“Adabiyot isteʼdodli yozuvchinigina emas, balki isteʼdodli kitobxonni ham talab qiladi”

0
248
marta koʻrilgan.

Filologiya fanlari doktori, professor Boqijon TOʻXLIYEV bilan suhbat

 

“Sharq yulduzi” jurnali tahririyati savollari:

 

  1. Badiiy asar tarbiya vositasimi? Yaxshi kitob ezgulikka, yomoni yovuzlikka yetaklashiga ishonasizmi?

 

  1. Eng katta adabiyot yuragimizda yashaydi. Demak, adabiyot har birimizning, hammamizning ichimizda. Lekin adabiyotga “yaqin” boʻlganimiz holda nega dunyoda zulm bor? Nega bugun insoniyat yangi yoʻl qidirmoqda? “Yoʻlini yoʻqotgan dunyo”da adabiyotning oʻrni va roli bormi? Nega u, yaʼni adabiyot dunyoning yoʻlini yoʻqotishiga jim qarab tur(a)di? Endi-chi, adabiyot dunyoning ravishiga taʼsir etib, uning yangi, munosib yoʻl topishiga ilhomlantiruvchi kuch boʻla oladimi-yoʻqmi?..

 

  1. Bitta asar jamiyatga ikki xil taʼsir koʻrsatadimi? Nima uchun?..

 

  1. Xos va omma didi hamda adabiyoti haqida siz nima degan boʻlardingiz? Hammaga “hamma narsa”ni taqdim qilish qanday oqibatlarga olib keladi? Maʼnaviy immuniteti hali yetarlicha shakllanmagan yosh avlodga qanday asarlar tavsiya etiladiyu qandaylari yoʻq?

 

  1. Umidbaxsh va tushkun adabiyotning oʻquvchi va jamiyatga taʼsiri masalasida nimalar deya olasiz? Zamonaviy dunyoning bugun qanday adabiyotga ehtiyoji bor?

 

  1. Oʻtmish merosni har bir zamon oʻz mezonlari chigʻirigʻidan oʻtkazib turishi kerakmi? Nima uchun?

 

  1. Inson tirik ekan, har doim tanlov qarshisida turadi. Xuddi uch yoʻl boshidan chiqib qolgan ertak qahramoni kabi. Har qanaqa mulozamatni bir chetga surib qoʻyib aytganda, toʻgʻri tanlov qilishda adabiyotning roli bormi-yoʻqmi, boʻlsa, qay darajada?

 

“Kitob bizning hozirgi hayotimizdir. Unga hamma muhtoj,… bolalar ham. Hamma gap ular uchun kitob tanlashda, biz hammadan oldin nomunosib tanlangan kitoblarni oʻqish hech narsa oʻqimagandan koʻra yomonroq va zararliroqdir, degan fikrga qoʻshilamiz”.

V. G. Belinskiy

 

  1. Savolga hech bir ikkilanishsiz, uzil-kesil holda ijobiy javob berish mumkin. Badiiy asar haqiqatda ham tarbiya vositasi. Boʻlganda ham nihoyatda kuchli, qudratli va taʼsirchan vosita. Bu haqiqat odamzod tomonidan juda qadim zamonlardayoq anglab yetilgan. Agar shunday boʻlmaganida, eramizdan oldingi 106-43 yillarda yashab oʻtgan Mark Tulliy Sitseron: “Kitobi yoʻq uy joni yoʻq tanaga oʻxshaydi”, – deb yozmagan boʻlardi. Agar shunday boʻlmaganida, podsholar oʻz xazinalarida eng nodir va noyob ashyolar qatorida kitoblarni saqlamagan boʻlar edi. Agar shunday boʻlmaganida, Sharqning ham, Gʻarbning ham buyuk mutafakkirlari butun dunyo ahlini kitob oʻqishga chorlashmagan boʻlar edi.

XI asrning buyuk mutafakkiri Yusuf Xos Hojib yaxshi kitoblarni munosib kishilarga berish, aksincha, nomunosib kishilardan ularni asrash kerakligi haqida oʻgit beradi:

 

Kitab qadrini ma biliglig bilur,

Uqushsiz kishidin adin ne kelur.

E, tekma kishika kitab bermagu

Apang doʻstung ersa, emin boʻlmagu.

Maʼnosi:

Kitob qadrini ham bilimli biladi,

Zakovatsiz kishidan (jaholatdan) boʻlak nima

keladi?!

Ey, har xil kishiga kitob bermaslik kerak,

Agarchi doʻsting boʻlsa ham, xotirjam boʻlmaslik kerak.

Odamzodning paydo boʻlganidan to hozirgacha yashab, umrguzaronlik qilib kelishi uning bir oʻzi emas, balki boshqalar, oʻzini qurshab turganlar bilan birgalikda, hamjihatlikda faoliyat yuritishini taqozo etgan. Ular oʻzaro iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy sohalarda muloqotda boʻlsagina jamiyat hayotining tekis, xotirjam, ertangi kunga ishonch va umid bilan odimlash imkoniyatlarini his etishgan. Bunday faoliyat turlari ichida maʼnaviy faoliyatning ham oʻz oʻrni va ahamiyati borligini tobora koʻproq his etib borishgan. Albatta, badiiy adabiyot biz tasavvur qilgan, bilgan va koʻrgan hozirgi darajasiga birdaniga yetib kelgan emas. U ham nihoyatda uzun va murakkab taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtgan. Zero, odamzod birgalikda yashash jarayonida oʻzi biladiganini boshqalarga oʻrgatish hamda bilmaganlarini boshqalardan oʻrganish zaruratiga koʻproq duch kela boshlagan. Hatto, ular dastlab yaratgan ish qurollari ham boshida ishga yaroqliligi nuqtai nazaridan baholangan boʻlsa-da, asta-sekin uning qulayligi, nihoyat, uning koʻrinishida ham koʻzga manzur boʻlishi ustuvorlik kasb eta borgan. Demak, ular insondagi didning, xususan, badiiy didning takomili uchun xizmat qilgan. Bularning barchasi kechagi kunga, insoniyatning oʻtmishiga daxldor. Bugun esa…

Bugun ham badiiy did tarbiyasi alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi yoshlarimizning badiiy didlari tarbiyasi jamiyatimiz, jonajon yurtimiz – Oʻzbekistonning ertasi, kelajagi bilan bevosita bogʻliq ekanligini tan olishimiz kerak. Buning uchun esa tarbiyaviy muhitning hozirgi holati ijobiy tomonga yanada jiddiy tarzda oʻzgarishi, yoshlarimizning ongu shuuriga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan mafkura, gʻoya va oqimlarning salbiy taʼsirlariga nisbatan immunitet hosil qilgan avlodning tarbiyalanib borish darajasi muntazam, izchil va barqaror boʻlishi kerak.

Bugungi jamiyat insoniyat erishgan sivilizatsiyaning eng baland choʻqqisida turibdi. Albatta, jahon ahli bu choʻqqining atrofida oʻziga xos va oʻziga mos boʻlgan darajalardan joy olgan, shunga koʻra, ular bir-biriga oʻxshaydi va bir-birlaridan farq ham qiladi. Bu farqlarning katta qismi, nazarimizda, ularning kitobga, xususan, badiiy adabiyotga boʻlgan munosabatlaridan kelib chiqadi.

“Ertaklar – yaxshilikka yetaklar”, – degan aytim tasodifiy emas. Xalq bilib aytadi. Bilganini boshqalarga yetadigan qilib aytadi. Mazkur aytimda xalq ogʻzaki ijodining bir namunasi – ertak misolida xalqning badiiy adabiyotga boʻlgan munosabati, unga bergan bahosi mujassamlashgan. Badiiy adabiyot hayot manzaralarini kitobxon koʻz oldida jonli, xuddi hayotning oʻziga oʻxshatgan holda namoyon etishi bilan maroqli. Bu maroq, ayniqsa, yosh avlodda nihoyatda kuchli va taʼsirli boʻladi. Shuning uchun ham ularni yaxshi kitoblarga oshno qilishning sharofati koʻp.

Keyingi paytlarda televizordan, ayniqsa, kompyuter (internet)lardan yozgʻirishlarning tobora koʻpayib borayotgani ochiq seziladi. Bu yozgʻirishlarning bir tomonlamaligini eʼtirof etish kerak. Zero, faqat yozgʻirishning oʻzi bilan hech ish bitgan emas, bitmaydi ham. Buning oʻrniga televideniye, radio, kompyuter texnologiyalaridan, ommaviy axborotning boshqa vositalaridan oʻz manfaatimiz yoʻlida – yosh avlodni tarbiyalashga ijobiy hissa qoʻshishi mumkin boʻlgan jihatlarni koʻpaytirish haqida oʻylash muhimroq koʻrinadi. Ayni mana shu sohada bizning notugalliklarimiz, kemtikliklarimiz koʻproq.

Endilikda televizorda ham milliy maʼnaviyatimizga tayanadigan multfilmlar soni va salmogʻining tobora koʻpayib borayotganidan koʻz yummasligimiz kerak. Ulardagi ayrim kamchilik va kemtikliklar haqida esa mutaxassislar oʻz soʻzlarini aytishlari lozim. Ammo bir narsani unutmaslik kerakki, multfilmning asosiy tayanch nuqtasi badiiy adabiyotdir. Shunga koʻra, biz ularga ham badiiy adabiyotning oʻziga xos targʻibi, demakki, eng kenja avlodning tarbiyasidagi muhim omil sifatida qarashimiz maqsadga muvofiq boʻladi. Shundan kelib chiqib, yaxshi kitob targʻibining jiddiy tarzda kengaytirilishi maqsadga muvofiq koʻrinadi. Bunda rang-barang shakl va koʻrinishlarning imkonlari katta. Hamma gap ulardan oʻz oʻrnida va omilkorlik bilan foydalanishda, xolos. Jajji bolajonlarimizning multfilmlar oldida oʻzini qanday tutayotganini koʻrgan kishi, ularning inson ruhiyatiga nechogʻli taʼsir oʻtkazishini juda ochiq va yorqin tasavvur qila oladi. Shuning uchun ham badiiy adabiyotning tarbiyaviy imkoniyatlariga shubhalanib qarashga hech qanday asos yoʻq. Aksincha, bu imkoniyatning tengsiz taʼsir quvvatiga ega ekanligini eʼtirof etgan holda, uni bevosita bolalarimizga yaqinlashtirishning yoʻllarini koʻproq izlashimiz kerak, xolos.

Yana bir marta alohida taʼkidlash joizki, badiiy adabiyotning taʼsir kuchi, quvvati nihoyatda katta. U insonni yaratishga, bunyodkorlikka ham, buzgʻunchilikka ham undashi, ragʻbatlantirishi mumkin. Zero, K. Gelvetsiy aytganiday: “Kitoblar orasida xuddi kishilar orasida boʻlgani kabi yaxshi yoki yomon jamiyatga roʻpara kelib qolish mumkin”. Shuning uchun ham bolalarni “yomon jamiyat”ga emas, balki “yaxshi jamiyat”ga roʻpara qilish ayni muddao boʻladi.

Psixologlarning kuzatishlaricha, bolaning ilk tasavvurlari nihoyatda yashovchan va taʼsirchan boʻladi. Ular mana shu ilk “tasavvur va tajribalari”ni keyinchalik hayotda qilib koʻrish uchun urinishar ekan. Demak, bemaza urf-odatlar, nooʻrin xatti-harakatlar, bir soʻz bilan aytganda, buzgʻunchilik gʻoyasi bilan yoʻgʻrilgan multfilm yoki badiiy asar voqealari hamda qahramonlariga taqlidning real hayotda ham yuz bermasligiga kim kafolat bera oladi?!

Bularning barchasi biz uchun saboq boʻlishi, ezgulikni targʻib qiladigan, uni bolalarimizning ongu tafakkuri, ruhiyatiga singdirishga vosita boʻladigan adabiyot namunalarigina bugungi jamiyatimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qoʻllaridan yetaklab, munavvar istiqbol sari boshlashi joiz va zarurligini eʼtirof etishga toʻgʻri keladi. Soʻzimiz quruq boʻlmasligi uchun bir tarixiy misolga murojaat etish oʻrinli koʻrinadi. Gap buyuk Nizomiy “Xamsa”siga javob tariqasida yozilgan “Maxzan ul-asror” (Xorazmiy) asaridagi bir hikoya ustida boradi. Hikoyaning muhim jihati shundaki, u real hayotiy asosga ega. Hikoya qahramoni – Amir Temur. Muallifning tasvirlashicha, Temurbek birdaniga oliy darajaga yetishgan emas. U dastlab ancha qiyinchiliklarni, mashaqqatlarni boshdan kechirgan. Uning davlati ham birdaniga barqaror boʻlib qolmagan:

 

Chunki Temurbek burun etti xuruj,

Davlati topmaydur edi bu uruj.[1]

 

Xorazmiy Temurbekning “ojizu mafluk” (“falokatga uchragan”, “jafo koʻrgan”) tarzda kezishini uqtirar ekan, kutilmaganda:

 

Tengri qazosi bila axtarguzar,

Bu siquv jo qildi ilkin zaxmdor.

“Ilki zaxmdor” – qoʻli yarador boʻlgandan keyin uning umidi kesiladi. Biroq “himmati oliy” unga yana “zoʻr dast” beradi. Unda “Tangridan umidvor” boʻlishga imkon tugʻiladi. Ammo hali sinov davom etadi. Taqdir unga yana bir yangi muammoni taqdim etadi:

 

Toki azal hukmi bila dasti gʻayb,

Soldi ayoqina shikast uzra ayb.

 

Bir iligi, bir oyogʻi mubtalo,

Qoldi bu gʻariblikda dushman aro.

 

Yaʼni bir qoʻli va bir oyogʻi shikastlanib, dushman orasida qiyin ahvolda qoldi. U mutlaqo umidsizlik girdobida qolgan edi. Ana shu holatda taqdir unga ajoyib bir kuzatuvni roʻpara qiladi:

 

Koʻrdiki bir moʻr: oyogʻi, ali yoʻq,

Boʻksasi majruhu yorim beli yoʻq.

 

Eng ajoyibi shuki, moʻr (chumoli) shu holati bilan bir zum ham tinim bilmasdi. U muntazam harakat bilan oʻz maqsadi sari intilardi:

 

Keldi-yu ul tomgʻa yovushti ravon,

Saʼy hamon erdi, yiqilmoq hamon.

 

Chumolida ahd qatʼiy edi, bu yiqilishlar uning ahdini mutlaqo qaytarolmasdi. Shuning uchun ham u harakatida muntazamlikni kanda qilmasdi:

 

Ushbu yiqilgʻongʻa toʻngulmadi moʻr,

Yormanib ul tomgʻa yana qildi zoʻr.

 

Chiqdi yorin yoʻlga yovushqucha tund,

Tirnogʻi sustaydi, tishi boʻldi kund.

 

Eng yomoni shu ediki, chumoli tom boshiga yetay deganda, yana yerga qulab tushadi. Bu hol bir necha marta takrorlanadi:

 

Tushti yana bosh quyi ul tomdin,

Keldi-yu yana yopushdi nokomdin.

 

Olti-yeti qatla tusha yarmana,

Chiqti oʻshul tom boshina tirmana.

 

Temurbek bu jarayonni maroq bilan kuzatadi. Undan tegishli xulosa ham chiqaradi:

 

Bek etib ul ishtin oʻz ishini yod,

Boʻldi oʻshul ramz bila koʻngli shod!

 

Kuchlanib ul dam yuraki joʻsh etib,

Zahmati xush boʻlgʻuchi xomush etib…

 

Tutti jahon mulkiyatin yak qalam,

Urdi yetti kishvar ichinda alam!

Muallif – Xorazmiy holatni umumlashtirar ekan, shunday mulohazalarni bildiradi:

 

Kimgaki himmat nazari tush boʻlur,

Koʻkni talashquchi uchar qush boʻlur.

 

Hikmat ila davlat etagin tutar,

Er kishi himmat ila ishga yetar.

 

Xorazmiyning mazkur xulosasi, badiiy adabiyotning taʼsir kuchiga behad ishonch va eʼtiqod zamirida yuzaga kelganiga shubha yoʻq.

 

  1. Dastlab shuni aytish lozimki, zulm adabiyotning borligi uchun, uning koʻpchilik qalbidan munosib oʻrin olganligi uchun emas, aksincha, mana shu shifobaxsh dori – malhamning hammaga birday yetib bormagani uchun yuzaga keladi, shunday muhitdan kuch oladi. Zulm oziqlanadigan eng asosiy manbalardan biri ham maʼrifatsizlik, maʼnaviyatsizlikdir. Oddiy odamning maʼrifatsizligi, maʼnaviyatsizligi bilan qoʻlida boshqalarga taʼsir oʻtkazish imkoni boʻlgan ayrim shaxslarning maʼnaviyatsizligida, albatta, farq bor. Yusuf Xos Hojib taʼbiri bilan aytganda, agar narsa kirlansa, ifloslansa, uni suv bilan yuvib tozalash mumkin boʻladi. Agar suvning oʻzi kir boʻlsa-chi? Yoki:

 

Kishi iglasa oʻt oʻtachi berur,

Oʻtachi iginga emin kim qilur?

Maʼnosi:

Odam dardga giriftor boʻlsa, tabib unga dori-darmon qiladi, tabibning dardiga kim dori-darmon qiladi?!

Agar taraqqiyotning eng oliy darajasi sifatida XX asr hamda bizning asrimiz olinadigan boʻlsa, aytish mumkinki, insoniyatning hayratomuz kashfiyotlari ayni mana shu davrlarga toʻgʻri keladi. Afsuski, buzgʻunchi gʻoyalarning eng oliy darajalardagi “kashf etilishi” ham ayni mana shu asrlar zimmasiga tushib turibdi.

Insoniyat yangi va munosib taraqqiyot yoʻlini izlamoqda. Bu yoʻl urush va vayronagarchiliklarni, insoniyat erishgan sivilizatsiya yutuqlarining yoʻq boʻlib ketishini, jaholat va yovuzlik ildizlarini yoʻqotishga, qoʻporib tashlashga qaratilgan. Bunda har qanday vositalardan koʻra kitobning, badiiy adabiyotning oʻrni va ahamiyati beqiyosdir. V. Gyugoning koʻrsatishicha, “Har kuni yaxshi kitoblarni oʻqish taʼsirida qoʻpollikning har qanday shakli xuddi olovga tushgandek erib ketadi”. Kitobga yaqin boʻlmagan odamning inson maʼnaviyatiga daxldor olam hodisalari ichida yashashiga shubhaning uygʻonishi aniq.

Darhaqiqat, adabiyot tom maʼnosi bilan tarbiya maktabi ekanligini hech kim inkor etmaydi, inkor etolmaydi (zero, “adabiyot” soʻzining oʻzagiyoq bunga ochiq dalolat qilib turadi). Ammo uning oʻz vazifasini bajarish-bajarmasligi toʻgʻrisida esa fikrlarning rang-barang boʻlishi ham bor gap. Bu adabiyotning oʻzigagina bogʻliq emas. Bu yerda, nazarimizda, ikkita omil bor. Ularning birinchisi, yaratilayotgan badiiy asarlarning oʻzi, ikkinchisi esa, u bilan muntazam tanishib bor(ma)ayotgan kitobxon.

Adabiy asar yaratilib kitob holiga kelgunicha u muallifning, ijodkorning xos, shaxsiy mulki boʻladi. Kitobxon hukmiga havola etilgan kundan boshlab, u ijodkorning shaxsiy mulki maqomidan chiqadi. Endi u shu mulkdan bahramand boʻladigan, uni oʻqib oʻziga tegishli xulosalar chiqarib, muayyan mulohazalar yuritish imkonini beradigan ijtimoiy obʼyektga aylanadi. Shunday ekan, mana shu “ijtimoiy obʼyekt”ning mohiyati nimadan iborat? Nima uchun barcha “ijtimoiy obʼyekt”lar jamiyat aʼzolari oʻrtasida bir xil mavqe va obroʻ qozonmaydi? Ularning zamondoshlarga, xususan, yosh avlodning ongu shuuriga ijobiy maʼnodagi “daxl qilishi”ga nimalar xalaqit beradi? Oʻqilmayotgan kitob haqida faqat yoshlar, kitobxonlar emas, yozuvchi, shoir, dramaturgning oʻzi ham, yozuvchi va kitobxon muloqotini taʼminlash uchun safarbar qilingan tanqidchi, murabbiy, oʻqituvchi, ota-onalar ham bu haqda oʻylab koʻrishi kerak emasmikan?!

Gap shundaki, haqiqiy asarning badiiyligi, demakki, uning zamonaviyligi, haqqoniyligi, odam va olam haqidagi haqiqatlarni aks ettirib berish, insonlar koʻnglidagi rang-barang tuygʻular bilan uygʻunlik darajasi, oʻzbekona soʻzning ohor va ifodasi mavjud ehtiyojlarga mos va munosib kelishi kerak. Bu ijodkorning “badiiy mahorat” deb nomlanadigan mavqeiga bogʻliq. Shu nuqtai nazardan qaraladigan boʻlsa, biz adabiyotning qaysi yoʻldan yurishini, qayoqqa qarab boshlashini ayni mana shunday oliyqadr namunalarning koʻp va ozligi bilan oʻlchashga majburiyat sezamiz.

Bu andozani bizga dastlab hazrat Alisher Navoiy bergan. Uning nazarida, shoirlar “nazm gulistonining xushnagʻma qushlari”dir. Ammo ularning barchasi bir darajada emas. Ular aʼlo, oʻrta va past darajalarni tashkil etadi. “Nazm adosi bagʻoyat arjumand va benihoyat sharif va dilpisand” (“Mahbub ul-qulub”) boʻlganlari ularning aʼlolaridir. Ali ibn Abu Tolib, Shayx Farididdin Attor, Mavlono Jaloliddin Rumiy, Muslihiddin Saʼdiy Sheroziy, Amir Xusrav Dehlaviy, Zahiruddin Sanoiy, Shayx Avhaduddin, Shamsuddin Muhammad Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy singari ulugʻ ijodkorlar shu siraga kiradi. Ayni paytda, bular orasida shundaylari ham borki, “yuz mashaqqat bila bir baytkim bogʻlashturgʻaylar daʼvo ovozasin yetti falakdin oshurgʻaylar. Soʻzlarida ne haqoyiq va maʼorif noʻshidin halovat va nazmlarida ne shavq va ishq oʻtidin harorat”. (Demak, bunday kitoblarni oʻqish zarurati yoʻq, bugina emas, ular zararli hamdir).

Alisher Navoiy tasnif oxirida bir ruboiyni ilova qiladi:

 

Aʼlolaridur nedinki dersen aʼlo,

Adnolari ham barcha danidin adno.

Avsatlarikim, hech nimaga yaramas,

Bilkim, nafas urmamoq alardin avlo.

Maʼnosi:

Ularning aʼlolari har narsadin aʼlodir,

Tubanlari esa barcha tubanlarning tubanidir.

Oʻrtachalari esa hech narsaga yaramaydi,

Bilginki, ular haqida ogʻiz ochmaslik munosibdir.

 

Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, badiiy asar badiiylik talablariga mukammal darajada javob berganidagina “zavqu hol ahli bular latoyifi bila masrur” hamda “bular maorifi bila huzur qilurlar”. Boshqa holatlarda esa ular ijtimoiy-maʼnaviy hamda adabiy-badiiy chiqit hisoblanadi. Chiqitdan, yaroqsiz narsadan foydalanish esa foyda emas, balki zarar keltiradi.

Tom maʼnodagi yaxshi asar yozgan adibning, ijodkorning soyada qolib ketishi mumkin emas. Biz koʻplab ijodkorlarimizning bu borada munosib ijod yoʻlini davom ettirayotganlarini, yoshlarning esa shu muqaddas yoʻlga munosib boʻlishga intilayotganlarini koʻrib, kuzatib kelamiz. Albatta, niyat va ijro, maqsad va natija har doim ham bir xil boʻlavermaydi. Shuning uchun ham ijodkor omilining bu borada hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini eʼtirof qilish joiz. (Demak, F. M. Dostoyevskiyning: “Oʻrganing va oʻqing. Jiddiy kitoblarni oʻqing. Boshqasini hayotning oʻzi qiladi”, – degan oʻgitlari bugun ham oʻz kuchini saqlab turibdi).

Hodisaning ikkinchi tomonida kitobxon degan eng asosiy “omil” ham bor. Yaxshi yoki yomon asarning birinchi va oliy darajadagi hakami – kitobxon. Lekin bu hakamlar nihoyatda serqatlam. Ular bir-birlaridan dunyoqarashlari, eʼtiqodi, qiziqish doiralari, yoshi, jinsi, umumiy adabiy tayyorgarliklari, yaʼni badiiy didlariga koʻra farqlanadi. Bunday rang-barang qatlamning har birida shakllan(ma)gan turfa ehtiyojlar mavjud.

Kitob doʻkonlarida tursangiz, kitobxonlarning alohida mualliflar yozgan asarlarni izlab kelayotganlarini koʻrasiz. Bu hol kishini quvontiradi. Demak, bugun biz zamondoshlarimizni, ayniqsa, yoshlarni kitob oʻqimaslikda ayblay olmaymiz. Axir, mamlakatimizda yuzdan ortiq nashriyotlar faoliyat yuritmoqda. Ular yangi va rang-barang kitoblarni muntazam ravishda chop etishmoqda. Bu asarlarning barchasi kitobxon “bisoti”dan joy olmoqda. Ammo bu kitoblarning badiiy-estetik darajasi bir xilmi? Ularning barchasi bir xil darajadami? Ularning barchasi ham bir xilda ehtiyojmandlarning, xususan, yoshlarimizning badiiy-estetik jihatdan boyib borishlariga xizmat qila oladimi?

Agar haqiqiy badiiy asar yoshlarimizning qoʻliga yetib borsa, undan munosib oziqlanish amalga oshsa, mening nazarimda, buning natijasida yosh koʻngillarda ezgulikka, goʻzallikka, erk va adolatga, mustaqillik va ijodkorlikka boʻlgan mayl va ragʻbatga ham ijobiy taʼsir boʻladi.

Xuddi shu narsaning oʻzi ularning qalbida yovuzlik va xunuklikka, loqaydlik va beparvolikka nisbatan keskin eʼtiroz va raddiyalarni ham keltirib chiqaradi. “Zulm” tushunchasining ham mana shu guruh ichida inqiroz va toshboʻronga uchrashini tasavvur qilish mumkin.

Adabiyot har qanday holatda ham oʻz kitobxoniga osongina, oʻz-oʻzicha yetib boravermaydi. Vaholanki, “adabiyot isteʼdodli yozuvchinigina emas, balki isteʼdodli kitobxonni ham talab qiladi” (I. Gyote). Isteʼdodli kitobxon esa alohida va jiddiy tarbiyaga muhtojdir. Hazrat Navoiy taʼbirlari bilan aytganda, isteʼdod egalarini tarbiya qilmamak hayfdir. Bu juda uzun va mashaqqatli yoʻl. Bu yoʻlning tarmoqlanishi ham oʻziga xos va murakkab. Oila, maktabgacha tarbiya muassasalari, umumiy oʻrta taʼlim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari, maktabdan tashqari muassasalar, ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar, televideniye, radio…

Nazarimda, biz oila kutubxonasining shakllanishi va rivojiga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim. Bu boradagi yaxshi tajriba va tashabbuslar ommalashtirilishi, ragʻbatlantirilishi maqsadga muvofiq boʻladi. Taʼlim muassasalaridagi kutubxonalar fondining yanada yangi va yaxshi kitoblar bilan boyitilishi borasida qaygʻurishimiz oʻrinli boʻladi. Nashriyotlarning yangi kitoblarini taʼlim muassasalariga sovgʻa qilishlari uchun, ehtimol, soliq tizimida yengillik va imtiyozlarning joriy etilishini koʻzda tutish samarali boʻlar.

 

  1. Badiiy adabiyotning oʻziga xosliklaridan biri – unda koʻp maʼnolilikning mujassamlashgani bilan belgilanadi. Ayniqsa, buyuk asarlar, buyuk adiblarning ijodlarida bunday holatlar koʻp uchraydi. Bir asarning ikki yoki undan ortiq talqinlarining yuzaga kelishi tasodifiy emas.

Tasavvuf tarixida mashhur boʻlgan xurosonlik Shayx Abu Said ibn Abul Xayr (967-1049) tasavvuf targʻibiga bagʻishlangan faoliyatida kelib chiqishi xalq ogʻzaki ijodiga borib taqaladigan ruboiylardan unumli foydalangan. Shayxning oʻzi ruboiylar yozgan emas. Bu va boshqa dalillarga tayanib turib Ye. E. Bertels shunday yozadi: “Boshqa shayxlar ham oldingi davrlarda shunday yoʻl tutishgan deb oʻylash uchun asoslar mavjud. Ular, asosan, dunyoviy lirika sifatida yaratilgan ishqiy sheʼrlardan foydalanishgan. Ularda odatdagi insoniy muhabbat kuylangan, faqat tegishli talqinlar bilan sharhlab berilgan” (Bertels Ye. E. Izbranniʼe trudiʼ. Sufizm i sufiyskaya literatura. – M.: Nauka, 1965, s. 44-45). Biz Alisher Navoiyning “Ashraqat min aksi shamsil…”, “Kecha kelgumdur debon…”, “Oʻn sakkiz ming olam…” singari gʻazallarining, Choʻlpon qalamiga mansub “Goʻzal”, Abdulla Oripov yozgan “Tilla baliqcha” singari sheʼrlarining rang-barang talqinlarini esga olishimiz mumkin.

Yaxshi kitob hamma uchun oziq bera oladi. Masalan, “Avesto”ni katta ham, kichik ham oʻqishi mumkin. Shunday ekan, uni mutaxassislarga, oddiy kitobxonlarga taqdim va tavsiya etishning yoʻllarini izlashga toʻgʻri keladi. Ammo uni hamma bir xilda tushuna oladimi? Bu boshqa masala.

Ilgari Alisher Navoiy asarlarini dindan xoli qilib koʻrsatishga, uning tasavvuf bilan aloqadorligini inkor qilishga moyillik bor edi. Endilikda Navoiyning barcha asarlaridan, har bitta sheʼridan tasavvuf izlashga maylu ragʻbatning ortib borayotgani kuzatiladi. Bu yoʻnalishning foydadan koʻra koʻproq zarar keltirishini muhtaram olimlarimiz Najmiddin Komilov, Ibrohim Haqqulov va boshqalar bot-bot taʼkidlashgan. Nazarimizda, bunday jiddiy va katta muammolarning hal qilinishida mutaxassislarimiz oʻz soʻzlarini koʻproq va muntazamroq aytib borishlari kerak. Muhtaram shoirimiz Erkin Vohidovning bu boradagi ajoyib bir sheʼri yodga keladi:

 

Jiyan togʻasiga: “Jinnisan”, – dedi,

Ota oʻgit berdi oʻgʻliga sekin:

Togʻang katta odam, kattani esa

Sizlash kerak, oʻgʻlim, “Jinnisiz”, – degin.

 

Otaning oʻgʻli tomonidan sodir etilgan nojoʻya harakat va soʻziga munosabati toʻgʻri. U oʻgʻlidagi nojoʻyalikni oʻz oʻrnida payqagan. Shunga koʻra, unga dashnom berish va uni bu yoʻldan qaytarishga urinishi ham tabiiy. Shunga qaramay, uning “tarbiyaviy vositasi” oʻrinli emas. Zero, u bu sohaning mutaxassisi emas. Uning moʻljalni toʻgʻri ololmay qolishi ayni mana shu nuqta bilan aloqador. Shuning uchun ham badiiy adabiyot targʻibida ham mutaxassislar faollik koʻrsatishi shart.

 

  1. Albatta, kitobxonning didi uning olam va odamga qarashlarining eng yorqin ifodasi boʻla oladi. Hamma gap mazkur didning qay tarzda shakllantirilishi va rivojlantirilishiga bogʻliq. Pedagoglar, psixologlar, fiziologlar, umuman, olimlar, ijodkorlarning koʻplab avlodlari bu borada jiddiy bosh qotirib kelishgan.

Endigina shakllanib kelayotgan farzandlarimiz, oʻgʻil-qizlarimizning, yosh avlodning birinchi navbatda jismoniy imkoniyati har xil boʻladi. Ularning ruhiy-maʼnaviy rivojida ham bir xillikdan koʻra har xillik moʻlroq. Bunga faqat jismoniy emas, balki ularning rivojlanish sharoitlari, tarbiyalanayotgan oilaviy muhitlari, ularni qurshab turgan ijtimoiy muhit va boshqalar ham kuchli taʼsir oʻtkazadi. Bularning barchasi ularga alohida-alohida munosabat bildirishni, oʻziga xos yondashuvlarni taqozo etadi. Bu yerda pedagogikadagi umumiy qonuniyatlarni takrorlab oʻtirishning zarurati yoʻq. Ammo maktabgacha yoshdagi bolalar uchun alohida, kichik maktab yoshidagilar uchun alohida, umumiy oʻrta taʼlim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari yoshidagilar uchun alohida badiiy kitoblarga ehtiyoj borligini taʼkidlash oʻrinli boʻlar. Mana shu yoʻnalishda ustoz va murabbiylarimiz, ijodkorlarimiz, noshirlarimiz hali ular oldida qarzdor boʻlib turishibdi. Ularga birinchi navbatda xalqimizning oʻz milliy-maʼnaviy qadriyatlari bilan tabiiy ravishda yoʻgʻrilgan ogʻzaki ijodning qadim va boy namunalarini, mumtoz adabiyotimiz durdonalarini, zamonaviy ijodkorlarimiz yaratayotgan bebaho badiiy kashfiyotlarni, jahon adabiyotining eng munosib javohirlarini ularning yosh va saviyalariga munosib holda tavsiya etish joiz boʻladi. Ertak, maqol va topishmoqlardan boshlab bolalar shoir va yozuvchilarining eng sara asarlarigacha katta adadlar bilan nashr etilishi va imkoni boricha har bir xonadonga yetib borishi uchun harakat qilishimiz oʻrinli boʻladi.

Hamma bosqichlarda mumtoz adabiyotimiz namunalarini, xususan, Alisher Navoiy asarlarini oʻqib-oʻrganishga munosib sharoit hozirlanishi kerak. Buning uchun esa har bir yoshdagi bolaning oʻziga xos xususiyatlarni eʼtiborga olgan holda, Alisher Navoiyning turli janrlardagi asarlari saralanib tavsiya etilishi, ikkinchidan, ularni tegishli lugʻat va izohlar bilan taʼminlab berish, uchinchidan, buyuk mutafakkir asarlarini oʻqib tushunishni qulaylashtiradigan qoʻshimcha shakl va vositalar: nasriy bayon, izoh va sharhlar bilan yonma-yon berish, mustaqil oʻqish uchun Navoiy asarlarining xilma-xil (jumladan, rangli va bezakli) ommaviy nashrlarini amalga oshirish oʻrinli boʻladi.

Biz yoshlarimizning, ayniqsa, bolalarimizning yaxshi va oʻzlariga mos hamda munosib boʻlgan kitoblar bilan tezroq koʻrishishlari, muloqotga kirishishlari uchun sharoit yaratish haqida koʻproq qaygʻurishimiz joiz koʻrinadi. Ilk yoshlikdan hosil qilingan koʻnikma va malakalar inson umrining oxirigacha oʻziga hamroh boʻlib qoladi. Shunday ekan, oila, maktabgacha tarbiya muassasalar, umumiy oʻrta taʼlim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari uchun mos va munosib kitob fondlarini koʻpaytirish yoʻllarini izlashimiz, bolalarimizning kitob bilan oshnoligiga imkon beradigan eng kichik imkonlardan ham unumli foydalanishning shakl va usullarini izlashimiz, bu boradagi yaxshi va munosib tajribalarni ommalashtirishimiz oʻrinli boʻladi. Yangi kitoblarning targʻibi, namoyishi, muallif bilan uchrashuvlar, adabiy kechalar ijtimoiy-maʼnaviy hayotimizning tarkibiy boʻlaklariga aylanib borsa qani edi.

 

  1. Bugungi jamiyatimizning taraqqiyoti jahoniy oqimlarga uygʻunlashib bormoqda. Bu badiiy adabiyotga ham taalluqli. Kattalarning badiiy adabiyotga munosabatida ham madad kerak, albatta, ammo yoshlarimizning bu borada himoya va yordamga muhtojligi ayon haqiqat. Yosh Alisherning qoʻlida Farididdin Attorning tasavvuf falsafasiga bagʻishlangan “Mantiq ut-tayr” kitobini koʻrib qolgan ota – Gʻiyosiddin Kichkina nima uchun bezovtalangan edi? Ota qalbida murgʻak koʻngilning yoshiga nomunosib boʻlgan fikr va gʻoyalar taʼsirida oʻzining tabiiy rivojlanishidan chetga ogʻib ketish xavfi namoyon boʻlgan emasmi?! Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, hozirgi paytda bizda tanlash imkoniyati nihoyatda katta. Shuning uchun ham bolalarimizga olamni, zamonaviy dunyoni koʻrsatadigan, uni tushuntirib, izohlab beradigan, ularning maʼnaviy olamiga ijobiy taʼsir oʻtkaza oladigan kitoblarni topishda, saralashda, ularni bevosita farzandlarimizning qoʻliga yetib borishida kattalarning, mutaxassislarning yordam va maslahatlari juda-juda zarur boʻlib turibdi.

Badiiy adabiyot olam va odamga xos boʻlgan hayot hodisalarining barchasini oʻziga xos tarzda aks ettirish xususiyatiga ega ekan, kitobxon sifatidagi yosh nihol ana shu hayot bilan roʻpara keladi. Mana shu hayot haqida oʻylashga, mulohaza yuritishga, tegishli darajada munosabat bildirishga ehtiyoj sezadi. Demak, uning ongi, tafakkuri ham, tuygʻulari ham undan oziq oladi. Shuning uchun ham ular oʻqiydigan kitoblarning ham maʼrifiy, ham maʼnaviy jihatdan yuksalishiga ijobiy taʼsir koʻrsata oladigan boʻlishi muhim koʻrinadi. Eng muhimi, bolalarimizni nomunosib, badiiy-estetik jihatdan saviyasi past boʻlgan kitob va asarlardan yiroq tutishimiz kerak. Buning asosiy yoʻli esa yangi va yaxshi asarlarning salmogʻi muntazam va izchil ravishda ortib borishi kerak, xolos.

 

  1. Insoniyat oʻz kelajagi tomon intilib yashaydi. Bu tabiat va jamiyatning eng muhim qonuniyatlaridan biri. Shunga qaramay, u kelajakni oʻtmish orqali reallashtirib borishi ham bor gap. Gap oʻtmishdan kelayotgan meros haqida boradigan boʻlsa, usiz bugunni ham, ertani ham tasavvur qilish mumkin emas. Biz, har qanday holatda ham andoza uchun mavjud narsalarga qarashga majburmiz. Bizgacha yetib kelgan maʼnaviy meros xazinasi juda muhtasham va boy. Bu xazina ichidagi har bitta alohida olingan maʼnaviy mulkning oʻz vazifalari bor. Har bir zamon ulardan oʻz ehtiyoj va zaruriyatlariga koʻra foydalanadi. “Avesto”, Oʻrxun-Enasoy obidalari, islomgacha boʻlgan davrda yaratilgan koʻplab yozma yodgorliklar, Mahmud Qoshgʻariy zakosi bilan bunyod etilgan “Devonu lugʻotit-turk”, Yusuf Xos Hojibdek mutafakkir adib yaratgan “Qutadgʻu bilig”, hazrat Alisher Navoiy dahosi tufayli yuzaga kelgan benazir moʻjizalar…

Mahmud Qoshgʻariy turkiy soʻzlarning arab tilidagi maʼnolarini izohlab, sharhlab bergan. Fikr-mulohazalariga dalil sifatida turkiy xalqlarning hayoti va ogʻzaki ijodiga oid manba va materiallardan foydalangan. Ular orasida koʻplab xalq maqollari ham mavjud. Mana ularning ayrimlari: Qut belgusi – bilik (baxt belgisi ilmdir). Erdam bashi – til (odobning boshi – til). Yazin qatigʻlansa, qishin sevnur (Yozda tirishgan kishi, qishda sevinadi). Kuzaku uzun boʻlsa, qoʻl kuymas (Kosov uzun boʻlsa, qoʻl kuymaydi)…

Kitob oʻzida koʻplab afsona va rivoyatlarni, xalq qoʻshiqlarini, madhiya va marsiyalarni, urf-odatlar tasviri va xalqona soʻzlarning maʼno va mazmunining talqinlarini mujassamlashtirgan. Ulkan merosimiz namunalari orasida “Qumanlar tuzugi” degan nom bilan yetib kelgan yana bir ajoyib obida bor. Bu obida XIV asrda yaratilgan. Tarkibi va mazmuniga koʻra mutlaqo original boʻlgan bu asar oʻz davridagi ayrim turkiy xalqlarning dunyoqarashi, qiziqishlari, eʼtiqodi, urf-odatlari haqida nihoyatda boy maʼlumotlarni jamlagan. Kitob faylasuflar, folklorshunoslar, adabiyotshunoslar, tilshunoslar uchun juda boy va rang-barang maʼlumot hamda materiallarni mujascamlashtirgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. U turkiy xalqlarning nisbatan qadimgi davrlarga daxldor boʻlgan ayrim maqol va koʻplab topishmoqlarining ilk yozma manbasi hamdir.

Mazkur kitob birinchi marotaba koʻp tilli turkiy-forsiy-nemischa-italyancha ixcham lugʻatni mujassamlashtirgani bilan ham eʼtiborli. Kitobda xristian dini madhiyalarining quman tilidagi tarjimalari asosiy oʻrin tutadi. Biz uchun muhimi, mazkur matndagi turkiy soʻzlarning qaydlaridir. Mazkur matnlardagi soʻz maʼnolarining jiddiy oʻrganilishi qadimgi turkiy tilimizdagi ayrim ochiq qolgan sahifalarni toʻldirish va tuzatish imkonlarini kengaytiradi.

Gap Alisher Navoiy haqida boradigan boʻlsa, aytish lozimki, buyuk mutafakkirimiz qoldirgan bebaho meros oʻz zamonida qanchalik ijtimoiy-maʼnaviy vazifalarni ado etgan boʻlsa, bugun ham ular shu vazifani ado etishdan ogʻishgani yoʻq. Ular orasida yoshlarimizni yuksak maʼnaviy mezonlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan bebaho duru javohirlar istagancha topiladi.

Ammo bu aytilganlar, oʻtmish maʼnaviy merosimizning barchasini hech istisnosiz bugungi kunimizda ham foydalanishimiz kerak, degani emas. Ularning orasida oʻz zamonasining taqozosi yoki muallifning shaxsiy andazalari bilan yaratilgan, oʻz zamonida muayyan tarixiy, ijtimoiy-estetik vazifalarni ado etgan, biroq bugungi kunimiz uchun maʼnaviy jihatdan eskirgan ayrim aqida va mulohazalar ham yoʻq emas. Ularni ilmiylik nuqtai nazaridan, tarixiylik tamoyillariga amal qilgan holda oʻrganish zaruriyati bor, xolos. Bu yodgorliklar va ularning asl mohiyatini olimlar, soha mutaxassislarining oʻrganishlari kifoya qiladi.

Ammo bunday holat va hodisalar dengiz oldidagi tomchi, xolos. Eng muhimi, koʻz ilgʻamas sarhadlarga borib taqaladigan maʼnaviy merosimiz durdonalari juda boy va rang-barang. Ularni jamiyatimiz aʼzolarining, ayniqsa, yoshlarimizning har doim ardoqlanadigan maʼnaviy mulkiga aylantirish asosiy vazifa sifatida turaveradi.

 

  1. Biz bugun hayotni kitobsiz tasavvur qila olmaymiz. Zero, endilikda “Inson havosiz yashay olmaganidek, kitobsiz ham yashay olmaydi” (S. P. Korolyov). Buyuk allomalarimiz, mutafakkirlarimiz, ijodkorlarimizning hayoti va ijodi biz uchun oʻrnak va namuna, ular qoldirgan meros sahifalaridagi donishmandona oʻgit va kuzatishlar esa mayoq, mashʼala vazifasini ado etadi. Ular har qanday kashfiyotning poydevori – kitob, deb taʼkidlashadi.

Yusuf Xos Hojib koʻplab kasb-hunar egalaridagi doimiy fazilatlar haqida gapirganida ularning kitobga, badiiy soʻzga yaqinligini ham eʼtiborda tutgan. Adib mamlakat boshligʻining kitob oʻqib turgan holati haqida ham maʼlumot beradi. Alisher Navoiy Amur Temurning kitobga, xususan, sheʼr va sheʼrxonlikka munosabatini alohida taʼkidlaydi. Zahiriddin Muhammad Bobur ham buyuk tarixiy shaxslarning kitobga, badiiy adabiyotga boʻlgan munosabatlariga alohida eʼtibor berganligi muxlislariga yaxshi maʼlum boʻlgan.

Yusuf Xos Hojibning elchi haqidagi mulohazalar silsilasida quyidagi misralar ham mavjud:

 

Kitablar oʻqir ham bilir ersa soʻz,

Uqar ersa soʻz ham qoʻshar ersa soʻz.

Maʼnosi:

Kitoblar oʻqisa hamda soʻz (maʼnolarini) bilsa,

Sheʼrlarni uqadigan (his etadigan) va oʻzi ham yozadigan boʻlsa.

Shuning uchun ham insonning kim boʻlishi, kelajakda qanday shaxs boʻlib yetishishi koʻp jihatdan kitobga bogʻliq. Kitob – bilim manbai. Badiiy adabiyot esa insonning shaxs sifatida shakllanishi va kamol topishida, eng muhimi, uning mustaqil va ijodiy fikrlashida, hayotning bebaho hikmatlari xazinasiga yoʻl ochadigan tilla kalitdir. Bu kalitning boshqa oddiy kalitlardan farq qiladigan ajoyib xislati bor: u yopiq eshiklarning koʻpini ocha oladigan universal xususiyatga ega. Shuning uchun ham u yoshlarimizning, oʻsib kelayotgan avlodning qoʻliga qanchalik erta berilca, shunchalik yaxshi va samarali boʻladi.

Badiiy adabiyot bola uchun hayot hodisalari bilan tanishib borishning eng sodda, oson va qulay vositasidir. Alisher Navoiy badiiy adabiyotning, ayniqsa, sheʼriy asarlarning oʻrgatilishi “ravon oʻlsun savod” degan maqsadga xizmat qilishini taʼkidlaydi. Allaning yosh goʻdakni tinchlantirishidan tashqari, unga huzur va halovat, ayni paytda, kattalar olamiga yaqinlashtiradigan vosita ekanligini onalarning oʻzlari kashf etishgan. Topishmoqlarning bolalardagi aqliy faoliyat – tafakkur tarzining shakllanishi va rivojidagi oʻrni va ahamiyatini dono xalq ilmiy tadqiqotlarsiz ham nihoyatda puxta darajada anglab yetgan. Ertak va dostonlarimiz bolalarni hayot hodisalari bilan ham, kundalik urf-odatlar, rasm-rusumlar bilan ham, xalqning orzu-umidlari bilan ham tanishtirib borishning eng munosib vositalaridan biri sifatida oʻz vazifasini ado etib kelgan. Badiiy asar qahramonlari kattalarni ham befarq qoldirmagan. Agar shunday boʻlmaganida edi, koʻplab badiiy asarlardagi qahramonlarning kishi nomlari sifatida ommalishib ketishi sodir boʻlarmidi? Anvar, Jamila, Zebuniso, Zulayho, Kumush, Nodira, Otabek, Raʼno, Ulugʻbek, Farhod, Farruh, Shirin, Yusuf, Hoshimjon singari nomlar, aslida, adiblarga yoki ularning asarlariga, aniqrogʻi, asar qahramonlariga boʻlgan ishonch va eʼtiqodlarning goʻzal namunalaridir.

Qadim-qadimdan yaxshi asarlar ham, ularning mualliflari ham munosib qadrlangan. Bunday asarlarning asrlardan asrlarga, ajdodlardan avlodlarga yetib kelishining oʻzi ularga berilgan eng oliy baho vazifasini ado etadi.

Yosh avlodning badiiy asarlarga, uning qahramonlariga ijobiy maʼnolardagi taqlidlari ularning hayotiy aqidalari va andozalari haqida ham nishon berib turadi. Yusuf Xos Hojib jamiyat aʼzolarini ikkiga: oʻrgatuvchilar va oʻrganuvchilarga ajratadi. Biz bu fikrni davom ettirgan holda oʻrgatuvchilarning munosib kitoblar tavsiya etishlarida, oʻrganuvchilarning esa bu yoʻlda hormay-tolmay munavvar manzillarga oliyjanob niyatlar, bitmas-tuganmas ishtiyoq bilan intilishlarida sobitlik tilab qolamiz.

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

 


[1] Uruj – “yuksalish”, “ravnaq” maʼnolarini bildiradi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.