Adabiyot – ruhiyat mulki

0
414
marta koʻrilgan.

Bolalik – inson umrining eng pokiza damlari. Hasadu adovatdan yiroq, dunyoning turfa oʻyinlaridan gʻofil chogʻlar… Kim bilsin, balki inson shuning uchun ham yoshi oʻtgan sari bolaligini sogʻinar, qoʻmsab qolar. Bugun yoshim oltmishni qoralab borar ekan, oʻsha begʻubor onlarni eslasam, yuragim hapqirib ketadi.

Esimda, otamning toʻrt-besh nafar doʻstlari chogʻroqqina mehmonxonamizda tez-tez yigʻilishardi. Kechqurunlari allamahalgacha qiziq-qiziq suhbatlar boʻlardi. Men ham bir burchakda ularning gapiga goh tushinib, goh tushinmay oʻtirardim. Endi oʻylasam, bu kishilar nihoyatda savodxon zotlar boʻlgan ekan. Chunki ularning suhbatlari shunchaki oldi-qochdi gaplar emasdi. Ular Alisher Navoiy, Ahmad Yassaviy, Boborahim Mashrab, Soʻfi Allohyor singari buyuk allomalarning qoʻlyozmalarini oʻqishar, tahlil qilishardi. Ularning Yassaviy hikmatlarini oʻqib yigʻlab oʻtirganlarini bir necha bor koʻrganman. Albatta, men u paytlarda yosh bola edim. Bu koʻz yoshlar boisini tushunmasdim.

Oradan yillar oʻtdi. Yoshim ulgʻaygan sari “mehmonxona suhbatlari”ning asl maʼnosini anglay boshladim. Anglaganlarim esa meni adabiyot atalmish sirli bir dargohga yetakladi. Menda kitob oʻqishga qiziqish uygʻondi. Ming shukrki, bu qiziqish hamon tark etgani yoʻq. Xullas, oila muhiti meni adabiyot va ijod tomon boshladi.

Ilk sheʼriy mashqlarimni oʻquvchilik yillarida yozganman. Bir safar tuman gazetasida “Qishlogʻim” deb nomlangan sheʼrim bosilib chiqdi. Oʻsha paytda quvonchdan qanot chiqarib uchib ketay deganman. Chunki bu mening ilk marta ijod zavqini tuyishim edi. Oradan bir necha yil oʻtib Mavlono Atoyi sheʼriyatiga bagʻishlangan dastlabki kitobim “Majoz va haqiqat” risolasi chiqqanda ham mana shu hissiyotni tuyganman. Rosti, bu kitob haqida juda yaxshi fikrlar bildirilgan. Keyinchalik adabiyot, til va milliy qadriyatlarimiz haqida bir qator maqolalarim chop etildi.

Oʻrni kelganda aytib qoʻyishim kerakki, oʻquvchilik yillarida sheʼr va maqolalarimga tumani gazetasi xodimlari Sharofjon Orifiy, Bozor Nomozov va Neʼmat Arslonov kabi ijodkorlar yaqindan yordam berib, ustozlik qilganlar.

Bolalikdan mumtoz adabiyotga qiziqdim. Bu borada Yassaviy va Navoiy devonlarini sevib mutolaa qiladigan qoʻshnimiz Shayx Xurramxon eshon bobo, shahrisabzlik Qori Abdulahad va Fayzullo Maxsum (Ravnaqiy) domlalar, shuningdek, bobomiz Shayx Abdusalomxon eshonlar ilk ustozlarim boʻlishgan. Ularning har biri Yassaviy, Navoiy, Soʻfi Allohyor va Mashrab kabi zotlarning muxlis va muhibi hamda ular izidan borgan diyonatli olim, orif va taʼbir joiz boʻlsa, avliyo zotlar edilar. Men ulardan “ilm va adab” tushunchasining uygʻunligini, komillik va halollik masʼuliyatini oʻrgandim. Keyinchalik adabiyotshunos, manbashunos va matnshunos boʻlishimga shu zotlarning hissasi beqiyos boʻlgan. Agar oʻzimda biror yaxshi fazilat paydo qilgan boʻlsam, avvalo, ana shu ustozlarning taʼlimi va barakotidan deb bilaman. Shuning uchun ham bir umr ular oldida oʻzimni qarzdor deb his qilaman…

Yoshligimda garchi mohiyatini toʻla idrok etolmasam-da, sharqshunos olim boʻlishni orzu qilardim. Bunga erishmoq uchun harakatlarim ham boʻldi. Biroq nasiba boshqa tomonda ekan.

Taqdir taqozosi bilan Samarqand Davlat universitetining “Oʻzbek va tojik filologiyasi”da tahsil oldim. Talabalik yillarim ham oʻqish va izlanishlar bilan kechdi. Shu yillarda xattotlik sanʼatini oʻrgandim. Maqtanish emas-u, xattotlikda yuksak natijalarni qoʻlga kiritganman. Shuning uchun ham universitetni tamomlashda “Arab yozuvining turlari va tarixi” mavzusida diplom ishi yozdim. Buni qarangki, oʻsha yili universitetga davlat imtihoni kimissiyasi raisi boʻlib poytaxtdan benazir adabiyotshunos olim Matyoqub Qoʻshjonov bordilar. Mening diplom ishim Matyoqub akaning diqqatini tortdi. U kishi meni chaqirib, zamonaviy va mumtoz adabiyotimiz xususidagi fikrlarimni eshitib koʻrdilar.

– Mabodo Toshkentga ishga taklif qilsak, borasizmi? – dedi ustoz sinovchan tikilib. – Poytaxt oʻziga xos maktab, u yerda oʻqish va izlanishga yetarlicha imkoniyat bor.

Kutilmagan bu taklifdan sarosimaga tushib qoldim. Chunki bu taklif menga juda katta masʼuliyat yuklayotgandi. Men kelajakda bu ishonchni oqlashim zarur edi.

Matyoqub aka diplom ishimni Toshkentga olib ketdi. Nazarimda u kishi bu ijodiy ishni kimlargadir koʻrsatgan. Shundan keyin ustoz bilan oʻrtamizda jiddiy suhbat boʻlib oʻtdi. U kishi menga Toshkentga borib, kimlar bilan uchrashib, qanday muomala qilishimgacha batafsil tushuntirib qoʻydilar. Ana shu koʻrsatmalarga asosan Toshkentga keldim va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutiga ishga kirdim.

Toshkent adabiy hayoti meni har jihatdan ulgʻaytirdi. Ustoz Matyoqub akaning yordami va maslahati bilan ana shu tarzda hayotim, turmush tarzim butunlay oʻzgardi.

Institutdagi faoliyatimda hurmatli olimlarimiz Abduqodir Hayitmetov, Abdurashid Abdugʻafurov, Yoqubjon Isʼhoqov va Ibrohim Haqqulov singari adabiyot muhiblaridan koʻp narsa oʻrgandim. Xususan, ilmiy ishimga rahbarlik qilgan taniqli olim Ibrohim Haqqulov tom maʼnoda ustozlik qildilar va bizning adabiy suhbatlarimiz, saboqlarimiz shu dargohda hamon davom etmoqda.

Oʻtgan yillar davomida ilmiy-ijodiy faoliyatimning mahsuli oʻlaroq oʻzimning uch-toʻrtta kitobim nashr etildi. Arab, fors va turk tillaridan oʻn oltita kitob tarjima qildim. Mumtoz adabiyot, folklor, din, tasavvuf, axloq va boshqa sohalarga oid boʻlgan 25 kitobni soʻzboshi, izoh va lugʻatlari bilan nashrga tayyorlab chop qildirdim. Koʻplab ilmiy va badiiy maqolalarim davriy nashrlarda yoritilib bormoqda. Lekin bu ishlardan hali koʻngil toʻlganicha yoʻq. Qilinishi kerak boʻlgan ijodiy ishlar hali oldinda. Ammo har doim shu kunlarga yetkazgani va shu xayrli ishlarga muyassar qilib qoʻygani uchun Yaratgan zotga shukronalar aytaman. Va yana bir shukronam shuki, ilm va kitobat ishlarida menga hamfikr va hamnafas boʻlgan oilam bor. Harqalay adabiyot va sheʼriyat ixlosmandlari turmush oʻrtogʻim shoira Zebo Rahimovani yaxshi tanishadi. Ikki nafar farzandimiz: bir oʻgʻil, bir qizimiz bor. Oʻgʻlim Muhammad Sodiq Toshkent Islom universitetini oʻtgan yili tamomladi. Shu paytgacha baʼzi kitoblarni hamkor boʻlib nashrga tayyorladik. Kelajakda madaniy merosimiz va mumtoz adabiyotimiz bilan bogʻliq ilmiy tadqiqotlar qilish rejasi bor. Keyingi paytlarda davriy nashrlarda besh-oltita ilmiy va maʼrifiy maqolalari eʼlon qilindi. Ota va ustoz sifatida bu yutuqlardan mamnunligim behaddir. Qizim Dildora Xotin-qizlar madrasasida tahsil oldi.

Bir soʻz bilan aytganda oilamizda adabiy muhit hukmron. Shuning uchun ham bolalarim asosan adabiyotga ixlosmand boʻlib ulgʻayishdi. Rosti, men bundan mamnunman. Zero, adabiyot ilm, fan, sheʼr, tarix, til, madaniyat, qadriyat, oʻzlik, din, eʼtiqod va axloqdir. Shartli ravishda aytish mumkinki, butun bani basharga, insoniyatga tegishli adabiyot bor va ayni paytda har bir millatning oʻz adabiyoti bor. Adabiyot bu millat koʻzgusi, ruhiyat mulki. Jamiyatdagi yutuq va kamchiliklar, yomon va yaxshi xulqlar, millatning oʻtmish va kelajagi, til va qadriyatlari, oʻzligi, diyonat va eʼtiqodi, boringki har bir jabhadagi muomala va munosabatlari ana shu adabiyotda, eng sara asarlarda oʻz aksini topadi. Millatni dunyo sahnasiga olib chiqadigan vositalardan biri shubhasiz adabiyotdir. Adabiyotsiz jamiyatning, millatning ahvolini tasavvur qilish qiyin. Inson ong va fikrsiz, his-tuygʻusiz, ruhsiz, shuursiz yashashi mumkinmi? Shuning uchun ham oʻtgan asrning tongida buyuk Abdulhamid Choʻlpon “Adabiyot yashasa – millat yashar” deya bong urgan edi. Shoir mazkur fikrlari davomida yozadi: “Adabiyoti oʻlmagʻon va adabiyotining taraqqiysiga chalishmagan va adiblar yetishtirmagʻon millat oxiri bir kun hissiyotdan, oʻydan, fikrdan mahrum qolib, sekin-sekin inqiroz boʻlur. Muni inkor qilib boʻlmas. Inkor qilgʻon millat oʻzini inqirozda ekanun bildurur”.

Mana, bu fikrlarning aytilganiga ham sal kam yuz yil boʻldi. Ammo Choʻlponning fikri hamon eskirgani yoʻq. Bu davr ichida xalqimiz koʻp tashvishli kunlarni boshdan oʻtkazdi. Shoʻrolarning soxta mafkurasi xalq ongini ham, adabiyotini ham maʼlum maʼnoda chalgʻitdi. Lekin baribir yaxshi sheʼrlar, yaxshi asarlar yozildi. Adabiyotimiz oʻziga yarasha muvaffaqiyatlarga erishdi. Ayniqsa, mustaqillikdan keyin bir talay yoshlarimiz adabiyot maydoniga oʻz ovozi, oʻz sozi bilan kirib keldi va jonajon yurtimizning istiqlolini, u bergan moddiy va maʼnaviy neʼmatlar haqida baralla kuylamoqda. Ammo bu saʼy-harakatlarimiz hali yetarli emas. Jahon tan oladigan va millatni dunyoga tanitadigan asarlar yozilishi kerak. Buyuk mumtoz adabiyotimiz yoshlarimiz tomonidan tadqiq etilishi lozim.

Shaxsan men adabiyotda asrlar sinovidan oʻtgan sheʼriy shakl va mazmun davom etishini istardim. Navoiy, Ogahiy, Soʻfi Allohyor, Mashrab singari ulugʻlarimiz targʻib qilgan pok eʼtiqod, halollik va adolat zamonaviy adabiy asarlarimiz mazmuniga ham koʻchib oʻtishini istardim. “Soʻzda sehr, sheʼrda hikmat” bor deydilar. Har bir sheʼr va adabiy soʻz mana shu mezonga mos boʻlishi kerak. Navoiyning hikmatli baytlarini har qancha takrorlasangiz ham koʻngilga urmaydi. Buning siri nimada? Buning siri Navoiy hazratlarining ixlos-eʼtiqodi va pok muhabbatidir.

Shoir gʻazallarini oʻqiy turib, qalbimiz mudom hayratlar oshyoniga aylanadi. Bu gʻazallar goʻyo soʻzlardan emas, balki usta zargarning mohir qoʻli bilan bir ipga tizilgan gavharlardan, marjonlardan iboratdek tuyuladi. Bilʼaks, shoirning oʻzi ham soʻz atalmish ilohiy neʼmatni sheʼrlarida “soʻz gavhari” deb ifodalaydi. Hali qogʻozga toʻkilib ulgurmagan sheʼrlarini esa “hali koʻngil sadafi ichiga yashiringan javohirlar” deb ataydi. Aytish mumkinki, soʻz taʼrifini hech kim hazrat Navoiychalik maromiga yetkaza olmagan.

Albatta, hazrat Navoiy taʼrifida har qancha yozsak kam boʻlaveradi. Biroq bu yerdagi asosiy gap shuki, biz Navoiyni oʻrganishimiz kerak. Biz Navoiyni oʻrganmasak, u zotni buyuk deyishimizdan maʼno qolmaydi. Asrlar oʻtsa-da, Navoiy kamolot osmonida quyoshdek balqib turaveradi. Bu quyoshdan bahramand boʻlish esa oʻzimizga tan.

Agar diqqat qiladigan boʻlsak, oʻzbek mumtoz adabiyotidan adabiy janrlarni, hatto soʻnggi yillarda tez-tez quloqqa chalinayotgan zamonaviy modernizm unsurlarini ham topishimiz mumkin. Garchi oʻtgan asrning soʻnggi choragida ommalashgan “modernizm” atamasi “eng yangi”, “zamonaviy” degan maʼnolarni anglatsa-da, bu adabiy hodisa yoʻq joydan paydo boʻlgan emas. Misol uchun, Atoyining oʻnlab gʻazallarida modernizmning asosiy xususiyatlaridan biri simvolizmni koʻrishimiz mumkin. Demoqchimanki, ayrim adabiyotshunoslarimizning modernizmni faqat gʻarbga xoslab qoʻyishi unchalik toʻgʻri emas. Yoki buni gʻarb andozasi deya inkor etish ham yaxshi emas. Muhimi, qaysi janr yoki qaysi uslubda boʻlmasin, oʻquvchi ruhiyatiga ijobiy taʼsir eta oladigan asarlar yaratishdir. Adabiyotning yashovchanligini yangi uslublar emas, yaxshi asarlar taʼminlaydi.

Axir Navoiy hazratning aruzda yozilgan gʻazallarini insoniyat besh yuz yildan beri oʻqib keladi va zavq oladi. Ularda inson atalmish murakkab va sharif xilqatning turfa his-tuygʻulari, zavqu shavqlari, orzuyu armonlari eng nozik qirralarigacha oʻz ifodasini topgan.

Maʼlumki, Navoiy hazratlari shoirlarni yaxshi va yomonga ajratgan va boshqalar aytgan maʼnolarni takrorlashdan qaytargan. U kishi “Hayratul abror” dostonining “soʻz taʼrifida”gi bobida nazmning oʻrni, sheʼrning shakl va mazmuni haqidagi toʻxtalar ekan, bob xotimasida shunday deydi:

 

Boʻlmasa eʼjoz maqomida nazm,

Boʻlmas edi Tengri kalomida nazm.

Nazmda ham asl anga maʼni durur,

Boʻlsun aning surati har ne durur.

Nazmki, maʼni anga margʻub emas,

Ahli maʼoniy qoshida xoʻb emas.

Nazmki ham surat erur xush anga,

Zimnida maʼni dogʻi dilkash anga.

 

Nazarimda, shoirning bunday teran fikrlari har qanday gʻarbparast modernchini ham behuda daʼvolardan qaytarsa ajab emas.

Biz modern adabiyoti Gʻarbdan kirib kelgan deyishdan oldin Sharq adabiyotida ham doimo yangilikka, “toza mazmun”ga intilish va targʻib qilish boʻlganini eslab qoʻyishimiz kerak.

Haqiqiy ijodkorlar hech qachon qandaydir “izm”lar qolipiga moslab sheʼr yoki boshqa asarlarini yozmaydilar. Isteʼdodli ijodkorlarda ilhom quyilib keladi va shunda eng sara asarlari tugʻiladi. Deylik, Faxriyor yoki Bahrom Roʻzimuhammadlar sheʼriyatda, Nazar Eshonqul nasrda biror shakliy yoki maʼnaviy oʻzgarishlar qilgan boʻlsalar bu ijodning tabiati. Ijodkor hamisha izlanishda davom etishi kerak, boʻlmasa u oʻz qobigʻida oʻralashib qoladi. Qolaversa, bu oʻzgarishlarni kitobxonlar qanday qabul qiladi? Yaxshi qabul qilmasa, unday modernchilikning nima keragi bor?! Abdulla Oripov yoki Muhammad Yusufning xalqona va teran maʼnoli sheʼrlarining nega shaydosi koʻp? Menimcha, har qanday holatda ham aslidan uzilmagan va zamonasidan orqada qolmagan sheʼriyat yalovbardor boʻladi.

Shu maʼnoda bugungi oʻzbek adabiyotini rivojlantirish uchun avvalo, joʻn va oʻrtamiyona asarlarning ildiz otishini toʻxtatish kerak. Nachora, Abdulla Qahhor aytganidek, “Adabiyotga oʻgʻri mushukka oʻxshab tuynukdan oshib tushadiganlar ham boʻladi”.

Yana bir muhim masala, hazrat Navoiy va boshqa mumtoz shoirlarimizning asarlarini, xalq ogʻzaki ijodi durdonalarini yana-da kengroq targʻib qilish yoʻlidan borishimiz lozim. Tan olishimiz kerak, bolalarimizga oʻrta maktablarda mumtoz adabiyotimiz koʻngildagidek oʻrgatilmayapti. Toʻgʻrirogʻi, bu borada malakali kadrlar va oʻquv qoʻllanmalarimiz ham hali yetarli emas. Tasavvufiy ramz va timsollar lugʻatini, shoh baytu gʻazallar sharhini koʻpaytirish kerak.

Shuningdek, bugun adabiyotimizda tarjima sanʼatiga jiddiy eʼtibor qaratmoq ehtiyoji ham mavjud. Chet el adiblarining eng sara asarlari tarjima qilinsa, ayni paytda oʻzbek adiblarining kitoblarini ham xorij tillarga oʻgirish ishlari izchillik bilan amalga oshirilsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Afsuski, hali bizda Navoiy asarlarini xorij tillariga professional tarzda tarjima qila oladigan mutaxassislar deyarli yoʻq. Demak, bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratish kerakka oʻxshaydi.

Yozuvchilar uyushmasida paydo boʻlgan har bir badiiy asar keng miqyosda, talabchanlik ruhi bilan muhokama qilinishi kerak. Zero, bu hol ijodga endigina kirib kelayotgan yoshlarga adabiyotning ermak emasligi yoki kasb emasligini tushuntirish, ular bilan ishlash va yaqin munosabatda boʻlish, yangi isteʼdodlarni kashf etishimizga yoʻl ochadi.

Mana shu xayrli ishlarga imkon qadar hissa qoʻshish har bir adabiyot muhibining zimmasidagi burchdir. Shu maʼnoda kamina ham daftarimga bir qator rejalarni qoralab qoʻyganman. Gap endi ularni amalga oshirishda. Jumladan, ushbu yilda “Oʻzbek adabiyotida qalandarlik” mavzuidagi doktorlik ishimni oxiriga yetkazishim kerak. Ayrim mumtoz adabiyotimiz vakillarining benazir asarlari hali qoʻlyozma holida turibdi. Ularni nashrga tayorlash, arab va fors tillarida bitilgan asarlarini tarjima qilish lozim. Bu xususda ham oʻziga xos rejalarim bor.

Xattotlik, xat sanʼati boʻyicha ham bir qancha maʼlumotlar yiqqanman. Ularni kitob holida jamlashim kerak. Shuningdek, oʻylab qoʻygan badiiy qissa va xotiralar yozish niyatim bor. Kelajakda Navoiy asarlarini sharhlash, imkon qadar sodda qilib tushuntirib berish asosiy orzularimdan biri.

Atoqli shoirimiz Ogahiyning “Taʼvizul oshiqin” devoni toʻliq holda nashr boʻlmagan. Men bu devonni eng ishonchli qoʻlyozmadan kirill alifbosiga tabdil qilib chiqdim. Uni oxiriga yetkazib, bu yil nashr qilish niyatidaman. Ajabmas, mustaqilligimiz sharofatidan Ogahiy bobomizning mukammal asarlar toʻplami nashr etilsa.

Xullas ilm, ijod deganlari bu hayot bilan, insonlar bilan, turmush tashvishlari bilan bogʻliq hodisadir. Ana shu zahmatlarga chidab ijod qilish barchamizga nasib etsin.

 

Sayfiddin RAFIDDINOV

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 2-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.