Adabiyot – hayratlar dunyosi

0
349
marta koʻrilgan.

Bu yorugʻ olam hayratga limmo-lim. Biroq hayrat tuygʻusi odamning xohishiga bogʻliq emas. Yaratgan Egam hamma bandasiga ham ato etmagan shu tuygʻuga meni bolaligimdan oshno etgani uchun koʻp shukr aytaman. Dastlab nimadan hayratlanganim yodimda yoʻq. Lekin tonggi shafaqning goʻzalligini hayrat ogʻushida kuzatganman. Uzoqdan koʻringan qorli togʻlar, choʻqqilarga hayratlanib boqqanlarim esimda. Yoz kechalarida uyimiz oldidagi supada benihoya yorqin, ilkis tursa odamning boshi tegib ketishi mumkindek tuyulgan yulduzlarga, sutday yorugʻ oyga hayrat toʻla nigohlarimni qadaganim rost…

Otam yigitlik kezlari nom chiqargan chavandoz boʻlgan. Nainki Qashqadaryo, qoʻshni Surxon va hatto Turkmanistonning bizga tutash viloyatlarida ham Abdulhakim chobogʻonni (bizda chavandozni shunday atashadi) va uning uloqchi otini yaxshi tanishgan. Azaldan oʻzi shunday: zoʻr boʻlsa, mard boʻlsa, chobogʻonning nafaqat oʻzi, mingan oti ham shuhrat qozongan. Rahmatli bobomning oʻz ogʻizlaridan eshitganman, kunlardan birida Turkmanistonning (oʻsha kezlari oʻrtada chegara boʻlmagan) Xoʻjapillos degan joyiga otamning koʻpkari chopadigan otida borganlar. Bir guzardan oʻtayotganlarida quloqlariga odamlarning gap-soʻzlari chalingan: “Ot-ku Abdulhakim chobogʻonniki, ustidagi bobo kim ekan-a?!” Chobogʻonning otasini tanimagan odamlarning otini tanishi chindan hayratlanarli…

Menga mehri alohida boʻlgani uchunmi, otajonim bir necha marta otga mingashtirib koʻpkariga olib borgan. Sanoqsiz otlar suronini, chavandozlarning hayqirigʻini, shuncha talotoʻpga qaramay, otajonimning qayta-qayta sovrinni halollab chiqqanini koʻrib, hayratim chandon oshgan…

Onajonim benihoya mehribon, munis, mushtipar ayol edi. Otamning roziligi onam uchun hayot mazmuni boʻlgan. “Otangning hurmatini joyiga qoʻy!” – biz farzandlar ongu shuuriga onajonimiz ana shu tuygʻuni singdirgan. Feʼlida ajabtovur mardlik, gʻayrat, shiddat, qatʼiyat uygʻunlashgan otam onamga har doim ham yumshoq munosabatda boʻlavermagan. Ehtimol, sunʼiy muloyimlikdan tabiiy dagʻallikni koʻproq qadrlaganlari uchundir, onajonim nazdida otam chin maʼnoda ulugʻvorlik timsoli edi. Mehribonlik onajonimga Xudodan ato etilgan bir neʼmat edi. Olti kelindan birortasini ham “sen”lamagani buning isbotidir.

Bir iborani juda koʻp takrorlar edilar onam: “Doʻstdan koʻp dushman”. Men hayratga tushardim: “Nega? Axir doʻstlarimiz juda ham koʻp-ku?! Uyimizga muttasil kelib-ketuvchi qoʻni-qoʻshni, qavmu qarindosh, oshnoyu begonalar doʻst boʻlmay kim?!” Bu muxtasar iboraning asl mohiyatini keyinchalik angladim… Bir mushtipar ayol siyratida shunchalik aqlu zakovat, choʻng sabru sadoqat, shu qadar mehru muruvvat mujassam boʻlgani hayratga sazovordir…

Maktabda oʻqir ekanman, asosiy yumushim mutolaa boʻlgan. Qarindoshlarimizdan boʻlgan kutubxonachi mendan bezor edi. Yostiqday romanlarni, katta-katta kitoblarni bir kun, kechi bilan ikki kunda “xatm” qilardim. “Oʻqib kelyapsanmi yoki oʻqimay?” – ajablanib soʻroqqa tutardi mudira. Baribir kitob berishga majbur edi. Menda badiiy asarlarni saralash imkoni boʻlmagan. Muallifning ismidan to kitob soʻngidagi kichik harfda terilgan muharriri kimu necha adadda bosilgani haqidagi maʼlumotigacha oʻqib tashlar edim. Koʻnglimga maʼqul tushgan sheʼrni bir-ikki oʻqishda yod olardim. Oʻqiganlarimdan qalbimda iz qoldirgan ayrimlarining nomi hanuz yodimda: “Odam boʻlish qiyin”, “Togʻda oʻsgan bola”, “Ruhim”, “Yuzma-yuz”… Berilib oʻqiganimdan, asar voqealarida qahramonlar bilan baravar ishtirok etib, ular quvonsa quvonib, iztirob cheksa, iztirob chekardim. Esimda, Safar akam harbiy xizmatdan kelganida, qoʻshnilarning bolalari suyunchi soʻrab, shovqin solib uyimizga kirib kelishgan. Mutolaaga shoʻngʻib ketganimdan dastlab ularning xushxabari qulogʻimga kirganu, qattiq bandligimdan aqlu shuurimga yetib bormagan… Barcha baravar soldatni kutib olishga chiqib ketgach, shuurimda ochilgan darchadan xushxabar shamolday kirgan, men ham akamning diydoriga yugurganman…

Otam choʻponlik qilgani uchun yoz boʻyi yaylovda qoʻy boqar edik. Saraton oqshomlari oy sutday yorugʻ boʻlar, chilla issigʻida qoʻylar kunduzi maza qilib oʻtlay olmas, shu bois tunda qoʻyni yoyishga chiqar edik. Tungi qoʻy boqish “yoyish” deyilardi. Yaylovda oy shu darajada yorugʻ ediki, azbaroyi qiziqishim zoʻrligidan kunduzi oʻqiy boshlagan kitobimni oy yorugʻida davom ettirgan kezlarim boʻlgan. Chinakam hayratni menga oʻsha yoz oqshomlari hadya etgan. Menda adabiy-estetik did, badiiy tafakkurni ana shu tinimsiz mutolaa tarbiyalagan boʻlsa ajab emas.

 

Saboq

Ilk ustozim otajonim boʻlgan. Hali maktabga bormasimdanoq qoʻlimga qalam tutqazgan ham, qalam tutgan barmoqlarim ustidan tutib yozishni oʻrgatgan ham – otajonim. Faqat shu tabarruk zot sharofati bilan men maktabga bormasimdanoq savod chiqarganman, oʻqish va yozishni toʻliq egallaganman. Hatto oʻsha kezlari harbiy xizmatda boʻlgan Oʻrol akamga xat ham yozganman. Shu bois maktabda eng aʼlochi oʻquvchi boʻldim.

Quvvai hofizam oʻtkir edi. Har qanday sheʼrni ikki-uch marta oʻqishda yod olardim. Koʻnglimdagi adabiyotga boʻlgan muhabbat uchqunlarini olovlantirgan ona tili va adabiyot oʻqituvchisi Sharif aka Oqnazarov, musiqa muallimimiz Turdiqul aka Obidovlardan bir umr minnatdorman. Maktabda oʻtkaziladigan bayram tadbirlari asosan Turdiqul aka rahbarligida tayyorlanar edi. U kishi sheʼrni urgʻulariyu ohangini oʻrniga qoʻyib, maromiga yetkazib oʻqir, bizdan ham shuni talab qilardi. Yigirma-oʻttiz chogʻli oʻquvchi tadbir dasturi boʻyicha tayyorgarlik koʻrar ekanmiz, men deyarli barcha ishtirokchilar aytadigan sheʼriy parchalarni yodlab olar edim. Kunlardan birida qaysidir oʻquvchi adashib qolganida uning xatosini tuzatib yuborganimni koʻrgan Turdiqul aka shundan keyin kimdir uzrli sabab bilan kelolmasa, unga taqsimlangan sheʼrni ham men aytishimni soʻraydigan boʻldi. Men esa, sheʼr oʻqishdan, sheʼr yod olishdan har doim zavqlanar edim.

1983 yil men uchun omadli keldi – Toshkent davlat universiteti oʻzbek filologiyasi fakultetining talabasi boʻldim. Oʻquv yilining avvalidanoq paxta kampaniyasi munosabati bilan fakultetimiz talabalarini Sirdaryoning Oq oltin tumaniga safarbar qilishdi. Paxta terish yoqimli boʻlmagani aniq. Dala sharoiti, koʻhna barak, buning ustiga, oylab universitet auditoriyasidan uzoqda yurishga toʻgʻri kelardi. Biroq paxta kampaniyasi biz talabalar hayotidagi eng unutilmas davr boʻlgani ham haqiqat. Garchi universitetdan yiroqda boʻlsak ham, oʻqishdan yiroqda emas edik. Juda koʻp badiiy, ilmiy kitoblarni Oq oltin tumani dalalarida oʻqiganimiz bor gap. Bir-birimizdan koʻchirib yod olganimiz Abdulhamid Choʻlpon sheʼrlari, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi nazmiy toʻplamlari, Pushkin, Yesenin kitoblari, Tolstoy, Xeminguey asarlari, Begali Qosimovning sariq muqovali “Izlay-izlay topganim” monografiyasi shular jumlasidandir.

Har oqshom albatta birorta ijodiy tadbir yoki adabiy uchrashuv oʻtkazilar, bu biz uchun chinakam saboq edi. Ustoz Ozod Sharafiddinov bilan uyushtirilgan turkum suhbatlar bizni oʻzga – yangi bir dunyoga olib kirganini unutib boʻladimi?! “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallari tahririyatlari, atoqli shoiru adiblar, taniqli olimlar bilan uchrashuvlar orzularimizga qanot bogʻlagan, ijodning sirli olamiga olib kirgan.

Har holda, universitetga saviyamiz, dunyoqarashimiz birmuncha oʻsib qaytdik. Darslarga shoʻngʻib ketdik. Ustoz Umarali Normatovning hozirgi adabiy jarayonga oid hayajonga toʻliq maʼruzalari bizda katta taassurot qoldirgan. Alisher Navoiy ijodiga doir darslarni ustoz Begali Qosimovdan tinglash baxtiga muyassar boʻldik. Miraziz aka Mirtojiyevning, Mamlakat opa Joʻraboyevaning, Mavjuda opa Narimonovaning har bir darsi biz uchun til xazinasi darvozalarini peshma-pesh ocha borgani hamon yodimda. Ustoz Sharif Yusupovning Furqat hayoti va ijodi haqidagi maxsus kursini tinglagach, men ilmning nima ekanini, uning zahmatidan halovat topish qanday boʻlishini yurakdan his etdim. Furqat ijodi boʻyicha nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishimda ana shu maʼruzalardan olgan saboqlarim menga quvvat bagʻishladi, dasturulamal boʻldi.

Fakultetimizda har doim kuchli ijodiy muhit boʻlgan. Zamonamizning eng mashhur ijodkorlari, olimlari bilan adabiy uchrashuvlar, ijodiy muloqotlar tez-tez uyushtirilardi. Yozuvchilar uyushmasidagi biror yigʻinni oʻtkazib yubormaslikka intilardik. Bunday uchrashuv va suhbatlardan odatda ruhimiz yettinchi osmonga koʻtarilib, yangi-yangi orzulardan qanot bogʻlab chiqardik. Ana shunday uchrashuvlardan biri mening ilmiy istiqbolimni belgilashda asos – zamin vazifasini oʻtadi. Bu uchrashuv Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoʻlyozmalar institutining akademik Aziz Qayumov boshchiligidagi olimlari bilan oʻtkazildi. Muloqot davomida eng koʻp savol bergan talaba oʻzim boʻldim. Uchrashuvdan qalbim chin maʼnoda bahra oldi: akademik Aziz Qayumov timsolida oʻz ustozimni topdim.

Sharqona anʼanaga koʻra, ustoz meni shogirdlikka olishdan avval imtihon qildilar. Qoʻlyozmalarga qiziqishimni eshitgach, avval nastaʼliqda bitilgan turkiy gʻazalni qoʻlimga tutqazdilar – uncha qiynalmay oʻqidim. Forscha bilish-bilmasligimni soʻradilar. “Oʻrganyapman”, dedim. Forscha ruboiy matnini koʻrsatdilar – qiyinchilik bilan hijjaladim. Tarjima qilishimni buyurdilar – oʻzlarining yordami bilan bir amalladim. Arabiydan xabarim bor-yoʻqligini soʻradilar, oʻrgana boshlaganimni aytdim. Oʻz dastxatlarida yozdilar: “Alimun bilo amal, kasahobun bilo mator”. Yaʼni, “Ilmiga amal qilmagan olim – bamisoli yomgʻirsiz bulutdir”. Yod bilganim uchun ravon oʻqib, tezda tarjima qildim. “Qaysi soʻz “bulut”ni bildiradi”, soʻradilar ustoz. “Sahob”, dedim. “Matnda “kasohob”ku… deya navbatdagi savolni berdilar. “Ka” – “bamisoli” degani, – javob berdim men. Ustoz meni shogirdlikka qabul qildilar. Nazarimda, bu hikmat mening arabiy bilimimni sinash barobarida, qanday olim boʻlish zarurligi haqidagi saboq ham edi. Qanchalik eplayotganimni bilmayman-u, lekin ustozning bu sabogʻiga amal qilishga intilib kelaman…

Xalqimizda nazar topishning sharofati haqida koʻp gapiriladi. Men ustozlarimning duosini olganim, ularning nazarini topish baxtiga muyassar boʻlganim uchun qancha shukr aytsam oz. Doktorlik dissertatsiyam himoyasida ustoz Begali Qosimov: “Har qanday dissertatsiyaning ahamiyati birinchi navbatda ilmdagi mavjud fikrlarni, qarashlarni oʻzgartira olishida namoyon boʻladi. Nurboy Jabborovning tadqiqoti ana shu jihatdan qimmatli”, deya eʼtirof etdi. Umrining katta qismini Furqat ijodini oʻrganishga bagʻishlagan Sharif Yusupov domla: “Dissertantning eng katta yutugʻi shundaki, u oʻzigacha boʻlgan furqatshunoslarning yarimta ham gapini takrorlamagan, nimaiki aytsa, yangi gap aytgan, salaflaridan bir bosh yuqorida turib aytgan”, deb baholadi. Ustoz Abdulla Oripov kitoblaridan birini menga taqdim etar ekan, dastxatida mehrini: “Aytib qoʻyay, sen adabiyotimiz uchun vaqtida yoqqan yomgʻirsan!” degan obrazli tashbih orqali izhor etdi. Bir ilm odami uchun bundan ham ortiq eʼtirof boʻlmas. Bir olimning tole yulduzi charaqlagani shunchalik boʻlar. Ustozlarning mehrini mujassam etgan bu soʻzlarni yodga olganimda, toʻlqinlanib ketaman. Shunga munosib boʻlishga intilaman.

Jamiyat oynasi

Matbuot – jamiyat, millat hayotining oynasi. Millatning husnu malohati ham, qabohati ham ana shu oynada aks etadi. Muayyan millatning darajasi uning matbuoti mavqeidan baland boʻla olmaydi. Matbuotning saviyasi, oʻz navbatida, millatning saviyasini belgilaydi. Shu bois oʻzini hurmat qilgan millat matbuoti rivojiga bor imkoniyatini safarbar etadi. Umrimning muayyan qismini matbuotga bogʻlagan odam sifatida buni yaqqol his etaman…

Jurnalistik faoliyatimni dastlab Oliy sud nashri boʻlgan “Kuch – adolatda” gazetasida boshladim. Arxivlardan qatagʻon yillari qurbonlariga aylangan juda koʻp oddiy odamlar qismatiga doir haqiqatlarni aniqlab, ular asosida “Qatagʻon yilnomasi” ruknida turkum maqolalar eʼlon qildim. Ana shu asnoda ulugʻ Sohibqironning hayotiy aʼmoli boʻlgan “Kuch – adolatda” shiorining mohiyatini qalbdan his etdim.

Meni yangi taʼsis etilgan “Fidokor” gazetasiga maʼnaviyat boʻlimi mudiri sifatida ishga taklif etishdi. Holbuki, oʻsha kezlari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti doktorantiman. Azbaroyi qiziqishim zoʻrligidan, qolaversa, doktorantning stipendiyasi bilan oila tebratish qiyinroq boʻlgani bois tahririyatning bu taklifini mamnuniyat bilan qabul qildim. Chinakam uyqusiz tunlar boshlandi. Gʻoyalar menga tinchlik bermaydi, tuni boʻyi mashinka chiqillatib chiqaman. Gazetaning bir sonida besh-olti xil imzoda shuncha materialim chop etiladi. Millatimizning eng yetuk ijodkorlari, olimlari bilan suhbatlar eʼlon qildim. Oʻzbekiston Qahramoni, adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmad, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov, Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron, akademiklar Toʻrabek Dolimov, Neʼmatulla Ibrohimov, Muzaffar Xayrullayev, professorlar Abduqodir Hayitmetov, Begali Qosimov, Sharif Yusupov, Naim Karimov, Ashraf Ahmedov, Saʼdulla Otamurodov… Oliy Majlis deputatlari, siyosatshunoslar, faylasuflar… Zamonamizning eng dolzarb muammolari xususidagi bu suhbatlar men uchun chinakam maktab vazifasini oʻtadi. Suhbatlashganim bu ulugʻ siymolardan juda koʻp narsa oʻrgandim. Ulardagi havas qilganim fazilatlarni oʻzimda tarbiyalashga harakat qildim. Fikrim oʻtkirlasha, qalamim charxlana bordi… 2002 yili ana shu jurnalistik faoliyatim yuksak darajada eʼtirof etildi. Muhtaram Yurtboshimiz farmoniga koʻra “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Bu eʼtirof meni yanada faol boʻlishga undadi.

2003 yili meni “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasiga ishga taklif qilishdi. Oʻsha kezlari men – Milliy universitet dotsenti – adabiyot ahlining ana shu yuksak minbarida dastlab boʻlim mudiri, keyin bosh muharrir oʻrinbosari sifatida faoliyat olib bordim. Yozuvchilar uyushmasining nashri hisoblangan bu gazetadagi faoliyatim meni uyushmaning oʻsha paytdagi rahbari ustoz Abdulla Oripov bilan yaqinlashtirdi. Abdulla akaning maqolalarini gazetaga tayyorlash jarayonida bu ulugʻ ijodkorning soʻzga masʼuliyati nechogʻlik yuksak ekanini koʻrib, toʻgʻrisi, hayratlanganman. Gazetaning 2004 yil avgust sonlaridan birida ustozning “Ertangi kun ishonchi” sarlavhali maqolasi bosildi. Maqolani oyning oʻrtalarida topshirgan boʻlsalar, qariyb ikki hafta davomida ustoz har kuni muntazam ravishda bir necha marta qoʻngʻiroq qilib, qaysi sahifaga tahrir kiritgan boʻlsalar, soʻzma-soʻz aytib turadilar – men bu tuzatishlarni matnga kiritaman. Maqola gazetada bosilishidan bir kun avval ustoz tahririyatga keldilar. Abdulla aka, bosh muharririmiz Ahmadjon aka Meliboyev va kamina birga oʻtirib, yana maqola tahriri ustida ishladik. Ikkala ustoz oʻz tahrirlarini kiritgach, mening fikrim bilan ham qiziqishdi. Tortinib-qimtinib baʼzi fikrlarni aytdim – ustoz mamnuniyat bilan qabul qildilar. Maqola soʻngidan mana bu toʻrtlik ham oʻrin olgan edi:

 

Darvesh umr boʻyi chekib gʻam, zahmat,

Dunyoda haqiqat axtardi faqat.

Bir kun oʻrab dedi uni xaloyiq:

Haqiqat oʻzing-ku, oʻzing haqiqat!

 

Dastlabki variantda toʻrtlikdagi “xaloyiq” soʻzi oʻrnida “olomon” soʻzi qoʻllangan edi. Ming bir istihola bilan: “Olomon” soʻzida salbiy ohang bor. Aslida darveshning oʻzi haqiqat ekanini anglagan toifani “olomon”dan koʻra “xaloyiq” deyilsa, afzal boʻlmasmikan?!” – deya fikr bildirdim. Shu payt ustoz: “E, “xaloyiq” qilib oʻzgartir, judayam toʻgʻri!” – dedilar mamnuniyat bilan. Shu tarzda tahrir qilindi. Ustozni kuzatib qoʻydik. Kechki payt telefon jiringladi. “Labbay!” deya goʻshakni olsam, ustozning ovozlari: – Nurboy, oʻtgan barcha ulugʻ ustozlarim va oʻzim nomimdan “olomon”ni “xaloyiq”qa aylantirganing uchun senga ming bor tashakkur, – dedilar samimiyat va mehr bilan. Zamonamizning shunday ulugʻ ijodkori yosh bir muxlisining fikriga shu qadar eʼtibor bilan qarashi, badiiy soʻzga boʻlgan yuksak talabchanligi meni hayratda qoldirdi. Soʻzni qay darajada qadrlash, eʼzozlash zarurligi haqidagi bu saboq chinakam ijodkorlik oʻrnini yaltiroq soʻzbozlik egallayotgan bugungi kunda naqadar ahamiyatli ekani izoh talab qilmaydi.

 

Avlod tarbiyasi – millat tarbiyasi

Millatparvar alloma Abdurauf Fitratning bu soʻzlari barcha zamonlarga tegishlidir. Men faqat savodnigina emas, hayot darsini, adabiyot darsini ham dastlab otajonimdan oʻrgandim. Tarbiya borasida otam menga chinakam ibratdir. “Halolning boshi qilday boʻlsa ham, tomiri togʻday boʻladi. Shuning uchun u yengilmasdir. Haromning esa, boshi togʻday boʻlsa ham, tomiri qilday boʻladi. Garchi vahimali koʻrinsa ham, istalgan fursatda tomiri “chirt” etib uzilib ketishi hech gap emas”. Betakror tashbihlar vositasida otam koʻp takrorlaydigan bu obrazli hikmat mudom peshonamda charaqlab turadi. Hayot yoʻlimda mezonni toʻgʻri olishga undaydi. Oʻz navbatida, men ham bu oʻgitni bolalarim qalbiga, shuuriga singdirib kelaman.

Adabiyotshunos uchun uning ilmiy asarlari mohiyatini oiladagilar tushuna olishi – Tangri taoloning inoyati. Oilam bekasi Shahloxon bilan kursdosh boʻlganmiz. Universitetni bitirganimizdan beri maktabda, bir qancha yillardan buyon kollejda ona tili va adabiyotdan dars berib keladi. Nimaiki yozmay, birinchi tinglovchi, oʻquvchi, baho beruvchi – u. Yoningda shunday hamfikr, hammaslak insonning boʻlishi baxt, deb bilaman.

Katta oʻgʻlim Sirojiddin iqtisod sohasini tanladi. Mayli, oilada hamma soʻz bilan shugʻullanmasdan, iqtisodni oʻylaydigan odam ham boʻlishi kerak-ku, deb qarshilik qilmadim. Ayni kezda magistraturada tahsil olyapti. Garchi iqtisodiyot sohasini tanlagan boʻlsa-da, adabiyotga ham mehri zoʻr.

Men oʻzbekning qoʻngʻirot urugʻiga mansubman. “Alpomish” dostonida Hakimbekning xonjigʻali beklaridan ekani aytiladi. Qoʻngʻirotning ana shu – xonjigʻali tarmogʻidan, Alpomish boboning tus nevarasiman. Shuning uchun ikkinchi farzandim qiz tugʻilganda, ism tanlashda oʻylab ham oʻtirmaganman. “Qoʻngʻirotning qizi Oybarchin boʻladi-da”, deganman. Oybarchin qizim ota kasbini tanladi, navoiyshunos boʻlmoqchi. “Sharq yulduzi”, “Tafakkur”, “Jahon adabiyoti” singari jurnallarda, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”da maqolalari chop etildi – quvonchim ichimga sigʻmadi. “Badiiy til va tasvir” degan moʻjaz kitobchasi chiqdi – behad sevindim. Joriy 2014 yili hazrat Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori boʻldi – shodligim daryoday toshdi. Farzandingning yutugʻi oʻzingnikidan ham totli boʻlar ekan. Tengini topib uzatdim – iloyo baxtli boʻlsin! Uning timsolida adabiyotshunosligimiz noyob bir isteʼdod bilan boyishidan umidvorman.

Ikkinchi oʻgʻlim Jaloliddin ham filolog boʻlishni ixtiyor qildi – eʼtiroz bildirmadim. Faqat dunyoga chiqadigan filolog boʻlishini maslahat berdim. U Toshkent davlat sharqshunoslik instituti xitoyshunoslik fakulteti ikkinchi kursida tahsil olyapti. Kitob – jonu dili, mutolaa – eng sevimli mashgʻuloti. Sharqshunoslik instituti qoshidagi akademik litseyda oʻqib yurgan kezlari xitoylik bir mehmon kelajak rejasi haqida soʻraganida u shunday javob bergan: “Sizlarda Konfutsiy bor, bizda esa Alisher Navoiy. Men kelajakda shu ulugʻ bobomning asarlarini xitoy tiliga tarjima qilmoqchiman”. “Oʻ, ofarin, niyatingga yet”, degan ekan xitoylik mehmon. U hozir xitoy tilini mukammal oʻrganishga butun vujudi bilan kirishgan. Men ham uning ana shu ulugʻ niyatiga yetishini tilayman.

Jajji qizim Muslimabonu 5-sinf oʻquvchisi. Har kuni qaysi fanlardan nechta “aʼlo” baho olgani haqida hisobot berishdan charchamaydi. Uning ham kelajagidan umidim katta.

Hazrat Navoiy ota-onani ulugʻlar ekan, avlodlarga qarata: “Tun-kunungga aylagali nurposh, Birisin oy angla, birisin quyosh”, deya oʻgit bergan edi. Zohiran farzandlarga qaratilgan boʻlsa-da, bu hikmat zamirida ota-onaning burchi, masʼuliyati ham obrazli ifodalangan. Yaʼni ota-ona oy va quyosh yangligʻ farzandlar shuurini, hayot yoʻlini yoritib turishi kerak, degan teran mohiyat yashirin bu satrlar zamirida. Hayotim boricha, baholi qudrat, shunga intilib kelaman. Zero, avlodlar orasidan munavvar siymolarning yetishib chiqishi – Vatanning, millatning baxti. Farzandlari maʼrifatli millatning istiqboli, shubhasiz, nurli boʻladi.

 

Nurboy JABBOROV

 

“Yoshlik”, 2014 yil 12-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.