Adabiyotga kirib boriladi…mi?

0
283
marta koʻrilgan.

Adabiyotshunos Rahimjon Rahmat bilan muloqot

 

Koʻkdagi yulduzlarni tomosha qilib yotgan bola onasiga savol beradi:

– Ona, yulduzlar osmonning chiroqlarimi?

– Bilmadim, – deydi ona kulib.

– Yulduzlar osmonning chiroqlari, tongda oʻchirib, kechqurun yoqib qoʻyadilar, – deydi bola oʻylanib.

– Bu gʻalati gaplarni qayerdan olyapsan?

Onaizor hayron. Chunki bola ulgʻaygan sari “gʻalati” gaplari koʻpayib boryapti-da. “Yaxshilab tinglang, shamollar kuy chalyapti”, deydi bir kun. “Chaqmoqdan qoʻrqib ketgan bulut yigʻlayapti”, deganiga nima deysiz? Chindan ham gʻalati-ku! Ha, hammasi shunday boshlanadi.

Ona oʻgʻlining yuragiga adabiyot kirib kelayotganidan hali bexabar. Haqiqiy ijodkorga adabiyotning oʻzi kirib keladi. Adabiyotga kirib borilmaydi. Adabiyotga kirib borganlar shunchaki adabiy mehmonlar, xolos! Ular tugʻma emas, surtma talantlardir! Haqiqiy ijodkorlar adabiyotga mezbonlik qiladilar.

Rahimjon aka, siz bilan qaysi mavzuda suhbatlashsam ekan, deb uzoq oʻyladim. Shu oʻylar kechayotgan kunlarning birida jurnalimizga “adabiyotga kirib kelgan”lardan biri keldi-yu, bizga shu mavzuni ochib berdi.

Avval bu gurungni eshiting:

– Rostini aytsam, sheʼrlaringizni ancha pishitishingiz kerak, – dedim andak istihola bilan.

– Nimasini pishitasiz? – mehmonning avzoyi buzildi.

– Shu… oʻz ustingizda…

– Aka, men oʻzimga, talantimga ishonaman! Oʻtgan yili Respublikadagi eng nufuzli tanlovlarda birinchi oʻrinni olganman, – dedi u. Soʻng oldimga qatorlashtirib toʻrtta kitobini tashladi. Toʻrtta! Endigina kollejni tugatayotgan bola-ya!

Adabiyot uchun emas, tanlovlar uchun chop qilingan kitoblarni varaqlay turib amin boʻldimki, bitta emas, oʻnta tanlovda birinchilikni olsa ham bu “talant”dan shoir chiqmaydi. Eng yomoni shundaki, u oʻzini ham, adabiyotni ham aldab yuribdi. Bunga oʻxshaganlarning hammasini esa Tanlovlar chuv tushiryapti.

Rahimjon aka, endi bu bolani ham, tanlovlarni ham tinch qoʻyamiz. Bu voqeani shunchaki suhbatimizga mavzu bergani uchun esladim, xolos. Siz menga chinakam shoirning tugʻilishi haqida, oʻzingiz yashagan, his etgan tuygʻular xususida aytsangiz…

Badiiy ijodga qiziqish tugʻma boʻladi. Qonida badiiy ijodga muhabbati boʻlmagan boladan adabiyotga yoʻnaltirilgan maxsus taʼlim yordamida yozuvchi yoki shoir tarbiyalab boʻlmaydi, albatta. Oʻz navbatida yuragiga Xudo isteʼdod yuqtirgan bola harbiy maktabda oʻqisa ham, shubhasiz, kelajakda ijod kishisi boʻlib yetishadi. Lekin, bilamizki, adabiyot oʻqituvchisi, universitet professori boʻlish uchun alohida ijodiy qobiliyat shart emas. Aʼlochi va tirishqoq maktab oʻquvchilari kelajakda adabiyot professorlari boʻlib yetishishlari mumkin. Olim boʻlish uchun, atoqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov aytganlaridek, shim kerak, xolos. Bu degani stolda koʻp oʻtirib ishlaydigan odamning shimining orqasi tez yirtiladi. Olim odam kiygan shimning orqasi ilviragan boʻladi.

Olimlik – tizimli taʼlim va sabr-toqat mahsuli.

Shoirning paydo boʻlishini esa mantiq bilan tushuntirib boʻlmaydi. Shundayki, yillar davomida taqir boʻlib yotgan tuproqdan kutilmaganda qip-qizil lolaqizgʻaldoq paydo boʻladi. Hayron boʻlasiz: ilgari bu joyda lolaqizgʻaldoq koʻkarganini hech koʻrmagandim, urugʻi qaydan kelib qoldi ekan. Yoki yillar davomida tuproqqa qorishib yotgan lolaqizgʻaldoqning urugʻi qulay sharoit tugʻilib jonlanib qoldimikan.

Isteʼdodning paydo boʻlishini irsiyat bilan ham izohlab boʻlmaydi. Chunki juda kam hollarda mashhur shoirning oʻgʻli ijod kishisi boʻlishi mumkin. Shoirlik kutilmagan hodisa. Bu shunga oʻxshashki, bogʻingizga yongʻoq ekkaningiz yoʻq, lekin bahorda kichkina yongʻoq niholi unib chiqqaniga koʻzingiz tushadi. Qargʻa bogʻingiz tepasidan uchib oʻtayotganda qayerdandir olib kelayotgan tumshugʻidagi yongʻoqni tushirib yuborgandir…

Bizningcha, muhit va tarbiya yoʻnalishi tugʻma isteʼdodning yuzaga chiqishini tezlatishi yoki sekinlatib qoʻyishi mumkin, xolos. Shuningdek, juda koʻp mutollaa qilish bilan ham shoir yoki yozuvchi boʻlib yetishib boʻlmaydi. Badiiy ijodning oʻtkir aqlga ham unchalik daxli yoʻq. Chunki ijod – ilhom mahsuli. Ilhom deganlari toʻsatdan yogʻib qoladigan jaladay gap. Lekin bilim kerak. Abdulla Qahhor aytmoqchi, muhit koʻrmagan va yetarli bilim olmagan shoir baxshi boʻlib qoladi.

Hazrat Alisher Navoiyning shoir Osafiyga aytgan mashhur gapini eshitgansiz. Keling, eshitmaganlar uchun eslab qoʻyamiz: sodda Osafiy Navoiyga aytibdilar:

– Kecha bozordan uch tangaga bir sham sotib olib, shu sham yonib tugaguncha uch ming misra gʻazal bitdim.

– Hazrat, unda kechasi bilan uch tangalik gʻazal bitibsiz-da, – debdi quvlik bilan bizning Hazrat.

Osafiylar Navoiy zamonida qolib ketgan emas. Har zamonning oʻz osafiylari bor. Nazarimda osafiylar isteʼdod degan joygacha yetib kelolmagan ijodkorlardir. Ammo shuncha yoʻl bosgandan keyin ular ham quruq qolmaganlar. Mahorat kashf etganlar! Oʻqisang, hammasi joyida, ammo biror narsa yulib ololmaysan. Endi uni tom-tom qilib “saylanma” qilishdan boshqasiga yaramaydi. Shunaqalar yoʻq deb oʻylaysizmi? Mayli, bu haqda oʻylaganlaringiz ichingizda tura tursin, soʻramoqchi boʻlganim: shoirlik isteʼdodi nima-yu, shoirlik mahorati nima ekani haqida, shoirlikning asosiy xususiyati haqida…

Bilasizmi, dard, iztirobning surunkali holatga oʻtishi isteʼdod deyiladi. Tanasi zaif odamlarda kasalliklarning tuzalishi qiyin kechadi. Immun tizimi kuchli odamlarga uncha-munchaga kasal yuqmaydi, yuqqan kasal esa tezda tuzalib ketadi. Shunga oʻxshash bir narsa sabab shoir yuragida paydo boʻlgan dard-hasratning ketishi ogʻir boʻladi. Xudo insonni shunday yaratgan: aslo chidab boʻlmas dardu azobdan sheʼr oʻqish yoki sheʼr yozish orqali xalos boʻlamiz.

Aqlli odamlar osongina qutulib ketadigan dard shoirona qalb egasi uchun hayot-mamot masalasiga aylanadi.

Bizlar beshta tuygʻu orqali olamdagi voqea, hodisa, rang va tovushlarni bilib olamiz. Bu maʼlumotlarni miyamizdagi turli markazlarga asab tolalari olib boradi. Shoirlar, umuman, sanʼat ahlida kishini tashqi olam bilan bogʻlaydigan mana shu asab tolalari nozik, taʼsirchan va hassos boʻladi. Shuning uchun ular biz koʻrmagan narsalarni koʻradi, eshitadi, his qiladi.

Deyarli har bir odam yoshlikda sevgani bilan topisholmaydi. Lekin hech kim shoirchalik ayriliq qismatidan ulkan fojia yasamaydi. Demak, shoirlik bir fojiadan xalos boʻlib, ikkinchisiga boshi bilan shoʻngʻishdir.

Kirkegorning shoirlar toʻgʻrisida ajoyib tashbeh-oʻxshatishi bor. Qadimda, deydi u, jinoyatchilarni jazolash uchun misdan ichi gʻovak ulkan hoʻkiz yasashgan. Jinoyatchini shu hoʻkiz ichiga qamab, tagidan oʻt yoqishgan. Mis hoʻkiz qizigani sayin ichkaridagi jinoyatchi issiqqa chiday olmay baqirgan, qichqirgan, oʻkirgan, uning jon achchigʻida boʻgʻzidan otilib chiqayotgan nolalari esa hoʻkizning burnidan yoqimli musiqa boʻlib taralgan. Yaʼniki, shoir qalbida doʻzax azobini koʻtarib yuradi va shu azobni goʻzal obrazlar yordamida satrlar bagʻriga joylaydi. Bizlar esa uning ohangdor satrlarini tinglab estetik zavq olamiz. Qiziq-ku, shoir qalbidagi doʻzaxiy azob sheʼrga koʻchib koʻngillarga yoqadigan jannatiy musiqaga aylanyapti.

Ayrim shoirlar dard chekishni kasbga aylantirib oladi. Mahorati oshib, deylik, yoridan ayrilgan oshiq koʻnglidan qanday hislar kechishini oʻzlashtirib olgan shoir, nonvoy ertalab turib xamir qorib, zuvala uzgandek ayriliq mavzuidagi misralarni qatorlashtirib tashlaydi. “Bir kechada oʻnta sheʼr yozdim!” – deb maqtanadi keyin. “Men har kuni sheʼr yoza olaman”, – deb kerilib gapiradigan shoirlar ham topiladi. Ularning sheʼrlarida ohang ham, taʼsirli his-tuygʻu ham yetarli, ammo ruhi oʻlik boʻladi. Palagʻda tuxumni chiroyli rangga boʻyab koʻz-koʻz qilganingiz bilan uning ichidagi badboʻylik oʻzgarmaydi.

Bilishimcha, jamiyatda shoir boʻlib tanilganlarning toʻqson foizi oʻz qalbidan rosmana kechmagan mavzularni yo boshqa shoirdan oʻzlashtirib yoki biror manfaatni koʻzlab sheʼr qilib tashlaydi. Iztirob hammada boʻladi, lekin oʻsha iztirobning surunkali dardga aylanishi bor, mana shundagina chinakam sheʼr tugʻila boshlaydi. Deyarli barcha shoirlarning ilk ijod namunalarini qiziqib oʻqib yod olasiz, keyinchalik esa ularda sheʼr yozish majburiyatga aylana boshlaydi. Yaʼni qalin-qalin kitob chiqarish, unvonga ega boʻlish kabi dunyoviy orzu-havaslarga intilgan shoir qatorlashtirib ruhsiz, lekin shoirlik mahorati sezilib turgan sheʼrlar yozib tashlaydi. Shuning uchun men “Shoirlik hunar ham, kasb ham emas, balki tez-tez xuruj qilib turadigan bedavo bir darddir”, – deyman doim. Kits shoirlikni salbiy odat deydi. Bagʻrim ogʻriyapti deb sheʼr yozasiz-u, lekin yozganlaringizda ogʻriq sezilmasligi mumkin. Tosh tushgan joyiga ogʻir deyiladi. Masalan, doktorlar kasalliklarning klinik belgilarini aniq-tiniq ayta oladilar. Biroq ularning gapidan u yoki bu kasallik toʻgʻrisida nazariy maʼlumot olasiz, xolos. Buyrak-tosh kasali xuruj qilib ingranib yotgan bemorni koʻrgach esa bunaqa kasallik naqadar ogʻriqli kechishini rostakamiga bilib olasiz. Demak, ruhi oʻlgan shoirning yozganlari kasallik belgilari toʻgʻrisida gapirayotgan doktorning soʻzlaridir. Har narsani chin maʼnoda oʻz qalbidan kechirgan shoirning yozganlari esa xastaligi xuruj qilgan bemorning ingrashlaridir. Bunday ingrashlar buyuk shoirlar ijodida koʻp eshitiladi.

Odamzot yerga tushgandan beri oʻziga himoya izlaydi. Ruhiga taskin, ayriliq yarasiga shoʻrpaxta axtaradi. Adabiyot shu izlanishlarning samarasidir.

Tun kechalar dod aylasam,

Har dam Seni yod aylasam,

Ishqingda faryod aylasam,

Kel, koʻr mani ishq nayladi? – deydi Yunus Emro. Soʻfiy shoir ayriliqdan lovullab yonayotgan koʻngliga shunaqa qilib suv sepadi. Va bu “suv” asrlar osha minglab yunuslarning kuygan koʻngliga malham boʻladi. Bu, odamiyat uchun sheʼriyatning kamsuqumgina xizmatidir!

Harqalay, men shunday oʻylayman-da. Har qanday sheʼr ruhiy ehtiyoj ortidan dunyoga kelishiga ishongim keladi. Sizningcha-chi, sheʼr qanday yoziladi? Umuman, sheʼr yozish yoki sheʼr oʻqish bilan odam oʻzini darddan qutqarishi mumkinmi? Ijtimoiy hayot mashaqqatlari odamni shoir qilib yuborishi mumkinligiga nima deysiz?

Sheʼr yozish koʻngildagi alamli tuygʻulardan xalos boʻlish usulidir. Misol uchun, men bir paytlar oʻta ogʻir ayriliq alamidan telbalardek baqirib sheʼr oʻqish yordamida xalos boʻlganman. Oʻsha paytlar kun va tunimning asosiy qismini baʼzan oʻkirib, baʼzan ingranib sheʼr oʻqish bilan oʻtkazardim. Oʻshanda “Layli va Majnun” va “Demon” dostonlarini oʻqirdim. Faqat shu ikkala dostonda aks etgan fojia, dard mening qalbimdagi musibatga mos kelardi.

Mening ilk oʻqigan sheʼriy kitoblarim Sharq adabiyoti klassiklaridir. Ularni birov menga tavsiya qilmagan, oʻzim qishloq kutubxonasini titkilab topganman, yoqqani uchun sevib mutolaa qilganman. Keyinchalik universitetda oʻqib yurganimda koʻplab klassik shoirlarimiz soʻfiy ekanligini har xil olimlarning maqolasidan oʻqib bildim. Ular soʻfizmga tegishli istilohlar yordamida Mashrab sheʼriyatining soʻfiyona falsafasini ochishga urinishardi. Rosti, ularning maqolasidan keyin bolaligimda sevib oʻqigan Mashrab sheʼrlarini tushunmay qolardim. Hurmatli olimlarimiz: “Mashrab soʻfiy shoir, uning sheʼrlarini soʻfizm falsafasisiz tushunib boʻlmaydi”, – deb yozishardi. Nahotki, bolaligimda Mashrab gʻazallarini tushunmay sevib oʻqigan boʻlsam. Tushunmasam, nega sevib oʻqidim ekan?

Koʻrdim yuzingni, devona boʻldim,

Aqlu hushimdan begona boʻldim

degan misralarni yodlab yurgan kezlarim bola edim va qalbimda ham rosmana sevgi uygʻonmagan edi. Nega shu misralar bola qalbimga moydek yoqdi ekan?

Nasr – koʻproq insonning hayotiy tajribasi va kamoloti bilan bogʻliq ijod turi. Istaymizmi-yoʻqmi insonning hayot hikmati mohiyatiga yetib borishi yosh bilan bogʻliq. “Qari bilganni pari bilmaydi”, degan gap bor gap. Ellik yoshdan oʻtganidan keyin barcha kasb egalari faoliyatini tugatish va nafaqa haqida oʻylab qoladi. Yozuvchi uchun ellik yosh badiiy ijodning boshlanishidir. Yaʼni tengqurlari nafaqaga hujjat toʻgʻirlab yurgan payti yozuvchi ijodiy mehnatga rosmana kirishgan boʻladi.

Nisbatan yosh payti roman va qissa yozganlarning asarlarida baribir hayotiy hikmatdan koʻra shoirona kechinma va tasvirlar koʻproq boʻladi. Yozuvchining ellik yoshning nari-berisida yozgan asarida esa haqiqiy nasr uchun kerakli chin hayot hikmati boʻladi.

Shoirlik gullar olamiga sayohat, yozuvchilik esa ildizlar dunyosiga kirishdir.

Bilishimcha, yolgʻizlanib qolish, mehr koʻrmaslik odamni shoir qilib yuboradi. Ayrim ayol va erkaklar keksayganda kutilmaganda sheʼr yozib, kimlargadir oʻqib beradi. Aslida yozilgan sheʼrni shoir birovga oʻqib bermasa, sheʼr yozilgan hisoblanmaydi. Sheʼr his-tuygʻularingni oʻzgaga bildirish uchun yoziladi. Sheʼr – hayotdan, oʻz taqdiringdan nolishning juda goʻzal va odamni sharmandalikdan qutqaradigan vositasi. Sheʼr yozilishiga asos boʻlgan badbin tuygʻularingizni birovga ochiq gapirib bersangiz tusi oʻzgarib sizga achinadi, gohida esa sizdan nafratlanishi ham mumkin. Insonning biologik tabiati zaif va kuchsizlarga shafqat qilmaydi, balki oxirigacha yanchib tashlamoqchi boʻladi. Shuning uchun kamroq nolib, mushkul ahvolga tushib qolganingni yaqin qarindoshing va doʻstlaringga ham bildirmasliging kerak. Odam faqat Allohga oʻz holini bildirsin.

Qoʻshni qishloqlik bir kishi, maktabda boshlangʻich taʼlimni ham toʻliq oʻzlashtirmagan, “e” bilan “y”ning farqiga bormaydigan savodsiz, yoshi ellikdan oʻtib toʻsatdan sheʼr yoza boshladi. Koʻp yozardi. Bir kechada ikki tiyinlik katak daftarni toʻldirib tashlardi. Mening kitob oʻqishga ishtiyoqimni, xususan, sheʼriy kitoblarni oʻqib yurishimni bilgani uchun koʻpincha yangi yozgan sheʼrini birinchi menga oʻqib berardi. Keyin esa koʻchaga chiqib, qayerda odam toʻplanib tursa, oʻsha joyga borib yozganlarini oʻqishga tushardi. Toʻylarda esa atay oʻrtaga chiqib uzoq-uzoq odamlarni “sheʼriyat sharobi” bilan siylardi. Farzandlari esa dadasining bu ishidan uyalar, oʻzlarini aybdordek his qilardi. Meni nima uchun bu odam keksayganda sheʼr yoza boshladi ekan degan savol qiziqtirardi. Uning yozganlarida turoq va qofiya degan narsa deyarli boʻlmasdi. Barining mavzusi bitta – odamlarni bir-biriga mehribon boʻlishga chorlash edi.

Ozgʻin, boʻyni ingichka, gapirganda kallasi silkinib turadigan kishining nima uchun faqat shu mavzuda sheʼr yozishini keyinroq bildim. U bolaligida gʻirt yetim oʻsgan, bolalik payti mehr koʻrmagan, juda koʻp xoʻrliklarni, qashshoqlikni boshdan kechirgan ekan.

Hammasi ayon, bu odam mehr koʻrmaslik inson uchun juda ogʻir dard ekanligidan ogohlantiryapti. Bolalikda, qoʻyingki, butun umr mehr koʻrmagan qalb u dunyoga ketish oldidan isyon koʻtaryapti. Darvoqe, u kishi sheʼr yozishni boshlaganidan ikki yil oʻtib toʻsatdan vafot etdi.

Shu oʻrinda yana bir gap. Juda erta isteʼdodini namoyon qilgan, his-tuygʻulari joʻshib turadigan sanʼatkorlar va shoirlarni koʻrsam, “Shuning umri qisqa boʻladi-yov”, – deb oʻylab qolaman. Chunki qalb jism qoʻrgʻoni qachon vayron boʻlishini oldindan aniq biladi va oʻlim yaqinlashgan sayin qaynab-toshaveradi. Va toshayotgan vaqti tinib ulgurmasdan osmonga uchib ketadi. Oʻlim tuygʻusining jonlanishi har qanday odamni shoirga aylantirib yuboradi. Sogʻlom odamda oʻlim tuygʻusi mudroq boʻladi. Hammamiz bilamizki, umr mangu emas, dunyodan rizqimiz uzilgan kuni omonatimizni egasiga topshiramiz. Lekin bu haqiqatni bilishimiz bizlarni unchalik iztirob va vahimaga solmaydi. Oʻlim tuygʻusi jonlanib qolsa-chi? Hayot tarzimiz va psixikamizda oʻta keskin oʻzgarishlar sodir boʻladi. Masalan, ruhiy kasal odamlarni eng yomon qiynaydigan tuygʻu oʻlim vahimasidir. Ular shu vahimaga chiday olmay, undan xalos boʻlish uchun oʻz jonlariga qasd qiladilar. “Oʻlim haqidagi oʻylardir hayot” (Rauf Parfi).

– “Men oʻzimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun kitoblardan minnatdorman”, debdi ahli bilgichlardan biri. Odamiyat shu vaqtgacha kitobdan-da yaxshiroq doʻst, dildosh va darddosh topolmadi. Nazarimda insoniyatning kashf etganlari orasida eng qiymatlisi ham shu kitobdir! Lekin bugungidek talotoʻp bir zamonda, bu haqiqatni har kimning ham oldiga qoʻyolmaysiz. Hazrat Zamaxshariy aytmoqchi: “Tumov kishi gulning hidini sezmaganidek, ahmoq kishi hikmat lazzatini bilmaydi”.

Ming vahki, bugun koʻpchiligimiz “tumov”ga giriftormiz. Gul bilan tikonni farqlayolmay qolayotgan yoshlarimizning eng katta muammosi ham shu – “hid” bilmasligidir. Vaholanki, kundan-kun tahlikalari kuchayib borayotgan XXI asr koʻchasiga bunaqa “yupun” holatda chiqib boʻlmaydi. Aks holda oʻzingizni ham, ruhingizni ham boy berib qoʻyasiz. Chunki “yupun” odamga “issiq joy” koʻrsatsalar boʻldi, qolgani bilan ishi yoʻq.

Kitob adabiyotchi yoki olim boʻlish uchun oʻqilmaydi. Kitob Odam boʻlish uchun oʻqiladi.

Rahimjon aka, sizdagi kitobxonlik “kasalligi” qanday boshlangan? Bunga atrof-muhitning taʼsiri boʻlganmi?

Men ulgʻaygan oila adabiyotdan juda yiroq edi. Oiladagi muhit sabab men ham juda koʻp tengdoshlarim kabi bir qoʻlimda molning arqoni, bir qoʻlimda ketmon ushlab katta boʻlganman. Na maktabda, na oilada kitob haqida gapirilmas edi. Bolaligimda hech kim menga kitob sovgʻa qilmagan va adabiyotga qiziqishim hech qachon ragʻbarlantirilmagan. Aksincha, qishloq kutubxonasidan olganim kitobni berilib mutolaa qilib, mollarga oʻt solish esdan chiqib qolgan paytlar kattalardan tuzukkina dakki ham eshitganman. Hatto, ayrim paytlar qoʻlimdagi kitobni yulqib olib yirtib tashlashlar ham boʻlgan. Nafaqat bizning oila, balki butun qishloqda kitob degan narsa yerda yotgan xazonchalik qimmatga ega emas edi. Lekin biz yoshlar, garchi kitobxonlik muhiti boʻlmasa-da, koʻp kitob oʻqirdik.

Xazonni toʻplab molga berish mumkin, kitobni esa mol yemaydi. Hozir ham bizning qishloqda koʻpchilik koʻchada kitob koʻtargan odamni devonaga teng koʻradi va kitob oʻqishga qiziqqan yigitga uncha-muncha oila qizini bermaydi. Qalin-qalin kitoblarni oʻqish ruhiy tanazzul belgisi hisoblanadi. Mahallaning eng badavlat kishilari, toʻylarning toʻrida yastanib oʻtiradigan kazo-kazolar umrida na biron marta kitob sotib olgan, na bitta badiiy asarni oxirigacha oʻqib chiqqan. Men shu yoshimgacha bironta qishloqdoshimning shaharga borganida kitob magaziniga kirib oʻziga yoki oʻgʻil-qiziga kitob sotib olganini eslolmayman. Bundan ancha yillar ilgari onam koʻylak olib kiy deb bergan puliga “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ni sotib olgandim. Oʻsha hodisani onam va bu ishimdan xabar topgan qoʻni-qoʻshnilar hozirgacha kulib eslab turishadi.

Shundoq. Men ulgʻaygan muhitda odamlar yegan bir kosa oshi va tinch oʻtgan kuniga shukr qilar edi. Oʻqiyman, olim boʻlaman, taqdirimni oʻzgartiraman deb bir narsalarni orzu qilgan yoshlar mahalla odamlari orasida gʻiybat obʼyektiga aylanardi. Mabodo, u yaxshi joylarda oʻqib, toza ishlarda ishlay boshlasa odamlar unga hasad qilardi.

Xullas, oʻshanda onam aytgandek qilib koʻylak sotib olganimda taqdirim hozirgidan ozgina boshqacharoq boʻlarmidi. Chunki bizning qishloq qizlari qalin kitob koʻtargan boladan koʻra chiroyli koʻylak kiygan yigitni yaxshi koʻrishadi… Xolasi yoki ammasining gapi bilan uchrashuvga chiqqan qiz uyalinqirab yigitning yuziga qarayolmaydi, yerga boqib turib “xaridori”ning kiygan shimi va tuflisini koʻradi, agar shim va tufli chiroyli boʻlsa, tez orada toʻy boshlanadi.

Bilasizmi, oʻzbek sovet shoirlari meni juda qattiq aldagan. Oʻzbekchaga tarjima qilingan Sharq klassik shoirlarining ijodini bir sidra mutolaa qilib boʻlgach, sheʼr oʻqishga ehtiyojimni qondirish uchun qishloq kutubxonasidan koʻzimga koʻringan sheʼriy kitoblarni uyga tashiy boshladim. Bu kitoblarning aksari oʻzbek sovet shoirlarining toʻplamlari edi. Hammasini bir boshdan oʻqib chiqdim. Lekin, ayrim, juda kam sheʼrlarni hisobga olmaganda, ularning hech birida oʻzim izlagan kechinmalarni topa olmadim. Keyinchalik universitetda oʻqib yurganimda bildimki, kommunist shoirlarning yozganlari sheʼriyatga umuman aloqasi yoʻq narsalar boʻlib, ular kommunistik mafkuraning oddiy targʻibotchilari ekan. Oʻsha qalin-qalin kitoblarni oʻqishga ketgan vaqtimga achindim.

Universitetda oʻqib yurgan kezlarim adabiy tanqidga qiziqib, ustozlarning katta-katta kitoblari mutolaasiga kirishdim. Avvaldan aytib qoʻya qolay. Men ustozlarimni maqolalarini emas, muloqotda boʻlganlarimning oʻzlarini hurmat qilaman. Chunki ularning hammasi, hatto eng yomoni ham oʻzi yozgan maqoladan yaxshi hisoblanadi…

“Ming xayf xashakka intilsa otash”, – deydi Bedil. Oʻshanday men ham shoir boʻlaman, adabiyot ilmi bilan shugʻullanaman deb kommunistik davr mevasi boʻlgan mafkuraviy adabiyot otligʻ “xashak”ka roʻbaroʻ boʻldim.

Bu “xashak”lar adabiyotga hech qanday aloqasi yoʻq boʻlsa ham, lekin bu maydonni butunlay egallab olgandi. Adabiyot maydoniga kirgan odam uzoq vaqt “xashak”lar orasida tentirab yurishga majbur edi. Talay isteʼdodli shoir va olimlar shu “xashak”larni chin adabiyot deb oʻyladi, oʻzlari ham “xashak” yaratib tashladi.

Faqat oʻqishga kirish majburiyati yuzasidan oʻzbek sovet shoirlarining maktab darsligida berilgan bir parcha-yarim parcha sheʼrlarini yod oldim, xolos. Oʻqishga tayyorgarlik jarayonida adabiyot fanidan darsliklarni qoʻlga olishga bezillab qolgandim. Darslik yozgan olimlarning nima demoqchiligini hech tushunolmasdim. Oʻtgan asrning saksoninchi yillari oxiri edi oʻshanda. Bu paytda men yigirma besh yoshga yetgandim. Hozir oʻylasam, sovet davrida yozilgan adabiyot darsliklari oʻquvchilarning adabiyotga muhabbatini butunlay soʻndirishga qaratilgan ekan. Yaxshiyam maktabda adabiyot faniga qiziqmaganim, yoʻqsa mendagi badiiy soʻzga muhabbat beshikdaligidayoq boʻgʻilib oʻlgan boʻlardi. Maktabda adabiyot fanidan oʻtilgan darslardan juda kam narsa yodimda qolgan. Koʻylagining tugmalangan joylari tarang tortilib kindigi koʻrinib turadigan adabiyot oʻqituvchimizning “Miltiqli kishi” pyesasi…” deb boshlanadigan gaplari yodimda qolgan. Nega aynan shu holat xotiramga muhrlanganini hanuz tushunmayman…

Bir paytlar… “Adabiyot maydoniga kirgan odam uzoq vaqt “xashak”lar orasida tentirab yurishga majbur edi”. Ammo keyinchalik bu “xashak”larni yangi davr shamollari uchirib ketdi va shu bilan hammasi barbod… boʻlmadi. Ha, bu “xashak”larning yangi-yangi turlari paydo boʻldi. Ularning kitob holida chop etilishi, muallifining “odamgarchiligi”ga qarab eʼtirof etilishi, bir soʻz bilan aytganda, ragʻbatlantirilishi adabiyotning qiymatini tushirib yubordi.

Ayniqsa, “tushib ketish” jarayoni sheʼriyatimizda yaqqol namoyon boʻldi. Qofiyasini topgan odam shoir boʻlaverdi va bu koʻpayish jarayoni hamon toʻxtagani yoʻq. Bugun sheʼrning zoʻrligini adabiyotshunos emas, xonandalar belgilayapti! Rost gap. Tuppa-tuzuk shoirlarning sheʼriyatiga bagʻishlangan maqolalarni ham bi-ir oʻqib koʻring! “Soʻnggi yillarda bu shoirning oʻnlab sheʼrlari qoʻshiq boʻldi”, deya eʼtirof etiladi. Yozgan sheʼringizning qoʻshiq boʻlishi alohida fazilat sanaladigan boʻlib qoldi. Xonanda eʼtirof qildimi, demak, sheʼringiz zoʻr! Yozavering, “kuchliroq sev”avering!

Xoʻsh, bu “xashak”larga nima deysiz? Yana shamollarni kutamizmi? Ungacha oʻzimiz “shamollab” qolsak-chi…

Bir kuni mahallamizdagi yoshgina yigitcha uyalinqirab “Sheʼrlarimni koʻrib berasizmi?” – deb qoldi. Darhol savol berdim: “Qayerda oʻqiysan?” Maʼlum boʻlishicha, qizlarga xos allaqanday uyatchanlik sezilib turgan bu bola temir yoʻl kollejida oʻqirkan. Yaxshi, uyimda oʻqiyman deb qoʻlidan ijod namunalarini oldim. Uyda oʻqib koʻrdim. Sodda, sayoz va begʻubor sheʼrlar. “Sevganim sevmadi, chunki men kambagʻal edim”. “Dadajonimni sogʻindim”, “Onajonim azizdir” mazmunidagi sheʼrlar. Ularni qishlogʻimizdagi otarchilar qoʻshiq qilib aytsa tuzuk, ammo aslo qishloqdan tashqariga opchiqib boʻlmaydi. Yigitchadan qaysi shoirlarning ijodi bilan tanishligini soʻradim. Yoʻq, bironta eʼtiborli shoirning sheʼrlarini oʻqimagan. Nega sheʼr oʻqimay shoir boʻlmoqchisan deb soʻrayman undan. Javob yoʻq. Kulib turibdi, xolos. Dadasi ancha yillar oldin avtohalokatda vafot etgan, u ota mehrini koʻrmay oʻsgandi. “Eshakka oʻxshab hangraydigan otarchilarning qoʻshigʻini tinglayvermay, katta shoirlarning sheʼrlarini ham oʻqib tur. Sheʼriyat – sanʼat! Tushundingmi?” – dedim unga jahlim chiqib. Nega jahlim chiqmasin. Axir Abdulla Oripov yoki Erkin Vohidovning kitobini qoʻlida ushlab koʻrmagan yigitcha baqrayib: “Sheʼr yozdim, kitob chiqarmoqchiman, soʻzboshi yozib bering”, – desa jahlingiz chiqadimi, axir?!

Yoshligimda uncha-muncha misralarimni tuman gazetasiga koʻtarib borgani rosa uyalardim. Qishlogʻimizga yaqin Qoʻqon shahrida esa “Ilhom” degan adabiy toʻgarak borligini bilardim. Lekin toʻgarakka borishdan hayiqardim. Oʻylardimki, u yerdagilar juda bilimdon, darslikka kirgan hamma sheʼriy parchalarni yod olishgan, men esa darslikdagi bironta sheʼrni ham bilmayman, ularning davrasida uyalib qolaman. Xullas, muhitga koʻp muhtoj boʻlganman.

Insondagi taʼmagirlikning cheki-chegarasi yoʻq. U eng goʻzal va yuksak narsalarni ham oʻz manfaatiga boʻysundira oladi.

Yaqinda bir tanishimdan oʻzim tugʻilgan tumanda yashab ijod qilayotgan shoirlarning oʻttizga yaqin kitobini soʻrab oldim. Maqsadim: ulardan eng yaxshi sheʼrlarni saralab markaziy matbuotda eʼlon qilish edi. Turli hajmdagi kitoblarni oʻqib pichoqqa sop boʻladigan yarimta ham sheʼr topa olmadim. Ayrim toʻplamlarning soʻzboshisida bu kitob muallifning oʻn uchinchi toʻplami degan yozuv ham bor ekan. Sheʼr uchun tanlangan mavzularning bariga taʼmagirlik degan zahar ichirib oʻldirilgan. Misralar aro bachkana manfaat itlari dumini likillatib, qilpanglab turibdi.

– Rahimjon aka, maroqli suhbatingiz uchun sizga rahmat!

Bilasiz, biz bugunning qarichi ertaga toʻgʻri kelmayotgan shiddatli bir davrda yashayapmiz. Kundan-kun atrofimizda fitnalar, aldovlar quyuni quyuqlashib bormoqda. Nima qilmoq kerak? Kecha-yu kunduz eshik-derazani bekitib oʻtiramizmi? Ammo bu bilan muammo hal boʻlmaydi-da.

Ha, kalavaning bir uchi oʻzimizning ichimizda. Ichki taʼlim-tarbiyani toʻgʻri yoʻlga qoʻymoq majburiyatidamiz. Bugun bevosita maʼnaviyatimizga, madaniyatimizga tahdid soladigan gʻoyalar, qarashlar boʻhroni adabiy jarayonga ham kirib keldi. Fohishabozlik, oʻgʻirlik, oʻldirish sahnalaridan iborat jild-jild kitoblarni shunchaki koʻrib koʻrmaslikka olib turibmiz. Vaholanki, inson qalbini oʻldiradigan bu adabiy qurollardan hech kimga foyda yoʻq. Bu adabiy qurollar qalbni yakson qiladi, buzadi. Buzilgan qalb xoindir! Har xatoning boshi va har qanday gunohning manbai buzuq qalbdir! Tashqi dushman bunchalik xatarli emas. Bu gʻanimni oʻzimiz boqamiz, oʻzimiz ardoqlaymiz va oʻzimiz unga qurbon boʻlamiz.

Shunday ekan, bu boradagi masʼuliyatli vazifa, millat oydinlarining, ijodkorlarning zimmasiga tushadi. Zero, haqiqiy ijodkor oʻz davrining vijdonidir.

Suhbatimiz asnosida ayrim achchiq-tiziq gaplar oʻtgan boʻlsa-da, maqsadimiz zimdan birovlarning tomorqasiga tosh otish emas. Bu, xatolarni tuzatish va oʻzimizni oʻnglashga boʻlgan kichik bir urinishdir.

 

Suhbatdosh: Alisher NAZAR

 

“Yoshlik”, 2014 yil 7-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.