Yurgan yoʻllaringda kitoblar boʻlsa…

0
123
marta koʻrilgan.

Yaqinda tibbiy tekshiruvdan oʻtish uchun Toshkent tibbiyot akademiyasiga bordim. Tushgacha tekshiruvdan oʻtib olib, ishga ham vaqtida ulguraman, deb oʻylagandim. Ammo xayolim puchga chiqdi. Shifoxona toʻla odam – navbatning keti koʻrinmaydi. Buning ustiga bunday talatoʻpda navbat talashib bezor qilgan bemorlarning shovqinidan sogʻ odam ham kasal orttirishi hech gap emas.

Buyogʻini soʻrasangiz, kasalxonada eshikma-eshik yurib navbat kutish bilan kunim kech boʻldi. Lekin afsuslanmasam ham boʻlar: kun davomida bu yerga najot izlab kelgan bemorlarning oltinga teng vaqtlari nimalarga sarf boʻlayotganini angladim. Ana shunda miyamga bir fikr keldi. Birinchi fikr shu boʻldiki, agarda shifoxonalarimizning odamlar bilan toʻla zallarida gazeta, jurnal va kitoblar terib qoʻyilgan javonlar boʻlsa, navbat kutish yoki janjal koʻtarishdan ming bor foydaliroq boʻlar ekan. Qolaversa, asablar dam olardi. Eng asosiysi, yuqorida taʼkidlaganimiz vaqt va moddiyat muammosi haminqadar yechimini topardi.

Bunda bemorlarga turlicha adabiyotlarni tavsiya etish mumkin. Masalan, tushkunlikka tushib qolgan bemorlar uchun mashhur adib O. Genrining “Soʻnggi yaproq” nomli hikoyasiga oʻxshash asarlar umid va ishonch bagʻishlaydi, uning sogʻayishiga ruhan yordam beradi. Aslida-ku, bu amallar katta mablagʻ yoki kuch talab qilmaydi. Ammo bu tadbir bemor uchun eng foydali darmon boʻlishi mumkin.

Shuningdek, vokzallarimizni olaylik. U yerda yoʻlovchilar soatlab poyezd kutishadi. Tabiiyki, bunday noqulayliklar ularning vaqtlarini oʻgʻirlaydi. U yerda ham kitobxonlik va gazetxonlik borasida beminnat xizmat koʻrsatilsa, albatta maqsadga muvofiq boʻlur edi.

Metroda, hatto avtobekatlarda ham moʻjazgina gazeta, kitoblar terilgan javonlar oʻrnatsa boʻladi. Yoʻlovchilar bir bekatdan olgan nashrlarini keyingisida qoldirishadi. Natijada birgina ijod mahsulidan yuzlab kishi bahra olishi mumkin. Kuzatgan boʻlsangiz, poytaxtimizning koʻrki boʻlib turgan Oʻzbekiston Anjumanlar saroyi yonida “Book cafe” joylashgan. Bu yerda taom tanovvul qilish bilan birga, kitob va gazetalar oʻqishingiz, bepul internet tarmogʻidan foydalanishingiz mumkin. Alohida eʼtiborga ega bunday manzillarning shaharlarimizda koʻpayishi barchani birdek quvontiradi, albatta. Binobarin, bunday yangicha tadbirlardan soʻng xalqimizning kitobga mehri va muhabbati yanada ortishi tabiiy.

Bir soʻz bilan aytganda, kitobxonlik madaniyatini oshirish butun dunyo xalqlarining eʼtibor markazida turgan eng muhim masalalardan biri. Shu sababli, rivojlangan mamlakatlar hozirgi kunda bu borada yangi innovatsion gʻoyalarni amalga oshirmoqda. Birgina misol. Germaniyada shahar koʻchalarining chetlarida qizil telefon butkalari bor. Biroq mobil aloqalarining rivoji tufayli hozir ulardan foydalanilmaydi. Lekin uzoqni koʻzlovchi nemislar ularni kitob javonlariga aylantirishdi. Endilikda yoʻlovchilar telefon butkalaridagi kitoblarni olib mutolaa qilishadi va keyingi uchragan butkada qoldirib yoʻlida davom etadi.

Yoki Buyenos-Ayressda yaratilgan ajabtovur tankni olaylik. Zamonaviy sanʼatkor Raul Lemesoff tomonidan ishlab chiqilgan tank jang qilish uchun emas, ommaviy savodxonlikni oshirish maqsadida oʻylab topilgan. Bu shunchaki tank shaklidagi kitob javoni boʻlib, unga 900 dan ortiq nashrni joylashtirish mumkin. Raul Lemesoff oʻz tankiga kitoblarni joylab olgancha Buyenos-Ayress koʻchalari boʻylab yoʻlovchilarga ulashadi. – “Mening ishim juda xavfli, – deydi tank ijodkori Raul Lemesoff – Men aholiga kutilmagan paytda, kutilmagan tarzda hujum qilaman”.

Bir soʻz bilan aytganda, aholini kitob mutolaasiga daʼvat etishda bunday oʻziga xos usullar samarali natija beradi. Shu bois biz ham xalqimizning maʼnaviyatini oshirish yoʻlida yangi innovatsion gʻoyalardan RR (jamoatchilik bilan aloqalar) usullaridan unumli foydalanishimiz kerak. Bu borada aholi gavjum maskanlarda turli PR aktsiyalari, intellektual oʻyinlar tashkil qilish joiz. Zero, maʼnaviy ongimiz yuksalsagina moddiy jihatdan barqaror jamiyatni qura olamiz.

 

Sanjar ESHMURODOV

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.