Yana Mashrab haqida

0
344
marta koʻrilgan.

Otashin shoir, erk va haqiqat kuychisi Rahimbobo Mashrab hayoti va ijodiga boʻlgan qiziqish adib yashagan davrdayoq boshlanib, hozirga qadar davom etib kelmoqda. Shoir haqida maʼlumot beruvchi tazkira, esdalik mazmunidagi asarlar bilan birga “Devonai Mashrab” xalq qissasining turli nusxalari yaratildi. Ularning ichidan nisbatan toʻliq va tarixiy mezonlarga yaqin keladigan nusxani aniqlash mashrabshunoslik oldida turgan dolzarb masalalardan biri edi.

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Erkin Musurmonovning “Rahimbobo Mashrab faoliyati va ruhiyati talqini” monografiyasi Rahimbobo Mashrabning hayoti va faoliyatini oʻrganishga bagʻishlangan umumiy ishning birinchi qismi boʻlib, uning mantiqiy davomi “Rahimbobo Mashrab haqidagi yangi maʼlumotlar”, deb nomlanuvchi monografiyada keltiriladi. Mazkur monografiyalarning ahamiyatini belgilovchi muhim omil, avvalo, qadriyatlarga munosabatda halol, ilmiy mezon asosida qurilganligidir. Erkin Musurmonov bevosita eski qoʻlyozmalarni oʻqib matnlar nusxalariga oid fikr bildirishi, dastlabki manbalardan oʻrni bilan foydalana olishi va natijada muhim va yangi maʼlumotlarni jamoatchilikka eʼlon qilishi tadqiqotning salohiyatini belgilaydi.

Adabiyotshunoslikda hozirgacha Mashrabning Namangandan chiqib Balx shahriga borib qatl etilgunga qadar boʻlgan 20 yillik umri haqida hech qanday maʼlumot yoʻq edi. Shuningdek, Mashrabning Makka, Madina haqidagi sheʼrlari boʻla turib, uning haj safari xususida manbalarda xabarlar uchramagan. Shu nuqtai nazardan tadqiqotchi oʻzining shaxsiy kutubxonasidagi “Devonai Mashrab” nusxasida mavjud boʻlgan yangi maʼlumotlarni qisqartirishlar bilan nomlari yuqorida keltirilgan monografiyalarida eʼlon qilgan.

Rahimbobo Mashrab tasavvufning qalandariya tariqati vakili boʻlgan. Uning Namangandagi dastlabki ustozi Mullo Bozor Oxun va Qashqardagi murshidi Ofoq Xoʻja naqshbandlik taʼlimotining oʻziga xos vakillari edi. Mashrabning jahriya zikriga asoslangan yoʻlni tanlaganligi uning tabiati hosilasi boʻlib, keyingi ustoz bilan ziddiyatlarning maydonga kelishida ham, ijodiy uslubi shakllanishida ham bu holat oʻz taʼsirini koʻrsatgan.

Erkin Musurmonovning ikki monografiyasida keltirilgan maʼlumotlardan quyidagicha xulosalar chiqarish mumkin. Muallif oʻzi tomonidan topilgan “Devonai Mashrab” asarining arab yozuvidagi nusxasi asosida boshqa manbalarda uchramagan hikoyatlarni keltirib, bu topilmalarning birinchi va nozik tahlilchisi sifatida oʻzini namoyon qiladi, Mashrabning manbalardan tushib qolgan chet ellardagi yigirma yillik hayot yoʻlini mazkur nusxa asosida tiklashga urinadi. Shu jarayonda Mashrabning ilmiy jamoatchilikka maʼlum boʻlmagan Samarqandga kelib-ketganligi, uning haj ziyorati avvalida Ozarbayjon, Turkiya, Arabiston kabi yurtlarga qilgan safari bilan bogʻliq matnlarni keltirib tahlil doirasiga tortadiki, bu yangiliklar shubhasiz, Mashrab faoliyatiga aniqliklar kiritishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Muallifning yana bir diqqatga sazovor xizmati shundaki, u Mashrab hayoti va adabiy faoliyatini bekamu koʻst oʻrganish maqsadida bir necha marta Xitoy Xalq Respublikasi Sinszyan Uygʻur avtonom tumanida, Mashrabning qariyb oʻn besh yil umri oʻtgan Qashqar va uning atrofidagi hududlarda ilmiy faoliyat olib borib, shoir va uning zamondoshlari haqida oʻzbek adabiyotshunosligi uchun qimmatli maʼlumotlar toʻpladi. Rossiya va Oʻzbekiston kutubxonalari fondidagi manbalar ustida ishladi, Sankt-Peterburg universiteti va shahar ommaviy kutubxonasida rus sharqshunoslarining Mashrab faoliyati, zamoni va makoni bilan bogʻliq monumental adabiyotlarini jiddiy oʻrgandi.

 

Nodir RAHMATULLAYEV

 

zarnews.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.