Yonib yashagan musavvir

0
240
marta koʻrilgan.

Roʻzi Choriyev – XX asr Oʻzbekiston tasviriy sanʼatidagi yulduzli nomlardan biri. Uning ijodiy taqdiri oʻz xalqi, mamlakati bilan chambarchas bogʻlanib ketgan. Rassomdan meros boʻlib nafaqat oʻziga xos badiiy uslub, betakror usul, balki olam va odam haqidagi betakror fikrlar, qarashlar ham qoldi. Roʻzi Choriyev shunday serqirra rassomki, uning ijodida mahalliy, milliy va umumbashariy maʼnaviy qadriyatlar bir-biri bilan chatishib ketgan. Shunchaki soʻzlar emas, balki musavvir yashagan va ijod qilgan voqelik ijodining tom maʼnodagi mazmuni, mehvari sanaladi. Shu oʻrinda Roʻzi Choriyev ijodining yana bir jihatini aytib oʻtmoq joiz. Gap shundaki, hayotlik vaqtida u bir soniya ham rassom boʻlmasdan yashagan emas. Hatto tashqaridan qarab ham bilmagan odamlar koʻrkam soqoli, doim kiyib yuradigan beretidan uning rassom ekaniga iqror boʻlar edilar. Hamkasb musavvirlar oʻz doʻstlarining ishlari haqida samimiy va gʻoyat ramzli tarzda: “Zoʻr!” deb qoʻyishini tez-tez yodga oladilar. U koʻrgazmalarning ochilish marosimlarida qoʻshiq aytishdan ham oʻzini tiyolmasdi, chunki koʻrgan-kechirganlaridan azbaroyi hayajonlanib, yuragiga sigʻdirolmasdi va taassurotlari qoʻshiq boʻlib otilib chiqardi. Ijodiy faoliyatda esa u har doim, faqat va faqat inson boʻlib qolaverardi. Buni biz noyob isteʼdod sohibining deyarli barcha asarlarida chuqur his etamiz. U hayotni va odamlarni sevardi: sevinishning uddasidan chiqardi va tevarak-atrofida roʻy berayotgan voqea-hodisalarni koʻrar, mohiyatini teran his qila olardi.

Roʻzi Choriyevning ijodiy taqdiri oʻzining noyob anʼanaviy madaniyatiga ega goʻzal, koʻhna va navqiron Surxondaryo bilan bogʻliq. U 1931 yilning 28 avgustida shu viloyatdagi Pashqurt degan togʻ bagʻridagi qishloqda dunyoga keldi. Bolalik chogʻlaridayoq u togʻlar fusunkorligiyu dala-dashtlar jozibadorligini, u yerda istiqomat qiluvchi odamlarning ulugʻvor va keng qalbini oʻz qalbiga jo etar, vujudiga singdirib borardi. Liboslardagi yorqin ranglar uygʻunligi, rang-barang hunarmandlik buyumlari, anʼanaviy qoʻshiq va raqslarning alohida ohangdorligi, qishloqdoshlari timsolida namoyon boʻluvchi urf-odat va rasm-rusumlar rang-barangligi – bular barchasi boʻlajak rassom koʻz oʻngida ikkinchi, sir-sinoatlarga toʻla dunyo boʻlib gavdalanardi. Rassomning bolalik paytidagi tasavvurlari oʻtkinchi holga aylanmadi, aksincha, ular inson va rassom sifatida uning dunyoqarashiga mustahkam asos, negiz boʻlib qoldi. Surxondaryo anʼanaviy madaniyati har doim rassom ijodiga ilhom va ozuqa berib keldi, uning suvratlaridagi bezak yechimida, ramzu timsollarda oʻz ifodasini topdi, shu boisdan ham musavvir asarlaridagi quyosh nuri jilvalarining yorqin boʻyoqlari jilosidan tomoshabin dili beixtiyor ravshan tortadi.

Avval-boshdanoq yosh Roʻzining romantikaga moyil ijodiy tabiati keyinchalik poytaxt – Toshkentda kamol topdi. Unga rassomlikni Xudo yuqtirgan, shundan boshqa kasbu hunarga unda na havas va na ishtiyoq bor edi. Shu intilish uni Respublika badiiy bilim yurtiga yetaklab keldi, oʻqishga kirdi va uni 1959 yilda bitirdi ham. Badiiy bilim yurti Roʻzining koʻz oʻngida tasviriy sanʼatning goʻzal olamini namoyon etdi, aynan shu narsa rassom orzusidagi va mudom intilib kelgan maqsad edi. U tasavvuridagi bu jilvagar olamni, shaxsiy fikr va tuygʻularini boʻyoqlar hamda boʻz matolar yordamida qayta gavdalantira olishini angladi.

Roʻzi Choriyevning ijodkor sifatida shakllanishida I. Ye. Repin nomidagi Rangtasvir, haykaltaroshlik va meʼmorchilik instituti katta rol oʻynadi. U yerda boʻlajak rassom Yu. Neprinsev ustaxonasida taʼlim oldi. Realistik ifoda asoslarini anglash va rivojlantirishda bu ilm dargohining ahamiyati katta edi. Roʻzi jahon tasviriy sanʼat durdonalari bilan tanishish, abadiyat va goʻzallik bilan yuzma-yuz kelish imkoniyatiga ega boʻldi. Akademik badiiy yoʻnalish Roʻzi Choriyevda katta qiziqish uygʻotdi. U bu yoʻnalishni mohirona egalladi, tajribali, koʻpni koʻrgan muallimlar uning joniga oro kirdi. Shuningdek, u mazkur yoʻnalish tarkibiga ekspressiya, harakat, sezgilar tarovatini olib kirdi. Hali talabalik vaqtlaridayoq uning ishlari tengdoshlarinikidan yaqqol ajralib turardi. Roʻzidagi sobitlik, tabiiylik ularda hadeganda koʻzga tashlanavermasdi. Musavvir chizgan portretlarda qahramonlar yashar, oʻylar, ijod qilar, his etar edi. Sanʼatga nimanidir olib kirish Roʻzi Choriyevga Alloh tomonidan ato etilgan fazilat, xislat edi. Uning shaxsiyatini bundan boshqacha tasavvur etib ham boʻlmasdi.

Rassomning 1960 yillardagi dastlabki mustaqil ishlaridan shu narsa yaqqol koʻrinadiki, Oʻzbekiston tasviriy sanʼatiga oʻz dunyosi, ramzlari va syujetlari, uslub va moʻyqalami bilan oʻziga xos sanʼatkor kirib keldi. Roʻzi Choriyev turli janrlarda: portret, peyzaj, natyurmortda faol va barakali ijod qildi. Balki biz bugungi kunda rassom ishlariga oz-moz koʻnikib qolgandirmiz, ammo 1960 yillarda Roʻzi Choriyev oʻz rangtasvir asarlariga olib kirgan sezgi erkinligi oʻsha yillar sanʼatida his etilgan katta oʻzgarishlar ifodasi boʻlib qoldi. Bu davrda sanʼat 1930–50 yillar “sotsrealizmi”ning siyqasi chiqqan meʼyoriy estetikasidan xalos boʻlgan edi. Mazkur sanʼat oʻzi uchun milliy, yevropa sanʼati va kengroq olib qaraganda, jahon sanʼatining boy va rang-barang anʼanalarini inkishof etdi.

Roʻzi Choriyev bagʻrikeng inson edi, yuragida ezgulikdan oʻzga narsa yoʻq edi, hayot yoʻlida unga kim duch kelgan boʻlsa, hammasini sigʻdira oladigan koʻngil dunyosi bor edi. Rassom sifatida ham u doim biron-bir yangilik oʻylab topish payida boʻlardi, turli badiiy anʼanalarni erinmay tadqiq qilar va oʻzlashtirardi. Nima boʻlganda ham Roʻzi Choriyev tasviriy sanʼatda oʻz yoʻlini tanladi – bu realistik yoʻnalish uslubiy anglash sifatida Sharq sanʼatini bezakchilik bilan singdirib yuborish yoʻli edi. Sanʼatda bezakchilik haqida juda koʻp gaplar aytilgan va yozilgan. Sharq sanʼatida, jumladan, Oʻzbekiston sanʼati tarixida bezakchilik shunchaki kolorit yorqinligida ifodalanib qolmagan, balki xalqning, dunyoning hayot manbai deb qarashini ham aks ettirgan. U joʻngina rasmiy-plastik tushuncha emas, balki eng avvalo, mazmundor dunyoqarashga ega chuqur nazariya hamdir.

Rassom chizgan portretlar xususida toʻxtalmay oʻtib boʻlmaydi. Ular qator yorqin, betakror obrazlar silsilasidan iborat boʻlib, qahramonlari esa oddiy mehnatkashlar, katta va oʻrta yoshdagi erkaklar, ayollardir. Ular yonginamizda, oʻzimiz bilan baqamti yashab turgan zamondoshlarimizdir. Shu bilan birga har bir obraz – bu betakror individuallik, boy ichki olamdir. Har bir portret yechimida joʻshqinlikning muayyan ulushi bor, ammo asosiysi, rassomning oʻzi chizayotgan insonga nisbatan muhabbat tuygʻusi mana men deb turadi.

Bir necha yildirki, Roʻzi Choriyev oramizda yoʻq… Ammo uning dil qoʻri, shijoati, ezguligi, insoniy pokligi bilan yoʻgʻrilgan suvratlari biz bilan qoldi. Ularni Davlat sanʼat muzeyida, Badiiy koʻrgazmalar direksiyasida, Tasviriy sanʼat saroyida, xususiy jamlamalarda topish va tomosha qilish mumkin. Musavvirning koʻplab hazilomuz gaplari el ichida hikmat va latifalarga aylangan: “Oʻzingizni allaqanday mayda-chuydalarga urib, ovora boʻlmang – bu dunyoda faqat ishlash, ishlash va ishlash kerak”. Bu hayotiy taomilga Roʻzi Choriyev eng avvalo oʻzi amal qildi. Uning milliy tasviriy sanʼatdagi xizmatlari munosib taqdirlandi. U Oʻzbekiston xalq rassomi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining akademigi, Davlat mukofoti sovrindori boʻldi.

Roʻzi Choriyev yonib yashadi, yonib ijod qildi, doʻstlari, hamkasblari, shogirdlari, uni tanigan va bilgan barcha uchun munosib ibrat, yorqin xotira boʻlib qoldi. Atoqli musavvir 2004 yilning 18 sentyabrida dunyodan koʻz yumdi.

 

Kamola OQILOVA,

Sanʼatshunoslik fanlari doktori

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–8

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.