Yuksak fazilatlar sohibi

0
1847
marta koʻrilgan.

Bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan har qancha faxrlansak arziydi. Oʻzbek xalqining dovrugʻini dunyoga taratgan ulugʻ ajdodlarimizdan biri oʻlaroq, ul zot bizni tariximizni qadrlashga, kelajakka buyuk ishonch bilan qarashga oʻrgatadi.

Zahiriddin Muhammad Bobur kabi mumtoz insonlarni dunyoga bergan xalq hech qachon xor boʻlmaydi, muqarrar tarzda saodatga erishadi.

Islom KARIMOV,

oʻzbek davlat arbobi

 

Bogʻi Bobur – Kobul shahrining bir chekkasida, eski shahar bilan yangi shahar oʻrtasida, Sherdarvoza nomli tepalik yonbagʻridadir. Bogʻning maydoni bir necha gektar boʻlib, atrofi kungurador devor bilan qurshalgan. Koʻcha tomondan kiraverishda katta darvoza bor. Aytishlaricha, bu darvoza hamma vaqt barchaga ochiqdir…

Tepalikka keng zinapoyadan chiqiladi. Chap tomonda katta tosh hovuz, oʻngda esa Boburning pannevarasi Shahobiddin (Hindiston podshosi Shoh Jahon) 1646 yili qurdirgan oq marmar masjid bor. Shahobiddin oʻsha yili Balx va Badaxshonni bosib olgach, Kobulda ham talay vaqt turib, 40 ming rupiya xarajat bilan shu masjidni qurdirgan…

Zinalardan yana yuqori koʻtarilib, Bobur maqbarasi qurilgan supaga qadam qoʻyasiz. Maqbara tomi toʻrtta ustunga oʻrnatilgan. Sagʻananing bosh tomoniga marmar lavha qoʻyilgan. Unga Bobur sharafiga madhiyalar va uning faoliyatidan maʼlumotlar yozilgan. Lavhalarni Akbarshohning oʻgʻli Nuriddin Jahongir 1607 yilda yozdirgan ekan.

Sagʻana boshiga tik oʻrnatilgan tosh lavhada mana bu satrlarni oʻqidik:

“Podshohni, uning taxtidan nuri Alloh sochilur edi,

Ular Zahiriddin Muhammad Boburshoh edi.

Ulugʻvor va davlatli va iqbolli va odildor va dindor,

Sipohlari tavfiqli va fayzli va fotih edi.

Olam jismni qoʻlga oldi va ravshan boʻlib ravon boʻldi”.

(Hamidulla Hasanovning “Sayyoh olimlar” kitobidan)

 

Bobur – dilbar shaxs, Uygʻonish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam boʻlgan. U sanʼatni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur qilishni yaxshi koʻrardi. Uning nabirasi Akbar yana ham dilbarroq va koʻp yaxshi fazilatlarga ega boʻlgan. Mard, jasur, isteʼdodli lashkarboshi, rahmdil, shafqatli, idealist va xayolparast, shu bilan birga, u harakatchan, oʻz ishini davom ettiruvchilarning sadoqatiga sazovor boʻlish uchun intiluvchi odam boʻlgan.

Javoharlaʼl NEHRU,

hind davlat arbobi

 

Jahon madaniyatiga oʻzining boy merosi bilan ulkan hissa qoʻshgan Zahiriddin Muhammad Boburning asarlari mana 500 yildan ortiq davr mobaynida xalqimizning maʼnaviy yuksalishiga, uni dunyoga tanitishga xizmat qilib kelmoqda.

Boburning shoh asari – “Boburnoma” turli soha olimlari uchun qimatli manba boʻlish bilan birga, milliy maʼnaviyatimizning noyob durdonasi sifatida xalqimiz tafakkurining oʻziga xos jihatlari, koʻhna qadriyatlarimiz, shonli tariximizni bamisoli tiniq koʻzgu kabi aks ettirib turadi.

Saidbek HASANOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

Zahiriddin Bobur – Sharqdagi Uygʻonish davrining eng atoqli siyosiy va madaniy arboblaridan biridir.

Sergey TOLSTOV,

rus sharqshunosi

 

Boburning xotiralari bir askarning harbiy yurish va chekinishlari haqidagi oddiy kundalik daftar emas; bu xotiralarda Sharq adabiyotini juda yaxshi bilgan, nozik va bilimdon kuzatuvchi, odamlarni sinchiklab oʻrganadigan, ular haqida xolis va odil fikr yurita oladigan mutaassir qalb egasining dunyo haqidagi shaxsiy taassurotlari va nozik fikrlari berilgan.

Uning oʻz qiyofasini chizishdagi samimiyligi, fazilat va nuqsonlarini ham mardona tasvirlashi, ochiqkoʻngilligi, haqqoniyligi va ajoyib hazilkashlik tuygʻulari bu goʻzal xotiralarning qadri va ahamiyatini yanada oshiradi.

Leyn PUUL,

ingliz boburshunosi

 

Har qanday sinovga bardosh bera oluvchi, iroda va matonatni mujassamlashtirgan bu zot oʻzida harbiy hiyla va jasoratni uygʻunlashtira olar, zarur boʻlganda jazolashga ham, afv etishga ham qodir edi; u isteʼdodli harbiy arbob va ishning koʻzini biladigan, qoʻshinlarni mohirlik bilan boshqara oladigan, ularning ishonchini qozona olgan sarkarda edi…

Ehtiyotkor davlat arbobi boʻla turib, u har qanday mayda narsaga ham eʼtibor berar edi. Bu shoh faqat fotih boʻlibgina qolmay, yaratuvchi-bunyodkor ham edi. Avlodlari orasida Sulton Akbar va Avrangzebdek uning oʻzi kabi mumtoz zotlar kam uchraydi.

Maʼlumki, bunday aql-zakovat sohibi hayotda ashaddiylik, keskinlikni rad etadi. Shu bois Bobur oʻzining dabdabalardan xoli, oddiy hayoti bilan turli kishilarni oʻziga jalb qilgan. Hazil-mutoyibani yoqtiradigan va boshqalarning hazilini ham koʻtaradigan, iqtidor va qobiliyat egalarini qadrlaydigan, nazm va musiqani yurakdan sevadigan, barcha isteʼdodli insonlarga, ularning kim boʻlishidan qatʼi nazar, iltifot bilan qaraydigan Bobur oʻz atrofiga eng yaxshi odamlarni toʻplashga muvaffaq boʻldi va koʻpchilikning yuksak hurmat-ehtiromini qozondi.

Pave de KURTEYL,

fransuz sharqshunosi

 

Bobur feʼl-atvoriga koʻra Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qoʻyilgan.

Eduard HOLDEN,

ingliz tarixchisi

 

“Hurriyat”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.