Bolalar mening ogʻaynilarim

0
400
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyev bilan suhbat

 

-Bolalarga atab yozadigan ijodkorlar kam. Balki bu yoʻnalishda katta gaplarni, katta dardlarni ifodalab boʻlmas. Siz nima uchun aynan bolalar adabiyotini tanlagansiz?

Bolalarga moslab yozish qiyin, shu sababli bu yoʻnalishni tanlaydiganlar kam deyish uncha toʻgʻri emas. Bolalarga yozish, uning ruhiga tenglashib olish, bola qalbiga monand biror narsa aytish albatta qiyin. Qarshingizga bir bolani oʻtirgʻizib qoʻyganday, u bilan suhbatlashganday yozish haqiqatan ham murakkabroq. Bugun bolalarga bagʻishlangan asarlar juda kam, deyarli yoʻq hisobi.

1-2 aprel kunlari bolalar kitobxonligini himoya qilish kuni boʻldi. Shu sanada “Sharq ziyokori” kitoblar doʻkonida tadbir boʻlib oʻtdi. Atrofdagilarning eʼtiborini bolalar adabiyotiga oid kitoblar terib qoʻyilgan tokchaga qaratdim. Chet el adabiyotidan Jonatan Svift, Janni Rodari, oʻzimizdan Anvar Obidjon, Farhod Musajonlarning kitoblari bor. Aksariyati qayta nashr. Yangilarini izladim, nari borsa uch-toʻrt bet keladigan asarlarni topdim, xolos.

Mendan oldin Erkin Malik soʻzga chiqib, bir qancha rasmli kitoblarni koʻrsatdi. Bogʻdorchilikka oid – ruschadan tarjima, hayvonot olamiga oid – ruschadan tarjima. Xayriyat, Toshkent haqidagi kitob original ekan.

Bundoq qaraganda, yangi kitoblar nashr etilayotganga oʻxshaydi. “Gulxan” jurnali yoki “Tong yulduzi” gazetasida uncha-muncha hikoya, qissalar bosilyapti. Lekin bu toʻqqiz million nafar oʻquvchi bola uchun juda oz, juda-juda oz.

Salkam oʻn ming oʻrta taʼlim maktabi bor. Ayrim maktablarning kutubxonasiga kirib qolsangiz, lotin alifbosida bosilgan kitoblar kam ekaniga guvoh boʻlasiz. Shu maktabga qatnayotgan bolalar bilan suhbatlashib koʻraman. “Qani, oʻgʻlim, bu yil qanaqa kitob oʻqiding?” deb soʻrayman. Oʻylab-oʻylab, bitta-yarimta ertakni aytadi, boʻlmasa – yoʻq. Darslikdagi narsalarni oʻqishadi, lekin yaxlit kitoblar ularga yetib bormayapti.

Kitoblar ikki ming, uch ming, besh ming nusxada chiqyapti. Bu oldingiga solishtirganda bitta mahallaning kitobi, xolos. Shu maʼnoda, bolalarbop asarlar taqchil.

Lekin bolalarga yozish qiyin degan gapga qoʻshilmayman. Lev Tolstoyday buyuk yozuvchi bolalar uchun yozgan-ku! Gʻafur Gʻulom, Zulfiya kabi shoirlarimiz bolalarga bagʻishlab sheʼrlar yozgan. Qiyinligini ular ham bilgan, lekin ichki xohish-istak ularga turtki bergan. Bitta achchiq gapni aytish joiz: bugungi yozuvchilar bolalar oldidagi masʼuliyatni uncha his qilmayapti. Shu oʻsayotgan bolalar ertaga katta yoshdagi kitobxonga aylanadi-ku! Oʻqimasdan ulgʻaygan bola katta boʻlgandan keyin ham oʻqimay qoʻya qoladi.

Yaxshi kitobxonni bolaligidan tayyorlash kerak. Agar gazeta, jurnallar oʻz sahifalaridan bolalar uchun joy ajratsa, ularning ongini, tafakkurini shakllantiradigan asarlarni chop etib borsa, juda xursand boʻlardim.

Hech bir kishi bolalar oldidagi masʼuliyatini unutmasligi kerak.

 

-Bilishimcha, oʻqituvchi boʻlib ham ishlagansiz. Faoliyatingiz davomida ilojsiz vaziyatlarga ham tushib qolganmisiz? Qahramoningiz Hoshimjonga oʻxshagan bolalar bilan qanday shugʻullangansiz?

Ikki marta oʻqituvchilik qilganman. Dastlab, Qoʻqon pedagogika bilim yurtini bitirib borib, 1949-50 oʻquv yilida Qayqubod degan qishloqda 1-4-sinflarga dars berganman. Bu birinchi muallimlik davrim edi. Bir qancha qiyinchiliklarga duch keldim. Menga 1-sinfni berib qoʻyishdi. Aslida, bu ishni tajribali oʻqituvchilar olib borishi kerak.

Bir-ikkita misol aytib beraman. Bolalarga qattiq gapirib boʻlmas ekan. Oʻsha paytlarda pedagogikada qattiq gap hali bor edi. Gʻulomjon degan bir oʻquvchim boʻlgan. Bir kuni ruchkasi yaxshi yozmayotgandi, “he, onangni…” deb soʻkib qoldi. “Hoy, oʻgʻlim, onangni deb soʻkmaydi”, deb tanbeh bersam, bir ozdan keyin “he, buvingni…” deb soʻkyapti. “Hoy, oʻgʻlim, nega yana soʻkinyapsan?” desam, “onangni demayapman-ku” deb javob berdi. Soʻkinish odobdan emasligini bafurja tushuntirishimga toʻgʻri kelgan.

Bir kun bir oʻquvchim yoʻqolib qoldi. U Qayqubod qishlogʻining “Qoʻrgʻoncha” mahallasidan kelardi. Tushdan keyin onasi kelib, oʻgʻli uyga bormaganini aytdi. Men hamma qatori uyga ketganini aytdim. Bolalar bilan choʻmilib yurgandir, deb onasi qaytib ketdi. Kechga yaqin ota-ona birgalikda keldi. Topisholmabdi. Ertasiga erta kelib xonani ochsam, qidiruvdagi bola orqadagi partada sumkasini boshiga bolish qilib uxlab yotibdi. Xursand boʻlishimniyam, xafa boʻlishimniyam bilmayman. Bola topildi. Yomon tomoni, kecha sinfni qulflayotganda qaramagan ekanman. Uyqudagi pahlavonni uygʻotdim, uyiga xabar joʻnatdim. “E oʻgʻlim, nimaga bunday qilding?” desam, “Ertaga tagʻin kelarkanman deb uxlayverdim”, deydi. “Qoʻrgʻoncha” mahallasi sal uzoqroq edi-da.

U paytlarda dovot-qalam ishlatilardi. Bolalarning bitta odati bor edi: agar bugun kimdir qalam koʻtarmay kelsa, ertaga hammasi qalamsiz kelardi. Bir kuni bitta oʻquvchim qalamini uyda qoldirib kelibdi. Boshini silab, yaxshi gapirib qalam topib berdim. Ertasiga butun sinf qalamsiz keldi. Ha desam, bizgayam qalam olib bering, deb javob berishdi.

Shunaqangi qiziq-qiziq voqealar meni bolalar dunyosiga yaqinlashtirdi.

Toʻrtinchi sinflarni ham oʻqitganman. Bu ham bolalar dunyosini yaxshi oʻrganishim uchun katta yordam bergan. Bir bola bir qizni yaxshi koʻrib qolibdi. Darsdan keyin qolib gaplashishadi. Ket endi desang, ketmaydi. Bir kuni Husniddinova degan rus tili oʻqituvchisi menga xat olib chiqib berdi. Haligi bolalar gaplashaveribdi, yoniga borsa bir-biriga xat oʻqib berayotgan ekan. Men nima qilishim kerak? Ota-onasiga oshkor etaymi-yoʻqmi? Ular anchagina “yozishmalar olib borgan” ekan. Muallim choʻntaklaridan olib qoʻyibdi. Xatni oshkor qilmadim, bolalarni chaqirib oʻzlariga qaytarib berdim. Endi bunaqa ish qilmanglar, yettinchi sinfdan keyin hammasiga ruxsat, dedim. Unda yettinchi sinfgacha oʻqitilardi, undan keyin qizlar erga tegishi mumkin edi.

1955 yili universitetni bitirib keldim-da, yana maktabga ishga kirdim. Uch yil ishladim. Oʻsmirlik yoshidagi bolalarga dars berdim. Bu payt bolaning shakllanish davri hisoblanadi. Bu murakkab oʻtish pallasining sir-sinoati, oʻziga xosliklarining poyoniga yetolmadim. Har bir oʻsmir oʻgʻil, har bir oʻsmir qiz oʻzi bir dunyo-da. Ularning hayotini kuzatib, juda koʻp voqealarning guvohi boʻldim.

 

-Sadriddin Ayniy oʻz xotiralirada yozishicha, Ahmad Donish oʻz tanishlarini uyiga toʻplab, ziyofat berib, ularning shovqin-suronida ishlagan ekan. Siz qanday sharoitda ijod qilasiz?

-Toʻgʻri, har kim har xil sharoitda ijod qiladi. Baʼzi birlar suvning shildirashini eshitib sheʼriy ohang topar ekan. Men bolalarning ichida ijod qilaman. Agar shu bugun toʻrtta bolani koʻrmasam, bagʻrimga bosmasam, ular bilan suhbatlashmasam, koʻnglim toʻlmaydi.

Ancha yillar oldin Yozuvchilar uyushmasi aʼzolariga dala-hovli tarqatdi. Oʻsha paytlarda partiya tashkilotining kotibi edim, hovli olsam boʻlardi. Lekin bolalarni koʻzim qiymadi. Dala-hovliga yigirmata bola oʻlib qolsa bormaydi-ku. Haftada uchta bolani yo koʻraman, yo koʻrmayman.

Yaqinda, “13-studiya” koʻrsatuvida qatnashganimda bir gapni aytdim: “Men bolalarga osh beraman, chunki ular mening oʻrtoqlarim, ogʻaynimlarim”. Chunki men shu bolalar bilan birga zavqlanaman, ulardan syujet topaman, shu ulfatlarimning ohangini, soʻzini “oʻgʻirlayman”.

 

-Toshkentga kelib oʻrnashib, vatan qilish oson emas. Qanaqa qiyinchiliklarga duch kelgansiz, ularni qanday hal etgansiz? Uy-roʻzgʻorni boshqarishda nimalarga eʼtibor berasiz?

-Hayotda iqtisodiy qiyinchiliklarga koʻp uchraganman. Oʻzim uy-joy qilganman, uylanganman. Toshkentga kelgandan keyin musofirchilikda yashadim. Mehnatim, harakatim bilan bu yerda ham uy-joy qildim, oʻgʻillarimni uylantirdim, uy-joy, mashina olib berdim. Bularning hech biri osonlikcha boʻlgani yoʻq.

Toshkentda ish boshlagan dastlabki yillarimda qaynotam mehmon boʻlib keldi. U kishi savdo xodimi boʻlib ishlardi, bozorni yaxshi bilardi. Bir oʻrinda menga roʻzgʻor tebratish toʻgʻrisida nasihat qildilar. Aytgan nasihatlari hali-hanuz yodimda. Birinchisi – suv qattiq yerda toʻxtaydi, agar qattiq boʻlmasang pulni ushlay olmaysan. Ikkinchisi – besh soʻm pul topsang, har qanday sharoitda ham ikki soʻmini asrab qoʻy. Uchinchisi – soʻmning onasi tiyin, tiyinni ehtiyot qilsang tugʻadi, koʻpayadi.

 

-Agar bola yaxshi tarbiya koʻrsa, halollik, toʻgʻrilikni oʻrgansa, oʻz haqini himoya qila olsa, keyinchalik bemalol mustaqil yashay oladi. Bolalarda bunday xususiyatlarni shakllantirish uchun nimalar qilish lozim deb oʻylaysiz?

-Avvalo ota-onaning halollik yoʻli bilan topayotgan pulining qadriga yetish kerak. Bola kelayotgan pullarning halolligini bilsin. Ota-ona mabodo nopok yoʻl bilan pul topgan boʻlsa, bolalarni undan himoyalash zarur. Xalqimizda luqmai halol degan ibora bor. Halol luqma yeb oʻsgan bola halol mehnatni xush koʻradigan, biroqning haqidan, haromdan hazar qiladigan kishi boʻlib yetishadi.

Xalq orasida “ekkanga, tikkanga rahmat” degan gap yuradi. Odam boshqalarning tuz-namagidan totganda, kimdir yaratgan bogʻ-rogʻning mevasidan bahramand boʻlganda, ularning haqqiga duo qilishni ham bilishi kerak. Qadimda bir boy oʻtgan ekan. Shu odam bozorga borganda odamlar meva-cheva olgach, “ekkanga rahmat, tikkanga rahmat” deb ketayotganini eshitib qolibdi. Kelasi yili chorakorlariga buyurib bogʻ-rogʻ barpo etibdi. Vaqti kelib shu bogʻning mevasidan odamlar bahramand boʻlibdi. Kelganlar “ekkanga, tikkanga rahmat” dermish-u, “egasiga rahmat” deb aytmasmish. Shunda boy halol mehnatning savobi ulugʻligini anglab yetib kelasi yili oʻz qoʻli bilan bogʻ yaratibdi.

Bolani uydagi buyumlarni, kiyim-boshni, umuman, har qanday tovarni asrab-avaylashga oʻrgatish lozim. Sotib olayotgan mahsulotining sifatini, qadr-qimmatini aniqlashda nimalarga eʼtibor berish kerakligini oʻrgatish lozim.

Boltiqboʻyi respublikalarida bolalar adabiyoti kunlari boʻlgandi. Shu tadbirlarda qatnashgan paytim bir ajoyib narsaga guvoh boʻlganman. Boshlangʻich sinflarda “Roʻzgʻor arifmetikasi” degan fan oʻtilar ekan. Oʻquvchi alohida daftar tutib, ota-onasi, bobo-buvisi qancha maosh yoki nafaqa olishini yozib qoʻyarkan. Keyin har kunlik xarajatlarni qogʻozga tushirib hisoblar ekan. Masalan, oʻzi maktabga qancha yoʻl kira bilan keldi, qanaqa oʻquv quroli sotib oldi – bularni har darsda oʻqib berarkan. Narxlar, olingan narsalar solishtiriladi. Natijada bola yuqori sinfga oʻtganda qilayotgan xarajatlariga eʼtibor beradigan tayyor iqtisodchiga aylanadi.

Qadimgi boylarda bir odat bor ekan. Oʻgʻillarini ergashtirib bozorga olib borarkan-da, savdo qilishga kirishar ekan. Birinchisidan, ikkinchisidan, uchinchisidan, hatto toʻrtinchi savdodan ham narsa sotib olmas ekan. Bolalar betoqat boʻlib ketar, boʻldi endi, olaqolaylik deb tixirlik qilarkan. Yoʻq, hali koʻrishimiz kerak deb, meʼyori kelguncha savdolashib yuraverar ekan. Tanga-tiyinlarni asrashni oʻrgangan bola oʻz-oʻzidan otaning topgan mol-dunyosini koʻkka sovurmaydi. Shu tariqa bolada isteʼmolchilik madaniyati shakllanadi.

 

-Iqtisodiyot qanchalik muhim boʻlsa, maʼnaviyat shu qadar ahamiyatga ega. Bola maʼnaviyatini shakllantirishda adabiyotning qay darajada oʻrni bor deb hisoblaysiz?

-Bolani nimaga oʻrgatishimizdan qatʼi nazar, xoh iqtisodga, xoh kasb-hunarga boʻlsin, maʼnaviyatni hech qachon yodimizdan chiqarmasligimiz zarur. Eng avvalo maʼnaviyat masalaga qaygʻurish kerak. Qadimda bir kishi oʻgʻlini tarbiyachiga olib borsa, boʻlajak ustoz : “Oʻgʻlingiz necha yoshga toʻldi?” deb soʻrabdi. “Uch yoshga”, deb javob beribdi ota. Shunda murabbiy: “E-e, attang, uch yil kechikibsiz-ku”, degan ekan. Qissadan hissa shuki, bola maʼnaviyatini tugʻilganidan boshlaboq shakllantirish kerak. Bu narsa onasining suti yuziga tomganda chaqaloqning oʻziga arttirishdan boshlanadi.

Maʼnaviyatni shakllantirmay turib iqtisodni shakllantirsangiz yo chayqovchi, yo olgʻir, yo birovning hisobiga boyuvchilar paydo boʻladi.

 

-Hozir yengil-yelpi, maishiy asarlarga ishqiboz oʻquvchilar koʻp. Adib kitobxon ehtiyojidan kelib chiqib asar yozishi kerakmi yoki adabiy meʼyorlar bilan hisoblashishi zarurmi?

-Ongi-tafakkuri baland oʻquvchi hamisha goʻzallikni, oʻziga xoslikni istab turadi. Oʻqiyotgan kitobi boshqa kitobdan baland, eshitgan konserti boshqanikidan saviyaliroq boʻlishi xohlaydi. Navoiyning buyuk boʻlishiga oʻsha davrda turkiy dunyoda yetilgan buyuk talablar sabab boʻlgan. Abdulla Qodiriyning roman janriga qoʻl urishisha oʻsha davrda bizning millatimizda ham katta janrlarga ehtiyoj tugʻilgani turtki bergan. Gʻafur Gʻulomning buyuk falsafiy sheʼrlari yaralishi ham ehtiyojga borib taqaladi. Baʼzan past saviyali talabgorlar ham uchraydi. Ular kitob koʻrmay, shakllanmay ulgʻaygan. Hozir shularga monand yozayotganlar koʻpayib ketdi.

Prezidentiimzning “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor” kitobida shunday fikrlar bor: “Taʼbir joiz boʻlsa, odam yozuvchilik kasbini tanlamaydi, aksincha, bu kasb yozuvchini tanlaydi. Isteʼdod, isteʼdod va yana bir bor isteʼdod sohiblarini topish, tarbiyalash va ularning mehnatini munosib qadrlash ham eng asosiy vazifamizga aylanishi zarur”.

Hozir yozuvchilik kasbini tanlayotganlar koʻpayib ketgan. Qarasa kitob bilan ham biznes qilish mumkin. Bir oyda kitob yozadi, ikkinchi oyda bostiradi, keyin yoʻlini topib sotadi. Chunki choʻntagida puli bor, imkoniyati bor. Yaqinda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida isteʼdodsiz yozuvchilar, ularning chalajon asarlari toʻgʻrisida maqola bosildi. Unda qachonlardir berilgan asarining u yer-bu yeriga oʻzgartirish kiritib, yangi asar deb bosayotganlar, oʻquvchining oldida zigʻircha masʼuliyat his qilmaydigan, yengil-yelpi syujet orqasidan quvuvchi yozuvchilar haqida soʻz yuritilgan. Mana shunday zoʻraki yozuvchilar katta adabiyotning qadrini tushirishga, maʼnaviy darajani pasaytirishga harakat qilyapti.

 

Orif Tolib suhbatlashdi.

 

2010

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.