Adabiyot – haqiqatning badiiy aksi

0
2098
marta koʻrilgan.

 Adabiyot haqida bir-biriga oʻxshamagan har xil fikrlar barcha davrlarda boʻlgan. Uni baholashda shaxsiy fikrning koʻproq oʻrin olishi ham adabiyotning xolisligi bilan bogʻliq. Eʼtiboringizga taqdim qilinayotgan suhbatda adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Quanishboy Oʻrozimbetov va taniqli ijodkor, Qoraqalpogʻiston xalq shoirasi Guliston Matyoqubovalar adabiyotga oid turli xil muammolar atrofida soʻz yuritishadi.


 

Q. Oʻrozimbetov. Agar qarshi boʻlmasangiz, Sizga Guliston opa, deb murojaat qilsam, suhbatimiz samimiy boʻladi deb oʻylayman. Siz bilan adabiyot haqida suhbatlashish ishtiyoqi paydo boʻlganidan beri ancha vaqt kechdi. Toʻgʻrisini aytsam, bunga “Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasini nashr qilishni oʻzingiz boshlab, mehnat qilib, dunyoga keltirishdagi zahmatlaringiz turtki boʻldi. Bunday gazetaning zarurati allaqachon paydo boʻlgan boʻlsa ham, uni chiqarishga hech kim, hattoki shu adabiyotning jonkuyariman, ustuniman deb yurganlar ham hali bel bogʻlab maydonga chiqmagan edi. Agar sir boʻlmasa, toʻgʻrisini ayting, bu gazetani nashr qilishga oʻzingizda qanday jurʼat yoki zarurat sezdingiz? Gazetaning kelajagi qanday boʻladi deb oʻylaysiz? Bugungi kunda gazeta uchun obuna uyushtirish yoki uni kioska orqali sotib olishni tashkil qilish ham albatta oson ish emas-da…

 

G. Matyoqubova. Oʻrta asr Sharqining buyuk allomalaridan biri Jaloliddin Rumiy “Soʻz – libos. Maʼno – unda yashirin asror” degan ekan. Yaʼni, soʻzlashmoq – suhbatlashmoq, soʻzlar mohiyatiga yetib bormoq uchun Siz tanlagan uslub maʼqul deb oʻylayman. Ayniqsa adabiyot haqida suhbatlashmoqchi boʻlsak. Zero adabiyot – inson ichki olamini, ruhiyatni aks ettiruvchi koʻngil koʻzgusi, koʻzdagi va qalbdagi maʼnolarning aks-sadosidir. Mana yillar yillarga ulanib bormoqda. Mustaqil davronimiz boshlanganiga ham yigirma ikki yil boʻldi. Oʻsha yili dunyoga kelgan bolalar bugun balogʻat yoshida. Biz tamomila yangi jamiyat barpo etdik. Endilikda dunyo davlatlari Oʻzbekiston bilan qonuniy ravishda hisoblasha boshladilar. Ayniqsa, Qoraqalpogʻistonimizning keyingi yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, xalqimiz turmush farovonligining oshishi, qishloqlarimiz qiyofasi oʻzgarib borayotganligini hech kim inkor eta olmaydi. Bugungi kunda butun dunyoning rivojlangan mamlakatlari kabi, Qoraqalpogʻistonimizda ham oʻz kiyim fabrikalarimiz, oʻz ipak gazlamalarimiz, sof charmdan tikilgan poyafzallarimiz va boshqa koʻplab oziq-ovqat, sanoat mahsulotlarimiz paydo boʻlmoqda. Ustyurt tekisliklaridan topilayotgan gaz, neft konlari hali bu yurtning kelajagi yana ham zoʻr boʻlishidan darak bermoqda. Biz ijod ahli esa bu yutuqlar haqida toʻlib-toshib yozishimiz, yangi asarlar yaratib, xalqimizga taqdim qilishimiz kerak.

Mening millatim oʻzbek. Lekin mening yetti avlod ota-bobolarimning ham, mening ham kindik qonim shu tuproqqa toʻkilgan. Shu yurtda tugʻilganim esa mening baxtim. Qoraqalpoq xalqining boy ogʻzaki ijodi bilan oshno boʻlib oʻsdik. Adabiyotga shu xalqning boy maʼnaviy meroslarini oʻqib kirib keldik. Qoraqalpoq millati va xalqini adabiyot orqali dunyoga tanitgan Toʻlepbergan ogʻa va Ibroyim ogʻalardan keyin ular kabi ulugʻ ijodkorlar yana paydo boʻlishiga ishonaman. Toki, ular qoraqalpoq xalqining ogʻzaki ijodini, XIX-XX asr adabiyoti namoyandalari toʻgʻrisidagi asarlarni tahlil qilsinlar, XXI asr va yangi hayotning dostonlarini, qissa va romanlarini yaratsinlar. Ijodkorman deb, qoʻliga qogʻoz-qalam olgan ayrim yosh yigit-qizlarimiz yuzaki, soxta soʻzlar bilan emas, balki qalblarida Vataniga haqiqiy mehr tuyub, undagi ulugʻvorlik, yaratuvchilik mohiyatini yurak-yurakdan his etib, jonidan oʻtkazib, yuksak saviyadagi, ulugʻ asarlar yaratishlarini istayman.

Adabiyotshunos olimlarimiz bu sohada albatta qoraqalpoq xalqi mumtoz adabiyotining dunyo adabiyotida tutgan oʻrni, mustaqillik davri toʻgʻrisida ilmiy asarlar, risolalar, maqolalar yaratmoqdalar. Bu jarayonni yanada jiddiy davom ettirish adabiyotimiz rivojida suv bilan havodek zarur.

“Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasi toʻgʻrisidagi fikrlaringiz balki toʻgʻridir. “Bu gazetaning zarurligi allaqachon paydo boʻlgan boʻlsa ham uni chiqarishga hech kim, hattoki shu adabiyotning jonkuyariman, ustuniman deganlar ham bel bogʻlab chiqmagani haq” deyapsiz. Lekin ijod ahlining ruhi shu gazetadan quvvat olishi ham bor gap… Men yaqinda oʻtgan asrning 60-yillarida avaylab-asrab kelayotgan bir daftarimni qoʻlyozmalar ichidan topib, asta varaqladim.

Daftarda pala-partish, turli mavzularda yozilgan sheʼrlar bor edi. Ularga koʻz yugurtirib, oʻsha bolalik, oʻsmirlik yillaridagi holatga tushdim. Shamolday tez keluvchi orzular, umidlar… Atrofimda esa hech kim mening bunday holatlarimni anglamas, tushunmas edi. Menga faqat kitoblar ustoz edi…

Shularni eslab, bugungi kunda oʻsha mening yoshimdagi oʻsmirlarning kunora “Qoraqalpogʻiston tongi” gazetasi tahririyatiga olib kelayotgan sheʼrlari, hikoyalari toʻgʻrisida oʻyladim. Albatta, ularning barchasini tahlil qilishga, gazetada yoritishga imkoniyat yoʻq… Gazeta ham adabiyot gazetasi emas.

Bizning davrimiz yoshlariga bugungi mustaqillik yillaridagidek bilim va ijod eshiklari ochilib, keng imkoniyatlar yaratib berilmagan edi. Agar bugungi kunda shu imkoniyatlarga qoʻshimcha, faqat adabiyotga xizmat qiluvchi bir nashr yaratilsa, yosh isteʼdodlar uchun ham minbar, ham ustoz paydo boʻlardi, deb oʻyladim.

Bu niyatim maqsadga aylangach esa, qoraqalpoq xalqining boy xalq ogʻzaki ijodi toʻgʻrisida fikr yuritdim. Toʻgʻri, bu boy meros 100 jildlik toʻplamlarda jamlanayotganligi maʼlum. Lekin dostonlardagi falsafa, mohiyat tahlili hali kam oʻrganilgan. Adabiyotshunoslar eʼtiborini shu masalaga qaratib, chuqur tahlillar orqali xalq ogʻzaki ijodi, dostonchilik, ularning paydo boʻlishi va mangulik umri, ulardagi obrazlar, voqea va hodisalar haqida yozilsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Qolaversa, bugungi qoraqalpoq adabiyoti qay zaylda paydo boʻldi. Yillar davomida turli nashrlarda xilma-xil uslubda koʻpgina olim-adabiyotshunoslar tomonidan qalamga olingan bu tarix davr va siyosat domiga tushib, asl haqiqatini yoʻqotib, turlicha talqin qilinib kelganligi haq gap emasmi?

Oʻtgan asr boshlarida qoraqalpoq xalqining maʼnaviy hayotida juda ogʻir yillar boʻldi. Oʻz xalqining ong-tafakkuri boy boʻlishi, yoshlari taʼlim olib, barkamol insonlar boʻlishini orzu qilib qoraqalpoq alifbosiga asos solgan atoqli adibi (Sayfulgʻabit Majidov) qoralanib, oʻlimga mahkum qilindi. Berdaq va uning zamondoshlari merosi “burjua adabiyoti” deb qoralandi. Baxshi-jirovlar kuylagan dostonlar ham eskilik qoldigʻi deb oʻrganish, tahlil qilish maʼn qilib qoʻyildi. Qoraqalpoq xalqining qadriyat va urf-odatlarini ham bidʼatga yoʻyishdi…

Bunday mulohazalarni yana va yana davom ettiraverish mumkin. Men esa agar faqat Qoraqalpoq adabiyotiga xizmat qiluvchi zamonaviy gazeta paydo boʻlsa, bu tarixning yangilanishiga xizmat qilishi shak-shubhasiz, degan fikrga kelgan edim oʻshanda.

Yana bir niyatim qoraqalpoq adabiyotining oʻziga xosligini saqlab qolishga zamin yaratish edi. Boshqa millat vakillariga ham tegishli boʻlgan bunday oʻziga xoslik yoʻqolib ketmasligi kerak, buning uchun esa hamma harakat qilishi lozim.

Men adabiyotshunos olim emasman, lekin yuqoridagi fikrlarimni toʻliqtirib aytishim mumkinki, har qanday milliy adabiyotga albatta oʻzga adabiyot namoyandalarining badiiy mahorati va uslublari kirib kelishi kerak. Mana shunday ezgu maqsadli fikrlar “Qoraqalpoq adabiyoti” gazetasining 4 tilda – qoraqalpoq, oʻzbek, rus, ingliz tillarida chiqishiga sabab boʻldi.

 

Q. Oʻrozimbetov: Rahmat! Sizning bu ezgu niyatingiz va ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman. Siz oʻz soʻzingizda qay bir adabiyot boʻlmasin, unga tashqi taʼsir boʻlishini aytdingiz. Albatta, shunday. Dunyo adabiyotning rivojlanish tarixida tashqi taʼsirsiz yoki oʻzlashtirishsiz alohida bir tarzda rivojlangan bironta ham adabiyot yoʻq. Boisi shuki, badiiy adabiyotning rivojlanish tarixiga nazar tashlasak, bunday aloqalarni juda koʻplab uchratamiz. Har xil geografik kenglikda yashaydigan xalqlarning folklorida, adabiyotida birdek koʻchma syujetlarning uchrashini, qadimiy grek miflarining jahon xalqlari adabiyotlarining aksariyatiga taʼsir qilishini shu nuqtai nazardan izohlash ham mumkin.

Adabiyotga tashqi taʼsir deganda biz soʻz yuritilayotgan adabiyotning boshqa adabiyotlardan oʻrganishini, oʻzlashtirishini tushunamiz. Taʼsir etish esa adabiy ijodga boshqa nuqtai nazarlarning, gʻoyalarning, badiiy tamoyillarning taʼsiridir. oʻzlashtirish esa ijodkor tomonidan baʼzi syujetlarni, motivlarni, tekst (matniy) fragmentlarni foydalanish (bir holatlarda – passiv, ikkinchi holatlarda ijodiy faollik bilan). Bu yoʻnalishda muayyan olimlarning fikrlari bor. “Tashqaridan ijobiy taʼsir va oʻzlashtirish har xil, aksariyat hollarda bir-biriga oʻxshamagan adabiyotlar oʻrtasida mustahkam ijodiy aloqa oʻrnatadi”, degan edi hozirgi rus adabiyotshunoslik ilmining eng koʻzga koʻringan vakili, akademik Ye. Xalizev. “Xalq orasida adabiy aloqalar (oʻzining taʼsirchan koʻrinishlarida) adabiyotlarning rivojlanishini taʼminlay turib, ularning milliy xususiyatini rivojlantiradi” deydi atoqli oʻzbek adabiyotshunosi Naim Karimov.

Lekin tashqi adabiy taʼsir har doim ham ijobiy kechavermaydi. ayniqsa, katta xalqlar adabiyotining kichik xalq adabiyotiga taʼsiri oʻsha xalqning tarixiy-siyosiy rivojlanishining muayyan bir qismida juda kuchli boʻlsa, kichik adabiyotga oʻzining koʻpgina milliy udumlaridan ayrilib qolish xavfi tugʻadi. Buni yaqin oʻtmishdagi Sovet davridagi milliy adabiyotlarga rus adabiyotining taʼsiridan koʻrdik.

Bunday holatlar oʻzbek adabiyotida ham oʻrin olgan edi. Shuni ham aytish kerak, oʻzbek shoirlari bu yillarda rus va jahon sheʼriyati dargʻalari tajribasidan foydalanar ekan, oddiy taqlid qilish holatlari ham uchrab turdi. Ayniqsa, V. V. Mayakovskiyning novator sheʼriyati sirlarini yetuk tushunmasdan, “zinali” sheʼr shaklini oʻzbek sheʼriyatiga mexanik tarzda koʻchirish holatlari ham koʻrindi. Lekin keyinroq oʻzbek shoirlari ham, qoraqalpoq shoirlari ham bunday adabiy taʼsirning oqibatini toʻgʻri tushundi va bu yoʻldan qaytdi.

Endi, adabiy taʼsir masalasini shu yerda toʻxtatib, umuman adabiyot haqida fikrlashsak. Adabiyotni agar keng maydonga oʻxshatish zarur boʻlsa, men uni cheksiz okeanga tenglashtirgan boʻlar edim. Chunki adabiyot inson ruhiyatiga taʼsir etuvchi kuch sifatida ham, dunyo va jamiyat muammolarini oʻz ichiga olish darajasi boʻyicha ham, koʻngilga taʼsir etuvchi sanʼat asarlari, barcha axborot sohalarining tarmoqlaridan ham oʻzib ketdi. Insonda faqat aql va oʻylash emas balki koʻngil (yurak) bor ekan, u oʻzidagi barcha obraz va dunyoni va shu obraz orqali tushunishga boʻlgan zaruratni baribir adabiyot orqali topadi. Biz oʻzimizni shunday sirli dunyoni bilishga yoki boʻlmasa uni yana ham bezashga bel bogʻlagan (albatta bir milliy adabiyot vakillari sifatida) ijodkorlar deb hisoblasak, uning bugungi holati haqida fikr yuritib, bu haqda boshqalarni ham qiziqtirishi mumkin boʻlgan fikrlarimizni oʻrtaga tashlasak…

 

G. Matyoqubova. “Barchamizga ayonki, XXI asr intellektual salohiyat, tafakkur va maʼnaviyat asri sifatida insoniyat oldida yangi-yangi ufqlar ochish bilan birga, biz ilgari koʻrmagan, duch kelmagan keskin muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Bugungi murakkab va tahlikali zamonda yozuvchining bashariyatni ertangi kunini oʻylab, odamlarni ezgulikka, insof-diyonat, mehr-oqibat va bagʻrikenglikka daʼvat etishga qaratilgan haroratli soʻzi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda”. Bu soʻzlar Prezidentimizning “Adabiyotga eʼtibor, kelajakka, maʼnaviyatga eʼtibor” risolasidan olingan boʻlib, u Sizning savolingizga adabiyot sohasida davrga xizmat qiluvchi aniq javob boʻladi, deb oʻylayman.

Chunki Adabiyot maʼnaviyatning ajralmas qismi, u insonlarni turli qabih xatolardan, yovuzliklardan, xiyonat va yolgʻonlardan asrab turadi. U shunday qudratli va ulugʻvor kuchki, undagi ezgulik, yaxshilik, oliyjanoblik, mehr-oqibat, samimiy doʻstlik singari tuygʻular insonni barkamollik sari yetaklaydi.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida har bir ijodkorga nafaqat davr, balki umuminsoniy qadriyat, inson koʻngil olamining sir-sinoatlarini ham toʻla ochib, ijod qilishiga imkoniyat yaratib berildi. Shu bilan birga davlatimiz rahbari “… Shuni aytish joizki, aksariyat yozuvchilarimiz sovet davrining tarbiyasini olgan, uzoq yillar hukmron mafkura ruhida ijod qilgan. Lekin yana bir haqiqat ham borki, ularning koʻpchiligi kommunistik tuzum gʻoyalarini soʻzda maʼqullasa ham, aslida, ich-ichidan ularni qabul qilmagan. Negaki, kommunistik tuzum insonning, binobarin, millat va xalqning erkin va ozod yashashiga, milliy tafakkur, diniy qadriyatlarga qarshi boʻlganini ijod ahli hammadan koʻra chuqurroq anglagan”ligini koʻrsatib berib, har bir ijodkorga mehr va ishonch koʻzi bilan qaragani, xalqning qadim anʼanalaridan tortib, har bir isteʼdod sohibiga nisbatan yuksak eʼtirofda boʻlganida koʻrinib turadi.

…Davr shiddatkor kuch bilan olgʻa intilmoqda. Baʼzan vaqt fikrimiz va oʻyimizdan ham tez harakat qilayotgandek tuyuladi. Biz ijodkorlar davrdan orqada qolmaslik uchun siz aytganingizdek, internet tarmogʻi orqalimi, elektron kutubxonalardan foydalanibmi, vaqtli matbuot nashrlaridami, kitob chiqaribmi, radio televideniyedami, ijod qilishdan toʻxtamasligimiz, lozim, deb oʻylayman. Savolingizga toʻliq va aniq javob bergan boʻlsam, men xursandman.

Adabiyot – umrining mazmuni, kitob – hayotining hamrohi, doʻsti, sirdoshi, maslahatchisi boʻlgan bir inson sifatidagi kuzatishlarimdan bilamanki, men oʻqigan kitoblarning barchasidagi obrazlar bilan teng fikrlay oldim. Yevropa va Sharq adabiyotida Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Rumiy, Najmiddin Kubro, Shekspir, Gyote, L. Tolstoy, A. Pushkin, M. Lermontov, S. Yesenin, A. Axmatova, M. Svetayeva, A. Blok, Lorka asarlaridagi hikmatlardan kuch oldim, tuygʻularidan esa quvvat. Bu roʻyxatni koʻp davom ettirishim, ularning asarlaridan parcha keltirishim mumkin. Lekin bilamanki, bular toʻgʻrisida adabiyotshunoslik fanida koʻp va xoʻp aytilgan.

Suhbatimizni qoraqalpoq adabiyotiga burishni istayman. Qoraqalpoq adabiyoti ham men yuqorida tilga olgan adabiyotlardan, XIX-XX asr oʻzbek adabiyoti anʼanalaridan quvvat olib oʻsdi, rivojlandi. Lekin uning alohida milliyligi, umuminsoniy adabiyotga qoʻshgan hissasi boy xalq ogʻzaki ijodidagi obrazlarning abadiyligi bilan ajralib turadi.

Asarlarning milliy badiiyligi, taʼsir kuchi boshqa tillarga oʻgirilganda yoʻqolib ketishi toʻgʻrisidagi fikrlaringizga qoʻshilaman. Lekin bu yerda tarjimonning isteʼdodi, idroki va tafakkuri katta rol oʻynaydi.

Men adabiyotdan oʻz anglaganlarim nuqtai nazaridan ayta olamanki, Qoraqalpoq adabiyoti ham oʻz paydo boʻlish makon va zamoniga qaramasdan umuminsoniy adabiyotga munosib hissa qoʻshib ulgurgan. A. Begimov, A. Shamurotov, N. Japaqov, J. Aymurzayev, X. Seytov, S. Nurumbetov, T. Jumamurotov, I. Yusupov, T. Qaipbergenov, T. Matmurotov, Sh. Seyitov, T. Qobulov va boshqalar qoldirgan adabiy, maʼnaviy meros oʻz xalqi bilan birga umuminsoniy maʼnaviyat va adabiyotga ham xizmat qilaveradi. Faqat biz bugungi kun talablari darajasida bu adiblarning asarlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish uchun elektron kutubxonalarga joylashtirishimiz, alohida saytlar yaratishimiz va internet orqali Qoraqalpoq adabiyotini butun jahon kitobsevarlariga taqdim qila bilishimiz kerak boʻladi.

Maʼlumki, XXI asr insoniyat hayotiga oʻzining turli ofatlari bilan tahdid qilmoqda. Bu zilzilalar, sunamilar, qurgʻoqchilik, suv tanqisligi, terror, giyohvandlik, odam savdosi va hokazo. Xabaringiz bor, Yaponiyada roʻy bergan sunami ofatlari bu xalqning boshiga yogʻdirgan turli talafotlariga butun dunyo qaygʻurdi. Yaqinda shoir Kengesboy Karimov yaratgan “Yarador sakuralar” dostoni ushbu mavzuga bagʻishlanadi.

Men istar edimki, Qoraqalpoq adabiyotshunos adiblari Qoraqalpoq adabiyotini tarixiy badiiy fenomen sifatida ham, madaniy, afsonaviy xalq ogʻzaki ijodi sifatida ham, diniy-maʼrifiy yoʻnalish sifatida ham yangi zamon va makon nuqtai-nazardan kengroq tahlil qilishlari kerak boʻladi.

Ayniqsa, Qoraqalpoq adabiyotida soʻzdan foydalanish sanʼati milliy oʻzgachaligi sir-asrorlari ham oʻrganilishini kutib turibdi. Shu hududda yashab boshqa turkiy tillarda ijod qilayotgan yozuvchi, shoirlar ijodi ham shunday tadqiqotlarga muhtoj. Chunki bularning hammasi boshqa tilda yozilsa ham, yaxlit Qoraqalpoq adabiyotini tashkil qiladi. Shunday emasmi?

 

Q. Oʻrozimbetov: Siz adabiyotda umuminsoniylik va milliylik masalasining tub-tubiga shunchalik shoʻngʻib ketib fikr bildirdingiz, tegishli misollar keltirdingiz. Buning uchun rahmat. Lekin men masalani sal boshqacharoq yoʻnalishda qoʻymoqchi edim. Globallashuv jarayoni iqtisodiy munosabatlar, bozor munosabati, ilm, texnologiya, ishlab chiqarishda katta foyda keltirdi. Ilm – mayli, Oʻzbekistonda yaratiladimi, Rossiyada yoki Amerikada yaratiladimi – u dunyo ilmi deb nomlanadi, umumiy insoniyat uchun xizmat qiladi.

Badiiy adabiyotning vazifasi esa, menimcha, sal boshqacharoq. U qaysi bir xalqning vakili tomonidan yozilsa, oʻsha xalqning maʼnaviy dunyosini aks ettirib, oʻsha xalq vakillarining maʼnaviy ozuqasiga aylanadi. Lekin bu bilan Oʻzbekistonda oʻzbeklar yoki Rossiyada faqat ruslargina oʻsha davlatning yoxud xalqning adabiyoti vakili boʻlishi kerak, degan fikr kelib chiqmaydi. Oʻsha Vatanda yashovchi har qanday millat yoki xalq vakili oʻsha xalqning adabiyot vakiliman degan nomga ega boʻlishi mumkin. Bu dalil-isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.

Siz misol tariqasida keltirgan shoir Kengesboy Karimovning dostonini qoraqalpoq shoirining yapon xalqining fojeasiga hamdardligi deb baholash mumkin. Bu adabiyotdagi insonparvarlikning (gumanizmning) haqiqiy namunasidir. Men aytmoqchimanki, qaysi bir shoir boʻlmasin, birinchi navbatda sheʼrni oʻzining xalqiga, oʻz oʻquvchilariga moslab deymizmi, bagʻishlab deymizmi, yozadi. Qolaversa, shoir asarini boshqa tilga tarjima qilish – bu juda mashaqqatli ish. Qanchalik mohir tarjimon boʻlgani bilan asarning dastlabki asl nusxadagi magʻzini, badiiy jarangdorligini toʻla saqlab qola olmaydi. Yaqinda Sizning oʻzbek tilida va qoraqalpoq tilida chop qilingan sheʼrlaringizni oʻqib, bir qiziq holatga duch keldim. Bu ikki til bir-biriga yaqin boʻlgani bilan biridan ikkinchisiga tarjima qilish jarayonida dastlabki tabiiy sifatlarning buzilishi kuzatiladi.

 

G. Matyoqubova: Maʼnaviyatimiz qadimiy avlodlar hikmatlaridan kuch olib, maʼnaviy hayotimiz yangilanib, adabiyotga nisbatan dunyoqarashimiz oʻzgarib, adabiy didimiz yuksalanayotgan hozirgi kunda, siz oʻzingiz sheʼriyatning saviyasi, ahvoli qay darajada deb oʻylaysiz?

 

Q. Oʻrozimbetov: Boshqa xalqlar adabiyoti singari qoraqalpoq adabiyoti ham sheʼriyat asosida paydo boʻldi va rivojlandi. XX asrgacha adabiyotimizni sheʼriy asarlar tashkil qildi. Shunday ekan, adabiyotimizda barcha davrlarda ham sheʼriyat yetakchilik qildi. Ajiniyoz, Berdaq, Abbaz Dabilov, Tilovbergan Jumamuratov, Ibroyim Yusupov, Shaoʻdirboy Seytov, Tengelboy Sarsenboyev, Jiyenboy Izbosqanov singari oʻnlab shoirlar qoraqalpoq milliy sheʼriyatini boyitdi, turlantirdi.

Uning bugungi kundagi holatiga kelsak, sheʼriyat yaratilayapti, lekin, afsuski, yuqorida biz taʼkidlab oʻtgan isteʼdodlardek yarq etganlari kam. Shoirlarning shu nomga munosiblarining eng yoshlari, mening bilishimcha, S. Ibragimov, B. Genjemurodov, F. Mirzaboyeva, M. Jumanazarova bilan kifoyalanib turibdi. Ularning ham yoshi 50 dan oshib ketdi. Shunday ekan, isteʼdodlarning oʻsib shakllanishiga biz barchamiz jon kuydirishimiz zarur.

Sizning ijodingiz haqida shu birgina suhbat mobaynida baho berish qiyin. Shunday boʻlsa ham baʼzi kuzatishlarim bilan fikrlarimni bildirib oʻtsam deyman. Siz suhbatimiz davomida menga maktabdagi oʻquvchilik davringizdagi sheʼrlaringiz kiritilgan daftar bergan edingiz. Daftar eskirib, koʻp betlari yirtilib qolgan. Shunday boʻlsa ham betlarini qurab “Ona” degan sheʼringizni oʻqidim. Sheʼr 1963 yili 19 iyunda yozilgan ekan. Undan parcha keltirib oʻtay:

 

Onamiz bizni bezagan guldek,

Onamiz bizni bezagan hurdek,

Bizga atab oq nonlar yopadi ona,

Kolxozda ipak qurt boqadi ona,

Xalqiga xizmatkor boʻlgan ham ona,

Farzandga fidokor boʻlgan ham ona…

 

Shoirlik tajribasi esa keyinroq shakllanadi. Darvoqe, Sizning “Qaytmoq uchun ketmoqdaman” (“Qaraqalpaqstan”, 2004) nomli kitobingizda Oʻzbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupovning 1976-yili, yaʼni yosh shoira vaqtingizda Sizga yoʻllagan xati berilgan ekan. Oʻshanda Ibroyim ogʻa Sizga “sheʼrlaringizda koʻtarinki kayfiyat koʻproq, dard yetishmaydi” degan ogohlantirish bildirgan. Nazarimda, oldindan koʻradigan shoir Sizni shoirlikka qayrash uchun shunday yozgan boʻlsa kerak. Keyingi sheʼrlaringizda dard koʻproq. Lirik qahramonlaringiz inson va tabiat dardini ham, jamiyat dardini ham oʻzlarining yuragiga yaqin oladi, bu dard oʻqigan oʻquvchini befarq qoldirmaydi.

Siz 20 dan ziyod sheʼriy toʻplamlaringizni chop qildirdingiz. Ularning ichida sheʼriyat ham, nasr ham bor. Soʻnggi davrda matbuotda eʼlon qilayotgan publitsistik maqolalaringiz Sizning ijodda katta tajriba toʻplaganingizdan, dunyoqarashingiz, siyosiy dunyongiz yana ham kengayganidan darak beradi. Lekin baribir Sizning shoira boʻlib qolishingizni tilar edim.

 

G. Matyoqubova: Rahmat! Men buni oʻzim ham istayman. Bilasiz, shoirlik bu kasb emas. Lekin baʼzi hollarda jamiyat taraqqiyoti, atrofimizda roʻy berayotgan voqea-hodisalar, yangilanish va xalqning bunyodkor mehnatlarini jurnalist sifatida qalamga olmaslikning iloji yoʻq. Qolaversa jurnalist ham davr ruhi bilan teng yashab, teng fikrlab, hamnafas boʻladi ekan. Baʼzan jurnalist sifatida hayot haqida fikr yuritib, shunday bir savollar atrofida bosh qotiradi kishi. Shu savolni ayni sizga berish payti keldi, deb oʻylayman. Yaʼni, hayotda yaxshilik-yomonlik, muhabbat-nafrat, sadoqat-xiyonat, goʻzallik-xudbinlik birga yashaydi. Siz adabiyotda, sheʼriyatda baʼzan uchrab turadigan bunday mavzularni qanday tarzda qabul qilasiz?

 

Q. Oʻrozimbetov: Agar sheʼriyatda bunaqangi bir-biriga zid tushunchalar bir asarda berilsa, unda shoir badiiylikning antiteza usulidan foydalangan boʻladi. Shoir bunday tushunchalarni mohirona va oʻz oʻrnida qoʻllansa asar soʻzsiz muvaffaqiyat qozonadi. Bunga misolni adabiyotimizdan koʻplab keltirish mumkin. T. Matmurodovning bir toʻrtligi bor:

 

Men hayron qolaman, ne uchun togʻlar

Biyik boʻlgan sayin sovuq boʻladi.

Men hayron qolaman, baʼzi odamlar

Biyik boʻlgan sayin suyuq boʻladi.

 

Siz aytgan tushunchalar shunday badiiy detal sifatida foydalanilsa, u fikr jozibadorligini kuchaytiradi, asar badiiyligini orttiradi.

 

G. Matyoqubova: Lekin men kengroq javob olmoqchi edim. Endi savolimni boshqaroq qilib beraman. Tanqidchi sifatida, yozuvchilarning Sizga munosabati qanday, ularning baʼzi gap-soʻzlaridan xafa boʻlmaysizmi?

 

Q. Oʻrozimbetov: Agar men badiiy asarga baho berib, kimningdir koʻngliga tegsam ham javob tariqasida meni qandaydir soʻzlar bilan (albatta, aksariyat hollarda bunday gap-soʻzlar boshqalarga aytiladi) ranjitmoqchi boʻlsa, men undan xafa boʻlmayman. Negaki, men badiiy asarga tanqidiy fikr aytsam, hech qachon uning muallifi bilan shaxsiy munosabatim oʻrtaga qoʻyilmaydi. Tanqid odatda asarning yana ham teranlashuvi uchun yoziladi. muallif buni bugun tushunmasa, ertaga, albatta, tushunadi. Adabiyotga tasodifiy kelib qolganlar buni tushunmaydi va ularga tushuntirib oʻtirishning zarurati yoʻq.

Meni ranjitadigan boshqa narsa: asarlarining badiiy saviyasi past, lekin kitob chop qilgan, baʼzi asarlarini matbuotda eʼlon qilgan mualliflar mendan asarlari haqida maqtov soʻz, yaxshi baho eshitgisi kelishini his qilaman. Ana, shunday paytda juda qiynalib qoladi kishi.

 

G. Matyoqubova: Adabiyot haqidagi suhbat ijodkorning koʻngil tubida yashirin yotgan holatlari yoki savollari, yoki mulohazalarini oʻrtaga chiqarib, toʻkib tashlashga undayverar ekan.

Oʻrtaga bir savol tashlashdan oldin adabiyotshunoslikka (mening nazarimda bu uslub yaqin 15-20 yilda paydo boʻlgandek) yangidan kirib kelgan bir usul toʻgʻrisida siz bilan fikrlashmoqchi edim. Balki bunday usul oʻzingiz ham bir necha marta duch kelgandirsiz.

Maʼlumki har qanday ijodkor, nazmdami yoki nasrdami badiiy asar yaratsa, shu asar toʻgʻrisida adabiyotshunos olimlarning fikrlarini bilgisi keladi. Baʼzi hollarda hamqalam doʻstlari “Doʻstim, qoyil, qissa zoʻr chiqibdi” yoki “Sheʼringdagi yangi fikr falsafasiga qoyil qoldim” deb fikr bildirsalar, bu fikr shu ijod mahsuliga berilgan toʻlaqonli baho boʻlmasa ham, qaysidir maʼnoda ijodkorga yangi bir ruh bagʻishlaydi. Siz adabiyotshunos olim sifatida har bir yozilgan yangi asarni eʼtibordan qochirmaysiz. Men oʻzim respublika matbuotida sizning yangi asarlarga yozgan adabiy maqolalaringizni tez-tez oʻqib turaman.

Lekin… Fikrimni qanday bayon qilishni ham bilmayapman. Xullas, soʻzni katta bir taniqli yozuvchi huzurida boʻlgan suhbatdan boshlayman.

Yozuvchilar uyushmasida boʻlib oʻtgan yigʻilishda mustaqillikning ilk yillaridagi yangi nomlar – yosh shoir, yozuvchilar toʻgʻrisida gap ketdi. Ularning ijodini matbuotda eʼlon qilish, kitoblar chop qilishda qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, adabiyotshunoslar, taniqli yozuvchilar ularga oq yoʻl tilab, taqrizlar yozib berish zarurligi toʻgʻrisida aytildi. Men tilga olayotgan taniqli yozuvchining “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida endi sheʼriyatga kirib kelayotgan ijodkor toʻgʻrisidagi koʻlamligina adabiy maqolasi chop qilingan edi. Undagi tiniq fikrlar, satrma-satr qilingan tahlillar, ijobiy yechimlar isteʼdod egasini sheʼriyatning eng yuqori choʻqqilarga chiqarib qoʻygan edi.

– Rahmat sizga, bir yosh ijodkorning adabiyotga kirib kelishini naqadar yuksak baholar, samimiy tilaklar bilan kutib olibsiz. Lekin nega 15-20 yillab ijod qilayotgan shoirlarimiz ijodiga bunday tahlillar bilan baho bermagansiz, – deb soʻradim.

U kuldi.

– Bu yangi usul, uni men yozmadim, oʻzi yozdimi, yoki kimgadir yozdirib keldimi, men imzo chekib berdim, xolos, – dedi xotirjamlik bilan. – Umuman bu yangi usul, menga maʼqul. Agar siz ham oʻz ijodingiz haqida shunday fikr eshitishni yoki bildirishimni istasangiz, oʻzingiz haqingizda yozib keling, men albatta imzo qoʻyib beraman. Mening imzom barcha nashrlarga oʻtadi, – dedi u ishonch bilan.

Men sal dovdirab qoldim. Chunki bunday qilish mening nazarimda, adabiyotga, ijodkorga, ijodiy jarayonlarga boʻlgan xiyonatday edi. Nima boʻlganda ham men shunday, deb oʻyladim. Bu fikrlarimni ovoz chiqarib aytmasam ham, ruhim juda azoblandi. Toʻgʻrisi oʻsha ijodi qalamga olinib, osmonu-koʻkka chiqarib maqtalgan ijodkorga achindim.

Sizdan adabiyotshunoslikdagi mana shunday usul toʻgʻrisida soʻramoqchi edim. Sizning faoliyatingizda ham qaysidir ijodkor oʻzi haqida adabiy maqola yozib, imzo qoʻyib berishni soʻraganmi? Umuman sizning bunday usul munosabatingiz qanday?

 

Q. Oʻrozimbetov: Siz adabiyotning eng kasal, ogʻriqli nuqtasi haqida fikr yuritmoqdasiz. Bu kasallik oxir-oqibat adabiyotni oʻldirishi ham mumkin. Shuning uchun siz bu masalani koʻndalang qoʻyish orqali mazkur kasalni ham davolab, ham oldini olmoqdasiz deb oʻylayman. Davolaganingiz-kasallikka chalinganlar ham, hattoki, siz tilga olib oʻtgan taniqli yozuvchi ham bu usuldan voz kechar, ushbu kasallikni yuqtirish arafasida yurganlar esa bu yoʻldan voz kechar deb umid qilaman.

Xalqimizda “issiq suv gupchakka ham yoqadi” degan gap bor. Shu singari, maqtov soʻz eshitishga koʻplar moyil, buni inkor etish qiyin. Agar u maqtovga loyiq boʻlsa, maqtov kimlar tomonidandir xolisona aytilsa, buning nimasi yomon? Albatta, oʻrinli. Siz yuqorida keltirib oʻtgan maqtov, balki maqtalganning ham, maqtaganning ham koʻngliga xotirjamlik inʼom etar. Ishoning, bu vaqtinchalik jarayon. Keyinroq u ijodkor ijoddan voz kechib qoʻya qolmasa, uning asarlari kimlar tomonidandir tahlil va tanqid qilinadi. Ana shunda agar ularda ozgina vijdon boʻlsa afsuslanadi, oʻz ishlarining nooʻrin ekanligini tushunib yetadi…

Bu “yangi usul” adabiyotshunoslikka qanchalik yot boʻlsa ham, afsuski, muayyan darajada sal boshqacha shaklda joy olib ulgurdi. Uning yangi shakli bu birovlar uchun ikkinchi birovlarning tadqiqot yozib berishidir. Mazkur usulning oʻzbek adabiyotshunoslik ilmida uchrashi haqida oʻz vaqtida taniqli adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul, qoraqalpoq adabiyotshunosligida ham joy olayotganligi haqida professor Karimboy Quramboyev achinib fikr yurgizgan, maqola yozgan edi. Aslida hech kim boshqalarga ish yozdirib, adabiyotshunos olim boʻla olmaydi. Lekin u kimsalarga ilm kerak emas, diplom kerak. Fan nomzodi yoki fan doktori degan maqomni beruvchi diplom kerak. Masalaning ayanchli tomoni ham shunda.

Endi, badiiy adabiyot yoʻnalishida ham shunday harakatlar bor ekanini payqab qolamiz. Yaqinda ikki yosh muallifning kitoblari qoʻlimga tushdi. Mualliflar maktab yoshidagi oʻspirinlar ekan. Ularning asarlarini oʻqib qarasam, hayotdan ancha tajriba toʻplab, undan zarbaga uchragan keksa kishilarning fikrlarini koʻrdim. Qofiya, oʻlcham singari sheʼrning texnik tomonlari ham oʻz joyida. Yosh bolalarga xos soddalik, begʻuborlik yoʻq. Hayotdan koʻngli sovigan, oʻquvchiga aql aytishga moyil lirik qahramonlarni uchratasiz. Toʻgʻri, hamisha ham lirik qahramondan muallifning oʻzini koʻra olmasligingiz mumkin, biroq shoirlik “meni” – bu lirik qahramon ekanligini eslasak, lirik qahramonning shoirdan olislab ketolmasligi tushunarli boʻladi. Shunday ekan, bu bolalik davridagi oppoq koʻkraklarga dogʻ tushirib, ularni “shoir” qilishga harakat etayotganlar qanaqangi yaxshi maqsadlarni koʻzlamasin, ularning bunday “gʻamxoʻrliklarini” oqlash mumkin emas. Maktab yoshida koʻplab sheʼrlar “yozib”, hattoki, toʻplamlar chop qilib, ulgʻaygandan soʻng esa adabiyotning atrofiga ham yoʻlamay ketgan “shoirlar”ni bilamiz. Shunda buni “oʻzini-oʻzi aldash” deb tushunamizmi, bilmadim…

 

G. Matyoqubova: Suhbatimizga “Adabiyot – haqiqatning badiiy aksi” deb sarlavha qoʻyib boshlagan edik. Hozirgi javobingizdan fikrlar esa buni inkor qilganday boʻlayapti. Chunki adabiyot “oʻzini aldash”, “andisha”, “musulmonlik” degan tushunchalarni koʻtarmaydi. Chunki adabiyotda ruh birlamchi. Inson ruhiy olamidek cheksizlikni koinotga, galaktikaga tenglashtirgan boʻlardim. Nima oʻzi u inson ruhi? Ruh – aslida moddiyat emas, yoki adabiyot singari ham nafis, ham koʻrinib turmaydi. Aytaylik adabiyotni ham yeb-ichib, quchib, oʻpib boʻlmaydi. Yaʼni adabiyot ham ruh kabi yoʻq boʻlib ketmaydi, u mangu, uning oldida na chegara, na vaqt, na hukmronlik va na boʻysunish bor. Lekin, bilamizki, tirik ruh moddiyatni boyitib turadi. Moddiyat esa ruhsiz jonsiz-oʻlik hisoblanadi. Inson ham agar oʻz ruhidan ayrilgan boʻlsa u manqurt, faqat moddiyatga bogʻlangan, qiziqishlari soʻngan, atrofdagi hamma narsaga beparvo yaʼni ruhi oʻlgan, maʼnaviyatsiz moddiyatga aylanadi. Axir inson faqat yeb ichish, mol-dunyo toʻplash uchungina yashamaydi-ku? Shu oʻrinda ishonch bilan aytish mumkinki, bu borada insonga adabiyot yordamga keladi. Inson paydo boʻlgandan beri oʻtgan million-million yillar davomida insoniyat oʻz ruhini adabiyot, sanʼat bilan boyitib, adabiyot bilan oziqlantirib kelgan. Ilk adabiyot hali odamzod yozish, oʻqishni bilmagan davrlarda ham xalq ogʻzaki ijodi sifatida paydo boʻlishi fikrimizning yorqin dalili boʻla oladi.

Ruhiy boy asar oʻqigan inson oʻzida yengil bir tozarish, yangilanishni his qiladi. Uning koʻz oldida mayli bir necha daqiqa boʻlsa ham olam koʻrinishlari oʻzgaradi. U oʻzi yashab turgan muhitdan boshqa bir olamga bemalol oʻta oladi. Uning tafakkuri kengayib, ongi yorishib, kayfiyati koʻtariladi, olam va odamni tushunishi barobarida fikrlari yangilana boradi. Ayniqsa tabiat va inson koʻngli sir-sinoatlarini ochib beradigan asarlarni oʻqiganda, inson oʻzining nechun yaratilgani, nega yashayotgani, qanday yashayotganiga sirtdan razm sola oladi. Asar qahramonlarining taqdiriga qaygʻurib, oʻz hayot yoʻli – taqdiriga tiniq aql bilan qaray boshlaydi, oʻziga boʻlgan ishonchi ortadi. Ruhiyatini boyitib, bu borada koʻproq izlangan kishi albatta “Men kimman?”, “nega yashayapman” kabi savollarga javob topadi.

Bizning ajdodlarimiz buyuk allomalarimiz bu borada olamshumul yutuqlarga erisha olgan. Sharq falsafasi, adabiyot olami insoniyatga ana shunday ruhiy quvvat berib kelmoqda.

 

Q. Oʻrozimbetov: Inson maʼnaviyati adabiyotning bosh masalasidir. Uni yaratish ijodkorning isteʼdodiga, mohirligiga bogʻliq boʻlsa, badiiy asardan inson ruhiy holatini anglay olish oʻquvchining adabiyotni bilish darajasiga bogʻliq boʻladi.

Poetik soʻzning inson ruhiyatiga taʼsir qilish kuchi haqida adabiyotshunoslar taʼkidlab oʻtgan. Shu bois ham qadimiy Sharqda va yunonlarda tibbiyot, tarix, falsafaga oid asarlarni sheʼriy shaklda yozganlar. Bu bilan mualliflar oʻz fikrining taʼsirchanligini orttirmoqda, yod olinishini osonlashtirmoqchi boʻlgan. Poetik soʻz chiroyli, tantanavor koʻrinadi. Ustiga ustak, u insonga zavq bagʻishlaydi, soʻzdagi hissiyotni, taʼsirchanlikni orttiradi, maʼnaviy zaruratni qondiradi, Aristotel aytganidek, gʻoyaning oʻquvchi ongiga singib borishiga yordamlashadi.

Oʻzbek adabiyotini yoshligimizdan oʻqib, oʻrganib kelmoqdamiz. Shuni taʼkidlashim kerakki, inson ruhiy olamini qahramon psixologizmi orqali yasashda oʻzbek adabiyoti juda katta tajribaga, maktabga ega. Biz Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”ini ilk bor oʻqiganimizdayoq koʻnglimizda Otabek bilan Kumushning saodatli visoliga tilakdosh boʻlganmiz. Uning kundoshi tomonidan zaharlanganligiga qattiq qaygʻurib, yigʻlaganmiz. Romanda oʻzbek xalqining boy milliy urf-odati, oʻzbekona psixologizm shunday yaqqol beriladi, uni shu xalqning badiiy pasporti deb atash mumkin. Otabekning otasining “Bu xonadondan hech kim xafa boʻlib ketmasligi kerak” degan tanish iborasini eslab koʻring… Buni milliy maʼnaviyatni yaratishning namunasi sifatida koʻrsatish mumkin. Abdulla Qahhor, Oybek, Shukur Xolmirzayev, Togʻay Murod singari oʻnlab oʻzbek prozaiklari inson ruhiy dunyosini yaratishni oʻzbek hayoti, oʻzbek maʼnaviy dunyosi bazasida amalga oshirdi, ularning asarlari hali talay asrlar mobaynida insoniyatga xizmat qiladi. Bundan tashqari tarix boʻyicha ham, zamonimiz haqida ham yozilgan juda koʻpgina asarlarda inson maʼnaviyati, ruhiy kechinmalari aks ettirildi, agar ularning barchasini qator qoʻyib bir masshtabda qarash mumkin boʻlganida, shu xalqning murakkab milliy qiyofasi yaratilgan boʻlardi. Lekin buni amalga oshirish qiyin, birgina suhbat mobaynida u asarlarning barchasini koʻrsatib oʻtishning oʻzi mushkul.

Adabiyotni kuzatib boruvchi bir oʻquvchi sifatida shuni aytishim mumkin, soʻnggi yillardagi dunyo adabiyotidagi globallashuv jarayonining taʼsiri oʻzbek adabiyotini ham chetlab oʻtmadi. Dunyo adabiyotining eng sara namunalari oʻzbek tiliga tarjima qilinmoqda. Bu yaxshi, albatta. Biroq… Qahramon obrazlarini yaratishda (qahramon psixologizmi, qahramonning nutq tili v. h.) hayotiy voqealarni keltirib chiqarishda oʻzbekona ruh sezilmayotgandek tuyuladi. Personajlarning nutq tili oʻzbekcha boʻlgani bilan unda oʻzbekona andisha sezilmaydi. Bu holat qoraqalpoq adabiyotida ham mavjud.

“Mustaqillik adabiyotga nima berdi?” degan savol koʻp marotaba takrorlanadi. Lekin unga javob berishda bir xillik yoʻq. Men ham unga original javob beraman degan fikrdan yiroqman. Lekin shuni taʼkidlashim kerak, Mustaqillikni oʻzbek adabiyoti vakillari butun oʻzbek xalqi singari katta gʻurur, koʻtarinki kayfiyat bilan kutib oldi. Ushbu koʻtarinkilik ularning ijodiga ham oʻtdi. Sir emas, mustaqillikning dastlabki yillarida, ayniqsa sheʼriyatda ijtimoiy tuzumdagi oʻzgarishlarni yuzaki maqtovlar, deklaratsion koʻrinish koʻproq namoyon boʻldi. Hozirgi davr oʻzbek sheʼriyati esa hayotni teran uqqan, uni badiiy obrazlarga koʻchirishda mazmun va shakl jihatdan izlanuvchanlikka ega, falsafiy-intellektual sheʼriyatdir. Inson his-tuygʻulari, ruhiy holati turlicha qiyofada, usullarda va shakllarda yetkazilmoqda. Lirik qahramonning harakat qila olish obʼyekti kengayib, mohiyati murakkablashib bormoqda.

Oʻzbek sheʼriyatiga xos boʻlgan aruz, barmoq vaznlaridan tashqari erkin sheʼr, nasriy sheʼr singari sheʼr turlari keng rivojlanmoqda. Bunaqangi sheʼriy shakllar shoirlarning dunyoni yangicha tushunishga intilish jarayoni boʻlish bilan birga hozirgi hayotning rivojlanish surʼatiga, kishilarning fikrlash dinamikasiga va hayot tarziga ham mos kelayotganini unutmasligimiz kerak. Bunday shakl jihatdan izlanishlar qoraqalpoq sheʼriyatida ham koʻzga tashlanmoqda.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–8

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.