimcha, bolalar internet bilan cheklanib qolmasligi kerak, ularga qogʻoz kitoblarni ham oʻqib berishimiz zarur. Hozir yangi texnologiyalar kirib bormagan yer yoʻq, bu borada uning imkoniyatlari juda katta. Bugun jahonda 100 million bolakay maktabda boʻlish imkoniyatidan mahrum, ular koʻchada tentirab yurib kunni kech qilishadi. Ehtimol, kompyuter texnologiyalarining imkoniyatlarini ularning savodini chiqarish, bilimli-maʼrifatli qilishga safarbar etsa boʻlar?

Bu texnologiyalarni hayotimizdan, kundalik turmushimizdan haydab-supurib chiqarolmaymiz. Shunday ekan, nima qilish lozim?

Hozir hammamiz uchun muhim masala bu – oʻrta yoʻlni topib, muvozanatni saqlash… Nima qilish kerakligini oʻylab, bir xulosaga kelish, qaror chiqarish uchun ham vaqt kerak, sokinlik kerak, xotirjamlik kerak. Internet deganlari – shovqin-suronning uyasi, unga kirdingizmi – xotirjamlik yoʻq, nimanidir izlaysiz, nimanidir topib, yengil-yelpi oʻqib oʻtasiz, yodingizda qoldimi-qolmadimi, bu yogʻi bilan ishingiz yoʻq, barmoqlar muntazam harakatda, u saytga sakra, bunisiga oʻt… va hokazo. Biz-ku kitob oʻqib tarbiyalangan avlodmiz, internetga tikilib oʻtirib oʻsayotgan avlodning kelajagi nima boʻladi? Ularning xotirasiga, miyasiga nimalar oʻrnashib qoladi, tarbiyasi nima boʻladi, koʻnglida nima gap, kayfiyati, xulq-atvori, maʼnaviyatiyu madaniyati nima boʻladi – mana shular haqida hamma-hamma oʻylashi kerak.

Bola tarbiyalayotgan, parvarish qilayotgan odamlarga nimalarni tavsiya qilgan boʻlar edingiz?

Mening ota-onalarga maslahatim hozircha shu: “Uyingizda kitob koʻp boʻlsin, koʻpdan-koʻp qogʻoz kitoblar boʻlsin, javonlaringiz kitobga toʻlib tursin! Bolangiz besh yoshga toʻlguncha har kuni kechqurun kitob oʻqib bering, ularning quloqlari siz talaffuz qilgan soʻzlarga qonib oʻssin! Agar ular ulgʻayib, yoshlari kattargan boʻlsa ham, kitob oʻqib bering, oʻqing, oʻqing”.

Men ikkala farzandimga ham kitob oʻqib, oʻqitib oʻstirdim. Biri oʻn yoshga, ikkinchisi oʻn ikki yoshga toʻlguncha kitobni oʻzim oʻqib berardim. Mana bu soʻzlarni qulogʻingizga quyib oling: quloqdan kirgan soʻz, ovoz bola miyasining rivojida juda katta ahamiyatga ega. Agar siz oʻzingiz kompyuterga yopishib olib, undan beri kelishni istamasangiz, bilingki, bolangiz ham kompyuterga yopishib oʻsadi, undan nari ketmay qoladi.

Internetning makrigiyohi shunchalar oʻtkir, shunchalar jozibador, bolangizni ehtiyotlab-ehtiyotlab oʻrgata bormasangiz, keyin kech boʻladi. Buning oqibati nima bilan tugashini hali hech kim bilmaydi. Yaxshisi, bolaga kitob oʻqib berib, boshqa ishlarga qiziqtirib, chalgʻitib, kompyuter saboqlarini esa oz-ozdan, kam-kamdan berib borish maqsadga muvofiqdir. Farzandlaringizning bolalik davri kompyuterga qurbon boʻlib ketmasin!

 

“Znaniye – sila” jurnalining 2016 yil 11-sonidan Muzaffar Ahmad tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2017–9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.