Aql va yurak mushtarak boʻlsa…

0
1559
marta koʻrilgan.

Jurnalimizning 2016 yil 10,11-sonlarida taniqli yozuvchi Isajon Sultonning “Genetik” romani eʼlon qilingan edi. Milliy oʻzligimizning qadim ildizlari, xalqimiz genofondining mustahkam asoslari, jamiyatimizda bugun roʻy berayotgan maʼnaviy uygʻonishning mohiyati badiiy va ilmiy jihatdan talqin qilingan asarni oʻquvchilar mamnuniyat bilan kutib oldi. Shuningdek, barcha yangi va yaxshi asarlar kabi ushbu roman ham adabiyot muxislarida oʻziga xos fikru mulohazalar, mushohadalar uygʻotdi. “Genetik” romanining yozilish tarixini yoritish, asardagi badiiy tilsimlarga kalit topish maqsadida roman muallifi, yozuvchi Isajon Sulton hamda Butunjahon fanlar akademiyasi aʼzosi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, biologiya fanlari doktori Ibrohimjon Abdurahmonovning suhbatini eʼtiboringizga havola etyapmiz.

 

Tahririyat


 

Isajon Sulton: – Ibrohimjon Yoʻlchiyevich, mana, uzoq suhbatu munozaralarimizdan soʻng “Genetik” deb nomlangan roman dunyo yuzini koʻrdi. Endi kitobxonlarimizga ushbu asar yozilishi davomidagi voqealar hamda undagi baʼzi qoʻshimcha sharhtalab oʻrinlarga ham toʻxtalsak boʻladi, menimcha. Keling, suhbatimizni asarga turtki boʻlgan uchrashuvimizdan boshlay qolaylik. Sizning izlanishlaringiz haqida ilk bor menga Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo hayajon bilan soʻzlab bergan edi. Oradan hech qancha vaqt oʻtmay, yuzlashish, tanishish nasib qildi.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Ha, Iqbol aka va bir guruh ijodkorlar bilan birgalikda Samarqandda “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz” festivali tadbirlarida qatnashgan edik. Men bir uchrashuvda yoshlarga genetikadagi har doim gapirib yuradiganim – “Togʻ olmasi shaharga koʻchirilganida qanday oʻzgargani” hikoyasini aytib berdim. Oʻsha mahal Iqbol aka “Bolalarning oʻz tillaridagi hayotiy misolni keltirganingiz juda tushunarli boʻldi”, deb qoldilar. Yaqinroq suhbatdan soʻng: “Oʻzbek adabiyotida ham genetika mavzusi bor”, deya, sizning “Boqiy darbadar” romaningizdagi mangulik sirini topgan professor Ziyo obrazini misol qilib keltirdilar. Keyinroq bilsam, sevimli shoirimiz bu mavzuda yangi asar yaratishni taklif qilgan va siz bilan meni, yaʼni yozuvchi bilan olimni uchrashtirishni rejalashtirgan ekan.

Haqiqatan ham, festivalning keyingi bosqichida – dunyoda shoir nomiga qoʻyilgan yagona va noyob Navoiy shahri bagʻridagi tadbirlar vaqtida bir guruh ijodkorlar qatori siz bilan yuzlashdik. Aytish mumkinki, u uchrashuvlar nafaqat bilimga, yangilikka chanqoq yoshlarni, balki ilm va sanʼat kishilarini ham yaqinlashtirdi, ijodiy hamkorliklarga yoʻl ochdi. Qolaversa, Qizilqum boʻylab sayohatlar mobaynida necha bor choʻl bagʻriga kirib, uning flora va faunasini kuzatishga imkon topgan olimning ishtiyoqini ham tushunsangiz kerak.

Isajon Sulton: – Qizilqumda ekanimizda mening diqqatimni tortgan narsa – chigʻanoqlar boʻldi. Dengiz chigʻanoqlari… Shuningdek, sahro tuzilishi, barxanlaru pasttogʻlar, har yerda toʻsatdan qoyatoshlar uchrashi – bularning hammasi u hududda bir mahallar ummon toʻlqin urganidan darak berib turganday taassurot uygʻotdi. Qolaversa, muazzam tarixiy yodgorlik – Jaraquduqdagi Tosh oʻrmonni ham yodingizga solmoqchiman. Dunyoda bunday noyob tarixiy yodgorliklar barmoq bilan sanarli. Tosh oʻrmon haqida gap ketganida, bundan toʻqqiz million yil avval Qizilqum oʻrnida haqiqatan ham ummon mavj urgani aytiladi. Jaraquduqda akula, skat, turli baliqlar, suvdayu quruqlikda yashay oladigan jonzotlar, timsohlar, dinozavr va pleziozavr qoldiqlari topilgani buning isbotidir. Shuningdek, olimlar chaqmoq yerga kelib urilganida qumning erishidan hosil boʻladigan gʻalati durbinsimon narsalar ham topishgan.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Ha, u fanda “fulgurit” deb nomlanadi. Kvars qumlari chaqmoq shiddatida erib, shishaga aylanadi, tevaragidagi qum esa sopol tusini oladi, shu tarzda oʻsha jismlar paydo boʻladi. Men ham har qadamda benihoya qadimiy tuproqlar uzra yurganimizni his qilib turdim. Sarmishsoy petrogliflarini aytmaysizmi?

Isajon Sulton: – Sarmishsoy haqida turli fikrlar bor. Shulardan biri: togʻ oʻsib chiqqanida toshlari yumshoq boʻlgan, vaqt oʻtishi bilan qota boshlagan. Oʻsha mahalda u yerda yashagan kishilar kelib, turli suratlar chizib ketishgan. Petrogliflarning xilma-xilligi va koʻpligi kishini hayratga soladi. Fan ularning yoshini olti-yetti ming yildan ziyod deb baholaydi. Suratlar sanogʻi esa uch mingdan oshiq. Yoki Zarautsoydagi besh yuzga yaqin toshqoya suratlarining yoshi toʻqqiz-oʻn ming yilga teng deb baholanadi. Samarqanddagi Quruqsoy, Jizzaxdagi Pishogʻor, Fargʻonadagi Soymali yodgorliklarini ham eslaylik. Yillarga diqqat qilsak, bundan besh-oʻn ming yil avval vatan tuproqlarida katta bir xalq hayot kechirganini bilib olamiz.

Bular – oʻsha shukuhli festival taassurotlarining bir qismi, xolos. Bugunimizda esa dengizday toʻlqinlangan yoshlarning qiziqish ila chaqnagan nigohlari haligacha koʻz oʻngimizda. Yana bir narsani oʻyladimki, bir necha million yil avval ummon deyilgan yerlarda odamzot mavjud boʻlmagan. Lekin taqdir taqozosi bilan yoʻqolib ketgan oʻsha ummon oʻrnida hozir toʻlqinlanib turgan xalqni, yoshlarni koʻrish, haqiqatan ham, ajoyib emasmi?

Uchrashuvlar asnosida sizning “Ozodligimiz, erkinligimiz, mustaqilligimiz sharofati tufayli men olimga aylandim” degan soʻzlaringiz barchada katta taassurot qoldirdi.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Nafaqat mening, balki hammaning qalbidagi gaplar bular. Hayratlanarli quvonch shuki, festival qatnashchilarining hammasi bir ovozdan shuni taʼkidlashdi.

Oʻsha kunlarni siz ham hayajon bilan eslasangiz kerak, chunki minglab yoshlarimiz bilan uchrashar ekanmiz, shu singari shaharu qishloqlarda yetilib kelayotgan yurt bolalari qalbini tasvirlash, kechagi va bugungi kunni muqoyasa qilish kerakligi haqida ham qizgʻin suhbat qurdik. Oʻsha mahallarda ilm choʻqqilari nihoyatda uzoq va olis tuyulganini, el orasidan sanoqli kishilargina olim boʻlib yetishganini, odamlar mehnatu zahmatlarining umumiy manzaralarini chizish lozimligi haqidagi fikrga ham keldik. Eng muhimi, Siz asarda mahorat bilan yoritib-badiiylashtirganingiz – “Mendan kim ham chiqardi”, “Ular kim-u, biz kim”, yo boʻlmasa “Oʻqib olim boʻlarmidik” kabi oʻziga ishonchsizlik kayfiyatini yoshlarimiz va xalqimiz ongidan qanday yoʻqotish yoʻllarini ham koʻp gaplashdik. Aslida, niyatdagi ezgulik – barchamiz boshimizdan kechirgan va kechirayotgan qishloq hayotida, unda kuzatganlarimiz katta maktab va aql charxi ekanini tushuntirish kerakligini maqsad qilib olganimizda edi.

Isajon Sulton: – Ha, qiziqarli suhbatlar davomida shunga amin boʻldikki, haqiqatan juda muhtasham va qadimiy xalq farzandlari ekanmiz. Bu haqda badiiy asar yaratish uchun uni ikki qismga boʻlish kerakligi haqida ham toʻxtaldik. Kechagi kunlarda qishloqlarda hayot kechirgan yoshlar hayotini tasvirlash uchun shunday yoʻl tutish kerak edi-da. Qolaversa, har kuni koʻrilaverib koʻz oʻrganib qolgan, ammo bilim tufayli haqiqiy mohiyati ochiladigan turmush voqealarini ham tasvirlashga toʻgʻri keldi. Hayotda shunday holatlar koʻp. Yoshlikda anglab yetilmagan bir manzara aql toʻlishgach, boshqacha jilvalana boshlaydi. Qisqasi, butun bir xalqning zahmatli hayotini, barchaning taqdirini, kelajagini oʻzgartirib yuboradigan juda ulkan, olamshumul oʻzgarish roʻy berganiga albatta toʻxtalish lozim boʻldi. Misol uchun, bahor hamma yoqni birdaniga oʻzgartiradi, gul-chechakka burkaydi hamda yangi hosilga zamin tayyorlaydi. Elimiz taqdiridagi hayotbaxsh bahor, yaʼni mustaqillik kishilar qaddini tiklagani, kim ekanini ayon qilgani, kelajakka yorugʻ yuz va qatʼiy ishonch bilan intilishiga yoʻl ochib berganini ham taʼkidlash barchamizning qalbimizdagi yorugʻ niyatlarga hamohang boʻldi.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Bularga yana shularni qoʻshimcha qilsam. Kechagi zulm kunlarini eslasangiz, yuragingiz ortga tortib ketadi. Fojianing yana bir jihati shundaki, koʻpchilik kishilar oʻsha turmushning qanchalar adolatsiz, shiddati soʻndirilgan ekanini bilishmas, hayot shu ekan-da, deb yuraverishardi. Romanda tasvirlangan qishloq manzaralari, kishilarning mehnat-mashaqqatlari koʻz oldingizga keladi. Axir, inson umriday bebaho neʼmat albatta ezgu ishlarga sarflanishi kerak emasmi? Bugunimizning katta avlodi u kunlarni yaxshi biladi. Oʻsha kun kishilarining qalbiga nazar solsak, kelajakka ishonch yoʻq qilinganini, “Endi shunday yashab oʻtib ketaveramiz, shekilli, bola-chaqamizni oyoqqa qoʻyib olsak bas” degan tushuncha hokim boʻlganini koʻramiz.

Isajon Sulton: – U manzaralarni men ham yaxshi eslayman. Asardagi Sofiya xola yoki Ubay aka obrazi oʻsha payt kishilarining holatini timsoliy tarzda ochib beradi, deb oʻylayman. Ne-ne muhtasham sulolalar farzandlarining ahvoli oʻshandan ortiq emas edi-da.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Haqiqatan ham, mustaqillik taqdirlarni oʻzgartirdi. Buni oʻz hayotim misolida baralla ayta olaman. Yurtimiz, davlatimiz men singari yuzlab oddiy qishloq yoshlarining qiziqishlarini qoʻllab-quvvatladi, bilimlar sari yoʻl ochib berdi. Yoʻqsa, olis bir qishloqdagi biologiya oʻqituvchisining bolasi eng zamonaviy fanlardan biri hisoblangan genetika sohasida yangiliklar yaratishi kimning xayoliga kelibdi? Universitetning biologiya fakultetini bitirgach, laboratoriyada ishlab yurgan kezlarim edi. Davlatimiz koʻmagi bilan dunyoning eng ilgʻor ilm maskanlaridan birida magistratura tahsilini oldim, doktorlik dissertatsiyamni yoqladim. Hozir oʻylab qarasam, u jarayonlarning mohiyati juda chuqur ekan. Yuzlab yoshlar dunyoning eng ilgʻor markazlarida ilm oʻrganib, elu yurt ravnaqiga xizmat qilishsin, degan ezgu va yorugʻ umiddan paydo boʻlganini hozir yaxshi tushunaman. Toʻgʻrisini aytsam, chet elda ekanimda elimning, yurtimning qanchalar aziz va betakror ekanini anglab yetdim.

Amerikaning Texas universiteti dunyo qishloq xoʻjaligining eng katta ilmiy markazi hisoblanadi. U yerda Amerika paxtachiligining “ota”si – professor Kamol Elzik hamda yosh olim Allan Pepper bilan taʼlimni boshlab yubordik. Asarda siz keltirgan, qovun urugʻidan olinadigan peptidlar voqeasi haqiqatan ham roʻy bergan. Faqat u paxta dalalarida emas, oʻzimizning Toshkentimizda, Genetika institutining laboratoriyasida sodir boʻlgan edi. Siz badiiy asar talabidan kelib chiqqan holda uni qishloq dalalariga koʻchirgansiz. Universitet ilmiy markazlaridan birida gʻoʻza tolasini uzaytirishga doir taklifimni professorga aytganimda menga gʻalati qarab qoʻydi, keyin bilsam, Oʻzbekistondan kelgan bir boladan bunday fikr chiqqaniga hayron qolgan ekan. Texasdagi oʻsha ustozim – Allan Pepper hamda Hindistondagi bir olim ham shu haqda bosh qotirib turishgan ekan. Ular-ku katta olimlar edi, magistraturada endigina tahsil boshlagan yigirma uch yashar oʻzbek bolasining aqliga bunday fikr qaydan kelaqolganiga hayratlanishgani esimda. Keyinroq Alanning aytishicha, yigʻilishlarning birida Kamol Elzik bir guruh olimlarga “Oʻzbeklar biotexnologiyalarda ancha salohiyatli”, deb meni himoya qilgan ekan. Buni eshitib rosa quvongandim va Kamolga mehrim tushgan, uni uyaltirib qoʻymaslik uchun doim aytganlarini oʻz oʻrnida bajarishga harakat qilardim.

Romanda tilga olingan paxta tolasini uzaytirish boʻyicha gʻoya – real voqea. Soya joyda oʻsimliklar nur izlab oʻsib ketishini hamma koʻrgan. Biroq barcha biladigan bu manzara vaqti kelib genetika sohasida bir yangilikka sabab boʻlishi kimning xayoliga kelibdi deysiz?

Bizning kuchli tomonimiz ham shunda – juda koʻp bolalarimiz tabiat tilini bilib katta boʻlishadi. Yaʼni, zaminimiz juda boʻliq. Katta megapolislarning kishilari bilan solishtirsangiz, amin boʻlasiz: kishilarimiz qaysi oʻsimlik nimaga davo boʻlishidan tortib, feʼl-atvorigacha puxta bilishadi. Bu xalqona bilimlarni ular momolari, bobolari yoki qoʻni-qoʻshnilaridan eshitib oʻrganib olishgani yoki, siz badiiylashtirib berganingizday, qishloq hayotidagi bolalik tajribalaridan bilib olganliklari bor gap. Shu sababli ham asar qahramoni dunyo genetika simpoziumlari boʻlib oʻtadigan shahar – Kartaxenada “Oʻzbekistonda tugʻilmasaydim, olim boʻlmas edim”, deb eʼtirof etadi.

Shuni ham alohida faxru gʻurur va minnatdorlik bilan aytib oʻtishni istar edim. Birinchi prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan mustaqilligimizning ilk yillarida, yaʼni 1992 yili Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi qoshida Genetika instituti tashkil qilingan edi. Hozirgi prezidentimiz Shavkat Mirziyoev davlatimizning bosh vaziri sifatida tadqiqotlarimizga qiziqish bildirganlari, qoʻllab-quvvatlaganliklari uchun juda minnatdormiz. qanchadan-qancha muhim ishlari boʻlishiga qaramasdan laboratoriyamizga, tajriba maydonimizga va keyinchalik markazimizga tashrif buyurib, har bir tadqiqotimizni hijjalab muhokama qilganliklarini, taʼbir joiz boʻlsa, oʻz fikrlari bilan boyitib, toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirganliklarini alohida aytishim kerak. Biz kabi yosh mutaxassislarga ishonch bildirganliklari fan taraqqiyotiga katta turtki boʻldi va bizni yanada qattiqroq ishlashga, ishonchga munosib boʻlishga undadi. Esimda, dastlabki uchrashuvlarda katta domlalarimiz tomonidan bildirilgan “Bunday ishlarga hali erta, natija chiqmaydi” degan eʼtirozli qarashlarga prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “Biz oʻzbekmiz, boshladikmi – albatta yakuniga yetkazamiz”, deb javob bergan edilar. Shu qatʼiyat tufayligina izlanishlarimiz, yaratilgan “gen-nokaut” texnologiyamiz laboratoriyadan to fermerlar dalalarigacha yetib bordi. Shu kishilar koʻmagi tufayli Markaziy Osiyoda yagona Genomika va bioinformatika markazi bunyod etildi. Dunyodagi eng soʻnggi rusumli ilgʻor ilmiy-tadqiqot uskunalari – sekvenserlar, analizatorlar olib kelib oʻrnatildi, olimlarga zamonaviy shart-sharoitlar yaratildi.

Markazimiz faqatgina oʻsimliklar genetikasi bilangina shugʻullanib qolmaydi. Imkoniyatlarimiz beqiyos. Biroq, siz asarda taʼkidlab oʻtganingizday, zamonaviy bilimlarga ega bir kishi qanday qilib oʻz xalqi tarixi sirlariga boqmay oʻtardi? Yurtimizning hududlaridan tanlab olingan kishilar genlarini tadqiq qilganimizda, haqiqatan ham, ularning irsiyati oʻnlab ming yil nariga borib taqalganini koʻrdik. Bu hali toʻliq tarix emas – genlarni “oʻqish” jarayonida fan tilida mutatsiya deyiladigan hodisaga asoslanib genetik tarixga bir nazar solsa boʻladi. Soddaroq qilib aytsam, odamzot paydo boʻlibdiki, genlarni ajdodlardan avlodlarga berilishida muhrlangan oʻzgarishlarni koʻra olasiz. Bu esa Oʻzbekiston xalqlarining genetik tarixi oʻrtacha ellik ming yildan ziyod ekanini koʻrsatib turibdi.

Bu boradagi izlanishlarimiz “The Open Genomics Journal” xalqaro jurnalining 2009 yil 2-sonida “Gene Flow at the Crossroads of Humanity: mt-DNA Sequence Diversity and Alu Insertion Polymorphism Frequencies in Uzbekistan”, yaʼni “Insoniyat chorrahasida gen oqimlari: Oʻzbekistonda uchraydigan insersion polimorfizmlardagi mt-DNK turli-tumanliklari” sarlavhasi bilan eʼlon qilindi. Bu mavzuda 2005 yili shogirdimiz Shuhrat Shermatov nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Tadqiqotlarimizda oʻz yurtimiz olimlari bilan bir qatorda chet el mutaxassislari ham ishtirok etishdi. Ularning nomlarini sanab oʻtishni joiz deb bilaman, chunki bular koʻp yillik mehnatlarning samarasidir. Oʻz yurtimizning farzandlari – Shuhrat Shermatov, Zabardast Boʻriyev, muhtaram ustozimiz Abdusattor Abdukarimov hamda chet el ilmiy markazlarining mutaxassislari – Erik Devor, Mark Zloyutro, Meredich Millis, Jessika Galbrayt, Maykl Krouford. Tadqiqotda Markaziy Osiyo chindan ham dunyo taraqqiyoti yoʻlidagi oltin beshik ekani oʻz isbotini topgan.

Aqlli odam deyilgan “Homo Sapiens” Afrikada paydo boʻlgani ilmiy haqiqat hisoblansa, ilk kishilar yashash uchun qulay, barakali tuproqlarni izlab yoʻlga chiqishgan. U mahalda kishilarning dengizni suzib oʻtishlari mumkin emas edi. Arabiston yarim oroli orqali togʻlardan oshib, bizning oʻlkalarga kelib oʻrnashishgan, bir qismi Oltoy tomon ketishgan. Oʻsha yoʻnalish boʻyicha muzliklar diyoridan oʻtib, Amerika qitʼasigacha yetib borishgan. Bu antropologiya fanidagi uch asosiy farazning biri deyilsa-da, ilmiy isbotlari qoniqarli deb hisoblanmas edi. Genomika markazimizning izlanishlari mobaynida mana shu tarzda Markaziy Osiyo insoniyat taraqqiyoti yoʻlidagi oltin shohbekat boʻlib xizmat qilgani oʻz isbotini topdi. Bu – haqiqatan ham, juda qadimgi tarix. Shuningdek, tadqiqotlarimiz natijasida xalqimiz sivilizatsiyadagi mavjud barcha genlar xilma-xilligiga ega ekanligi va ular orasida inson sivilizatsiyasidagi eng qadimiy genotiplar mavjudligi koʻrsatib berildi. Bu xalqimizning oʻta qadimiy genetik tarixiga urgʻu berishi bilan birga, “tirik tarixiy muzey” ekanidan ham dalolat beradi. Xulosalarimizning asosi shuki, bizning yurtimiz nafaqat siyosiy, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega, balki oʻta qadimiy va xilma-xil boʻlgan insonlari bilan xalqaro miqyosda juda katta biologik boylikni oʻzida mujassam etgan. Biz bu boylikni anglashimiz, qadrlashimiz, asrab-avaylashimiz hamda undan gʻururlanishimiz kerak. Siz bu gʻoyalarni badiiylashtirib, romanda keng ochib berganingizdan juda xursand boʻldim.

Isajon Sulton: – Xalqimiz tilida asrlar boʻyi yashab kelayotgan dostonlarimizning yoshi besh-olti ming yil deyilishini eshitganman. Biroq Surxondaryoning Boysunidan topilgan Teshiktosh bolasi hammamizning aqlimizda savollar hosil qilgani shubhasiz. Darsliklarda uning yoshi kamida yuz ming yil deb taʼkidlanadi. Axir, u bola koʻmilgan joy atrofida doira shaklida tizilgan kiyik va togʻ echkisi shoxlari topilgan-ku. Tosh qurollar-chi? Yaʼni, tariximiz hazilakam tarix emas ekan.

Teshiktosh bolasini topgan olim A. Okladnikov buni shunday deb taʼriflagan: “Keyingi qazilmalar kutilmagan va, haqiqatan ham, haligacha biror bir tadqiqotchi duch kelmagan favqulodda manzarani namoyon qildi: mustyer odami bosh chanogʻining atrofiga qatʼiy tartibda, aniq reja asosida doira shaklida togʻ echkisining shoxlari tizib chiqilgan edi. Rad qilib boʻlmas mazkur haqiqat bu yerda tafakkur, xatti-harakatlarning mantiqli rejasi boʻlganini, u xatti-harakatlar ortidagi bus-butun taassurotlar dunyosidan darak berib turardi…”

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Mustyer madaniyati haqida esa shunday deyiladi: “Mustyer madaniyatining paydo boʻlishi taxminan uch yuz ming yil avval deb hisoblanadi, ularning sovuq tufayli inqirozga yuz tutishi vaqti oʻttiz ming yil avval deb bilinadi…”

Bu maʼlumotlar sirayam boshqalardan koʻra afzalroqmiz yoki ustunroqmiz deb emas, balki yoshlarimiz oʻzlarining qanchalar qadimiy sulolalarga mansub ekanliklarini bilib olsinlar va oʻzlariga ishonsinlar deb oshkor qilinmoqda. Olam hali sanashniyam tuzuk-quruq bilmagan, oʻzaro oʻlja talashib urushib yurgan mahallarda bilimga intilish moʻtabar sanalgan shu qutlugʻ tuproqlardan yetishib chiqqan ne-ne daholarning qoni uygʻoq ekanini idrok qilishlari hamda u qon tomirlarida hanuz oqayotganini his kilishlari uchun, albatta. Mavzuning “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz” degan shiorimizga qanchalar mos ekanini koʻring. Xulosalar oʻz-oʻzidan koʻrinib turibdi. Genetika inson vujudidagi har bir ajdodning izlarini topa oladigan qobiliyatga ega. Surxondaryodagi baʼzi qishloqlarning kishilari tarixi undan ham olisga borib taqaldi hamda oʻsha hududlardan topilgan Teshiktosh bolasi haqidagi tarix bilan mos kelgani koʻrindi.

Isajon Sulton: – Bularning bari xalq tilida aytib yuriladigan turli hikmatlarning chuqur maʼnolarini ham isbotlab turibdi. Masalan, ayolning muqaddasligi, onaning moʻtabarligi haqida juda koʻp maqolu matallarimiz bor. Genetika fanining taʼkidlashicha, sulola “kalit”lari ayolda saqlanar ekan. Avlodlarni dunyoga keltiradigan, asrab-avaylab ulgʻaytiradigan ham ayoldir. Ularni qanchalar eʼzozlash kerakligi haqidagi xalqona hikmatlarimiz fan yorugʻida mana shunday isbot topganiga qarang. Ayol guldan nozik yoki qizbolaga ogʻir yumush qildirma, degan azaliy hikmatlarni esga soladi. Xalq oʻz qizlarini, ayollarini, onalarini qanday eʼzozlashining sabablariga qarang!

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Endi asarda tilga olingan “Oltmish toʻrt genli kalit”ga ham toʻxtalib oʻtmasak boʻlmas. Uni fan “isteʼdod kalitlari” deb ataydi. Har ota-ona oʻz isteʼdodini bolasiga meros qilib qoldiradi, uning yoʻqolib ketishi mumkin emas, chunki har hujayra ichida yashirin saqlanib turadi. Maʼlum sharoit yuzaga kelganida esa, oʻsha “kalit” toʻsatdan ishlab ketadi, ajoyib zako quvvatini ochib yuboradi. Xalq qadimiyligi va xilma-xillik koʻpligining muhimligi shunda: xalqimiz qonida oʻta qadimiy va turli isteʼdodlar yashirinib yotibdi. Har bolamiz qonida isteʼdod oqmoqda, degani bu. Endigi vazifa oʻsha “uxlab yotgan genlarni” uygʻotishdan iborat. Siz romanda keltirganingiz: “Uygʻon! Uygʻon! Uygʻon, axir! Qon koʻpirmoqda, har bir hujayra “Uygʻon” deya qichqirmoqda edi”, degan chorlovlar yoki “Katta odam” boʻlib “katta ishlar”ga qoʻl urish uchun esa sabr-toqat, hurmat, ishonch, orzu-havas, intilish, mehnat, ortga bir nazar tashlay olish kabi xislatlar bilan yashash va ularni (yaʼni genlarni) hayot davomida uygʻotib borish kerak ekan”, degan xulosalar yuqoridagi vazifaning badiiy yechimi boʻlgan, desam toʻgʻri boʻladi! Bularning hammasi bobolarimiz oʻgitlarida mujassamlangan va isbot talab qilmaydigan haqiqatlardir.

Albatta bular umumiy fikrlar. Lekin xususiy faktlarga kelganimizda ham natija oʻzgarmaydi. Oramizda genetik yoshi yuz ming yilga teng kishilar ham bor. “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz” degan chorlovning toʻgʻriligi va uning mohiyati shu yerda yanada oydinlashadi.

Butun oʻlkamiz boʻylab to eng chet hududlargacha yangi va zamonaviy oʻquv dargohlari qurilgani, yoshlarni qamrab oladigan keng koʻlamli ijtimoiy tadbirlarning oʻtkazilayotgani, u tadbirlarga olimlar, shoir-yozuvchilar, madaniyat va sanʼat namoyandalarining jalb qilinayotgani – ana oʻsha yashirin isteʼdodlarni uygʻotishga boʻlgan harakatlarni ifodalaydi.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, xalqaro fan olimpiadalari, shaxmat musobaqalari gʻoliblarining nomlarini ehtirom bilan tilga olamiz. Boshqa sohalarda ham shunday qalqinish sodir boʻlmoqda. Bular – oʻsha isteʼdod genlari ishlab ketganini koʻrsatadigan dalillardir. Vaqti kelganida xalqimiz oʻz isteʼdodi, zako quvvati bilan olamni hayratda qoldirishi haqiqatga yaqin.

Genetika esa yangi ufqlar tomon odimlamoqda. Aytish mumkinki, koʻzlangan yangiliklarning bari hayotiy va el-yurtga xizmat qiladigan yangiliklardir. Masalan, tibbiy genetika sohasida katta izlanishlar olib borilayotir. Oʻzbekistonda yaratgan yangiligimiz – kasalliklarga chidamli, odatdagidan ancha erta yetiladigan va tolasi uzun “Porloq” deb nomlangan gʻoʻza navlarimiz dalalarda keng ekilayotgan boʻlsa, tarkibidagi yelim moddasi koʻproq yoki zang kasalligiga chidamli bugʻdoy navimiz laboratoriya sinovlaridan oʻtkazilmoqda. Sovuq urmaydigan uzum, anor navlari yaratish ustida ish olib borilmoqda. Bular hali qiladigan ishlarimizning debochasi, xolos. Seleksiya haqida gap ketganida yana bir jihatni tilga olib oʻtish zarur, bu “aql seleksiyasi”dir. Davlatimiz koʻmagi va shaxsan mamlakatimiz rahbarining qoʻllab-quvvatlashi natijasida yigirmadan oshiq isteʼdodli yoshlarimiz dunyoning eng nufuzli ilmiy markazlarida bilim olib qaytishdi. Ular – kuchli isteʼdod egalaridirlar. Esimda, markazimizga tashriflarining birida prezidentimiz Shavkat Mirziyoev har bir yosh mutaxassis bilan birma-bir suhbatlasharkan, “Bilib qoʻyinglar, sizlar qilayotgan ishlar, sizdagi intilish va maʼnaviyat, koʻzingizni yonib turishi eng katta boyligingizdir”, degani barchamizni ruhlantirgan va tom maʼnoda “uxlab yotgan” genlarimizni ishlatib yuborgan edi.

Xalqimiz ilmga chanqoq ekan, aniq fan hisoblangan shu sohamizdagi yangiliklar tarixchilarimizning, adabiyot namoyandalarining, folklorshunoslarning diqqatini oʻziga tortgani sir emas. Rizqu roʻzimiz boʻlmish gʻoʻza, tola, bugʻdoy haqida gapirdik. Yoshlarimiz koʻmagida, jamoa bilan birga hali yana juda koʻp ishlar qilishimiz kerak. Bular orasida eng muhimi – yurtimizda yetiladigan neʼmatlarning kasalliklarga chidamli, serhosil yangi navlarini yaratishdan iborat.

Isajon Sulton: – Adabiyot ham mana shu hayotiy oʻzgarishlar bilan kishilar orasida koʻprik vazifasini oʻtashi, shu shonli kunlarni badiiy tarixga muhrlashi kerak. Kun kelib, kelajak avlodlar bugunning asarlari bilan tanishganlarida, ozodligimizning dastlabki yillarida ado etilgan juda muhim ishlarning kishilar ongidagi akslanishlaridan xabar topishadi, albatta. Kelajak kishilari bularni munosib baholashi, yurt taraqqiyotining eng muhim kunlari deb eʼzozlashi tayin.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Fanlar esa yoshlarimizni kutib turibdi. Eng chet hududlarda ham zamonaviy maktablar, koʻrkam, ulugʻvor kollej va litseylar qad koʻtargani haqida soʻz yuritdik. Endi gap oʻsha muhtasham dargohlarda bolalarga zamonaviy bilimlarni yetkazib berishda qolmoqda. U bilimni bera oladigan quvvatimiz bormi? Yaʼni, shunchalik koʻlamli yangilanishlarga oʻzimiz tayyormizmi, mosmizmi?

Isajon Sulton: – Bu borada barcha sohalar mushtarak ish olib borayotganini ham quvonib taʼkidlashni istardim. Bir mahallar qobiliyatli yoshlar dunyoning ilgʻor universitetlariga borib, bir necha yil ilm zahmatini chekkan boʻlsa, endi u universitetlarning oʻzi Oʻzbekistonga keldi. Vestminster, Singapur, Inha, Turin kabi ilm dargohlari poytaxtimiz koʻrkiga koʻrk qoʻshib turibdi. Vatan ravnaqi uchun kerakli hamma sohalarning taʼlimi yoʻlga qoʻyilgan. Bularning hammasi kelajakni oʻylab qilingan, beqiyos natijalar beradigan ishlar. Bizlar Vatanimizning chorak asr mobaynida juda katta rivojlanish yoʻlini bosib oʻtganini har doim ham quvonch bilan eʼtirof etamiz, biroq bundan bu yogʻiga taraqqiyot yanada tezlashishiga hamda bugungi ishlar kelgusida ulkan samaralar berishiga shubha yoʻq.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Yuzlabminglab ota-onalar bolalarining ilmli boʻlib yetishishini istashadi. Oʻlkamizda matematiklar, fiziklar, adabiyotchilar oilalari bor. Kechagina bunday misollar onda-sonda uchragan boʻlsa, hozir misli koʻrilmagan darajada koʻpaygan. Qolaversa, davlat bir bolaning umumiy taʼlim olishi va hunarli boʻlib yetishishi uchun oʻn ikki yil sarflaydi, bir mutaxassis yetishib chiqishiga oʻn olti yil, umumiy amaliyot shifokori uchun oʻn toʻqqiz yil, olim yetishib chiqishini esa oʻttiz yil kutadi, shuncha vaqt taʼlim beradi. Katta vaqt, mablagʻ sarflangan vatandoshimiz shular tufayli erishgan bilimi, qobiliyati va isteʼdodi bilan el-yurt xizmatiga bel bogʻlashi tabiiy, albatta. “Genetik” romanida oʻzlikni anglash ehtiyoji va bugungi davr chaqiriqlari badiiy tarzda aks etgani ayni muddao boʻldi.

Isajon Sulton: – Ha, bu asar ilgʻor fan va adabiyot hamkorligining mevasi oʻlaroq dunyoga keldi, dedik. Fan negizlarini ochib berishda, koʻlamini va mohiyatini kishilarga yetkazishda tilimiz jilvalari bilan bir qatorda badiiy obrazlilik yordamga keldi. Muhokamalar, munozaralar va fikrlar xilma-xilligi aro asar nihoyasiga yetdi. “Yoshlik” jurnalimiz esa asarni darhol chop etishga, yoshlarimizga tezroq yetkazib berishga shoshildi. Ezgu niyatlar kishilarni ana shunday birlashtirar ekan-da! Bular haqida soʻz ketsa, “mushtaraklik” degan jihat yodga keladi. Masalan, fanning ilgʻor qismida turli yoʻnalishlar bir-biri bilan uchrashadi. Fizikaning shunday sohalari borki, uni kimyosiz tushunib boʻlmaydi. Qonuniyatlar siriga yetish uchun esa oliy matematikaga ehtiyoj seziladi. Taraqqiyot ham shunday. Bir mamlakat taraqqiyotning ilgʻor shiddatiga erishar ekan, xuddi fanda roʻy bergani kabi, ijtimoiy hayotda ham turli sohalar mushtarak ishlashi kerak boʻladi.

Ibrohimjon Abdurahmonov: – Ularning kishilar tafakkurida akslanishiga kelsak, misol uchun, zamonaviy bir bino yoki koʻprik qurildi, deylik. U qachonlardir yaratilgan kashfiyot va yangiliklar samarasi, albatta. Unda ishlatilgan narsalarning oʻziga xosligi, yuk koʻtara olish qobiliyati, issiq va sovuqqa chidamliligi va hokazolar oʻrganilmasdan turib, barpo etib boʻlarmidi? Endi yurt boʻylab qad koʻtarayotgan ulkan zamonaviy ishlab chiqarish komplekslariga, yangi-yangi fabrikalarga nazar solaylik. Ular ilgʻor ilm-fanning koʻplab sohalarini bir nuqtaga keltirishi, jamiyatdagi katta oʻzgarishlarni bildirishi bilan bir qatorda, farovon kelajakka boʻlgan umumiy intilishning ajoyib timsollari hamdir.

Men yana shuni aytmoqchimanki, yoshlarimizga mulohaza qilishlari uchun, qolaversa, shu singari asarlar yaratilishi uchun arziydigan mavzular koʻp. Fanlar, tizimlar, xizmatlar, tadqiqotlar… Bularning har biri kishilarimizga olamjahon taassurotlarni hadya etishi, kelajakka boʻlgan ishonchini, Vatanga mehru muhabbatini orttirishi shubhasiz.

Isajon Sulton: – Yaʼni, zamonaviy bilimlar yogʻdusida kishilarimizga oʻzlarining kim ekanliklarini, qanday ulugʻ sulolalar merosini jo aylaganliklarini bayon etishdan koʻzlangan niyat – qatʼiy ishonch, bilim va yorugʻ qalb ila, barcha birday bahamjihat boʻlib kelajakka yuzlanishdan iborat. Bu esa bugunimizning “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” degan ezgu shiori atrofida jipslashishga undaydi. Mana shunday ezgu niyat yoʻlida birlashar ekanmiz, elimiz-yurtimiz ravnaqi, farovonligi uchun xizmat qilish sharafli ekanini his qilamiz. Bular – insonni ulugʻlaydigan va, eng asosiysi, yashab oʻtgan umridan qoniqish hosil qilishiga sabab boʻladigan eng muhim unsurlar, desak xato qilmaymiz. El-yurt ravnaqi, farovonlik va taraqqiyot yoʻlida qoʻshiladigan hissa shundagina ulkan baxtu saodatga aylanadi.

 

N. Choriyev yozib oldi.

 

Yoshlik”, 2017–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.