Yulduzlarga talpingan zot

0
380
marta koʻrilgan.

Tariximiz zarvaraqlariga koʻz tashlasak, oʻtmishda bobokalonlarimiz yaratgan ulkan meros, ilm-fanda, qoʻyingki, barcha sohalarda erishilgan yutuqlar bor boʻy-basti bilan namoyon boʻladi. Asosiysi, Movarounnahrda tugʻilgan va jahon ilm-fani, madaniyatiga ulkan hissa qoʻshgan alloma va mutafakkirlarimizni bugungi kunda dunyo ahli yaxshi taniyotir. Ular orasida Mirzo Ulugʻbekning nomi alohida hurmat va ehtirom bilan tilga olinadi.

Temuriylar sulolasining uchinchi avlodi Mirzo (Sulton) Muhammad Taragʻay ibn Shohrux ibn Temur – Ulugʻbek Koʻragon 1394 yil 22 mart kuni Sohibqiron Amir Temur tomonidan Eron va Yaqin sharq mamlakatlariga qilingan besh yillik buyuk yurish paytida Ozarboyjonning Sultoniya shahrida tavallud topdi. Ulugʻbekning otasi Amir Temurning kenja oʻgʻli Shohrux, onasi esa saroy aʼyonlaridan boʻlgan oʻiyosiddin tarxonning qizi Gavharshodbegim edi.

Oʻsha davrda Amir Temur qoʻshinlari Iroqda muhoraba olib borardi. 16 aprel kuni Mardin shahri sohibqiron Amir Temurning tasarrufiga oʻtdi. 17 aprelda Sultoniyadan kelgan chopar Amir Temurni nabira koʻrgani bilan qutlaydi. Bunday xushxabarni eshitgan sohibqiron hazratlari Mardin shahri aholisiga rahm-shafqat koʻrsatib, ularni soliq toʻlovlaridan ozod etadi.

Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy oʻzining “Zafarnoma” asarida Ulugʻbekning tugʻilishi toʻgʻrisida shunday maʼlumotni keltiradi: “Tangri jahon ellarining podshosi Shohruxga oʻgʻil hadya qildi. Yangi chaqaloq buyuk, hosildor va sersuv diyorda dunyoga keldi, yangi mehmon baxtli yulduz ostida tugʻildi”.

Chaqaloqqa amir Temur oʻz padari buzrukvori ismi bilan Muhammad Taragʻay deb nom berdi. Maʼlumki, Amir Temurga ulugʻ amir deb murojaat qilishardi. Arab va forslar isteʼmolidagi “amir” soʻzi turkiylarning “bek” soʻziga mos kelardi. Shundan kelib chiqilsa, sohibqiron suyukli nevarasini oʻz taxallusi bilan ulugʻ bek (Ulugʻbek) deb atagan degan taxminlar haqiqatga ancha yaqinroqdir.

Sharafiddin Ali Yazdiy maʼlumotiga koʻra, Ulugʻbek murgʻak yoshligidan momosi Saroymulkxonimning tarbiyasida boʻlgan. Oʻsha yilning avgust oyida Shohruxning boshqa xotini ham oʻgʻil tugʻadi va unga Ibrohim ismi beriladi. Ulugʻbek, Ibrohim va boshqa shahzodalar, Saroymulkxonim va amirni kuzatib chiqqan aʼyonlar 1400–1401,1402–1403 yillarda aksariyat vaqtlarini Sultoniyada oʻtkazadilar. 1403 yilda ular Amir Temurni Arzrumda kutib olishadi.

1404 yilning kuzida Amir Temur 7 yillik yurishi gʻalabasini nishonlab Samarqand yaqinida oʻtkazgan bayram sayllarida Ispaniya va Xitoy elchilarining bobosi tomonidan qabul marosimida Mirzo Ulugʻbek ham ishtirok etadi. Mazkur sayilda sohibqiron 9 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan barcha nevaralarini uylantirganini ham maʼlum qiladi. Oʻshanda oʻn yoshli Ulugʻbek Jahongir mirzoning oʻgʻli Muhammad Sultonning qizi Ugay begimga uylantirilgan edi.

1404 yili Amir Temur nabirasi Ulugʻbekka Toshkent, Sayram, Avliyo ota, Oshpar va Moʻgʻulistonni (Xitoygacha), Ibrohimga esa Fargʻona va Qoshgʻarni suyurgʻol qilib berdi. Ammo shahzodalar hali yosh boʻlganliklari sababidan bobolarining huzurida qolishdi. Yoshlik yillarida Ulugʻbekning turli sohalar boʻyicha bilim olishi, ongi va dunyoqarashi shakllanishida, harbiy qoʻshin bilan uning turli mamlakatlarga safarlari, davrning bilimli va maʼrifatli ulamo va fozil insonlari bilan muloqotda boʻlishi katta rol oʻynagan. Ulugʻbek Platon, Aristotel, Gipparx kabi yunon va Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud Chagʻminiy kabi Sharq allomalari meroslarini yaxshi oʻrgangani uning ilmiy faoliyati natijalarida yaqqol namoyon boʻladi.

Ulugʻbek oʻn besh yoshidan ulkan mamlakatning sultoni sifatida to umrining oxirigacha, yaʼni qirq yil mobaynida davlatni boshqardi. Tarixiy manbalarga suyanib, Ulugʻbek hukmdorligining dastlabki 10-15 yili osoyishta oʻtdi, deyish mumkin. Ammo keyinchalik Temuriyzoda shahzodalar oʻrtasidagi ziddiyatlar, Dasht oʻzbeklarining betoʻxtov xurujlari tufayli mamlakat sarhadlarida notinchlik va xavf-xatar kuchaydi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Sulton Ulugʻbekni harbiy yurishlar, jangu jadallar unchalik qiziqtirmagan. Eng achinarlisi, oʻgʻli Abdullatif bilan chiqqan ixtilof oxir-oqibat uning mahv etilishiga sabab boʻldi.

Garchi janglarda u katta gʻalabalar quchmagan boʻlsa-da, ulugʻ olim va bunyodkor sifatida nomi tarixga zarhal harflar bilan bitildi. Sulton mamlakatda ilm-fan ravnaqiga jiddiy kirishib, Samarqandni Sharqning eng goʻzal va koʻrkam shahriga, betimsol madaniyat markaziga aylantira oldi.

Mirzo Ulugʻbekning saʼy-harakati bilan 1424–28 yillar oraligʻida (ayrim manbalarda 1420–21 yillar yoki 1417–1447 yillarda) Samarqand shimolida Obirahmat arigʻi boʻyidagi Koʻhak tepaligida jahonga mashhur rasadxona bunyod etiladi. Mazkur rasadxona toʻgʻrisida manbalarda maʼlumotlar uchrasa-da, uning joyi uzoq yillar mobaynida odamlarga maʼlum boʻlmagan. Oʻtgan asr boshlarida rus oʻlkashunosi V. Vyatkin olim Abu Said Mahzum bilan birgalikda “Boburnoma”, “Samariya” kabi tarixiy asarlarlarga tayangan holda xarobalar ostidan rasadxona qoldiqlarini va uning asosiy asbobi – kvadrantini aniqlashga muvaffaq boʻldi.

Rasadxona tsilindr shaklidagi uch qavatli, balandligi 30 metrdan iborat ulkan bino boʻlib, undan radiusi 41 metrli kvadrant oʻrin olgan. Rasadxonada kvadrantdan tashqari boshqa kuzatish asboblari ham boʻlgan. Ushbu obidaning ichki qismini tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy quyidagicha tasvirlaydi: “Binoning ichki qismi jahonda tengi yoʻq rang-barang naqshlar bilan bezatilib, devor va shiftlarida osmon gradus(daraja)lari, daqiqalari va hatto soniyalarigacha hisoblanib, yetti sayyora hamda harakatsiz(sobita) yulduzlar, shuningdek yer kurrasi, yetti iqlim, togʻu sahrolar va daryoyu dengizlar hamda ummonlargacha tasvirlangan”.

Mirzo Ulugʻbek rasadxonasida oʻsha davrning yirik olimlari Qozizoda Rumiy, oʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi kabi davrning peshqadam olimlari ilmiy izlanishlar olib borishadi. Mirzo Ulugʻbek “Ziji jadidiy Koʻragoniy” asarida matematik va astronom Qozizoda Rumiyni “ustozim” deya ehtirom bilan taʼkidlaydi. Qozizoda Rumiy Samarqanddagi Shohizinda majmuasiga dafn etilgan.

Ulugʻbek “Ziji Koʻragoniy” asari bilan falakiyotchi olim sifatida butun jahonga tanildi. Jami toʻrtta bobdan iborat ushbu asarning birinchi bobi eralar va taqvif masalalarini qamrab oladi. Asarning ikkinchi bobi riyoziyot va fazoviy qatlam, uchinchi bobi astronomiya masalalariga bagʻishlangan. Toʻrtinchi bobda muallif astrologiyaga oid jadvallarni keltiradi. Asarning yulduzlar katalogidan 1018 ta yulduz oʻrin olgan.

Taʼkidlash kerakki, ulugʻ bobokalonimizning hayoti va faoliyati XVII asrdayoq Yevropada oʻrganila boshlangan. Xususan, ingliz astronomi, Oksford universiteti professori Jon Grivs oʻz zamonasida (1602–1652) Mirzo Ulugʻbekka bagʻishlangan asar yozib, nashr ettirgan. 1665 yilda ingliz olimi Tomas Xayd ham “Zij”dagi yulduzlar jadvalining lotincha tarjimasini eʼlon qilgan.

Alohida aytish kerakki, Mirzo Ulugʻbek davrida mamlakatda katta bunyodkorlik ishlari avj oldi. Shoh tomonidan Registon maydonida ulkan madrasa, xonaqoh, muqattaʼ masjidi va hammom qurilgan. 1417 yilda Buxoroda va 1433 yilda oʻijduvonda ham hashamatli madrasalar bunyod etildiki, bular ham Mirzo Ulugʻbekning ilm-fanning chinakam jonkuyari ekanini tasdiqlab turibdi. Oʻsha davrda qurilgan koʻpgina karvonsaroylar, timlar, chorsular va hammomlar ham Ulugʻbekka daxldor hisoblanadi. Hukmdor Goʻri Amir maqbarasi, Shohi Zinda obidasida ham katta qurilish ishlarini davom ettirib, nihoyasiga yetkazdi.

Buyuk bobomiz aniq fanlardan tashqari tarix va musiqa ilmi bilan jiddiy shugʻullangan. Jumladan, “Tarixiy Rashidiy” muallifi Muhammad Haydar Mirzo uning tarix sohasida ham yetuk olim boʻlganini taʼriflab, “Mirzo Ulugʻbek tarixnavis donishmand edi va “Tarixi arbaʼ ulus” (“Toʻrt ulus tarixi”) asarini yozib qoldirgan edi”, deya taʼkidlaydi.

Mirzo Ulugʻbek davrida Samarqand shahri ilmu fan va madaniyat markaziga aylanib, bu yerda koʻplab yetuk olimlar, shoir va adiblar ijod bilan shugʻullanishganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir. Chunonchi, atoqli matematik va astronom Qozizoda Rumiy, oʻiyosiddin Jamshid, Mavlono Muiʼniddin Koshoniy, Ali Qushchi, Sayid Imomiddin, Mavlono Muhammad Xavofiy, shoirlardan Mavlono Lutfiy, Mavlono Xayoliy, Ismatulla Buxoriy, Kamol Badaxshoniy, yirik adabiyotshunos olim Xoja Fazlulloh Abullaysiylar shular jumlasidandir.

Xulosa qilib aytganda, oʻz davrida Mirzo Ulugʻbek jahon ilm-faniga, xususan, astronomiya rivojiga ulkan hissa qoʻshdi. Aynan u tomonidan Samarqandda ulkan rasadxonaning bunyod etilishi va u koinot sirlarining oʻrganilishi keyinchalik Yevropada ham koʻplab rasadxonalar qurilishiga va osmon ilmida yangidan-yangi kashfiyotlar qilinishiga jiddiy turtki berdi.

Shu maʼnoda bugungi kunda biz ulugʻ bobomiz bilan faxrlangan holda, uning ilmiy merosini yanada chuqur oʻrganishimiz, yoshlarga oʻrgatishimiz maqsadga muvofiqdir. Mustaqil yurtimizning bugungi yoshlari kelgusida turli sohalarda ilm-fan choʻqqilarini zabt etib, Mirzo Ulugʻbekka munosib voris boʻlib yetishishlariga shak-shubha yoʻq.

 

Abdumajid AZIMOV

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.