Yashashga oʻrgatgan kitob

0
518
marta koʻrilgan.

Hali oʻqish-yozishni bilmaydigan besh yoshlardagi goʻdak edim. Uyimizdagi kitoblarni titkilay turib, birsuratga koʻzim tushdi. Unda yelkanlari shishgan kema, kemada uzoqlarga tikilayotgan bola tasvirlangan edi. Negadir bu surat menga juda yoqib qoldi. Kitobni qancha varaqlasam ham boshqa bunga oʻxshash surat topmadim. Bu kitobni juda yaxshi koʻrib qoldim. Uni yashirib qoʻydim.

Maktabga chiqmasdan opa-akalarimning yordami bilan hijjalab oʻqiy boshladim. Oʻqishni tuzukkina oʻrganib olganimda esa, esimga yashirib qoʻygan kitobim tushdi. Muqovasiga “Martin Iden” deb yozilgan bu kitob, baxtga qarshi rus tilida edi. Endi men rus tilini oʻrganishga tirisha boshladim. Hatto rus tilidan tuman olimpiadasida ham qatnashdim. Oz boʻlsa ham rus tilini oʻrganishimga yillar kerak boʻldi. Yana oʻsha kitobni izlay boshladim, biroq uni hech qayerdan topolmadim. Oʻshanda alamimdan yigʻlaganim hali ham yodimda.

Yillar oʻtib, poytaxtga tahsil uchun kelgan paytimda nogahon shu kitob qoʻlimga tushdi. Biroq bu rus tilida emas, oʻzbek tilidagi “Martin Iden” edi. Kitob meni hayot, dunyo, orzu-armon, muhabbat haqidagi tasavvurlarimni butunlay oʻzgartirib yubordi. Hayot asli faqat kurashdan iboratligi, unda faqat kuchlilargina yashashga haqli ekanini tushungandek boʻldim. Asli dengizchi boʻlgan Martinning nurga intilish, qalbida tugʻilgan orzularni niholdek parvarishlashi, muhabbatga yetishish ilinji, kelajakka ishonch yoʻlidagi sobitqadamligidan inson asli qanday yashashi kerakligini his etdim. Kema palubasida yurganda dengiz kemani qanday chayqatsa, Martinga ham hayot shunchalik zarba berdi. Uning keng yelkalari, qavarib ketgan ikki yonga osilib turadigan qoʻllari, dengiz shamollarida qorayib yorilgan yuzini yozuvchi tasvirlar ekan, asli shu Martin hayot zarbalaridan shu koʻyga tushgan oʻzimiz ekanimizni eslatmoqchi boʻladi. Har birimizga koʻzgu tutadi. Haftalab tuz totmay, ogʻir mehnat qiladigan, shunday boʻlsa ham hali kelishi nomaʼlum boʻlgan kelajakka umid bilan yashayotgan Martindan oʻrnak olishimiz kerakligini aytib, koʻngilga taskin beradi.

Yozuvchi Jek London bir qarashda Martin Iden timsolida oʻzini tasvirlaydi. Hayot naqadar ogʻirligi, mehnat qattiqligi, ishonch poymol boʻlishi, muhabbat sarobga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantiradi. Inson asli qadrlashi kerak boʻlgan tuygʻular, munosabatlar jamiyatdagi noqisliklar sabab oyoqosti boʻlishi hech gap emasligini aytmoqchi boʻladi. Oʻquvchiga buni uqtira oladi ham.

Martin Iden yoki oʻzim haqimda oʻylaganimda nogahon Togʻay Murodning bir asarida keltirilgan “Tugʻildingmi, endi yasha. Tishingni tishingga qoʻyib, chidab-chidab yasha”, degan soʻzlari esimga keladi. Togʻay Murodning bu soʻzlarini Martin Idenning hayot uchun kurashi toʻldirgandek boʻladi. Nazarimda, bu kitob hayot zarbalaridan charchagan, hech kimi, tayanchi, suyanchi yoʻq, kelajakka umidi qolmagan, hech narsaga ishonmay qoʻygan, hayotni shunchaki oʻtguvchi lahzalar deb qabul qilayotgan odamni yashashga oʻrgatadi. Asli ishonch va orzu yashashimiz uchun yordam berishini anglatadi va kelajakka olgʻa boshlaydi.

Ha, “Martin Iden” meni kelajak uchun kurashga oʻrgatdi. Qayerga bormay, uni izlash bahonasida oʻnlab kitoblarni nazarimdan oʻtkazishga majbur qilgan moʻjiza boʻlib qoldi.

 

Goʻzal MATYOQUBOVA

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.