Adabiyot harakatda boʻlsin

0
299
marta koʻrilgan.

Hozir adabiyotchilar oʻrtasida “Bu adib qayerdan paydo boʻdi?” degan savol tez-tez tilga koʻchmoqda. Bu gap tabiiyki, ijodiy davra koʻrmagan, gazetaga loaqal birorta maqola yoki sheʼr bermagan, lekin yiliga oʻntalab qissayu toʻplamlar chiqarayotgan uddaburonlarga nisbatan aytiladi.

Isteʼdodni Xudo beradi. Shuning uchun ham yozuvchilar, shoirlar sulolasi yoʻq, lekin organ xodimlari, shifokorlar quruvchilar sulolasi bor… Eng taniqli adibning farzandi ham bir satr maqola yozmaganini eshitganmiz.

Bundan qatiy nazar, baribir iqtidor mehnatu zahmat ortidan yuz koʻrsatadi. Odam qanday qilib yozuvchi yoki shoir boʻlishi mumkin?

Hojiboy Tojiboyevning bir latifasi bor edi. Sanʼatkordan “Qoʻshiqchilikka qanday kirib kelgansiz?”, deb soʻrashganida u “Qarasam, eshigi ochiq ekan, kirib kelaverdim-da” deb javob beribdi. Kinoya oʻrinli, ammo adabiyotning darvozasi ham ochiqligi rost. Ming afsuski, undan ichkariga kirish faqat iqtidor egalari va ijod mashaqqatiga chidaganlarga, matonatli kishilarga nasib etadi.

Hozirgi kunda oʻzini adib sanab, oʻnlab kitob chiqarayotgan ayrimlarning ucharligini faqat bozor iqtisodiyotiga taqash ham unchalik oʻrinli emas. Ular agar imkon berilganda bundan 25 yil avval ham shunday qilishardi.

Davlatimiz rahbari bizni oʻtmish allomalari merosiga bejizga chorlamayapti. Ular adabiyotning ham, ilmning ham, hayotning ham mavjud aqidalariga rioya etishgan. Ajdodlar merosini oʻrganmasdan yangi adabiyot yarataman, deganlar buni yana bir karra oʻylab koʻrishlari kerak, chamamda.

* * *

1966 yilda, oʻrta maktabning 7-sinfida oʻqib yurgan kezlarni tumanimizdagi “Paxtakor ovozi” gazetasida birinchi xabarim, 1973 yilda universitet (SamDU) gazetasida “Ishq” degan quyidagi sheʼrim bosildi:

 

Esingdamu, bir sinfda

Oʻqir edik ikkovlon.

Kitoblaring yashirib men,

Tegishardim har zamon.

Sochlaringni bildirmayin,

Bogʻlar edim partaga.

Avval yechib, keyin esa

Yigʻlar eding joʻrttaga.

Mana, bugun yigit boʻldim,

Sen ham endi goʻzal qiz.

Ishqing bilan shavqqa toʻldim,

O, qiyin endi sensiz.

Soching bilan band aylading,

Bu koʻnglimni, nachora.

Tugunlarin yecholmasdan

Men bechora ovora.

 

1974 yilda esa “Oʻqituvchilar gazetasi”da bir necha sheʼrlarim chiqdi. Men bu paytda talaba edim. Keyin baribir muxbirlik ishtiyoqi “zoʻrlik” qildi. Chunki viloyat “Zarafshon” gazetasida Asad Dilmurodov, Abdurashid Abdurahmonov, Adham Hayitov kabi koʻnglimga yaqin kishilar davrasiga qoʻshilib qoldim.

Koʻp oʻtmay diplom oldik va taqsimot boʻldi. Unga koʻra men Jizzax pedagogika institutiga ishga borishim kerak edi. Viloyat gazetasi bosh muharriri “F. Toshev tahririyatda ishlayapti, uni bizga yuboring” mazmunida universitetga xat berdi. Akademiklar – davlat imtihoni komissiyasi raisi Hoshimjon Razzoqov, rektor Akbar Otaxoʻjayev, dekanimiz Nuriddin Shukurov men bilan suhbatlashdilar. Oxiri tahririyatga borishimga rozilik bildirishdi. Nuriddin aka oʻshanda shunday badiha qildi:

 

Tariq edim, mosh boʻldim,

Oʻr edim, yuvosh boʻldim.

Uchta-toʻrtta sheʼr yozib,

Shoir Farmon Tosh boʻldim.

Yoʻldoshev taklif qildi –

Komsomolga bosh boʻldim.

Oʻqishni tugatdimu

Oʻrtada talosh boʻldim.

 

Bekmurod Yoʻldoshev guruh rahbari edi, hozir professor. Yon daftarimdagi “1975 yil, aprel” degan yozuv ostiga koʻchirilgan ushbu bitikni haligacha qadrlayman.

Yoʻq, men bu gaplarni tarjimai holim bilan tanishtirish uchun aytayotganim yoʻq. Ijodkor boʻlib yetishish uchun qanday yoʻllar va bosqichlarni bosib oʻtish kerakligini oʻzim misolimda aytmoqdaman, xolos.

“Zarafshon” gazetasida Surʼat Oripovday ijodkorning qoʻlida bir yil ishlash menga koʻp saboq berdi.

– Sheʼr yozishni yigʻishtirib turing, uka, – dedi u. – Muxbirlik voqeani ifodalashga oʻrgatadi, soʻz boyligini koʻpaytiradi, tafakkurni charxlaydi. Shoir yoki yozuvchi degan shtat yoʻq bizda.

Har oyda oʻnlab xat qoʻlimdan oʻtadi. Oʻzimni u yer – bu yerga joʻnatishadi, xabar yoki maqola yozib kelaman. Xullas, qoʻlim yozishga oʻrgandi, koʻplab ijodkorlar davrasida boʻldim. Oilaviy sharoit tufayli “Paxtachi” gazetasida uch yil ishlagan davrimda birinchi ishni tahririyat qoshida “Nafosat” nomli adabiy toʻgarak ochishdan boshladim. Ustoz muallimlar, Ismat Sanayev, Qahramon Norboyev, jurnalist Mirtemir Norboyev kabi jonkuyarlar yaqindan yordam berishdi.

 

* * *

Bir narsaga doimo intilganman – taniqli adiblar suhbatiga. Bir narsaga haddim sigʻmagan – ular oldida ortiqcha gapirishga. Bir misol, 2007 yildagina Abdulla Oripovning suhbatini ololdim. Harqalay, viloyat gazetasining bosh muharriri, uchta kitobning muallifi edim.

– Nega shu paytgacha yonimga kelmagansiz? – deb soʻradi Abdulla aka.

– Haddim sigʻmagan, ustoz.

Jurnalistlar Shuhrat Jabborov, Ashurali Joʻrayev bilan ustoz Odil Yoqubov xonadoniga borganimizda ham u kishiga shu javobni bergandim. Bizdan yoshi katta Xurshid Doʻstmuhammedovga yozganlarimni koʻrsatishga jurʼat topmagandim. U kishi ish yuzasidan ayrim maqolalarimni koʻrib, maslahat bera boshladi. Asosiy maqsad hozirgi ayrim ijodkorlarga oʻxshab taniqli adiblar bilan birga oʻtirish, rasmga tushish, “soʻzboshi” olish emas, ularning nazariga munosib ijod qilish edi.

Men maqolam qoʻlyozmasini eng avval matn teruvchiga, soʻng birorta muxbirga va oʻrinbosarimga oʻqitib olaman, undan keyin kotibiyatga topshiraman. Badiiy asarlarim – sheʼr, hikoyalarni ham koʻp ijodkorlarga tahrir uchun beraman, fikrini, eʼtirozini hisobga olaman. Hamma badiiy kitoblarimga shogirdlarim – Vohid Luqmon, Nodir Jonuzoq, Orif Toʻxtash, Gʻayrat Saʼdullo, Isomiddin Poʻlatov muharrirlik qilishgan. Bir kuni Nodir qoʻlyozmalarimni oʻqib, oxiriga “Ustoz, bunday ishonch uchun albatta sizga rahmat, faqat mening izohlarimni taklif deb qabul qiling”, deb yozibdi. Hatto qoʻlyozmani oʻzimga bermay, stolimga qoldirib ketibdi. Vaholanki, men bundan oʻn yil avval Nodirning yaxshi shoir ekanini anglaganman va tan olganman.

Ayrim yoshlarga yuqorida nomlari sanalgan shogird ukalarim hayotini ibrat tariqasida misol keltirish mumkin. Ular oʻzlarini har yerga uraverishmaydi. Qalb amri bilan ijod qilishadi. Oʻzlarini birovdan ustun qoʻyishmaydi. Shu bois ayrim koʻngilochar nashrlarda kompyuterdan toʻgʻri sahifaga tushayotgan ertaknamo “qissa”larni, iltimos bilan asar chop ettirishni hazm qila olmayman. Oʻn yetti yildan buyon bosh muharrir boʻlaturib bor-yoʻgʻi bitta sheʼrimni oʻz gazetamda chop etganman.

Oʻrtamiyonalik, yaʼni na u yoqli na bu yoqli boʻlib yuraverish-illat.

Ammo hamma ham birdek gazeta yoki kitob oʻqimayotgan bir paytda oʻrtamiyonalarning zarari koʻzga tashlanib qoladi. Ijodkor koʻpayganda ularga unvon ham, mukofot ham, gohida amal ham tegib qoladi. Negaki, bu toifadagilar muomalani oʻrniga qoʻyishadi. Kitoblarini va hatto “saylanma”sini qiynalmay chiqarishadi. Kitobxonlar bilan uchrashuvlar oʻtkazishadi, kitoblarini tez tarqatishadi. Natijada odamlarda oʻzbek adabiyoti vakili ana shunaqa boʻladi, degan tasavvur uygʻonadi. Alam qiladigan tomoni shundaki, ularda haqiqiy isteʼdodlarga yoʻl bermaslik imkoniyati boʻladi, chunki oʻzlaridan zoʻr adib chiqishini istashmaydi. Oqibatda isteʼdodli ijodkor bu holatdan iztirob chekadi: yozmay qoʻyadi yoki alam bilan yozadi.

Qiziq bir holat: goho uch-toʻrt kitob chop etganlar ham “Men shoirlikka yoki yozuvchilikka daʼvogar emasman” deb qutulishadi. Biz istaymizmi, yoʻqmi, ayniqsa chetroq joylarda sheʼr yozish u yoqda tursin, dostonlardan, qoʻshiqlardan parcha aytib yuradigan, joyi kelsa, oʻzidan bir-ikki satr qoʻshib yuboradiganlarni ham shoir deyishadi. Menimcha, badiiy ijodga qoʻl urgan odam shoirlik yoki yozuvchilik masʼuliyatini zimmasiga olishi shart. Aks holda havaskorlik bilan professionallik oʻrtasidagi farq yoʻqolib boraveradi.

Ijod va ijod jarayonini har kim oʻzicha talqin qiladi. Muhimi, qachon, qayerda, qay tarzda yozish emas, balki nimani, qay uslubda qogʻozga tushirishdir. Oddiy misol. “Yoshlik”da shu ruknda adiblar bilan berilgan suhbatlarning birortasi bir-biriga oʻxshamaydi. Ammo aslida adabiy tanqidchilar bajarishi lozim boʻlgan ishni ijodkorlar, badiiy ijodga yaqin jurnalistlar yaxshi uddalashyapti.

Eʼtibor berganmisiz, koʻngilochar gazetalar aynan shu mavzuda nuqul sanʼatkorlar (hatto 2-3 ta rol oʻynashga ulgurgan yoshlar) bilan uyushtiradi. Bu – reklama, qip-qizil reklama! Men esa “Sharq yulduzi”, “Tafakkur”, “Yoshlik” jurnallaridagi salmoqli suhbatlarni jon deb oʻqiyman, ijodimga yoʻnalish olaman, tajriba oʻrganaman. Negaki, bu suhbatlarda fikr bor, ibratga arzigulik xulosa bor. Ha, biz adabiyotni, fidoyi adiblarni reklama qilishni ham oʻrganishimiz kerak. Chunki ular faoliyatida jamiyat uchun nihoyatda lozim boʻlgan fazilatlar yotibdi, mutolaaga chorlov, degan narsa ham bor, axir.

Ijod laboratoriyasi, bu – hayot. Bu aqidani hamma aytadi. Lekin koʻpchilik bunga keyingi paytda ishonmay qoʻydi. Axir oʻzingiz ayting, 15 yoshga toʻlgan qizchaning har yili bittadan toʻplami (tagʻin Toshkentdagi nufuzli nashriyotda, taniqli adib soʻz boshisi bilan) chiqib tursa, bir yilda 4-5 ta detektiv qissayu roman yozib tashlaydiganlar avlodi paydo boʻlsa, qoʻshiq matnini bituvchilarni shoir deb atasak, aktyorlar, hisobchilar, chiroq ustalari drama yozishga oʻtib ketsa, bunga kim ham ishonardi?

Zamon, davr, siyosat oʻzgarishi mumkin. Ammo adabiyotning oltin qoidalari oʻzgarmaydi. U odamlarning moddiy ehtiyojini qondiradigan mahsulot emas. Adabiyot bizni ezgulikka, ezgu fazilatlarga chorlashi kerak. Adabiyot pandnoma ham emas. Lekin afsuski, kitob doʻkonlari javonida “Yaxshi yashash siri”, “Uzoq umr koʻray desangiz” va hokazo nomlar bilan atalgan kitoblar toʻlib ketgan. Hatto taniqli adiblar ham badiiy asar qolib, pandnomayu xotiralar va memuarlar yozishga oʻtib ketishdi.

Ehtimol, bozor iqtisodiyotining ayrim talablarini biz “hazm” qila olmayotgandirmiz. Ehtimol, bunga tayyor emasmiz? Bu ham toʻgʻri, biroq bu jarayonni toʻxtatib boʻlmaydi, uni yoʻnaltirib turish (iloji boricha, albatta) kerakka oʻxshaydi.

Yana gap oʻsha reklama (targʻibot)ga borib taqaladi. Yaxshi, salmoqli asarlar targʻiboti boʻsh, sayoz kitoblar koʻpayishining oldini oladi. Bunday asarlarni aniqlash Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi nufuzli kengashlar uchun unchalik qiyin emas. Bu borada janrlar yoki mavzular boʻyicha yilning eng yaxshi asarlari tanlovlarini oʻtkazish yaxshi samara berar balki.

Maktablarda ona tili va adabiyotdan dars beruvchi muallimlar bilan koʻp suhbatlashaman. Ulugʻbek Hamdamning Sobir Oʻnar, Abduqayum Yoʻldoshev, Isajon Sulton, Zulfiya Qurolboy qizi, Luqmon Boʻrixonning qissa va hikoyalari haqida suhbatlashmoqchi boʻlsam, ular bu kitoblarni oʻqimagan, hatto koʻpchiligi eshitmagan. Vaholanki, bu adiblar oʻzbek prozasining barcha anʼanalarini saqlagan holda nasrimizga salmoqli asarlar hadya etishyapti.

Badiiy asarlarni majmua shaklida chiqarish kerakka oʻxshayapti. Ayniqsa yoshlar mashqlarini. Agar eʼtibor qilgan boʻlsangiz, yakka muallif bilan chiqqanlari 500-1000, hatto 200-300 nusxada chiqayapti. U ham qaysidir sana yoki tanlov uchun chiqariladi. Agar toʻplam boʻlsa, ular oʻz ijodini qiyoslash imkoniyatiga ega boʻladi. Qolaversa, oʻsha toʻplamning ommaviyligi taʼminlanadi, chunki uni har bir muallif ixlosmandi oʻqiydi-da.

Misol uchun, Samarqandda “Yurtni sevmoq – saodat” (2 tomlik), “Zarafshon mavjlari”, “Iftixorimsan, Vatan” toʻplamlarini chop etdik va ular qoʻlma-qoʻl oʻqildi. Qolaversa, bu uslub adabiyotshunoslar uchun tahlil manbai sifatida xizmat qiladi.

Umuman, birorta veb-saytda chiqayotgan badiiy asarlarni kichik annotatsiya bilan berib borish kerak. Vaholanki, hozir ayrim nashrlarda duch kelgan (yaʼni qoʻliga tushgan) kitoblar haqidagina axborot beriladi.

Ijodkorning laboratoriyasi deganda uning kitobxonlar bilan muloqotini ham tushunaman. Esimda, oʻtgan asrning 80-yillarida SamDU “Shalola” toʻgaragida Abdulla Oripov, Muhammad Ali, Oʻtkir Hoshimov, Halima Xudoyberdiyeva kabi ijodkorlarning yangi asarlarini ular ishtirokida muhokama qilganmiz. Dadil takliflar aytilgandi. Hozir esa bunday imkoniyat ming karra katta. Oʻrta maktab va kollejlarda kitob taqdimoti rejali ravishda oʻtkaziladi. Bilmadim, agar oʻqituvchining oʻzi oʻqimasa, ular bu tadbirlarda qaysi asar taqdimotini oʻtkazishyapti ekan? Ehtimol, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda Oliy va oʻrta maxsus hamda Xalq taʼlimi vazirliklari bunday asarlar roʻyxatini kelishib olishar.

Yana bir taklif. “Madaniyat va maʼrifat” telekanali, “Oʻzbekiston” radiokanali “Oʻzbek sheʼriyati” ruknida sheʼrlar berib borishyapti. Qani endi, har bir axborot yoki xabarlar, yangiliklar dasturidan keyin hozirgi sheʼriyatimiz vakillarining eng yaxshi sheʼrlaridan oʻqib borilsa.

Hozir har bir tuman markazida istirohat bogʻlari qayta barpo etilayapti. Yaxshigina zallar ham qurilayapti. Bir oyda bir marta bu yerda kitobxonlik davrasi, adib bilan uchrashuv yoki kitob taqdimoti oʻtkazilsa. Ochigʻi, katta yoshdagilar bilan muloqot chogʻida ular qaysi kitobni oʻqishi kerakligini yaxshi bilmasligi maʼlum boʻlyapti. Kutubxonalar aholiga qulay joyda, chiroyli binoda boʻlishi ham muhim ahamiyatga ega.

Biz keksa avlod adiblari ijodiy laboratoriyasini yaxshi bilamiz. Ular xalq ichida yurgan. Maqola, ocherk yozgan, keyinchalik uni badiiy asarga aylantirgan. Yoki odamlar taqdirini, voqealar tafsilotini yillab oʻrganishgan. Menimcha bunga misol keltirishga ham hojat yoʻq. Ular hayotni kuzata bilishgan, ular oʻrgana bilishgan, ular tahlil qilishgan.

Davlatimiz rahbari adiblarga davr qahramonlari haqida asar kam yozilayapti, deb bekorga aytgan emas. Gap keyingi 23 yil ichida oʻzgargan, evrilgan maʼnaviyatimiz, odamlar turmush tarzi ustida bormoqda. Bunday asarlar yozilayapti, biroq yana oʻsha gap – reklamasi yoʻq. Menimcha, bu borada ham tajribali ijodkorlar ishtirokida davra suhbatlari, uchrashuvlarni koʻproq oʻtkazish zarurga oʻxshaydi.

Yaqinda bir ishbilarmon ayol bilan suhbatlashdim. Korxonasini ne mashaqqat bilan oyoqqa qoʻyganini, sunʼiy toʻsiqlardan qanday oʻtganini yigʻlab aytib berdi. Ayting-chi, ana shu azoblar sababini ochish zamona qahramoni obrazini yaratish emasmi?

Ochigʻi, men koʻp oʻqiyman. Qoʻlimga tushgan asarmi, gazetami, jurnalmi, albatta varaqlayman, yoqsa, oxirigacha oʻqiyman. Iloji boricha, taassurotimni maqola yoki kitob muallifiga bildiraman. Ayrim asarlardagi voqealardan, hatto chiroyli tashbehlardan yangi yozadigan bitigimga mavzu, gʻoya yoki turtki olaman.

Bugun yana bir holat muhokamabop boʻlib turibdi. U ham boʻlsa, nega nosir sheʼr yozayapti yoki aksincha, nega shoir hikoya yozayapti, degan savollar. Jurnalistning yoki boshqa kasb egasining badiiy asar yozishini hazm qilolmayotganlar yoʻq emas.

Ehtimol, professional jihatdan bu eʼtiroz toʻgʻridir. Lekin bu jarayonni toʻxtatib boʻladimi? Yoʻq, albatta.

Masalan oʻzim. Deyarli har kuni bitta maqola yozaman. Qancha qoʻlyozmalarni tahrir qilaman. Publitsistikaga oid kitoblarim chiqqan. Shundan ortib hikoya, sheʼr yozsam – nimasi yomon? Turli janrlarda asar yozish bu – fazilat! Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda, Oybek, Uygʻun ijodi bunga yaqqol misoldir.

Ijodkorning oilasiga ham oson emas. Ularni sabr, qanoat ushlab turadi. Haqiqiy ijodkordan tijoratchi chiqmaydi. Qalam haqiga yashash… oʻzingiz bilasiz. Shu sababli ikki sotixlik hovlim men uchun har qanday koshonadan ortiq. Meni adabiyotga boshlagan usta Tosh bobomning, oʻzi avvaldan mazmunini bilsada, bolaligimda kitobdan dostonlarni menga qayta-qayta oʻqitgan Sharofat momom, doimo qoʻllagan otam Isʼhoq muallimning ruhlari oldida oʻzimni doimo qarzdor his etaman.

Uyimizda hamisha kitob oʻqilgan, hozir ham oʻqiladi. Yangi asarlarni turmush oʻrtogʻim, nafaqadagi muallima qoldirmay mutolaa qiladi, nevaralarim ham. Ishxonamga ham har gal Toshkentdan yangi kitoblar olib kelaman. Harqalay, oʻqiydiganlar topiladi.

Mana, sizlar bilan adabiyot haqida baholi qudrat gaplashdik. Qani endi, ijodkorlar bilan shunday suhbatlar davomli boʻlsa.

 

Farmon TOSHYeV

 

“Yoshlik”, 2015 yil 5-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.