Yanvar oyida tugʻilgan madaniyat va sanʼat namoyandalari

0
1481
marta koʻrilgan.

2 YANVAR

1929 yil. Latif Fayziyev, Oʻzbekiston xalq artisti, Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, kinorejissyor. “Boy ila xizmatchi”, “Amirlikning yemirilishi”, “Qutlugʻ qon”, “Ikkinchi bor gullash”, “Sinchalak”, “Ulugʻbek yulduzi”, “Vatan oʻgʻlonlari”, shuningdek, hindistonlik kino ijodkorlar bilan hamkorlikda suratga olingan “Ali bobo va qirq qaroqchi”, “Sevgi afsonasi”, “Ovchi”, “Oltin junli qoʻy terisi”, “Uygʻonish”, “Taqdir eshigi” kabi filmlari bilan oʻzbek kinosi rivojiga munosib hissa qoʻshgan.

 

4 YANVAR

1795 yil. Aleksandr Griboyedov, mashhur rus yozuvchisi. “Yosh kelin-kuyovlar”, “Talaba”, “Aqllilik balosi” kabi komediyalari adibga katta shuhrat keltirgan.

 

6 YANVAR

1883 yil. Jubron Xalil Jubron, arab yozuvchisi, faylasuf, rassom, “Aqldan ozgan”, “Paygʻambar”, “Qum va koʻprik” va boshqa asarlari sharq adabiyotining nodir namunalaridan hisoblanadi.

 

1951 yil. Xurshid Doʻstmuhammad, “Jajman”, “Ibn Mugʻanniy”, “Yolgʻizim – Siz” kabi hikoyalari, “Panoh”, “Oromkursi”, “Soʻroq” kabi qissalari va “Bozor” nomli romani oʻzbek modern adabiyotining dastlabki namunalaridan hisoblanadi.

 

7 YANVAR

1865 yil. Valentin Serov, atoqli rus rassomi, rangtasvir realizmining buyuk namoyandasi. “Shaftoli va qiz”, “Oftobda turgan qiz”, “A. Mazanli”, “K. A. Korovin”, “N. A. Rimskiy – Korsakov”, “M. Morozov” kabi natyurmort va portretlari dunyoga mashhur boʻlgan.

 

10 YANVAR

1898 yil. Sergey Eyzenshteyn, rus kinorejissyori, kino nazariyotchisi, “Potyomkin Bronenosetsi”, “Eskilik va yangilik”, “Aleksandr Nevskiy”, “Ivan Grozniy”, “Yashasin Meksika!” kabi filmlar va kino nazariyasi, tarixiga oid qator asarlar muallifi.

 

14 YANVAR

1875 yil. Albert Shveyser, nemis faylasufi, hayot falsafasining namoyandasi. “Kantning din falsafasi”, “I. S. Bax”, “Madaniyat falsafasi”, “Nasroniylik va jahon dinlari” kabi falsafiy risolalar muallifi.

 

15 YANVAR

1826 yil. Saltikov-Shchedrin, buyuk rus yozuvchisi. “Ziddiyatlar”, “Chalkash ish”, “Nasrdagi hajviya”, “Yil boʻyi”, “Hayot ikir-chikirlari”, “Unutilganlar” kabi asarlari rus adabiyotining durdona asarlari hisoblanadi.

 

16 YANVAR

1931 yil. Shuhrat Abbosov, oʻzbek rejissyori, “Mahallada duv-duv gap”, “Sen yetim emassan”, “Qalbingda quyosh”, “Toshkent – non shahri”, “Sevgi mojarosi”, “Abu Rayhon Beruniy” singari koʻplab filmlar muallifi. U 1974 yili Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati, 1994 yili “Shuhrat” medali, 1998 yili “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.

 

20 YANVAR

1952 yil. Xurshid Davron, Oʻzbekiston xalq shoiri. “Tungi bogʻlar”, “Uchib boraman qushlar bilan”, “Shahardagi olma daraxti”, “Bahordan bir kun oldin” kabi oʻnlab sheʼriy toʻplamlari chop etilgan. “Sohibqiron nabirasi”, “Shahidlar shohi” kabi tarixiy qissalar, “Mirzo Ulugʻbek”, “Boburshoh”, “Avrangzeb” kabi tarixiy mavzudagi dramalar yaratgan.

 

22 YANVAR

1729 yil. Gotxold Efraim Lessing, buyuk nemis dramaturg, adabiyotshunos. “Sara Sampson xonim”, “Minna fon Barnxelm”, “Emiliya Galotti” singari sahna asarlari XVIII asr nemis dramaturgiyasida hodisa sifatida eʼtirof etilgan.

 

25 YANVAR

1882 yil. Virjiniya Vulf, angliyalik mashhur adiba, tanqidchi. “Kecha va kunduz”, “Dellouvey xonim” kabi oʻnlab asarlar yaratgan.

 

1934 yil. Oʻlmas Umarbekov, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi. “Boboyongʻoq”, “Yulduzlar”, “Menga ishonmaysanmi?”, “Bolgar qoʻshiqlari”, “Qiyomat qarz”, “Sevgim, sevgilim”, “Urush farzandi”, “Yoz yomgʻiri”, “Odam boʻlish qiyin”, “Fotima va Zuhra”, “Qizimga maktublar” singari oʻnlab hikoya, qissa va romanlari bilan XX asr oʻzbek adabiyoti taraqqiyotiga muhim hissa qoʻshgan adib.

 

27 YANVAR

1756 yil. Volfgang Amadey Motsart, avstriyalik bastakor, “Figaroning uylanishi”, “Don Juan”, “Zanda”, “Haramdan olib qochish”, “Qohira gʻozi”, “Rekviyem” kabi yuzlab asarlar yaratgan.

 

1775 yil. Fridrix Shelling, nemis faylasufi. “Tabiat falsafasi uchun gʻoyalar”, “Olamiy qalb toʻgʻrisida”, “Sanʼat falsafasi” kabi koʻplab asarlari XVIII asr nemis falsafasining koʻplab qirralarini oʻzida aks ettirgan.

 

28 YANVAR

1936 yil. Bernora Qoriyeva, balerina, baletmeyster, Oʻzbekiston xalq artisti. Mariya (B. Asafyev, “Boqchasaroy favvorasi”), Shopeniana (F. Shopen, A. Adan, “Jizel”), Odetta-Odilliya (P. Chaykovskiy, “Oqqush koʻli”), Frigiya (A. Xachaturyan, “Spartak”), Xonim (D. Shostakovich, “Xonim va bezori”) kabi obrazlar uning repertuari asosini tashkil qiladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.