“Bedil oʻqir edim, chiqdi oftob…”

0
296
marta koʻrilgan.
Gʻafur Gʻulom

“Akademik shoir” deganda koʻz oldimizda xalqimizning sevimli farzandi Gʻafur Gʻulom siymosi gavdalanadi. Oʻz davrida “qomusiy bilim sohibi” deb eʼtirof etilgan adib hayoti va ijodi biz uchun katta maktab. Uning bolalikdan kitob shaydosi boʻlgani zamondoshlari xotiralarida qayd etilgan. Jumladan, Maqsud Shayxzoda shunday yozadi: “Gʻafur Gʻulomning birinchi va asosiy adabiyot oʻqituvchisi – kitob… Kitoblar, shoirning oʻzi ham eʼtibor qilganiday, uning tahsil va taʼlimidagi nuqsonlarni toʻldirib, maʼlumotini, badiiy hofizasini, zavqini, tarixiy diapazonini, tilini, kuzatuvchanlik qobiliyatini, psixologik – nozik mushohadalarini boyitib bordi”. Mutolaa sanʼati… Uning qanday sir-sinoati bor, Gʻafur Gʻulom buni qanday egallagan edi? U qay payti, qaysi kitoblarni oʻqirdi? Biz ana shunday savollar bilan shoirning qizi Olmos opa Gʻafurovnaga murojaat qildik.

– Olmos opa, dadangiz haqidagi xotiralaringizda u kishining kitobga munosabati toʻgʻrisida ham yozgansiz. Biroq shoir kitobni qanday oʻqigani haqidagi kichik tafsilotlar ham oʻquvchilarimizga qiziq.

Doimiy ijtimoiy faoliyatda boʻlgan, koʻplab safarlarda yurgan, asosiy vaqtini odamlar qurshovida oʻtkazgan adib kitob oʻqishga qanday vaqt topgan?

– Dadam chin maʼnoda kitob oshigʻi edi. U har doim kitob oʻqirdi. Kechasi, kunduzi, deb oʻtirmasdi. Haqiqatan ham, uyimizdan dadamning doʻstlari, ustozu shogirdlari qadami uzilmasdi. Ular birgalikda qaysidir kitobni oʻqishar, muhokama qilishardi. Dadam kechasi mutolaa qilishni yaxshi koʻrardi. Saharda turib yozar, kunduzi boʻsh qoldimi, oʻqirdi. Tramvaydami, mashinadami, samolyotdami kitobsiz yurmasdi. Choʻntagida doim oʻqish uchun kitobi boʻlardi. Hofizasida juda koʻp sheʼrni yod bilardi. Bitta sheʼrni yod olish uchun bir necha bor oʻqish kerak boʻladi. Demak, bitta kitobni, balki oʻn marta oʻqigandir…

Dadam kechasi tezda uxlolmasdi. Karovati yonidagi tumbochkada kitob turardi. Bugun oʻqishga kitobim yoʻq, falon-falon kitoblarni olib chiqinglar, derdi. Uxlagunlaricha turli yengil kitoblarni oʻqirdi. Chumolilar haqida boʻladimi, biror qabila toʻgʻrisida boʻladimi… Azonda turganda jiddiyroq kitoblarni, masalan, Bedilni oʻqib, keyin ijod qilardi.

– Kitob oʻqib uxlab qolgan paytlari boʻlarmidi?

– Yoʻq, bunday boʻlmasdi. Kitobni yopib, keyin uxlardi. Kitob yerga tushib ketishini, har joyda yotishini xohlamasdi. Kitobni, qogʻozni juda qadrlardi. Bunda buvimning ham taʼsiri boʻlgandir, balkim. Buvim rahmatli: “Qogʻozga Ollohning nomi yoziladi, shuning uchun u yerga tushmasligi kerak”, deb aytardi. Dadam ham qogʻozga juda hurmat bilan munosabatda boʻlgan. “Qogʻoz” degan sheʼrida ham yozgan-ku: “Jonlanib oʻzing ayt, qaysi soʻz bilan, Sening maqtovingni kuylayin, qogʻoz!” deb.

Kitobni avaylab oʻqirdi. Chizib, buklab qoʻyishni yomon koʻrardi. Qogʻozchaga kerakli soʻzlarni, mulohazalarini yozib kitobning oʻsha betiga solib qoʻyardi. Faqat yangi kitob sotib olganda ichiga olgan vaqtini koʻrsatib, “Gʻafur” deb yozib qoʻyardi.

Dadam kelgan xatlarga ham beparvo boʻlmasdi. Oʻqigandan keyin, tepasiga “Javob yozildi”, deb sanasini koʻrsatib qoʻyardi. Agar ulgurmasa, bizga berib: “Falon narsa deb javob yoz”, derdi. Keyin yozganimizni oʻqib, imzo chekardi. Qogʻozni, kitobni ana shunday eʼzozlardi. Kitob sotib olishdan charchamasdi. Toshkentdami, sayohatga chiqadimi, albatta, yangi kitob olib kelardi.

Bundan ikki yil ilgari Yozuvchilar uyushmasiga borganimda bir odam yonimga keldi. “Men falonchiman, esingizda boʻlsa, falon vaqtda men bilan uchrashishingiz kerak edi. Dadangiz meni sizning oldingizga yuborgandi. Siz falon joyga keling, dedingiz. Bu kitob magazini edi. Siz roʻyxat boʻyicha juda koʻp kitob oldingiz”, dedi. Dadam kitob magaziniga kelgan yangi kitoblardan doimiy olib turgan. Ularni olib kelishga akamni joʻnatardi. Akam Moskvaga ketgach, men olib keladigan boʻldim. Oʻsha yigitni shu kitob magaziniga chaqiribman. Chunki dadam bergan roʻyxatdagi kitoblar ogʻirligidan koʻtarolmabman, shekilli. Har bekatda ogʻirmasmi, deb soʻraganimdan, yetib kelganimizda u yigit: “Sizlarning kitob oʻqishingiz juda ogʻirlikka tushar ekan”, deb kulgan ekan.

Dadamning kitoblaridan bir qismi “Gʻafur Gʻulom uy-muzeyi”ga olib kelingan. Ular orasida qoʻlyozma kitoblar, muallif imzosi bilan dadamga taqdim qilingan kitoblar ham anchagina. Men muzeyda kutubxona tashkil qilganman. Bu yerda ikki mingdan ortiq kitob bor.

– Bir maqolangizda “Bedil sheʼrlarini oʻqiganlarida toʻgʻri kelgan varagʻini ochib, barmoqlarini qoʻygan joyini oʻqib, fol ochishni yoqtirar edilar. Oʻsha sheʼrning mazmunini qayta-qayta chaqar edilar”, degansiz. Shoirning sevib mutolaa qiladigani, eng avvalo, Mirzo Abdulqodir Bedil asarlari boʻlgan ekan-da…

– Ha, esimni tanibmanki, dadam Bedilni sevib oʻqishlarini bilganman. Bu buyuk zotning kitobini qoʻlga olgach, avval koʻzlariga surib, keyin uni ochardi. Bedil kulliyoti umrining oxirigacha dadamning stolida turdi, xursandchilikda ham, xafa boʻlganida ham, albatta, uni oʻqib qoʻyardi. Shoirning juda koʻp sheʼrlarini yoddan bilardi. Dadam bir sheʼrida “Tong otar chogʻida juda sogʻinib, Bedil oʻqir edim chiqdi oftob, Loyqa xayolotlar chashmaday tindi, Pok-pokiza yurak bir qatra simob”, deb yozgan. Bedil ijodi Gʻafur Gʻulom uchun pok-pokiza chashmadek huzur bagʻishlardi. Unga boʻlgan ehtirom, muhabbat tufayli farzandiga ham Mirza Abdul Qodir deb ism qoʻydi. Hozirgacha muzeydagi kutubxonada Bedilning necha xil noyob qoʻlyozma, toshbosma asarlari saqlanadi. Dadam yana Navoiyni, Fuzuliyni sevib oʻqirdi. U kishining yaxshi koʻrgan asarlari arab yoki lotin alifbosida boʻlardi. Fors adabiyotini fors tilida oʻqirdi. Fors, arab, urdu, turk tillarida gaplasha olgan.

Dadam lugʻatlarni ham koʻp oʻqirdi. Uyimizda koʻp lugʻatlar boʻlardi. Muzeyda noyob arab alifbosida turli asrlarda chop etilgan “Gʻiyos-ul lugʻat”ning toʻrt nusxasi, “Burhoni Qotiʼ”ning ikki nusxasi, “Axtari Kabir”ning ikki nusxasi, “Usmonli turk tili lugʻat”i, “Chigʻatoy va turkiy Usmonli lugʻat”, “Turkcha lugʻat”, “Muntahab al-lugʻat” (tanlangan soʻzlar lugʻati) va juda koʻp boshqa tillardagi lugʻatlar saqlanadi.

Bir gal Andijonga borganida “Gʻiyos-ul lugʻat”ni ochib, dadamni imtihon qilishgan ekan. Qaysi soʻzning maʼnosini soʻrashsa, u kishi “Falon bet”, deb soʻzning maʼnosini aytib berib, hammani hayratda qoldirgan.

Dadamning qiziqishi juda keng edi. Biror qabila yoki birorta hayvonning kelib chiqishi, qirilib ketgan payti toʻgʻrisidami, shaharlar haqida boʻladimi, hammasiga qiziqardi. Oʻqiganlarini biz bilan baham koʻrardi. Bir kun kechki payt yigʻilib oʻtirganimizda: “Oʻrikni shifobaxsh degani toʻgʻri, shekilli. Afrikadagi bitta qabila uzoq umr koʻrar ekan. Ular faqat oʻrik yer ekan, sevgan qiziga “Men senga oʻrik vodiysini hadya qilaman”, deb aytarkan”, deya hikoya qilib bergandi.

“Dada, Afrikadagi qabila sizga nimaga kerak” desam, “Oʻsha yerlarga borgim, ular bilan suhbatlashgim, ular nimalarni oʻylayotganini bilgim keladi”, deb javob bergandi. Qiziquvchanligi umr boʻyi oshsa oshdiki, aslo soʻnmadi. “Agar odam bilimini oshirib bormasa, hamma narsadan xabardor boʻlib bormasa, bugun bilan hamnafas yashamasa, hayotdan orqada qoladi-ku”, derdi. Gʻafur Gʻulom koʻp oʻqimasa, shunday asarlar yoza olarmidi. Koʻp odamlar u kishini “qomus” derdi. Dadam hayot bilan hamnafas yashadi. Bu hozirjavoblik uning ijodida ham aks etdi.

– Sizga, farzandlariga qanday kitoblar oʻqishni tavsiya qilardi?

– Dadam bizga, mana bu kitobni oʻqigin, deganini eshitmaganman. Umuman, menga dars qilgin, kitob oʻqigin, degan emas. Bir kuni: “Men hamma oʻqish kerak boʻlgan kitobni oʻqib boʻldim. Kelajak sizniki. Oʻqisang oʻzingga foyda, kelajakda nima ish qilishing shunga bogʻliq”, degani yodimda. Hech qachon bizni oʻqi, deb majbur qilgan emas.

Dadam har yili 18-20 gazeta-jurnalga obuna boʻlardi. Ular orasida xotin-qizlarga oid, toʻqish, bichish-tikishga oid jurnallar ham boʻlardi. Keyin bilsam, dadam shular boʻsh yurmasin, deb koʻp nashrlarga obuna boʻlgan ekan. Ha, u kishi uzoqni oʻylab fikrlaydigan odam edi. Lekin qanday kitob oʻqiyotganimizga qarab qoʻyardi. Men 8-sinfda Zolya, Balzak, Mopassan singari klassik yozuvchilarning kitoblarini oʻqib boʻlgandim. Dadam, senga ertamasmikan buni oʻqishga, tushundingmi, deb soʻrab qoʻyardi. Baʼzan qiziqib oʻqiyotganimizni koʻrsa, “Shunaqa qiziq ekanmi, ber-chi, men ham oʻqiy”, derdi.

Bir kuni insho yozayotgandim, “h” bilan “x”ni ajratolmasdan dadamning oldiga keldim. Bedilni oʻqib oʻtirgan ekan. “Sen arab imlosini, forschani bilmaysan-da. Shuning uchun bu yerda noʻnoqlik qilasan”, dedi savolimga javoban. “Xalta-xulta qilay desam pulim yoʻq, Samarqandda hayron qolgan Hamidxon” degan misrani aytib, shuni toʻgʻri yozsang, savoding chiqqan boʻladi, deb qoʻshib qoʻydi.

Har kuni dadamning qoʻlyozmalari, kitoblari, sheʼrlarini oʻqib, oʻsha vaqtlardagi ham qiyin, ham farahli damlar koʻz oldimga keladi. Uning “Men oʻzbek shoiriman, oʻz xalqimning tiliman, Qalbim buyurganini aytib keldim hamisha”, degan misralari qanchalik samimiy yozilganini yuragimdan his qilib, yigʻlab ham olaman gohida. Xalqimizning Gʻafur Gʻulomdek kitobsevar, xalqparvar farzandi xonadonida dunyoga kelganimga shukr qilaman.

– Qiziqarli suhbatingiz uchun rahmat. Gʻafur Gʻulomdek ulugʻ, donishmand zotning ijodini oʻrganish, asrash va targʻib qilishdagi savobli ishingizda sizga kuch-quvvat, sogʻlik tilab qolamiz.

 

Nilufar NAMOZOVA

suhbatlashdi.

 

“OʻzAS”dan olindi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.