Aravaga qoʻshilgan ohu qissasi

0
165
marta koʻrilgan.

Taniqli yozuvchi Sharof Boshbekov bilan suhbat

 

– Garchi teatr – ibratxonadir, degan qarashlar necha yuz yillardan beri qalbimizga singib ketgan boʻlsa-da, hamon bizni ana shu adabxona oʻzining vazifasini qay darajada uddalayotgani qiziqtiradi. Rivojlangan mamlakatlarda ham madaniy taraqqiyotning yuksak mezoni sifatida teatrga alohida eʼtibor qaratilib, har bir yangi asar katta idrok bilan sahnalashtiriladi. Suhbatimiz boshida ana shu teatr hayoti va tomosha madaniyati haqida koʻnglingizdagi fikrlar bilan oʻrtoqlashsangiz.

– Olamda teatr degan moʻjiza paydo boʻlgandan beri uning tomosha koʻrsatishdek yakkayu yagona vazifasi boʻlgan. Shuning uchun zalda oʻtirganlarni tomoshabin deymiz. Tomoshabin teatrga mavzu yoki muammo uchun emas, tomosha koʻrgani keladi. Afsuski, biz teatrning ana shu azaliy va tabiiy vazifasini bir chetga surib, unga juda koʻp vazifalar yukladik. Bir tasavvur qiling: xushmanzara goʻshada nihoyatda goʻzal bir ohu yuribdi. Tabiat unga inson koʻzini quvontirishdek ezgu vazifa yuklagan. Biz uni bunday vazifadan ozod etib, boshqa vazifa yukladik, yaʼni… aravaga qoʻshdik! Oqibatda goʻzallik nobud boʻldi, aravadagi yuk ham joyida qolaverdi… Ayanchli hol, toʻgʻrimi? OHU+ARAVA=TEATR.

Keling, endi “aravadagi yuk”ning nimaligini koʻrib chiqaylik. “Teatr – minbar” deyildi va sahna notiqlar minbariga, tomoshabin lektsiya tinglovchilariga aylantirildi. “Teatr xalqdan oldinroqda yurishi kerak” deyildi. Oldinroq yurdik. Oradan bir oz vaqt oʻtib mundoq orqamizga qarasak, bizga hech kim ergashmayotgan ekan! Shaxdam qadamlar bilan olgʻa ketaveribmiz-u, bir martagina orqamizga qarab qoʻyish esimizga kelmabdi. Uzilish, orqadagi masofa ancha – qaytgimiz kelmadi. Shoʻrlik tomoshabinni madaniyatsizlikda, qoloqlikda, teatrdek nafis sanʼatni tushunmaslikda aybladik. Shu qadar ilgarilab ketdikki, endi bizni na “oldindagilar” tushunadi, na orqada qolib ketganlar! Zoʻr berib vaziyatdan chiqishning yoʻlini qidirdik. Topdik ham: tomoshabinni teatrga majburlab olib keldik. Hamma chiptalar sotilgani holda zalda oʻtirgan yakkam-dukkam tomoshabin oldida xijolat ham boʻlmadik. Uyalishga vaqt yoʻq – “aravadagi yuk” ogʻir edi. “Biz xalqni madaniyatli qilyapmiz!” deb oʻzimizni ovutdik. Oʻzimizni maqtashga oʻtdik. Matbuot, radio-televideniye, turli katta-kichik minbarlar xizmatimizda boʻldi. Bora-bora maqtash va maqtanish qon-qonimizga singib ketdi. Ishimizni xolis, haqqoniy baholashga, kamchilik va xatolarimizni mardona tan olishga vujudimizdagi har bir hujayra qarshilik koʻrsatadigan boʻlib qoldi. Qanchalik maqtanmaylik, bizga baribir ishonishmadi – chipta sotuvchilarimiz zerikib qolaverdi… Yana chora qidirdik. Yoʻq, bu safar aybdorni qidirdik. Avvaliga, teatr dramaturgni aybladi, dramaturg tanqidchini, teatr direktori bosh rejissyorni, rejissyor rejissyorni, aktyor aktyorni. Shunday qilib, teatrdagi maʼnaviy muhit butunlay izdan chiqib ketdi. Va nihoyat, teatr biz koʻrib turgan bugungi ahvolga tushib qoldi. Endi chora qidiryapmiz. Qidirishga qidiryapmiz-u, lekin hali ham “ohu aravaga qoʻshilgani”cha turibdi-da.

 

– Toʻgʻri, teatrning oʻziga xos xususiyatlari bor. Har qanday asar sahnalashtirilgani bilan sanʼat namunasi boʻlib qolavermaydi. Balki, yozuvchilarimiz tomoshabin yuragiga yaqin asarlar yetkazib berganida, “ohuni aravaga qoʻshish”ga hojat qolmasdi. Shu haqida fikringizni bilmoqchi edik.

– Bugun yaxshi zamonlar keldi, endi istagan mavzuda yozaveramiz, degan gapni koʻp eshitayapmiz. Qarang, yana mavzuga umid qilyapmiz! Ijod erkinligi adabiyot va sanʼat gurkirab rivojlanishi uchun keng harakat maydoni berdi, lekin talant bergani yoʻq! Demak, badiiy kashfiyot darajasidagi asarlarning salmogʻi favqulodda oshib ketadi, deb umid qilish xomxayoldir. Yaxshi yozuvchi yaxshi, yomon yozuvchi yomon yozaveradi. Qolaversa, “Asar teatrda asar boʻladi” degan gap bor. Qiziq, axir shuncha yillardan beri “asar teatrda asar boʻlib” kelyapti-yu, lekin negadir ishimizda siljish yoʻq. Bu shior oʻzini oqlaganda, yaxshi pyesalar masalasi hal boʻlib, teatr sanʼati kosmik tezlikda rivojlanib ketardi. Vaholanki, teatr shunday moʻjizakor kuchga ega ekan, nega endi duch kelgan yomon pyesani olib, bir-biridan zoʻr spektakllar yaratmayapti? Boʻsh va oʻrtamiyona asarlar tiqilib yotibdi. Qarang, muallif teatrga pyesasini olib keladi, rejissyor “u yerini undoq qilish kerak, bu yerini bundoq qilish kerak” dermishda, u shekspirona asarga aylanarmish! Nega endi avtorning oʻzi bir yoʻla “u yerini undoq, bu yerini bundoq” qilib kela qolmaydi? Yo pyesa yozishni bilmaydimi? Demak, rejissyordan qarzga aql olmay turib, hech kim pyesa yozolmas ekan-da? Eʼtibor bering, masalaning mohiyati shu yerda! Qolaversa, bu qandoq mushkul ishki, hech kimning qoʻlidan kelmasa?! Menimcha, har kim oʻz ishini bilib, halol bajargani maʼqul. Yaʼni predmetni dramaturg, uni ifoda etadigan vositalarni teatr yaratsa, “ohuning aravasidagi yuk” ancha yengillashadi.

 

– Hozirgi sanʼat institutida boʻlajak rejissyorlar, aktyorlar yetishib chiqadi. Ammo ana shu oliy bilim dargohi bitiruvchilari orasida nazarimizda, hali yarq etgan isteʼdodlar koʻzga chalinmayapti.

– Toʻgʻri, kadrlar masalasini hal qilmay turib, teatrni yuksaltirish haqida gap ham boʻlishi mumkin emas. Bu masala oʻz-oʻzidan soha oʻquv muassasasiga borib taqaladi. Yaqin yillarda teatrga kirib kelayotgan yosh aktyorlarning ishini kuzatib, ushbu dargohdagi oʻquv-tarbiya ishlarini zudlik bilan tubdan yangilash kerak, degan fikrga keldim. Avvalo, talabalarning savodsizligi odamni lol qoldiradigan darajada ayanchli. Bir varaq tarjimai hol yozsa, kamida oʻn-oʻn beshta imlo xato boʻladi. “Mutaassib” nima degani? “Taxlid” bilan “taqlid” bitta soʻzmi” degan savollarni eshitib, ular uchun ham siz uyalib ketasiz. Xoʻp, maktab yaxshi bilim bermagan ekan, institut-chi? Qabul jarayonida boʻlajak talabaning qaysi jihatiga qaralyapti? Bular kadrlar tayyorlash jarayonidagi jiddiy masalalar.

Koʻpincha yosh dramaturglar ijodiy seminarlariga taklif etishadi. Deylik, oʻndan ortiq dramaturglarning asarlari oʻqiladi, qizgʻin muhokamalar boʻladi, dramaturgiyamiz masalalari, mahorat muammolari, pyesalarning sahnaga chiqishidagi ayrim toʻsiqlar haqida fikr almashiladi. Gap oshkoralik va teatrni yangilash masalasiga kelganda, bir gʻalati faktga duch kelaman. Pyesalarning janri rang-barang, mualliflarning qiziqish doirasi keng va badiiyat sirlarini oʻrganishga intilish kuchli. Lekin ijtimoiy jasorat va alohida jurʼatni talab qiladigan bitta ham asarning topilishi mushkul. Bu ham yetmagandek, “Manavi masala haqida yozsak boʻladimi?”, “Anavi gap qaltis chiqib qolmadimikan?” qabilidagi gaplarni eshitib, gʻalati ahvolga tushaman. Bunday ehtiyotkorlik, toʻgʻrirogʻi, qoʻrqoqlik yosh dramaturglarimizda qayoqdan paydo boʻldi? Oʻttizinchi yillarning jabrini tortmagan, “turgʻunlik yillari”da jiddiyroq zarba yemagan oʻttiz-oʻttiz besh yoshli pyesanavislarimizning nega bunchalik tizzasi qaltiraydi? Bu oʻta ehtiyotkorligimizning mevasi emasmi?

Talabalarning zamonaviy oʻzbek prozasi, sheʼriyati va dramaturgiyasi bilan tanishuvi ham tasodifiy xarakterga ega: doʻkonda koʻzi tushsa oladi, boʻlmasa – yoʻq. Aktyor tilning nozik jihatlarini yaxshi tushunadigan, his qiladigan ziyoli boʻlishi kerak emasmi? Xalq uni soʻz ustasi sifatida biladi, eʼzozlaydi. Oʻzingiz oʻylang, shu savod bilan qanaqa “usta” boʻlishi mumkin? Institut pedagoglari orasida: “Aktyor klassik asarda oʻsadi” degan gap yuradi. Yoʻq, aktyor klassik asarda oʻladi! Chunki klassik asar deganda, soʻzsiz bizda Yevropa yoki rus klassikasini nazarda tutish rasm boʻlib qolgan. Shuning uchun diplom spektakllariga koʻproq tarjima asarlar tanlanadi. Sahnada hali suyagi qotmagan, tajribasiz aktyorlar urf-odatlari, maʼnaviyati, psixologiyasi, ruhiyati mutlaqo begona “hayot” girdobiga tashlanadi. Natijada, ular xuddi qorongʻida paypaslanib yurganday taxminiy fikrlaydilar, kino yoki teatrda koʻrgan xatti-harakatiga koʻr-koʻrona taqlid qilishga majbur boʻladilar. Masalan, eshikdan kirib kelgan janob nega avval qoʻlqopini yechib shlyapasiga tashlaydi-da, keyin xizmatkorga uzatadi? Duyelga chaqirish uchun nega raqibining yuziga qoʻlqop bilan urishi kerak? Nega hassa yoki stul bilan emas? Javob doim deyarli bir xil boʻladi: “Ularda shunday qabul qilingan”. Koʻryapsizmi, Yevropaga oid bor bilim bitta “shlyapaga joy boʻlib ketyapti”!

 

– Xoʻsh, ahvol shunday ekan, uni oʻnglash, izga solish, yangi dramaturglarni kashf etish, amaliy yordam berish uchun nimalar qilish kerak, deb oʻylaysiz?

– Bu borada hal qilinishi lozim boʻlgan ijodiy muammolar koʻp, bitta suhbatga ularning hammasini qamrab olish mushkul, shuning uchun faqat baʼzilari haqida toʻxtalmoqchiman. Rejissyor – dramaturg munosabati juda murakkab. Eskicha qarashlar esa uni yanada chigallashtirib yuboryapti. Masalan, ayrim rejissyorlar faoliyatida turgʻunlik yillaridan meros boʻlib qolgan oʻta ehtiyotkorlik anʼanasi hamon davom etib kelyapti. Biz, odatda, teatrlardan “voqea” boʻladigan asarlar kutamiz. Lekin koʻp hollarda “voqea”ni teatr emas, rahbariyat, jamoatchilik, matbuot yaratishini hamma ham bilmasa kerak. Mualliflarning mavqei va lavozimiga qarab talay asarlarni “voqea”ga aylantirilgan paytlar koʻp boʻlgan. Lekin asar avvalo, rejissyorga, adabiy emakdoshga, badiiy kengash aʼzolariga, umuman, jamoaga, tomoshabinga maʼqul boʻlishi kerak. Teatr sanʼati rivojiga toʻsqinlik qilib kelayotgan bitta jiddiy sabab koʻpincha ijodiy seminarlarda, muhokamalarda yosh pyesanavislarning asarlari maʼqul topilib, “oq yoʻl” beriladi, lekin sahnalashtirish masalasida ular teatrda yolgʻizlanib qoladilar. Shu tariqa koʻplab qobiliyatli yoshlarimiz yo adabiyotning boshqa turlariga oʻtib ketishadi yo umuman, ijod maydonini tark etadilar. Deylik, teatrga yangi dramaturg kirib keldi. Biz uni qanday kutib olamiz? Ochigʻini aytish kerak, bu masalada unchalik ham “mehmondoʻst” emasmiz.

 

– Teatr sahnasida namoyish etilayotgan spektakllar adabiy til normalarini qanday saqlayapti? Umuman olganda, sahna tili qanday boʻlishi kerak? Dunyoning rivojlangan mamlakatlari sahnasida bu masalada qanday yoʻl tutiladi?

– Xalqimizda qadim-qadimdan koʻp tilni bilish donolik alomati, madaniyat belgisi hisoblangan. Lekin odam oʻz ona tilini mukammal bilgandan keyin boshqa tillarni oʻzlashtirishi oson kechadi. Axir, boshqa tilni oʻrganish uchun qandaydir baza boʻlishi kerakmi? Ayrimlar rus tilini bilganlarni ayblab, ayyuhannos soladi. Vaholanki, hayotga ochiq koʻz, tiniq idrok bilan qaraydigan har bir kishiga rus tilining naqadar ulkan ahamiyatga ega ekani kundek ravshan. Lekin afsuslar boʻlsinki, sof rus tilida gapiroladiganlarning koʻpchiligi oʻz tarixi, madaniyati, urf-odati eng achinarlisi, tilini yaxshi bilmaydi. Shu oʻrinda suhbatimiz zerikarli boʻlib qolmasligi uchun bir latifasifat qissani gapirib bermoqchiman. Ocharchilik zamonida bir rus kishisi non izlab Oʻzbekistonning Xoʻjaqishloq degan maskaniga kelib qolibdi. Bu yerda nuqul hojilar yashar ekan. Oʻzbek mehr-muruvvatli xalq emasmi, darrov rus kishisining qornini toʻygʻazishib, kiyim-kechak berishibdi. Turar joy, omoch-ketmon bilan taʼminlashibdi. Til oʻrganib, urf-odatlarga amal qilib, butkul oʻzbek boʻlib ketibdi. Qishloqda toʻy-maʼraka boʻlib qolsa, “Hoʻ, Akbarxoʻja, falonchinikiga toʻyga, hoʻ, Ivanxoʻja, falonchinikiga toʻyga!” deydigan boʻlishibdi. Bir kuni uning ajali yetib, bandalikni bajo keltiribdi. U dunyoda Munkar-Nakirlar hayronmish: qayoqqa kiritamiz – jannatgami, doʻzaxgami? Shunda ulardan bittasi aytibdi:

– Mayli, jannatga kiraversin, oʻzbekcha bilmaydigan oʻzbeklarga tarjimonlik qilib yurar!..

Oʻquvchiga qoʻpol tuyulmasin. Bu masalalar bevosita dramaturgiyamizga ham tegishli boʻlgani sababli gapirayapman. Chunki aytib oʻtilgan illatlarning nuqsi pyesalarimizda boʻrtib turibdi. Pyesalarimizda yaqqol koʻzga tashlanadigan yana bir qusur – savodsizlikdir. Sintaktik, morfologik, orfografik, punktatsion xatolar gʻij-gʻij. Bu masala bilan uzoq va jiddiy shugʻullandim. Avvaliga, repertuar-tahrir hayʼatida asarlar tahrir qilinsa, bu illatdan qutulish mumkin, deb oʻyladim. Soʻng hamma ayb taʼlim tizimida, degan oʻyga bordim. Keyin bilsam, masalaning ildizi juda chuqur va butunlay boshqa yoqda ekan. Keksa pyesanavislarimizni-ku tushunsa boʻladi – avval, arab alifbosida oʻqigan, keyin lotin va nihoyat, kirillda yozishga majbur boʻlgan. Lekin, yoshlarimiz-chi?

Baʼzan televizordan shunday spektakllarga koʻzim tushadiki, aktyorlarning bir xil ohang (intonatsiya)da gapirayotganini koʻrib, bu odamlar qaysi sayyoradan kelib qolibdi ekan, deya yoqa ushlashdan boshqa chora topolmayman! Axir odam bolasi bunaqa tilda, bunaqa ohangda gapirmaydi-ku! Oʻzbek ham, rus ham, farang ham! Tarjima asarlarida tarbiyalangan yosh aktyor teatrga kelib joʻngina oʻzbekcha gapni ham soxta, gʻaliz ohanglarda gapiradigan boʻlib qolyapti. Chuqur, qamrovli, boʻliq milliy xarakterlar yaratishni-ku, qoʻyavering. Yevropa va jahon klassikasiga aktyorlik sanʼatini chuqur egallab, katta tajriba toʻplab, oʻsha xalqning madaniyati, tarixi, milliy psixologiyasini oʻrganib, keyin qoʻl urgan maʼqul. Bu gaplarni koʻplab yosh aktyorlarimizning teatrga professional jihatdan “invalid” boʻlib kelayotganidan tashvishlanib gapiryapman.

 

– Teatrga ham adabiy jarayondagi kabi koʻpincha boshqa kasb egalari nima ish qilishini bilmay, kitob chiqarishga ishtiyoqmandlar kabi biror asari sahna yuzini koʻrishga havasmandlar ham qoʻlyozma koʻtarib kelsa kerak. Bularni erinmasdan muhokama qiladigan, nazokat bilan bu ish ularni qoʻlidan kelmasligini tushuntiradigan tanqidchilar negadir koʻrinmay ketdi. Umuman, bugungi teatr tanqidchiligidan koʻnglingiz toʻladimi?

– Teatr tanqidchiligi – kun tartibida turgan eng chigal masalalardan biri. Agar matbuotda eʼlon qilinayotgan taqriz, maqolalarni teatr va dramaturgiyaning oʻziga xos jihatlarini chuqur tahlil etolmaydigan tasodifiy mualliflar yozayotganini hisobga olsak, masala yana ham chigallashadi. Teatr tanqidchiligining eng katta nuqsoni murabbiylik xususiyatining yoʻqligida. Mutaxassislarimiz maqolalarida oʻrgangulik gap yoʻq, hammasi maʼlum fikrlar. Koʻpincha taqrizlar asar syujetining qisqacha bayoni va munaqqidning “unisi yaxshi, bunisi yomon” degan bayonotidangina iborat boʻlishiga oʻrganib qolganmiz. Bu yetmaganday, koʻpchilik tanqidchilarimiz xalq nomidan, tomoshabin nomidan gapirishni odat qilib olgan. “Buni tomoshabin koʻrmaydi”, “Bu yerida zerikadi, anovi joyida chalgʻiydi”! Tomosha zaliga kirib qarasangiz, ahvol butunlay boshqacha: koʻrishyapti, zerikishmayapti, hech kim chalgʻiyotgani ham yoʻq.

Masalan, pyesa yoki spektakllarni baholashda qanday oʻlchovlar bilan yondashamiz, hech eʼtibor berganmisiz? Muhokama qilinayotgan asar yomon boʻlsa, odatda biz uning mavzusi muhimligini, dolzarb muammolar koʻtarilganini gapiramiz-da, keyin kamchiliklariga oʻtamiz: til chatoq deymiz, xarakterlar yoʻq, konflikt sust deymiz, kompozitsion tarqoqlik va siyqa syujet asarning badiiy qimmatini tushirib yuborgan, deymiz. Bu, axir, asar yoʻq degan gap-ku! Qarang, mavzu bor, muammo bor, lekin asar yoʻq! Bu ham yetmaganday, bemazadan-bemaza pyesa haqida “qayta qurish ruhidagi asar boʻpti” degan maqtovlarni eshitamiz. Vaholanki, bunday pyesalarning qayta qurishga mutlaqo aloqasi yoʻq, personajlar sahnaga chiqib olib, “demokratiya”, “oshkoralik” degan terminlarni gapiradi, xolos! Shu sababdan dramaturgiyamizda (oʻz navbatida, teatrlarimizda ham) mavzu chayqovchiligi chidab boʻlmas darajada avj olib ketdi. Aksariyati “nihoyatda muhim problema koʻtarilibdi” degan baho olib, sahna yuzini ham koʻryapti. Shu paytga qadar “yopiq” sanalgan mavzular: giyohvandlik, odam savdosi, diniy ekstremizm (koʻp hollarda islom dinimizni yomon otliq qilish evaziga), SPID haqida badiiyatdan mahrum, quruq faktlar qalashtirilgan “asarlar”ga keng yoʻl ochilishi juda tashvishli holdir. Xalq teatrga mavzu yoki problema uchun emas, tomosha koʻrgani kelishini anglab yetish nahotki, shu qadar mushkul boʻlsa?! Umuman, asarlarga baho berishda dramaturglar emas, teatrshunoslarimiz xato qilishmoqda. Ular maqtagan spektaklga tomoshabin kam tushadi, tanqid qilinganiga bilet topolmaysiz. Tomoshabinimiz ham shu ruhda tarbiyalangan – nimani koʻrishni yaxshi bilishadi.

 

– Teatr har doim ezgulik va yovuzlik, Rahmon va shayton oʻrtasidagi kurash sahnasi boʻlib kelgan. Lekin bugun, tomoshabin taassuroti bilan aytganda, sahnada “yomonlar” va yaxshilar”ning qiyofasi koʻrinmay qoldi. Shu jihatdan, uning ham vazifasi xiralashdi. Shu paytgacha, sahna asarlari insonning ezgulik va yovuzlik tasavvurlarini tarbiyalash bilan shugʻullanib kelardi. Zotan, teatr yuqoridan taʼkidlaganimizdek, ibratxona. Lekin ayni kunda bu obrazlarni ikkinchi darajali deb oʻylovchilar ham yoʻq emas. Siz bunga qanday qaraysiz?

– Uf-f… Men uchun eng ogʻriqli masalaga keldik… Yaratilayotgan ijobiy qahramon biram yaxshi, biram moʻmin, biram odobli, biram bilimli, biram shirinki, boʻgʻib oʻldirib qoʻyging keladi! Ijobiy qahramonlarimiz allaqachon “qarib qolgan” boʻlsa ham oʻjarlik bilan ularni ushlab turibmiz va yangi-yangi nusxalarini yaratayotirmiz. Ular biron-bir ijtimoiy foydali ish qilayotganlari yoʻq. Aksincha, yo nasihatvozlik, yo balandparvoz gaplar bilan tomoshabinni teatrdan sovutmoqda. Suv qogʻozga oʻralgan bu qahramonlardan bir ogʻiz yangi gap eshitmaysiz. Hatto, aktyorlar ham ijobiy rollarni oʻlganining kunidan oʻynaydi, koʻproq salbiy yoki boshqa xarakterdagi rollarni talashishadi. Ahvol shu darajaga yetdiki, “ijobiy qahramon” bilan “yomon asar” degan tushunchalarning oʻrtasiga hech tortinmay tenglik alomatini qoʻysa boʻlaveradigan boʻlib qoldi. Bugun ijobiy qahramon emas, xalqning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladigan qahramonlar kerak. Bizni oʻylashga majbur qilsin, dunyoni anglashimizga yordam bersin, asrimizning eng ogʻir kasalligi – “aqliy yalqovlik”dan qutqarsin. Bu ishlarni mavzuga sanʼatkorona yondashuv orqali amalga oshirsa boʻladi.

 

– Shunaqa asarlarni sanʼat asari deb sahnaga olib chiqsa boʻlaveradimi? Oʻzi teatrlarimiz repertuarida saboq oladigan asarlar bormi?

– Yutuqlarimiz ham bor, albatta. Lekin qoʻldan boy bergan imkoniyatlarimiz bir necha oʻn barobar undan koʻpdir! Shunisi alam qiladi…

 

– Ilgarilari adabiyot darsligida dramatik asarlarga keng oʻrin berilardi. Bu oʻz oʻrnida maktab oʻquvchilarning nutqini oʻstirar, masʼuliyatini oshirardi. Masalan, oʻquvchilar orasida Alisher Navoiy yoki Guli obrazida koʻringan bolalarda oʻzgacha ruhiyat paydo boʻlar va qolganlar ham sahnada tanilgan Alisher rolini oʻynagan bolaga boshqacha munosabat paydo boʻlardi. Bu oʻz-oʻzidan teatr haqidagi tasavvurlarni boyitib, sahna asarlariga boʻlgan munosabatini shakllantirardi. Negadir hozir oʻrta taʼlimda bu masalalarga eʼtibor berilmayapti.

– Ilgarilari adabiyot darsliklarida dramatik asarlarga alohida eʼtibor berilardi. Hazrat Navoiy, Mirzo Ulugʻbek dramalarini oʻqib, voyaga yetgan insonlarda teatrga boʻlgan munosabat hozir ham boshqacha. Lekin bugungi kun dramaturgiyasining mavzular koʻlami torayib qolgandek tuyuladi. Masalan, jadidchilik, mustaqillik davri qahramonlari hali toʻlaligicha ochib berilmagan. Keyin mumtoz asarlarga kam eʼtibor berayapmiz. Yaqin-yaqinlargacha oltinchi yo yettinchi sinf adabiyot darsligida “Temir xotin” pyesasidan parcha bosilib turgan edi. Menga nomaʼlum sabablarga koʻra “Temir xotin” asari adabiyot darsligidan ham olib tashlandi, Fargʻona teatrining shu nomdagi spektaklini Oʻzbekiston televideniyesida namoyish qilish ham taqiqlab qoʻyildi. Bu adabiyot darsliklarida pyesalarning chop etilish masalasi. Endi umuman, dramatik asarlarning nashri joʻnligidan, bu haqida men gapirsam noshukurlik boʻlar, negaki, pyesalarim bosilib turibdi. Lekin bu bilan muammo hal boʻlmaydi-da. Hech boʻlmaganda, adabiy nashrlarimiz har kvartalda bittadan pyesa bosishsa, yiliga sakkizta asar paydo boʻlar ekan. Sakkizta yaxshi pyesa topiladi. “Pyesani oʻqishmaydi” degan gap notoʻgʻri. Doʻkonlarda chang bosib yotgan kitoblarning hammasi yo poyeziya, yo proza. Eng yomon pyesalardan iborat eng yomon kitobni topib koʻring-chi. Hamma gap sifatda. Yaqin-yaqinlarda ham “Zamon koʻtarsa-ku, ne-ne asarlarni yozib tashlardim-a” degan gaplarni koʻp eshitardim. Mana, “koʻtaradigan” zamonlar keldi, lekin qani oʻsha asarlar? Yuragida dardi bor ijodkor oʻsha vaqtlarda ham aytadigan gapini aytgan, hozir ham aytyapti.

 

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

 

“Hurriyat” muxbiri

Adiba UMIROVA

gurunglashdi.

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.