Bedorlik saodati

0
446
marta koʻrilgan.

Bolaligim, begʻubor va begidir yillarim haqida oʻylasam, shirin entikib ketaman. Rahmatli otam Abdurashid Erkaboy oʻgʻli oddiy dehqon, onam Joʻraxon Dadaxon qizi tarbiyachi edilar. Eʼtiborlisi shundaki, bu zotlar roʻzgʻordan toʻrt tanga pul ortdi deguncha meni kitob doʻkoniga yugurtirardilar. Mening oʻqishimni, ilmli odam boʻlishimni juda xohlaganlar. Onamning onalari Xalcha otin nomi bilan xalq orasida mashhur boʻlgan, gʻazallar bitgan. Lekin qoʻlyozmalari yetib kelmagan. 36 yoshlarida xastalanib, barvaqt vafot etganlar. Onam “enangga juda oʻxshaysan, ishqilib umring oʻxshamasin, izini bosgin” deb orzulab, duo qilardilar. Shu duolar ijobatidanmi 5 sinfda oʻqiyotganimda ilk sheʼrimni yozdim. Keyinchalik sheʼrlarim “Gʻuncha”, “Gulxan” jurnallarida, tumandagi “Paxta uchun” nomli gazetada bosilganida otam bilan onam oʻzlarida yoʻq shodlanishdi. Hatto otamning guzarga mening sheʼrlarim chiqqan jurnalni koʻtarib chiqib, yosh boladay quvonib odamlarga koʻrsatganlari bolalik xotiramga muhrlanib qolgan.

Kitoblar olamiga, adabiyot olamiga shoʻngʻishimda bir qoʻshnimizning kutubxonasi ijobiy taʼsir qilganini minnatdorlik bilan eslayman. Dugonam bilan oʻynab uch-toʻrt eshik naridagi uylardan biriga kirdim-u hayratdan ogʻzim ochilib qoldi. Katta xona toʻla, minglab kitoblar javonlarda taxlanib yotardi. Lekin er-xotin tatar oʻqituvchilar birorta kitobga qoʻl tekkizishimga ham ruxsat berishmadi. Oʻshanda 11 yoshlar chamasida edim. Endi mening fikru xayolim qanday qilsam, nima yumushlarini bajarsam kitob berishadi, degan oʻyda qolgandi. Bora-bora bu ziyoli oila mening kitobga boʻlgan mehrimni koʻrib, kutubxonasidan foydalanishga ruxsat berishdi. Ota-onam men kitob jinnisini qachon axtarishsa shu ziyoxonadan topadigan boʻldilar. Hatto onam bir necha marta kitoblaringni tandirda yoqib yuboraman, deb yolgʻondakam qoʻrqitganlari hanuz yodimdan chiqmaydi.

1972 yili Oltiariq tumanidagi 2-oʻrta maktabni “oltin medal” bilan tamomladim. Otam ammalarimning “Qiz bola oʻqib nima boʻlardi!” degan eʼtirozlariga qaramay “Oʻqib olima, shoira boʻladi” deya ishonch bilan meni oʻqishga kuzatganlar. Fargʻona Davlat instituti (hozirgi universitet)ning filologiya fakultetiga hujjatlarimni topshirdim. Birinchi imtihondan insho yozib chiqsam, otam qoʻllarida onam yopgan ikkita boʻrsildoq non, choy toʻla termos, ostonada ilhaq turibdilar.

Ijod namunalarim ustozlar nazariga tushib, 80-yillarda chop etilgan “Yoshlik” bayozlariga kiritilgan. 1977 yili mart oyida ustoz Zulfiyaxonim uyushtirgan Hamid Olimjon ijod uyida boʻlib oʻtgan Respublika yosh ijodkor qizlari seminarida eʼtirof etilgach, sheʼrlarimni kitob holida chop etishga tavsiya qilishdi. Ammo shu orada turmushga chiqib, kitobim qoʻlyozma holida qolib ketdi. Birinchi kitobim “Qorakoʻz turnalar” 1993 yili viloyatdagi “Yosh ijodkorlar” kengashi homiyligida “Choʻlpon” nashriyotida ustozim Anvar Obidjon muharrirligida 15 ming nusxada chop etilganda 4 nafar farzandning onasi edim.

Birinchi ustozim oʻzim oʻqigan Oltiariq tumanidagi 2-oʻrta maktabning oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi Jamiyat Sohibova edilar. Kamsuqum, samimiy, qattiqqoʻl va oʻz navbatida mehribon muallima edilar. Soʻz ohangi, talaffuzi, xatti-harakatlarigacha taqlid qilardim. Fargʻona Davlat institutiga hujjat topshirib, har bir imtihondan oʻtganimda muallimam oʻsha kuni koʻchada meni kutib turar, muvaffaqiyatimdan oʻzida yoʻq quvonardi. Mandat kuni institutga kelib, “mabodo oʻtmay qolsang, appelyasiyaga beramiz, sen albatta oʻqishing kerak”, deb kechga qadar, tushlikka ham chiqmay natijani kutib oʻtirganlari umrbod yodimdan chiqmaydi. Fidoyilik va bagʻrikenglik haqida gap ketsa hanuzgacha adabiyot muallimam koʻz oldimga keladi.

9-sinfdan boshlab tumandagi “Paxta uchun” gazetasi qoshida tashkil etilgan “Ijodkor” toʻgaragiga qatnasha boshlaganman. Bu toʻgarak mashgʻulotlari meni haqiqiy sheʼriyat olamiga olib kirgan. Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon oʻsha yillari gazetada ishlar va ijodiy toʻgarakni boshqarar edilar. Ular maʼqul boʻlgan sheʼrlarimizni nafaqat tuman gazetasi, viloyat, respublika matbuotiga ilinar, tinmay oʻqishimiz, yozishimiz uchun ragʻbat uygʻotardilar.

“Oʻzbekiston madaniyati” (hozirgi “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”)gazetasining 1977 yili 7 mart sonida adabiyotimizning ulugʻ dargʻasi, ustoz Erkin Vohidov ijodimga “Oq yoʻl” tiladilar. Bu men uchun chinakam taqdir yorligʻi edi. Oʻsha yili respublika radiosida ustozim – Oʻzbekiston xalq shoirasi Oydin Hojiyeva “Oq yoʻl” berdilar. Alloh taqdirimga ulugʻ ustozlarni bitgan ekan. Lekin men ularning ishonchini oqloldimmi, yoʻqmi, bilmayman. Ular bilan har safar yuz koʻrishganimda ana shu qarzdorlik hissi iztirobini tuyaman.

Shu paytgacha yozganlarimning hammasidan ham koʻnglim toʻlmagan. Chunki butun umrim davomida tashkiliy ishlar, turmush tashvishlari bilan boʻlib, ijodga koʻnglim buyurganidek vaqt topa olmadim. Eng yaxshi asarimni yaratish orzusi hali armon.

Bilasizmi, donishmandlarning vaqt qilich kabidir, sen uni kesmasang, u seni kesadi, degan soʻzlarida juda teran falsafa mujassam. Bugun zamon shu qadar shiddatli, murakkab va uchqurki, baʼzan qilmoqchi boʻlgan ishlaring, rejalaring vaqtning quyuniga tushib qolayotganday. Ulgurolmayotgan, koʻnglingni toʻldirmayotgan yumushlaringning armoni, iztiroblaring qalbingni qiyma-qiyma qilib tashlayotganday. Nazarimda, zamon bilan hamnafas, hamqadam boʻlish aql-zakovatnigina emas, ruhiy bedorlik, kurashchanlikni ham talab etadi.

“Adabiyot katta yoʻlga qoʻyilgan ulkan oyina, unda har bir millat oʻzini koʻrib turadi” deb yozgan edi bir fransuz faylasufi. Darhaqiqat, har bir xalqning qudrati uning adabiyotida aks etadi. Adabiyot vatan kabi muqaddas. Buyuk adib Choʻlpon aytganidek, adabiyot oʻlsa, millat oʻladi yoki adabiyot yashasa, millat yashaydi. Chunki buyuk adabiyoti boʻlmagan xalq yuksak milliy ruh, ruhoniyatga ega boʻlolmaydi.

Bugun mamlakatimizda barcha sohalarda mislsiz oʻzgarishlar roʻy bermoqda. Buni butun dunyo tan olib turibdi. Lekin eng buyuk oʻzgarish, yuksalishlar odamlarning ongida, xalq maʼnaviyatida, dunyoqarashi va tafakkurida sodir boʻlmoqda. Bugunning odamlari kechagi oʻzbeklar emas. Endi ularni tanlagan, oʻzlari anglagan haqiqat yoʻlidan hech kim toʻxtata olmaydi. Mana shu juda qisqa davrda roʻy bergan evrilishlar, yuksalishlarda adabiyotning ulkan xizmati bor. Bu isbot talab etmaydigan haqiqat.

Bu voqeaga ancha yillar boʻldi. Bir tadbirga taklif etilgan ijodkorlar birin-ketin minbarga chiqib sheʼr oʻqiyapmiz. Shu payt zalning oxiridan kimdir “hadeb sheʼr oʻqiyverasizlarmi, qoʻshiqdan boʻlsin” dedi. Bu gapni sekin shivirlab emas, baqirib aytdi. Hamma hangu mang boʻldi. Kimlardir oʻtirgan joyida eʼtiroz bildirdi. Gapning rosti, dilimiz ogʻridi. Baʼzan tadbirlarga oʻzini-oʻzi taklif qilib, soʻz soʻrab, zoʻrma-zoʻraki, yengil-yelpi satrlariga gulduros qarsaklar soʻrayotganlarni koʻrganda ham shunday holatga tushamiz. Lekin qanchalik kuyunmaylik, badiiy didimizning oʻtmaslashib borayotganligiga qaysidir maʼnoda ijod ahli koʻproq aybdor deb oʻylayman. Chunki toqat qilib boʻlmas darajada boʻsh, sayoz, tijorat uchun yozilgan “asarlar” bugun koʻpayib ketdi. Shu “asarlar”ga soʻzboshi yozib, xalqqa taqdim qilayotganlar ustoz ijodkorlar ekanligi esa yana-da qaygʻuli.

2007 yili ustozimiz, Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon boshchiligida bir guruh taniqli shoirlar, sanʼatkorlar viloyatimizga tashrif buyurdilar. Tuman hokimligi tadbirni chekka hududdagi bir mahallada tashkil etibdi. Kechki payt mehmonlar bilan birga tadbirga bordimu nafasim ichimga tushdi. Tadbirga qishloq aholisi deyarli yoppasiga koʻchib chiqqan. Guzarga yigʻilgan mingga yaqin odamning yarmi yerga sholcha toʻshab, choʻkka tushgan. Bolalarning qiy-chuvi, toʻs-toʻpolonidan boshingiz aylanadi.

– Shu yerda tadbir oʻtkazib boʻladimi? – dedim tadbir tashkilotchisi, tuman maʼnaviyat-maʼrifat markazi rahbari Vahob akaga.

– Shu qishloqqa yaqin yillarda biror shoir yoki sanʼatkor qadam bosib kelgani yoʻq. Shunga… xalqning soʻroviga koʻra…

Vahob aka bir shovqin-suron qilayotgan bolalarga, bir mehmonlarga qarab xijolat tortdi. Birov sheʼr eshitarmikin, mehmonlarning dili ogʻrimasa boʻldi, degan andisha bilan noiloj tadbirni boshladik. Davrada sheʼr qoʻshiqqa, qoʻshiq sheʼrga ulandi. Bir zumda qiy-chuv, shovqin-suron tindi, “tiq” etgan tovush eshitilmaydi. Onalarining quchogʻiga singib ketgan mittigina bolachalar koʻzidagi hayrat, ruhidagi chaqinni, odamlarning sheʼriyatga, sanʼatga muhabbatini koʻrib gapirgan gaplarimdan xijolat tortdim. Ha, ijod ahlining xalq ichiga yurishi, adabiy uchrashuvlar, bayramlar, ijodiy davralar xalqimiz qalbidagi yangicha tafakkur, maʼnaviy sarchashmalarga ruhiy obi hayot beradi. Soʻz ilohiy qudratga ega, u yuradi, harakatga keladi. Yaxshi soʻz ham, yengil-yelpi, tumtaroqlari ham. Yaxshi soʻz insonni komillikka yetaklasa, maʼnaviyatga, ezgulikka xizmat qilmaydigan yengil-yelpi kitoblar, kuylar xalqning badiiy didini, dunyoqarashini oʻtmaslashtiradi. Vatanparvarlik tuygʻulariga bolta uradi. Insonni tubanlik botqogʻiga botiradi. Ayrim yoshlarimizning yengil-yelpi musiqa bangisiga aylanib borayotgani gʻoyat tashvishlanarli hol. Milliy adabiyotimizga soya solayotgan, axloqsizlikni tashviq qilayotgan kitoblarning koʻpayayotgani va qoʻlma-qoʻl oʻqilayotgani ham jiddiy tashvishlanishga arziydi deb oʻylayman. Afsuski, bu kabi salbiy holatlar adabiyotshunoslarning ham, jamoatchilikning ham adolatli bahosini olganicha yoʻq.

Mening bu hayotdagi yana bir shukronam shuki, farzandlarimda bolalikdan kitobga muhabbatni tarbiyalay oldim, shu sabab ular hayotda oʻz oʻrinlarini topishdi, deb oʻylayman. Besh nafar farzandimning toʻrttasi oliy maʼlumotli, katta qizim Nilufarxon olima, pedagogika fanlari nomzodi, Fargʻona Davlat universiteti pedagogika kafedrasi mudiri. Qizim Feruzaxon huquqshunos, Jinoyat ishlari boʻyicha Margʻilon shahar sudining sudyasi. Nigoraxon pedagog-jurnalist. Oʻgʻlim Mardonbek ijtimoiy soha mutaxassisi, kenja qizim Mohinur Toshkent jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi. U sheʼr, hikoyalar yozadi, ingliz, nemis tillaridan tarjimalar qiladi. Turmush oʻrtogʻim meʼmor, hozirda Fargʻona neftni qayta ishlash zavodida injener-konstruktor boʻlib ishlaydi.

 

Enaxon SIDDIQOVA

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 3-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.