XX asr oʻzbek sanʼati dargʻalari

0
2643
marta koʻrilgan.

XX asr oʻzbek madaniyati va sanʼatida uning rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan, ijro etgan rollari, yaratgan obrazlari bilan xalqimizning koʻnglidan joy olgan, oʻz ovozi, uslubiga ega boʻlgan atoqli sanʼatkorlarning nomi talaygina. Lutfixonim Sarimsoqova (1896 yil, 8 may, Fargʻona), Gʻani Aʼzamov (1909 yil, 9 may, Toshkent), Abbos Bakirov (1910 yil, 16 may, Andijon), Qudrat Xoʻjayev (1911 yil, 5 may, Toshkent), Mukarrama Turgʻunboyeva (1913 yil, 31 may, Fargʻona)… Taqdirni qarang-ki, yuqorida nomlari zikr etilgan sanʼatkorlarning beshalasi ham oʻzbek, ayni chogʻda jahon madaniyati va sanʼatida oʻchmas iz qoldirgan noyob isteʼdod egalari boʻlib, ularning barchasi may oyida tavallud topgan ekanlar. Bu ulkan sanʼatkorlarning nomlarini tilga olishimiz hamono ijro etgan rollari, yaratgan obrazlari, qahramonlarining yorqin qiyofalari koʻz oʻngimizda gavdalanadi.


 

XALQ AYaSI

 

Oʻzbek teatr sanʼati tarixida onalar timsoliga aylangan, minglab, millionlab tomoshabinlarning mehr-muhabbatini qozongan va xalq eʼzoziga sazovor boʻlgan aktrisalar nomini koʻpchiligimiz yaxshi bilamiz. Zaynab Sadriyeva timsolidagi ona qattiqqoʻl, haqiqatgoʻy, choʻrtkesari; Maryam Yoqubova timsolidagi ona biroz kibrli, hukmfarmo, maqtanishni yoqtiradigan, oʻziga oro beradigan; Muhabbat Yoʻldosheva ijrosidagi ona magʻrur va jasur; Manzura Hamidova yaratgan ona timsoli esa nihoyatda kamtarin va koʻngilchan… Xullas, bularning barida oʻzbek onalariga xos boʻlgan xarakter, ularning ichki olami, mehribonligi, ruhiyati rang-barang qiyofalarda aks etadi. Biroq Lutfixonim Sarimsoqova timsolidagi ona obrazi boshqa obrazlardan tubdan farq qiladi. U – jaydari, sodda, mehribon va oʻta gʻamxoʻr. “Sen yetim emassan”, “Mahallada duv-duv gap” filmlaridagi onalarni yodga olaylik. Boshqalarini sanamaganda ham ana shu ikki filmdagi ona obrazlari Lutfixonimni elning “aya”siga aylantirib yuborgan edi. Vaholanki, “aya” faqat ijobiy rollarning emas, salbiy rollarning ham mohir ijrochisi edi. Baʼzi sanʼatkorlar ijodida shunday hollarni kuzatish mumkinki, ular yo salbiy yo ijobiy rolni mahorat bilan ijro eta oladilar. Lutfixonim har ikkalasida ham oʻz mahoratini namoyon eta oladigan sanʼatkor edi. Xurshidning “Farhod va Shirin” asarida ijro etgan Yosuman rolini yodga olaylik. Aktrisa Yosuman kampirning ham tashqi ham ichki olamini imo-ishoralar, qiliqlar, hatti-harakatlar orqali ochib berolganining oʻzi uning yorqin isteʼdodidan dalolat beradi. Yoxud “Farzandlar” badiiy filmidagi “Menga bir piyola suv beringlar”, deya zorlanadigan telba ona obrazini koʻz oldimizga keltiraylik. Bir-biridan farq qiluvchi bu rollar Lutfixonim Sarimsoqova talqinida oʻziga xos uslubda namoyon boʻldi. U insonning psixologiyasi, ruhiy olamini ochib bera olardi. Bir holatdan boshqasiga kira oladigan, inson ruhiyatidagi evrilishlarni maʼlum bir daqiqalarda namoyon eta oladigan, qahramonining xarakterini toʻla ochib beradigan aktrisa edi. Iztirobni, qaygʻuni, alamni, kezi kelganda, qahrini ham baralla ifoda etish qudratiga ega edi…

1924 yili Qoʻqondagi “Taroqchilik” mahallasida shahar xotin-qizlar klubi ochiladi. Uning qoshida tashkil etilgan kashtachilik, musiqa, xor, savod chiqarish singari toʻgaraklar mahalla ayollarining dunyoqarashini shakllantirishga, tafakkurini kengayishiga imkon yaratadi. Lutfixonim dastlabki saboqni, yaʼni oʻqish va yozishni shu yerda oʻrganadi. 1926 yilning koʻklami uning xotirasida oʻchmas boʻlib qoldi. Oʻshanda bu maʼrifat maskaniga Hamza tashrif buyurib, Lutfixonimning boshqalardan ajralib turadigan yorqin isteʼdodini koʻrib, unga maslahatlar bergan, yoʻl koʻrsatgandi.

Shundan keyin L. Sarimsoqova Qoʻqon (1926–1928), Andijon (1928–1931), Margʻilon (1931–1934) teatrlarida, Oʻzbek davlat musiqiy teatrida (1934–1939), Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida (1940–1973) ishladi. Shuni taʼkidlash joizki, ayaning 1940 yildan 1973 yilgacha davom etgan 33 yillik ijodiy faoliyatining salmoqli qismi Muqimiy teatri bilan chambarchas bogʻliq. Lutfixonim – ning oʻzbek kino sanʼatidagi xizmati ham alohida eʼtirofga loyiq. U kinodagi ilk qadamlarini 20-30 yillari ovozsiz kinoda boshlagan edi. “Qasam” filmida Ona, “Opa-singil Rahmonovalar” filmida Sharofat va boshqa obrazlarda aktrisa oʻziga xos qiyofa kasb etdi. Shundan keyingi ijodiy umri teatr kabi kino bilan uzluksiz bogʻliqlikda oʻtdi. Lutfixonim Sarimsoqova ham lirik, ham fojeaviy, ham hajviy aktrisa boʻlib, xalq qoʻshiqlarining mohir ijrochisi, hozirjavob askiyachi, usta raqqosa va yaxshigina dutorchi sifatida ham tanilgan. U rejissyor Shuhrat Abbosovning “Mahallada duv-duv gap” filmida hokisor Mehriniso ona obrazi tufayli ayol qalbining nozik tebranishlarini, feʼl-atvorini, ruhiyatini tabiiy boʻyoqlarda aks ettira olgan boʻlsa, “Sen yetim emassan” asaridagi Fotima opa obrazida oʻzbek ayolining matonatini, sabr-bardoshini, bukilmas irodasini yorqin ranglarda gavdalantirgan. Hamzaning “Maysaraning ishi” komediyasidagi Maysara obrazida oʻz imkoniyatlarini ayol erki va qadr-qimmatini himoya qilishga qaratgan boʻlsa, “Paranji sirlari”dagi Mastura satang obrazida, aksincha, aql – idrokini ayollarning huquq va tuygʻularini poymol qilishga sarflaydi. Lutfixonim Sarimsoqovani “monolog ustasi” ham deyishadi. Muqimiy nomidagi musiqiy drama teatrida sahnalashtirilgan “Nurxon” musiqali dramasidagi (K. Yashin asari, T. Jalilov musiqasi) Kimyo obrazida chuqur dramatizm bilan yoʻgʻrilgan ichki kechinma monolog vositasida oʻta taʼsirchan ifoda topgan. Asar soʻngida Mamat singlisi Nurxonning koʻksiga pichoq sanchadi. Kimyo asta-sekin gandiraklab sahnaning oʻrtasiga keladi. “Qani sen, ey, zolim bola?! Laʼnat senga! Men sening onang emasman! Sening onang – shayton! Boʻz tuproq boʻl! Yuzing qaro boʻlsin! Qani, mard boʻlsang, kel. Onangni ham oʻldir! Pichogʻingni senga sut bergan shu koʻkrakka sanch!’’

Aktrisa ushbu monologni boshlashdan avval kuchli ruhiy iztirobga choʻmadi. U bir nafas karaxt boʻlib, koʻzlari javdirab, kimnidir izlaydi. Soʻng uning yuragidan otilib chiqqan faryodga tomoshabin chidab turolmaydi, koʻzlardan yosh sizib chiqadi… Tomoshabinlarning vujudlari quloqqa aylanadi. Aktrisaning buyuk mahorati ham shundaki, u har bir xatti-harakatini irod etayotgan soʻz bilan uygʻunlashtira oladi. Bu kabi isteʼdod esa hamma sanʼatkorga ham nasib etavermaydi.

Ming afsuski, aktrisa kinoda va sahnada onalar obrazlarini talqin qilish baxtiga muyassar boʻlgan esa-da, hayot unga farzand koʻrib, ona boʻlishdek buyuk baxtni ravo koʻrmagani uchun oʻgʻil farzand asrab olgan.

Aktrisa 1991 yilning 14 yanvarida 95 yoshida vafot etdi.

 

USTA MOʻMINNI KIM TANIMAYDI?

 

Oʻtgan XX asrning oʻttizinchi yillari, sobiq shoʻrolar mamlakatida yangi alifboga oʻtish, aniqrogʻi savodizlikni tugatish ishlari avjiga mingan paytlar edi. Shu sabab, barcha korxonalaru muassasalar, hatto teatrlarga ham shu dolzarb vazifa yuklatilgandi. Ayni oʻsha kezlari maorif boʻlimidan yosh oʻqituvchi Gʻani Aʼzamov hozirgi Milliy teatrga yuboriladi va dars oʻtishni boshlaydi. Oʻzi yoshgina yigit, “oʻquvchilar”i esa Mannon Uygʻur, Yetim Bobojonov, Shukur Burxonov, Obid Jalilov, Nabi Rahimov… Aytishlaricha, teatr xodimlari spektakldan keyin yo boʻsh paytlarda dars oʻtishar ekan. Ana shunday kunlarning birida qaysidir komediya oʻynalayotgan vaqtda muallim Gʻani Aʼzamov papkasini qoʻltiqlab, parda orqasida spektaklni tomosha qilib turgan ekan. Nima ham boʻlibdi-yu, teatr aktyori mashhur kulgi ustasi Hoji Siddiq unga sezdirmay orqa tomoniga oʻtibdi-da, itarib sahnaga chiqarib yuboribdi. Buni kutmagan Gʻani Aʼzamov rangi doka boʻlib ketgan, dagʻ-dagʻ titrar, hadeb “Voy-dod! Bu qanaqasi?” deya qichqirarmish. Shunda Hoji Siddiq Gʻani Aʼzamovni sahna ortiga sudrab olib kirib, “Mana, domlamiz ham artist boʻldilar. Allohu akbar!” deb fotiha oʻqib yuborgan ekan. Tasodif bilan sahnaga chiqib qolgan muallim teatr “ogʻu”si bilan bir umr “zaharlanib” qolgan bari hayotini sanʼatga bagʻishladi.

Gʻani Aʼzamov deganda, tomoshabin koʻz oʻngiga 60-yillarning oxiri 70-yillarning boshida sahna yuzini koʻrgan “Oltin devor” asarining (Erkin Vohidov) bosh qahramoni Usta Moʻmin obrazi keladi. Mazkur komediya oʻzbek milliy akademik drama teatrida qariyb qirq yil sahnadan tushmay keldi. Komediyaning bunday uzoq umr koʻrishi unda chinakam milliy xarakterlar yaratilganligida, ayniqsa, Usta Moʻmin obrazida yaqqol isbotini topadi. Qizigʻi shundaki, bu asarni atoqli rejissyor Toshxoʻja Xoʻjayev sahnalashtirayotgan paytda bu rolni Gʻani Aʼzamov qiyofasida koʻra bilgan ekan. Oʻshanda oltmishga kirgan Oʻzbekiston xalq artisti Gʻani Aʼzamov tabarruk toʻqson yoshigacha bu rolni qiyomiga yetkazib ijro etib keldi.

Toshkent shahrida tugʻilib voyaga yetgan boʻlgʻusi sanʼatkorning ijodiy faoliyatiga bir qur koʻz tashlasak, uning teatr sanʼatida qator rollar oʻynaganiga guvoh boʻlamiz va har bir rolda aktyorning yangicha mahoratiyu qirralarini kashf etamiz. “Boy ila xizmatchi”da Domla imom, “Alisher Navoiy”da Munajjim, “Chin muhabbat”da Arslonsher, “Togʻa-jiyanlar”da Soqi Sumbat, “Qutlugʻ qon”da Qambar, “Soʻnggi nusxalar”da Yusuf, “Qonli sarob”da Omonyor koʻknori, “Revizor”da Bobchinskiy va hokazo. Teatr sahnasida ijro etgan boshqa koʻplab rollaridan tashqari u badiiy kinoda ham talaygina obrazlar yaratgan. Jumladan, “Maftuningman”da Sartarosh, “Ikki dil dostoni”da Qora shoh, “Suyunchi”da Xolmat, “Temir xotin”da serhunar choyxonachi, “Yor-yor”da militsioner singari obrazlari xalqimizga yaxshi tanish.

Ayniqsa, yuqorida tilga olganimiz, “Oltin devor” asaridagi Usta Moʻmin obrazi unga katta shuhrat keltirdi.

Asar muallifi Erkin Vohidov kitobxonlar bilan boʻlgan suhbatlarning birida bu asarning yaratilish tarixi haqida soʻzlab pyesada yozilmagan baʼzi iboralar sahnalashtirish jarayonida topilganini eslagan edi. Masalan, Usta Moʻminga tabib chaqiriladigan sahna bor. Tabibning Usta Moʻminga qarata “bedananing tuxumidek kallang bor. Shundan nima aql chiqardi?” – deydigan gapi ham sahnada topilgan. Bu gap Gʻani akaning kichkinagina boshiga ishora tarzida qoʻllangan. Yoxud uning xotini “Voy-dod, arslonimdan ayrilib qoldim”, deb dod soladi. Qahramon Usta Moʻmin esa aslida chumchuqdek odam. Yana bir kulgili sahna borki, bu sahnani koʻrgan tomoshabin kulmasdan turolmaydi. Usta Moʻmin (Gʻani Aʼzamov) oltin solingan xaltani hali samovarning tagidagi gʻisht orasiga berkitadi, hali osigʻliq turgan suratning orqasiga yashiradi, hali xontaxtadagi dasturxon tagiga qoʻyib, yana uning oʻzi “he, doʻppaymay oʻl”, deb qoʻshib ham qoʻyadi. Mana shunday kulgili holat va vaziyatlar sahnaning oʻzida “improvizatsiya” usulida topilgan boʻlib, spektaklning yanada jozibali chiqishiga zamin hozirlagan.

Tabiatan sodda, goʻl Usta Moʻmin oltin taʼsirida oʻz halovatini, tinchini yoʻqotadi. Uning xatti-harakatlarida, qiliqlarida oʻzgarish sodir boʻladi. Ana shunday xatti-harakatlar, qiliqlar ham aktyor ijrosida nihoyatda jonli va tabiiy chiqqan. Aytishlaricha, tomosha ishonarli chiqishi uchun Gʻani aka bir necha bor ruhiy kasallar shifoxonasiga ham borib, u yerdagi bemorlarni kuzatgan ekan. Sahnada Gʻani Aʼzamov qanchalar sodda va koʻngilchan boʻlmasin, hayotda oʻziga yarasha injiq, biroz qaysar, ammo nihoyatda toʻgʻrisoʻz va halol inson boʻlgan.

 

YUSUFBEK HOJI BOʻLIB…

 

Atoqli adibimiz Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romanini kim oʻqimagan, shu roman asosida yaratilgan dastlabki badiiy filmni kim sevib tomosha qilmagan, deysiz? Asarda bosh qahramon Otabekning otasi obrazi qanday tasvirlangan boʻlsa, ekranda ham aynan shunday nihoyatda aqlli, mulohazakor, oʻychan, har bir gapini oʻylab gapiradigan bosiq, vazmin Yusufbek Hojining siymosi gavdalanadi. 1969 yilda ekran yuzini koʻrgan ushbu film rejissyori oʻz tegrasiga umuman, juda isteʼdodli aktyorlarni toʻplaganki, yozuvchi oʻz qahramonlarini asarda qanday tasvirlagan boʻlsa, oʻsha qiyofalarga toʻla mos tushadigan aktyorlarni koʻramiz. Filmda “oʻziga yarashmaydigan”, yaʼni roliga mos tushmaydigan bironta aktyorni uchratmaymiz. Bu, albatta, rejissyorning yuksak didi, fikru dunyosi, savqi tabiiysining kuchliligidan darak beradi. Asarda eng yorqin obrazlardan biri – bu Yusufbek Hoji obrazidir. Uning sokin, oʻychan koʻzlarida allaqanday chuqur bir dard, iztirob muhrlangandek, dard koʻzlarining ich-ichiga singib ketgandek. U hech qachon ovozini balandlatmaydi, jizzakilik qilmaydi, har qanday vaziyatda ham oʻz eʼtiqodiga, vijdoniga tayanadi. Aql-oqillik koʻchasidan yuradi…

Ana shu Yusufbek Hoji obrazini Oʻzbekiston xalq artisti, xalqimiz ardogʻidagi sanʼatkor Abbos Bakirov yaratgan. Taniqli teatr va kino aktyori Abbos Bakirov asli Andijon shahrida tugʻilgan. 1928–1929 yillarda kasb-hunar bilim yurtini tamomlagach, Uchqoʻrgʻon temiryoʻl koʻprigi qurilishida beton quyuvchi boʻlib ishlagan. 1931 yildan esa ijodiy faoliyatini Andijon viloyat musiqali komediya va drama teatrida boshlagan. 1952 yilda Moskvadagi Lunacharskiy nomli davlat teatr sanʼati institutining rejissyorlik fakultetini tamomlaydi. “Qurilishda ishlab yurgan paytlarimda, – deydi A. Bakirov oʻz xotiralarida, – Andijon teatriga kirmagan vaqtim kamdan kam boʻlar edi. Sanʼatga qiziqishim shu darajaga yetdiki, aktyor boʻlishga qasd qildim. 1931 yilda teatr direktori M. Qoriyoqubov meni aktyorlikka qabul qildi. Mening aktyor boʻlib yetishishimda ustozlarim Muhiddin Qoriyoqubov, Isoq Qori Karimov, Asad Ismatov, Abduvahob Azimov, Lutfixonim Sarimoqovalarning xizmatlari katta boʻldi. Men shu davrda Rahimovning “Xoin” pyesasida Qosim, Sobir Abdullaning “Bogʻbon qiz” asarida Mahkam rollarini ijro etdim. Spektakllarning premyerasi Oʻsh shahrida boʻlib oʻtdi. Spektakllar tamom boʻlgach, M. Qoriyoqubov meni tomoshabinlar huzuriga olib chiqib, aktyorlik mahoratim haqida gapirdilar. 1933 yilda ikkinchi laborant rejissyor etib tayinlandim. Mening ijodiy ishimga Hamza teatrining bosh rejissyori Yetim Bobojonov katta yordam berdi”.

Abbos Bakirovni ham drama, ham tragediya, ham komediya janrida ijod qilgan ulkan sanʼaktor edi desak mubolagʻa boʻlmaydi. U qaysi bir rol ustida ishlamasin, oʻsha qahramonining ham tashqi ham ichki holatini gʻoyat ishonarli ochib bera olgan sanʼatkordir. Abbos Bakirov sahnada Xurshidning “Farhod va Shirin” asarida Xisrav, Shekspirning “Romeo va Julyetta” asarida Romeo, Shillerning “Makr va Muhabbat” asarida Ferdinand, Gogolning “Revizor” asarida shahar hokimi, K. Yashinning “Nurxon” asarida Hoji, Gʻulom Zafariyning “Halima” asarida boy, Hamzaning “Boy ila xizmatchi” asarida Gʻofur va boshqa rang barang asarlardagi rollarni joʻshqin qalb, ehtiros bilan ijro etib tomoshabinlar mehrini qozondi. U aktyorlik bilan rejissyorlik ishini baqamti olib borgan sanʼatkor. 1941 yildan Andijon viloyat teatrida (hozirgi Z. M. Bobur nomidagi) rejissyor sifatida faoliyat olib borib, bu sahnada qirqqa yaqin asarlarni sahnalashtirishga muvaffaq boʻldi. S. Abdullaning “Tohir va Zuhrasi”mi, Hamzaning “Xolisxon”iyu “Boy ila xizmatchi”simi, Xurshidning “Layli va Majnun”iyu Shillerning “Makr va muhabbat”i, Abdulla Qahhorning “Ogʻriq tishlar”iyu Uygʻun va Izzat Sultonning “Alisher Navoiy”si… xullas, bu kabi roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Abbos Bakirov 1940 yildan boshlab kinoda suratga tusha boshlaydi. U dastlab “Azamat” filmida Azamat rolini ijro etadi. Keyinchalik “Amirlikning yemirilishi” filmida amir, “Maftuningman”da kinorejissyor, “Ulugʻbek yulduzi”da Abbos,”Ikki dil dostoni”da lashkarboshi va boshqalar. 1954 yilda rejissyorlar L. Fayziyev va V. Basovlarning “Amirlikning yemirilishi” badiiy filmida u Buxoro amiri rolini oʻynaydi. Filmni suratga olishdan oldin aktyorga Buxoro amirining kiyimlarini kiydirib, pardozlab Buxoro koʻchalari va bozorlarini izvoshda aylantirishadi. Buni koʻrgan doʻkondorlar “Amir qaytibdi, Amir qaytibdi”, deb hayqirib yuboradilar. Ijodiy guruh bu vaziyatni yana bir sinovdan oʻtkazib koʻradi. Amir davrida saroyda xizmat qilgan bir qulni topib kelishib, uni taxtda oʻtirgan Amir – Abbos Bakirov huzuriga olib kelishadi. Qul “Amir”ni koʻrgach, oʻzini yerga tashlab hushidan ketadi. Hushiga kelgach, bu shu rolni ijro etgan artist deyishlariga qaramay zinhor ishonmaydi… Abbos Bakirovga qanday rol berilmasin, oʻsha rollar uning qiyofasiga “uzukka koʻz qoʻygandek” mos tushardi. Buxoro amiri obrazi bilan Yusufbek Hojining oʻrtasida yeru osmoncha farq bor? Gap shundaki, Abbos Bakirov turli qiyofalardagi, turli xarakterlardagi rollarni bekamu koʻst ijro etish qobiliyatiga ega edi. Yusufbek Hoji odob va ahloqda, xushmuomalalikda tengi yoʻq, zakiy inson. Uning yoqimtoyligi, ovozidagi mayinlik minglab tomoshabinlarni oʻziga maftun etdi va shuning barobarida xalqimiz Abbos Bakirovni Yusufbek Hoji deb tan oldi. Uning kinodagi yana bir muvaffaqiyatli obrazi bu K. Yormatovning “Osiyo ustida boʻron” badiiy filmidagi Qoplonbek obrazidir. Bu filmda ikki buyuk sanʼatkor Shukur Burhonov va Abbos Bakirovlarning yuksak isteʼdodi yaqqol koʻzga tashlanadi.

Abbos Bakirov Andijon teatrida koʻplab shogirdlar, izdoshlar yetishtirdi. Ular qatorida umr yoʻldoshi Oʻzbekiston xalq artisti Qamara Burnasheva, qizi hozirda Oʻzbekiston xalq artisti Oybarchin Bakirovalarning nomlarini ham alohida tilga olish lozim. Hayotda eʼtiqodini, xalqini, vatanini, kasbini, sanʼatini barcha narsadan ustun qoʻyib yashagan, aʼmoliga bir umr sadoqat koʻrsatgan insonlar haqida soʻz ketsa, hech ikkilanmay, Abbos Bakirov nomini tilga olsak sira yanglishmaymiz.

 

GOʻZALLIK ShAYDOSI EDI…

 

Rol aktyorga emas, aktyor rolga taʼsir qila bilishi kerak. Aktyor berilgan rolga oʻzining munosabati, ichki bir his-tuygʻusi bilan yondoshib talqin qila olsagina, oʻsha rol taʼsirchan, ishonarli va jonli chiqishi aniq.

Ushbu soʻzlarni Oʻzbekiston xalq artisti, mohir rejissyor, zukko pedagog Qudrat Xoʻjayev ijodiga nisbat berib qoʻllash mumkin. Qudrat Xoʻjayev har qanday rolga oʻz taʼsirini oʻtkaza biladigan isteʼdodli sanʼatkorlardan edi.

Toshkent shahrining Sebzor dahasida tugʻilgan Qudrat Xoʻjayev oʻz ijodiy faoliyatini 1929 yilda Samarqand ishchi yoshlar teatrida aktyorlikdan boshlagan. 1936 yilda Oʻzbek milliy akademik drama teatrida (avvalgi Hamza nomidagi teatr), 1942–52 yillar oraligʻida Samarqand va Namangan viloyat teatrlarida aktyor, badiiy rahbar, 1952 yildan esa Oʻzbek milliy akademik drama teatrida aktyor, shu bilan birga 1961–1981 yillarda Toshkent teatr va rassomlik sanʼati instituti (hozirgi sanʼat va madaniyat)da pedagog sifatida ish olib borgan.

Koʻplab sanʼat ustalari kabi Qudrat Xoʻjayevning ham hayoti, ayniqsa, bolaligi u qadar oson kechmadi. Bolaligida onasidan yetim qolib, oʻgay ona qoʻlida qolgani, uydan chiqib ketgani, Boku shahriga borib qolib, u yerda doʻstlar orttirgani va teatr sanʼatiga mehr qoʻygani kabi hodisalar soʻzlarimiz dalili. Bularning bari sanʼatkor hayotida bir umrga muhrlanib qolgan. Aynan oʻsha kezlari Bokuda tanishgan doʻstlari bgʻilan teatr tomoshasiga borib, Husayn Jovidning “Shayx Sanʼon” dramasidan qattiq taʼsirlanib, spektakl soʻngida hoʻng-hoʻng yigʻlab koʻzlari shishib ketgani va oʻsha kundan boshlab aktyor boʻlish orzusi bilan yashay boshlagani uning yodidan sira oʻchmadi.

Qudrat Xoʻjayevning sahnada ijro etgan ilk roli Fitratning “Arslon” asaridagi Imom roli boʻlib, u bu rolni bilim yurtida oʻqib yurgan paytida, yaʼni drama toʻgaragiga qatnashib yurgan chogʻida oʻynagan. Oʻshanda drama toʻgaragiga atoqli sanʼatkor Lutfulla Nazrullayev mutasaddilik qilardi. Razzoq Hamroyev boy rolini, Bolta Mahmudov Arslon rolini, Qudrat Xoʻjayev Imom rolini oʻynagan edilar.

1929 yilning sentyabri. Samarqandda ishchi teatri oʻz ishini boshlaydi. Truppada Amin Turdiyev, Karim Zokirov, Maryam Yoqubova, Mavluda Aʼzamova, Nazira Ahmedova, Soat Tolipov, Gulchehra Rahimova singari isteʼdodli yoshlar bor edi. 1930 yildan bu truppaga Zaynab Sadriyeva, Tamat Ziyoxonova, Hakima Xoʻjayeva, Qudrat Xoʻjayevlar ham kelib qoʻshilishdi. Qudrat Xoʻjayevning sanʼat olamiga kirib kelishi shu tariqa kechdi. Bu yoʻlda unga sahna ustalari Mannon Uygʻur, Fathulla Umarov, Sayfi Olimov, Abror Hidoyatov, Lutfulla Nazrullayevlar maʼnaviy ustoz boʻldilar.

1932 yil Qudrat Xoʻjayev Moskvada oʻqish taraddudiga tushib qoladi. Moskva teatr sanʼati Institutga yetib borganda imtihonlar tugab boʻlgan, shu sababli imtihon topshirishning iloji yoʻq edi. Ammo u taqdirga tan bermay, toʻgʻri institut rektori huzuriga kirib boradi va oʻpkasi toʻlib turgan ekanmi, birdan yigʻlab yuboradi. Hujjatlarni koʻzdan kechirgan institut rahbari uni oʻqishda olib qoladi. U yerda u B. M. Sushkeevich, Stanitsin, Orlov singari aktyorlar qoʻlida tahsil oladi. 1936 yilda u Oʻzbek milliy akademik drama teatri bagʻriga keladi. Shu yilning oxirida Ye. Bobojonov bilan Isʼhoq Ilolov Shillerning “Makr va muhabbat” tragediyasini sahnalashtiradilar. Bu asardagi salbiy qahramon Vurm obrazi Qudrat Xoʻjayevga topshiriladi. Bu haqda aktyorning oʻzi shunday xotirlaydi: “Men usta sanʼatkor Saʼdixon Tabibullayevga dublyor boʻlib, Luiza bilan Ferdinandning sof muhabbatini toptashda zamon zoʻravonlariga pichoq qayrab beruvchi Vurm obrazini yaratdim. Uni ismidan kelib chiqib (nemischa “vurm” – chuvalchang degan maʼnoni bildiradi), sal bukriroq, sochi qizgʻishroq, gapirishidan muloyim, oʻzini xunuk, sulloh qilib gavdalantirdim. Sahnaga “gajak” boʻlib buralib chiqardim. Zaldan “Ha suvilon!”, “Sulloh!” degan xitoblar eshitilib qolardi.”

Shundan soʻng Qudrat Xoʻjayevga birin-ketin rollar topshirila boshlandi. Jumladan, Soli Ismoilzodaning “Temur” dramasida Anvarposhsho, T. Xoʻjayev rejissyorligida sahnaga qoʻyilgan “Navoiy” asarida Majididdin, “Xolisxon” asarida Norboyvachcha singari salbiy qahramonlarning obrazlarini sahnaga olib chiqadi. Garchi ushbu asarlardagi unga tekkan rollarning bari salbiy qahramonlar boʻlsa-da, ammo har birining tashqi va ichki olami, feʼl-atvori turlicha edi. Qudrat Xoʻjayev bularning har biri ustida tinimsiz ishladi, obraz mohiyatini ochib berishga harakat qildi.

Keyinchalik Shillerning “Qaroqchilar” asarida Frans, Shekspirning “Otello” tragediyasida Kassio, A. Qahhorning “Tobutdan tovush” asarida Qori, R. Tagorning “Gang daryosining qizi” asarida Jogen, M. Shayxzodaning “Mirzo Ulugʻbek” asarida Sakkokiy, B. Rahmonovning “Yurak sirlari” asarida Ilhom va boshqa koʻplab rang-barang rollarni birin-ketin maromiga yetkazib ijro etdi.

Qudrat Xoʻjayev hayotda juda madaniyatli, intellektual salohiyatga ega teran taffakkur sohibi, tartib va intizomni xush koʻradigan, oʻta talabchan sanʼatkor edi.

Uning “Goʻzallik shaydosiman” deb nomlangan kitobida Abdulla Qahhorning “Tobutdan tovush” asari bilan bogʻliq shunday xotiralar bor: “Menga Qori roli topshirilar ekan, ham quvondim, ham biroz tashvishlandim. Quvonchim shundan iborat ediki, sevimli dramaturg Abdulla Qahhor asarida birinchi oʻynashim edi. “Tobutdan tovush” spektaklidan oldin qoʻyilgan “Shohi soʻzana” bilan “Ogʻriq tishlar”da menga rol tegmadi. Mazkur komediyalardagi boy hayotiy kuzatuvlar va faktlar, zargarona ishlangan, jonli va obrazli til, bir-biridan oʻtkir, pishiq xarakterlarga mahliyo boʻlib, ijrochilarga havas va rashk bilan boqqan edim. Shunday boʻlgach, Qori roli tekkach, quvonaman-da! Tashvishga bois esa shu ediki, bu rol Nabi Rahimovga ham berilgan boʻlib, istar-istamay u bilan ijodiy musobaqa qilishim, tortishib koʻrishim zarur edi. Aktyorlar orasida menga qoʻshilib tashvishlanayotganlar ham, qani nima karomat koʻrsatarkin, deydigan hangomatalablar ham yoʻq emas edi. Xullas, men oʻzimni imtihonga tayyorlanayotgan talabaday his qilardim… Premyeradan bagʻoyat xursand boʻlgan Abdulla Qahhor oʻz chorbogʻida ziyofat qilib berdi. Oʻshanda dramaturg teatr sanʼatiga, aktyorlar sanʼatiga juda koʻp iliq soʻzlar aytgandi. Gap orasida mening yelkamga qoqib shunday degan edi: “Qori obrazini bunchalik mahorat bilan ijro etasiz, deb sira xayolimga keltirmagan edim. Salomat boʻling, Qudratjon, bopladingiz”.

Atoqli adib Izzat Sultonning “Imon” asaridagi Sanjarov roli ham salbiy qahramonlardan biri boʻlib, aktyor uning maʼnaviy qiyofasini, ruhiy olamini yorqin boʻyoqlarda ochib berishga muvaffaq boʻladi. Uning aktyorlik bobidagi mahorati bilan birga rejissyorlik bobida qilgan ishlari ham tahsinga loyiq. Jumladan, Oʻzbek milliy akademik drama teatri sahnasida Xurshidning “Farhod va Shirin”, A. Ostrovskiyning “Momaqaldiroq”, Gʻ. Zafariyning “Halima” singari asarlarini sahnaga qoʻydi. Bundan tashqari oʻzbek kino sanʼati rivojiga ham oʻz ulushini qoʻshgan boʻlib, “Hamza”da Naziriy, “Ikki dil dostoni”da Naqshobiy, “Boy ila xizmatchi”da Hakim singari rollarini keltirish mumkin.

Shu oʻrinda “Yor-yor”, “Abu Ali ibn Sino” badiiy filmlarini ham eslash joiz. Dramaturg Bahrom Rahmonovning “Yurak sirlari” asaridagi Ilhom roli esa sanʼatkorning ilk ijobiy qahramoni boʻlgan ekan. Bu haqda aktyor shunday xotirlaydi:

“… Ilhom ijodimdagi birinchi ijobiy qahramon edi. Shu sababdan ham bu rol ustida ishlashim ogʻir kechdi, kerakli xatti-harakat, qiyofa, ohang hadeganda topilavermadi, koʻp oʻylash, izlanishga toʻgʻri keldi…” Ushbu soʻzlarni oʻqib, Ustoz sanʼatkorlarning rol ustida chinakamiga ter toʻkib ishlashlari, sahnani muqaddas sanaganliklari, qolaversa, oʻz kasbiga sadoqat bilan yondoshib, sahnaga va muxlislarga hech qachon xiyonat qilmaganliklari fidoyilik namunalari edi deyish mumkin.

 

“BAHOR” – “TANOVAR” DAN QOLGAN MEROS

 

Oʻzining yuksak mahorati, qizgʻin hayoti bilan sanʼat tarixida yorqin iz qoldirgan ulugʻ siymolardan biri Mukarrama Turgʻunboyevadir. “Bahor” ansamblining tashkilotchisi, mohir raqqosa, mehribon ustoz, qalbi daryo inson Mukarrama Turgʻunboyeva “Bahor” ansamblini tashkil etibgina qolmay, unga 20 yildan ortiq davr mobaynida rahbarlik qildi, bor mehrini, qalb qoʻrini, umrini baxshida etdi. Jahon sanʼatida mashhur siymolar oz emas. Biroq maktab yaratib ketgan sanʼatkorlar barmoq bilan sanarlidir. Mukarrama Turgʻunboyeva – oʻzbek raqs sanʼatida oʻzining maktabini yarata olgan sara sanʼatkorlardan biridir.

Sahnaga chiqanida 16 yoshda boʻlgan Mukarrama raqs sanʼati uning taqdiriga aylanganini yurakdan anglab yetgandi. U raqs sirlarini qunt bilan oʻrganishga kirishdi. Bu borada unga anʼanaviy sanʼatimizning piri ustozlari Usta Olim Komilov, Yusufjon qiziq Shakarjonov, Otaxoʻja raqqoslar yaqindan yordam berdilar. Ustozlari sanʼatidan bahramand boʻlgan raqqosa taqlid yoʻlidan bormay, oʻz uslubini yaratishga intildi.

U yaratgan “Tanovar”, “Jonon”, “Pilla”, “Munojot” singari raqslarda umumlashma poetik obraz yaratishga intilish bor edi. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Mukarrama Turgʻunboyeva raqslarida quruq texnika emas, har bir harakatning maʼno va mazmuni, oʻsha davr ruhiyati aks etib turadi. Tomoshabinga nimanidir “soʻzlayotgandek”, biron-bir fikrni ifodalayotgandek edi. Aniqrogʻi, har bir harakatning oʻz “soʻzi” bor edi. Raqqosalarning qoʻl va oyoq harakatlari, yuzdagi nim tabassumi, yoqimli va hayoli imo-ishoralarining barida fikrlar uygʻunligi yotardi. Ular juda oddiy, sokin his-tuygʻular ila ijro etilardi. Xalqimizning qalb qoʻridan joy olgan birgina “Tanovar”ni eslashning oʻzi kifoya. “Tanovar” – raqs dostoni. Bu raqs juda oddiy va yengil harakatlardan tashkil topganga oʻxshasa-da, undagi lirik qahramonning ruhiy olami, inja his tuygʻulari, boy qalbi, nozik tebranishlari barchani maftun etib kelgan. U ham mazmunan, ham shaklan, ham ijro jihatidan boshqa raqslardan ajralib turadi. “Har bir ijodkor sanʼatining jilgʻasi hisoblanadigan ixtirosi boʻladi, deb yozgan edi atoqli shoiramiz Zulfiya. Mukarramaxonimning ajoyib asarlari bor. Lekin, bu sanʼatkor ijodining, mening nazarimda, jilgʻasi “Tanovar”dir. “Tanovar”ni hech kim, hech qachon, hech qayerda Mukarramaxonimdek latofat va nazokat, mahorat va dardli harorat bilan ijro etmagan”.

“U yaratgan va asos solgan maktabning xususiyati shundan iborat ediki, – deb yozadi sanʼatshunoslik fanlari doktori Muhsin Qodirov, – u bir vaqtning oʻzida raqs sanʼatining uchta sohasi boʻyicha ish olib bordi. Birinchisi – raqs ijrochiligi, ikkinchisi – yangi raqs yaratish, uchinchisi – yosh raqqosalarni tarbiyalab voyaga yetkazish edi. Mukarrama Turgʻunboyevaning “Bahor” raqs ansambli dasturlarida koʻp yillar davomida ijro etib kelingan raqslarini uch guruhga boʻlib oʻrganish mumkin. Biri xalq orasida keng yoyilgan oddiy oʻyinlar negizida yaratilgan raqslar (“Andijon polkasi”, Namanganning olmasi”, “Besh qarsak”, Toshkent piyolasi”, “Samarqand bahori” kabi) boʻlsa, ikkinchisi, mumtoz oʻzbek raqslarini ommaviy va zamonaviy talqin asosida qayta tiklashga eʼtibor qaratdi. Chunonchi, u oʻz qizlari bilan “Katta oʻyin”, “Zang”, “Rog”, “Soqinoma” kabi raqslarga yangi hayot bagʻishladi. Alisher Navoiyning “Sabʼai sayyor” dostonidan ilhomlanib yaratgan “Yetti goʻzal” raqsi ham oʻzbek mumtoz raqs sanʼatiga mansubdir. U nafaqat oʻzbek milliy raqslarini, balki jahon raqs sanʼati namunalarini sahnaga olib chiqishga muvaffaq boʻldi”.

Mukarrama opa oʻzining “Bahor”i bilan dunyo kezdi. Undan juda katta madaniy-maʼnaviy meros qoldi. Bu xalq orasiga, ongi shuuriga singib ketgan bir-biridan goʻzal va jozibali raqslardir. Ularning har birini shovullab oqayotgan daryoga qiyoslash, mahzun taralayotgan qoʻshiqqa mengzash mumkin. Ularning har birida oʻzbek ayolining qalbi, dardi, orzu-armonlari, shodligiyu quvonchi, nafosati va nazokati, baxti va qudrati manaman deb boʻy koʻrsatib turadi. Shu bilan birga “Bahor”dan qolgan bu boy merosda Mukarrama Turgʻunboyevaning ovozi, nafasi, yurak harorati sezilib turadi. “Tanovar” kuyi yangrashi bilan sahnaga mayda qadamlar bilan, yuzini roʻmol bilan yashirib, uyatdan koʻzlarini olib qochayotgan nazokat va fasohatli kuyga mos xirom aylayotgan xassos sanʼatkor Mukarrama Turgʻunboyeva chiqib kelayotgandek tuyuladi. Shuning oʻziyoq uning nomi va u qoldirgan raqslarning umri boqiyligidan dalolatdir.

Shu tariqa xalqimizning mehr-muhabbatini qozongan ulugʻ siymolar haqida baholi qudrat qogʻoz qoralashga azmu shijoat qildik. Zero, bu ulkan sanʼatkorlarning hayot va ijod yoʻli haqida koʻp va xoʻp yozilgan. Ular haqida kitoblaru risolalar, monografiyalar chop etilgan. Ushbu muxtasar maqolalarimiz esa – dengizdan tomchi, xolos. Ammo ularnining xotiralarini kezi bilan yodga olib turish ham burchimiz, ham qarzimizdir.

 

Matluba MAHKAMOVA tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.