Yozish nega qiyin?

0
163
marta koʻrilgan.

Odamzod shunday xilqatki, tugʻma instinklar uni avvalo, bugun bilan yashashga majbur qiladi. Axborottoʻrlariga gʻarq boʻlgan kunimizda dunyo organizmi boʻylab yashin tezligida roʻy berayotgan oʻzgarishlar surʼativa salmogʻini his etarkansan, uzlatga chekinib allaqanday maktublar yoza olmaysan.

Kurrai zamin uzra shunday voqealar sodir boʻlmoqdaki, har bir tirik organizmning hayot-mamot masalasi ularga, ularning natijalariga bogʻliq boʻlib qolyapti. Binobarin, sening ham butun eʼtiboring, avvalo, zamin uzra oʻz xavfsizligingni taʼmin etishga, yoki hech qursa, xavfsiz ekaningga amin boʻlishga sarflanmoqda. Qachonki, sen oʻz majburiyatingni qaysidir darajada tahlikadan holi deb his etarkansan, shunda yana maʼnaviyatga bel bogʻlaysan. Ha-ha, bu harakat oʻz-oʻzidan boshlanib ketadiki, bugun “yozolmayapman” deya tushkunlikka tushmogʻingga hojat yoʻq…

Qolaversa, adabiyot – sanʼat, lekin sanʼat deb atalmish yaxlit organizmni sekin-asta qismlarga ajratsang, qiziq hodisaga duch kelasan. Qismlardan biri psixologiya, boshqasi tarix, yana biri sotsiologiya, yana boshqasi didaktika boʻlib chiqadiki, XXI asrga kelib bu sohalar juda rivojlanib ketganidan har biri oʻziga tegishli maydonni oʻz tasarrufiga olishga kirishdi. Qarabsanki, ilgari adabiyotga tegishli “yuk” koʻpchilik orasida boʻlinib olindi. Toʻgʻri, adabiyot beradigan va boshqa sohalardan topish mahol boʻlgan ruhiy zavq-shavq masalasi bor. XXI asr kishisi zavqdan mahrum emas. Biroq bu zavq avvalgi ruhiy oziqlanishdan koʻra koʻproq aql va badanning bir muddat lazzat olishi asosiga qurilmoqda. Zero, sivilizatsiyaning ruh tarbiyasi oyogʻiga bolta urganiga ancha boʻlgan. Ruhi tarbiyalanmagan kishiga esa ruhiy shavq beradigan sohaning uncha qizigʻi boʻlmaydi. Axir, bunday lazzatni his qiladigan aʼzoning oʻzi muammo boʻpturganda, sening “adabiyot” deya koʻzyosh toʻkishing birmuncha gʻalati tuyuladi-da. Lekin baribir, shoir aytmoqchi “huv oldinda bor kabi Shafqat…”

Tarix gʻildiragi hech qachon bir tekisda aylangan emas. Bugun odamzod ijtimoiy-siyosiy, psixologik faktorlarga, yaʼni tarixiy vaziyatga koʻra faollashgan bir vaziyatda turibdi. Odatda, harakatlanayotgan kishi kamroq oʻylaydi, kamroq fikrlaydi, oʻz ruhiy-maʼnaviy darajasi ustida jiddiyroq bosh qotirmaydi. Bas, shunday ekan, bugungi insondan antik dunyoning oltin davri odamlaridek sanʼatparvar boʻlishni talab etish tarix qonunini tushunib yetmaslikka teng boʻlmaydimi?.. Magar shunday boʻlsa, muayyan tarixiy pallani bosib oʻtayotgan va erta-indin muqarrar ravishda bosib oʻtajak inson nihoyat, kun kelib, andak tin oladi va orqasiga – bosib oʻtilgan yoʻlga qaraydi. Hamda uni anglamoqqa, mohiyat-mohiyatiga kirmoqqa, idrok etmoqqa urinadi… Natijada tabiiy ravishda yana sanʼat asarlari vujudga keladi… Ertakdek jaranglovchi bu aqidaga ishonadigan boʻlsak, “adabiyot oʻladimi, yoʻqmi?” deya oʻzimizni oʻtga-choʻqqa urishimizga hojat qolmaydi. Biroq panaroqda jon saqlab kutib yotsak, yozadigan tarixiy pallaning oʻzi bizni uygʻotadimi?

Albatta, buning uchun ijodkorning umri judayam uzun boʻlmogʻi kerak. U oʻtda yonmasligi, suvda choʻkmasligi lozim. Haqiqatda-chi? Haqiqatda sanʼatkor zoti qolganlarga nisbatan-da tabiatan anchayin moʻrt, oson yaralanuvchan, qiyin tuzaladigan qavm-ku! Demak, ayniqsa, serharakat bugungi dunyoda yashayotgan har qanday sanʼatkor ijod qilish uchun “oltin davr” kelishini kutib oʻtirolmaydi. U dunyoga, masalan, shoir boʻlib kelgan va yashasa ham shoir boʻlib yashamogʻi shart. Demak, u qanday tarixiy vaziyatda boʻlmasin, baribir, yozishdan oʻzga chora topolmaydi. Faqat… faqat u koʻz ochib yumguncha turli-turli liboslarga oʻranib olib, buqalamundek tovlanib borayotgan dunyoning barqaror qiyofasini ilgʻab ololmay, demakki, deyarli yozolmay oʻtishga mahkum ekanini-da tan olmogʻi ham judayam zarur. Agar yozish zarurati shundayam uni tinch qoʻymasa, yozsin, biroq oʻsha tovlanayotgan dunyoni, oʻzgarayotgan haqiqatni yozsin…

 

Ulugʻbek HAMDAM

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.